O‘ZBEK VA YAPON XALQ ERTAKLARINING QIYOSIY TAHLILI (“Oltin tarvuz” va 『雀報恩の事』– “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” ertaklari misolida)

 “Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati, eng avvalo, uning og‘zaki ijodi – folklor sanʼatida, doston va eposlarida mujassam topgan bo‘lib, ular millatning o‘zligini anglash, uning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va anʼanalarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi” [1]. Xususan, ertaklar xalq og‘zaki ijodining asosiy janrlaridan biri bo‘lib, to‘qima va uydirmaga asoslangan, sehrli-sarguzasht va maishiy mazmundagi epik adabiy asardir [2, 52 b.].

O‘zbek xalq ertaklari ko‘p yillik tarixga ega. Ular xalq tomonidan yaratilgan bo‘lib, yillar davomida xalq tomonidan sevib o‘qilib kelinadi. Yapon adabiyotida ham xalq ertaklari alohida o‘ringa ega. Ertaklar turli davrlarda ham tadqiqotchilarning diqqat markazida bo‘lib kelgan. Ular dunyo olimlari tomonidan turli jihatlardan o‘rganilgan [3]. 1980-yilda yapon xalq ertagi 『かぐや姫の物語』(Kaguya-Hime no Monogatari) – “Malika Kaguya qissasi”ga o‘xshash sujetli hikoya Xitoyning Yunnan shahrida ham mavjud ekanligi e’tirof etilgan. Ammo, Xitoy va Yaponiya qadimdan madaniy, diniy, siyosiy va iqtisodiy sohalarda o‘zaro aloqalari bo‘lgan mamlakat sanalsa-da hanuzgacha ikki hikoyaning o‘zaro ta’siri va o‘xshashliklari ilmiy izohlanmagan. Shuningdek, 『雀報恩の事』(Suzume houon no koto) – “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” ertagiga o‘xshash ertak Janubiy Koreyada 『興夫伝』(Funbujon) nomi bilan mavjud bo‘lib, ularning qiyosiy tahlili olib borilgan bo‘lsa-da, ertakning o‘zaro ta’siri hali-hanuz isbotlanmagan [4, 242 b.]. Shuni aytish kerakki, “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” ertagining g‘oyalar mazmuni, sujeti va kompozitsiyasi Janubiy Koreyaning 『興夫伝』(Funbujon) ertagiga nisbatan o‘zbek xalq ertagi “Oltin tarvuz”ga ko‘proq o‘xshaydi. Biroq, ilmiy tadqiqotlarda o‘zaro bog‘liqligi bo‘lmagan mamlakatlarning xalq ertaklaridagi o‘xshashlik jihatlarini izohlab berish murakkab masala hisoblanadi.

“Oltin tarvuz” hayvonlar haqidagi xalq ertaklarining undagi obrazlar turiga qarab parrandalar haqidagi turiga kiradi. Parrandalar haqidagi ertaklarda humo, semurg‘, oqqush, bulbul, laylak, burgut, g‘oz, o‘rdak kabilar mavjud. Laylak ishtirok etgan ertakka “Ur to‘qmoq”ni keltirishimiz mumkin. “Ur to‘qmoq” va “Oltin tarvuz” ertaklarida yaxshilik va ezgulikning munosib taqdirlanishi, yovuzlik va yomonlikning jazolanishini kuzatish mumkin. Ertaklardagi ushbu badiiy g‘oya laylakning mifologik asosi yordamida yoritib berilgan. O‘zbek xalq ertagi “Oltin tarvuz”da tasvirlangan qush – laylak. Yapon xalq ertaklarida laylak haqidagi hikoyani esga olish qiyin, ammo, turna haqidagi ertakni uchratish mumkin. Sababi, Yaponiyada turna o‘zining nafis qiyofasi tufayli qadimgi yapon xalq ertaklari, musiqasi, san’atida tasvirlangan va yapon xalqi qalbida yashaydigan go‘zal qush sanaladi. Hozirda Yaponiyada faqatgina ba’zi joylarda turnalarni ko‘rish mumkin bo‘lsa-da, qadimda butun Yaponiya bo‘ylab ularni uchratish mumkin bo‘lgan. Hozirda turnalar kamayib ketganligi aytiladi. Turna haqidagi ertakka misol tariqasida『鶴の恩返し』(Tsuru no ongaeshi) – “Turnaning minnatdorchiligi”ni keltirish mumkin [5, 10 b.]. Shuningdek, Yaponiyaning Xirosima shahrida yashagan va Xirosima tinchlik yodgorlik bog‘idagi bolalar tinchligi haykali maketi bo‘lgan qizaloq – Sadako voqeasini esga olaylik. Atom bombasi fojiasida zarar ko‘rgan Sadako “Rangli qog‘ozdan 1000 ta qush yasasam, sog‘ayib yashab ketaman” deb ishonib, shifoxonada qog‘ozdan qush yasay boshlaydi. Rangli qog‘ozdan Sadako yasagan qushlar – turnalar edi. Turna uzoq umr va farovon hayot ramzi bo‘lib, “xayrli qush” sanaladi. Afsuski, qog‘ozdan yasalgan 1000 ta turna origamilari qizaloq hayotini asrab qololmadi.

Yaponiyada 『雀報恩の事』(Suzume houon no koto) – “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” ertagi 『腰おり雀』(Koshi ori suzume) – “Beli singan suzume” nomi bilan ham tanilgan [6. 175 b.]. Dastlab bosh qahramonlarga nazar solaylik. “Oltin tarvuz”ning bosh qahramoni kambag‘al dehqon bo‘lsa, “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” ertagida mehribon, g‘amxo‘r kampir. Voqea sodir bo‘lgan vaqt har ikki ertakda ham bahor fasli deb belgilangan. XIII asrda yozilgan 『宇治拾遺物語』(Uji Shuui Monogatari) asarining 16-bobiga ushbu ertak kiritilgan bo‘lib, unda voqeaning vaqti 「春つ方日うららかなりけるに」– “Bahorning quyoshli kunida” deb tasvirlanadi [7, 1 b.]. Tadqiqotlarda, ushbu tasvir hikoyaning rivoji bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan sahna ekanligi hamda hikoyaning birinchi yarmidagi keksa kampirning ichki dunyosi va undan keyingi hikoya rivojini oldindan aytib beruvchi tasvir sifatida e’tirof etiladi [8. 217 b.]. Har ikki ertakda qushlar qahramonlarning yaxshiliklariga javob sifatida mevaning urug‘ini tashlab ketadi, bosh qahramonlar urug‘ni ekib, o‘tab, sug‘orishadi, shu jihatdan qaraganimizda voqea vaqti bahor fasli deb ta’kidlanishi hikoyaning keyingi rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir. Yapon xalq ertagida bosh qahramonning yoshi 60 yoshlar deb aniq ko‘rsatiladi va u farzand va nabiralari bilan yashaydi. Farzand va nabiralari buvisining chumchuqni parvarishlab boqishini ko‘rib, “qariligida qush parvarishlashi nimasi?” deya kinoyali kulishadi. Kampirning bu xatti-harakatida “Oilada yolg‘izlanib qolgan kampirning holati” aks etilganligi, qushga mehr berib uni parvarishlashi esa “yolg‘zlikdan qochish uchun kompensatsiyalovchi harakat” ekanligi ta’kidlanadi [8, 218 b.]. O‘zbek xalq ertagida laylak, yapon ertagida suzume nomli kichkina qush tasvirlanadi. Laylakning qanoti, suzumening beli sinadi. Dehqon laylakning siniq qanotiga taxtakach bog‘laydi, kampir esa misni maydalab dori sifatida berib qushni davolaydi. 『宇治拾遺物語』(Uji Shuui Monogatari)da keltirilgan variantida kampir misni kesib maydalaydi va suzumening singan beli, shikastlangan joyiga surtib davolashi batafsil tasvirlangan [7, 1 b.).

Ikki ertakdagi farqlardan yana biri, qushlarning tashlab ketgan urug‘idan unib chiqqan hosil hisoblanadi. Laylak uch dona tarvuz urug‘ini, suzume esa bir dona 瓢箪(hyoutan) urug‘ini tashlab ketadi. Hyoutan – qovoqqa o‘xshash o‘simlik bo‘lib, tarkibida achchiq ta’m beruvchi komponent va qusish, diareya kabi ovqatdan zaharlanish alomatlarini keltirib chiqaradigan kukurbitatsin borligi uchun yeb bo‘lmaydi. Asosan, hyoutanning ichini bo‘shatib quritishadi va idish sifatida foydalanishadi. Ertakda ham hyoutan guruch hosil qiladigan “sehrli idish” vazifasini bajaradi. Ikki xalq ertagida ham urug‘lardan ko‘p hosil unib chiqadi hamda tarvuz va qovoq odatdagidan katta bo‘ladi. Dehqon yaqin qarindoshlarini va oshna-og‘aynilarini mehmonga chaqirsa, kampir qo‘shnilariga qovoqni tarqatadi. Tarvuzning ichi oltinga to‘la, qovoqning ichi esa oq guruchga to‘la edi. Ikki ertakda ham bosh qahramonlarning boyib ketishlari hikoya qilinadi. “Oltin tarvuz”da kambag‘al dehqonni oltin boyitsa, “Chumchuqning minnatdorchiligi”da esa kampirni oq guruch boyitadi. Yapon xalq ertagida 米(kome) – guruchi oddiy guruch emas, balki 白米(hakumai) – oq guruch ekanligiga urg‘u berilgan. Hakumai qimmatbaho guruch hisoblangan. Ko‘rinib turibdiki, yapon xalq ertagida chumchuq kampirning yaxshiligiga yapon xalqi uchun oltinga teng qiymatga ega bo‘lgan oq guruch orqali javob qaytaradi.

Xalq ertaklarida yaxshilik va ezgulikning aksi bo‘lgan yomonlik va yovuzlik obrazi ham tasvirlanishi umuminsoniy universal mavzudir. Yapon ertagida ham boyib ketgan kampir voqeasini eshitib, o‘zi ham xuddi shu yo‘l bilan boyishni istagan qo‘shni ayol obrazi tasvirlangan. Qo‘shni ayolning yoshi boyib ketgan kampirga nisbatan kichik bo‘lib, nevaralari yo‘q, faqat bolalari bilan birga yashashi hikoya qilinadi. Yapon xalq ertagida qo‘shni ayol yovuz, yomon niyatli emas, balki bolalaridan “Sizning yoshingizda bo‘lsa-da, boshqa yoshi kattalar yaxshi ishlari bilan foyda keltirmoqda. Siz esa oilangiz uchun foydali ish qilishni ham bilmaysiz” deb koyish eshitganligi sabab, shu yomonlikka qo‘l uradi. Qo‘shni ayol obrazi hadiqa “Bolalariga yoqish uchun astoydil harakat qilayotgan ayol holatini ko‘rish achinarli. Bunda, boyib ketgan kampir singari qo‘shni ayolning oiladagi pozitsiyasining beqarorligini va ortiqcha, keraksiz kishi sifatida e’tibordan chetda qolgan qari ayolning taqdiri aks ettirilgan” ligi e’tirof etiladi [8, 219 b.].

Yapon xalq ertagida qo‘shni ayol ataylab chumchuqqa tosh otib uning belini sindiradi. Qo‘shni ayolga ham chumchuq urug‘ tashlab ketadi, ulardan serhosil bo‘lmasa-da, hyoutanlar unib chiqadi. Lekin, bu hyoutanlar juda taxir va bemaza bo‘ladi, hattoki buni yegan qo‘shni ayol va uning bolalari hamda qishloqdoshlari zaharlanadi. Hyoutanning o‘ta zaharli bo‘lganligi bo‘rttirib tasvirlanishida, qo‘shni ayolning qilgan xatti-harakati qanchalik darajada yomonligi aks etiladi. Shunga qaramay qo‘shni ayol ham hyoutanlar guruch solishi kerak deya, quritish uchun ularni osib qo‘yadi. Biroq, hyoutanlar ichidan qimmatbaho va mazali guruch emas, turli xil zaharli hasharotlar chiqib ayol va uning bolalarini chaqib o‘ldiradi. 『宇治拾遺物語』(Uji Shuui Monogatari)da keltirilgan variantida bellari sindirilib, bir necha oy qafasga qamab qo‘yilgan chumchuqlar yovuz qo‘shni ayolga bo‘lgan qahr-g‘azabi va nafrati sabab, ayolni munosib jazolash maqsadida dunyoda mavjud hasharotlardan yordam so‘rab, ularni chaqirib, shu qovoqlar ichiga solganliklari izohlab beriladi [7, 3 b.]. 『腰おり雀』(Koshi ori suzume) –  “Beli singan suzume”da hasharotlar turlari aniq sanab o‘tilgan bo‘lib, ular ilon, qirqoyoq, ari va kaltakesaklar [6, 176 b.]. Ertaklarning so‘nggi sahnasida yovuzlik obrazining achinarli holatini chizish orqali yaxshilikka yaxshilik, yomonlikka yomonlik tushunchasi aniq ko‘rsatib berilgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ertakning nomi o‘zbek tilida “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” deb tarjima qilinadi va  ertakdagi qush – laylak emas, suzume nomli kichkina dala chumchug‘idir. Yapon xalq ertagida suzume ishtirok etadigan boshqa ertaklar ham mavjud bo‘lib, masalan,『舌きり雀』(Shita kiri Suzume) –  “Tili kesilgan suzume” [6, 68 b.], 『雀の宮』(Suzume no Miya) – “Suzumening ibodatxonasi” tanilgan  [9, 141 b.].

Geografik, tarixiy va madaniy aloqaga ega bo‘lmagan hududlarda xalq ertaklarining o‘xshashliklarini ilmiy izohlash muammodir. Ilmiy tadqiqotlarda ertaklar va miflardagi o‘xshashliklar olamni anglash bilan bog‘lab tushuntirib beriladi. Ya’ni tipologik o‘xshashliklar va universalizm tushunchasi orqali izohlab beriladi. Xususan, o‘zbek xalq ertaklari madaniyati va tarixi bir-biriga yaqin bo‘lgan turkiy xalqlar hamda tojik xalq ertaklari bilan ko‘p jihatdan tipologik o‘xshashliklarga ega bo‘lib, bu o‘xshashliklar mazkur ertaklarning bir manbadan tashkil topib shakllanganligidan kelib chiqqanligi, shuningdek, uzoq yillar davomida yuz bergan madaniy aloqalarning samarasi ekanligi aytiladi. Biroq, o‘zbek va yapon xalq ertaklaridagi o‘xshashliklarni qanday izohlash mumkin? O‘zbekiston va Yaponiyaning geografik joylashuvi, tarixi va madaniyati bir-biridan katta farq qiladi, shu sabab ikki xalq ertaklarining sujeti va g‘oyalari mazmunining farqlanishi, rang-barang yo‘nalishlarga ega bo‘lishi tabiiy holdir. Masalan, yapon xalq ertaklarida 『浦島太郎』– “Urashima Taro” kabi bosh qahramonning suv osti saltanatiga sayohati tasvirlangan turkumdagi ertak mashhur [5, 21 b]. Bu, albatta, Yaponiya davlati to‘rt tomondan dengiz bilan o‘ralgan geografik joylashuvi va yapon xalqining hayot tarzi suv bilan uzviy bog‘liqligidan kelib chiqadi. Shuningdek, suv osti saltanatiga sayohatni hikoya qiladigan sujetlar e’tiqod, ya’ni Xitoy va buddizm dini bilan bog‘liq. Xitoy ajdarlari chuqur soy tubida yashirinib yotsa, buddizmda ajdarlar suv tubida yettita qimmatbaho toshdan yasalgan saroyda yashaydi, degan tushuncha mavjud. Dengiz osti saltanati 竜宮城 (ryuuguujou) – “Ajdarlar saroyi” deb ataladi. Tatsuki (辰樹– Ajdar daraxti)) ismli ruhoniy ajdarlar saroyiga borib qaytganligi, u yerda unga “Daijoukyouten” (大乗経典) oyati berilganligi haqida hikoya mavjud. Ushbu hikoya Yaponiyaga tarqaladi va “Urashima Taro” kabi qahramonning Ryuguujouga borib kelishi turkumidagi hikoyalarga ta’sir ko‘rsatilishi e’tirof etiladi. Shuningdek, 浄土真宗 (Joudoushinshuu) dinida, Ryuguu bu 富 (fuu) – boylik va 幸福 (koufuku) – baxt keltiradigan “Ideal chegara” hisoblangan.

Yapon xalq ertaklarida suv osti saltanati sujetidan tashqari, 『桃太郎』 – “Momo Taro” kabi shaftolidan tug‘ilgan qahramonning o‘zi o‘sgan qishlog‘ini yovuz devdan qutqarishi haqidagi xalq ertaklari ham mavjud [5, 4 b.]. Qahramon bahodirning elu yurtning baxtu saodati, tinch-totuv yashashi uchun yovuz kuchlar bilan kurashishini tasvirlaydigan sujetlar o‘zbek xalq og‘zaki ijodida ham mavjud.

Shuningdek, yapon xalq ertaklari sujetida hayvonning inson qiyofasini olib insonlar orasiga kirib borib, bir oilaning farzandiga yoki keliniga aylanib, ular bilan birga hayot kechirishi, keyinchalik esa asl qiyofasi oshkor bo‘lib, oilani tark etishi kabi sujetlar ham katta ahamiyatga ega. Bularga 『鶴の恩返し』(Tsuru no Ongaeshi) – “Turnaning minnatdorchiligi” [5, 10 b.],『雪女』(Yuki Onna) – “Qor qiz” kabilarni keltirish mumkin [5, 135 b.].

Ikki xalq ertaklarining qiyosiy tahlilini qilish davlatlar tarixi, madaniyati, jamiyati, xalqlar mentalitetini yanada chuqurroq o‘rganishga zamin yaratadi. Shuningdek, qiyosiy tahlil boshqa millat, xalq vakillarini tushunish uchun eng yaxshi vositadir. Globallashib borayotgan jamiyatda qiyosiy tahlil qilish orqali dunyoqarashni kengaytirib, dunyo xalqlari haqidagi bilimlarimizni boyitib borishimiz muhimdir.

O‘zbek xalq ertagi “Oltin tarvuz” va yapon xalq ertagi “Chumchuqning minnatdorchiligi haqida” ertaklarining qiyosiy tahlilini tadqiq etish orqali nafaqat tipologik o‘xshashliklarni, balki har bir xalqqa xos bo‘lgan xususiyatlarni hamda o‘sha xalqning turmush tarzini bilib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, har bir mamlakatda yoki mintaqada ushbu hikoyalar nima sababdan vujudga kelganligini tadqiq qilish alohida ilmiy tadqiqot mavzusi hisoblanadi. Kelgusida shu jihatdan ikki mamlakat xalq ertaklarining qiyosiy tahlilini amalga oshirish muhimdir.

Adabiyotlar:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida // Xalq so‘zi. –Toshkent: 2018-yil. 1-noyabr.

2. Мадвалиев А. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. –Тошкент: 2006–2008. (www.ziyouz.com kutubxonasi).

3. Qarang: B. Пропп. Исторические корни волшебной сказки 1-е изд. Санкт-Петербург: Питер, 2021. –576 c., А. Выстороп. Русские и японские волшебные сказки: сравнительный анализ: диссертация на соискание ученой степени кандидата филологических наук. Екатеринбург, 2017. –116 c., L. Pxanvan (Образ Золушки в восточных и западноевропейских сказках // Известия Саратовского университета. Серия Филология. Журналистика. 2020. № 20. – 196–199 c., О. В. Язовская в статье «Сравнительный анализ сказок Дальнего Востока (по материалам японскихи китайских сказок)» // Актуальные проблемы гуманитарных и естественных наук. 2009.  № 6. – 195–209c., Афзалов М. Ўзбек халқ эртаклари ҳақида. –Тошкент: Фан, 1964. – 95 б., Имомов К. Ўзбек халқ прозаси. – Тошкент: Фан, 1981. – 103 б., Жўраев М. Ўзбек халқ эртакларида “сеҳрли” рақамлар. –Тошкент: Фан, 1991. – 152 б., Жумаева С.Ч. Ҳайвонлар ҳақидаги эртакларнинг генетик асоси ва спецификаси. NDA. –Тошкент: 1996. – 125 б.,  関敬吾『日本の昔話―比較研究序説』日本放送出版協会、1977年2月、A.アールネ著、関敬吾訳『昔話―比較研究』民族民芸双書、岩崎美術社、1983年1月、高木昇昌史「昔話の比較研究―歴史・目的・方法」『民俗学研究所紀要』34、2010年3月va boshqalar.

4. 山田恭子「『興夫伝』韓国版スズメの報恩説話」(染谷智幸他編『韓国の古典小説』ぺりかん社、2008年12月。

5. 西本鶏介ほか『名作よんでよんで 日本の昔ばなし 20話』学研教育出版、2014年2月(初版2011年9月)。

6. 敬吾関編『桃太郎・舌切り雀・花さか爺―日本の昔ばなし』岩波文庫、1975年1月。

7. 日本文学摘集『宇治拾遺物語』 https://www.koten.net/uji/より参照(4日5月2021年)。

8. 小峯和明「宇治拾遺物語の表現時空」『昔話-隣の爺型を読む』若草書房、1999年11月。

9. 柳田国男『日本の昔話』新潮社、1983年6月

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati