ARAB TILIDA ZOIDA HARFLAR (AFFIKSLAR)

Arab tilida ism va fe‘l so‘z turkumlariga oid yangi so‘zlarning yasalishida zoida harflar muhim ahamiyat kasb etadi. Tilshunoslikda “zavaid” deb ham yuritiladigan ushbu harflar “affiks” termini ma ‘nosini bildirib, ular so‘zning boshi, o‘rtasi yoki oxiriga qo‘yiladi. 

Somiy tillar oilasiga mansub tillarda qo‘shimchalar orqali so‘z yasalishi – affiksatsiya muhim ahamiyat kasb etib, arab tilida ham uning ahamiyati katta ekanligini ko‘rish mumkin. Arab tilshunosi Ibn Ya ‘iysh zoida harflarni shunday ta ‘riflaydi:

“Zoida harf (affiks) so‘zga ergashib keluvchi qism bo‘lib, u orqali ma‘no kengayib boradi. Zoidaning asl mohiyati uning o‘zakka qo‘shilib, ba ‘zi holatlarda esa tushib qolishi, fa,  ‘ayn va lam harflari o‘rnida kelayotgan hech bir o‘zak harfining o‘rnini bosa olmasligida namoyon bo‘ladi. Zoida yo so‘zning bir qismining takrorlanishi, yoki o‘zak tarkibiga kirmaydigan boshqa bir harfning qo‘shilishi bilan xarakterlanadi” [Ibrohim Mustafo, Abdulloh Amin hij.1393: 11].

Rus tilshunosi Grande qo‘shimchalar yordamida so‘z yasalishi (“affiksatsiya”) somiy tillarga tegishli eng muhim morfologik xususiyatlardan biri ekanligini aytadi. Bu  oilaga kiruvchi tillarda, xususan, arab tilida ham affikslar bir vaqtning o‘zida so‘zning boshi yoki oxirida, yo bo‘lmasa o‘rtasida ham kelishi mumkin [B.M.Grande 1998: 101].

Arab tilidagi so‘zlar tarkibida affikslar ikki xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Birinchisi, so‘z tarkibida harf affiks vazifasida kela oladi, masalan, “k,t,b” (“kataba” fe ‘lining o‘zbek tilidagi ma ‘nosi “yozmoq”) o‘zagining birinchi harfidan so‘ng alif qo‘shish bilan “kātibun” (“yozuvchi”/”yozayotgan”) so‘zi yasaladi, bu yerda alif sifatdosh yasovchi “-ayotgan”, yoki ot yasovchi “-uvchi” qo‘shimchalari ma ‘nosini bildiradi. Ikkinchidan, so‘z tarkibida harakat qo‘shimcha bo‘lib keladi, masalan, “nahrun” (daryo) va “naharun” (kenglik, daryo) [Yasir Muhammad Albadaviy Muhammad 2012:22].

Arab tilida yangi so‘zlarning yasalishida quyidagi harflar affikslar vazifasini bajaradi:

 

 

Alif                           ا

Hamza                     ء

Waaw              و       

Nun                         ن

Yay                         ي

Ha                            ه

Miym                        م

Sin                          س

Ta                            ت

Lam                         ل

1-jadval

 

Bu harflarni yodda saqlashni yengillatish maqsadida ular ishtirokida gap tuzilgan –  “alyawma tansāhu” (tarj. Sen bugun uni unutasan) [N.Ibrohimov, M.Yusupov 1997: 33] va “sa ‘altumūniyhaa” (tarj. Sizlar mendan uni so‘radingiz) iboralari ko‘rinishida yod olinadi. Arab tili o‘rganuvchilari so‘zlarni o‘zak va affiksal morfemalarga ajratayotganlarida bu iboralarga murojaat qiladilar, ya ‘ni, so‘z tarkibidagi ushbu ibora ichida mavjud bo‘lgan harflarni chiqarib tashlash orqali, ular so‘zlarni ma ‘noli qismlarga ajratadilar. Zoida harflarga bag ‘ishlangan ko‘pchilik tadqiqot ishlarida ularni umumiy “zavāid” deya, ba ‘zi holatlarda esa bunday harflarning so‘z tarkibida kelish o‘rniga ko‘ra, “savābiq” (“prefikslar”), “lavāḫiq” (“sufikslar”) hamda “dawāxil” (“infikslar”) nomlari tilga olinadi. Arab tilida zoida harflar-affikslarning o‘zakka nisbatan joylashishiga ko‘ra tinterfiks, simulfks, transfiks kabi turlari mavjud [ar.m.wikipedia.org].

Arab tilshunoslarining zoida harflarning soni xususidagi fikrlari doim ham bir joydan chiqmagan. Bunga misol sifatida Basra va Kufa tilshunoslik maktabi vakillarining zoidalar xususida bildirgan fikrlarini keltirish mumkin. Ushbu ikki maktab vakillarining zoida harflar haqidagi fikrlari bir-biridan tubdan farq qiladi. Biz bugungi kunda o‘rganayotgan,  zoida harflar soni o‘nta ekanligi haqidagi nazariya, aslida, Basra maktabi vakillariga tegishli bo‘lib, ular faqatgina mana shu o‘nta harf arab tilida zoida bo‘lib kela oladi, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaganlar. Kufa maktabi vakillari esa arab tilida ushbu o‘nta harfdan boshqalari ham zoida bo‘lib kela oladi, degan fikrni ilgari surganlar. Saudiyalik arab tilshunosi, professor Abdurrazzoq bin Faraj As-Soidiy esa zo‘ida harflar sonini o‘nta emas, sakkizta deb qayd etib,ularni eslab qolishga oson bo‘lishi uchun “ ‘anistu yawman” (tarj. “bir kuni ko‘nikaman”) iborasini taklif qiladi. Yuqoridagi ibora tarkibiga ahamiyat berilsa, lam hamda ha harflari zoidalar qatoridan chiqarib tashlanganini ko‘ramiz. As-Soidiy buni lam va ha harflari so‘z tarkibida zoida harf bo‘lib kelganda, ular, qolgan zoida harflardan farqli ravishda, hech qanday so‘z yasovchi yoki o‘zgartiruvchilik xususiyatiga ega bo‘lmasligi bilan izohlaydi. Olim fikriga ko‘ra, zoida harflar ikki xil bo‘ladi:

  1. Standart morfologik so‘z yasovchi qo‘shimchalar, ularga yuqorida sanab o‘tilgan sakkizta harf kiradi;
  2. Tarixiy so‘z yasovchi qo‘shimchalar, ularga arab alifbosidagi barcha harflarni kiritish mumkin [As-Soidiy 2012].

As-Soidiy arab tili alifbosidagi barcha harflar ham so‘z tarkibida qo‘shimcha bo‘lib kela oladi, degan fikriga klassik davr arab tilshunoslari Sa ‘lab, Ibn Foris Manha, Ali bin Al-Hasan al-Hunaiy Al-Azidiylarning kitoblarida bu borada keltirilgan misollar bilan isbotlaydi. Al-Azidiyning “Arablar aytgan so‘zlar g ‘aroyibotlarining saylanmasi” kitobida bunday so‘z yasovchi qo‘shimchalarga ko‘plab misollar berilgan, quyida ulardan ba ‘zilari keltirilgan [Al-Azidiy 1989: 700]:

 

O‘zak so‘z

Zo‘ida harflar qo‘shilishi natijasida yasalgan hosila so‘z

 ‘Irtajja – qaltiramoq

 ‘Irta ‘aja – qaltiramoq (‘ayn harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

Ṣolama – uzmoq

Ṣolma ‘a – uzmoq (‘ayn harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

Jarrada – mahrum qilmoq

 ‘Ajrada – mahrum qilmoq (‘ayn harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

Hadilun – osilish

Hadliqun – osilish (qof harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

 ‘Asalun– asal

 ‘Asallaqu – mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich hayvonlar (qof harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

Ṣolqun – baqirish, qichqirish

Ṣolanqou – baqirish, qichqirish (qof va nun harflari qo‘shimcha sifatida kelgan)

Ṡuflun – qoldiq

uṡfulun – suyuq taomlarning tagida qolgan non ushoqlari (ḫa harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

Ṡarraba – qattiq koyimoq

Xaṣarrabat albi ‘r –quduq suvi ifloslandi(xo harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

Ḍumrun – ozg ‘inlik

Ḍumrū – ozg ‘inlik (xo harfi qo‘shimcha sifatida kelgan)

2-jadval

 

Shuningdek, Al-Azidiy tarkibida standart o‘nta zoida harflaridan (alif, lam, yay, waw, mim, ta, nun, sin, ha, xamza ) tashqari qo‘shimchalar bo‘lgan so‘zlarning yasalish xususiyati borasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan bo‘lib, muallif fikriga ko‘ra, zoida harflar qo‘shilishi natijasida ba ‘zi uch o‘zakli so‘zlar dastlab to‘rt o‘zakliga, unga yana qo‘shimcha qo‘shilishi bilan esa besh o‘zakliga asta-sekinlik bilan o‘zgarib boradi, masalan:

Hamara – ming ‘irlamoq

Hamraja – shovqin solmoq

Hamarjalatuntez yuruvchi tuya

Ba ‘zi uch o‘zakli so‘zlar aslida zoida harf qo‘shilgan ikki o‘zakli so‘zlarning hosila shaklidir, masalan:

maṭṭa (“cho‘zmoq”) – maṭala (“orqaga tortmoq”, “cho‘zmoq”)

romma (“aynimoq”) – rozama (“kiyim taxlamoq”)

rajja (“silkitmoq”, “titramoq”) – ra ‘ija (“ko‘paymoq”)

Al-Azidiy bilan bir qatorda, ibn Foris Manha ham hijoiy harflarning so‘z tarkibida qo‘shimcha sifatida kelishini o‘rganib, o‘zining “O‘lchamlar” nomli lug ‘atida ularni tahlil qilgan. Olim jami 249 ta to‘rt va besh harfli so‘zlarni o‘rganib, ularning har birini qaysi hijoiy harflar vositasida yasalganini ko‘rsatgan. Ushbu so‘zlardan 35 tasi ro, 20 tasi  ‘ayn, 19 tasi ba, 11 tasi dal, 6 tasi fa va beshtasi ḫa qo‘shilishi natijasida yasalganini aniqlagan hamda ṡa, ẕa va ṣod harflarini qo‘shimchalar qatoriga kiritmagan[As-Soidiy 2012].

Arab tilida so‘z, unga zoida harflarning qo‘shilishi natijasida to‘rt, besh, olti va hatto, yetti o‘zakli hosila so‘zga ham o‘zgarishi mumkin. Ushbu harflar so‘z tarkibida, albatta, arab tilidagi unli tovushlarni bildiruvchi kasra (“i”), ḍomma (“u”) hamda fatḫa (“a”) harakatlaridan biri bilan keladi. So‘zni ma ‘noli qismlarga ajratishda, ushbu harflarning joylashish o‘rniga ham e ‘tibor berish lozim, aynan shu jihat orqali so‘zlarni ma ‘noli qismlarga oson ajratish mumkin. Buni quyidagi bandlar orqali muxtasar izohlab beramiz:

  1. So‘z tarkibidagi uch undosh harflardan oldin kelayotgan har bir hamza, yay, nun va ta harflari zoida harflar sanaladi, masalan:

 ‘Aktubu: Men yozayapman. Ushbu so‘zning birinchi hamzali alif harfi hozirgi zamon fe ‘lining birinchi shaxs, birlik shaklini yasovchi “-yapman” qo‘shimchasi sanaladi.

 ‘Ahmadu: 1. Ahmad; 2. Eng maqtovli. Ushbu so‘zda ham birinchi hamzali alif harfi sifatning qiyosiy-orttirma darajasini yasovchi qo‘shimcha hisoblanib, bu yerda u “eng” yuklamasi ma ‘nosini bildiradi.

Yaḍribu: U urayapti (muzakkar jinsi). Bu so‘zning birinchi ya harfi fe ‘lning hozirgi zamon shaklini yasovchi uchinchi shaxs birlik “-yapti” qo‘shimchasidir.

Najma ‘u: Biz yig ‘ayapmiz. Ush bu fe ‘l tarkibidagi dastlabki nun (n) harfi fe ‘lning hozirgi zamon shakli, birnchi shaxs, ko‘plik sonini yasovchi “-yapmiz” qo‘shimchasidir.

Tasma ‘u: 1. Sen eshitayapsan (muzakkar jinsi). 2. U eshitayapti (muannas jinsi).Ushbu fe ‘ldagi ta harfi fe ‘lning hozirgi zamon shakli, ikkinchi shaxs, birlik sonini yasovchi “-yapsan” (kontekstga qarab, “-yapti” deb ham tarjima qilish mumkin) qo‘shimchasidir.

  1. Uch va undan ortiq undosh harflardan oldin kelayotgan har bir mim zoida harf sanaladi, masalan:

Maṣna ‘un: zavod. Bu so‘zning mim harfi o‘rin-joy nomini yasovchi qo‘shimcha sanaladi.

Maḫmuudun: maqtalgan. Bu so‘zda esa mim,  cho‘ziq “u” unli tovushini bildirayotgan waw bilan birgalikda majhul daraja sifatdosh yasovchi “-l” qo‘shimchasi vazifasini bajarib kelmoqda.

Musmi ‘un: majburlab eshittiruvchi, ijrochi.  ‘Asma ‘a  (majburlab eshittirmoq; ijro etmoq) to‘rtinchi bob vazni shaklida turgan fe ‘ldan, uning boshiga “mu-” prefiksini qo‘yish orqali aniq daraja sifatdosh shakli yasaldi. Bu so‘z tarkibida mim zoida harf sanaladi. U o‘zbek tilida ot yasovchi “-chi” yoki “-yotgan” qo‘shimchalariga to‘g ‘ri keladi.

Munṭoliqun:yo‘lga chiqayotgan odam. Bu yerda ham ajratib ko‘rsatilgan zoida harf orqali aniq daraja sifatdosh shakli yasaladi.

  1. Uchta undosh harflardan oldin kelayotgan har bir alif va nun, yay va nun, ta va nun, nun harfining o‘zi, nun va mim harflari zoida harflar sanaladi, masalan:

 ‘Inqasama: bo‘linmoq. Bu yerda ajratib ko‘rsatilgan zoida harf o‘zbek tilidagi majhullikni anglatuvchi “-il” qo‘shimchasi ma ‘nosini beradi.

yandaḫiru: u yengilayapti. Bu so‘zda ajratib ko‘rsatilgan zoida harflar fe ‘lning hozirgi zamon shakli, muzakkar jinsidagi uchinchi shaxs, birlik soni shaklini yasovchi “-yapti” hamda o‘zlik nisbatini yasovchi “-il” qo‘shimchasi ma ‘nolarini beradi.

Tanḫaniy: sen burilayapsan/u burilayapti. Bu so‘zda ajratib ko‘rsatilgan zoida harflar fe ‘lning hozirgi zamon shakli, muannas jinsidagi uchinchi shaxs, birlik soni shaklini yasovchi “-yapti” (kontekstga qarab, muzakkar jinsida, “-yapsan” deb ham tarjima qilish mumkin) hamda o‘zlik nisbatini yasovchi “-il” qo‘shimchasi ma ‘nolarini beradi.

Tansa: sen eshitayapsan/u eshitayapti. Bu so‘zda ajratib ko‘rsatilgan ta zoida harfi fe ‘lning hozirgi zamon shakli, muannas jinsidagi uchinchi shaxs, birlik soni shaklini yasovchi “-yapti” (kontekstga qarab, muzakkar jinsida, “-yapsan” deb ham tarjima qilish mumkin) qo‘shimchasi ma ‘nosini beradi.

munfa ‘ilun; hayajonlanuvchi, hayajonlanayotgan/hayajonlanayapti. Bu yerda ajratib ko‘rsatilgan zoida harf fe ‘lning hozirgi zamon shaklini yasovchi “-yotgan” hamda aniq daraja sifatdosh shaklini yasovchi “-uvchi”, “-yotgan” qo‘shimchalari ma ‘nosini beradi.

  1. Sin va ta harflaridan oldin kelayotgan har bir alif, yay, ta va nunlar, o‘zidan keyin turgan sin va ta bilan birgalikda, zoida harflar sanaladi. Misol uchun:

Istafhama: so‘ramoq.

Yastajmi ‘u: yig ‘ayapti, yig ‘ilyapti. Bu so‘z tarkibidagi yay hozirgi zamon fe ‘lini yasovchi “-yap” hamda “-ti” shaxs-son qo‘shimchasi ma ‘nolarini beradi.

Nastaxriju: qazib chiqarayapmiz. Bu yerda nun hozirgi zamon fe ‘lini yasovchi “-yap” hamda “-miz” shaxs-son qo‘shimchasi ma ‘nolarini beradi.

Tastashiyru: sen maslahat so‘rayapsan/u maslahat so‘rayapti. Bu so‘z tarkibidagi ta hozirgi zamon fe ‘lini yasovchi “-yap” hamda “-san” va “-ti” shaxs-son qo‘shimchasi ma ‘nolarini beradi.

Yuqorida zoidalar sifatida qayd etib ko‘rsatilgan alif, sin hamda ta harflari arab tilida fe ‘l yasovchi prefikslar sanalib, ular uch o‘zakli fe ‘llarga qo‘shilib, o‘ninchi bob fe ‘li shaklini hosil qiladilar. Keltirilgan misollarda o‘ninchi bob fe ‘lini yasovchi zoida harflardan oldin kelayotgan ay, ta va nun harflari esa bu yerda fe ‘lning hozirgi zamon shakli va shaxs-son qo‘shimchalari ma ‘nolarini  anglatayapti.

  1. To‘rt, besh va olti harfli so‘zlarning tarkibidagi, oxirgi undoshdan oldin kelayotgan har bir alif, yay, waw harflari zoida harflar sanaladi, shuningdek, ular, bunday holatlarda, cho‘ziq “ā”, “ū” va “ī” unlilarni ham ifodalab keladi. Masalan:

Ṭobībun: davolovchi, shifokor. Bu so‘z aslida, “ṭobba” (“davolamoq”) fe ‘lidan yasalgan bo‘lib, bu yerda yay (“ī”) harfi fe ‘ldan ot yasovchi “-lovchi” qo‘shimchasi vazifasini bajarmoqda.

Rihānun: garovlar. Bu so‘z arab tilidagi “rahnun” (“garov”) so‘zining ko‘plik shakli bo‘lib, alif (“ā”) bu yerda ko‘plik shaklini yasovchi “-lar” qo‘shimchasi vazifasida kelayapti.

G ‘ofūrun: kechirimli. Ushbu so‘z arab tilidagi “kechirmoq” ma ‘nosini bildiruvchi “g ‘afara” fe ‘lidan yasalgan bo‘lib, bu yerda waw (“ū”) sifat yasovchi  “-li” qo‘shimchasi vazifasida kelayapti.  

  1. To‘rt harfli so‘zning ikkinchi harfi bo‘lib kelayotgan har bir alif affiks sanaladi, bu holatda ham alif cho‘ziq “ā” unlisini ifodalaydi, masalan:

Kātibun: yozuvchi/yozayapti.

Jālisun: o‘tirayotgan/o‘tirayapti.

ālibun:izlovchi/izlayapti.

Arab tilida yuqorida keltirilgan misollardagi kabi tuzilgan so‘zlar aslida uch o‘zakli fe ‘llarga alif (“ā”) zoida harfini qo‘shish orqali yasalib, bu yerda alif kontekstga qarab bir necha, “-uvchi”, “-lovchi” va “-yotgan” sifatdosh yasovchi hamda hozirgi zamon fe ‘lining uchinchi shaxs shaklini yasovchi “-ayapti”  qo‘shimchalari vazifasini bajarib keladi.

  1. Besh harfli so‘zning uchinchi harfi bo‘lib kelayotgan har bir ta zoida harf sanaladi, masalan:

 ‘irtada: kiyinmoq.

 ‘ibtasama: tabassum qilmoq.

 ‘iktasaba: topmoq, izlab qo‘lga kiritmoq.

Ushbu misollarda keltirilgan so‘zlar tarkibidan joy olgan dastlabki alif, bu yerda u “i” tovushi orqali ifodalanmoqda, hamda ta harflarining uch o‘zakli fe ‘llarga qo‘shilishi natijasida o‘zlik nisbati ma ‘nosini beruvchi sakkizinchi bob fe ‘l shakli yasaladi. Shunga ko‘ra, bunday tuzilishli fe ‘llardagi ushbu zoida harfni o‘zlik nisbati yasovchi “-in”, “an”, “-it”, “-il” qo‘shimchalariga muqobil variant sifatida ko‘rsatish mumkin. Yana qo‘shimcha sifatida, agarda besh o‘zakli so‘zlarning dastlabki harfi ham ta bo‘lsa, bunday holatlarda ham ushbu harf zoida sanaladi va u beshinchi va oltinchi bob fe ‘llari tarkibida kuzatiladi.

Shu o‘rinda, chalkashlik kelib chiqmasligi uchun yana bir jihatga e ‘tibor qaratish lozim. Besh harfli so‘zlar tarkibidigi hamzali alif va nun, yoki hozirgi zamon shaklini yasovchi qo‘shimchalar (yay, nun, ta) hamda nundan so‘ng kelayotgan ta harfi ham zoida sanalib, bunday tarkibli so‘zlarda nun o‘zak harf, undan avval kelayotgan barcha harflar zoida hisoblanadi, ushbu holatda ham ta harfi o‘zlik nisbat yasovchi “-t” qo‘shimchasi ma ‘nosini anglatadi:

 ‘intabaha: e ‘tibor qaratmoq.

 ‘intaha: tugatmoq.

  1. So‘zning oxirida turgan tamarbuta belgisi (“-atun” tovushini bildiradi) ham zoida harf sanaladi. Ushbu belgi arab tilida muannas jinsini bildiradi, misol uchun:

Mazra ‘atun: poliz.

Ṭolibatun: talaba qiz.

  1. Uch harfli so‘zning oxirida turgan alif va hamza ikkisi zoida harflar vazifasini bajarib keladi. Bu ikki zoida harf so‘z oxirida birgalikda kelganda, o‘sha so‘zning muannas jinsida turganligiga ham ishora qiladi. Misollar:

Samra ‘u: bug ‘doy rang (muannas jinsida).

Najla ‘u: shahlo ko‘zli (muannas jinsida).

Ḫamra ‘u: qizil rang (muannas jinsida).

Ṣaḫra ‘u:sahro (muannas jinsida).

Ushbu keltirilgan misollarning tahlilidan shu narsa ma ‘lum bo‘ladiki, so‘z tarkibidan joy alif va hamza zoida harflari so‘zlarning muannas jinsida ekanligini bildirish bilan birga, “ot+sifat+li”, “ot+rang” tuzilishli qo‘shma va birikmali sifatlarni ham yasaydi.

  1. Arabcha so‘zning oxirida turgan alif va nun harflari zoida harflar sanaladi. Masalan:

Ṣofvānu: beg ‘ubor, musaffo.

Ṣinvānu: tug ‘ishgan aka-ukalar.

Kaslānu:dangasa, behafsala.

 ‘aṭshānu: chanqagan.

Demak, keltirilgan misollar, so‘zga qo‘shilgan alif va nun zoida harflari sifatdosh hamda sifat so‘z turkumiga mansub so‘zlarni yasab, ular anglatgan ma ‘nosiga ko‘ra, o‘zbek tilidagi sifat yasovchi “be-”, “-agan” qo‘shimchalariga to‘g ‘ri keladi. Shuningdek, ushbu zoida harflar “-lar” ko‘plik yasovchi qo‘shimchasi vazifasini ham bajaradi.

Arab tilidagi birikma olmoshlari hamda shaxs-son qo‘shimchalari ham zoida harflar sanaladi:

Katabtu: men yozdim.

Kitaabuhu:uning (muzakkar jinsi) kitobi.

Xulosa qilib aytganda, arab tilida zoida harflar (affikslar) deyilganda, odatda, “alyawma tansāhu” iborasi tarkibiga kiruvchi harflar tushunilib, ular o‘zak so‘zga qo‘shilib, ism va fe ‘l turkumlariga oid so‘zlarni yasashga xizmat qiladi. Shuningdek, ular so‘z yasovchilik vazifasi bilan birga so‘z o‘zgartiruvchi va shakl yasovchi affikslar vazifasini ham bajarib keladi. Zamonaviy arab tilshunosligida yuqoridagi ibora tarkibida kelgan harflar affikslar vazifasida kelishi qayd etilgan bo‘lsa, klassik davr arab tilshunosligida, nafaqat ular, balki arab alifbosidagi barcha harflar - ṡa, ẕa va ṣod bundan mustasno -, affiks bo‘lib kela oladi, degan fikrni ham bildirganlar. Ular affiks bo‘lib qo‘shilgan hosila so‘zlarda ma ‘noning butunlay o‘zgarishi, uning kuchayishi yoki umuman o‘zgarmasligi holatlarini ham ko‘rdik. Ammo, hozirgi kunda ushbu harflarning affiks vazifasida kelishi umuman kuzatilmaydi, bu holat mumtoz arab tili davrida shakllangan so‘zlarga xos jihatdir. Shuningdek, arab tilida hosila so‘z tarkibidagi zoida harflar (affikslar) ni ajratishda ularning so‘z tarkibida joylashgan o‘rniga ham ahamiyat berish lozim. Odatda, shakl o‘zgartiruvchi zoida harflar so‘z oxiriga qo‘shilsa, so‘z yasovchi va so‘z o‘zgartiruvchi zoida harflar so‘zning boshi yoki o‘rtasiga qo‘shilib kelar ekan. Yana, arab tilshunosligida uch o‘zakli so‘z tarkibidagi birinchi, ikkinchi va uchinchi undosh harflarning yolg ‘iz o‘zi yoki yonidagi o‘zak undosh bilan birga takrorlanishi natijasida ham so‘zlar yasalib, bunda ushbu takrorlangan harflar ham zoida harflar, deya sanalar ekan.

 

 

 

Adabiyotlar ro‘yxati

  1. المنصف، شرح اإلمام أبي الفتح عثمان بن جني النحوي لكتاب التصريف لإلمام أبي عثمان المازني النحوي البصري، تحقيق: إبراهيم مصطفى عبد الله أمين، إدارة إحياء التراث القديم وزارة المعارف (القاهرة)، الطبعة األولى 1393- هـ 1943-. ج1 ،ص11
  2. ياسر محمد البدوي محمد. الزيادة و دلالتها الصرفية و النحوية. السودان، -2012.ص.22 .
  3. زائدة (لغة)(Affix(language))
  4. عبد الرزاق بن فراج الصاعدي.حروف الزيادة الصرفية ثمانية و ليست عشرة.المدينة.2012
  5. https://www.almaany.com/ar/dict/ar-ar/
  6. Б.М.Грандэ. Введение в сравнительное изучение семитских языков. Издательская фирма «Восточная литература» РАН, -Москва: -1998. -С.101.
  7. N. Ibrohimov, M.Yusupov. Arab tili grammatikasi. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, – Toshkent, 1997. – 33 b.
  8. Azim Hojiyev. O‘zbek tili morfologiyasi, morfemikasi va so‘z yasalishining nazariy masalalari.O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyoti, – Toshkent: 2010.
  9. Qo‘shimcha va ularning turlari. Hozirgi o‘zbek adabiy tilidan ma ‘ruzalar matni. 2013. – 23 b.
  10. “An-na ‘im” arabcha-o‘zbekcha lug ‘ati. –Toshkent :2003.
Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati