AFFIKSATSIYA USULIDA KAUZATIVLIKNING VOQELANISHI

Turniyazov Behzod Ne’matovich,

SamDCHTI dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

Saidova Sayyora Salimovna,

Samarqand shahar 72-umumiy o‘rta ta’lim maktabining I toifali o‘qituvchisi

 

Kalit so‘zlar: kauzatsiya, kauzator, derivatsiya, kauzaoperand, kauzaoperator, kauzaderivat, kauzatema, konstanta.

Talaygina tillardagi kabi (ruanda, eskimos, buryat, venger, kechua, turk, tojik, duala, nivx va boshqalar) o‘zbek tilida ham kauzativlik ifodasini beruvchi affiksal morfemalar mavjud bo‘lib, ular orqali biror shaxs tomonidan, ma’lum sababga ko‘ra, kimnidir qandaydir harakatni bajarishga undash (ba’zan shaxsning o‘zini-o‘zi undashi) ma’nosi anglashiladi. Bunday qo‘shimchalar jumlasiga fe’lning orttirma nisbati (-t, -dir(-tir), -giz(-kiz), -qiz (-g‘iz), -gaz(-kaz, -qaz), -ir ,-ar, -iz, -sat), o‘zlik nisbati (-n, -l, -in, -il), buyruq-istak mayli (­-(a)y, -(a)yin, -gin(-kin,-qin), -(i)ng, -sin, -(a)yilik, -(i)nglar) shakllarini kiritamiz. Havola qilinayotgan qo‘shimchalardan keyingilari (buyruq-istak mayli shakllari) biror lingvistik adabiyotda kauzativlik ifodasini beruvchilarsirasiga kiritilmagan. Kauzativlikda buyruq ma’nosi mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi, shu bois, biz ularni kauzativlikni ifodalovchi morfologik vositalarsifatida o‘rganmoqdamiz.Bundan tashqari, kauzativlikning ifodalanishida analitik formalar ham ishtirok etib, negadir ular tilshunoslarimiz tadqiqotlarida kauzativlikning sintaktik planda shakllanishi qatorida tavsiflanmoqda. Biz esa analitik unsurlarni kauzativlikning yuzaga chiqishidagi morfologik vositalardan biri deb bilamiz. Zero, kauzativlikning sintaktik rejasi bevosita gap, murakkab sintaktik qurilma, makromatn kabi nutq muchalarining derivatsion voqelanishi bilan aloqadordir.

Shuni ham e’tiborga olish kerakki, ayrim tillarda (rus, chuvash tillari kabi) kauzativqo‘shimchalarfe’lyasovchilar ham hisoblanadi. Lekin, o‘zbek tilida biz ularni lug‘aviy va sintaktik shakl hosil qiluvchilar (nisbat hamda mayl shakllari) deb ataymiz.

Shunday bo‘lsa-da, prof. I.A.Melchuk kauzativlikni hosil qiluvchi qo‘shimchalar bilan nisbat shakllarini farqlash kerakligini ta’kidlaydi va quyidagi fikrni bildiradi: «An’anaviy tavsiflarda kauzativ nisbatlardan biri sifatida qaraladi. Biroq, bunday yondashuv xatodir. Ularning bir-biridan farqi quyidagilarda ko‘rinadi: 1)kauzativ ma’lum bir ma’no ifodasini beradi, nisbat esa hech qanday ma’no bilan bog‘lanmaydi; 2) kauzativ va nisbat mavjud bo‘lgan tillarda kauzativ so‘z yasashga, nisbat esa so‘z o‘zgartirishga xosdir; 3) bir so‘z shaklida hech qachon turli nisbat shakllari bir-biri bilan moslashmaydi, kauzativ esa moslashadi; 4)nisbat shakli bir so‘zda ikki va undan ortiq marta qo‘llanmaydi, kauzativ esa qo‘llanishi mumkin. Masalan (arab, fransuz, ruanda tillari bilan bir qatorda turk tilidan ham misol keltirilgan): piş (fe’l o‘zagi),  piş+ir (kauzativ), piş+ir+t (ikki karra kauzativ); ől (fe’l o‘zagi), ől+dűr (kauzativ), ől+dűr+t (ikki karra kauzativ)»[1.385-387].

            Nisbat va mayl shakllarining grammatik ma’no ifodalashga xizmat qilishi izoh talab qilmaydi, albatta. Shu bois, nisbat shakllari hech qanday ma’no bilan bog‘lanmaydi, degan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, agar masala tavsifiga turk tili grammatikasi yuzasidan yondashadigan bo‘lsak, darhaqiqat, ushbu tilda fe’lning orttirma nisbatini hosil qiluvchi qo‘shimchalarini fe’ldan fe’l yasovchilar, deb ta’rif berilganini ko‘ramiz. Vaholanki, chuvash tilidagi singari, turk tilida orttirma  nisbat affikslari yangi lug‘aviy ma’noni yuzaga keltirmaganligining guvohi bo‘lamiz: bilmek – bildirmek, yapmak – yaptirmak kabi[2.205]. Binobarin, so‘z yasalishi deganda grammatik ma’no ifodasini emas, balki yangi lug‘aviy ma’noning ifodalanishini tushunamiz. Bizningcha, kauzativ va nisbat mavjud bo‘lgan tillarda kauzativ so‘z yasashga, nisbat esa so‘z o‘zgartirishga xosdir, degan qoida turkiy tillarga to‘g‘ri kelmaydi. Jumladan, G.Glisonning «Deskriptiv tilshunoslikka kirish» nomli asarida turk tilidagi fe’lga birikuvchi qo‘shimchalarning aniq izohlab berilganini ko‘ramiz [3.164]:

 

Ma’no ko‘rsatkichlari

1-tartib

-il – passivlik; -is – birgalik; -in – o‘zlik

2-tartib

-tir – kauzativlik

3-tartib

-ma – inkor

4-tartib

-ir– oddiy harakat; -iyor – davomli harakat; -ajak – kelajak harakat; -mali – zaruriy harakat

Jadvalda ko‘rinib turganidek, ikkinchi tartibdagi-tir so‘z yasovchi emas, balki kauzativ deb ko‘rsatilgan. Demak, turk tilidagi bunday qo‘shimchalarni so‘z yasovchilar deb bo‘lmasekan. Agar rus (леденеть-леденить) va chuvash (илемлĕ (go‘zal)–илемлет (go‘zallashtir) tillarini e’tiborga olib, kauzativ formalar so‘z yasaydi-ku, degan taqdirda ham, bu vaziyatda, bir affiksning bir yo‘la ikki vazifani o‘tayotganini inobatga olish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, orttirma nisbat shakllari kauzativ ma’noni ifodalashga xizmat qiladi va bir fe’l o‘zagiga ketma-ket qo‘shila oladi. 

          Shuni alohida ta’kidlash kerakki, nisbat va mayl shakllari morfologik paradigmalardagina nisbat hamda mayl maqomida turadi. Ular sintagmatik qatorga ko‘chgandan so‘ng esa kauzativlik alomatlariga ega bo‘lgan morfologik unsurlar sifatida gavdalanadi va, shu bilan birgalikda, garchi yangi so‘z yasagan taqdirda ham, grammatik ma’no ifodalovchi vosita ekanligi xususiyatini tark etmaydi. Zotan, ma’lum bir so‘z vokabula sifatida lug‘at tarkibida semantema bo‘la oladi. Uning leksemalik xususiyati nutqda to‘laqonli namoyon bo‘ladi. Kauzativlikni esa semantema deb bo‘lmaydi. Unga ishora qilayotgan belgining semantema holati fe’l orqali (ba’zan ot bilan: iltimos, buyruq kabi) yuzaga chiqadi, kauzallik xususiyati bilan emas. U faqat sabab qurshovidagi undash tushunchasini beradi, xolos. Bu esa, o‘z navbatida, til va nutq dixotomiyasini to‘g‘ri anglash nechog‘li muhim ekanligidan dalolat beradi.

Shunday ekan, aytib o‘tilgan tillarda nisbat shakllarini ifodalayotgan qo‘shimchalar fe’l yasash uchun xizmat qiladi, kauzativlik alomati esa grammatik ma’noligicha qolaveradi, chunki kauzativlik degan lug‘aviy ma’no yo‘q. Lug‘aviy ma’no atash, harakat, miqdor, xususiyat kabi signifikatlar bilan aloqador bo‘ladi. R.Rasulov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, so‘zning semantik tuzilishi bevosita ma’no bilan bog‘lanadi. Har bir ma’no semantik tuzilishiga ko‘ra baholanadi. So‘zning ma’nosi muayyan mantiqiy qismlardan tashkil topadi [4.4]. Shu bois, leksik kauzatsiyani ham nisbiy tushunmoq darkor, zotan, bu vaziyatda bir qo‘shimcha fe’l yasashdan tashqari, undash bilan aloqador bo‘lgan grammatik ma’noni ham yuzaga chiqaradi.

Lekin, shunday bo‘lsa-da, tilshunoslikda kauzativlik ifodasining leksik turi haqida ilmiy mulohazalar bildirilmoqda. Bizningcha, bu munozarali masala ko‘rinadi. O‘zbek tilida mazkur holat kuzatilmaydi, zero, o‘zbek tilida nisbat hamda mayl shakllari so‘z yasovchilar sirasiga kirmaydi.

Ta’kidlash kerakki, so‘z o‘zagiga fe’l yasovchi affiks qo‘shilishi natijasida derivatema hosil bo‘ladi:

1. – Kimsanboy kelishi bilan to‘yni boshlab yuboraveringlar (O‘.Hoshimov. Saylanma. II jild).

2. ...qorong‘i quyuqlashib ketgan, hammayoq jimjit edi (O‘.Hoshimov.Saylanma. II jild).

3. Eshik g‘iyqillab yopilishi bilan xaltachani menga uzatdi (O‘.Hoshimov.Saylanma. II jild).

Keltirilgan misollarning birinchisida bosh+la, ikkinchisida quyuq+lash(quyu/q/la/sh), uchinchisida g‘iyq+illa yasama fe’llari berilgan bo‘lib, ular leksik derivatsiya mahsuli hisoblanadi.Fe’lning kauzativli shakli grammema deyiladi:

1. Gurganjdagi Qutlug‘ Temur Bo‘ldoy minorasini tiklaganida, o‘z nomini minoraning ich tomoniga bir chekkaga yozdirgan,...(Muhammad Ali. Ulug‘ saltanat. Uchinchi kitob)

2. Oxiri, qaytg‘onimda Termizda kutib olasizlar, deya Samarqandga jo‘natdi (Muhammad Ali. Ulug‘ saltanat. To‘rtinchi kitob).

3. Kutilmaganda, mulozim Axiy Jabbor bahodirning saltanat yumushi bilan Gurjistondan kelgani xabarini yetkazdi (Muhammad Ali. Ulug‘ saltanat. Uchinchi kitob).

Birinchi misolda yoz+dir, ikkinchi misolda jo‘na+t, uchinchisida esa yet+kaz grammemalari mavjudligini ko‘ramiz. Lekin, shunga ham e’tibor berish kerakki, agar yasama so‘zga kauzativ shakl qo‘shilsa ham, mazkur hosila derivatemaligicha qoladi (bosh+la+t, quyuq+lash+tir, g‘iyq+illa+t). Mavjud holat N.K.Yakubovaning affiks morfemalarning o‘zak yoki so‘zshakl asosiga nisbatan o‘rnini ko‘rsatishi bo‘yicha ikkinchi pozitsiyasiga to‘g‘ri keladi, ya’ni, bu vaziyatda affiks morfemaning affiksdan keyin kelishi nazarda tutiladi[5.141]. Ammo, ushbu so‘zning kauzativlik ko‘rinishi uning asosiy konstantasi (k − kauzativ situatsiyadagi doimiy holat) hisoblanadi[6.8-9], chunki yasovchi qo‘shimchadan keyin birikayotgan orttirma nisbat shakli uning grammatik ma’noning ma’lum turiga xoslanganligini belgilab keladi. Shu bois uni kauzatema desak to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylaymiz.

Ta’kidlashkerakki, konstanta mavqeyi situatsiya va undagi ishtirokchilar bilan belgilanadi. Kauzativ situatsiyaning kengayishi natijasida, o‘z navbatida, ishtirokchilar soni ham orta boshlaydi va keyingi situatsiya avvalgisiga nisbatan makro xarakterli bo‘lib qoladi. Natijada, situatsiya va ishtirokchilarni belgilovchi morfologik vositalar (kauzativ affiksal morfemalar) qurshovida derivatsiya vujudga keladi. Buni kauzaderivatsiya deb ataymiz.

Masalan, bosh+la+t, quyuq+lash+tir, g‘iyq+illa+t so‘zlaridan ikkinchi va uchinchisining konstanta ko‘rsatkichi (k) uchga teng: 1-kauzativ muhit (C− kauzativ situatsiya), 2-kauzatsiyalovchi shaxs (S−subyekt), 3-kauzatsiyalanuvchi individ (I). Ammo, birinchi so‘zning (bosh+la) nutqdagi buyruq shakli holatini e’tiborga olsak, uning konstantasi beshga teng bo‘ladi. Zero, fe’lning boshla formasi orqali ham da’vat etish ma’nosi borligi kuzatiladi. Qiyoslang: (Sen) boshla– birinchi individ dastlabki situatsiyada kauzatsiyalanyapti;   (Sen) boshlat – II shaxs yana kimnidir keyingi makrosituatsiyada (avvalgisiga nisbatan) kauzatsiyalashi kerak. Mazkur vaziyatda u k=C1+S→I1+C2→I2 ga teng bo‘ladi. Lekin, quyuq+lash, g‘iyq+illakabi fe’llarga nisbatan formulaning bu ko‘rinishini qo‘llay olmaymiz, chunki ular shaxsga qarata ishlatilmaydi (badiiy jonlantirishni hisobga olmasa, albatta). Ba’zan situatsiyaga qarab, ikki marta kauzativ forma birikib kelganda ham konstanta ko‘rsatkichi ortadi:

Buni o‘qitdirib eshitgandan keyin mingboshi juda xursand bo‘ldi (Cho‘lpon. Kecha va kunduz).

Ushbu misoldagi o‘qi+t+dir so‘zida ham konstanta beshga teng: k=C1+S→I1+C2→I2. Bunda affikslarning o‘zaro valentlik hosil qilishini ham e’tiborga olish kerak, albatta. Zero, yuqoridagi bosh+la+t, quyuq+lash+tir, g‘iyq+illa+t kauzatemalarining ikkinchisi bilan yana bir orttirma nisbat shakli valentlikka ega bo‘lolmaydi (quyuq+lash+tir+tir kabi). Buning sababi esa mazkur kauzatemaning qo‘shimcha distributsiya qoidasiga amal qilishidadir. Lekin, bu kabi fe’llarni faqat uch konstantali bo‘ladi, deb tushunmaslik kerak. Ushbu vaziyatda konstantaning beshinchi ishtirokchisini III shaxs buyruq-istak mayli shakli belgilashi mumkin. Qiyoslang: bosh+la+t+tir − quyuq+lash+tir+sin. Birinchi so‘zda ham subyekt kauzatsiyalanuvchiga ikkinchi individni kauzatsiyalashni buyurmoqda, ikkinchi so‘zda ham xuddi shu holatning analogi yuzaga chiqmoqda. Faqat bu vaziyatda quyuq+lash+tir kauzativ shakli -sin qo‘shimchasi bilan k=C1+S→I1+C2→I2formulasi asosida valentlik hosil qilmoqda. Endi bu holatda almashuv distributsiyasi qo‘llanmoqda, chunki kauzativ ma’no nisbat bilan emas, balki mayl kategoriyasi orqali voqelanmoqda.

Umuman, kauzativ affikslar o‘zlari birikayotgan fe’llarga mos ravishda valentlik qurshovida bo‘ladilar. Masalan, bosh+la+t+tir kauzatemasi yana -sin qo‘shimchasi bilan valentlikka kirishishi mumkin. Bu holatda uning konstantasi to‘qqizga teng bo‘ladi: k=C1+S→I1+C2→I2+C3→I3+C4→I4. Ammo u -kaz, -ir, -iz kabi affikslar bilan valentlik hosil qilolmaydi. Boshqacha aytganda, u fe’l yasalishida dastlab obyekt va harakat o‘rtasidagi mikrosintagmatik munosabat planida derivatema hosil qilib, so‘ng paradigmatik qatordan o‘zi uchun tegishli bo‘lgan kauzaoperatorlarni tanlab, kauzatema maqomiga erishadi.

Yuqoridagi formuladan ko‘rinib turibdiki, kauzasituatsiyalar kengaygan sari makroxarakterga ega bo‘lib bormoqda va ish-harakatga undovchi individlar soni ham ortib bormoqda. Bu jarayonda esa aynan morfologik vositalar (affiksal morfemalar) o‘ziga xos kauzal derivatsiyani voqelantirmoqda. Ammo, mazkur makrosituatsiya voqelanishini nisbiy tushunmoq darkor, chunki vaziyatning makroxususiyat kasb etishi kauzatemaning ichki qobig‘ida ro‘y bermoqda, aslida umumiy holat mikroligicha qolmoqda.

Bu vaziyatda, albatta, kauzativ negizlar shakllanishi masalasini ham e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Negiz deganda esa har qanday qo‘shimcha qo‘shilishi uchun asos vazifasini o‘taydigan so‘z qismini tushunamiz. O‘z navbatida, negizni turlarga bo‘lib tahlil qilamiz. Masalan, yasovchi qo‘shimchani qabul qilgan so‘z qismini leksik negiz, lug‘aviy shakl hosil qiluvchini qabul qilgan qismni morfologik negiz, sintaktik shakl hosil qiluvchini biriktirayotganini esa sintaktik negiz deb aytamiz. Masalan:

paxta+kor: paxta → leksik negiz; paxta+kor+lar: paxtakor → morfologik negiz; paxta+kor+lar+imiz: paxtakorlar → sintaktik negiz; paxta+kor+lar imiz+ ga: paxtakorlarimiz → ikkinchi sintaktik negiz.

Ana shu tarzda yuqoridagi boshlattirsin fe’lini (derivatemaga asoslangan kauzatemani) negizlarning turlari asosida tahlil qilamiz:

bosh+la: bosh → leksik negiz → boshla → leksik derivat va birinchi kauzaderivat; bosh+la+t: boshla→ morfologik negiz → boshlat → ikkinchi kauzaderivat; bosh+la+t+tir: boshlat → ikkinchi morfologik negiz → boshlattir → uchinchi kauzaderivat; bosh+la+t+tir+sin: boshlattir → sintaktik negiz → boshlattirsin → to‘rtinchi kauzaderivat. Ammo, so‘zni bosh+la+sin tarzida shakllantirish ham mumkin. Bu holatda kauzatema konstantasi beshga teng bo‘lib, k=C1+S+I1+C2+I2 formulasini taqozo etadi, zero, ushbu formada kauzator II shaxs orqali III shaxsni kauzatsiyalashga undamoqda. Endi bu ko‘rinishda yasama fe’l shakli (boshla) sintaktik negiz maqomida bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu forma bilan nafaqat kauzaoperatorlar, balki boshqa morfologik vositalr ham (-mi, -chi, -a kabi so‘roq va taajjub yuklamalaridan tashqari) valentlik hosil qilolmaydi.

Ta’kidlash kerakki, operatorlarning bir-biriga nisbatan egallagan oppozitiv holatiga ko‘ra derevatemaga asoslanuvchi mazkur kauzatema shu xildagi hosilani tashkil etmoqda. Masalan, boshlamoq fe’lining infinitiv shaklini mikrosintagmatik munosabatda unga nisbatan oppozitsiyada turgan -la qo‘shimchasi inkor etadi va buyruq-istak mayli ko‘rinishida undashni ifodalaydi. Boshlat kauzatemasining vujudga kelishi esakauzativ planda -la affiksining opponenti hisoblanuvchi -t orttirma nisbati shakli orqali amalga oshadi. Ammo, oppozitiv rejada buyruq-istak mayli qo‘shimchalari kauzatema hosil qilganda ularga nisbatan biror bir shakl oppozitsiyada turmaydi. Boshqacha aytganda, derivatologiya qonuniyatiga binoan, keyingi operator avvalgisini inkor etadi. Shunga ham ahamiyat berish kerakki, affikslarning biz aytayotgan oppozitiv holati kauzaderivativ nuqtayi nazardan inobatga olingan holda keltirilyapti. Aslida, qo‘shimchalar morfologik xususiyatlarining mos kelishiga qarab, bir-biri bilan o‘zaro oppozitiv holatda bo‘lishi mumkin. Masalan, kelishik qo‘shimchalarini olaylik. Mazkur shakllar bir-biriga opponent bo‘lib, so‘zlovchi ulardan o‘zi xohlaganini tanlaydi va nutqini voqelantiradi. Biroq, fe’l so‘z turkumiga xos bo‘lgan grammatik ko‘rsatkichlar (mayl,nisbat kabilar) ot so‘z turkumining morfologik shakllari bilan (egalik, kelishik kabi) oppozitiv qatorda tura olmaydi. Hatto biz tahlil qilayotgan orttirma nisbati shakllarining hammasi ham o‘zaro oppozitiv qo‘shimcha bo‘lmasligi mumkin. Masalan, ichmoq fe’liga qo‘shiluvchi orttirma nisbati shakllaridan -ir, -kiz oppozitivlikni tashkil etishi mumkin, lekin, bu qo‘shimchalar aynan shu fe’lga qo‘shilishiga qarab, -t, -sat kabi affikslar bilan bir oppozitiv pog‘onadan joy olmaydi. Boshqacha aytganda, o‘zaro juftlik hosil qiluvchi kauzativ qo‘shimchalar kauzativ fe’l oppozitsiyasini tashkil etadi [7.112].

Shuni ham e’tiborga olish kerakki, yuqoridagi tahlil qilinayotgan qo‘shimchalar bir yo‘la ham operand, ham operator vazifasida keladi, chunki affikslar til materiali hisoblanadi. Ana shu til materiallari bajaradigan vazifasiga qarab taqsimlanadi. Lekin, yasama fe’llardagi leksik derivat hosil qiluvchi operatorlar derevatemaga tirkalib kelayotgan kauzaoperatorlarga qaraganda ustunroq mavqeni egallaydi, chunki bu holatda yasovchi qo‘shimcha bo‘lmas ekan, kauzaoperatorlar bo‘shliqda qolib ketadi. Qiyoslang: bosh+la+t – bosh+ø≠t,≠tir.

Ta’kidlash joizki, kauzativ muhitning (C) konstanta ko‘rsatkichi natijali, maqsadli, shartli kabi ma’no ifodalari bilan kelishi mumkin. Bu esa nutqiy situatsiyada bilinadi va ushbu mazmunning voqelanishida fe’lning zamon ko‘rsatkichi, maqsad, shart mayli shakllari xizmat qiladi. Zotan, kauzatemaning tildagi ko‘rinishida bu kabi ma’nolarni anglab bo‘lmaydi. Qiyoslang:

1) yutqizmoq (kauzatema-infinitiv)...utsa (yutsa) tegaman, utdirsa (yutqizsa) so‘yaman(Kuntug‘mish) (konstantasi shartli bo‘lgan kauzasituatsiya);

2) chiqazmoq(kauzatema-infinitiv) – Afandi amirni xijolatdan chiqazmoqchi bo‘ldi(Afandi latifalari) (konstantasi maqsadli bo‘lgan kauzasituatsiya);

3) chizdirmoq (kauzatema-infinitiv)– Xonzoda begim uning musavvir ham ekanligini bilib qolib, o‘zining suratini chizdirgan (P.Qodirov. Yulduzli tunlar).– (konstantasi natijali bo‘lgan kauzasituatsiya).

Ta’kidlaganimizdek, kauzativlik tushunchasi fe’lning orttirma nisbati, buyruq-istak mayli shakllari, analitik vositalar ko‘magida nutqda voqelanar ekan (morfologikmi, sintaktikmi qat’i nazar), semantik tushunchaligicha qolaveradi. Faqat morfologik nuqtayi nazardan uni ifodalovchi morfologik vositalar, sintaktik jihatdan nutqda kauzativ ma’noni beruvchi sintaktik uzvlar tekshiriladi. Masalan, ma’lum bir kauzatemaning tildagi shaklini kauzativ deyish uchun tilda tayyor holdagi kauzativ situatsiyalarning yo‘qligi monelik qiladi. Shu bois biz uni ifodalovchi vositalarini hisobga olib, shartli ravishda, morfologik yoki sintaktik deb tadqiq qilamiz.

Shunday ekan, prof. I.A.Melchuk ta’kidlaganidek, kauzativlikni hosil qiluvchi qo‘shimchalar bilan nisbat shakllarini farqlash kerak, deb emas, balki bir qo‘shimchaning til va nutqda namoyon bo‘lishining o‘ziga xosligini ajrata bilish zarur, deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi. Aks holda, ottirma nisbatni bir qo‘shimcha, kauzativlikni boshqa qo‘shimcha hosil qilar ekan, degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Zero, orttirma nisbat shaklini va u orqali ro‘yobga chiqayotgan kauzal ma’noni ayri tasavvur etish qiyin.

Yuqoridagi kauzativlikning o‘ziga xos kauzaderivatlar hosil qila olishi haqidagi fikrimizda shunga asoslandikki, kauzativlik o‘z ichki ma’no salmog‘iga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi turlarga bo‘linadi. Bu farq qiluvchi ma’nolarning yuzaga chiqishida, o‘z navbatida, morfologik vositalarning ahamiyati katta bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ushbu morfologik unsurlar kauzaoperandlar va kauzaoperatorlar deb yuritiladi. Aniqrog‘i, bunday vositalar kauzal bo‘g‘imlar hisoblanadi. Kauzativlikning ma’no jihatidan farq qiluvchi turlari kauzaderivatlar deyiladi. Kauzaderivatlar, o‘z navbatida, faktivlik va permissivlik asosida voqelanadi.

Adabiyotlar:

1.Мельчук И.А. Курс общей морфологии. Том II. Часть вторая: морфологические значения.-Москва-Вена: Язык русской культуры,1998.

2.Гениш Э. Грамматика турецкого языка. Том 2.-М.: Изд-во ЛКИ,2008.

3.Глисон Г.А. Введение в дескриптивную лингвистику.-М.:Иностранная лит-ра,1959.

4.Rasulov R. O‘zbektilife’llariningma’no tuzilishi.-Toshkent:TDPU,2008.

5.Якубова Н.К. Правила формального синтеза узбекских словоформ//Система и уровни языка.-М.:Наука,1969. 

6.ХолодовичА.А. Типология каузативных конструкций. Морфологический каузатив.//Отв. ред. А.А.Холодович. -Л.: Наука,1969.

7.Литвинович А.Г. Связь каузативности с другими категориями глагола//Вестник МДПУ,№1,2013.

 

Турниязов Б., Саидова С. Выражение каузативности способом аффиксации. Статья посвящена изучению концепции каузации в лингвистике. В ней, в основном, каузативность исследуется сморфологической точки зрения.

Turniyazov B., Saidova S. Expression of causativity by the way of affixation. The article is devoted to the study of the concept of causation in linguistics.It mainly studies causativeness from a morphological point of view.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati