TOSHKЕNTDA UZOQ KUTILGAN FORUM BOSHLANDI

Mamlakatimizda malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanish va oʻzaro tajriba almashish borasida Rossiya Federatsiyasi bilan strategik ahamiyatga ega hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.

Ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim tizimidagi oʻzaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Rossiya va Oʻzbekistoning qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari tashabbusi bilan ilk marotaba “Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi” oʻtkazilmoqda.

18 oktyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida boʻlib oʻtayotgan forumning birinchi qismi yalpi majlis shaklida oʻz ishini boshladi. Yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdujabbor Abduvohidov hamda Rossiya rektorlar uyushmasi prezidenti, Lomonosov nomidagi Rossiya davlat universiteti rektori Viktor Antonovich Sadovnichiylar ochib berishdi.

Forumning keyingi qismida esa, ikki davlat OTMlari rektorlari oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotda muhokama qilish maqsadida alohida shoʻbalarga boʻlinishdi.

Mazkur yirik taʼlim forumida Oʻzbekiston va Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari ishtirok etmoqda. Ilk marotaba oʻtkazilayotgan “Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi”da har ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rektorlari oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdagi dolzarb vazifa va masalalarni muhokama qilish imkoniga ega boʻladilar.

Ushbu xalqaro anjuman natijasida Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma dasturlar asosida talabalarni oʻqitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, oʻqituvchilar malakasini oshirish, yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish uchun zamin yaratiladi. Xalqaro forum doirasida 150 ga yaqin shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Manba: Axborot xizmati

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati