Kauzativ ma’no va uning tilshunoslikda o‘rganilish holati

Turniyozov Behzod Ne’matovich,

SamDCHTI katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi

Калит сўзлар: kauzativlik, kauzativ, makromatn, aktant, sintaktik, kauzatsiya.

 

Tilshunoslikda kauzativlik, kauzativ fe’l kabi tushunchalarning o‘rganilishi yangilik emas, albatta. Bu haqda tilshunos olimlardan L.Tenyer, Y.D.Apresyan, N.D.Arutyunova, G.A.Zolotova, A.P.Chudi-nov, T.K.Abdiyev, A.M.Amatov va boshqalar tadqiqot ishlarida fikr va mulohazalarini atroflicha bayon etib o‘tganlar. Biz ham ushbu maqolada kauzativlikning o‘rganilish holati bilan tanishib, shu bilan birga, o‘z ilmiy nuqtayi nazarimizni yoritib bermoqchimiz. Kauzatsiya lotincha “causa” so‘zidan olingan bo‘lib, “sabab” ma’nosini ifodalaydi [1.94]. Mazkur hodisa tilshunoslikda aynan shu jihatdan o‘rganiladi hamda kauzativ fe’lning asosiy semasi sifatida sabab ma’nosi bilan bog‘lanishi ta’kidlanadi [2.7]. Aksariyat ishlarda kauzativlik tushunchasi fe’lning orttirma darajasi bilan bog‘lanib, asosan, morfologik nuqtayi nazardan tekshirilgan va kauzativlikda bajaruvchining ta’siri bilan boshqa shaxs tomonidan bajarilgan harakat mavjudligi aytilgan [3]. Bizningcha, kauzatsiyani faqat sabab ma’nosi bilan cheklab qo‘yish maqsadga muvofiq emas. Zero, bajaruvchining ta’siri bilan boshqa shaxs tomonidan bajariladigan harakat orqali faqat sabab ma’nosi emas, balki maqsad, natija, shart ma’nolari ham ifodalanishi mumkin. Shunday ekan, bugungi tilshunoslikda kauzativ ma’noning o‘rganilishi masalasi izohtalab ko‘rinadi. Quyida bu haqda aytilgan fikrlardan ba’zilarini ko‘rib o‘tamiz.

V.Delbryuk, A.Meye kabi tilshunoslar kauzativ fe’llarni tarixiy jihatdan tadqiq etib, bunday fe’llarda kauzativ ma’no yasama ekanligini, kauzativlik tushunchasi esa fe’lning morfologik kategoriyalaridan biri hisoblanishini ta’kidlaydilar [4. mexalib.com/viem/31500: 211-237]. T.G.Xazagerov ham kauzativ fe’llar yasama ekanligi haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi, lekin bu yasalish umumiy rejadagi yasalish emas, balki o‘ziga xos yasalish hisoblanishini aytadi. Kauzativlar faqat fe’l so‘z turkumi asosida emas, hatto ot va sifat so‘z turkumlari asosida yasalishi mumkinligini izohlab o‘tadi: везти-возить, отрезветь-отрезвить, обезлюдеть-обезлюдить kabi [5.24]. Darhaqiqat, «Русская грамматика» asarining «Словообразование» bo‘limida quyidagi fikrning guvohi bo‘lishimiz mumkin: «Большая часть гла­голов с суф. -­и­ мотивируется суще­ствительными и прилагательными: леденеть-леденить, стареть-старить» [6.332].

Aytish kerakki, masalaga bunday yondashuv agglyutinativ tillarga xos emas. Chunki turkiy tillarda fe’l yasovchi qo‘shimchalar bilan nisbat hosil qiluvchi qo‘shimchalarning chegarasi aniq sezilib turadi. Boshqacha aytganda, so‘z yasalishi grammatik kategoriya hisoblanmaydi. Grammatik kategoriya umumlashgan grammatik ma’no bo‘lib, u tilning qaysi morfologik tipga kirishini ko‘rsatadi va o‘z ifodasini so‘zlarning o‘zgarishida, gapda so‘zlarning bog‘lanishida topadi [7.154]. Shu bois fe’lning asosiy grammatik kategoriyalari jumlasiga zamon, nisbat, mayl kabilarni kiritamiz. Jumladan, kauzativlik ham sabab ma’nosini bildirib, orttirma nisbat bilan aloqador bo‘ladi. Yasalish jarayonida yangi so‘z yasalishini (arra+la, qora+y, suv+sira kabi) tushunamiz. Bundan tashqari, fe’l nisbatini hosil qiluvchi qo‘shimchalar (-dir,-tir, -ir,-iz va hokazo) haqida gapirilganda ularni lug‘aviy shakl hosil qiluvchi affikslar jumlasiga kiritamiz. Mazkur qo‘shimchalar fe’l o‘zagiga qo‘shilib, sabab, natija, maqsad ma’nolarini ifodalashga xizmat qiladi. Ammo rus tilida birgina -i qo‘shimchasi ham so‘z yasash, ham grammatik kategoriya ifodalash funksiyasini bajarayotgani ko‘rinib turibdi. Shu bois uni so‘z yasalishi derivatsiyasida bemalol hosilani shakllantiruvchi operator deb atay olamiz. Ammo, shunday bo‘lsa-da, Y.V.Baklagova rus tilida morfologik kauzatsiya borligini inkor etadi va kauzativlikning bunday turi maxsus qo‘shimchalar bilan hosil bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Fikrining isboti sifatida turkiy tillarga xos bo‘lgan orttirma nisbat shakllarini keltirib o‘tadi. U ko‘proq sintaktik kauzatsiya haqida mulohaza bildiradi. Sintaktik kauzatsiyada kauzativ ma’no «запретить», «заставить», «велеть», «вынудить», «дать» kabi maxsus fe’llar bilan ifodalanishini, o‘z navbatida, bu fe’llar harakatni bajarishga, holatni o‘zgartirishga sabab bo‘lishini va, ayni paytda, makrokauzativ jarayon shakllanishini aytadi: Он заставил меня порвать документ = Он каузировал (отношение каузации), определенным воздействием (каузирующее действие), документ изменил состояниеоказался разделенным на части (каузируемое состояние)[8. fan5.ru].

Bizningcha, olim makrokauzativ jarayonni torroq tushunadi. Aslida makrokauzatsiya MSQ (Murakkab sintaktik qurilma an’anaviy tilshunoslikda «qo‘shma gap» termini bilan o‘rganilmoqda) sathida vujudga keladi. Zero, MSQ mikromatn maqomida tadqiq etilar ekan, u nutq birliklarini jamlashi bilan gapning integrativ xususiyatidan farq qiladi. Shu bois yuqoridagi misolni murakkab sintaktik qurilma tarzida shakllantirsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi: Он заставил меня порвать документ, поэтому я порвал его. Он заставил меня порвать документ и я порвал его.

Shuni ham aytish kerakki, tobe komponentli MSQ orqali anglashilayotgan kauzativ ma’no teng komponentli MSQ orqali anglashilayotgan kauzativ ma’noga nisbatan ustuvor vaziyatni egallaydi. Chunki tobe komponentli MSQning tobe komponenti orqali sabab, natija, maqsad, shart ma’nolari aniq sezilib turadi. Qiyoslang: Yurt tinch – sen tinch. Yurt tinch, shuning uchun sen tinch.

Y.V.Baklagovaning fikriga o‘xshash mulohaza Y.Y.Gordonning tadqiqotida ham ko‘zga tashlanadi. Olimning fikricha, harakatni bajarishga undash ma’nosini beruvchi «побуждать», «заставлять», «разрешать» kabi fe’llar ham, garchi ularda kauzativlikni ko‘rsatuvchi maxsus formalar bo‘lmasa-da, kauzativ xarakterli hisoblanaveradi [9.77-82]. Yuqoridagi fikrga qo‘shilsa bo‘ladi, albatta. Zero, kauzativ ma’no fe’lning orttirma nisbati shakllari mavjud bo‘lmagan tillarda ifodalanmay qoladi, deb tushunmaslik kerak. Kauzativ ma’no har bir tilning o‘ziga xos lingvistik omillari bilan bemalol ro‘yobga chiqaveradi. Bu, ayniqsa, til belgilarining paradigmatik rejadan sintagmatik munosabat jarayoniga o‘tishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunda kauzativlikning maqsad, sabab, natija ma’nolari bilan bog‘langanligini va turli xil lingvistik hamda ekstralingvistik omillar muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi:

Komila yig‘lab yubordi. Matniyoz yugurib kelib uni darvoza tomonga boshladi. Azimjon Ochil buvani tinchitishga urinar, Sattor bo‘lsa bir og‘iz gap aytolmay og‘zini ochgancha bir chetda turar edi. Ichkaridan To‘lqinning o‘ksib yig‘lagani eshitildi (A.Muxtor. Chinor).

Berilgan makromatn abzas shaklida bo‘lib, uning komponentlari uchta sodda gap hamda tarkibiy qismlari bo‘lsa operatori bilan munosabatga kirishgan bitta teng komponentli MSQdan iborat. Makromatnning har qanday ko‘rinishi tayyor holdagi hosila qurilma bo‘lganligi uchun tub struktura masalasi ustuvor ahamiyat kasb etmaydi [10.84]. Biroq berilgan abzas tarkibiy qismlarini alohida tahlil qilgan taqdirimizda ham ularning tub strukturalarida orttirma nisbat shakllari mavjudligi kuzatilmaydi. Tub struktura deganda esa gapning sintaktik derivatsiyasi uchun asos bo‘ladigan ichki tafakkur strukturasini tushunamiz. Tub struktura asosida nafaqat ma’lum bir gap, balki murakkab sintaktik qurilmalar, abzasdan tortib makromatngacha bo‘lgan nutq parchalari shakllanishi mumkin [11.45]. Bu struktura nisbiy mavhumlik holatida va imkon qadar minimal shaklda bo‘ladi. Zero, mavhumlik til sistemasi belgilarining barchasiga xos bo‘lib, u faqat belgi nutqqa ko‘chirilgandan keyin konkretlashadi. Bu tushunchalarning barchasi, so‘zsiz, insonning nutqiy faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki inson tafakkuri til bilan, til esa inson ongining faoliyati bilan uzviy aloqadordir. Boshqacha aytganda, inson xotirasida saqlanadigan muayyan ma’no ifodasi bilan bog‘liq bo‘lgan strukturalar [12.7] mavjud bo‘lib, bu orqali nutqiy faoliyat amalga oshadi.

Shunday ekan, yuqoridagi misolda yig‘lab yubordi, boshladi, turar edi, eshitildi kabi fe’llar orttirma nisbati shakllarisiz ham sabab ma’nosi bilan uzviy bog‘lanmoqda. Abzas tarkibiy qismlari alohida olinganda mikrokauzatsiya jarayoni hosil bo‘lishini ifodalasa, abzasning o‘zi umumiy planda makrokauzativ tushuncha bildirmoqda. Chunki abzas orqali ifodalanayotgan umumiy fikr ifodasidan kelib chiqib, nima sababdan?, nega? degan so‘roqlar qo‘yilishi tabiiy.

T. A. Kildibekova kauzativ fe’llarni aniqlashda quyidagilarga e’tibor qaratadi: «Bu kabi fe’llar o‘ta faol bo‘lib, shaxs yoki narsa sifati va holatining o‘zgarishini ifodalashga ham xizmat qiladi. Buning oqibatida kauzativ fe’l shunchaki harakat ifodalab qolmay, balki ikkinchi bir harakatning bajarilishiga turtki bo‘ladi. O‘z navbatida, sabab ma’nosini bildiruvchi kauzativ qurilmalar hosil bo‘ladi. Masalan: Я заставил его уйти. Он ушёл»[13.10].

T. A. Kildibekova kauzativ fe’llar shaxs yoki narsa sifati va holatining o‘zgarishini ifodalashga ham xizmat qiladi, deb ta’kidlagan bo‘lsa-da, sifat o‘zgarishi ifodalanishiga aniq misollar keltirmaydi. Bizningcha, kauzativ fe’llar holat o‘zgartirishi mumkin, xolos: Men uni ketishga majbur etdim. U nima sababdan va qanday holatda ketdi? Bundan tashqari, yuqorida berilgan misol kabi jumlalarni kauzativ ma’noli ilovali qurilmalar, deb tadqiq qilsak to‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki misoldagi «Он ушёл» komponenti «Я заставил его уйти» qismining ilovasi sifatida shakllanmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, T. A. Kildibekova kauzativ fe’llar o‘ta faol, deb to‘g‘ri ta’rif beradi. L. Tenyer ta’biri bilan aytganda, kauzativ fe’llar aktantlar miqdorini oshirishga ham xizmat qiladi [14.272]. Masalan, «U ketdi» jumlasida aktantlar soni bitta bo‘lsa, «Men uni ketishga majbur etdim» jumlasida aktantlar soni uchga teng. Umuman olganda, kauzativ jarayon majmuyining ifodalanishi aktantli qurshov vaziyatini vujudga keltiradi. Ushbu vaziyat negizini, shubhasiz, fe’l egallaydi. Boshqacha aytganda, kauzativ vaziyat fe’l orqali boshqariladi.

To‘g‘ri, kauzativ vaziyаtning fe’l orqali boshqarilishi izoh talab etmaydi, albatta, biroq shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, sabab, natija, maqsad, shart mazmuni bilan aloqador bo‘lgan murakkab sintaktik qurilmalarning derivatsion shakllanishida makrokauzativ vaziyatning yetakchi unsurlari sifatida turli xil operatorlar muhim vazifa bajaradi. Operator sintaktik derivatsiyani vujudga keltiruvchi asosiy unsur bo‘lib, hosila struktura tarkibiga tashqaridan kiritiladi. Boshqacha aytganda, kommunikativ jarayonda nutq sohibi operatorlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Fikr isboti uchun quyidagi misollar tahlilini ko‘rib o‘tamiz:

1. Hikmat jussasi kichikroq, o‘zi ko‘rimsizroq bo‘lgani uchun, xola uni Majiddan kichik deb o‘yladi (Y.Shomansur. Qora marvarid).

2. Oyoq osti botqoq bo‘lganligi sababli, otlig‘-u yayovga yurish ancha qiyin edi (M.Qoriyev. Spitamen).

Keltirilgan misollar sabab mazmuni bilan aloqador bo‘lgan tobe komponentli MSQlar bo‘lib, ularning sintaktik shakllanishida uchun, sababli singari grammatik vositalar muhim vazifa bajarmoqda. Biroq bu xildagi MSQ tarkibiy qismlari aytib o‘tilgan vositalardan tashqari, yana boshqa unsurlar bilan ham sintaktik aloqaga kirishishi mumkin:

1. Hamza Karimboyning nodonligiga chidab turolmay,shahar hokimi tomon yuzlandi (K.Yashin. Hamza).

2. Ammo Sodiqning qo‘l og‘rig‘i zo‘rayganidan, unga shaharga chiqishga ruxsat berilmadi (H.Shams. Tanlangan asarlar).

Ushbu misollarning birinchisida tobe komponentli MSQ tarkibiy qismlari -may affiksli ravishdoshning bo‘lishsizlik shakli orqali, ikkinchisida esa chiqish kelishigi shaklini olgan -ganidan sifatdoshi orqali sintaktik munosabatga kirishganini ko‘ramiz. Misollardan ko‘rinib turibdiki, sintaktik kauzatsiyada turli xil grammatik vositalar kauzativ vaziyatni shakllantiruvchi omil sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, so‘zlovchining nutq jarayonida birgina sabab ma’nosini ifodalashida turli xil grammatik vositalardan foydalanish imkoniyati mavjudligidan dalolat beradi. Bunday vositalarni derivatologiyada kauzaoperatorlar deb ataymiz. Kauzaoperatorlar MSQ operandlarini sintaktik jarayonga olib kirish bilan birga ularga sabab, natija, maqsad, shart ma’nolarini yuklaydi. Boshqacha aytganda, bajaruvchining ta’siri bilan boshqa shaxs tomonidan bajariladigan harakat munosabatini ifodalashga xizmat qiladi:

1. Bobolarning ruhi yor bo‘lsin deya, niyat bilan Hakim bir tong ushladi qalam (A.Oripov. Surat va siyrat).

2. Qilich botir bo‘zchini ko‘tarib chunon uribdiki, haligi bo‘zchi qo‘ltig‘igacha yerga kirib ketibdi («O‘zbek xalq ertaklari»).

3. Daraxt bargi tagidan to‘kilsa, qish yengil keladi (O‘.Usmonov. Girdob).

Misollar tahlili natijasi Hakimning qalam ushlashi, bo‘zchining qo‘ltig‘igacha yerga kirishi, daraxtning bargi tagidan to‘kilishi kabi harakatlarning bajarilishi boshqa harakatning ta’siri orqali yuzaga chiqayotganligidan dalolat beradi. Bunda birinchi misolda tobe komponentli MSQning tobe qismi tarkibida kelayotgan «deya» kauzaoperatori o‘ta faol bo‘lib, quyidagi vazifalarni bajarayotganini ko‘ramiz: a) MSQ tarkibiy qismlarini derivatsion jihatdan voqelantirmoqda; b) mustaqil gapni tobe gapga aylantirmoqda; d) MSQning umumiy mazmuniga maqsad ma’nosini yuklamoqda; e) ikkinchi komponent orqali ifodalanayotgan harakatning bajarilishi uchun zamin hozirlamoqda. Natijada tobe komponentli kauza MSQning umumiy derivatsion hosilasi namoyon bo‘lmoqda. Ikkinchi misolda kauzaoperator real ifodalanmagan. Bu vazifani «natijada» so‘zi bajarishi kerak edi. Mazkur so‘z ifodalanmagan bo‘lsa-da, uning borligi nutq muhiti orqali sezilib turibdi. Shu bois uni nol ifodali kauzaoperator deb ataymiz. Lekin uning mavqeyi birinchi misoldagi «deya» kauzaoperatori singari baland emas. Buning sababi shundaki, birinchidan, u MSQ tarkibiy qismlarini derivatsion jihatdan voqelantirmagan, chunki bu vazifani MSQning hokim qismida kelayotgan -ki operatori bajarmoqda. Ikkinchidan, uning ishtirokisiz ham MSQning tobe qismi bemalol qo‘llanaveradi hamda mazmuniy va sintaktik jihatdan ham ancha mustaqil ekanligi sezilib turadi. Bu operatorning asosiy vazifasi semantik rejada bo‘lib, MSQga kauzativ ma’noni yuklashda ko‘rinadi. Uchinchi misolda MSQ sintaktik derivatsiyasi shart fe’lining affiksi -sa kauzaoperatoriga asoslanmoqda. Bu operatorning sintaktik mavqeyi birinchi misoldagi operator singari ancha baland bo‘lib, kauzativlik ma’noning shakllanishida ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Faqat bunda MSQning ikkinchi komponenti birinchi komponent orqali ifodalanayotgan harakatning bajarilishi uchun turtki bo‘lmoqda. Buni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak, chunki qaysi tarkibiy qism harakatni bajarishga undasa, o‘sha operand kauzator mavqeyida bo‘ladi.

Kauzativlikni sintaktik nuqtayi nazardan o‘rganadigan bo‘lsak, uni nafaqat tobe komponentli MSQ shakllanishida, balki teng komponentli MSQ derivatsiyasida ham, mikrosintagmatik munosabatlarning shakllanishidagi morfemalarning o‘zaro munosabatida ham kuzatishimiz mumkin.

 

Adabiyotlar:

1. Розенталь Д.Э., Теленкова М.А. Словарь-справочник лингвистических терминов. –M: Просвешение,1985.

2. Цуй Ван, Бочина Т. Г. Каузативная конструкция в русском и китайском языках//Филологические науки, 2014,№3.

3. Aбдиев Т. К. Конструкции с каузативными глаголами в киргизском языке. –Бишкек, 2009; Аматов А. М. Морфологические каузативы в английском языке//Ярославкий педагогический вестник, 2003, №1.

4. Дельбрюк Б. Введение в изучение языка: Из истории и методолгии сравнительно­го языкознания. Пер. с нем., ред. С. Булич. 2-е изд. стереотип. М.: Едиторал УРСС, 2003; Мейе А. Введение в сравнительное изучение индоевропейских языков. – М.; Л., 1938.

5. Хазагеров Т. Г. Каузативность: статус и эволюция средств выражения в русском языке//Филологический вестник Ростовского государственного университета, 1998, №1.

6. Русская грамматика. Том I.–Москва: Наука, 1980.

7. Irisqulov M. T. Tilshunoslikka kirish.–Toshkent, 1992.

8. Баклагова Ю. В. Семантика контактных и дистантных каузативов (на материале русского и немецкого языков).УДК 81’37. file:///F:/kauzat-3/semantika-kontaktnyh-i-distantnyh-kauzativov-na-materiale-russkogo-i-nemetskogo-yazykov.pdf.(02.03.2018)

9. Гордон Е. Я. Семантические особенности каузативных глаголов чувства в русском языке// Русский язык. Теория и методика преподавания. –Душанбе, 1980.

10. Turniyozova SH. Abzas voqelanishining ba’zi derivatsion xususiyatlari//O‘zbek tili va adabiyoti, 2007, №3.

11. Turniyozov N.Q. Matn lingvistikasi. – Samarqand, 2004.

12. Минский М. Фреймы для представления знаний. – М., 1981.

13. Кильдибекова Т. А. Структура поля глаголов действия. –Уфа, 1983.

14. Теньер Л. Основы структурного синтаксиса. – М., 1988.

 

Турниязов Б. Каузативное значение и изучение её в лингвистике. В данной статье рассматриваются изучение каузативного значения, каузативного глагола, а так же сделан анализ точки зрение выдвинутые учёными лингвистами по этому вопросу. Кроме этого, автор подтверждая свою научную позицию, одновременно даёт понятие о синтаксической каузации.

Turniyazov B. Causative connotation and its analysis in linguistics. This article deals with the causative verb and the study of causative connotation and analyzes the theories of scientists. In addition to this, the author thoroughly states his opinion on causativity including syntactic causation.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati