NEMIS TILIGA O’ZLASHGAN SO’ZLARNING IMLOSI XUSUSIDA

Dots. Nazarov Po’lat Jo’ramurodovich

Kalit so’zlar: so’z boyligi, lug’aviy tarkib, so’z birikmasi, chet tilidan kirib kelgan so’zlar, o’zlashma so’zlar, so’zlarning talaffuzi va imlosi.

 

Nazarov P. About the spelling of loan words in the German language. The present article has shown the usage of methods of using loan words in the German language.

Назаров П. О написании заимствованных слов в немецком языке. В статье рассматриваются способы употребления иностранных слов в немецком языке.

Ma’lumki, har bir til lug’at tarkibining boyib borishida boshqa tillardan so’z olish asosida so’z boyligining oshib borishi muhim o’rin tutadi. Ma’lum bir tilning hozirgi davr ravnaqida eng avvalo davlatlararo ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar, fan-texnika taraqqiyoti asosida boshqa bir tilga taalluqli bo’lgan so’z va iboralarning o’zlashishi ko’zga tashlanmoqda. Jumladan, globallashuv jarayoni, yangi pedagogik texnologiyalarning har jabhada qo’llanilishi natijasida dunyodagi ko’plab tillarga ingliz tiliga oid so’zlar kirib kelmoqda.

G’arbiy Yevropa tillaridan biri hisoblangan nemis tili ham yillar davomida qo’shni davlatlarning tillari, jumladan, qadimgi lotin tili, shuningdek italyan, fransuz, ispan, rus, ingliz tillaridan olingan so’z va iboralar asosida o’z lug’at boyligini boyitgan. Nemis tilining ilk shakllanish davrida lotin tilining lug’at boyligi yetakchilik qilgan bo’lsa, 9-13 asrlarda fransuz va ispan tillaridan, Yevropadagi uyg’onish davrida italyan tilidan, Ikkinchi jahon urushi natijasida rus tilidan, fan-texnika jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan bugungi kunda esa ingliz tilidan o’zlashgan so’z va iboralar nemis tilining lug’at tarkibidan muqum o’rin egallaganligi e’tiborga molikdir.

Ammo bir tildan ikkinchi bir tilga o’zlashgan so’zlarning grammatik belgilari, tovush tizimi hamda imloviy ko’rinishi ayrim qiyinchiliklarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, nemis tiliga boshqa tillar asosida o’zlashgan ot so’z turkumiga mansub quyidagi so’zlardan fe’llar hosil qilish mumkin:

jobben - nemis so’zlashuv tilida “ishlamoq” ma’nosida;

joggen - “gimnastika bilan shug’ullanmoq”, “yugurmoq” ma’nolarida.

Vaholanki, ingliz tilidagi “Job” so’zi hamda kelib chiqishi Sharqiy Osiyo hududiga tegishli bo’lgan “Joga” atamasi faqat ot so’z turkumidagina qo’llanila oladi.

Yoki, nemis tiliga o’zlashgan “Lyzeum, College, Chef, Charakter” kabi so’zlardagi ba’zi bir harflarning tovush xususiyatiga alohida ahamiyat berish talab etiladi. Zero, nemischa so’zlarda “eu” diftongining talaffuzi “oy” deb , “g” va “ch” undoshining o’qilishi esa qoidaga ko’ra |g|, |ɞ|, |x| tarzida talaffuz etiladi. Shu sabab, nemis tilini o’rganayotgan talabalarga bunday so’zlarni qaysi tillardan nemis tiliga o’zlashganligini va qanday talaffuz qilinishini alohida uqtirib o’tish talab etiladi.

Shuningdek, nemis tilida chop etilayotgan darslik va adabiyotlarda o’zlashgan ba’zi bir so’zlarning ikki xil shaklda yozilishini ham talabalarda tushunmovchilik keltirib chiqarishi mumkin deb hisoblaymiz. Jumladan, “kompyuter, kreativ” kabi so’zlar hozirgi nemis tilida imloviy ko’rinishi bo’yicha ikki xil shaklda ifoda etilmoqda: “Komputer - Computer”, “kreativ - creativ”.

Olinma so’zlarning qo’llanilishi borasidagi fikrimizning isboti sifatida biz o’rta maktabning yuqori sinf o’quvchilari hamda akademik litsey va kollej o’quvchilari uchun mo’ljallangan darsliklarda ifoda etilgan olinma so’zlar va ularning imlosi borasida to’xtalib o’tamiz.

Sh.S.Imyaminova, S.Ya.Abdullayeva, L.T.Xoliyorovlar tomonidan yaratilgan “Deutsch” darsliklarida 100 ga yaqin o’zlashma so’zlar qo’llanilgan. Ammo bu so’zlarning nemis tilida ifoda etishda mualliflar tomonidan ba’zi bir imloviy xatoliklarga ham yo’l qo’yilganligini ta’kidlab o’tishimiz zarur. Jumladan, o’rta maktablarning 10-sinflari uchun mo’ljallangan darslikda quyidagicha kamchiliklar uchraydi:

Darslikning 40-betida “DJ” qisqartmasining transkripsiyasi berilmagan. 62-betda ifodalangan “joggen” so’zining nemischa ma’nosi berilmagan. 73-betda “E-learning” atamasi bilan bir qatorda bu so’zdan hosil qilingan nemischa so’zlar – “E-Lernen”, “E-Lerner” so’zlari izohsiz ifoda etilgan. 83-betda ingliz tilidan nemis tiliga kirib kelgan “party” so’zi izohsiz tarzda ikkita gapda ishlatilgan. 93-betda ifoda etilgan “Feed-Back” so’zining nemischa muqobilini topish topshirig’i ham, bizningcha, o’quvchilarga qiyinchilik keltiradi. Darslikning 110-betida inglizcha “Non-Profit-Organisation” (notijorat tashkiloti) ifodasi nemis tiliga “Die nichtstaatliche und nichtkommerzielle Organisationen” (nodavlat va notijorat tashkilotlari) shaklida ham mantiqan, ham grammatik jihatdan noto’g’ri talqin etilgan. 131-betda esa ”Info-point” ifodasi qo’shtirnoq ichiga olinmagan. 138-betda “CV” qisqartmasining, shuningdek, 170-betda “Science-Fiction” qo’shma so’zining izohi va transkripsiyasi berilmagan.

Yuqoridagi mualliflarning 11-sinf o’quvchilariga mo’ljallab yaratgan darsligida quyidagi kamchiliklarni ko’rish mumkin:

Darslikning 29-betida ingliz tilidan olingan “recycling” so’zi asosida nemischa qo’shma so’z yasalgan: Recyclingssysteme, biroq bu o’rinda “recycling” so’zining o’qilishi va anglatgan ma’nosi qayd etilmagan. 50-betda “joggen” (gimnastika bilan shug’ullanmoq) o’zlashma so’zi nemischa “Laufen” (yugurmoq) so’ziga ma’nodosh sifatida berilgan. 91-betda Roksana ismli qizning xatida ifoda etilgan “Azubis” so’zining ma’nosi o’quvchilarga tushunarli emas. Darslikda “sartarosh” ma’nosini anglatuvchi o’zlashma so’z ikki xil shaklda 98-betda “Frisur”, 100-betda esa “Friseur” shaklida berilgan.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining o’quvchilariga mo’ljallab yozilgan va mualliflari S.Ya.Abdullayeva, L.T.Holiyarov, S.A.Ziyayeva, Sh.A.Hojiyevalar bo’lgan darsliklarda ham nemis tiliga o’zlashgan so’zlarning talaffuzi va imlosi bo’yicha bir qator kamchiliklar ko’zga tashlanadi. Quyida “Deutsch 1/2 Zum Ziel” darsliklarida o’zlashma so’zlar bo’yicha yo’l qo’yilgan kamchiliklarni e’tirof etamiz:

“Deutsch 1. Zum Ziel” darsligida “Chef” (17-bet), “Job” (18-bet), “Feed-Back” (32-bet), “E-Learning” (43-bet), “Chance” (45-bet) kabi so’zlarning transkripsiyasi ko’rsatilmagan. Bu narsa esa bunday o’zlashma so’zlarning to’g’ri talaffuz qilinishida qiyinchiliklarni keltirib chiqradi. 78-betdagi “Heiss oder Nicht?” nomli matnda ifodalangan “die Studenten – ID-Images”, Website von Facemash” kabi birikmalar o’quvchilarga biroz tushunarsizdir. Shuningdek, 134-betda “qisqacha xulosa” ma’nosini anglatuvchi “Resume” so’zi “Resümee” shaklida ishlatilgan, nemischa “bequem” (qulay) so’zi o’rnida esa “komfortabel” o’zlashma so’zi qo’llanilgan. Darslikdagi 12-Lektionga tegishli 1-darsda “Evalution” olinma so’zi imlo xatosi bilan sarlavhaga chiqarilgan. Aynan shu so’z darslikka ilova qilingan “Glossar” da “Evaluation” ko’rinishida berilgan. Bundan tashqari 151-betdan o’rin olgan “Mein Plan/Mein Ziel” matnida qo’llanilgan “ins Visier” birikmasi nafaqat o’quvchilarga, balki o’qituvchilarga ham tushunarli emas.

“Deutsch 2. Zum Ziel” darsligida o’zlashma so’z va birikmalarning imlosi bo’yicha nisbatan kam xato kuzatiladi. Jumladan, darslikning 17-betidagi “I-Phone, Evernote” kabi olinma so’zlar qo’shtirnoq ichiga olinmagan. Shuningdek, darslikning 3-Lektioniga sarlavha sifatida chiqarilgan “Recherche” so’zining va bu so’zdan hosil qilingan “recherchieren” fe’lining (24-bet) transkripsiyasisiz berilishi ham talabalarga bu so’zlarni to’g’ri talaffuz qilishda qiyinchilik tug’diradi, deb o’ylaymiz. O’z navbatida darslikda berilgan matnlarning birida “Profi” (65-bet) qisqartma so’zi o’rnida “Professional” olinmasi yoki “Master” so’zi qo’llanilganda o’quvchilarga bu so’zning ma’nosi yanada tushunarli bo’lardi.

Xulosa sifatida shunga alohida ahamiyat berishimiz kerakki, o’zlashgan so’z va iboralardan ma’lum bir tilda to’g’ri foydalanish uchun, eng avvalo, bu ifodalarning lug’aviy ma’nosini bilgan holda ulardan samarali foydalanish talab etiladi. Shuningdek, olinma so’zlarning talaffuzi va imlosida xato bo’lmasligini ta’minlash uchun, bizningcha, ular tegishli transkripsiyalari bilan, shakli o’zgarmagan ko’rinishda ifodalanishi kerak bo’ladi.

 

Аdabiyotlar:

1. Мюллер В.К. Англо-русский словарь. – Москва: Русский язык, 1985. – 864 c.

2. Abdullayeva S.Ya.,.Holiyarov L.T,.Ziyayeva S.A, Hojiyeva Sh.A. Deutsch 1. Zum Ziel. – Toshkent: Davr, 2014. – 168 b.

3. Abdullayeva S.Ya.,.Holiyarov L.T,.Ziyayeva S.A, Hojiyeva Sh.A. Deutsch 2. Zum Ziel. – Toshkent: Davr, 2015. – 104 b.

4. Imyaminova Sh.S., Abdullayeva S.Ya., Xoliyorov L.T. Deutsch 10. – Toshkent: Davr, 2017. – 222 b.

5. Imyaminova Sh.S., Abdullayeva S.Ya., Xoliyorov L.T. Deutsch 11. – Toshkent: Davr, 2018. – 224 b.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati