Forsiy adabiyotning dunyo bo‘ylab keng quloch yozishida tarjimaning roli katta bo‘ldi. O‘rta asrlarda sanskrit, arab, yunon va boshqa tillardagi matnlarning forsiy tilga tarjima qilinishi natijasida forsiy adabiyot mavzu va mundarija jihatidan yanada kengaydi, yangi obrazlar hisobidan yanada boyidi.
Abu Abdullo Rudakiy o‘zining ilg‘or dunyoqarashi va xalqparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan ijodi orqali somoniylar saroyiga to‘plangan reaksion maddoh shoirlarga qaqshatqich zarba berdi. Abu Abdullo Rudakiyning “Qarilikdan shikoyat”, “May onasi” qasidalari, o‘nlab o‘ynoqi, ravon, mazmundor g‘azallari kishini o‘ziga maftun etadi. Bu asarlari bilan Abu Abdullo Rudakiy ijodi haqida ilmiy ish olib borgan adabiyotshunoslar uning “Kalila va Dimna” ni nazmga aylantirganligini qayd etadilar. Adabiyot ixlosmandlari hozir ham shoir yaratgan ajoyib qo‘shiqlarni yod aytib yuradilar.
Odamni azaldan yaratgan olam,
Bilim oshirmoqqa muhtojdir odam.
Abu Abdullo Rudakiyning “Qarilikdan shikoyat” asaridan parchalar[1]:
Tishim bari to‘kilib ketdi, durri g‘alton edi,
Ularni tish dema, balki chirog‘i tobon edi.
Oqish kumush edi-yu, xuddi durri marjon edi,
Buloqning qatrasi yoinki tongda cho‘lpon edi.
Bironta qolmadi kurtaklanib, to‘kildi bari,
Bu qaysi nahs edi, nahs bo‘lganda Kayvon edi?
Menimcha, nahsdan yo uzoq umrdan emas,
Ne bo‘ldi? Men eta qo‘ysam qazoyi osmon edi.
Ko‘zingni soqqasidek aylanib turuvchi jahon,
Hamisha aylanadi, hamma vaqt gardon edi.
Qachonki dori-yu, darmoni og‘riq o‘rnidadir,
Kezida og‘rig‘i ham dori birla darmon edi.
Ko‘z ochqucha to‘zitar u qayerda yangi esa,
Dam o‘tmayin tuzatar u qaydaki vayron edi.
Talaycha bog‘ning o‘rnini cho‘l etib qo‘ydi,
Va qancha bog‘lar o‘rni burun biyobon edi.
Sen, ey yuzi to‘lin oyday go‘zal, ne bilg‘aysan?
Besh-olti kun nari holim nechog‘li shodon edi?
Ko‘pincha sen gajaging birla menga maqtanasan,
Gajak-gajak qaro sochim misoli chavgon edi.
Yuzim tekisligi atlas kabi zamon o‘tdi,
Mening sochim u zamonda qaro-yu qatron edi.
Chunonchi shuncha go‘zallik aziz mehmon ekan,
Qaytmagay yana. besh - olti kunga mehmon edi.
Fors - tojik va o‘zbek xalqlari uzoq asrlar davomida yonma - yon yashaganliklari uchun ular o‘rtasida ijtimoiy - siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarning ildizlari ham qadimiydir. Ularning tarixi, taqdiri, bosib o‘tgan yo‘li, turmush tarzi, kurash sahifalari, urf - odatlari, diniy e’tiqodlarining bir -biriga monandligi o‘sha bahamjihat hayot sahifalarining natijasidir. Bularning barchasi o‘zbek va tojik adabiyotlari o‘rtasida asrlar davomida adabiy aloqa va o‘zaro ta’sirning shakllanishi, taraqqiyoti uchun zamin hozirladi.
O‘zbek va fors - tojik adabiyotining Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Atoyi, Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mohlaroyim Nodira, Jahonotin Uvaysiy, Muqimiy, Zokirjon Furqat kabi vakillari bir - birlarining ijod bobidagi yutuqlari sirlarini chuqur o‘rgangan, ijodiy o‘zlashtirgan holda o‘ziga xos adabiyot namunalarini yaratganlar. Bu hol har ikki xalq adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shganligi tabiiydir.
O‘zbek adabiyotining rivojida fors - tojik adabiyotining o‘rni alohidadir. Biz buni Alisher Navoiy misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Alisher Navoiy ustozlari – Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy singari fors - tojik adabiyotining buyuk siymolari asarlarini chuqur o‘rgandi va ular ijodini o‘ziga xos maktab deb bildi. Alisher Navoiy daho san’atkor bo‘lib yetishgan ekan, bunda shubhasiz, turkiy tildagi adabiyotning ko‘p asrlik ijodiy tajribasi asosiy manba bo‘ldi. Shuningdek, ulkan shoir ijodining barkamolligini fors - tojik adabiyotining ta’siridan ham axtarish to‘g‘ri bo‘ladi.
Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiylar bilan xamsanavislik maydonida bellashib turkiy tilda o‘ziga xos “Xamsa” yaratdi. Shoir ustozlar an’analarini davom ettirib, ularga ijodiy munosabatda bo‘ldi.
Alisher Navoiyning ko‘p asarlarida, xususan, “Xamsa” ning ustozlar madhi berilgan sahifalarida shoirning ular ijodiga bo‘lgan munosabati yorqin aks etgan. Shuningdek, ustozlarning Navoiy asarlarini o‘rganish jarayonida fors - tojik ijodiga qay tarzda ta’sir ko‘rsatganligi haqida ham muhim xulosalar chiqarish mumkin.
Umuman, o‘zbek va fors - tojik adabiyoti o‘rtasidagi adabiy aloqalar qadimdan to hozirgacha davom etib kelmoqda. Bu adabiy aloqalar har ikki xalq adabiyotining rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatishi tabiiy holdir.
Fors - tojik mumtoz adabiyoti arab xalifaligining hukmronligiga qarshi xalq noroziligi asosida va shu kurash jarayonida 1X - X1 asrlarda yozma adabiyot bo‘lib shakllandi va taraqqiy topdi.
Fors - tojik adabiyotining ajoyib asarlari butun jahonni maftun etganligining boisi, uning chuqur ildizlari xalq og‘zaki adabiyotidan oziqlanib, xalq g‘oyalari bilan sug‘orilganligidadir. Bu asarlar chet el bosqinchilariga qarshi til va din sohasidagi ruhiy zo‘ravonlikka qarshi ko‘tarilgan butun xalq harakatining ruhi bilan oziqlangan edi. Shuning uchun ham bu adabiyotning gullab - yashnashi O‘rta Osiyo va Eron xalqlari arab xalifaligi hukmronligidan chiqib, o‘z mustaqilliklarini qo‘lga kiritgan va o‘zlarining markazlashgan feodal davlatlarini vujudga keltirgan davrga to‘g‘ri keladi. Bu davrda forsiy tildagi adabiyotga asos solgan Abu Shukur Balxiy, Ibn Vosif Sag‘ziy, Shahid Balxiy, Abulmuayyad Balxiy, Hakim Xabboz Nishopuriy, Kisoyi Marvaziy, Abu Mansur Daqiqiy kabi shoirlar yashab ijod qildi. Ular ijodida yorug‘likning qorong‘ilik bilan kurashi, haqning nohaq ustidan g‘alabasi motivlari, chuqur insonparvarlik tuyg‘ulari, hayotga chorlovchi romantika, oddiy inson yuragi nozik pardalarini cherta olgan lirika necha asrlardan beri kishilar qalbini maftun etib kelmoqda. Bu adabiyotni taraqqiy ettirishda faqat hozirgi tojiklar va eronliklarning ajdodlarigina emas, o‘zbeklar, ozarbayjonliklarning ota - bobolari ham, shuningdek, shimoli - g‘arbiy Hindistonda yashab ijod etgan shoirlarning ham hissasi katta.
Darhaqiqat, o‘zlari turkiy xalqlardan chiqqan bo‘lsalar - da, asarlarini forsiy tilda yozgan Afzaliddin Hoqoniy, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Navoiy Foniy, Mirzo Abdulqodir Bedil, Zebunnisobegim Sohiba va boshqa ko‘p shoirlarning asarlari kishi diliga huzur baxsh etadi.
Fors - tojik tilidagi she’riyat daholari Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Nosir Xusrav, Umar Xayyom, Sa’diy Sheroziy, Xoja Hofiz Sheroziy, Mizo Abdulqodir Bedil, Zebunnisobegim Sohiba va boshqalarning asarlari jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam joy oldi. Bu davrda nasr ham asta - sekin rivojlana boshlaydi. Ilmiy kitoblar, masalan, Ibn Sinoning “Donishnoma” si, badiiy kitoblar va arabchadan tarjimalar paydo bo‘ladi. Nasr sodda va ravon tilda yoziladi, u sun’iylikdan uzoq, jumlalar qisqa, she’r - u iboralar, maqol va matallar deyarli ishlatilmaydi. Bu davrda Abu Shukur Balxiy, Shahid Balxiy, Hakim Xabboz Nishopuriy, Kisoyi Marvaziy, Abu Mansur Daqiqiy kabi shoirlar yangi forsiy tildagi adabiyotga asos sola boshladilar. Ularga Abu Abdullo Rudakiy peshvolik qildi. Bu davrda arab tilining ikki asrlik hukmronligi barham topa boshlagan bo‘lsa - da, ammo, juda ko‘p shoir va yozuvchilar uni yaxshi bilgan ikki tilli adiblar edilar. Arab tili uzoq vaqt ikkinchi adabiy til bo‘lib xizmat qilib keldi. Shuning uchun ham forsiy adabiyot mumtoz janrlarining shakllanishida arab adabiyotining ta’siri kuchli bo‘ldi. Endigina tug‘ilib, shakllanib kelayotgan forsiy yozma adabiyot shakllariga arab adabiyotining ta’siri asosan quyidagilarda ko‘rinadi:
1. Poeziya aruzda maydonga kela boshladi. Unda arab aruzining barcha rukn va bahrlari istifoda etilmasa - da, aruz qoidalari asosida yozilgan yangi vaznlar va bahrlar qo‘shilib, forsiy aruz ishlab chiqildi.
2. She’r birligi sifatida ikki misradan iborat bayt qabul qilindi.
3. Asosi raviy hisoblangan qofiya nazariyasi (ta’limoti) qabul qilindi.
4. Arab she’riyatida keng tarqalgan va bu vaqtda yetarli rivoj topgan madh qasida janri forsiy she’riyat zaminida ham yaxshi rivojlana boshladi va feodal saroy adabiyotining asosiy janriga aylandi. Uning aksi hajv va boshqa shakllari taraqqiy etdi. Qasidaning nasib, gurizgoh, madh, talabdan iborat klassik tuzilishi hamda a - a, b - a, v - a tarzida tushadigan qofiyalanish usuli ham saqlanib qoldi.
5. Gʻazal janri hali o‘z kamolotiga yetmagan bo‘lsa - da, yaxshi shakllana boshladi. Xalq qo‘shiqlaridan yozma adabiyotga kirib kelgan bu shakl, avvalo, qasidalarning nasib qismida, keyinchalik alohida shaklda rivojlandi.
6. Xalqdan kirib kelgan ruboiy shakli alohida janr darajasiga ko‘tarildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zining ming yillik tarixida ruboiy xalq taronalari ila uyg‘un rivojlandi.
7. Qit’a, fard kabi kichik shakllar va shuningdek, muammo kabi ko‘proq shaklbozlikka moyil turdagi she’rlar ham maydonga kela boshladi.
8. Masnaviy shakli epik, didaktik va romantik va boshqa turdagi poemalarga doimiy shakl bo‘lib rivojlandi.
9. Musammat kabi ba’zi qadim eron she’riyatiga mos shakllar rivoj topdi.
10. Arab adabiyoti ta’sirida nasr uch xil shaklni o‘ziga qabul qildi: oriy -yalang‘och (ya’ni hech qanday san’at ma’nosida), murassa’j - sa’j san’atiga ega (ya’ni qofiyali nasr), murajjaz - (vaznga ega) vaznli nasr.
Abu Abdullo Rudakiy va uning zamondoshlari ijodida mazkur she’r shakllarining barchasidan namunalar topish mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda X asr adabiyotining asosiy xususiyatlarini belgilash mumkin:
Ma’lumki, fors - tojik adabiyoti dunyodagi eng boy, qudratli va go‘zal adabiyotlardan biridir. Bu adabiyot faqat sharqda emas, balki butun jahonga dong taratib, favqulodda qiziqish bilan o‘qib - o‘rganilgan. Turkiygo‘y shoirlarning ne -ne buyuk san’atkorlari Fariduddin Attor, Jaloliddin Rumiy yoki Xoja Hofiz Sheroziy va Sa’diy Sheroziy, Umar Xayyom, Amir Xusrav Dehlaviy asarlarini o‘qib o‘zlariga yangi bir olam – go‘zallik, ruhoniyat va haqiqat dunyosini kashf etganliklarini hayrat ila so‘zlashgan. Lekin, bu adabiyotni haqiqiy adabiyot maqomiga ko‘targan, o‘zidan keyingi har bir ulug‘ forsiygo‘y shoirning benazir ustozi Abu Abdullo Rudakiy ekanini ularning hammasi ham chuqur bilavermagan. Adabiyotning asosiy xususiyati va vazifasi, xalq taqdiridagi roli, inson ko‘ngliga ta’sir ko‘rsatish yo‘llari, til, tarix va din bilan aloqa tarzi – aslida mana shularning barisi Abu Abdullo Rudakiy, uning safdosh va izdoshlari tomonidan asoslanib, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib berilgan. Fors - tojik she’riyati shu boisdan ham tadrijan zo‘r muvaffaqiyat ila rivojlanib, o‘zga bir qancha xalqlar badiiy tafakkuriga ijobiy ta’sirini o‘tkazgan. Abu Abdullo Rudakiy bejiz she’riyatning Odam Atosi deyilmagan edi. Chindan ham u badiiy ijodda boshlovchi, yaratuvchi, shakl, mazmun, tasvirda an’ana yo‘nalishlari va usullarini belgilovchidir. Turkiygo‘y shoirlar Abu Abdullo Rudakiy she’rlarining mavzu va mundarijasi yoshlik zavq-shavqi, may va sharobning ta’rifu tavsifi, hayot quvonchlari, hukmdorning muruvvat va shijoati, nasihat, tiriklik falsafasi, qarilik va shaxsiy ahvoldan shikoyat, dardu hasrat, zamona zulmi hamda nohaqliklardan iztirob chekishdan iborat bo‘lganligini qayd etishgan. Akademik Abdulg‘ani Mirzoyev fikriga ko‘ra, Abu Abdullo Rudakiy ilmning hamma sohalariga bir xilda ahamiyat berib, “barcha ilm turlarini odam hayoti uchun zarur hisoblagan” [2]. Demak, ushbu mavzu va masalalarning keyingi asrlardagi badiiy talqinlari Abu Abdullo Rudakiy adabiyot kelajagini naqadar oldindan ko‘ra bilganligini bevosita yoki bilvosita tasdiqlaydiki, bu katta salohiyat demakdir.
O‘zining ulkan mash’alalari bilan yog‘du taratgan sharqning yorqin mayoqlari haligacha jahon ahlining qalbiga nur sochmoqda. Bu ma’no va irfon nuri hech qachon so‘nmaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Muhiddinov Muslihiddin. Adabiy an’ana va ijodiy o‘ziga xoslik. – Toshkent: O‘qituvchi, 1990. – 85 bet.
2. Muhiddinov Muslihiddin. Barhayot an’analar. – Toshkeng: Fan, 1987.
3. Османов М. Стиль персидско-таджикской поэзии ( IX-X вв.) –Москва: Наука, 1974. – С. 562.
4. Po‘latov Yu. O‘zbekistonda chet el adabiyotini o‘rganishga doir. - Toshkent: O‘qituvchi, 1975.
5. Sirojiddinov Shuhrat. Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili. –Toshkent: Akademnashr, 211. – 328 bet.
6. Samatov Abdusalom. O‘zbek-tojik adabiyoti: o‘zaro aloqalar, o‘zaro ta’sir. – Toshkent: O‘zbekiston, 1990. – 64 bet.
7. Salomov Gʻ. Adabiy an’ana va badiiy tarjima. – Toshkent: Fan, 1980. – 157 bet.
8. Tarjima san’ati. Maqolalar to‘plami. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1976. – 312 bet.
9. Shomuhamedov A. Hamkorlik samaralari. –Toshkent: Fan, 1982. – 56 bet.
10. Shamsiyev Porso. O‘zbek klassik adabiyoti lug‘ati. –Toshkent: 1953.
11. O‘zbek - tojik adabiy aloqalari tarixidan. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1973. – 120 bet.
Каримова С. Абу Абдулло Рудаки и узбекская литература. Литературные связи между узбекской и персидско-таджикской литературой продолжаются с древних времён до наших дней. В развитии узбекской литературы особое место занимает персидско-таджикская литература. Естественно, что эти литературные связи оказывают плодотворное влияние на развитие литературы обоих народов. В статье представлены ценные сведения о жизни и творческой деятельности великого представителя персидско-таджикской классической литературы, известного поэта и мыслителя Абулхасана Рудаки. Также проанализировано его произведение «Жалоба на старость», переведённое на узбекский язык.
Karimova S. Abu Abdullo Rudakiy and Uzbek literature. Literary relations between Uzbek and Persian-Tajik literature have continued from ancient times up to the present day. Persian-Tajik literature holds a special place in the development of Uzbek literature. Naturally, these literary relations have had a productive influence on the development of the literature of both nations. The article provides valuable information about the life and creative activity of Abulhasan Rudakiy, the great representative of classical Persian-Tajik literature, a famous poet and thinker. His work “Complaint of Old Age,” translated into Uzbek, is also analyzed.