“ARBA’INI JOMIY” HADISLARINING TARJIMASI XUSUSIDA

Buyuk so‘z san’atkori Abdurahmon Jomiyning “Chihl hadis”, “Tarjumai arba’in hadis”, “Arba’in hadis”, “Arba’ini Jomiy” kabi turli nomlar bilan yuritilgan asari o‘z davrida nafaqat fors-tojik adabiyoti ixlosmandlari orasida, balki turkiy adabiyot muhiblari o‘rtasida ham juda mashhur bo‘lgan. Shu boisdan bu asar kotiblar tomonidan juda ko‘plab nusxalarda ko‘chirilgan. Hatto ba’zi kutubxonalardan Abdurahmon Jomiy “Arba’in”ining yuzdan ortiq qo‘lyozma nusxasi topilgan. Asar forscha qisqa nasriy muqaddima bilan boshlangan.  Abdurahmon Jomiy ham fors adabiyotidagi boshqa ko‘plab qirq hadis tarjimonlari kabi debochani arab tilida yozishni xohlamaganligi manbalarda aytiladi. Shundan so‘ng hadislar tarjimasiga o‘tilgan. “Arba’ini Jomiy” turli davrlarda ko‘plab nusxalarda ko‘chirilganligi bois, qo‘lyozmalarda hadislarning berilish tartibi bir-biridan farq qiladi. Bu xattotlar, kotiblar va hatto muzahhib (kitoblarni zarhal hoshiyalar bilan bezovchi) larning ijodlari sabablidir. Ularning asarni ko‘chirish ishlariga erkin yondashuvlari natijasida, hadislarning berilish tartibi asliyatdagiga nisbatan ancha o‘zgarishlarga uchragan. Mazkur asarning turkiy tilga birinchi tarjimoni sifatida  Alisher Navoiy e’tirof etiladi. “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida Alisher Navoiy  Abdurahmon Jomiy qirqta hadisni tanlab olib arabchadan fors tiliga tarjima qilganini va hammadan oldin qoralamasini unga berganini, mutolaa qilib chiqqandan so‘ng, bu “Arba’in”ni turkiy tilga tarjima qilish orzusi ko‘ngliga tushganini yozadi. Tarjimani bir-ikki kun ichida amalga oshirganini ham debochada ta’kidlaydi. “Arba’ini Jomiy”da hadislarning qaysi buyuk muhaddislarning asarlaridan olinganligi aytilmagan. Alisher Navoiy “Arba’in”idagi yigirma uch baytli she’riy muqaddimada Abdurahmon Jomiyning bu hadislarni eng sahih hadislarni to‘plagan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy va Muslim ibn Xajjojdan olganini aytib, jumladan, shunday yozadi:

O‘qug‘anda Buxori-u Muslim

Qirq so‘z borcha shubhadin solim.                               

Barcha shubhalardan xoli qirq hadisni o‘zida jamlagan “Arba’ini Jomiy”ning turkiy tilga Alisher Navoiydan boshqa tarjimonlari ham bo‘lganmi? Shu paytga qadar Navoiy asarlari tadqiqi bilan shug‘ullangan adabiyotshunoslarning ilmiy risola va kitoblarida ushbu asar haqida ham batafsil so‘z yuritilgan bo‘lsa-da, ammo, Abdurahmon Jomiy “Arba’in”ining Alisher Navoiydan boshqa tarjimonlari ham bo‘lganligi haqida bir so‘z deyilmagan. Aslida, fors-tojik va turkiy adabiyot olamida mashhur bo‘lgan “Arba’ini Jomiy”ning Alisher Navoiydan boshqa tarjimonlari ham bo‘lishgan. Bu borada ulug‘ mutafakkir bobomizdan keyin ozarbayjon adabiyotining yirik namoyandasi Fuzuliy nomini tilga olish joiz. Fuzuliy Alisher Navoiydan farqli o‘laroq, o‘z “Arba’in”ini nasriy muqaddima bilan boshlagan. Ya’ni bu borada u Abdurahmon Jomiy yo‘lini tutgan. Shuningdek, Alisher Navoiy ham, Fuzuliy ham vazn va janr bobida Abdurahmon Jomiy uslubini saqlashgan. Professor Abdulqodir Qoraxon “Jomiyning “Arba’in”i va turkcha tarjimalari” kitobida bu asarning Alisher Navoiy va Fuzuliydan tashqari yana boshqa tarjimonlari ham bo‘lganligini yozadi. Xususan, XVI-XVII asrlar usmonli turk adabiyotida “Arba’ini Jomiy”ning Rixlatiy, Nabiy va Munif kabi shoirlar tomonidan ham tarjima qilinganligini qayd etadi. Bundan tashqari olim “Arba’ini Jomiy”ning noma’lum bir muallif tomonidan ham tarjima qilingani haqida ma’lumot beradi. Qiziq tomoni shundaki, noma’lum muallif qo‘liga tushgan qirq hadis tarjimasining Abdurahmon Jomiyga tegishli ekanligini hatto bilmagan. Ehtimol, shuning uchundir, balki o‘zi istamaganligi bois yoki boshqa noma’lum sabablarga ko‘ra, tarjimon o‘z ismining sir tutilishini xohlagan. Tadqiqotchilar “Arba’ini Jomiy”ning boshqa yana ko‘plab tarjimonlari ham o‘z ismlarini ma’lum qilmaslikni afzal bilishganliklarini ta’kidlashadi.

“Arba’ini Jomiy”ning barcha tarjimonlari Abdurahmon Jomiy qo‘llagan vazn va nazm shaklini qabul qilishgan. Ya’ni tarjima ishini aruzning “foilotun mafoilun foilun” bahrida, qit’a janrida amalga oshirishgan. Faqat Alisher Navoiy va Nabiy “Arba’in”i she’riy muqaddima bilan boshlangan. Boshqalarda esa Jomiydagi kabi muqaddima nasriy uslubda bitilgan.

 “Arba’ini Jomiy”ning ko‘pgina qo‘lyozma nusxalarida Muhammad payg‘ambar alayhissalomning: “La: yoʻminu ahadukum hatta ya hibbu li-axihi ma: ya hibbu li-nafsih(i)” – “Qaysi biringiz toki o‘ziga ravo ko‘rmaganni birodariga ravo ko‘rar ekan, imonli bo‘lmag‘ay” hadisining she’riy tarjimasi bilan boshlangan. Aburahmon Jomiy tarjimasi quyidagicha:

Har kasi ro laqab ma’kun moʻmin,

Garchi az sa’i jonu tan kohad.

To noxohad barodari xudro

Onchi az bahri xeyshtan xohad.

Abdurahmon Jomiyning ushbu tarjimasi Alisher Navoiy, Fuzuliy, Rixlatiy, Nabiy, Munif va noma’lum muallif tomonidan qay tarzda turkiy tilga o‘girilganligiga e’tibor qaratamiz.

Alisher Navoiy tarjimasi:

 

Moʻmin ermastur ulki, iymondin

Ro‘zg‘orida yuz safo ko‘rgay.

Toki, qardoshig‘a ravo ko‘rmas –

Nekim, o‘z nafsig‘a ravo ko‘rgay.

 

Fuzuliy tarjimasi:

 

Moʻmin olmas kishi haqiqat ila

Tutmaguncha tariqi tarki havo.

Har ne, o‘z nafsig‘a ravo ko‘rsa,

Yoru qardoshg‘a ko‘rmaguncha ravo.

 

Rixlatiy tarjimasi:

 

Moʻmini komil olmagay hargiz,

Sevmagan joni kabi qardoshini.

Do‘st ko‘rinar, lek, dushman bo‘lar,

Soz qilmasa ichi ila toshini.

 

Nabiy tarjimasi:

 

Dedi faxri rusul, emastur moʻmin,

Ul kesgankim ziro‘yi sidqu safo.

O‘z nafsig‘a ko‘rganni loyiq,

Ko‘rmasa to birodarig‘a ravo.

 

Munif tarjimasi:

 

Moʻmin olmas ul kimsa har na qadar,

Topsa husni amalda umru fano.

Har ne istarsa nafsig‘a, tokim,

Uni ixvonga dag‘i ko‘rsa sazo.                               

Noma’lum muallif tarjimasi:

 

Moʻmin olmas ul kimsa olamda,

Jismu jonin baxsh etar har na qadar.

To qarindoshi moʻminga  tilamas,

Ani kim, o‘zin nafsig‘a istar.                                   

Mazkur tarjimalar orasida Abdurahmon Jomiy qit’asiga eng yaqin keladigani noma’lum muallifniki hisoblanadi. Agar boshqalarniki bilan solishtirilsa Alisher Navoiy ham, Fuzuliy ham, usmonli turk shoirlari ham “Arba’ini Jomiy”ni ancha erkin tarjima qilganliklari ko‘zga tashlanadi.

Ma’lumki, Abdurahmon Jomiy qirq hadis tarjimasiga qo‘l urgan paytda, yetmish yoshni qoralab qolgan edi. Ba’zi g‘arb tadqiqotchilari “Arba’ini Jomiy”ni badiiyat nuqtayi nazaridan shoirning boshqa asarlari bilan solishtirganda, u qadar yuqori saviyadagi asar emasligini aytar ekan, bunga Abdurahmon Jomiyning keksayib qolganligini ham sabab qilib ko‘rsatishadi. Bizningcha, bunga Abdurahmon Jomiyning keksayib qolganligini sabab qilib ko‘rsatilishi ko‘p ham to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Avvalo, shoirning “Arba’ini Jomiy”ga qo‘l urishdan ko‘zlagan maqsadi yuksak badiiyat namunasini yaratish bo‘lmagan. Abdurahmon Jomiy hadislar odamlarga g‘oyatda tushunarli va yodlash oson bo‘lishi uchun bu ishni amalga oshirgan. Ayni harakati bilan esa o‘zidan keyingi tarjimonlarga saboq ham bergan. Ya’ni hadislarning mazmuni qalbga tez o‘rnashib qoladigan darajada tarjima sodda va qulay tarzda amalga oshirilishi kerakligini o‘zi amalda isbotlab ko‘rsatgan. Qolaversa, hadislar, avvalo, payg‘ambarimizning ko‘rsatmalaridir. Ularni tarjima qilayotganda, xayolot va ilhom qushlarini ko‘p ham erkin qo‘yib bo‘lmaydi. Tarjimada she’r tilini murakkablashtirish esa shoirning savob umidini yo‘qqa chiqaradi. Ayniqsa, qirq hadis tarjimonlari bu narsaga juda e’tiborli bo‘lishgan. Ular nozik so‘z o‘yinlari, ko‘p qatlamli badiiy tasvir vositalarini arba’in turkumidagi asarlarda ko‘p qo‘llayvermaganlar. Lekin shunday bo‘lsa-da, fransuz olimi Bloshe Abdurahmon Jomiyning ba’zan o‘zi bilgan va xohlagan tarzda hadislarning ma’no chegaralaridan oshganligini ham ta’kidlaydi. Xususan, bu “Arba’ini Jomiy”da “Utlubul-xayra’inda hisonil-vujuh”– “Yaxshilikni ochiq, xushro‘y yuzli kishilardan kutinglar” hadisining tarjimasida kuzatilishini qayd etadi.

Aytish mumkinki, shaxsi nuroniy va ilmi irfoniy, ruhoniy kamolotda benazir bo‘lgan Abdurahmon Jomiyning ushbu asari hadislarning she’riy izohi ham hisoblanadi.

Bularning barchasi esa azal-azaldan sharq zaminida insonni ma’nan yuksaltiruvchi, unga saodat yo‘llarini ko‘rsatuvchi xayrli amallarga hamma vaqt katta e’tibor qaratilganligini ko‘rsatadi. Garchi bizning nazarimizda, qirq hadis tarjimasi, ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va  Alisher Navoiydek ulkan iste’dod va tafakkur sohiblariga arzimagan ishdek tuyulsa ham, ammo, buyuk bobokalonlarimiz aslo bunday deb o‘ylamaganlar. Aksincha, buni xalqqa yana bir sharafli xizmat deb bilganlar.

XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrning avvallari o‘zbek va tojik xalqlari madaniy hayotida eng sermahsul bir davr hisoblanadi. XV asrning ikkinchi yarmiga kelib ham o‘zbek, ham fors-tojik tilidagi adabiyotda katta sifat o‘zgarishlari vujudga kelgan. Bu ikki adabiyotning ikki darg‘asi - Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning shoh asarlari yaratildi. Ularning rahnamoligida tojik hamda o‘zbek xalqlari o‘rtasida ilm-fan, san’at va adabiyotning janr hududlari kengaydi.

Xulosa qilib aytganda, har bir xalqning badiiy adabiyoti uning ijtimoiy hayotini ko‘rsatuvchi yirik oynadir. Zero, qissalar, she’rlar, maqollar va boshqa san’atlarda xalqlarning hayoti o‘zgacha jilva va shukuhga egadir. Fors tili va adabiyoti ham juda  ulkan madaniy boyliklarga  ega bo‘lgani bois, asrlar davomida  ilm, din va irfon  tili  bo‘lib kelgan va hozir ham ushbu qoidadan chiqqan emas.

 

 

 

 

Foydalanilgan  adabiyotlar  ro‘yxati:

 

1. Muhiddinov Muslihiddin. Adabiy an’ana va ijodiy o‘ziga xoslik. – Toshkent: O‘qituvchi, 1990.  – 85 bet.

2. Muhiddinov Muslihiddin. Barhayot an’analar. – Toshkeng: Fan, 1987.

3. Османов М. Стиль персидско-таджикской поэзии ( IX-X вв.) –Москва: Наука, 1974. – С. 562. 

4. Po‘latov Yu. O‘zbekistonda chet el adabiyotini o‘rganishga doir. - Toshkent: O‘qituvchi, 1975.

5. Sirojiddinov Shuhrat. Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili. –Toshkent: Akademnashr, 211. – 328 bet.

6. Samatov Abdusalom. O‘zbek-tojik adabiyoti: o‘zaro aloqalar, o‘zaro ta’sir. – Toshkent: O‘zbekiston, 1990. – 64 bet.

7. Salomov Gʻ. Adabiy an’ana va badiiy tarjima. – Toshkent: Fan, 1980. – 157 bet.

8. Tarjima san’ati. Maqolalar to‘plami. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1976. – 312 bet.

9. Shomuhamedov A. Hamkorlik samaralari. –Toshkent: Fan, 1982. – 56 bet.

 10. Shamsiyev Porso.  O‘zbek klassik adabiyoti lug‘ati. –Toshkent: 1953.

 11. O‘zbek-tojik adabiy aloqalari tarixidan. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1973. – 120 bet.

 

Kaримова С. О переводах хадисов “Арбаъини Жомий”. Поскольку персидско-таджикская литература приобрела огромное культурное наследие, она и по сей день продолжает быть языком науки, религии и духовности. В статье проводится анализ тюркоязычных переводов произведения “Арбаъини Жомий”, осуществлённых такими поэтами, как Алишер Навои, Фузулий, Рихлатий, Набий, Муниф и другими неизвестными переводчиками.

 

Karimova S. About translations of “Arbaini Jomiy”. As Persian-Tajik literature had mastered a great cultural heritage, it stays to be the language of science, religion and enlightment up to the present day. The article contains analysis of Turkic translations of “Arbaini Jomiy”, fulfilled by such poets as Alisher Navoi, Fuzuliy, Rikhlariy, Nabiy, Munif and other unknown translators.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati