Alisher Navoiy o‘z tazkiralarida Amir Temur va temuriylar, ularning adabiyot va san’atga munosabatlari haqida ko‘p ijobiy fikrlar bildirib, ularning fazilatlarini ulug‘lagan. Ayniqsa, “Majolis un-nafois” tazkirasida temuriy hukmdorlarning ijodiy qirralariga alohida e’tibor qaratgan.
«Majolis un-nafois» Alisher Navoiyning g‘oyat qiziqarli va eng hayotiy asarlaridan biridir. U juda jonli va ravon til bilan yozilgan. Har bir shoirga bag‘ishlangan maqolalardagi jumlalar ixcham, fikr va baholar yig‘noq. Ular original tasvir, hazil-mutoyiba, go‘zal lavhalarga boy. Navoiyning ijodkor portretini chizishi, xarakterini yaratishi, adabiy anjumanlar, badiiy ijodga aloqador voqealarni tasvirlashi va nasrdagi mahoratini ro‘yi rost namoyon qiladi. [1;258]
Navoiyshunos olim A.Hayitmetov: «Majolis un-nafois» tazkirasida Navoiy o‘z zamonasida turk va fors tillarida ijod etgan necha yuzlab qalam ahlining har biri haqida maxsus to‘xtaladi, ularning shaxs sifatidagi xislat-fazilatlari va ijodkor sifatidagi faoliyatlari to‘g‘risida qisqa, ammo juda muhim ma’lumotlarni qayd etadi. Tazkiraning ilmiy-adabiy qimmatini oshiruvchi nuqtalaridan biri shundaki, unga kiritilgan ijodkorning «Har qaysining natoyiji tab’idin biror nima nishona yo‘sunliq» keltiriladi, ya’ni shoirlar meroslaridan namuna baytlar, ruboiy, qit’a va tuyuqlar misolga olinib, o‘ziga xos tahlil etiladi, mazmun va badiiy san’atlari ochiladi, ijodkor iqtidoriga baho beriladi Xuddi shu xususiyatlariga ko‘ra, «Majolis un-nafois»ni XV asr adabiyotimiz ko‘lamini, g‘oya, mavzu yo‘nalishi va tur rang-barangligini, badiiy san’atlari va til jihatlarini xolisona ko‘rsatuvchi ulkan ko‘zgu, bu adabiyotlarni yaratuvchilari to‘g‘risida ishonchli ilmiy manba desak, xato bo‘lmaydi, deb ta’riflaydi. [6;296].
Professor Suyima G‘aniyeva: «Majolis un-nafois»da birinchi marta ijodkorlarning ma’naviy qiyofasiga, axloqiga alohida e’tibor qilinishi, so‘z san’atkorlarining ijoddan tashqari ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishlariga mamnuniyat bilan, turli kasb egalarining, hunar sohiblarining moddiy qiyinchilik mashaqqatini chekib ijod qiluvchilar, adabiyotga yangi kirib kelayotgan iste’dodli yoshlar haqida samimiyat va xayrixohlik bilan qarash mayllari tazkiranavislik va adabiyotshunoslikda yangi, ilg‘or an’anani boshlab berdi, deb munosabat bildiradi. [7;238]
Ma’lumki, Alisher Navoiyga qadar va uning zamonasida ham arab va fors-tojik tilida shoirlarga bag‘ishlangan ko‘pgina tazkiralar yaratilgan edi. Masalan, Saolibiyning «Yatimat ud-dahr», Davlatshohning «Tazkirat ush-shuaro» va boshqalar. Shunday ekan, Alisher Navoiy yaratgan tazkira boshqalardan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:
Birinchidan, Alisher Navoiygacha bo‘lgan tazkiralarning hammasi arab yoki fors-tojik tilida yozilgan bo‘lib, ularda asosan arab she’riyati yoki fors-tojik she’riyati namoyandalari haqida ma’lumot berilgan.
Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois»i esa turkiy-o‘zbek tilida yozilgan bo‘lib, unda XV asrdagi zullisonayn adabiy muhitning xususiyatiga ko‘ra ham turkiy-o‘zbek va ham forsiy-tojik tilida ijod qilgan shoirlar qamrab olingan.Asarda shoirlarga daxldor ma’lumotlar o‘zbek tilida bo‘lib, ularning asarlari qaysi tilda (turkiy, forsiy) yozilgan bo‘lsa, aynan keltirilgan.
Shu jihatdan «Majolis un-nafois» tazkirasi XV asrdagi turkiy-o‘zbek she’riyati va forsiy-tojik she’riyati haqida ma’lumot beruvchi muhim manbadir. Shundan kelib chiqib, bu asar XVI-XVIII asrlar davomida to‘rt marta Faxriy Hirotiy, Muhammad Qazviniy, Shoh Ali, Abulboqi Sharif Razaviylar tomonidan fors-tojik tiliga tarjima qilingan edi.
Ikkinchidan, Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» ida shoirlarni joylashtirish, ularga doir ma’lumotlar berish, asarlaridan namuna keltirish va ularga baho berish mezoni boshqa tazkiradagilardan farq qiladi. Jumladan, Alisher Navoiy asarning birinchi, ikkinchi va uchinchi majlislarida shoirlarni ko‘rgani-ko‘rmagani, muloqotda bo‘lgani va bo‘lmagani nuqtayi nazaridan joylashtiradi; ikkinchidan, shoirlar asarlaridan eng yaxshi namuna sifatida bir yoki ikki baytni keltiradi; shoirlar bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsa, o‘zining unga bo‘lgan shaxsiy yoki ijodiy munosabatini ham uqtirib o‘tadi; shoirlar haqidagi ma’lumotlar esa haqqoniy va xolisonaligi bilan ajralib turadi.
Uchinchidan, Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»ida Sharq adabiyotshunosligidagi ikki an’ana ko‘rinadi: biri-tazkirachilik, ikkinchisi biror-bir shoir she’rlariga sharh yozish.
Ma’lumki, biror-bir shoir she’rlariga sharh yozish arab va fors-tojik adabiyotshunosligida ancha tajribalarga ega. Jumladan, Hofiz, Rumiy asarlariga yozilgan sharhlar. Ammo, bu tajriba turkiy-o‘zbek tilidagi adabiyotshunoslikda Alisher Navoiygacha bo‘lgan davrda ko‘zga tashlanmaydi.
Alisher Navoiy turkiy adabiyotshunoslikdagi bu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida «Majolis un-nafois» tazkirasining sakkizinchi majlisida Husayn Boyqaro she’riyatiga yozgan sharhini joylashtiradi. Shuning natijasida «Majolis un-nafois» da ham tazkirachilik an’anasi va ham sharh yozish an’anasi mujassam bo‘lib, «Majolis un-nafois»ning boshqa tazkiralardan farq qiluvchi xususiyatini ham maydonga keltiradi. Shuning bilan bir qatorda Alisher Navoiy turkiy-o‘zbek adabiyotshunosligida shoirlar she’rlariga sharh yozish an’anasini boshlab beradi. Alisher Navoiy bu an’anani Shoh G‘arib Mirzo devoniga sharh yozish bilan davom ettirish niyatida edi, ammo bu niyat amalga oshmagan ko‘rinadi.
To‘rtinchidan, Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» da birinchi marta Amir Temur va temuriyzoda shoirlar haqida tizimli ma’lumot va asarlaridan namunalarni keltiradi. Bu nihoyatda muhim va nodir ma’lumotlardir.[1]
Navoiy Amir Temurni “Hoqoni jahongiri sohibqiron” deya ulug‘lab, uning adolatli hukmdor sifatidagi faoliyatini e’tirof etadi. Temurning she’r yozmasa-da, nazm va nasrni joyi kelganda o‘qib yuborishini ta’kidlaydi. “Majolis un-nafois” tazkirasida Navoiy Temurni “Muluk shajarlarining bo‘stoni va salotin gavharlarining ummoni” deya ta’riflaydi . Bu bilan u Temurni nafaqat buyuk sarkarda, balki temuriylar sulolasining asoschisi sifatida ham ulug‘laydi.
Navoiyning ta’kidlashicha, Temur she’r yozmasa-da, nazm va nasrni o‘qishga havas qo‘ygan va bu borada yaxshi didga ega bo‘lgan. Uning fikricha, Temurning birgina baytni o‘qishi mingta yaxshi bayt yozgandan afzalroq edi. Bu ham Temurning nafaqat harbiy qudrat egasi, balki ma’rifatli hukmdor bo‘lganidan dalolat beradi.
Shuningdek, Navoiy Temurning adolatli hukmdor sifatidagi faoliyatini ham e’tirof etadi. Uning asarlarida Temurning adolati va insonparvarligiga oid ko‘plab hikoyalar keltirilgan. Bu hikoyalarda Temur oddiy xalqning haq-huquqlarini himoya qilgan, zulm va adolatsizlikka qarshi kurashgan hukmdor sifatida tasvirlanadi.
Alisher Navoiy asarlarida Amir Temur shaxsiyati va faoliyatiga oid turli rivoyatlarni uchratish mumkin. Bu rivoyatlarda Sohibqiron adolatparvar, dindor va xalqparvar hukmdor sifatida tasvirlanadi.
Masalan, "Hayrat ul-abror" dostonida Navoiy Temurning o‘g‘li Mironshohning Tabrizda zulm o‘tkazayotgani haqidagi xabarni eshitib, u yerga borib adolatni o‘rnatgani haqida hikoya qiladi. Bu voqeada Temur qattiqqo‘l, ammo ayni paytda adolatli hukmdor sifatida ko‘rinadi. U xalqning shikoyatlarini tinglaydi, aybdorlarni jazolash bilan birga, zarar ko‘rganlarga yordam beradi .
Yana bir rivoyatda esa, Temurning Iroqqa yurishi paytida Xoja Abdulqodir ismli avliyo bilan uchrashuvi tasvirlanadi. Xoja Abdulqodir Temurdan Iroq xalqiga rahm qilishni so‘raydi va Temur uning iltimosini qabul qiladi. Bu rivoyat orqali Navoiy Temurning nafaqat kuchli sarkarda, balki dindor va rahmdil inson ekanligini ham ko‘rsatmoqchi bo‘ladi .
Bundan tashqari, Navoiy Temurni ideal hukmdor namunasi sifatida ko‘rsatadi va o‘z davridagi hukmdorlarga ibratli o‘rnak bo‘lishga undaydi.
Navoiy temuriy hukmdorlarning ko‘plarini iste’dodli shoirlar sifatida ta’riflaydi. Xususan, Shohruh Mirzo, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro kabilarning she’rlarini yuqori baholaydi. Ularning ijodini tahlil qilib, o‘ziga xos uslublarini ko‘rsatib beradi.
Alisher Navoiy asarlarida Temuriylar davri adabiy muhitining yorqin manzarasi gavdalanadi. U o‘z davridagi ko‘plab ijodkorlarning she’riy merosini chuqur tahlil qiladi va ularning ijodiy uslublarini aniqlab beradi. Sohibqiron Temur va uning avlodlari adabiyot va san’atga, ilm-fanga yaqin kishilar edi. E’tiborga molik jihati shundaki, Navoiy Temuriy hukmdorlarning ko‘pchiligini nafaqat davlat arbobi, balki iste’dodli shoirlar sifatida ham yuksak baholaydi. Shoir o‘zining «Majolis un-nafois» tazkirasida ulardan 22 temuriy ijodkorlarning ism-shariflarini zikr etib, qisqa- qisqa to‘xtalib o‘tgan. Sulton Husayn Boyqaro ijodi va devoni tahliliga u maxsus sakkizinchi bob («majlis»)ni bag‘ishlagan. Navoiy tilga olgan shoirlar orasida Xalil Sulton, Ulug‘bek Mnrzo, Boysung‘ur Mirzo, Abulqosim Bobir Mirzo, Shoh G‘arib Mirzo va boshqalar bor. Xususan, Shohrux Mirzo ijodini tahlil qilar ekan, Navoiy uning she’rlarida "ulug‘vorlik va saltanat ruhining ifodasi"ni ko‘radi. Ulug‘bekning she’riyati haqida esa Navoiy "ilmiy va falsafiy mushohadalarga boyligi"ni alohida ta’kidlaydi. [1;112]
Husayn Boyqaroning she’rlariga Navoiy alohida mehr bilan yondashadi. Uning lirikasida "samimiylik va hissiyotlarning jo‘shqinligi"ni qadrlaydi. Navoiyning ta’kidlashicha, Boyqaro she’rlarida "ishq va muhabbatning barcha qirralari" o‘z aksini topgan. Ular hammasi o‘zlari she’r yozish bilan birga ijodkorlarga homiylik ham qilganlar.
Demak, Navoiy asarlari orqali biz nafaqat o‘sha davr adabiy muhitini, balki Temuriy hukmdorlarning shaxsiy va ijodiy qiyofasini ham yaqindan bilib olamiz. Navoiy tazkiralarida temuriylar davridagi ilm-fan va madaniyatning rivojlanishiga ham alohida e’tibor qaratadi. Bu davrda yashab ijod qilgan ko‘plab olimlar, shoirlar va san’atkorlar haqida ma’lumot beradi.
Navoiy o‘zining "Majolis un-nafois", "Nasoyim ul-muhabbat" kabi tazkiralarida temuriylar davrida yashab ijod qilgan olimlar, shoirlar, musavvirlar, xattotlar, musiqachilar haqida qimmatli ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Bu davr ilm-fan va madaniyatining gullab-yashnagan davri bo‘lganini ta’kidlaydi.
Masalan, "Majolis un-nafois"da u o‘z davrining yetuk olimi Mirzo Ulug‘bekni "falakiyot ilmining sultoni" deb ataydi va uning rasadxonasida olib borgan ilmiy ishlarini yuqori baholaydi. Shuningdek, tazkirada Alisher Navoiyning ustozi bo‘lgan mashhur olim va shoir Pahlavon Muhammad haqida ham ma’lumotlar bor. U Pahlavon Muhammadni "fazilat va kamol ahli" deb ta’riflaydi. [1;124]
"Nasoyim ul-muhabbat"da esa Navoiy Xoja Ahror Valiy kabi tasavvuf allomalarining faoliyatiga to‘xtalib, ularning ma’naviy-axloqiy qarashlari xalq ma’naviyatiga katta ta’sir ko‘rsatganini aytib o‘tadi.
Umuman olganda, Navoiy tazkiralari Temuriylar davri ilm-fani va madaniyatini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Ular orqali biz o‘sha davrning buyuk siymolari, ularning ilmiy va ijodiy faoliyati haqida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.
Navoiyning temuriylarga bo‘lgan hurmati ularning shaxsiyatigagina emas, balki ular yaratgan davlat va madaniyatga ham qaratilgan edi. U temuriylar davrini "oltin davr" deb atab, bu davrda ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilganini ta’kidlaydi. Xususan, Ulug‘bekning ilmiy faoliyatiga yuksak baho beradi va uning rasadxonasini dunyodagi eng yirik ilmiy markazlardan biri sifatida e’tirof etadi.
Alisher Navoiy Temuriylarga bo‘lgan hurmatini nafaqat ularning shaxsiyatiga, balki ular qurgan davlat va madaniyatga ham qaratgan edi. U Temuriylar davrini "Oltin davr" deb ataydi va bu davrda ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilganini ta’kidlaydi.
Amir Temurning ismi Navoiyning eng mashhur asarlaridan biri – “Muhokamat ul-lug‘atayn”da ham eslanadi, deydi, navoiyshunos olim O. Davlatov: “Unda donishmand shoir arab, fors va turkiy tillarning rivojlanish omillarini milliy davlatchilik masalasiga bog‘lab tushuntirishga harakat qilgan. Jumladan, turkiy tilning shakllanishi va adabiy til sifatida iste’molga kirishini Amir Temur shaxsiyati va faoliyatiga bog‘lab yozadi: “To mulk arab va sort salotinidin turk xonlarg‘a intiqol topti, Huloguxon zamonidin sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon davronig‘acha turk tili bila andoq shoir paydo bo‘lmadikim, ta’rif qilg‘ucha asar zohir bo‘lmish bo‘lg‘ay. Va salotindin ham andoq nima manqul emaski, birov qoshida aytsa bo‘lg‘ay. Ammo Sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon zamonidin farzandi xalafi Shohrux sultonning zamonining oxirigacha turk tili bilan shuaro paydo bo‘ldilar”. Navoiy bu bilan millatning madaniyati va ma’naviy olamining rivoji uchun o‘z davlatchiligiga ega bo‘lishi, ayni paytda, har bir millat o‘z davlatchiligini saqlab qolishi uchun o‘z tafakkur olamini saqlashiga, ma’naviy olamning asoslaridan bo‘lmish til va adabiyotini rivojlantirish uchun qayg‘urishi lozimligi, bu borada Amir Temur va uning avlodi o‘rnak bo‘lishini ta’kidlagan. [5;2] Ushbu ma’noni boshqa bir joyda shunday nazm qilgan:
Dahr aro turk shohi foyiqdur,
El aro turk lafzi loyiqdur.
Navoiy nazarida Amir Temur – buyuk saltanat asoschisi, nomi afsonalarga yo‘g‘rilgan o‘tmish podshohlari bilan bo‘ylasha oladigan hukmdor. Uning davlatchilik bobida qilgan ishlari, asos solgan qudratli davlati Kayumars, Jamshid, Faridun, Doro, Iskandar, Chingizxondek olamni o‘z zabtiga olgan sultonlar shavkatidan zarracha kam emas. Amir Temur qahri qattiq shoh bo‘lish bilan birga, kechirimlilik va bag‘rikenglik uning tug‘ma fazilatlaridan bo‘lgan.
Masalan, Navoiy "Tarixi muluki Ajam" asarida Temuriylar davlatining kengayishi va qudratini tasvirlab, ularning jahon tarixidagi o‘rnini yuqori baholaydi. Xususan, Amir Temurning harbiy yurishlari va davlat boshqaruvidagi mahoratini e’tirof etib, uni buyuk sarkarda va adolatli hukmdor sifatida ko‘rsatadi. [3;212]
Shuningdek, Navoiy Ulug‘bekning ilmiy faoliyatiga ham yuksak baho beradi. Ulug‘bekning astronomiya sohasidagi kashfiyotlari va yaratgan rasadxonasini dunyodagi eng yirik ilmiy markazlardan biri sifatida e’tirof etadi. "Majolis un-nafois" asarida Navoiy Ulug‘bekni "falakiyot ilmining sultoni" deb ataydi va uning ilmiy ishlarini yuqori baholaydi.
Bundan tashqari, Navoiy Temuriylar davrida yaratilgan me’moriy obidalar, adabiyot va san’at asarlarini ham yuqori baholaydi. Uning asarlarida Husayn Boyqaro saroyidagi hashamatli bezaklar, Hirotda qurilgan bog‘lar va madrasalar, shuningdek, Behzod kabi musavvir-larning ijodi haqida ma’lumotlar uchraydi. Umuman olganda, Navoiy Temuriylar davrini o‘zining asarlarida ulug‘lab, bu davrning buyuk shaxslari, ilmiy yutuqlari va madaniy merosiga yuksak baho bergan. Navoiy temuriylarning harbiy yutuqlarini ham ulug‘laydi. Ularning jasorati va mardligini madh etib, ularni "jahongirlar" deb ataydi. Ayniqsa, Amir Temurning harbiy yurishlarini tasvirlab, uning strategik mahorati va qo‘shinni boshqarishdagi iste’dodini alohida qayd etadi.
Shu bilan birga, Navoiy temuriy hukmdorlarning ba’zi kamchiliklarini ham ochiq-oydin ko‘rsatib beradi. Masalan, Shohruh Mirzoning o‘g‘illari o‘rtasida kelib chiqqan nizolarni va bu nizolarning salbiy oqibatlarini tanqid qiladi. Shuningdek, ba’zi hukmdorlarning hashamatga berilib ketishini va xalqning og‘irini yengil qilmasligini ham qoralaydi.
Navoiy temuriylar tarixini o‘rganish va ularning ijobiy tajribasidan foydalanish muhimligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, temuriylarning davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyat sohasidagi yutuqlari kelajak avlodlar uchun ibrat va namuna bo‘lib xizmat qilishi kerak.
Alisher Navoiy asarlarida Temuriylar davri tarixiga katta e’tibor qaratgan va ularning ijobiy tajribalaridan o‘rganish muhimligini uqtirgan.
Masalan, "Tarixi muluki Ajam" asarida Navoiy Temuriylar sulolasining shajarasini batafsil bayon qiladi va ularning har bir hukmdori davrida erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidlaydi [3;124]. Xususan, Amir Temur davlatni markazlashtirish, savdo-sotiqni rivojlantirish va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarini yuqori baholaydi. Shuningdek, Ulug‘bekning ilmiy faoliyati va Shohruh Mirzoning mamlakatni tinchlik yo‘lida boshqarishdagi xizmatlarini ham alohida e’tirof etadi. Navoiyning fikricha, Temuriylar davrida yaratilgan adabiy, ilmiy va me’moriy meros bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. U "Majolis un-nafois" tazkirasida o‘sha davrning buyuk olimlari, shoirlari va san’atkorlari haqida ma’lumot beradi va ularning ijodiy faoliyatini yuksak baholaydi . Umuman olganda, Navoiy Temuriylar tarixini o‘rganish orqali biz o‘zligimizni anglashimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashimiz va mamlakatimizni rivojlantirish yo‘lida ulardan foydalanishimiz mumkinligini ta’kidlaydi.
Navoiy asarlarida temuriylarga berilgan baholar obyektiv va xolisona. U ularning fazilatlarini ulug‘lagani kabi, kamchiliklarini ham yashirmaydi. Bu esa Navoiyning buyuk adib va tarixchi sifatidagi yuksak mahoratini ko‘rsatadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Пардаева И. Описание Амира Темура и Темуридов в тазкирах Алишера Навои. Великий полководец Амир Темур, объединивший 27 стран, является одним из мировых лидеров, оставивших неизгладимый след в истории человечества. Основатель Амир Темур восхваляется не только как творческий полководец, но и литература периода Тимуридов, возникшая в созданной им общественно-политической среде, представляет собой особый этап в развитии узбекской литературы.
Алишер Навои – один из великих мастеров слова, выросший в период Тимуридов. Он опубликовал свои «Хамса» (1483-1485), «Тарихи Мулуки Аджам» (1488), «Маджалис ун-нафаис» (1490-1491), «Насаим уль-Мухаббат» (1495-1496), «Сокинама», « Мухокамат ул-лугатайн» (1499), «Муншаат» (1498-1499), В более чем десяти бесценных произведениях, таких как «Холоти Пахлавон Мухаммад». В этих произведениях даны уникальные сведения о личных качествах и деятельностях Амир Темура, и такие художественные описание в целом можно назвать «Темурнома» Навои.
Pardayeva I. Description of Amir Temur and Temurians in Alisher Navoi tazkiras. The great commander Amir Temur, who united 27 countries, is one of the world leaders who left an indelible mark on the history of mankind. The founder Amir Temur is praised not only as a creative commander, but also the literature of the Timurid period, which arose in the socio-political environment he created, represents a special stage in the development of Uzbek literature.
Alisher Navoi is one of the great masters of the word who grew up during the Timurid period. He published his "Khamsa" (1483-1485), "Tarihi Muluki Ajam" (1488), "Majalis un-nafais" (1490-1491), "Nasaim ul-Muhabbat" (1495-1496), "Sokinama", "Muhokamat ul-lugatayn" (1499), "Munshaat" (1498-1499), In more than ten priceless works, such as "Kholoti Pahlavon Muhammad". These works provide unique information about the personal qualities and activities of Amir Temur, and such artistic descriptions can generally be called "Temurnoma" of Navoi.
[1] Bu haqda yana qarang: Valixo‘jayev B. Mumtoz siymolar. II jildlik, II jild.- Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 2002. 194-233-b.