O‘RTA ASR HINDISTON TURKIY SHE’RIYATI

Diyorimizda istiqlol yillari tariximiz va milliy qadriyatlarimizni tiklash bilan bir qatorda, shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi ilmiy-ijodiy merosimizni izlash va to‘plash bo‘yicha ham talay xayrli ishlar amalga oshirildi. SHuning uchun, endilikda ilm va ijod ahli oldidagi dolzarb vazifa – bu qo‘lga kiritilgan madaniy-ma’rifiy boyligimizni yaqin o‘tmish, ya’ni sho‘rolar ma’naviyati talab-taqozolaridan farqli o‘laroq, uning o‘z asl mag‘z-mantig‘i asosida tadqiq va targ‘ib qilishdan iborat. Bunday mavzu «muqaddima»sining ikkinchi bir muhim tomoni shundaki, Dehli, Kalkutta, Haydarobod va boshqa o‘nlab qo‘lyozma fondlaridagi turkiy manbalar adadi shu darajada salmoqliki, ular kelgusi avlodlar ilmiy izlanishlari uchun ham shubhasiz bir xazina. Alisher Navoiy asos solgan adabiyotning Bobur qalamida hind sarzaminigacha etib borib, yillar o‘tishi bilan uning badiiyati dargohida o‘z munosib o‘rnini egallashi dunyo so‘z san’ati tarixida deyarli kam uchraydigan voqea. Bu voqeaning yuz berishi sabablari va o‘ziga xos xususiyatlari negizini anglab yetish uchun, dastlab «Hindiston turkiy adabiyoti» tadqiqi tarixi bilan tanishish kerak. Faqat shundan keyin, uning g‘oyaviy jihatdan o‘rta asr Hindistoni «bhaqtiy va tasavvuf poeziyasi» bilan mushtarak jihatlari hamda o‘ziga xos ishqiy lirikasi haqida so‘z yuritish mumkin. Sir emaski, har bir tarixiy davrda neki ijtimoiy-siyosiy tuzum bo‘lmasin, unda hamisha ilg‘or adabiy-g‘oyaviy yoki ilmiy-tadqiqiy talqinlar tamoyili va mahsuliga ters keluvchi to‘siqlar bo‘lganidek, ularning asl mazmuni va maqsadining qadriga yetuvchi zoti shariflar ham topilgan. Shu bois buyuk ajdodlarimiz qadimdan bashariyatning diniy-falsafiy, adabiy-tarixiy va boshqa sohalariga doir manbalarni o‘rganib, ular haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini kelgusi zurriyotlariga yetkazishga harakat qilganlar. Masalan, bu xususda Beruniy va Boburning nainki faqat o‘z xalqi, balki, shuningdek, hindistonliklarga ham qoldirgan bebaho asarlari shular jumlasidandir. Aynan shu an’anaga ko‘ra, sobiq sho‘rolar davrida ham milliy ma’naviyat ruhi yo‘g‘rilgan manbalarga nisbatan ziddiy bir munosabat mavjud bo‘lgan sharoitda, ularni saqlab qolish borasida izchil faoliyat ko‘rsatgan ilm-fan fidoyilari bo‘lgan. Aytaylik, shulardan biri – marhum prof. H.Sulaymonov dunyodagi turli qo‘lyozma fondlaridan o‘nlab o‘zbek shoir va nosirlari asarlari borligini aniqlab, ulardan nusxalar ko‘chirib, nodir qo‘lyozma zaxiralarimizni yangi badiiyat namunalari bilan boyitish kabi ishga ulkan hissa qo‘shgan. Shundan keyin Hindistonga uyushtirilgan ilmiy safarlarda olimning izdoshlari prof. S.Hasanov, F.Sulaymonova va boshqalar keltirgan materiallar, nihoyat «Boburiylar davri Hindiston turkiy tili va adabiyoti» mavzuini ilk bor yaxlit ilmiy muomalaga kiritishga imkon yaratdi. Lekin, bevosita mavzuning tahlili va tadqiqiga o‘tishdan avval, biz so‘zni dastlab moziydan boshlashni ma’qul ko‘rdik. Sababi, faqat hind adabiy jarayonining real tarixi va diniy-falsafiy dunyoqarashlari bilan imkon darajada tanishib, muayyan ma’lumotga ega bo‘lgandan so‘nggina turkiy tili va badiiyatining azim Himolay tog‘i ortida qanday o‘zlashganligi haqida to‘g‘ri xulosaga kelish mumkin. Shuning uchun, muqaddimani qadim hind diniy-falsafiy tafakkurini musulmon dunyosida birinchi bo‘lib sanskrit tilidagi asl manbalardan o‘qib o‘rgangan va ularni o‘z tarjimasi bilan dunyoga tanitgan buyuk Beruniyning Hindistondagi hayoti va ilmiy faoliyatining muxtasar bayonidan boshlaymiz. Faqat shundagina ajdodlarimizning Hindiston xalqlari ilm-fani, madaniyati va xususan, adabiyotiga qo‘shgan hissalari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lamiz. Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Hindiston» asari bilan hozirga qadar qariyb ming yillik tarixga ega o‘zbek hindshunosligining tamal toshini qo‘ygan olimdir. Uning hind fani va madaniyati yuzasidan uzoq yillar olib borgan izlanishlarining mahsuli bo‘lgan mashhur «Hindiston» asari hind aql-zakovati durdonalarini dunyoga targ‘ib qilishda beqiyos manba sifatida tan olinganligi, shubhasiz, haqiqat. Ya’ni, hind jamoatchiligining taniqli vakili Hamid Rizo e’tirof etganidek: «O‘rta asr va yangi zamon tadqiqotchilaridan birortasi ham hind madaniyatining chigal masalalarini chuqur ilmiy ruhda tushunishda Beruniyning erishgan yutuqlarini qo‘lga kirita olmagan. Muallifning «Hindiston»i shu yo‘nalishdagi tadqiqotlar tarixida klassik namuna bo‘lib qolishi bilan birga, ijodkor tomonidan hind fani va madaniyatiga qilingan katta tortiq hamdir». Fikrimizcha, asrlar osha hamon o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan mazkur tarixiy manbaga berilgan bu muxtasar, lekin, mazmunan yuksak bahoning ikki jihati alohida ko‘zga tashlanadi: biri - bu Beruniyning «hind madaniyatiga doir chigal masalalar» muammosini idrok etishdagi daholigi bo‘lsa, ikkinchisi, uning «hind fani va madaniyatiga qilgan tortig‘i» orqali xalqlarimizning fan va madaniyat sohasiga bo‘lgan mushtarak munosabatlarini ilmiy ravishda yuzaga chiqarganligi. Demak, Hindiston turkiyzabon adabiyotini o‘rganishda ham hind va turkiy adabiyotning barobar manfaatdor ekanligini nazarda tutib, mavzuni turkiy va hind xalqlarining umumadabiy merosi nuqtayi nazaridan tadqiq etmoq lozim. Va qolaversa, hatto ma’lum darajada xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan bunday baynalminal ruhdagi badiiy merosni o‘rganish, mustaqillik davri adabiyotshunosligi uchun ham qarz, ham farz. Pirovardida vatandosh ijod ahlining taqdir taqozosi bilan turli ajnabiy yurtlarda yashab ilm-fan, adabiyot va san’at sohasida yaratgan asarlariga nisbatan xalqimiz e’tiborining ortib borayotganligi, ularni targ‘ibu tashviq qilish ko‘lamini ham kun sayin kengaytirishni taqozo qilmoqda. Ana shu jihatdan Hindiston turkiygo‘y shoirlari asarlarining tasavvuf tafakkuriga yaqin bo‘lgan «bhaqtiy» diniy-falsafiy ta’limoti adabiyoti bilan qiyosiy o‘rganilishi ham, nafaqat turkiy va hind she’riyati sarhadlarini kengaytiradi, balki shuningdek, ulardagi mavjud g‘oyaviy, ijtimoiy hamda badiiy mushtarak tomonlarni ochib berishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Hind adabiyoti, mo‘tabar manbalarda zikr etilishicha, azaldan o‘zining mahalliy va xorijiy muxlislari qatori dunyo adabiyotshunos olimlarining ham diqqat-e’tiborini jalb qilib kelgan. Lekin, mazkur adabiyot bosib o‘tgan uzoq adabiy-tarixiy jarayonning yana shunday bosqichlari ham borki, ular ayrim obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra o‘tgan asrning so‘nggi choragiga qadar fanda alohida tadqiqot doirasini tashkil etgan emasdi. Bu hol – avvalo, O‘rta asr hind badiiyatida markaziy mavzu hisoblangan bhaqtiy ta’limoti muhitida vujudga kelgan Hindiston turkiyzabon adabiyotiga taalluqlidir.

Albatta, shunday katta bir davr qamrovini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar majmuiga qaramay, qator yirik hindshunos olimlarning o‘z asarlarida Hindiston turkiyzabon adabiyotining tadqiq etilmaganligi to‘g‘risidagi yakdil e’tiroflari, ehtimol, hatto mavzuga aloqador mutaxassislar uchun ham bir oz g‘ayritabiiy ko‘rinar, masalan, taniqli rus adabiyotshunosi I.S.Rabinovichning «Qirq asrlik hind adabiyoti» nomli ocherkida ushbu adabiyotning hali mutlaqo o‘rganilmaganligi ta’kidlangan yoki «Hozirgi vaqtda XVI asrning birinchi yarmidagi Hindiston turkiyzabon adabiyotini to‘liq tasvirlab berishning imkoni yo‘q, chunki - deb yozgan hind forsiyzabon she’riyati bo‘yicha qator maqola va risolalarning muallifi G.Y.Aliyev, - bu adabiyot vakillaridan bizgacha faqat ularning nomigina yetib kelgan, xolos»[1]. Bu yerda olimning aksariyat «turkiygo‘y shoirlarning bizgacha faqat nomlarigina yetib kelgan»ligi haqidagi xulosasi, ya’ni «noma’lum asarlar» mualliflarining e’tirof etilishi masalasi, so‘zsiz, ayrim aniqliklar kiritishni talab qiladi. Shunday ekan, ushbu aniqlikni, mantiqan, hind yerida turkiydan oldin o‘zlashgan forsiyzabon adabiyoti tarixidan izlamoq kerak. Sababi, salkam o‘n asr (X-XIX) mobaynida o‘z bag‘rida Amir Xusrav Dehlaviy, Najmiddin Muhammad Kohiy, Fayziy, Bayramxon va Abdurahim xoni xononlar, Urfiy Sheroziy, Naziriy, Tolib Amuliy, Bedil va Zebunnisobegim kabi yuzlab betakror ijod ahlini mahorat mezoniga yetkazgan hind forsiy so‘z san’ati, ma’lum darajada, turkiy she’riyatning mahalliy adabiy muhitga kirib kelishiga ham sharoit yaratdi, deyish mumkin, chunki turkiygo‘y shoirlarning aksariyati o‘z tillari qatori ayni vaqtda forsiyda ham qalam surganlar, shu sababdan ham «ikki tilli ijodkorlarning nomi» bizgacha tazkiralar orqali yetib kelgan. Demak, forsiy va turkiyzabon adabiyotlar tarixidagi bunday an’anaviy uzviylik Hindistonda ham o‘z ibtidoiy tabiatiga sodiq qolgan, shuningdek, mazkur har ikki badiiyatning xorijdagi taqdirida tarix yoki tasodif bois yana shunday bir «o‘zaro bog‘liqlik» borki, bu quyidagi omillarga asoslangan: a) yuqorida aytganimizdek, avvaliga G‘arb adabiyotshunoslari fikricha, «hind forsiyzabon she’riyati o‘z asliga nisbatan original emas»ligi uchun (Xusrav Dehlaviy ijodidan mustasno) maxsus tadqiq etishga loyiq topilmagan»[2]; b) keyinchalik – davr o‘tishi bilan o‘z navbatida turkiy nazm ham, «ba’zi mutaxassislar» tomonidan forsiyzabon adabiyotga qiyosan ayni shu qismatga «mahkum» etilgan[3]. Muqaddam qayd qilingan Hindiston turkiyzabon adabiyotining tadqiqoti bilan bog‘liq masalalar, nihoyat, o‘tgan asrning 70-80- yillarining oxiriga kelib fanda aktuallik xususiyatini kasb eta boshladi. Bu jihatdan 1966-yili S.Azimjonovaning kirish so‘zi bilan «Boburning hind devoni» matnining e’lon qilinishi, so‘ngra H.Sulaymonovning tashabbusi bilan Hindistonga uyushtirilgan ekspeditsiya materiallari yuzasidan chop etilgan risola va maqolalar bu dolzarb mavzuning yaxlit tadqiqoti uchun debocha bo‘ldi, desak mutlaqo yanglishmaymiz. Naoiyga qadar XIV asrning oxiri - XV asrning o‘rtalarida o‘z adabiyotida birinchi o‘laroq mukammal devon tuzgan shoir Hofiz Xorazmiy hamda didaktik dostonchilik janrida ijod etgan Sayyid Qosimiy singari ijodkorlarning qo‘lyozma asarlarining topilishi «adabiy turkiy tilning jamiyat orasidagi faoliyati hamda uning qay darajada keng tarqalganligini real baholash imkonini berdi». Agar shunga o‘xshash yaqin o‘tmishgacha fan olamiga noma’lum ayrim shoirlarning ijodi, bordi-yu «Boburiylar davrida Hindistonga borgan allomalar bilan birga keltirilgan qo‘lyozma kitoblar» jumlasiga kirgan taqdirda ham, ularning nima sababdan hind diyorida besh asrdan ziyod bezavol umr ko‘rib kelayotganligi haqidagi haqqoniy savolga ertami-kechmi adabiyotshunosligimizdan javob izlanishi tabiiy edi. Binobarin, hindistonlik turkiy qalam sohiblari ijodiy merosining mustaqil mavzu maqomida yuzaga chiqarilishidan maqsad, xalqimizning xorijiy mamlakatlar bilan asrlar osha o‘rnatgan va mustahkamlab kelayotgan adabiy aloqalari amaliy natijalarining navbatdagi namunasi sifatida targ‘ib qilishdir. Biz bu masala yuzasidan tadqiqot olib borishda asosiy e’tiborni mantiqiy tayanch sifatida Hindiston omiliga qaratdik, chunki forsiy, turkiy nazmning hind adabiyoti sirasiga kirishi masalasini o‘sha davr mahalliy diniy-falsafiy ta’limotlari asosidagi adabiy jarayondan ayri holda tadqiq etilishi, «yangi forsiy, turkiy badiiyat»ga o‘zlashib ulgurgan ijodiy muhit va g‘oyaviy mushtaraklikka soya solishga intilish bo‘lar edi. Shuning uchun turkiy she’riyatning hind adabiyoti dargohiga tashrifi borasidagi tahlilimizda turli falsafiy ta’limotlardan tortib, to ijtimoiy-madaniy hayot masalalari tahliliga qadar keng o‘rin berildi. XV-XIX asr Hindiston turkiyzabon adabiyoti xususidagi izlanishlarda, adabiy aloqalarimiz tarixi va uning natijalarini aniqlash hamda tiklash asnosida «hind-musulmon madaniyati»dagi an’anaviy hind, fors va arab kabi turkiy unsurlar masalasini maxsus o‘rganishga ham alohida e’tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan maqsad, o‘z davri nuqtayi nazarida baynalminal xarakterdagi – Maxatma Gandi ta’riflagan «Ikki din – bir millat» madaniy merosining boburiylar sulolasi davrida qanday bashariy ma’no kasb etganligini ilmiy asosda teran anglab yetish.

Akad. A.Mirzoyev «Sharqshunoslarning XXVI xalqaro konferensiyasi»da qilgan ma’ruzasida «tarix va adabiyot tarixi»ga doir ilmiy ishlarda Movarounnahr va Hindiston o‘rtasidagi adabiy aloqalarga umuman ahamiyat berilmayotir» deya, o‘tgan asrning 60-yillari sobiq ittifoqda adabiy aloqalarni o‘rganish masalasi qanday ahvolda ekanligini ko‘rsatib bergan edi. Ammo, anjumandan so‘ng, nisbatan qisqa muddat ichida S.Azimjonova tomonidan «Boburning «Hind devoni»ning mufassal tavsifi bilan chop etilishi «Hindiston va Movarounnahrning adabiy aloqalar tarixi» mavzuida chindan ham katta voqea bo‘ldi. Olima Boburning ilmiy, siyosiy, ijtimoiy faoliyatiga bag‘ishlangan o‘z izlanishlarida, markazlashgan boburiylar davlatining barpo bo‘lishi O‘rta Osiyo va Hindiston xalqlari madaniyatining o‘zaro yaqinlashuviga olib kelganligini haqqoniy ravishda isbotlab berdi. Yoki Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridan so‘ng o‘zbek aruzi haqida yozilgan ikkinchi yirik ilmiy risola bu- Boburning «Aruz risolasi» asari hisoblanadi. Abu Rayhon Beruniy nomli O‘zbekiston FA sharqshunoslik instituti ilmiy xodimlari nashrga tayyorlagan «O‘rta Osiyo va Hindiston xalqlari madaniy aloqalari tarixidan» to‘plamida Hindistonda yashagan forsiy hamda turkiygo‘y shoirlar hayoti va ijodi haqida talay ma’lumotlar keltirildi. Prof. I.Nizomiddinovning «Madaniy hamkorligimiz sahifalaridan» nomli risolasi o‘quvchilarni ellikdan ortiq Hindistonda ijod etgan o‘rta osiyolik xattot, musavvir va shoirlarning faoliyati bilan tanishtirdi. Muarrix o‘zining «XVI asrdan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda O‘rta Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar» asarida «Nafois al-maosir» hamda «Tazkirai majma al-havvas» singari qo‘lyozma manbalar asosida hindistonlik turkiygo‘y qalam sohiblari ijodiga aloqador ba’zi qimmatli faktlarni keltirgan. R.Inomxojayevning «XVI asr Hindiston adabiy hayotida turkiy-forsiy ikki tillilik» monografiyasida o‘n beshdan ziyod hindistonlik turkiygo‘y shoirlarning adabiy faoliyati XVI-XVII asrlarning birinchi choragigacha bo‘lgan deyarli bir asrlik muddatni qamraganligi bayon qilingan. Muallifning ta’kidlashicha, bu davrga taalluqli Manzariy Samarqandiy, Mir Mahmud Mahviy, Ulfatiy, Yazdiy, Tazarviy Abhariy, Forig‘iy, SHeroziy, Fahmiy Qazviniy, Navidiy, Siyakiy kabi shoirlar ijodiy kamoloti, muayyan darajada Bayramxonning rag‘bati va xomiyligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu ma’lumot, Bayramxonning «vasiylik-otaliq» davrida saroy adabiyoti hayotida katta e’tiborga ega ekanligi va uning Hindiston forsiy-turkiy she’riyati ravnaqiga muhim hissa qo‘shganligidan xabar beradi. Bu xulosaga mutlaqo qo‘shilgan holda, Hindiston turkiygo‘y shoirlarining ikkinchi zabardast vakili Bayramxonning faoliyatiga baho berishda, bizningcha, ozroq moziyga qaytib, so‘zni XVI asrning 20-yillaridagi Bobur nazariga tushib ulgurgan yosh shoirning ijodi ibtidosidan boshlagan ma’qul. Chunki G.Yu.Aliyev, uzoq yillik o‘z izlanishlari natijasida, Xo‘ja Nizomiddin Ahmad Hirotiyning (1550-1594) «Tabaqoti Akbariy», Abdulqodir Badavoniyning (1541-1615) «Mushtaxab at-Tavorix» asarlaridagi Bayramxon she’riyatiga berilgan yuqori bahoni shoir ijodining boshlang‘ich, ya’ni hozircha noma’lum bo‘lgan bo‘sag‘alariga tegishli, deb taxmin qiladi. Uning yozishicha, saroy muarrixi Abdulboqi Nihavandiyning «Maosiri Rahimiy» asaridagi shoirning forsiy va turkiy devonlari asosini tashkil etgan to‘rt ming misra haqidagi ma’lumotini inobatga olganda ham, Bayramxonning ash’oridan bizgacha aqalli yarmisi ham yetib kelmagan. Bayramxonning shaxsiyati, siyosiy va ijodiy faoliyatiga nisbatan qiziqish nafaqat Sharq, balki G‘arb mamlakatlarida ham mavjud bo‘lgan. Adibning nomi Yevropada dastlab “Ioxannes de Lita” asarida qayd qilingan. Sobiq ittifoqda esa Bayramxon asosan yetuk siyosatdon, mashhur sarkarda va zukko diplomat sifatida tilga olinib, uning sermazmun adabiy merosiga nisbatan ilmiy munosabat, nari borsa, ayrim maqola va nashrlar bilan chegaralangan edi. Va faqat XX asrning 70-yillarida bu mavzuga daxldor ma’lumotlar muqaddam to‘plangan materiallar zamirida birinchi bor ilmiy ravishda G.Yu.Aliyevning asarlarida yaxlit mujassamlandi. Shundan so‘ng, pokistonlik olimlar Husomiddin Rashidiy, Muhammad Sobir tahriri ostida 1971- yili Bayramxon turkiy-forsiy devonining navbatdagi nashrining amalga oshirilishi va shuningdek, Dehli milliy muzeyi fondidan yana bir yangi nusxaning topilganligi shoir ijodiga doir tasavvurimizni ayrim qo‘shimcha xabarlar bilan boyitdi. Hindiston turkiygo‘y shoirlarining ikkinchi bo‘g‘iniga mansub Humoyun va Komronlarning forsiy kabi turkiyda ham nozik did bilan she’r yozganliklari «Muzakkari ahbob», «Maqolot ash-shuaro» va «Nafois al-maosir» tazkiralaridagi namunalardan ma’lum edi. Lekin, keyingi – prof. H.Sulaymonovning shogirdlari F.Sulaymonova, S.Hasanovlarning Hindiston safari davrida Dehli, Kalkutta, Patna, Rampur, Lakhnau hamda Haydarobod kutubxonalaridan keltirgan noyob topilmalari, o‘nlab yangi figuralarning ijodiy merosi hind turkiy she’riyatining Boburdan keyin ham o‘z an’analariga sodiq qolganligini ko‘rsatdi. Yuqorida zikr qilingan manbalarga qo‘shimcha qilib, yana quyidagi devon, bayoz va lug‘atlarni keltirish mumkin:

1. Bobur devonining «Rampur nusxasi». 2. Bobur devonining «Haydarobod A nusxasi». 3. Bobur devonining «Haydarobod B nusxasi». 4. Bayramxon devonining Denison Ross nashri. 5. Bayramxon devonining Pokiston nashri. 6. Bayramxon devonining «Dehli nusxasi». 7. Komron devonining «Rampur nusxasi». 8. Komron devonining «Haydarobod nusxasi». 9. Komron devonining «Kalkutta nusxasi». 10. «Devoni Forig‘iy» nusxasi. 11. Yusuf Faryobiy devoni nusxasi. 12. Diyda devoni nusxasi. 13. Saminiy-Fahm devoni nusxasi. 14. «Devoni hikmat» nusxasi. 15. «Devoni Rashid» (LT-19). 16. Shartli ravishda «Bayoz-A». 17. Shartli ravishda «Bayoz-B». 18. «Lug‘oti turkiy» (LT-3). 19. «Lug‘oti turkiy» (LT-5). 20. «Lug‘oti turkiy» (LT-8). 21.«Lug‘oti turkiy» (LT-12). 22. «Lug‘oti turkiy» (LT-21). 23.«Farhangi turkiy» (1332). 24.«Farhangi turkiy». 25. «Tuhfai Husomiy» (LT-5). 26. Katalog № 4473 (LT-23) va hokazo. Yana shuni ham aytish kerakki, Hindistondan topilgan qo‘lyozmalar ro‘yxati qo‘limizdagi manbalar bilan cheklanmaydi. Ya’ni, marhum prof. A.Abdug‘afurovning Buyuk Britaniyadagi «Indian Offis» fondi qo‘lyozma nusxalari tahliliga bag‘ishlangan maqolalari hind turkiy manbalari xazinasini yanada chuqur va izchil o‘rganishga da’vat qiladi. Qolaversa, hali kelgusida tarixchi va adabiyotshunoslarni xattot, musavvir va mashhur muarrix Mirzo Haydar, hind sarzaminida turkiy tili adabiyotining rivojiga munosib hissa qo‘shgan olim, shoir va mohir tarjimon Ali Baxt Azfariy hamda Orif, Nuribek, Xanif Afandi, Vahbiy, Aminbek Hamdiy, Bahor, Axyo Afandi, Rohib Afandi, G‘olib Afandi, Rotib, Osim singari turkiygo‘y shoirlar ijodini ilmiy tadqiq etishdek mas’uliyatli ishlar kutadi.

 

 

Adabiyotlar royxati

 

  1. Алиев Г.Ю. Персоязъичная литература Индии.- М.:  Наука, 1968. – 96 с.
  2. Низомиддинов Н. Бобурийлар даври Ҳиндистон туркий тили ва адабиёти. –Тошкент. 2010. - 651-б.
  3. Қудратуллаев Ҳ. Бобурнинг давлатчилик сиёсати ва дипломатияси. -Т.: Шарқ, 2011. – Б. 349-350.
  4. Алиев Г.Ю. Байрамхан туркменский поэт. -Ашгабад. Изд-во. Туркменистан, 1969. – Б 32.
  5. Азамат Зиё. Тузуки Жаҳонгирий. Ўзбекистон адабиёти ва санъати. -- Тошкент, 1994, 1 июль.                               

 

Karimova S. Turk poetry in medieval India. The article presents extensive information about the life and work of Turkic-speaking poets who lived on the territory of medieval India. In particular, unique sources found in the libraries of Delhi, Calcutta, Patna, Rampur and Hyderabad, the creative heritage of dozens of new figures indicate that Indian-Turkic poetry remained true to its traditions even after Babur. Devon, Bayes, and dictionaries were added to the mentioned sources.

 

Каримова С. Тюркоязычная поэзия средневековой Индии. В статье представлена обширная информация о жизни и творчестве тюркоязычных поэтов, живших на территории средневековой Индии. В частности, уникальные источники, найденные в библиотеках Дели, Калькутты, Патны, Рампура и Хайдарабада, раскрывают творческое наследие десятков новых авторов и  свидетельствуют о том, что индийско-тюркская поэзия оставалась верной своим традициям и после Бабура. В дополнение к упомянутым источникам были рассмотрены диваны, байоз и словари.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

[1]Алиев Г.Ю. Байрамхан туркменский поэт. Ашгабад. Изд-во. Туркменистан, 1969. – Б 32.

[2]Алиев Г.Ю. Персоязъичная литература Индии. -М.:  Наука, 1968. – 96 с.

[3]Афанасий Никитин. Хождения за три моря. -М-Л.: Наука, 1986. – 72 с.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati