AFORIZM VA UNGA YONDOSH TIL HODISALARI

Tilshunoslar turli davrlar mobay-nida aforizmlarni sinchkovlik bilan o‘rganishgan bo‘lib, aforizmlar bir qancha olimlarning tadqiqot obyekti bo‘lgan. Aforizmlar o‘zining ko‘p qirrali xususiyati, atrofdagi voqelik va turli hodisalarni aniq va qisqa aks ettirish imkoniyati bilan tadqiqotchilar diqqatini jalb qilib kelgan. Muallifning o‘ziga xos mulohazasi, fikrning qisqa va lo‘nda ifodalanishi, ekspressivlik, ya’ni ta’sirchanlik, semantik to‘liqlik, stilistik vositalarning mavjudligi aforizmlarning o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi. Aforizm olimlar tomonidan kichik matn sifatida ham, badiiy asar sifatida ham talqin etilgan.

Hozirgi vaqtda aforizm tushunchasi bir necha ta’riflar bilan tavsiflangani bois, olimlarning aforizmga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganligini isbotlaydi. Mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini o‘rganish jarayonida,  aforizmning terminologik xilma-xilligini hisobga oladigan bo‘lsak, aforistik janrga aniq baho berish ancha dolzarb masala ekanligiga ishonch  hosil qilish mumkin. Zero, aforizm janr shakliga aylanishdan oldin rivojlanishning uzoq yo‘lini bosib o‘tgan.

Zamonaviy ilmiy adabiyotlarda aforizm va unga yondosh til hodisalarini talqin qilishda, hanuzgacha turli xil qarashlar mavjud. Ba’zi mualliflar tomonidan aforizm deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan aforizmlar boshqa mualliflarning fikriga ko‘ra, umuman ushbu janrning ta’riflariga mos kelmaydi deb hisoblashadi.

Aforizm janriga eng yaqin bo‘lgan adabiy janrlar, ya’ni unga yondosh til hodisalari quyidagi turlarga ajratiladi: maqol, matal, gnoma, apoftegma,  sentensiya, maksima. Yuqorida sanab o‘tilgan tushunchalar va ular orasidagi farqlarni aniqlashda, bir qator olimlar tadqiqotlar olib borishgan. Jumladan, mashhur tilshunos olim akademik M. L. Gasparovning tasnifiga ko‘ra, barcha aforizmlar ikki katta turga - folklor aforizmlari (maqol va matallar) va adabiy aforizmlarga bo‘linadi [Gasparov 1987: 43]. Tilshunos olimning ta’rifiga asoslanadigan bo‘lsak, aforizmlar folklor aforizmlari (maqol va matallar) hamda adabiy aforizmlar kabi ikki asosiy turga ajratilishi ilmiy nuqtayi nazardan asosli yondashuvdir. Haqiqatan ham, xalq og‘zaki ijodi namunalarida donnish-mandlik va hayotiy tajribaga asoslangan hikmatli iboralar ko‘p uchraydi. Biroq, aforizmlarni faqat ikki guruhga ajratish to‘liq emasdek tuyuladi, chunki bugungi kunda ommaviy madaniyat ta’sirida shakllangan yangi turdagi aforizmlar ham paydo bo‘lgan. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan qisqa hikmatli fikrlar ham ushbu janrning zamonaviy ko‘rinishi hisoblanishi mumkin.

M. L.Gasparov tomonidan keltirilgan birinchi turdagi aforizmlarda muallifning u yoki bu aniq shaxs sifatida aniqlashning tubdan imkoni mavjud emasligi bilan ajralib turadi. Odatda folklor aforizmlari xalq ijodiyoti hisoblanib, ularni birinchi marta kim, nima, qanday ma’noda va qanday shaklda ifoda etgani har doim noma’lum bo‘lib kelgan. Aforizmlarni o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlarga asoslanib, shuni ta’kidlash lozimki, aksariyat qarama-qarshiliklar aforizmlar janriga maqol va matallarni kiritishda yuzaga keladi. Chunki maqol va matallarning muallifi mavjud emas, ular yozma adabiyotga xos bo‘lmaydi, hamda axloqiy mazmundan ko‘ra kundalik amaliy fikrni ifodalaydi. Biroq, shuni ham aytish mumkinki, aforizmlar maqol va matallarda o‘z ifodasini topgan xalq donoligini muallifning fikri orqali badiiy shaklda yetkaziladi. Maqollarda aforizm-larga nisbatan semantika va obrazlilik yuqori darajada bo‘lib, maqollar  o‘z va ko‘chma ma’nolarga ega hikmatli so‘zlardir. Ayrim tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, maqollar folklor janriga xos bo‘lib, ularni aforizmdan ajratib turadi jihatlardan biri, bu, ularda muallifning  yo‘qligidadir.

Shuni ta’kidlash kerakki, maqollar dastlab ma’lum bir ona tiliga xos hikmatli so‘zlar hisoblanib, har qanday hikmatli so‘zlar og‘zaki yoki yozma nutq tufayli paydo bo‘ladi, ular  nutqdan alohida holda mavjud bo‘la olmaydi, nutq ham o‘z navbatida so‘zlashuvchisiz mavjud emas.

Bizgacha maqollar sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirgandan so‘ng, hozirgi shakli va mazmuniga ega bo‘lgan. Muallifiga ega aforizm o‘z navbatida  muallifini yo‘qotsa, maqolga aylanishi mumkin. Shuning uchun maqollarni nafaqat folklorning bir qismi deb, balki to‘liq aforizm deb ham ta’kidlash mumkin.

Ikkinchi turdagi aforizmlar haqiqiy yoki e’tiborga molik bo‘lgan muallifning mavjudligi bilan tavsiflanadi. Shunga asoslanib, aforistik janrning tarixiy evolyutsiyasining asosiy bosqichlarini o‘rganish bizga aforizmlarning shakllanishini kuzatish, aforizm turlarini aniqlash, aforizmning mashhur nutq janri sifatida shakllanishi haqida tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi. Aforizm rivojlanishining har bir yangi bosqichi uning shakllaridan birining paydo bo‘lishi bo‘lib, u ehtiyojlar, dunyoqarash, tushunish, atrofdagi olam haqidagi g‘oyalar, e’tiqodlar, siyosiy muammolar, qadriyatlar, madaniyat va o‘sha davrda amal qilgan boshqa ko‘plab inson haqiqatlarini bevosita aks ettirgan. “Adabiy aforizmlar” quyidagi toifalarga bo‘linadi va bu orqali biz aforizmlarning rivojlanishini kuzatamiz.

Gnoma - qadimgi yunoncha gnome bo‘lib, “fikr”, “mulohaza” degan ma’nolarni bildirib, ibratli va falsafiy mazmundagi qisqacha bayonotlar she‘riy yoki ritmik nasr shaklida tasvirlanadi.

  Mashhur tilshunos va leksikograf T.F.Yefremovaning “Sovremenniy tolkoviy slovar russkogo yazika” izohli lug‘atida, gnoma quyidagicha ta’riflangan:

1. Monolog so‘nggida aytiladigan hikmatli so‘z (antik davr tragediyalarida).

2. Aforizm yoki o‘ziga xos fikrni o‘z ichiga olgan ikki yoki to‘rt qatorli she’r (Yevropa she’riyatida) [Yefremova 2000]. T.F. Yefremovaning “Sovremenniy tolkoviy slovar russkogo yazika” lug‘atida gnoma tushunchasiga berilgan ta’riflar ham diqqatga sazovor. Uning antik davr tragediyalarida monolog so‘nggida aytiladigan hikmatli so‘z sifatida qaralishi tarixiy kontekstga urg‘u beradi, lekin zamonaviy aforizmlar bundan ancha keng ma’noga ega. Ikkinchi ta’rifda gnoma ikki yoki to‘rt qatorli she’r shaklida hikmatli fikrni ifodalashi ta’kidlangan. Ushbu yondashuv muayyan adabiy shaklga asoslangan bo‘lib, unda lirik elementlar ham aks etadi. Biroq, aforizmlar har doim ham she’r shaklida bo‘lishi shart emas, u nasriy ifodalar tarzida ham uchraydi.

Ushbu atama ilk marotaba miloddan avvalgi VI asrda qadimgi yunon she’riyatida qo‘llanilgan bo‘lib, keyinchalik, o‘rta asr Sharq va Yevropa adabiyotlarida foydalanilgan. Gnomalar she’riy shaklda yozilib, antik va Yevropa adabiyotlarida, hind, arab va fors she’riyatlarida ham uchraydi. Gnomalar falsafiy adabiyotda asosiy mazmun kasb etadigan hayot haqidagi umumiy haqiqatlarni, axloqiy tamoyillar va amaliy maslahatlarni ifodalaydi.

Gnomalar dastlab qadimgi Yunonistonda tragediyada yakuniy ibora sifatida ham ishlatilgan. Masalan, Evripidning: “Ko‘plab qo‘llardan ko‘ra birgina maslahat ustunroq” kabi iborasi. Keyinchalik, gnomalar antik she’rlar tarkibiga kiritilgan bo‘lib, ular orqali ushbu she’rlarni yodlash osonroq bo‘lgan. Bunday she’riyat turi gnomik she’riyat deb nomlangan.

M.V.Belkin o‘zining antik davr yozuvchilari hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Antichnie pisateli” asarida gnomalarning kelib chiqishi va ularni mashhur antik yozuvchi va faylasuflar tomonidan keng qo‘llanilganligi haqida yozgan. Uning ta’kidlashicha, gnoma (yun.gnome, lot.sententia) – sentensiya, maksima bo‘lib, biror bir masalani umumlashtiradigan, hatti –harakatlari-mizni boshqaradigan qonun-qoidalarni tashkil etadigan qisqa, bir jumlali bayonotdir [Belkin, Plaxotskaya 1998].

Yunon madaniyatida gnomalar, xalq donoligini o‘z ichiga olgan bayonotlar sifatida adabiyotning o‘zi shakllanishidan ancha oldin paydo bo‘lgan. Aristotel o‘zining “Ritorika” asarida gnomaning birinchi yaratuvchilari dehqonlar ekanligini ta’kidlagan. Gnomalarni osonroq eslab qolish uchun odatda, ular qisqa she’riy shaklda berilgan. Ammo, ba’zan nasriy gnomalar ham yaratilgan. Yunon she’riyatida gnomalar Gomer asarlarida kam uchrasada, Gesiod ijodida ular tez-tez uchraydi.

Qadimgi Yunonistonning gnomik she’riyati ko‘pincha miloddan avvalgi VI asr shoirlari Solon, Simonid, Feognid va Fokilid nomlari bilan bog‘liq. Ularning aforizmlari gomologiya deb nomlangan antologiyada to‘plangan bo‘lib, u ritorikani o‘rganish uchun ishlatilgan. Eng mashhur gomologiyalardan biri V asrda Vizantiyalik yozuvchi Ioan Stobey tomonidan tuzilgan bo‘lib, bunday to‘plamlar keyinchalik O‘rta asrlarda o‘z qiymatini yo‘qotmagan.

Gnomalar Yevropa she’riyatida ancha keyin paydo bo‘lgan. Ushbu atama asl falsafiy fikrni o‘z ichiga olgan ikki yoki to‘rt misra sifatida tushunilgan. Donolik va axloq manbai bo‘lgan gnomalar, O‘rta asrlardagi ko‘plab mashhur yozuvchi va faylasuflarning (F. Logau, A. Silesius, I. V. Gyote- Germaniya, F.de Laroshfuko - Fransiya, M. D.Delaryu, M. Y. Lermontov- Rossiya) betakror asarlarini yaratishda turtki bo‘lgan.

Belkin va Plaxotskaya (1998) gnomani qisqa, bir jumlali axloqiy bayonot sifatida ta’riflaydilar, bu esa insoniyatning axloqiy hatti-harakatlarini boshqaruvchi qonun-qoidalarini ifoda-laydi. Biroq, Aristotel gnomaning ilk yaratuvchilarini dehqonlar sifatida ko‘rsatsa-da, keyinchalik gnoma falsafiy ahamiyatga ega bo‘ldi, ayniqsa, Gesiodning asarlarida.

Shunday qilib, gnoma aforizmning bir turi, axloqiy yoki falsafiy xarakterdagi lakonik she’riy bayonot sifatida qabul qilingan.

Apofegma yoki apoftegma yunoncha σπόφθεγμα, λποφθέγγομαι to‘g‘ridan – to‘g‘ri gapirish, ochiq ifodalangan kabi ma’nolarni anglatgan holda, qisqa va aniq axloqiy maslahat hisoblanib, qadimgi Yunoniston va qadimgi Rimda vujudga kelgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, apofegma haqida ilk marotoba Rim siyosiy arbobi Sitseron gapirib o‘tgan va yozuvchi Katon apofegma so‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan muhim va asosiy ma‘lumotlarni to‘plagan. Apofegmalar to‘plami apofegmata deyiladi. Apofegmata - yunoncha so‘z bo‘lib, dono fikrlar to‘plamini anglatib, ushbu to‘plamlarda ko‘pincha buyuk insonlar, shohlar, qo‘mondonlarning mulohazalaridan namunalar, hamda ularning hayotidan qisqacha ibratli hikoyalar va boshqalar keltirilgan. Keyinchalik apofegmata aforizmlar to‘plamlariga o‘zgartirilgan.

A.P.Yevgenyeva tahriri ostidagi “Slovar russkoga yazika” lug‘atida apofegma axloqiy sentensiya, maksima va aforizmning sinonimi deb ta’riflangan bo‘lib, unda apofegma haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

“Apofegma - buyuk kishilar, ya’ni qirollar, qo‘mondonlar, faylasuflarning biror bir masalaga berilgan aqlli, ibratli javobi yoki harakati haqidagi qisqacha hikoyadir (asosan yunon yoki Rim materiali asosida). Apofegma markazida odatda: giperbola, paradoks, qandaydir mantiqiy tasodifiylik mavjudligi bois, u yoki bu davlat arbobi, faylasuf, yozuvchi yoki davr haqidagi mavjud g‘oyalarni yangi qirralar orqali ochib beradi. Apofegma latifalarning asosiy kitobiy prototiplaridan biri bo‘lib, apofegmaning  folklor latifalari  bilan uyg‘unlashuvi  natijasida adabiy latifalar paydo bo‘lgan.

Sofroniy Lixud o‘zining “Ritorika” asarida shunday yozgan: “...apofegma tafakkur ila birlashgan, qisqa, mazmunli va oqilona bo‘lishi  odatiy hol bo‘lgan so‘zdir”. Plutarx, Ovidiy va boshqa antik davr mualliflarining qiziqarli hikoya-laridan iborat bo‘lgan apofegmalar to‘plamlari Rossiyaga XVI asr oxirida, Polsha madaniy vositachiligi orqali kirib keldi va uzoq vaqt davomida, ayniqsa XVIII asr davomida juda mashhur bo‘ldi. Dastlab apofegmalar ko‘chirib yozilgan, 1711 yildan esa nashr etilgan” [Yevgenyeva 1999: 42].

Akademik M.L. Gasparov bo‘yicha, apofegmalar (yoki apoftegmalar ) - ma’lum bir muallifga odatda, mashhur tarixiy shaxslarga tegishli (“ma’lum bir shaxs tomonidan aytilgan”), yozma yoki og‘zaki (ishonchlilik darajasi turlicha) manbalarda mavjud bo‘lgan aforistik so‘zlardir. Gasparov tomonidan quyidagi misol taqdim etilgan: Donishmand Karteziy dedi: “Hech kim bo‘yidan baland sakray olmaydi”(rus. “Никто не обнимет необъятного”) [ Gasparov 1990: 558].

Apofegma adabiyot va san’atda muhim o‘rinni egallaydi, zero, apofegmalar purma’nolilik va hissiyotni yetkaza olish xususiyatiga egadir. Ko‘pincha apofegmalar kundalik hayotda ishlatiladigan va biror bir xalq madaniyatining bir qismiga aylanadigan iboralarga aylanadi.

 Apofegma nafaqat biror bir asar yoki so‘zlangan nutqdan olingan parcha, balki ma’lum bir shaxsning mazmunli va qisqacha bildirgan fikri hamdir. Ko‘pincha apofegmalar, mazmunida istehzo, kinoya yoki piching namoyon bo‘ladi.

Masalan, Oskar Uayld: “Shirin yolg‘ondan achichiq haqiqat yaxshi”.

Apofegma maqol yoki mataldan ko‘ra ko‘proq aforizmga o‘xshaydi, chunki uning muallifi odatda ma’lum bo‘ladi. Apofegma va aforizm o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, apofegma odatda, jiddiy mavzulardan ko‘ra ko‘proq qiziqarli yoki kulgili mavzularni qamrab oladi.

Umuman olganda, apofegma fikrlar va g‘oyalarni ixcham va samarali tarzda ifodalashning noyob vositasidir. Apofegma insonlar o‘rtasida aloqalarni  o‘rnatishga yordam beradi va mulohaza qilishga undaydigan fikrlash jarayonini tezlashtiradi.

Sentensiya (lot. sententia “fikr”, “hukm”), bu aforizmning bir turi bo‘lib, asosan, axloqiy mazmundagi umumiy ma’noli so‘z bo‘lib, tarbiyaviy, ibratli, didaktik xarakterga egadir. Sentensiyada qoidaga muvofiq gapdagi fe’llar buyruq shaklda ifodalanib, ular buyruq, so‘rov, maslahat, ko‘rsatma mazmunlarini kasb etadi. Aynan sententsiyani aforizmning boshqa yondosh til hodisalaridan farqlovchi asosiy belgisi, bu uning faqat buyruq shaklda ishlatilishidir. Misol sifatida, miloddan avvalgi I asrda yashagan Rim tarixchisi Korneliy Nepotning mashhur so‘zlarini keltirish mumkin: “Tinchlikni xohlasang-urushga tayyorlan!”

Semantikasi bo‘yicha sentensiya aforizmga eng yaqin yondosh til hodisasi hisoblanadi, chunki ushbu ikki hodisaning umumiyligi ulardagi shaklning qisqaligi, ma’lumotni to‘liq ifoda eta olish imkoniyatinig mavjudligi, avtosemantiklik (matn tarkibidagi matn qismlarining mustaqilligi va bog‘liqligi)  kabi ko‘plab belgilar, bir-biriga mos kelishi bilan tasdiqlanadi.

Sentensiya so‘zining asl kelib chiqish  ma’nosi Rim ritorikasi qonunlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ko‘pincha turli qoidalar, ko‘rsatmalar va antik manbalardan olingan hukmlardan tashkil topgan. Notiqlik san’ati faol rivojlanish davrida mashhur notiqlar o‘z nutqlarida aynan setnensiyalarni keng qo‘llashgan.

Antik adabiyotda sententsiya asarning oxiri, ya’ni avj nuqtasi sifatida ishlatilgan bo‘lsa, o‘rta asrlarda sententsiyadan, matndan tashqari aloha-da tarzda foydalanish ko‘proq qo‘llanilgan. Hatto sententsiyalar to‘plam-lari chop etilib, ular alifbo tartibida nashr etilgan.

Turli davrlarda sentensiya tushunchasi bir qator o‘zgarishlar va ma’noga ega bo‘lganligi sababli, har bir tadqiqotchi ushbu so‘zga o‘z izohini berishga harakat qilishgan.

Antik davrda sentensiyaga berilgan birinchi ta’rifga ko‘ra, sud qarori, dono so‘z hisoblansa, mashhur lug‘at tuzuvchilar Ojegov va Ushakov o‘z  lug‘atlarida bu axloqiy so‘z deb izoh berishgan. [Ojegov, Ushakov 2003: 49].

Yozuvchi, etnograf, tilshunos, mashhur “Tolkoviy slovar jivogo velikorusskogo yazika” izohli lug‘ati yaratuvchisi Vladimir Ivanovich Dal, o‘z navbatida, sentensiyani qisqa va aqlli so‘z sifatida ta’riflagan [Dal 1995: 505].

Tilshunos olim M.L.Gasparov sentensiyani “aforizmning bir turi bo‘lib, asosan axloqiy mazmunning qisqacha umumbashariy bayoni ... falsafiy mazmunni kuchaytirilganda gnomaga, didaktik tomondan - maksimaga, aniq bir vaziyatda talqin etilganda – apofegma yoki xriyaga o‘xshaydi ”. Maksima uning talqinida “aforizmning bir turi, mazmunan axloqiy xilma – xil sentensiya”, gnoma esa “aforizm janri bo‘lib, u mazmunan ibratli - falsafiy qisqacha bayonot” deb ta’riflangan [Gasparov 1987: 375].

Ko‘rinib turibdiki, maksima va gnoma ta’rifida asosiy e’tibor, ularning mazmun va funksional tomoniga qaratiladi, sentensiya ta’rifidagi muhim xususiyat esa uning shakliga, ushbu turdagi so‘zlarning umumiy ma’nosiga bag‘ishlangan qismdir.

G.G.Sadovayaning 1976 yilda yozilgan sententsiyalarning lingvistik tabiati va stilistik funktsiyalarini o‘rganishga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasida, asosiy e’tibor asarda sententsiyalarning semantik-tarkibiy parametrlari tahlili va ularning matndagi ishlash xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan. G.G.Sadovayaning ta’kidla-shicha, sententsiyaning – asosiy xususiyatlarini semantik hajm, stilistik bo‘yoqdorlik, qisqalik, kognitiv va lingvomadaniy ahamiyatga ega bo‘lgan muallifning qisqacha bayonoti  sifatida ta’riflash mumkin. Sentensiya - olamning yakka-mualliflik kontseptual manzarasining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, o‘ziga xos madaniy qadriyatlarni ifodalovchi ma’lum bir umuminsoniy va milliy ahamiyatga ega madaniy model sifatida qaraladi [Sadovaya 1976: 180].

Z. I. Saliyeva o‘zining o‘zbek va ingliz tillaridagi sentensiya, ya’ni aхloqiy-ta’limiy хarakterdagi matnlarning milliy-madaniy хususiyatlariga bag‘ishlangan nomzodlik ishida sentensiyani kichik shakldagi matn va olamning milliy manzarasining tarkibiy qismi sifatida ishlaydigan, har bir tilshunoslikda eng muhim ma’naviy qadriyatlarni aks ettiruvchi kognitiv va madaniy ahamiyatga ega stilistik vosita deb ta’riflagan [Saliyeva 2010: 25].

Sentensiyaning o‘ziga xosligi, uning qisqaligida yotadi. Ko‘p hollarda, bu qisqalik mazmunning chuqurligini, fikrning aniqligini anglatadi, va shu orqali u oxir-oqibatda keng tarqaladi. Boshqa bir fikrni o‘rganishda, masalan, A.P. Yevgenyeva tomonidan keltirilgan apofegmalar to‘plamlarida ham shunday qisqalikni va to‘g‘rilikni ko‘rishimiz mumkin. Lekin, sentensiya va apofegma orasidagi farqni aytadigan bo‘lsak, sentensiya ko‘proq axloqiy nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, apofegma ko‘proq mantiqiy va falsafiy muhokama olib boradigan bir vosita sifatida ifodalanadi.

Shunday qilib, ko‘plab tadqiqotchi-larning sentensiya tushunchasini o‘rganishlariga qaratilgan turli xil yondashuvlarni tahlil qilish natijasida sentensiyani - axloqiy mazmundagi qisqacha umumiy ma’noli, buyruq shakldagi aforizmning bir turi deb xulosa qilish mumkin.

Maksima -lotincha maxima regula (sententia) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, eng yuqori tamoyil degan ma’noni anglatib, falsafada aynan shunday ma’noda ishlatilgan. Maksima atamasining paydo bo‘lishi ko‘pincha mashhur fransuz yozuvchisi va faylasufi Fransua de Laroshfuko nomi bilan bog‘liq bo‘lib, u o‘zining “Memuarlar. Maksimalar” asari orqali aforizmning shakllanishiga alohida hissa qo‘shgan. Maksima, qoida tariqasida, bayonot yoki ko‘rsatma shaklida ifodalanadi. Biror bir muallifning hayotiy tajribasi, solih insonning esa, ibratli umri tasvirlangan hikmatli so‘zlar haqida gap ketganda, asosan maksimalar nazarda tutiladi.

Adabiyotda maksima - aforizmning sententsiyaga yaqin turi sifatida tushuniladi va u axloqiy mazmunni ifodalaydigan qisqa umumiy ma’noli so‘zdir. Maksima XVII asrda Fransiyada alohida adabiy janrga aylangan va Fransua de Laroshfuko, Blez Paskal, Jan de Labryuyer kabi mashhur fransuz faylasuflari va yozuvchilari uning gullab-yashnashiga o‘z hissalarini qo‘shishgan. O‘sha zamon xorijiy adabiyotida maksima keng qo‘llanilgan bo‘lib, B. Paskalning “Yomonlikni yaxshilik bilan mag‘lub eting”, F.Laroshfukoning “Soxta soddalik - bu murakkab ikkiyuzlamachilik” kabi maksimalari bugungi kunda ham o‘z mavqeini yo‘qotmagan. XVII asrda Fransua de Laroshfuko axloq va inson psixologiyasi masalalarini yoritadigan falsafiy asar - “Maksimalar va axloqiy mushohadalar” nomli o‘z to‘plamini yaratadi. 

Shuni ta‘kidlash kerakki, aforizm atamasini tadqiq etish masalasi bo‘yicha bajarilgan ilmiy ishlar Rossiya, Germaniya, Italiya va boshqa mamlakatlarda juda batafsil ko‘rib chiqilgan. “Aforizm” atamasi “maksima” va “sentensiya” atamalariga nisbatan ko‘proq e’tirofga sazovor bo‘ldi va aynan aforizmni o‘rganish bo‘yicha ko‘plab dissertatsiya ishlari, maqolalar, monografiyalar, shuningdek, aforizmlar-ning  elektron to‘plamlari nashr etildi. Aforistika nazariyasida aforizm atamasi quyidagi uchta asosiy variant tarzida keltirilgan:

1) “aforizm” atamasi bir qator matnlarni umumlashtiruvchi atama hisoblanib, u maksimalar va sentensiyalar kabi subtiplarni o‘z ichiga oladi.

2) “sentensiya” va “maksima” atamalari “aforizm” kategoriyasining chetida joylashgan.

3) “aforizm”, “sentensiya” va “maksima” atamalari sinonim deb tan olingan.

F. H. Mautner ta’kidlashicha, aynan bir xil aforistik shakldagi matnlar turli tillarda turlicha nomlanib, Germaniya, Italiya va Ispaniyada “aforizm” atamasi, Angliyada “aforizm” va “maksima” atamalari teng qo‘llanilsa, Fransiyada esa  ko‘proq “maksima” atamasi ishlatiladi [Mautner 1976: 410].

Maksima va uning axloqiy, falsafiy mazmuni nafaqat zamon o‘tgan sari qadriyatini yo‘qotmaydi, balki uni har bir yangi avlod o‘ziga moslab talqin qiladi. Bu, albatta, uning kuchli va universalligi tufayli. Shuning uchun, bizning fikrimizcha, maksima — bu nafaqat biror adabiy janrning o‘zi, balki insoniyatning o‘z-o‘zini anglash, rivojlanish va falsafiy fikrlashdagi muhim vositasi sifatida qimmatli. Ayniqsa, hayotdagi qiyinchiliklar, sinovlar haqida gapirganda, maksimalar insonni chuqurroq o‘ylashga undaydi va kelajakda to‘g‘ri yo‘lni tanlashda yordam beradi.

Ushbu turlar tarix sahifalarida asta-sekin paydo bo‘lib, bir-birini almashtirib, ba’zi tillarda “aforizm” ning mutlaq sinonimlari sifatida ishlatilgan. Shunday qilib, nutq janri sifatida aforizm evolyutsion rivojlanishning uzoq yo‘lini bosib o‘tdi. Turli madaniy va siyosiy davrlar uning mazmuni, tuzilishi, tarkibiy qismlari va asosiy xususiyatlariga ta’sir ko‘rsatdi.

Aforizm va unga yondosh til hodisalarinig ya’ni maqol, matal, sentensiya, maksima, gnoma va apofegma kabi bir necha turlarga bo‘linishini nisbiy holat deb tadqiq qilsak bo‘ladi, zero hanuzgacha bu yondoshuvlarning aforizmga yaqinligi yoki farqi borasida qat’iy nazariya mavjud emas. Chunki ushbu atamalarning bir necha shaklda namoyon bo‘lishi ularning turli vaqtlarda vujudga kelganligi,  hamda ularning turli tillarda nomlanishini asosiy sabab qilib ko‘rsatsak bo‘ladi. Shuning uchun ham ba’zida o‘rni bilan, biror bir hikmatli so‘zni ham aforizm, ham sentensiya, ham maqol sifatida talqin qilish mumkin.

Tadqiqotchi olimlarning fikrlariga tayanib, xulosa qilib aytganda, barcha olimlarning ta’riflari ilmiy asoslangan bo‘lsa-da, zamonaviy tilshunoslik nuqtayi nazaridan aforizmlarning shakliy va uslubiy doirasi yanada kengaygan. Shuningdek, ijtimoiy media rivoji natijasida bu janrning yangi shakllari yuzaga kelmoqda. Shu sababli, ushbu ta’riflarni zamonaviy tilshunoslik va kommunikatsiya nuqtayi nazaridan yanada kengroq o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Belkin M.V., Plaxotskaya O. Slovar “Antichniye pisateli”. SPb.: Izd-vo “Lan”,1998. URL: http://niv.ru/doc/dictionary/ancient-writers/fc/slovar-195.htm#zag-181 (data obrasheniya: 28.11.2023).
  2. Dal V. I. Tolkoviy slovar jivoga velikorusskogo yazika: T 4. – M., 1995. -  S. 505.
  3. Gasparov M. L. Aforizm // Literaturniy ensiklopedicheskiy slovar. – M.: Sov. Ensiklopediya, 1987. – S. 43.
  4. Gasparov M. L. Primechaniya k “Izrecheniyam tsarey i polkovodsev” Plutarxa. Zastolniye besedi. – Leningrad: Nauka, 1990. – S. 558-566.
  5. Gasparov M. L. Sentensiya // Literaturniy ensiklopedicheskiy slovar. – M.: Sov. Ensiklopediya, 1987. -  S. 375.
  6. Kalashnikova N.M. Aforistichnost kak cherta idiostilya V. Tokarevoy: dis. ... kand. filol. nauk. Rostov n/D, 2004. 246 s.
  7. Korolkova A.B. Russkaya aforistika. – Moskva: Flinta: Nauka, 2005. – 344 s.
  8. Mautner F. Maxim(e)s, Sentences, Fragmente, Aphorismen. - In: Gerhard Neumann (Hg.): Der Aphorismus, Darmstadt 1976. - P.410.
  9. Ojegov S. I., Ushakov D. N. Tolkoviy slovar russkogo yazika. 4- ye izd. M.:ITITexnologii, 2003. -  S. 49.
  10.  Sadovaya G.G. Yazikovaya priroda i stilisticheskiye funksii sentensii: dis. ... kand. filol. nauk. Tashkent, 1976. 180 s.
  11.  Saliyeva Z.I. Konseptualnaya znachimost i nasionalno-kulturnaya spesifika sentensii v angliyskom i uzbekskom yazikax: dis. ... kand. filol. nauk. Tashkent, 2010. - S. 25. 
  12.  Slovar russkogo yazika: T-1 / RAN, In-t lingvistich. Issledovaniy; Pod red. A. P. Yevgenyeva - М.: Rus. Yaz.; Poligrafresursi, 1999. – S. 42.
  13.  Vaganova Ye.Yu. Aforizm kak tip teksta v aspekte intertekstualnosti (na materiale nem. yazika): dis. ... kand. filol. nauk. Kaliningrad, 2002. 216 s.
  14.  Yefremova T. F. Sovremenniy tolkoviy slovar russkogo yazika. М.: Russkiy yazik, 2000. URL:http://rus-yaz.niv.ru/doc/dictionary-efremova/fc/slovar-195-8.htm#zag-18896 (data obrasheniya: 12.09.2023).

 

Ахмедова Г. Афоризм и родственные ему языковые явления. В данной статье рассматривается проблема афоризма и родственных ему языковых явлений таких, как пословица, поговорка, сентенция, апофегма, максима и гнома. На основе проведенного исследования автором предлагается выделение их отличительные признаки, которые позволяют справедливо сделать вывод о самостоятельности этих жанров.

 

Ahmedova G. Aphorism and related linguistic phenomena.  This article examines the problem of aphorism and related linguistic phenomena such as proverb, saying, maxim, apothegm and gnome. Based on the conducted research, the author suggests the identification of their distinctive features, which allow fairly to conclude that these genres are independent.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati