BIZNES MULOQOTDA ASOSIY LINGVISTIK HAMDA AXLOQIY TAMOYILLAR VA QOIDALAR

Ishbilarmonlik munosabatlari yoki aloqalari bugungi kunda jamiyatning barcha jabhalarida mavjud.

Odamlar bilan to‘g‘ri muloqot qilish qobiliyati biznes sohasida, kasbiy va tadbirkorlik faoliyatida muvaffaqiyatga erishishning eng muhim omillaridan biridir. O‘tgan asrning 30-yillarida Deyl Karnegi kishining moliyaviy muvaffaqiyati, hatto texnik yoki muhandislik sohasida ham 15% uning kasbiy mahoratga, 85% odamlar bilan munosabatda bo‘lish qobiliyatiga bog‘liq ekanligini asoslab berdi. [1]

Ishbilarmonlik munosabatlarining o‘ziga xosligi muayyan faoliyatning maqsadi yoki asosi uchun yuzaga keladigan ba’zi mahsulot yoki biznes ehtiyojlari bilan bog‘liq. Ishbilarmonlik aloqasi boshqa aloqa shakllari kabi tarixiy xususiyatga ega bo‘lib, u jamiyatning turli tizimlarida turli shakllarda kuzatiladi. Farqi shundaki, biznes aloqasi boshqa maqsadlarga erishish vositasidir. Shuning uchun ushbu ishda biznes munosabatlari atamasini aniqlash va tahlil qilish bizning vazifamizdir.

Ishbilarmonlik aloqasi amaliy mavzu hisoblanadi, ammo u sotsiologiya, psixologiya, antropologiya, boshqaruv nazariyalari va tushunchalarini o‘rganish va qo‘llash orqali amaliy yondashuvlarni tushunishni chuqurlashtiradi.  Ishbilarmonlik aloqasi ilmiy ekspertiza va nazariy tadqiqot predmeti sifatida turli kontseptual usullar bilan ajralib turadi va

fanlararo aloqadorlikka ega. Shuning uchun biznes munosabatlari ijtimoiy, psixologik, madaniyatlararo va lingvistik nuqtai nazardan ko‘rib chiqiladi.

Ba’zan biznes aloqasi tor ma’noda biznesning professional sohasida aniq maqsadlarga erishishga qaratilgan faoliyat sifatida ishlatilishi mumkin. Ammo ishbilarmonlik muloqotining turlariga ishbilarmonlik suhbati, ish uchrashuvi va biznesning ommaviy taqdimotlari ham kirishini unutmaslik lozim.

Inson madaniyati, eng avvalo, o‘z fikrini og‘zaki va yozma shaklda ifodalash qobiliyati bilan belgilanadi. Ishbilarmonlik munosabatlari nafaqat umumiy madaniyatni, balki ishbilarmonlik odob-axloq qoidalarini ham hurmat qilishni talab qiladi.

L.V.Shcherba dialogni ikkita kommunikantning muloqot sharoitidan kelib chiqib o‘zaro ma’lumot almashish zanjiri deb ataydi [2]. Shuningdek, bir qator olimlar ham dialogning mavjud bo‘lishi, sotsial darajada ikkita o‘zgaruvchining aloqa qilishi sifatida [3], ba’zan esa dialog bo‘lishi uchun bir qator shart-sharoitlar bo‘lishi zarurligiga to‘xtalib o‘tadi [4].

Shunday ekan, ishbilarmonlik suhbatida ham so‘zlarni to‘g‘ri tanlash, grammatik va sintaktik konstruksiyalar, muloqot madaniyati qoidalariga rioya qilish, standart so‘z shakllari va matn konstruksiyalaridan foydalanish bilan samarali bo‘lishi tabiiy. Biznes uslubi stilistik neytral nutq vositalarini va biznes lug‘atini, maxsus oddiy va murakkab jumlalarni, fikrlarni aniq ifodalashni o‘z ichiga oladi.

Biznes nutqida hissiy talqin qilingan lug‘at minimal bo‘ladi. Og‘zaki biznes biznes sherik, kichik guruh va auditoriya bilan shaxsiy muloqot qilish usullarini talab qiladi. Telefon orqali ishbilarmonlik suhbati ham ma’lum muloqot normalariga rioya qilishni nazarda tutadi. Bunday normalarga quyidagilar kiradi:

  • tanishish va tanishtirish qoidalari;
  • tinglash qobiliyati;
  • suhbat maqsadini qisqacha shakllantira olish;
  • suhbatni tugatish qobiliyati.

Tadbirkorlik suhbatida shaxsning madaniyati va tarbiyasi o‘z aksini topadi. Bunda muloqot qatnashchilari bir bir-biriga iloji boricha hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi. Jarayonda vaziyatda so‘zlovchilar bir-birini to‘xtatmay, oxirigacha tinglab, o‘z minnatdorchiligini bildiradilar. Zero, biznes nutqi rasmiy nutq tarkibiga kiruvchi muhim element hisoblanadi. Oxirgi yillarda haqiqatan ham nafaqat yozma biznes nutqqa, balki og‘zaki nutqning lingvistik jihatlariga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda [5]. Shu ma’noda muloqot jarayonida kommunikantlarning ishbilarmonlik yoki biznesga oid bilimlarigina emas, balki ularning uslubni bilshi, muloqot jarayonida erishilishi lozim bo‘lgan jihatlarga urg‘u bera olish qobiliyati ham bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz.

Biznes nutqi va uning matni deganda asosan insoniy fazilatlar saqlangan, to‘g‘ri va aniq gapirilgan va jiddiy javob berilgan vaziyatlar tushuniladi. Agar suhbat davomida ikkala tomon ham kelishmovchilik belgilarini ko‘rsatsa, muloqot ishtirokchilari mavzuni biroz boshqacha yo‘nalishga burishadi. Bu ham axloqiylik belgisidir. Tadbirkor tilning fundamental qoidalariga ham bo‘ysunishi, uning sofligi – har bir so‘zning qo‘llanish doirasi, boshqa so‘zlar bilan birikmasi, semantik vazifasini hisobga oladi.

Ishbilarmonlik munosabatlarida so‘zning ta’sirchanligi, so‘zlovchining ovoz ohangi va nutq odobi ham ish rivojiga ta’sir qiluvchi asosiy elementlar hisoblanadi. Jamiyatda fan va texnika taraqqiyoti davrida tilga kirib kelgan yangi tushunchalar, nomlar, atamalarning vazifasini bilish va ularni ijtimoiy hayotda tadbirkorlik sohasida qo‘llash alohida ahamiyatli. Zero, har qanday soha mutaxassisi so‘z boyligini puxta egallashi natijasida kasbiy malakali tadbirkor sifatida e’tirof etilishi mumkin. Ishbilarmonlik munosabatlarida tilni puxta egallagan holda inson til sofligini saqlab, o‘zining shaxsiy fazilatlarini, ma’naviy qadriyatlarini belgilab olishi mumkin.

Biznes sherigi bilan muloqot qila olish, notanish odamning psixologiyasini, boshqa muassasaning maqsad va vazifalarini tushunish ham muzokaralarda eng muhim omillardan biri. Bunday qobiliyat nafaqat biznes muzokaralarida muhim, balki boshqa har qanday odamning kundalik hayotida ham zarurdir. Bunday munosabatlarning asosiy tamoyillaridan biri etnik me’yorlar bo‘lib, unda insonning fikr doirasi, yaxshi va yomon xulqi, haqiqat va   yolg‘oni beriladi.

Ishbilarmonlik munosabatlaridagi eng muhim nuqtalardan biri – odob va madaniyat chegarasidan chiqmasdan rasmiy ishbilarmonlik tilida suhbat, muzokara va bahslasha olishdir. Uning asosiy sharti – mavzu bo‘yicha keng bilimga ega bo‘lish, kelishish va muhokama qilishdir.

Biznes munosabatlarida og‘zaki ish yuritishning o‘ziga xos xususiyati ularning rasmiyligi va majlisda, yig‘ilishda, kengashda shaxsan qaror qabul qilish va ishning natijasi va xulosasini aniqlash zaruratidir. Bu jarayonda tadbirkor bo‘lmish mutaxassisning malakasi, bilimi, odobi hamda tarbiyasi aniqlanadi.

Ishbilarmonlik muloqotidagi til madaniyatining og‘zaki shakli ma’lumot almashish va muhokama qilishni o‘z ichiga oladi. Suhbatdoshning shaxsiy muammolari va ichki tuyg‘ulari odamlar bilan uchrashish chog‘ida suhbat mavzusidan chetda qoladi.

  Biznesning og‘zaki nutqi o‘z ichiga quyidagilarni olishi mumkin:

  • hikoya qilish, hisobot berish, muhokama qilish;
  • ishning borishi haqida ma’lumotlar almashinuvi;
  • ishning samarali, optimal, qulay usullarini topish;
  • muammoga oid tanlangan fikr va yechimlarni tanlay olish;
  • yangilikdan olingan taassurot haqida fikr almashish;
  • turli vaziyatlar, fikr va munosabatlar haqida fikr bildirish;
  • muammo bilan bog‘liq bitim tuzish.

  Ishbilarmonlik munosabatlaridagi suhbat tizimli bo‘lishi uchun:

  • umumiy mavzuning aniqligi (suhbatdoshlar mavzu bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega yoki ega emasligi);
  • umumiy maqsadni qo‘ya olish;
  • umumiy qarorga kela olish muhim.     Kommunikativ kompetentsiya fikrni his, ong va bilim orqali obyektivlashtirish, lingvistik tuzilma yaratish va uni yoritish orqali aniqlanadi. Lekin bu til aloqasi jarayoni tugallangan degani emas. Kommunikativ kompe-tentsiyaga faqat adresat tomonidan kodlangan til ma’lumotlari to‘g‘ri talaffuz qilinganda, adresatga to‘g‘ri yetib kelganida va xabarni to‘g‘ri qabul qilganda erishiladi. Ya’ni tinglovchi kommunikativ niyat va maqsadni kodlangan axborot orqali tushunib, qabul qilgandagina lingvistik muloqot amalga oshadi. Lingvistik muloqotda muloqotning axloqiy me’yori ma’lum lisoniy vositalar va lingvistik usullar orqali ochiq va yashirin shaklda yuzaga keladi. Madaniyat sifatini aks ettiruvchi til birliklari va usullari esa, bu holatda adabiy tilga xos umumiy madaniy sifatni belgilaydi. Shu o‘rinda A.A.Ashurovning ushbu tushunchaga bergan ta’rifini keltirib o‘tish o‘rinlidir “Kommunikativ kompetentsiya – bu muloqot qobiliyatlari, bilim, ko‘nikma va ko‘nikmalar, biznes aloqalari sohasida hissiy va ijtimoiy tajribani o‘z ichiga olgan shaxsning umumiy kommunikativ xuxusiyatidir” [6].

Ishbilarmonlik muloqotida lingvistik shaxsning nutq madaniyati hajmi muloqot jarayonida til birliklaridan unumli va to‘g‘ri foydalana bilish bilan baholanadi. Bundan ko‘rinadiki, adabiy tildagi madaniyat bilan shaxs nutqidagi madaniyat bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Adabiy tilda madaniyat statik hodisa bo‘lsa, shaxsning nutq madaniyati doimo rivojlanib boruvchi dinamik jarayondir. Shaxsning nutq madaniyati uning har kuni ijtimoiy hayotdagi tajribasida namoyon bo‘ladi.

Murojaat qiluvchi o‘z nutqining to‘g‘ri, ifodali va ta’sirchan bo‘lishi uchun doimiy ravishda adabiy til vositalari bilan ishlaydi, nutqiy tilda muloqot maqsadi va uslubiga mos keladigan til vositalari va usullaridan oqilona foydalanadi. Bular muloqot madaniyatining asosiy ko‘rsatkichlari hisoblanadi.

Biznes nutqi o‘ziga xos pragmatik xususiyatga ega. Ishbilarmonlik munosabatlari kishilarning ijtimoiy rivojlanishiga yo‘l ochuvchi muhim omillardan biridir. Xalqaro ishbilarmonlik munosabatlarining asosiy qoidalari “xalqaro odoblilik” tamoyiliga asoslangan diplomatik protokol bilan belgilanadi. Davlat va jamiyat miqyosidagi ishbilarmonlik munosabatlarida davlatni tashkil etuvchi xalq va millat mentalitetiga mos ravishda “milliy odob” tamoyili e’tiborga olinadi.

Ishbilarmonlik muloqotidagi nutq madaniyatining navbatdagi bosqichi tilning metakognitiv, kognitiv, ijtimoiy-affektiv usullaridir [7]. Ishbilarmonlik muloqotida metakognitiv o‘zlashtirish, mavzuga oid atamalarni bilish va ulardan o‘rinli foydalana olish, muhokama qilinayotgan narsa yoki hodisaning foydasi yoki zarari haqida fikr bildirishda asosiy fikrni yetkaza olish va uni qabul qila bilishni bildiradi.

Kommunikatorlar lingvistik birliklardan til qoidalariga muvofiq foydalanadilar (so‘zlarning ma’no jihatidan to‘g‘ri birikmasi; grammatik qoidalarga muvofiqligi, tushunarli gaplar tuzish; adabiy til me’yorlarini saqlash va undan orfografik o‘lchovlarga ko‘ra foydalanish).

Faqat metakognitiv mahorat mavjud bo‘lgan joyda tinglash madaniyati namoyon bo‘lishi mumkin. Tinglash madaniyati nutq madaniyati belgisini belgilovchi omillardan biridir. Gapira-yotgan odamning so‘zlariga ruxsatsiz aralashmaslik, xotirjam tinglash, gapning oxirini kutish, gapni bo‘lish kerak bo‘lganda “kechirasiz”, “excuse me” kabi odob-axloq so‘zlarini qo‘llash, fikrni qat’iy va bosiqlik bilan yetkazish – tinglash madaniyatining asosiy talablaridandir. Ishbilarmonlik muloqotida kognitiv rivojlanish – bu zukkolik bilan gapirish, o‘z fikrini aniq ifoda eta olish, muhokama qilinayotgan narsa yoki hodisaning ijtimoiy ma’nosi tushuntirish va tushunish, dalillar keltirish bilan bog‘liq holda belgilanadi. Bular nutqiy vaziyat uchun zarur bo‘lgan lingvistik birliklar va elementlardir.

Xulosa qilib aytganda, ishbilarmonlik muloqotida nutq madaniyati muloqot jarayonida nutq madaniyati qonuniyatlarini, uning sifatini va ulardan muloqot jarayonida qo‘llanilishini ko‘rsatuvchi lingvistik, kommunikativ, madaniy-kognitiv kompetensiyalar, til birliklari va usullari asosida shakllanadi. Ishbilarmonlik munosabatlarida tildan foydalanish shartlarini o‘zlashtirish, har bir insonning shaxsiy imkoniyatlarini aniqlash va shu orqali tajriba orttirish uchun asos bo‘lgan empirik bilimlar majmuasini yaratish ayniqsa muhimdir.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Каренги Д. Как завоевывать друзей и оказывать влияние на людей. (Пер. А. А. Позднякова) Пргоресс., М., 1989. 4-5 стр.
  2. Щерба Л.В. Языковая система и речевая деятельность – М.: Эдиториал УРСС КОМКНИГА, 2007. – 432 с.
  3. Halliday M. Linguistic function and literary style. – London and New York: Oxford University Press, 1971. – P. 330 – 368.
  4. Schwitalla J. Dialogsteuerung in Interviews: Ansätze zu einer Theorie der Dialogsteuerung mit empirischen Untersuchungen von Politiker-, Experten- und Starinterviews im Rundfunk und Fernsehen – München: Hueber, 1979. – 222 s.
  5. Сологуб О.П. Изучение официально-деловой речи: прошлое, настоящее, будущее. 260-270 стр. (https://cyberleninka.ru/article/n/izuchenie-ofitsialno-delovoy-rechi-proshloe-nastoyaschee-buduschee/viewer)
  6. https://journal.fledu.uz/wp-content/uploads/sites/3/2020/02/kommunikativ-kompetencziya-tushunchasi-va-uning-mazmun-mohiyati-1.pdf
  7. Залевская А.А. Психолингвистика и усвоение языка// Жизнь языка и язык в жизни. Сборник статей, посвященный юбилею Э.Д. Сулейменовой. – Алматы, 2005. – 478 с.

 

Эшчонов С. Основные лингвистические и этические принципы и правила делового общения. Сама организация деловых отношений, коммуникативных действий и методов, правильное использование языковых средств деловой речи зависит от цели достижения оптимального результата при решении конкретной задачи. Настоящая статья посвящается исследованию этой проблеме, а также анализирует деловое общение с лингвистической и этической точек зрения.

Eshchonov S. Basic linguistic and ethical principles and rules in business communication. The very organization of business relations, communicative actions and methods, the correct use of language tools in business speech depends on the goal of achieving an optimal result in solving a specific problem. This article is devoted to investigation of the problem as well as to analysis of business communication from linguistic and ethical points of view.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati