ABDULHAMID CHO‘LPONNING “KECHA VA KUNDUZ” ROMANIDAGI IJTIMOIY-INSONIY MUNOSABATLAR LISONIY TAHLIL OBEKTI SIFATIDA

Har qanday badiiy asar madaniy-adabiy an’analar zaminida yaratiladi. Yurtmizda ko‘p yillik tarixga ega va muqaddas hisoblanmish oila munosabatlari  badiiy asarlarimizda, xususan, ilk o‘zbek romanlarida ham ma’lum darajada qiziqarli tarzda ochib berilgan. Jumladan,  Cho‘lponning “Kecha va Kunduz” romanida aks ettirilgan oilaviy munosabatlar va o‘z davriga xos ijtimoiy-oilaviy an’analar bugungi kun nuqtai nazaridan, ayniqsa lisoniy aspektda e‘tiborni tortadi. Asardagi oilaviy munosabatlarga xos xususiyatlar,  ba’zi yo‘qolib borayotgan an’analar, o‘zbek xalqiga xos fazilatlar umum ijtimoiy kontekstda yorqin namoyon bo‘ladi va o‘sha davr muhitini, oila a’zolari o‘rtasidagi insoniy munosabatlarni ko‘rsatib berilishiga namuna bo‘lib xizmat qiladi. Asarda bir qator o‘tmish an’analari, sharqona axloq, o‘zbek xalqiga xos fazilatlar tasviri jamlangan. Adabiyotshunos O.Sharafiddinov ta‘kidlaganlaridek, “Kecha va Kunduz” romanida muallif nigohi “o‘zbek xonadonining ichkarisi”ga qaratilgan [6, 59-60 b.]. Asar matnidan  biz o‘zbek xonadonlaridagi “yaqin moziyga xos” oilaviy-insoniy munosabatlariga, yuqorida aytilganidek, qator misollar keltirishimiz mumkin.

Romandan ilk sahifalaridan keltirilgan quyidagi  parchada  XX asr boshlariga qadar barcha o‘zbek erkaklariga xos jihatni, ya’ni andisha fazilatining kichik bir ko‘rinishini ko‘zatamiz:

            – O‘zbekda ahir har bir erkak o‘z xotinini-o‘z halol juftini qizi yo o‘g‘lining nomi bilan atab chaqiradi. O‘z xotinining ismini aytib chaqirish yaramaydi. Xotinining ismi Maryam, qizining ismi Xadicha bo‘lsa, mo‘min-musulmon: - sharmu hayo yuzasidan bo‘lsamikan? – xotinini “Xadicha” deb chaqiradi. Aksar ona-bola baravar “labbay!” deydi; shunday-da, oilaning haqiqiy egasi bo‘lgan ota: “Kattangni aytaman, kattangni!” deydi. Hatto shunda ham “Maryamni” , demaydi...

            Bizning so‘fi mo‘min-musulmonning bu urfiga ham amal qilmaydi, u o‘z halol jufti Qurbonbibini hamma vaqt “Fitna” deb chaqiradi: “Fitna, sallamni ber!”, “Fitna, qiz o‘lguring qani?”, “Fitna, puldan uzat!”.  [2,11b.]

            Muallif tilidan aytilgan ushbu parchadan anglashiladiki, erkaklar ham o‘z ahli ayyollarining hurmatini joyiga qo‘yadilar, ularning ismlarini aytib chaqirishni o‘zlariga ep bilmaydilar. Bu jamiyatda erkakning o‘z xotiniga bo‘lgan hurmatini namoyon etadi. Badiiy matn konteksti asrlar mobaynida shakllangan mavjud ijtimoiy-madaniy an’anani aks ettiradi. Shunigdek, matnda qo‘llanilgan “labbay” leksemasi ko‘p ma’noli so‘z bo‘lib, u arab tilidan kirib kelgan “labayka” – “mana, oldingdaman, huzuringdaman” ma’nosini anglatadi. U asosan  birov chaqirganda beriladigan javob “Ha” o‘rnida yoki “Nima deysiz”, “Nima dedingiz”  ma’nolaridagi so‘roqlarni ifodalash uchun ishlatiladi [1, 480b.]. ‘Kattangni aytaman, kattangni!” jumlasi  erkakning o‘z xotiniga bo‘lgan andishasini ular o‘rtasida ko‘rinmas devor, ya’ni masofa borligini anglatadi va o‘ziga xos semantik maydon hosil qiladi. Cho‘lpon bu fikrini kontekstual antonimni qo‘llagan holda dalillaydi va uning ta’sirchanligini oshiradi. Buni  “... so‘fi mo‘min-musulmonning bu urfiga ham amal qilmaydi, ...” jumlalarida ko‘rishimiz mumkin. So‘fi o‘z nomidan ko‘rinib turibdiki, taqvodor, dindor inson shunga qaramasdan u musulmonlarning bu urfiga amal qilmaydi va o‘z mansabi ga (so‘filigi) zid ish tutadi, o‘z xotinini “Fitna” deb chaqiradi. “Fitna” so‘zi arab tilidan kirib kelgan bo‘lib, maftun etish, yo‘ldan ozdirish, isyon, g‘alayon ma’nolarini anglatuvchi salbiy ma’noli so‘z, g‘arazli maqsadga erishish yo‘lida birovni qoralash uchun qilinadigan yashirin xatti-harakat, buzg‘unchilikdir [1, 349 b.]. Ushbu jumlalarda ifodalangan muallif fikri yana bir bor insoniy munosabatlarni aks ettirish bilan birga asarning ta’sirchanligi va ishonchliligini, matn pragmatikasi salmog‘ini  oshiradi uni yanada o‘qimishliroq bo‘lishiga yordam beradi.

Ayollar esa o‘z erlariga bundanda ortiq hurmat ko‘rsatadilar, hattoki o‘z turmush o‘rtog‘ining yuziga, ko‘zlariga tik qaramaydilar, turmush o‘rtog‘ining har bir gapini so‘zsiz bajaradilar. Bu esa boshqa millatlarda uchramaydigan, faqatgina o‘zbek ayyollariga xos bo‘lgan xususiyatdir. Biz buni roman matnidagi Akbarali mingboshi va Zebi o‘rtasidagi munosabatda  ko‘rishimiz mumkin:

            “ - Tur, hay! – dedi Zebiga.

            Zebi yotgan joyidan turib, fonarni balandlatdi.

            - Dasturxonni yoz! Yegulik narsang bormi?

            - Ha kosada osh bor.

            - Ber buyoqqa.

            Zebi erining mast ekanligini bilsa-da, uning ovozidagi bu g‘ayritabiiy qo‘rslik va qattiqlikka hayron bo‘ldi, boshini ko‘tarib, unga tikildi,  “o‘zimi, boshqami?” deganday...

            - Nimaga menga qaraysan? Yo mastmisan, sintaloq? – dedi mingboshi.

            Zebi indamasdan dasturxonni yoyib,oshni qo‘ydi.    ” [2, 294-295 bb.]

Mana shu sodda undov, so‘roq va qisqa darak gaplardan iborat dialogda   o‘zbek ayollariga xos bir qancha fazilatlar aks etgan. Keltirilgan jumlalarda  muallif Zebi timsolida o‘zbek ayollariga xos er-xotin munosabatlarida turmush o‘rtog‘iga itoatkorlikni, uning barcha gaplarini so‘zsiz bajarishini ko‘rsatiladi. Zebi o‘rnidan turib Akbarali mingboshining buyruqlarini bajara boshlaydi va uning g‘ayritabiiy qo‘rsligidan hayratlanib unga qaraydi. Akbarali mingboshining bu nigohdan jahli chiqadi. Sababi,  mavjud madaniy makonda erkak kishining ko‘ziga qarash, tik boqish unga nisbatan hurmatsizlik va betgachoparlikni bildiradi. Biroq Zebi hurmatsizlik yuzasidan emas, balki hayratdan unga tikilib qolgandi. Mingboshi “ – Nimaga menga qaraysan? Yo mastmisan, ...” deb uni nohaq koyishiga qaramasdan, Zebi e’tiroz bildirmaydi, indamaydi, aksincha, dasturxonni yozadi, o‘z ishida davom etadi. Zebining e’tiroz bildirmagani, uning o‘zbek ayollariga xos iboli, hayoli hamda andishali ekanini ko‘rsatadi. Cho‘lpon lisoniy unsurlar, xususan, gap tuzilishi orqali bunga erishadi, milliy o‘ziga xoslikni ko‘rsatadi.

O‘zbek ayollarining e’tirofga loyiq yana bir jihati shundaki, ular turmush o‘rtog‘idan ruxsatsiz ish qilmaydilar. Asar boshida Zebining dugonasi Saltanat Enaxonlarnikiga mehmonga Zebini olib borish niyatida keladi. Ammo, Zebining onasi Qurbonbibi otasi namozdan kelganidan so‘ng izn so‘rab ko ‘rishini aytadi. Bu ham sharqona odobning bir ko‘rinishi:

“Sukut uzoqqa cho‘zilgandan keyin Qurbonbibi endi bu safar jiddiy bir chehra bilan:

- Nimaga indamaysiz? Xo‘p deng! Katta odam, uyat bo‘ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki... O‘zlarini bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, - dedi.

So‘fi negadir:

- Bilaman, Fitna, bilaman! – deb qo‘yib, yana jim bo‘ldi.

Endi Qurbonbibi yana ham jiddiylashdi:

- Bo‘lmasa, “yo‘q”, deng. Saltanatxonga javob beray, ketsin! Azonda kelgan edi.

          Shundan so‘ng so‘fining tili aylandi:

- Shoshma, Fitna, “yo‘q”, dema, mayli, bora qolsin...”. [2, 21b.]

Qurbonbibi qizining qish bo‘yi siqilib o‘tirganini ko‘rib, uning ko‘nglini yozib kelishi uchun, uni azbaroyi yaxshi ko‘rganidan mana shu yolg‘onni o‘ylab topadi. Ammo, uni o‘zi uchun emas, qizi uchun ishlatgan va bu kichik yolg‘oni katta fojiyalarga sabab bo‘lishini u hatto tasavvuriga ham keltirmagan edi.

Qurbonbibi Xalfa eshonning oilasiga xos muhit va munosabatlarni juda jo‘n sodda tilda, barchaga tushunarli so‘zlar bilan ta’riflaydi:  “Katta odam, uyat bo‘ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki... O‘zlarini bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, ...”. “Katta odam” so‘zi hurmatli, obro‘- e’tiborli insonni nazarda tutmoqda. “Otin” so‘zi arxaik so‘z hisoblanib, eski maktablarda qizlar o‘qituvchisi, din va shariat bilimdoni sifatida tushunilgan. “Otincha” so‘zi esa o‘sha otinlar qo‘lida tahsil oladigan yosh qizlarga nisbatan qo‘llanilgan [1,155b.]. Qurbonbibining so‘zlari juda sodda bo‘lsada, “-Bo‘lmasa, “yo‘q”, deng. Saltanatxonga javob beray, ketsin! Azonda kelgan edi”, – degan so‘zlari undagi o‘zbek ayollariga xos bo‘lgan qa’tiyatni ko‘rsatadi. Bundan tashqari ushbu parchada o‘zbek onalariga xos farzandparvarlik tuyg‘usi ham anglashiladi. Asarda Qurbonbibidan tashqari, onalik motivi xos bo‘lgan yetakchi personajlar talaygina. Ular sirasiga Saltining onasi – Umrinisabibi – O‘lmasjonning onasi – Xadichaxon – Sultonxonning onasi – Miryoqubning xotini [5, 337 b.] kabilarni kiritish mumkin. Bu qahramonlarning asarda turli xarakteri, badiiy-estetik pozitsiyasi va o‘z dunyosi bor. Biroq ularning barchasi umr bo‘yi farzandi uchun yashaydi, ularning xoxishlarini qo‘ldan kelguncha bajarishga intiladi, ular uchun qayg‘uradi, kuyunadi va kerak bo‘lsa fidokorlik ko‘rsatadi. Bu esa ularni farzandparvarlik tuyg‘usi atrofida birlashtirib turadi.

Hech bir millatda uchramaydigan faqatgina o‘zbek ayollariga xos bo‘lgan xususiyatlardan yana biri bu ularning kundoshlari bilan bir uyda ahil va bir-biriga xushmuomala bo‘lib yashashidir. Bu maqomdagi personajlar munosabati nasrimizda ilk marta A. Cho‘lpon tomonidan tasvirlanadi. Buni biz Xadichaxon va Poshshaxon o‘rtasidagi suhbatda kuzatamiz:

“- Ha, eringiz shaharda qolib ketdi. Bilmadim, yana bitta-yarimtaga ko‘ngli tushdimikin?

- Nazarlari qursin u kishining! Hadeb tusha berar ekan-da...

- Siz-biz “tushmasin” deganimiz bilan tushmay qolarmidi? Xudo o‘zi tushadigan qilib yaratgan ekan-da.

- Xudovandi karim bu erkaklarni muncha yaxshi ko‘rar ekan, a...

-O‘zimizdan qiyos-da... Oramizda erkakni yaxshi ko‘rmaydigan kim bor?.. Nondan oling! Qiyomga qarab o‘tirsangiz-chi...”[2, 50 b.].

“Kundosh” so‘zi eskirgan so‘zlardan biri bo‘lib, bir er nikohidagi bir necha xotinga nisbatan qo‘llaniladi [1, 431 b.]. Kundoshlik munosabati islom diniga mansub davlatlar uchun, jumladan, XX asr boshlarida O‘zbekistonda ham, tabiiy hol hisoblangan. Suhbatdan anglashiladiki, kundoshlar bir-birlarini juda yaxshi tushunadilar. Garchi bir birlarini yoqtirmasada, ko‘nglidan o‘tayotgan kechinmalarni sir saqlab, bir-birlariga iliq munosatda bo‘ladilar. Bir dasturxon atrofida o‘tirib, bir-biriga mehmondo‘stlik ko‘rsatadilar.

“Kecha va Kunduz” romanida xalq va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan barcha ziddiyatlar, adibning bor orzulari ifodalangan. Unda mehnatkash xalqning, xususan, xotin-qizlarning og‘ir kulfatu, mashaqqatlarga to‘liq hayoti jonli voqealar, yorqin obrazlar vositasida ta’sirli va ishonarli tasvirlangan. Asardagi asosiy ijobiy qahramonlardan biri bo‘lgan go‘zal va xushovoz, sodda va huquqsiz Zebi timsoli fikrimizni dalillaydi [7, 170 b.]. Muallif Zebi taqdirida, Razzoq so‘fi va Qurbonbibi taqdirida butun bir xalqning davrga xos fojeali hayotini yaqqol ko‘rsatib beradi [4, 411 b.]. A. Cho‘lpon asarning boshidan oxirigacha Zebi xarakteridagi samimiyatni, ochiqlikni eng muhim belgi sifatida ko‘rsatadi. Zebida o‘zbek ayollariga xos sifatlar jamlangan bo‘lib, u poklik, tozalik, go‘zallik va navqironlik timsoli hisoblanadi. Uning ko‘nglida atrofidagilarga, dugonalariga, bahorga, hamma-hamma narsaga muhabbat bor. U hali hayotning achchiq-chuchugini ko‘rmagan. Uning murg‘ak qalbi dunyoda razolat va qabihlik, yomonlik va yovuzlik borligini sig‘dira olmaydi. Bunga biz asarda Zebi va uning dugonasi Salti o‘rtasidagi munosabatlarda guvoh bo‘lamiz:

“ ... Salti endi gap ochdi:

            - Erta saharlab chopganim bekorga emas...

            - Men ham sezganman... Yuragim bir qur seskanib ham oldi...

            - Nimaga o‘rtoqjon?

            - O‘zingiz bilgan sovchilar balosi-da... Qish ichi keti uzilmadi.

            -Menam bezganman, jonim qaqa... shuning uchun bir qishloqqa chiqib                                kelsammikan, deb edim...

            -Nimasini aytasiz-a... Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqadi-ku.” [2, 5 b.]

            Yuqorida keltirilgan dialog shaklidagi parchadan qizlarning bir-birlariga bo‘lgan samimiyati, hurmati seziladi. Ularning oxiriga yetmay qolgan jumlalari qizlarning bir-birlarini so‘zsiz tushunishini bildiradi. Ularning bolalarcha beg‘ubor, sodda ekanligini ko‘rsatadi. Parcha so‘ngida Zebining  o‘z dardlarini ifodalash uchun qo‘llagan “Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqadi-ku” o‘xshatishi uning erksiz tutqun kabi ekanligini aytish barobarida, o‘zbek ayollariga xos sirliligini, zehnliligini ham namoyon etadi:

            “ Zebi uni uzr aytib qarshi oldi:

            - O‘rtoqjon, - dedi, - otam avrodda o‘tirib qoldi, shekilli, shunaqa odati bor. Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bo‘lmang-a? ” [2, 8 b.]

            Zebining otasi kelmayotgani uchun uzr so‘rashi faqatgina otasi uchun emas, balki o‘zi uchun ham, o‘zining mehmonni unutib qo‘ygani uchun hamdir.Uning hijolatli chehrasida  o‘zbek qizlariga xos uyatchanlik bilan birgalikda samimiyat ham namoyon bo‘ladi. “Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bo‘lmang-a? ” qisqa jumlalari samimiyat va sharm-hayoga to‘la bo‘lib, ikki dugonaning bir-birini yaxshi ko‘rishini, bir- biriga yaqinligini, bir-birini ranjitib qo‘yishdan qo‘rqishini ko‘rsatadi. Salti o‘zi qisqa vaqtga kelgan bo‘lsada u shoshilayotganini o‘rtog‘iga bildirmaydi va uning yuzidan o‘tolmaydi. Bunday munosabat faqatgina yaqin dugonalar o‘rtasidagina bo‘ladi xolos. Parchada ishlatilgan “avrod” so‘zi diniy xususiyatni ifodalovchi so‘z bo‘lib, duolar, Bomdod, tong namozidan so‘ng o‘qiladigan duo, oyat yohud ko‘p takrorlanadigan, o‘qib yuriladigan oyatlar, duolar ma’nosini anglatadi [1,33 b.].

O‘zbek xonadonlarida qarindoshchilik, qo‘shnichilik munosabatlari hurmat-izzatga asoslanadi. Asarda ham kattaga hurmat kichikka izzat munosabatlari ulug‘lanadi. Kattalarga hurmat munosabatlaridan birini muallif Zebi va Sarvibibi o‘rtasidagi suhbatda ko‘rsatadi:

            Qizlar o‘zlarini tappa-tappa aravadan tashlab, eshikdan ichkariga kirarkan, Zebi sekingina kampirni uyg‘otdi:

- Enajon, turing kelib qoldik!

Enajondan javob bo‘lmadi. Zebi o‘sha past ovoz bilan yana bir uyg‘otdi, enajon hali ham jim edi.  [2, 29 b.]

Safar boshidayoq Zebining tizzasiga boshini qo‘yib, uyquga ketgan bu kampirni bezovta qilishga jur’ati yetmagan Zebi qizlar aravadan tushayotganda uni past ovoz bilan uyg‘otadi. Enajondan javob bo‘lmagach, uni yana o‘sha past ovozda uyg‘otishi, Zebining  andishaliligini ko‘rsatish bilan bir qatorda uning  o‘zbek qizlariga xos kattalarga bo‘lgan hurmatini ham ifoda etadi. Qahramonga xos  bu fazilatlar past ovoz, enajon, pastgina kabi sifatli birikma va ot bilan hamda qarshilantirish usulidan foydalangan holda tasvirlanadi.

Kichiklarga izzatni biz Hamro enayning chaqaloqqa bo‘lgan munosabatida ko‘rishimiz mumkin:

Bolani yo‘rgaklaganidan keyin hali u qadar odam kepatasiga kirmagan yuzlariga tikilgan va mana bu so‘zlar bilan erkalatganmish:

“ - Aylanay, mehmon, kimdan xafa bo‘lib tushdingiz? Kim ozor berdi sizga? Ayting! Qovog‘ingizni ochsangiz-chi! Yorug‘ dunyoga keldingiz! Shukr qiling! Sevining! Mundoq bir kuling! Kulimsirang! Iljaying!..” [2, 9b.]

            Hamro enayning chaqaloqni sizlab gapirishi, unga sertakalluf so‘zlar bilan murojat qilishi, “Sevining! Mundoq bir kuling! Kulimsirang! Iljaying!” kabi iltimosnamo so‘zlari uning kichik mehmonga, yani chaqaloqqa bo‘lgan izzat-ikromini ko‘rsatadi.

O‘zbek xalqining tahsinga sazovor bu xususiyatini biz shunigdek, Razzoq so‘fi va uning akasi o‘rtasidagi suhbatda ham ko‘rishimiz mumkin.

“ - Shaharni tashlang! Bu hovlini soting! Shaharda hovli-joyni yaxshi pulga oladi. Qishloqdan kichkina bir hovli olamiz – muning yarim puliga yoki uchdan biriga. Qolganiga asbob olamiz. O‘z yerimiz yoni-beridan bir parcha yana yer topamiz... Uni ham olamiz. Hali bardamsiz, birgalashib ishlaymiz. Durustmi?

So‘fi indamasdi; oq do‘ppisini boshidan olib, buklab o‘ynardi...

- Qani bir narsa deng!

So‘fi hech narsa demay, o‘rnidan turdi. Yana damini chiqarmasdan, ichkariga tomon bir-ikki qadam bosdi. Keyin yana orqasiga qayrilib, dedi:

-  Men salla-to‘nimni kiyib chiqay. Jumani xonaqoda o‘qiymiz. Kech qoldik... ” [2,16 b.]

            Ushbu parchada ham kattalarga hurmat, ham kichiklarga izzat munosabati ifodasini birga uchratamiz. Akasining so‘figa, ya’ni o‘z ukasiga “siz”lab murojat qilishi, masalani har tomonlana mukammal tushuntirishga urinishi hamda masalani takror va takror bayon etishga yetgan sabr-toqati uning timsolida o‘zbek xalqiga xos kichiklarga izzat munosabatini ifodalasa, so‘fining akasining taklifiga rad javobini berolmay  “Yo‘q” so‘zini aytishga tili aylanmasligi, buni xatti-harakatlar orqali ko‘rsatishga urinishi va katta inson gapirganda sukut saqlashi uning kattalarga bo‘lgan hurmat munosabatini ifodalaydi.

            Asarda izzat-ikrom va hurmat xislatlari qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarda ham namoyon bo‘ladi:

            “... Oshdan so‘ng qishloq qizlaridan o‘ziga durustroq bir dehqonning qizi o‘rnidan turib:

            - Ertaga mehmonlarni biz kutamiz, - dedi.

            Shundan keyin mingboshining kichik xotini Sultonxon katta kundoshining qizi bilan gapni bir joyga qo‘yib, o‘rnidan turdi va Enaxonga tomon yuzlanib:

            - Bo‘lmasa, mehmonlaringiz indinga biznikida bo‘lishadi, - dedi, - tuzukmi? Endi bizga ruxsat! ” [2, 44-45 b.]

            Barchamizga ma’lumki, o‘zbek xalqi qadimdan mehmondo‘st xalq hisoblanadi. Hattoki, qo‘shnisining mehmoniga ham izzat-ikrom ko‘rsatadi. Yuqorida keltirilgan parchada, hozirgi paytda yo‘qolib borayotgan qo‘shnilar o‘rtasidagi chiroyli bir an’anani ko‘rishimiz mumkin. Bu an’ana qo‘shnisining uyiga kelgan mehmonni o‘z uyiga chaqirtirish uni o‘z mehmonidek kutib olish va uni izzat-ikrom bilan kuzatishdir. Bilamizki, o‘sha vaqtlarda oddiy xalq anchagina qiyinchilik bilan hayot kechirgan, lekin shunday bo‘lsada, ular bu an’anaga amal qilishgan.

Enaxonlarnikiga kelgan mehmonlarni dastlab shu qishloqdagi durustroq bir xonadonning qizi taklif qilgan bo‘lsa, undan keyin ularning yaqin qo‘shnisi, kelin bo‘lib kelganiga endigina besh oy bo‘lgan Sultonxon taklif qiladi. Bunday taklifdan Enaxon va uning oilasi juda sevinadi. Sababi, Enaxon do‘stlari uchun to‘kin dasturxon yozishni xoxlardi. Sultonxonning esa bunga qurbi yetar edi. Ammo uning o‘zi ham mehmonlarni qo‘lidan kelguncha yaxshi kutib olishga urindi. Biz buni quyidagi parchadan bilishimiz mumkin:

            “Mehmonlarga qo‘lidan kelguncha yaxshi dasturxon solib, qo‘ni-qo‘shni qizlar va kelinchaklarni chaqirtirib, allaqaylardan tori uzilgan dutorlarni toptirib kelgan va ularni xursand qilmoq uchun tirishib-tirmashgan” [2, 35 b.]

            Cho‘lpon Enaxon timsolida o‘zbek xalqiga xos mehmondo‘stlik fazilati bilan bir qatorda mehr-oqibat tuyg‘usini ham ifodalagan. Enaxonning mehmonlar yoniga qo‘ni-qo‘shni qizlar va kelinchaklarni chaqirishi o‘sha davrda insonlar o‘rtasidagi mehr oqibatni hamda go‘zal xulqni namoyon etadi.

            Asarda shuningdek, o‘zbek qizlariga xos odob-axloq, go‘zal xulq namunalari Xadichaxon va uning qizi Fazilat, Zebi va notanish kishi o‘rtasidagi suhbatlarda qiziqarli  ko‘rinish kasb etadi:

            “Dasturxoni muncha yomon ekan, sen chaqirmabsanda, mehmonlarni. Biz bu yerda qiyomat qilib kuzatardik...

            -Shuni ayting-a! – dedi Poshshaxon.

            - Men sizdan so‘roqsiz chaqirishga botinolmadim. Ikkovimiz maslahat qilishdik, ertagi kunga Sultonxon ayam chaqirib keldi.” [2, 56 b.]

            Fazilat va onasi o‘rtasidagi suhbatda qizning go‘zal xulqi odob-ahloqi namoyon bo‘ladi. Buni biz uning “... sizdan so‘roqsiz chaqirishga botinolmadim” degan so‘zlarida aniq, ravshan ko‘rishimiz mumkin. U boy xonadonning yolg‘iz qizi bo‘lishiga qaramasdan o‘z onasidan beruxsat ish qilmasligi qizning go‘zal axloq sohibi ekanini ko‘rsatadi.

Darhaqiqat,  inson uchun odob, xulq va yaxshi tarbiya har qancha boylikdan ham ustundir. Zero, boylik bilan topib bo‘lmaydigan narsalar xushxulqlik, chiroyli muomala bilan topilishi mumkin. Chiroyli odob va xulq atvor insonning ba’zi ayb va kamchiliklarini yopishi mumkin.

Go‘zal xulq bu insonning ichki dunyosinigia go‘zallashtirib qolmay, balki uning fe’l atvorida ham namoyon bo‘ladigan fazilatdir. Zebining go‘zal xulqi va shirali ovozi uni dugonalari o‘rtasida hurmatga sazovor etadi. Asarda Zebining go‘zal axloqidan namunalarni ko‘plab uchratish mumkin. Jumladan uning notanish kishi bilan suhbatida yoki sud zalidagi holatida ham  ana shunday odob namunalarini ko‘rish mumkin: “- Kimsiz? Nima deysiz? – deb so‘radi.

U yoqdan sodda va biroz dag‘al, lekin quvnoq bir erkak ovozi keldi:

- Ha, Razzoq so‘fining ojizalarimisiz? Qalaysizlar, omon-eson bormisizlar?

- Xudoga shukr – deb qo‘ydi Zebi.

- Men otangizni aytgali kelib edim...

- Uxlab yotgan bo‘lsa kerak. Uyg‘otib beraymi? Zarurmi?

- Eshon bobom yo‘qlatdilar. Uyg‘otmasangiz bo‘lmaydi. “Tez, oldinga solib kel!” dedilar...

- Xo‘p bo‘lmasa uyg‘otib berayin.” [2, 113 b.]

Ushbu holatda Zebining ro‘molini pana qilib eshik oldiga kelishi va notanish odam bilan eshikni ochmasdan uning qilgan suhbati, o‘zbek ayollariga xos ibo-hayo va go‘zal :odobini namoyon etadi. Uning ketma-ket bergan qisqa so‘roqlari o‘zbek qizlariga xos soddalikni ifodalaydi:

“Sud raisi, nihoyat, tilmochga yuzlandi:

- Aytingiz aybdor yuzini ochsin.

Tilmoch bu buyruqni Zebiga tushuntirib berdi.

- Voy, o‘laqolay! Shuncha nomahramning oldida yuzimni ochamanmi? Undan ko‘ra o‘lganim yaxshi emasmi?”[2, 304 b.]

Ushbu parchada Zebining xarakteri va ruhiyati nihoyatda tabiiy va jonli ochib berilgan. U shu qadar sodda va beg‘uborki, hattoki sud qamoq degan tushunchalar haqida tasavvurga ham ega emas. Bu sodda musulmon ayol sudda qora kursida o‘tirganda ham hukm, jazo qanday bo‘lishini emas, balki butunlay boshqa narsani – musulmonlik, sha’riat qoidalariga shak keltirmaslikni o‘ylaydi. Parchada qo‘llangan “nomahram” so‘zi diniy ma’noni ifodalovchi so‘z bo‘lib, yaqin qarindoshlik aloqasi bo‘lmaganligi sababli bir-birini ko‘rish yoki bir-biriga ko‘rinish man etilgan, lekin nikohlanishi mumkin bo‘lgan erkak va ayol (bir-biriga nisbatan) zid mahram ma’nosini anglatadi.

            Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, asar tili boy, jozibador. Muallif tili ham, qahramonlar tili ham ixcham va obrazli. Romanning syujeti go‘zal va serjilo bo‘lish bilan birgalikda qiziqarli va ta’sirlidir. Uning qamrovi juda ham keng. Biz faqat “Kecha va Kunduz” romani qahramonlari orasidagi ijtimoiy-shaxsiy munosabatari tasviridan foydalangan holda, XX asr boshlaridagi o‘zbek xonadonlarini, undagi er-xotin, dugonalar, qo‘shnilar va qarindoshlar munosabatlarini va o‘zbek xalqiga xos ayrim jihatlarni va hozirgi kunga kelib yo‘qolib borayotgan ba’zi an’analarni qisqacha talqin qilishga urindik.

 

Adabiyotlar:

  1. . Ўзбекистон миллий энциклопедияси. – Тошкент: “Ўзбекистон

миллий энциклопедияси”. Давлат илмий нашриёти. www.ziyouz.com кутубхонаси.

2. Абдулҳамид Чўлпон. Кеча ва кундуз: Роман – Т.: "Янги аср авлоди", 2013 – 332 б.

3. Алишер Навоий. Назм ул-жавоҳир. МАТ. 1-жилд. – Тошкент: Фан, 1999 ­­– 552 б.

4. Каримов Наим. Чўлпон: Маърифий роман. - Т.: "Шарқ", 2003 – 464 б.

5.Қуронов Дилмурод. Чўлпон насри поетикаси / Масъул муҳ. О.Шарафиддинов, У.Норматов. – Т.: «Шарқ», 2004. – 288 б.  

6. Шарафиддинов О. Чўлпон. – Т: Фан ва турмуш, 1991 – 153б.

7. Saydulla Mirzayev. "XX asr o'zbek adabiyoti" – Toshkent: "Yangi asr avlodi", 2005 – 415b.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati