NEMIS TILI FRAZEOLOGIK SINONIMLARI va ULARNING O’ZBEK TILIDA BERILISHI

Sherbekov Bahodir Habibullaevich,

SamDCHTI magistranti

 

Tayanch so’zlar: tilshunoslik, frazeologiya, sinonimiya, tarjima, kontekst, frazeologizm, komponent.

 

Шербеков Б. Синонимия немецкого языка и её узбекский перевод. Мазкур мақолада немис тили фразеологиясининг синонимияси ва унинг ўзбек тилига ўгириш муаммосига бағишланган.

Sherbekov B. The synonymy of German language and their translation into Uzbek. This article investigates the synonymy of German phraseology and its translation into Uzbek. 

Bugungi zamonaviy tilshunoslikning ajralmas muhim bo’limlaridan biri hisoblanadigan va ko’pchilik tilshunos olimlarning qiziqishini borgan sari ko’proq o’ziga jalb qilib borayotgan frazeologiya sohasi tinimsiz rivojlanishda. Tabiiyki mana shu sohaga qiziqib, ayni shu sohada ilmiy izlanishlar olib borishning muvaffaqiyati bevosita chet tillarini yaxshi bilish bilan bir qatorda, tarjima, tarjima nazariyasi va ular bilan bog‘liq bo’lgan, o’z yichimini topgan va topmagan muammolarga bog’liq hisoblanadi. Bundan tashqari bu borada taqqoslanayotgan ikki til millati, ya’ni nemis va o’zbek millatlarining yashash sharoiti, aholisining rivojlanish darajasi, urf - odat va an’analaridan ham xabardor bo’lishni hamda ularning tub mazmun - mohiyatini anglash, his qilish va idrok eta olish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, tilshunoslikning bu ikki sohasi frazeologiya va tarjima bir-biri bilan uzviy bog’liq sohalardir. Shuning uchun ham frazeologiyaning ajralmas qismi bo’lmish frazeologik sinonimiya va ularning o’zbek tilida ifodalanishida tarjimonlar duch keladigan turli muammolar zamonaviy tilshunoslikning dolzarb masalalari hisoblanadi.

Insonni hayvondan ajratib turuvchi muhim omillardan biri, aloqa vositasi, insoniyatni bir-biridan ajratib turuvchi ham, birlashtirib turuvchi ham - tildir. Butun dunyoda xalqlar bir birlari bilan ikki mingdan ortiq tillar orqali muloqot qiladilar, lekin ular muloqot qiladigan tillar bir-birlaridan butunlay farq qiladi. Shunga qaramasdan inson degan mavjudot bir-biri bilan muloqot qilishning yo’lini topdi. Bu tarjima yo’li edi. Turli xalqlar, elatlar, qabilalar, millatlar o’rtasida aloqa qilishga ehtiyoj kuchaygani sari tarjima ham kengayib rivojlanib bordi. Hozirda tarjima orqali dunyoning turli burchaklaridan bo’lgan odamlar bir birlarini tushuna oladilar hamda bir –birlariga fikrlarini bayon qila oladilar va yer yuzidagi jamiyki katta - kichik xalqlar bir - birlari bilan tarjima orqali muomala qiladilar.

Bizga tarjima tarixidan ma’lumki, ilm-fan qayerda rivojlangan bo’lsa tarjima ham ayni shu yerda rivojlanib kelgan. Zero, hech qaysi tarjimon o’zigacha ijod qilgan boshqa tarjimonlar izlanishlari, ular tomonidan yaratilgan manbalardan foydalanmay turib yetuk tarjimon bo’la olmaydi. Qayerdaki ilm-fan rivojlangan bo’lsa, shu yerda bilim olish imkoni bo’ladi.

Bugunga kelib tarjimaning roli borgan sari ortib borayotgani va bir tildan boshqa tilga she’rlar, prozaik asarlar, publitsistik hamda ilmiy matnlar, ish qog‘ozlari va siyosiy hujjatlar, gazeta axborotlari, notiqlar nutqi, munozaralar, kinofilmlar tarjima qilinayotganini aytib o’tish o’rinlidir.

Tarjima – bu bir xalqning ma’naviy boyliklarini boshqa bir xalqqa yitkazib berishda eng to’g‘ri yo’ldir. Frazeologik birliklar esa ana shu xalqning eng asosiy boyliklaridan hisoblanadi.

Tilshunos olimlardan ko’pchiligi A.V.Kuninning frazeologizmlar to’g‘risidagi ta’rifiga tayanib ish ko’radilar, ya’ni: “frazeologizmlar bular shunday so’z birikmalari, ularning komponentlari to’la yoki qisman ko’chma ma’noga, ya’ni frazeologik ma’noga ega bo’lgan komponentlardan iborat. Frazeologik birliklarga umuman turg‘unlik muhimdir, bundan tashqari so’z komponentlari qonuniy ravishda bir-biriga bog‘liq bo’lib, unga strukturali semantik modellik xarakterli bo’ladi” (Kунин. 1970, 24).

Frazeologik sinonimlar ham frazeologiya sohasida muhim ahamiyat kasb etadi. Frazeologizmlar yordamida har qanday fikrni ifoda etish mumkin bo’lsa, frazeologik sinonimlar ko’magida ularni turli xil kontekstlarda turli stilistik uslublarga ko’ra qo’llay olish mumkin.

Quyida odam tana a’zolari bilan bog’liq frazeologizmlar tahliliga to’xtalib o’tamiz, jumladan, Auge, Haare, Kopf, Lippen, Mund, Nase, Ohr, Stirn, Zähne, Zunge so’zlari ishtirok etgan iboralar.

“Lippen” –“lab” so’zi bilan bog’liq frazeologizmlarga “j - m an den Lippen hängen” frazeologizmini misol qilib ko’rsatish mumkin. Ushbu iborani “kimningdir labiga osilib turmoq” deb tarjima qilish va tushunish tarjima qoidalariga mos keladimi degan savol har qanday tarjimon oldida turishi muqarrar, alabatta, agar u bu iboraga birinchi marta duch kelayotgan bo’lsa. Tarjimon olimlar ushbu iborani o’zbek tiliga “og‘ziga qaramoq, og‘ziga tikilmoq, maroq bilan gapiga quloq solmoq” deb tarjima qilishni tavsiya etadilar. Agar so’zlovchining gaplarini tinglovchi maroq bilan tinglasa, shu tinglovchiga nisbatan nemis tilida j - d hängt an j - s Mund, j - m an den Lippen hängen frazeologizmlari bir - biriga sinonim tarzda qo’llaniladi. Ushbu frazeologizmlar o’zbek tiliga “kimnidir maroq bilan tinglamoq”, tarzida tarjima qilinishi ham mumkin edi. Bundan tashqari, ba’zi bir hollarda qo’pol so’zlashuv uslubida “og‘ziga kirib ketgudek tikilib o’tiribdi” degan muqobili ham qo’llaniladi. Bu muqobil ham so’zlovchining gapini katta qiziqish bilan tinglashni anglatadi.

Ushbu fikrlardan xulosa qilib aytish mumkinki, frazeologizmlarni bir tildan ikkinchi bir tilga tarjima qilishda, uning tarkibidagi barcha komponentlar ham to’g‘ridan - to’g‘ri yoki so’zma - so’z tarjima qilinavermas ekan. “j- d hängt an j -s Mund” frazeologizmining o’zbek tilidagi muqobili “og‘ziga qaramoq” va “og‘ziga tikilmoq” frazeologizmlarida faqatgina “Mund” so’zi “og‘iz”, deb to’g‘ri tarjima qilingan va saqlanib qolgan, boshqa komponentlar esa o’z lug’aviy ma’nolarini yo’qotib umuman boshqacha obrazli ma’no kasb etib kelmoqda.

Frazeologizmlarning tarkibidagi komponentlar aksariyat hollarda ko’chma ma’noga ega bo’ladi. Ko’chma ma’noga ega bo’lgan so’z komponentlardan tarkib topgan frazeologizmlar zamirida uning asl ma’nosi yashiringan bo’ladi.

Turli tillarda bir xil ma’noga ega bo’lib bir-biriga ekvivalent bo’lib kela oladigan sinonimlar ham mavjud. “To’liq ekvivalent deb turli tillarda bir xil ma’noga ega bo’lgan frazeologizmlar tushuniladi”,- deb ta’kidlab o’tgan edi Borisova o’z ilmiy qarashlarida. Bunday frazeologizmlar turli tillarda mavjud bo’lishi mumkin. Biroq, har doim ham ularning ma’nodoshlarining tarjimasi mos kelavermaydi. Masalan : von Kopf bis Fuss, von Scheitel bis zur Sohle, von Wirbel bis zur Zehe. Ushbu frazeologik sinonimlarning orasidan von Kopf bis Fuss iborasigina o’zbek tiliga tarjima qilinganda xuddi nemis tilidagi kabi ma’noni anglatadi, chunki o’zbek tilida ham aynan „boshdan-oyoq“ degan ibora mavjud va shu iboraga ekvivalent bo’la oladi. Boshqa frazeologizmlarning o’zbek tilida aynan so’zma – so’z tarjima qilinadigan ekvivalentlari mavjud bo’lmasdan ularni nemis tilidan ona tilimizga “batafsil, butunlay, tamomila” deb tarjima qilish imkoni mavjud. Shuningdek, ularni ibora sifatida tarjima qilmoqchi bo’lsak, miridan- sirigacha, ipidan-ignasigacha, qilidan-quyrug‘igacha kabi iboralar bu frazeologizmlarni tarjima qilishga ayni o’rinli sinonim frazeologik birliklar hisoblanadi.

“von Kopf bis Fuss” iborasiga sinonim iboralar von Scheitel bis zur Sohle, von Wirbel bis zur Zehe kabilarning o’zbek tilidagi tarjimasi mutlaqo o’sha tilda anglashilayotgan ma’noga mos kelmaydi, vaholanki ushbu iboralar ham “von Kopf bis Fuss” frazeologik birikmasiga sinonim hisoblanadi.

Nemis tilidagi Grosse Augen machen, den Mund aufsperren kabi ma’nodosh frazeologik birikmalar ham bir - biriga kontekstda butunlay mos keluvchi sinonimlar hisoblanadi va bosgqa ko’pchilik frazeologizmlardan o’zbek tilida ham o’z ekvivalentiga ega ekanligi bilan farq qiladi. Ushbu iboralarning ona tilimizdagi ekvivalenti bo’lib “Ko’zini katta - katta ochmoq”, “og‘zini ochmoq” frazeologizmlari hisoblanadi.

Yuqorida keltirib o’tilgan shu ikki tillardagi frazeologizmlarning tarkibiy komponentlari bir tildan boshqa tilga to’g‘ridan - to’g‘ri yoki so’zma - so’z tarjima qilinishi mumkin. Bu ma’nodosh frazeologizmlar “biror narsani ko’rib yoki eshitib hayron bo’lmoq, angraymoq” degan ma’nolarini o’zida mujassam etadi(erstaunt, verwundert sein). Ushbu iboralarning nemis tilida ham, o’zbek tilida ham yana bir qator sinonimlari mavjud. Masalan, nemis tilidagi plah wie ein Pfannkuchen sein, ich denke, mich kratzt der Affe, von den Socken sein, j-n grob ansehen” iboralari yuqoridagilarga sinonim bo’lib kela oladi. Ammo ushbu iboralarning o’zbek tilidagi ekvivalentlari umuman boshqacha ko’rinishga ega. Masalan, “xang–mang bo’lmoq”, “lol qolmoq” frazeologizmlari fikrimiz dalili bo’la oladi.

Ko’rib chiqilgan frazeologik birikmalar tahlilidan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, obrazli ma’no kashf etuvchi frazeologizmlar tarjimasi haqida so’z ketganda ularni va ularning ma’nodoshlarini bir tildan boshqasiga o’girishda tarkibiy komponentlarning alohida anglatgan ma’nolariga emas, balki o’sha komponentlarning bir butun bo’lib berayotgan tub, asl ma’nosiga diqqatni qaratish zarur bo’ladi.

Adabiyotlar:

1. Кунин А.В. Фразеология современного английского языка.1970, -167 c.

2. Чернышева И.И. Фразеология современного немецкого языка.1970, -149 c.​

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati