Mualliflik huquqi— keng ma’noda— fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish, foydalanish va ququqiy himoya qilishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yigindisi; fuqarolik huquqining bir bo'limi. Tor ma’noda — asar muallifiga tegishli bo'lgan va qonunlarda mustahkamlanib qo'yilgan shaxsiy va mulkiy huquqlar tizimini tashkil etadi. Mualliflik huquqi bo'yicha munosabatlar har bir davlatga xos qonunlar va xalqaro konvensiyalar bilan tartibga solinadi.
Mualliflik huquqi bo'yicha 1952 yilgi Jahon (Jeneva) konvensiyasi hamda adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish to'g'risidagi Bern konvensiyasi (1886) mavjud. Bern konvensiyasi Mualliflik huquqini himoya qilishning qat’iy tizimini o'zida ifodalaydi. O'zbekistonda Mualliflik huquqining asosiy normalari O'zR Fuqarolik kodeksi (1041— 1073moddalar) va „Mualliflik va turdosh huquqlar to'g'risida“gi O'zR qonuni (1996 yil 30 avg .)da belgilangan.
Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo'lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadrqimmati, shuningdek, ifodalash usuli (qo'lyozma, tasvir, audiovideo yozuv, va h.k.)dan qati nazar, tatbiq etiladi. Barcha turdagi kompyuterlar uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari ham Mualliflik huquqi ob’yekti hisoblanadi. Muallif o'z asariga nisbatan quyidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga ega: muallif sifatida e’tirof etilishi huquqi; asarni o'z ismi, taxallusi yoki anonim tarzda e’lon qilish huquqi; asar daxlsizligiga bo'lgan huquq; asardan har qanday shaklda va usulda foydalanish huquqi; asarni e’lon qilish huquqi; asardan foydalanilganlik uchun haq olish huquqi; asarni tasarruf qilish huquqi. Asardan muallif yoki uning merosxo'ri bilan mualliflik shartnomasi tuzish orqaligina foydalanish mumkin. Chop etilgan begona asardan muallifning roziligisiz va mualliflik haqini to'lamagan holda shaxsiy maqsadlarda foydalanishga, basharti bunda asardan normal foydalanishga ziyon yetmaydigan va muallifning qonuniy manfa-atlariga putur yetmaydigan bo'lsa, yo'l qo'yiladi. Asardan muallifning ism-sharifini va olingan manbani ko'rsatgan holda hamda asardan normal foydalanishga zarar yetkazmaslik va muallifning qonuniy manfaatlarini kamsitmaslik sharti bilan ilmiy tadqiqotlarda, ta’lim va o'quv nashrlarida, axborot maqsadlarida qisman yoki to'liq takrorlashga ruxsat beriladi. Asarga bo'lgan Mualliflik huquqi u yaratilgan paytdan boshlab amal qiladi. Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va vafotidan keyingi yilning 1 yanv.dan boshlab 50 yil davomida amal qiladi. Muallif vafotidan keyingi Mualliflik huquqi uning merosxo'rlariga tegishli bo'ladi va meros bo'yicha bir shaxsdan 2-shaxsga o'tadi. Mualliflik huquqining amal qilish muddati tugaganidan keyin asar ijtimoiy boylikka aylanadi, ya’ni har qanday shaxs mualliflik haqini to'lamagan holda erkin foydalanishga haqli. Mualliflik shaxsiy nomulkiy huquqlari muddatsiz amal qiladi.
Mualliflik huquqi buzilgan taqdirda u sud orqali himoya qilinadi. Mualliflik huquqi buzilishining keng tarqalgan turlariga plagiat (ko'chirmachilik, madaniy o'g'irlik), asardan muallif ruxsatisiz tijorat maqsadlarida foydalanish (madaniy qaroqchilik) kiradi. Bunday hollarda huquqbuzar muallif huquqlarini tiklashi, unga yetkazilgan zararlarni to'lashi lozim. Mualliflik huquqini buzishga qaratilgan vositalar (asarning kontrafakt nusxalari) yo'q qilib tashlanadi. Mualliflik huquqi egasi o'ziga tegishli huquqlarni o'z xohishiga ko'ra shaxsan amalga oshirishga haqlidir. Huquq egasidan boshqa shaxslar Mualliflik huquqilarini faqat huquq egasining roziligi bilan va u bergan vakolatlar doirasida boshqarishlari mumkin (mas, ishonchnoma orqali). Mualliflik huquqi egalari o'z zimmasiga Mualliflik huquqilarini boshqarish yuklatiladigan tashkilotlarni tuzishlari mumkin. Muallifning o'z asariga nisbatan mutlaq huquqlari (mulkiy huquqlar) tijorat muomalasida harakatda bo'lishi, haq evaziga boshqa shaxslarga to'liq yoki qisman o'tkazilishi, hadya qilinishi mumkin. O'zR Jinoyat kodeksida Mualliflik huquqini o'zlashtirganlik, hammualliflikka majbur etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan (yana q. Intellektual mulk huquqi). Mualliflik huquqini muhofaza etishni tashkiliy huquqiy ta’minlash, bu borada davlat siyosatini amalga oshirish uchun O'zbekistonda Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi faoliyat ko'rsatadi.