ARAB VA INGLIZ TILLARIDA MUROJAAT SHAKLLARINING NUTQIY ETIKETI VA XUSHMUOMALALIK STRATEGIYALARI

Nutqiy etiket va xushmuomalalik strategiyalari til orqali ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy mexanizmlardan biri hisoblanadi. Ular muloqot ishtirokchilari o‘rtasida ijtimoiy muvozanatni ta’minlash, qarama-qarshiliklarning oldini olish hamda o‘zaro hurmatni mustahkamlash vazifasini bajaradi. Muloqot jarayonida murojaat shakllari suhbatdoshlar o‘rtasidagi ijtimoiy maqom, masofa va yaqinlik darajasini belgilovchi muhim pragmatik ko‘rsatkich sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan murojaat birliklari orqali suhbatdoshga nisbatan hurmat, rasmiylik yoki norasmiylik, shuningdek, ijtimoiy rollarning tan olinishi ifodalanadi. Murojaat shakllarini faqat grammatik yoki leksik birlik sifatida talqin qilish yetarli emas. Ular pragmatik va madaniy jihatdan yuklangan nutqiy strategiyalar bo‘lib, muayyan kommunikativ vaziyatda xushmuomalalik darajasini belgilashga xizmat qiladi [Leech, 2014]. Murojaat birliklarining tanlanishi til tizimidan tashqari omillarga, xususan, madaniy me’yorlar, ijtimoiy iyrarxiya, an’ana va qadriyatlarga bevosita bog‘liqdir.

Arab va ingliz tillarida murojaat shakllarining qo‘llanishi, aynan, ana shu madaniy va ijtimoiy omillar bilan belgilanadi. Arab nutqiy an’anasida xushmuomalalik ko‘pincha ochiq va eksplits tarzda ifodalanib, murojaat shakllari orqali adresatning ijtimoiy yoki diniy maqomi alohida ta’kidlanadi. Ingliz tilida esa xushmuomalalik strategiyalari asosan bilvosita, kontekstga mos va diskursiv vositalar orqali amalga oshiriladi, bunda murojaat shaklining o‘zi ikkilamchi ahamiyat kasb etadi [Brown, Levinson, 1987].

Mazkur farq murojaat shakllarining kommunikativ strategiyalardagi rolini qiyosiy-pragmatik jihatdan tahlil qilish zaruratini yuzaga keltiradi. Chunki murojaat birliklari har bir tilda xushmuomalalikning o‘ziga xos madaniy modelini aks ettiradi va nutqiy etiketning til hamda jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqligini yaqqol namoyon qiladi.

Nutqiy etiket jamiyatda qabul qilingan muloqot me’yorlari majmui bo‘lib, u suhbatdoshlar o‘rtasidagi ijtimoiy muvozanatni ta’minlaydi. Pragmatika nuqtayi nazaridan nutqiy etiket til birliklarining vaziyatga mos va ijtimoiy jihatdan maqbul qo‘llanishini anglatadi [Yule, 2020]. Xushmuomalalik (politeness) esa suhbatdoshning “ijtimoiy yuzi”ni saqlashga qaratilgan strategiyalar tizimidir. Brown va Levinson nazariyalariga ko‘ra, muloqotda ijobiy va salbiy munosabat strategiyalari ajratiladi [Brown, Levinson, 1987]. Murojaat shakllari ushbu strategiyalarning muhim vositalaridan biri bo‘lib, ular orqali hurmat bildiriladi yoki ijtimoiy masofa saqlanadi.

Arab nutqiy etiketida murojaat shakllari ijtimoiy munosabatlarning aniq ifodachisi sifatida xizmat qiladi. Masalan, “ustoz” ( yā ustādh / يَا أُسْتَاذ ), “shayx” ( yā shaykh / يَا شَيْخ ), “hoji” ( ājj / يَا حَاجّ ) kabi murojaat birliklari adresatni nomlash bilan birga unga nisbatan hurmat va e’tirofni ham bildiradi. Ushbu murojaatlar suhbatdoshning ilmiy, diniy yoki ijtimoiy maqomini ochiq tarzda ta’kidlab, muloqotda ijtimoiy masofani tartibga solish vazifasini bajaradi.

Bunday murojaat shakllari ko‘pincha positive politeness strategiyasiga mos keladi, chunki ular umumiy ijtimoiy birdamlik, hurmat va o‘zaro yaqinlikni kuchaytirishga xizmat qiladi [Al-Batal, 2017]. Masalan, kundalik muloqotda “yā ustādh” shaklining qo‘llanishi nafaqat murojaat, balki suhbatdoshni ijtimoiy jihatdan tan olish va unga nisbatan ijobiy munosabat bildirish vositasi hisoblanadi.

Arab tilida murojaat shakllari orqali iyrarxik munosabatlar ochiq va eksplits tarzda ifodalanadi. Bu holat nutqiy etiketing jamoaviy madaniyat bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi, chunki murojaat birliklari shaxsning jamiyatdagi o‘rnini belgilash va ijtimoiy rollarni mustahkamlashga xizmat qiladi [Hofstede, 2001].

Ingliz tilidagi nutqiy etiket tizimi xushmuomalalikni asosan bilvosita va kontekstga mos tarzda ifodalashga yo‘naltirilgan. Bu yerda murojaat shakllari ijtimoiy masofani ochiq belgilashdan ko‘ra, suhbatdoshning shaxsiyatini hurmat qilish tamoyiliga xizmat qiladi. Shu sababli ingliz tilida first name asosidagi murojaatlar professional va akademik muhitda keng qo‘llanadi va bu holat negative politeness strategiyasining ustuvorligini ko‘rsatadi [Brown , Levinson, 1987].

Ingliz nutqiy amaliyotida “sir” va “madam” kabi murojaat shakllari mavjud bo‘lsa-da, ularning qo‘llanish doirasi, asosan, rasmiy va institutsional vaziyatlar bilan cheklanadi. Bunday murojaatlar xizmat ko‘rsatish sohalarida, rasmiy murojaatlarda yoki notanish shaxslar bilan muloqotda ishlatiladi va ijtimoiy masofani saqlash vazifasini bajaradi. Biroq ingliz tilining kundalik nutqida ushbu murojaat shakllarining faol qo‘llanishi kuzatilmaydi. Kundalik muloqotda murojaat shakllarining qisqarishi, masalan, ism asosida murojaat qilish yoki murojaat birliklarining umuman tushirib qoldirilishi xushmuomalalikning buzilishi sifatida talqin etilmaydi. Aksincha, bunday holat kommunikativ tenglik, norasmiylik va ochiqlik belgisi sifatida qabul qilinadi hamda suhbatdoshlar o‘rtasida ijtimoiy masofaning qisqarishini ifodalaydi [Leech, 2014]. Bu jihat ingliz nutqiy madaniyatida shaxsiy va individual avtonomiyani hurmat qilish tamoyilining ustuvorligini ko‘rsatadi.

Ingliz tilida xushmuomalalik strategiyalari ko‘pincha murojaat shakllarining o‘zidan ko‘ra, leksik va sintaktik yumshatish vositalari orqali amalga oshiriladi. Jumladan, modal fe’llar (could, would, might), ehtiyotkor ifodalar (perhaps, I was wondering if), shuningdek, bilvosita iltimos va savol konstruktsiyalari xushmuomalalikni ta’minlovchi asosiy pragmatik vositalar hisoblanadi. Shu sababli ingliz nutqida murojaat birliklari xushmuomalalik strategiyalarining markazida emas, balki umumiy diskursiv tuzilmaning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi [Yule, 2020].

Natijada ingliz tilida murojaat shakllari pragmatik jihatdan ikkilamchi bo‘lsa-da, ularning strategik ahamiyati saqlanib qoladi. Ular muloqotning rasmiy yoki norasmiyligini belgilashda, shuningdek, suhbatdoshlar o‘rtasidagi ijtimoiy masofani nozik tarzda tartibga solishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.

Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, har ikki tilda xushmuomalalik strategiyalari mavjud bo‘lsa-da, ularning pragmatik amalga oshirilish mexanizmlari farqlidir. Arab tilida xushmuomalalik, ko‘pincha murojaat shaklining o‘zi orqali ro‘yobga chiqadi, ingliz tilida esa xushmuomalalik asosan, diskurs, darajasida, ya’ni gapning umumiy pragmatik tuzilmasi orqali ifodalanadi [Holmes, 2013]. Bu esa ingliz tilida murojaat shakllari kommunikativ strategiyaning markazida emas, balki yordamchi vosita sifatida namoyon bo‘lishini anglatadi.

Maqolada arab va ingliz tillarida murojaat shakllarining nutqiy etiket va xushmuomalalik strategiyalaridagi o‘rni qiyosiy-pragmatik jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari murojaat shakllari har ikki tilda xushmuomalalikni ta’minlovchi muhim vosita ekanini tasdiqladi, biroq ularning kommunikativ funksiyasi madaniy jihatdan farqlanishini ko‘rsatdi. Arab tilida murojaat shakllari hurmat, iyrarxiya va ijtimoiy birdamlikni ochiq ifodalovchi markaziy pragmatik vosita sifatida namoyon bo‘lsa, ingliz tilida ular xushmuomalalik strategiyalarining yordamchi elementi bo‘lib qoladi. Ushbu xulosalar murojaat shakllarini lingvistik birlik bilangina emas, balki madaniy va pragmatik fenomen sifatida o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi hamda madaniyatlararo muloqot, tarjima va chet tillarni o‘qitish jarayonida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Al-Batal M. Pragmatics and politeness in Arabic discourse // Journal of Arabic Linguistics. 2017. Vol. 9, No. 2. P. 45–62.
  2. Brown P., Levinson S. C. Politeness: Some universals in language usage. Cambridge: Cambridge University Press, 1987. Vol. 7, No. 3. P. 25–34.
  3. Hofstede G. Culture’s consequences: Comparing values, behaviors, institutions, and organizations across nations. 2nd ed. Thousand Oaks: Sage Publications, 2001. Vol. 5, No. 4. P. 132–148.
  4. Holmes J. An introduction to sociolinguistics. 4th ed. London: Routledge, 2013. Vol. 5, No. 3. P. 78–86.
  5. Leech G. The pragmatics of politeness. Oxford: Oxford University Press, 2014. Vol. 4, No.1. P. 35–48.
  6. Yule G. The study of language. 7th ed. Cambridge: Cambridge University Press, 2020. Vol. 8, No. 3. P. 156–165.
  7. Watts R. J. Politeness. Cambridge: Cambridge University Press, 2003. Vol. 6, No. 1. P. 78 – 83.
  8. Spencer-Oatey H. Culturally speaking: Culture, communication and politeness theory. 2nd ed. London: Continuum, 2008. Vol. 7, No. 3. P. 68–80.
  9. Culpeper J. Impoliteness: Using language to cause offence. Cambridge: Cambridge University Press, 2011. Vol. 5, No. 1. P. 115–126.

 

Nomozov A. Forms of address, speech etiquette, and politeness strategies in Arabic and English. This article examines the pragmatic features of forms of address in Arabic and English within the framework of speech etiquette and polite speech strategies. The study highlights the role of address units in expressing politeness, maintaining communicative balance, and regulating social relations. The theoretical framework is based on politeness theories, with particular reference to the politeness model proposed by Brown and Levinson. The comparative analysis indicates that forms of address in Arabic are more strongly grounded in social hierarchy and collective values, whereas polite speech strategies in English are shaped by individual autonomy and contextual flexibility. Speech etiquette is conceptualized as a culturally conditioned pragmatic phenomenon.

 

Номозов А Формы обращения, речевой этикет и стратегии вежливости в арабском и английском языках. В статье анализируются прагматические особенности форм обращения в арабском и английском языках в рамках речевого этикета и стратегий вежливой речи. Исследование фокусируется на роли адресных единиц в выражении вежливости, поддержании коммуникативного равновесия и регулировании социальных отношений. В качестве теоретической основы используются концепции вежливости, в частности модель вежливости Брауна и Левинсона. Результаты сравнительного анализа показывают, что в арабском языке формы обращения в большей степени опираются на социальную иерархию и коллективные ценности, тогда как в английском языке стратегии вежливой речи определяются индивидуальной автономией и контекстуальной гибкостью. Речевой этикет интерпретируется как культурно обусловленное прагматическое явление.

 

        

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati