CHET TILLARI FANLARI KONTEKSTIDA MADANIYATLARARO MULOQOT (Nemis tili misolida)

Madaniyatlararo muloqot” hamda mazkur atama bilan birgalikda ishlatiluvchi “madaniyatlararo kompetentlik”, “madaniyatlararo o‘rganish” kabi atamalar xorijiy tillar fanlari doirasida, uning ta’lim standartlarida, o‘quv rejalar va boshqa o‘quv me’yoriy hujjatlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Nemis olimasi Zabel keltirib o‘tishicha, madaniyatlararo kompetentlik oxirgi 40 yil davomida chet tili darslarining bosh maqsadi sifatida ko‘riluvchi kommunikativ kompetensiyaning, ya’ni chet tilida suhbat hamda muloqotlarda qatnasha olish kompetensiyasining, ajralmas tarkibiy qismi hisoblab kelingan [Zabel 2021: 349]. “Madaniyatlararo muloqot”ning amalda bo‘lgan mazkur dominant qarashlari so‘nggi vaqtlarda tegishli ilmiy-nazariy doiralarda bir qancha sabablarga ko‘ra tobora ko‘proq tanqidga uchramoqda.

Nemis tilshunos olimi Altmayerning fikricha, XX asrning 40-yillaridan boshlab “Madaniyatlararo muloqot” termini ostida rivojlana boshlagan tadqiqot yo‘nalishi va akademik fani akademik hamda ilmiy diskurslardan tashqari, kundalik hayotda globallashuv, migratsiya to‘lqinlari, raqamlashtirish va mobillik kabi o‘zgarishlar natijasida vujudga kelgan zamonaviy jamiyatlardagi hayotiy tajribani nomlashda ham ishlatiladi. Mazkur o‘zgarishlar natijasida turli jamiyatlarda shu paytgacha amal qilgan mahalliy turmush tarzi, mahalliy munosabatlarga bog‘langan, an’anaviy aloqalar o‘z kuchini yo‘qotib, boshqa millat vakillari bilan aloqaga kirishish kundalik tajriba va chaqiriqqa aylanib bormoqda [Altmayer 2021].

XX asrning 60-yillarida „Madaniyatlararo muloqot“ akademik faniga asos solinganidan [Huneke, Steinig 2013: 18-19] beri, mazkur fan hamda uning zamiridagi „madaniyatlararolik“ ilmiy-tadqiqot metodologiyasi va kontsepti har jabhada rivojlandi [Hall 1976; Hall 1959]. Ammo, bugungi kunga kelib mazkur fan hamda sohadagi tadqiqotlarga nazar solinsa, sohaning nazariy va amaliy jihatdan eskirgan, to‘liq ishlab chiqilgan va to‘yingan va yangi tadqiqotlar uchun impulslar hamda g‘oyalar deyarli qolmaganligini kuzatish mumkin [Altmayer 2021: 1]. Buning natijasida, ayniqsa, xorijiy tillar hamda unga yondosh bo‘lgan ko‘pgina fan sohalarida ham ko‘p yillar davomida yetakchi hisoblangan „madaniyatlararo muloqot“ ilmiy tadqiqot paradigmasi hamda mazkur paradigma tarkibiy qismidagi “madaniyat” tushunchasi keskin tanqidlarga uchrab, bir qancha yangi, nazariy qarashlar shakllandi.

Madaniyatlararo muloqot sohasida nemiszabon ilmiy doiralarda muhokama qilinayotgan mazkur tanqidiy qarashlar hamda yangicha nazariy yondashuvlarga hamda ularning chet tillari fanlari diskursidagi va milliy kontekstdagi chet tillari darslari uchun amaliy ahamiyatiga ushbu maqolada atroflicha to‘xtab o‘tiladi.

Madaniyatlararo muloqot termini haqida. Qayd etish lozimki, “madaniyatlararo muloqot” termini har doim ham bir xil ishlatilmaydi. Misol uchun amerikalik mashhur antropolog Clifford Geertz [Geertz 1973] bu borada ikki xil mazmundagi qo‘llanishni farqlaydi: “madaniyatlararo diskurs” va “madaniyatlararo muloqot”. “Madaniyatlararo diskursda” olim bir jamiyat ichidagi turli diskurslar, ya’ni guruhlar o‘rtasidagi muloqotni tushunsa, “madaniyatlararo muloqotda” kelib chiqishi turli madaniyatlarga borib taqaluvchi kishilar o‘rtasidagi muloqotni tushunadi [Auer 2013: 214]. Anglo-amerikalik diskurs tahlili tadqiqot maktabi vakillari (Chafe, Wallace/ Tannen, Deborah/ Polanyi, Livia/ Scollon, Ron & Scollon, Suzan Wong va hokazo) ham o‘ziga xos terminlardan foydalanishadi. Jumladan, olimlar Scollon/ Scollon [2001] misol uchun “kros-madaniy muloqot” (cross-cultural communication) va “madaniyatlararo muloqot” o‘rtasida farqlashadi. Bunda ular farqlovchi faktor sifatida muloqot ishtirokchilarining madaniy yo etnik kelib chiqishini emas, balki turli guruh a’zolarining o‘zaro muloqot jarayoniga kirish yoki kirmasligini oladi. Demak, olimlar Scollon/Scollonga ko‘ra agar muloqot tizimlari guruh a’zolarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishmagan holda, abstrakt tizimlar sifatida taqqoslanganda gap “kros-madaniy muloqot” haqida va turli guruh vakillarining bir-biri bilan aloqaga kirishgan muloqotlarda, gap “madaniyatlararo muloqot” haqida boradi. Shunday bo‘lsa-da olimlar “madaniyatlararo muloqot” atamasidan ko‘ra amaliy va ilmiy tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda “diskurslararo muloqot” atamasini afzal bilishadi [Scollon, Scollon 2001: 25]. Amerikalik olima Deborah Tannen [1980] o‘z navbatida kros-madaniy muloqotni uchta darajaga bo‘ladi: a) turli davlatlar, madaniyatlar vakillari o‘rtasidagi muloqot (Amerikalik va Greklar o‘rtasida), b) bir davlatda istiqomat qiluvchi, ammo, turli etnik, madaniy va geografik guruhlar vakillari o‘rtasidagi muloqot va c) erkaklar va ayollar o‘rtasidagi muloqot. Kros-madaniy farq “a” darajada “b” va “c” darajalarga nisbatan katta bo‘lib, muloqot ishtirokchilari o‘rtasidagi qarashlar ham shunchalik bir-biridan farq qiladi va umuman olimaga ko‘ra har qanday ikki kishi hech qachon bir xil kelib chiqishga va qarashlarga ega bo‘lmagani kabi, ular o‘rtasidagi muloqot jarayonini ham hech ikkilanmasdan kros-madaniy muloqot deb atash mumkin [Tannen 1980: 326-327]. Yuqoridagi darajalarga misol tariqasida Tannen g‘arb davlatlari ingliz tilida muloqot qiluvchilar suhbatning asosiy mazmunini muloqot boshida bayon qilib, so‘ngra uni asoslab berishlarini, osiyolik ingliz tili gapiruvchilari dastlab asosiy mazmunni asoslab berib, undan keyin asosiy mazmunni bayon qilishlarini (a) yoki new Yorkliklar va AQSHning boshqa shtatlari a’zolari o‘rtasidagi muloqot jarayonidagi turli farqlarni (b) yoki Amerikalik erkaklar va ayollarning suhbat jarayonidagi turli muloqot uslublarini (c) keltirib o‘tadi [Scollon, Scollon 2001: 2-3; Tannen 1980: 330-331]. Mazkur maqola doirasida “madaniyatlararo muloqot” deganda turli madaniyat vakillari o‘rtasidagi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita muloqot tushuniladi.

Milliy kontekstdagi chet tili fanlari va xalqaro klassifikatsiya. Yuqorida qisman tilga olingani kabi madaniyatlararolik konsepsiyasi bir qancha akademik fanlar orbitasida muhim ahamiyat kasb etsa-da, aynan xorijiy tillar uchun mazkur mavzu o‘ta aktual hisoblanadi. Ammo, dastlab kundalik ma’noda bir qarashda tushunarli, ammo, ilmiy va akademik kontekstda nisbatan mavhum bo‘lgan „xorijiy tillar“ terminining akademik va ilmiy nuqtayi nazaridan aniq positsiyalanishiga e‘tibor qaratiladi.

O‘zbekiston miqyosida madaniyatlararolik kontsepti asosan xorijiy tillar kontekstida chet tillarni o‘qitish metodikasi fani doirasida o‘rganish obyekti hisoblansa, Germaniya misolida chet tillar didaktikasi (Fremdsprachen didaktik), til o‘rganish va o‘rgatish fanlari (Sprachlern- und lehrforschung) yoki chet tillar fanlari bilim sohalarida (Fremdsprachenwissenschaften), xalqaro miqyosda amaliy lingvistika (Applied Linguistics), pedagogika fanlari (Educational Science) va ikkinchi tilni o‘rganish (Second Language Acquisition Research) fanlari doirasida ko‘riladi [Bausch v.b. 2016: 3-4]. Germaniya misolida chet tillar didaktikasi asosan maktab sohasini qamrab olsa, til o‘rganish va o‘rgatish fanlari sohasi oliy va undan keyingi ta’lim sohalarini qamrab oladi [Bausch v.b. 2016: 1]. Chet tillar didaktikasi fan sohasi barcha tillarni o‘z ichiga olgan holda, uning tarkibiy qismi sifatida nemis tili uchun „Nemis tili chet tili sifatida“ (DaF - Deutsch als Fremdsprache) va „Nemis tili ikkinchi til sifatida“ (DaZ - Deutsch als Zweitsprache) va ingliz tili uchun analog ravishda „Ingliz tili chet tili sifatida“ (ESL – English as a Foreign Language), „Ingliz tili ikkinchi til sifatida“ (ESL - English as a Second Language, EAL – English as an Additional Language yoki AQSHda ELL – English Language Lerner) tadqiqot sohalari farqlanadi. Bunda agar o‘rganilayotgan chet tili o‘sha tilda gapiruvchi muhitda yoki davlatda o‘rganilsa gap DaZ yoki ESL tadqiqot sohalari, agarda o‘rganilayotgan chet tili o‘rganilayotgan til muhitida emas, boshqa til muhitida yoki davlatda o‘rganilsa gap DaF yoki EFL tadqiqot sohalari tushuniladi. Fanlarning mazkur klassifikatsiyasi yuqoridagi har ikkala til misolida ona tilidan farqlash uchun amalga oshirilgan bo‘lib nemis tilida ushbu kontekstda „Nemis tili ona tili sifatida“ (DAM- Deutsch als Muttersprache) va ingliz tili uchun „Ingliz tili ona tili sifatida“ (ENL - English as a Native Language) kategoriyalari qo‘llanilib [Zabel 2021: 341], ular mustaqil fan sifatida emas, balki ko‘proq o‘rganish va tadqiqot obyekti sifatida filologiya va adabiyot (nemis tili uchun - Deutsche Philologie yoki Germanistik yoki Linguistik va ingliz tili uchun English Philology/ Studies/ Linguistic) fanlari doirasida o‘rganiladi. Ikkinchi tilni o‘rganish (Second Language Acquisition Research) fani sohasida, shuningdek, birinchi til (L1 – Language 1) va ikkinchi til (L2 – Language 2) terminlari farqlanib, bunda ona tili darajasida barcha tillar “L1”ga va chet tili sifatida o‘rganiladigan barcha tillar “L2”ga tenglashtiriladi [Hufeisen, Riemer 2010: 738-745; Huneke, Steinig 2013: 31-37]. O‘zbek tili misolida ta’lim tili rus, qozoq, tojik, qoraqalpoq va boshqa tillarda olib boriluvchi maktablarda o‘tiladigan o‘zbek tili darslarini yoki ko‘pgina ta’lim rus yoki boshqa tillarda olib boriluvchi bakalavr ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasi 1-blogida joylashgan „O‘zbek tili“ fanini „O‘zbek tili ikkinchi til sifatida“ va xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kam sonli darsliklar, qo‘llanmalar, videodarslarni „O‘zbek tili chet tili sifatida“ ko‘rish mumkin. Aytib o‘tish joizki, o‘zbek tilini chet tili sifatida o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar va amaliy ishlar juda kam sonli [Tillayev]. Garchi o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda va Youtube tarmoqlarida anchagina video darslar mavjud bo‘lsa ham ular yoki savodxonlik maqsadlarida, yoki metodik-didaktik jihatdan batafsil ishlab chiqilmagan yoki tizimli ravishda, mavzular ketma-ketligi va progressiyasi e’tiborga olinmagan darslar bo‘lib, mazkur sohaga konseptual va institutional jihatdan yondashilgan ilmiy, amaliy loyihalar, ishlanmalar afsuski juda kam sonli [Xorijliklar uchun o´zbek tilini o´rgatuvchi yangi darslik ishlab chiqildi].

Demak, xorijiy tillar deganda mazkur maqolada ingliz yoki nemis yoki boshqa chet tillarni, o‘rganilayotgan til muhitidan boshqa til muhitida, ya’ni O‘zbekiston sharoitida o‘rganilayotgan chet tili tushuniladi va maqola tahlil obyekti hisoblangan „madaniyatlararo muloqot“ ushbu kontekst doirasida chet tili o‘qitish metodikasi va o‘lkashunoslik fanlarining maxsus sohasi, tarkibiy qismi hisoblanadi.

Til va madaniyat. Chet tillari fanlari hamda ta’lim va integratsiya siyosati doiralarida tag zamirida til va madaniyat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq degan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmasa-da, ammo, barcha tomonidan tan olingan qarash yotadi. Ayniqsa, chet tillarni tadqiqot qilish va o‘lkashunoslik fanlarida til o‘rganish jarayoni, madaniyatni o‘rganish jarayoni bilan bir xil tushuniladi va til o‘rganish ko‘p hollarda kengroq darajada turuvchi madaniyatlararo ta’lim, madaniyatlararo muloqot qilish qobiliyati yoki madaniy integratsiya kabi tushunchalar bilan bog‘lanadi [Fornoff 2021; Zabel 2021: 340]. Chet tillari didaktikasi sohasidagi yetakchi nemis olimlari Hans-Jurgen Krumm, Christian Fandrych, Britta Hufeisen va Claudia Riemerlar ham til o‘rganishni boshqalarni tushunish, boshqa madaniyatlarga yo‘l, empatiya va noaniqliklarga nisbatan tolerantlik kabi fazilatlar bilan tenglashtirishadi [Krumm v.b. 2010].

Ammo shunday bo‘lsa-da, bu borada til va madaniyat o‘rtasida lingvistikada turli qarashlar mavjud. Linvistika va filologiyada til bo‘yicha asosan uch xil qarash mavjud bo‘lib, ushbu klassifikatsiya zamiridagi farqlash kriteriyasi sifatida tilni abstrakt tizim sifatida yoki amaliy xatti-harakat sifatida tushunish qarashlari yotadi:

  1. Langue (Saussure) yoki Kompetenz (Chomsky) yoki til abstrakt tizim sifatida. Ushbu qarashga ko‘ra til murakkab ichki strukturaga ega, grammatik konstrukt. Til tizimining o‘rganish obyektlari bu tovushlar, morfemalar, so‘zlar, gaplar va tekstlar. Ferdinand de Sossyur ushbu qarashning eng yorqin vakili hisoblanadi.
  2. Parole (Saussure) yoki Performanz (Chomsky) yoki jonli muloqot. Bu qarashga ko‘ra til xatti-harakat bilan bog‘lanib pragmatik perspektivadan o‘rganiladi. Ya’ni til abstrakt tizim sifatida emas, muloqot jarayonida qanday ishlatilishiga ko‘ra o‘rganiladi. Ushbu qarashning yorqin namoyandalariga John L.Austin, John R.Searle va Yurgen Habermaslarni keltirish mumkin.
  3. Muloqot dinamik performativ jarayon sifatida. Ushbu qarashda universal formalar yoki qoidalar emas, balki jonli muloqot jarayonida yaratilgan va o‘zgartirilgan til shakllari avzal ko‘riladi [Zabel 2021: 340-341].

Til va madaniyatni bir-biri bilan bog‘langan holda ko‘ruvchi yoki hattoki madaniy tilshunoslik va madaniy til didaktikasi deb ataluvchi positiyalarni bu yerda ikkinchi yoki uchinchi perspektivalarga joylashtirish mumkin. Boshqacharoq termin bilan lingvistikani til va madaniyat borasidagi qarashlarini „Gumboldt lingvistikasi” va “diskurssensitiv lingvistika”larga ajratish mumkin. Gumboldt an’anasidagi lingvistika zamirida tilning nisbiyligi haqidagi etnolog va lingvist olimlar Edward Sapir va Benjamin Lee Whorflarning gipotezasi yotadi. Unga muvofiq turli tillardagi bir xil kategoriyalar turli tillarda boshqacha qabul qilinadi. Bir xil kategoriyalarning ushbu til gapiruvchilari tomonidan turlicha qabul qilinishi bu ularning fikrlash tarzi, ularning madaniyati tomonidan belgilab beriladi. Sapir va Whorf o‘z qarashlarini bayon etishda o‘z navbatida Wilgelm fon Gumboldt qarashlariga tayanishadi. Gumbolt qarashlariga muvofiq milliy tillar shakl borasida emas, balki ushbu shakllar strukturalari zamiridagi dunyoqarashlari bilan bir-biridan farqlanadi. Shu sababdan chet tillari bilan shug‘ullanish ushbu boshqacha dunyoqarashlarga yo‘l ochadi va aynan shuning uchun ham ta’lim jarayoni uchun juda muhimdir deydi Gumboldt. Gumboldtning mazkur qarashlari chet tillarni o‘rganishni chet madaniyatlarni o‘rganishga tenglashtirish tamoyiliga asos solgan deb aytish mumkin [Zabel 2021: 340-343]. „Gumboldt lingvistikasi“ hamda „diskurssensitiv lingvistika“ terminlari lingvokulturologik tadqiqotlarning ham asosiy kategoriyalaridan bo‘lib, mazkur holatda xorijiy tillar kontekstidagi madaniyatlararo muloqot hamda lingvokulturologiya fanlarining kesishgan nuqtasini ko‘rish mumkin, garchi har ikkala fan bir-biridan parallel, mustaqil ravishda rivojlangan bo‘lsa-da [Islomov 2024: 84-85]. Aksincha, lingvokulturologiya fani hamda tadqiqot yo‘nalishi XX asrning 90-yillaridan boshlab shakllanganligi [Usmanova 2019: 23-24] hisobga olinsa, tilni madaniy aspektlarga bog‘lab o‘rganish borasida, madaniyatlararo muloqot fani diaxronik nuqtayi nazardan nisbatan uzunroq tarixiy an’anaga ega deb aytish mumkin.

Madaniyat tushunchalari. Madaniyatlararo muloqot sohasidagi tadqiqotlarga nazar solinsa, bu boradagi asosiy meynstream tadqiqotlar uchun umumiy bo‘lgan bitta katta muammo yoki dilemma ko‘zga tashlanishini ko‘rish mumkin. Deyarli barcha tadqiqotlarda „muloqot“ haqida batafsil tushunchalar, tanqidiy qarashlar berilsa-da, „madaniyat“ tushunchasi e’tibordan chetda qoldirilib, madaniyat deganda o‘ta chegaralangan milliy yoki etnik jihatdan asoslangan, yaxlit hamda yopiq konsepsiya tushuniladi hamda madaniyat tushunchasining ushbu chegaralangan qarashga kamdan-kam hollarda tanqidiy jihatdan yondashiladi [Altmayer 2021: 381]. Vaholanki, madaniyat atamasining ko‘plab definitsiyalari va klassifkatsiyalari mavjud. Amerikalik antrpolog va sotsiolog olim Clifford Geertz [1973] madaniyat tushunchasini tanqidiy tahlil qiladi. U shu vaqtgacha madaniyat antropologiyasi sohasida mavjud qarashlarni ikkiga bo‘ladi va o‘zining madaniyat nazariyasini olg‘a suradi:

Nemis didaktik olimi Klaus Altmayer [2010] Nemis tili chet tili va ikkinchi til sifatida (DaF/DaZ) fanlari kontekstida olim Andreas Reckwitzning [2000] madaniyat tipologiyasini adaptatsiya qiladi va 4ta madaniyat tushunchasini farqlaydi:

  • Normativ madaniyat tushunchasi. Bunda madaniyat tabiatga qarama-qarshi qo‘yiladi. Normativ deyilishiga sabab bu yerda inson misolida tabiiy jarayonlarning kerakli deb hisoblangan rivojlanishlari tasvirlangan. XVIII asrdan boshlab Yevropa diskursi miqyosida ushbu qarash sivilizatsiya ma’nosida shakllangan bo‘lib ko‘p yillar davomida Yevropa hamda Yevropa madaniyatining ustunlik g‘oyasining legitimatsiya qilinishi, oqlanib kelishiga asos bo‘lgan.
  • Sektoral madaniyat tushunchasi. Jamiyat tarkibiy qismlaridagi turli guruhlar madaniyati. Siyosiy madaniyat, kitobxonlik madaniyati va hokazo.
  • Etnologik madaniyat tushunchasi. Klassik-etnologik va madaniy antropologik madaniyat tushunchalari. Milliy-etnik darajada yagona xatti-harakatlar, fikrlash va qabul qilish tizimlari. Madaniyatlararo muloqot va keyinchalik shu nom ostida chet tillari fanlariga kirib kelgan ilmiy tadqiqot metodologiyasi asosida yotuvchi madaniyat tushunchasi.
  • Bilim va mazmunga asoslangan madaniyat tushunchasi. Ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasidagi madaniy fanlar burilishidan (cultural turn) keyin madaniyat tushunchasi germenevtik va sozialkonstruktiv konsepsiyaga aylanadi. Unga muvofiq madaniyat endi butun boshli guruhlarning yashash yoki xatti-harakat tarzlari emas, ma’no tizimlari va ramziy qoidalar sifatida tushuniladi. Harakat qiluvchilar endlikda madaniyat yordamida o‘z realliklarini mazmunli yaratishadi. Bunda ularga bilimlar qoidalari bir tomondan o‘z xatti-harakatlarini amalga oshirishga imkoniyat bersa, boshqa tarafdan ularni chegaralaydi [Reckwitz 2000: 84]. Ushbu madaniyat tushunchasi chet tillari fanlari kontekstiga so‘nggi vaqtlarda “shaklni talqin qilish” (Deutungsmusteransatz) qarashi misolida keng miqyosda kirib kelganini ko‘rish mumkin. Aytib o‘tish joizki mazkur tushuncha zamirida ilmiy tadqiqot paradigmasining “bilimlar paradigmasidan” “interpretatsiya paradigmasiga” almashganini ko‘rish mumkin. Inson xulq-atvori endilikda tabiiy fanlar modeliga muvofiq bir yoqlama „tushuntirilmasdan“, uning xatti-harakatlari ma’nosi qanday tushunilishi, rekonstruksiya qilinishi, qabul qilinishi, yaratilishi, barqarorlashtirilishi, o‘zaro kelishilishi, shubha ostiga olinishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishi ustuvor hisoblanadi [Altmayer 2010: 1408; Zabel 2021: 341-347].

Madaniyatlararolik tadqiqot paradigmasi – tanqidlar va globalisatsiya yangi chaqiriq sifatida. Madaniyatlararo muloqot va shunga o‘xshash atamalar negizida 1990-yillardan boshlab chet tillari fanlari didaktikasi doirasida mustahkamlana boshlagan va keyinchalik mazkur fanning bosh maqsadiga aylangan „madaniyatlararolik“ (Interculturality) paradigmasi yotgan bo‘lib ushbu paradigmaning bosh gipotezasiga ko‘ra chet tillarni o‘rganish, mazkur tilni o‘rab turgan milliy-madaniy shart-sharoitlar bilan chambarchas bog‘liqdir [Altmayer 2016: 15; Altmayer 2021: 376]. Chet tillar fanlari kontekstidagi mazkur madaniyatlararolik paradigmasi quyidagi so‘zsiz tan olinadigan taxmin va farazlardan kelib chiqadi:

  • til o‘rganuvchilarning madaniy kelib chiqishi til o‘rganish jarayoniga katta ta’sirlar bilan bog‘liq;
  • ushbu madaniy ta’sirlar, ya’ni ma’lum moyilliklar, taxminlar va qadriyatlar, kishilarning ijtimoiy kontekstdagi xatti-harakatlariga katta ta’sir o‘tkazadi;
  • madaniy ta’sirlar shakllanuvchi va yetkazib beriluvchi asosiy ijtimoiylashuv jarayoni bu tegishli etnik va milliy guruhlardir;
  • millat konsepsiyasi milliy davlatlar shakllanishidagi asosiy zamin hisoblanashi va shu sababdan milliy davlat madaniyat va madaniy ta’sirlar uchun markaziy institutsiya hisoblanishi;
  • insonlar jamiyatda birgalikda yashash qoidalarini shakllantiruvchi, normaga muvofiqlik kutilmalarini o‘zlarining madaniy moyilliklari va qadriyatlari asosida shakllantiradilar;
  • insonlar boshqa madaniy ta’sirlar ostida bo‘lgan “begonalar” bilan uchrashganda, o‘z jamiyatlari madaniy ta’siri ostida shakllangan normaga muvofiqlik kutilmalaridan kelib chiqishadi. Ushbu kutilmalar ko‘pgina hollarda umuman so‘roq ostiga olinmaydi va bu holat tushunmovchilik va ziddiyatlarga olib kelishi mumkinligi;
  • madaniy asoslangan tushunmovchiliklar va ziddiyatlarning oldini olish, bunday holatlarni bartaraf qilish uchun mos strategiyalar ishlab chiqish, „madaniyatlararolik“ kontseptining keng manodagi asosiy pedagogik va didaktik qiziqishi deb qabul qilinishi;
  • chet tillarni o‘rganish bilan birga keluvchi ma’’no va talqin qilish vaziyatlari [Altmayer 2016: 15; Altmayer 2021: 377].

Ijtimoiy fanlar doirasida keng tarqalgan ta’rifga ko‘ra, qachonki suhbat ishtirokchilari turli madaniyatlarga mansub bo‘lgan va ular bir-birini begona va turli xil deb qabul qilgandagina, madaniyatlararo muloqot haqida gapirish mumkin. Subyektiv his qilingan begonalik, obyektiv deb bilinuvchi xususiyatlar bilan to‘ldiriladi va bu begonalik boshqa „madaniyatlar“ga mansublik bilan izohlanadi. Madaniyatlar muloqot jarayonidagi klassik muammolar ishtirokchilarning o‘zlarining kodekslari, konvensiyalari, qarash va xatti-harakatlar bilan bir qatorda, boshqa „begona“ kodekslar, konventsiyalar, qarashlar va xatti-harakatlarga duch kelishi oqibatida vujudga keladi [Altmayer 2021: 380].

Chet tillar didaktikasi fani doirasida madaniyatlararolik turli kontseptlar ko‘rinishida qo‘llanilib kelingan.

  • XX asrning 80-yillarida chet tillar o‘qitish sohasiga pedagogika sohasidan madaniyatlararo o‘rganish konsepsiyasi kirib keladi. Chet tili darsining maqsadi tor manodagi til o‘rganish emas, kengroq manodagi madaniyatlararo o‘rganish deb qabul qilinadi. Ushbu qarash chet tili darsining asl mohiyati til o‘rganish chetda qolib, boshqa pedagogik, gumanistik hamda ijtimoiy-sotsial ta’lim maqsadlari ustuvor qilib belgilagani uchun tanqidlarga sabab bo‘ladi va shu sababli chet tili darslarining bosh ta’lim maqsadiga aylana olmaydi, ammo, o‘lkashunoslik darslari metodologiyasiga sezilarli jihatdan ta’sir qilishga muvaffaq bo‘ladi.
  • 90-yillarga kelib begonalarni tushunish germenevtik konsepsiyasi rivojlanadi. O‘zining madaniy ta’sirlaridan kelib chiqib, boshqalarni tushuna olish chet tili darsining asosiy ta’lim maqsadiga aylanadi [Bredella 2010]. Bu konsepsiyaga muvofiq empatiya, perspektivalarni almashtirish va koordinatsiya qilish, o‘z madaniy dunyoqarashlarini tanqidiy tahlil qilish kabi xususiyatlar talab qilinadi.
  • XXI asr boshlarida butun ta’lim sohasida amalga oshgan mazmun emas, kompetensiyaga asoslangan ta’limga o‘tish, madaniyatlararo kompetentlik atamasini oldingi sahnaga olib chiqadi. Madaniyatlararo kompetentlik endi kognitiv, affektiv va xatti-harakatlarning mujassamligi deb ko‘rila boshlandi. Ushbu kompetensiya madaniyatlararo kommunikativ kompetensiya nomi ostida tegishli me’yoriy hujjatlarga chet tillarida adekvat harakat qila olish ta’lim maqsadining ajralmas subkomponenti sifatida kiritildi [Altmayer 2021: 376-384; Altmayer 2016: 16-19; Islomov 2023: 109-110].

Chet tillari fanlari doirasida madaniyatlararolikning aktual masalalari sifatida

  • Chet tili darslari doirasida madaniyatlararo muloqot o‘qitish hamda o‘rganish maqsadlarini aniq amalga oshirish;
  • CEFRning turli darajalaridagi ko‘nikmalar tavsifiga muvofiq madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantirish uchun bosqichma-bosqich modellarni ishlab chiqish;
  • Hozirgacha asosan nazariy-normativ darajada joylashgan tushunchalarni amaliyotda ilmiy asoslangan va tekshirilgan holda amalga oshirish va o‘lchashga bo‘lgan harakatlarni keltirish mumkin [Altmayer 2016: 17-18].

O‘zining nazariy asoslarini kognitiv antropologiyadan oluvchi, an’anaviy madaniyatlararo muloqot tadqiqot sohasi tobora ko‘proq tanqid qilina boshlandi. Jumladan, Clifford Geertz quyidagi tanqidiy fikrlarni keltiradi:

  • Madaniyat insonlar ongida bilim sifatida saqlanmasdan, ularning xatti-harakatlarida amalga oshadi. Qaysidir madaniyat haqidagi bilimlar, agar u xatti-harakatlarda kontekstga mos tarzda ishlatilmasa, foyda keltirmaydi.
  • Madaniyatlararo muloqot mustaqil ravishda mavjud bo‘la olmaydi, qachonki o‘zaro suhbatga kirilsagina madaniyatlararo muloqot haqida gapirish to‘g‘ri bo‘ladi. Ikki millat vakillarining bir vaqtda, bir joyda bo‘lishi, bu hali madaniyatlararo muloqot vujudga keldi degani emas, balki shunday bo‘lish potensiali bor xolos.
  • kishilar bir-birlarini doimo tushunishga harakat qilishadi degan faraz noto‘g‘’ri. Muloqot ishtirokchilari madaniyatlararo muloqot davomida har doim ham bir-birini tushunuvchi emas, balki ziddiyatlarga olib keluvchi muloqot strategiyalari ham ishlatishi mumkin.
  • muloqot ishtirokchilari har doim ham o‘zlarining madaniy nuqtayi nazaridan yondashishmasdan, muloqot ishtirokchisiga moslashishlari ham mumkin. Bundan tashqari suhbat ishtirokchilari madaniyatlararo muloqot vaqtida, o‘z kundalik muloqotlarida doim ishlatadigan ba’zi xatti-harakatlarni ishlatishmaydi [Auer 2013: 216-217; Islomov 2023: 110-111].

Nemis olimi Klaus Altmayerga ko‘ra madaniyatlararolik konsepsiyasi zamiridagi quyidagi taxmin va farazlar allaqachon o‘z ahamiyatini yo‘qotib bo‘lgan.

  • bir xillik farazdan kelib chiquvchi milliy madaniyat tushunchasi zamonaviy jamiyatlarning turli-tumanligini va murakkabligini o‘zida aks ettirolmaydi;
  • chet tili didaktikasining ta’lim maqsadi va umumiy ijtimoiy ko‘nikmalar o‘rtasidagi chegaraning yo‘qolishi;
  • madaniyatlararolik paradigmasining standartlashtirish va kompetensiyaga yo‘naltirilganlik dominant konteksti doirasida, chet tili darslarida madaniyatlararo kompetentlikni rivojlantirish uchun boshqarilishi oson va tekshirish mumkin bo‘lgan bosqichma-bosqish modellarning yo‘qligi sababli, tobora bosim ostida qolishi.
  • individual shaxs tushunchasini butkul tushirib qoldirgan holda, chet tili o‘rganuvchilariga madaniy o‘ziga xoslik xususiyatini yopishtirish va bu orqali ularning o‘rnini shunchaki milliy madaniyatlari vakillari darajasiga kamaytirish [Altmayer 2016: 17-19].

Bundan tashqari olim Altmayerning qayd etishicha shu paytgacha madaniyatlararolik paradigmasi o‘zining ishontirish kuchini kundalik hayotdagi kelib chiqishi boshqa bo‘lgan insonlar bilan munosabatda bo‘lishdagi intuitiv tushunarli bo‘lgan, o‘z va begona madaniyat dixotom g‘oyalari bilan oqlab kelgan. Biroq, madaniyatlararolik paradigmasining asosiy taxminlari va kundalik intuitsiyaning mosligi, madaniyatlararo muloqot tadqiqot yo‘nalishida olib borilgan tadqiqot natijalari o‘rganib chiqilganda, faqatgina jiddiy bo‘lmagan, stereotipik umumlashtirishlar maqomidan tashqariga chiqmaydigan, ilmiy jihatdan asoslanmagan, bir nechta misollar asosida legitimatsiya qilingan xolos. Milliy madaniy xususiyatlarning haqiqiy mavjudligi va samaradorligini tasdiqlovchi va bu orqali madaniyatlararolik paradigmasini legitimatsiya qiluvchi, jiddiy empirik dalillar deyarli yo‘q. Shundan kelib chiqqan holda madaniyatlararolik paradigmasi endi o‘zining mavjudligi qonuniyligini ta’minlay olmaydi. Madaniyatlararolik paradigmasining asosini tashkil etuvchi etno-milliy jihatdan ta’riflangan "madaniyatlar"ni nisbatan bir xil va o‘ziga xos birliklar deb ta’riflab, insonning xatti-harakati, idroki, tafakkuri va hissiyotlariga ularning madaniy mansubligi sezilarli darajada ta’sir qiladi deyilgan farazi, jiddiy empirik asosga ega bo‘lmagan, asossiz spekulyatsiya bo‘lib chiqgan. Qolaversa, bu yerda gomogen milliy madaniyatlar ma’nosida qo‘llanilgan an’anaviy madaniyat tushunchasi hozirgi ijtimoiy, siyosiy va madaniy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda foydali va mazmunli tahliliy kategoriya vazifasini yo‘qotib bo‘lgan. Globallashgan va tobora kuchayib borayotgan globallashuv dunyosida “madaniyatlar”ni ichkariga tomon bir xil va tashqi tomonga nisbatan yopiq, yaxlit milliy birliklar sifatida tushuntirib bo‘lmaydi [Altmayer 2021: 385-388].

Madaniyatlararo muloqot sohasidagi aktual qarashlar va yondashuvlar. Yuqorida keltirilgan tanqidiy qarashlar natijasida madaniyatlararo muloqot kontekstida keyingi vaqtlarda turli yangicha farazlar hamda qarashlar bilan bir qatorda Multikulturalizm, Transkulturalism, Interkulturalism yoki Madaniyatlararolik va Madaniy fanlar qarashlari nazariy qarashlari qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lmoqda [Yousefi 2014a]. Madaniyatlararo muloqot sohasida ilmiy-nazariy yondashuvlarning bu darajada difersikatsiyalanishini, bugungi kunga kelib sof madaniy yoki sof milliy bir xil mamlakatlarni yoki jamiyatlarni deyarli topib bo‘lmasligi bilan tushuntirish mumkin. Avvalgi yagona milliy madaniyatga asoslangan milliy jamiyatlar o‘rnida, tarixiy kelib chiqishi, mustamlakachilik yoki migratsiya jarayonlari bilan bog‘liq, ko‘p madaniyatli jamiyatlarni topish mumkin. Ko‘plab jamiyatlarda turli madaniyatlarning parallel va yonma-yon ravishda mavjudligi natijasida, ayniqsa, dunyoning yirik shaharlarida giper xilma-xillik (hyperdiversity) fenomeni paydo bo‘layotganini ham kuzatish mumkin [Heringer 2017: 159-165]. Multi-, trans-, va interkulturalizm qarashlarining o‘rtasida keskin farq qiluvchi qarashlardan tashqari, tub mohiyatan o‘xshahsliklari ham mavjud [Yousefi 2014a: 25]. Globallashgan dunyoda real xilma-xillik va murakkablikni aks ettira olish uchun sohada bir qancha istiqbolli qarashlar vujudga keldi. Bunday qarashlar sirasiga til va ta’lim orqali realisatsiya qilinuvchi, „uchinchi makon nazariyasi“ (Third-Space-Theory) nomi ostida yuritiluvchi postkolonial sotsiolingvistik o‘zlik va jamiyat nazariyasi (Bhabha, Homi K. The location of culture. Reprint. Routledge, London 2010), postkolonial tadqiqotlar, madaniyatshunoslik, transkulturalizm, interkulturalizm kontekstlarida muhokama qilinuvchi “gibrid madaniyatlar” (Hybrid Cultures yoki Hybridity) nazariyasi (García Canclini. Hybrid cultures. strategies for entering and leaving modernity. University of Minnesota Press. Minneapolis 1995.) transkulturalizm (transculturalism) yoki dunyo bo‘ylab keng miqyosda muhokama qilinayotgan “global fuqarolik” (global citizenship), “ramziy kompetentiya” (symbolic competence), “diskursiv kompetensiya” (nemischa: Diskursfähigkeit) maqsadlariga bog‘langan madaniy o‘rganishning innovatsion yo‘llarini oldinga surgan, madaniy, ijtimoiy va gumanitar bilim sohalaridagi “madaniy fanlar” (cultural studies) nazariyasi (Marchart, Oliver. Cultural studies. 2., aktualisierte Auflage, UVK Verlag. München 2018) yoki “postkolonial tadqiqotlar” (postcolonial studies) nazariyasi (Postcolonial Studies. Lang, New York, 2009), „diskurs tahlili tadqiqotlari” (Diskursforschung) nazariyalarini (Angermuller Johannes va boshqalar. Diskursforschung: Ein interdisziplinäres Handbuch. 2. Band. Vol. 1. Transcript Verlag, Bielefeld 2014) keltirish mumkin.

Quyida ushbu nazariyalarning ba’zi birlariga qisqacha to‘xtab o‘tiladi:

Multikulturalism (Multiculturality yoki multiculturalism): "Ko‘p madaniyatlilik" yondashuvining ekstremal shaklini, bir tomondan, yopiq chegaralarga ega, bir-biri bilan parallel ravishda faoliyat yurituvchi individual madaniyatlarning mavjudligi, ikkinchi tomondan, mavjud bir geografik jamiyatda uchrovchi madaniy tafovutlarni himoya qilish majburiyati sifatida va umuman olganda, ushbu qarashni turli madaniyatlarning yonma-yon mavjudligi deb tushunish mumkin [Yousefi 2014b: 25-31]. Multikulturalizm madaniyatlarni yopiq, bir-biri bilan hech qanday ishi bo‘lmagan konstant xususiyatlarga ega qarash sifatida tanqid qilinadi. Madaniyatlarni bir-biriga begona va bir-biridan ta’sir qilmasdan, avtonom ravishda yonma-yon yashashi mumkin degan taxmin juda muammoli. Bundan tashqari mazkur qarashda aks etgan madaniyat g‘oyasi ham tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Yetakchi madaniyat g‘oyasi (nemischa Leitkultur) zamirida etnik-madaniy gomogenlik fikri mujassam bo‘lgan bo‘lib bu fikrga muvofiq sivilizatsiya o‘chog‘i rolidagi madaniyat markazi hamda ikkinchi darajali bo‘lgan periferiya madaniyatlari mavjud bo‘ladi. Yetakchi madaniyat g‘oyasi barcha ishtirokchilardan ma’lum qoliplarga mos kelishlikni talab etadi va bu bilan alal-oqibat jamiyatni gomogenlashtirish g‘oyasini ilagri suradi [Yousefi 2014b: 40-45].

Transkulturalism (transculturality, transculturalism): Transkulturalizmni madaniyatlarning aralashmasi deb ta’riflash mumkin. Bu nazariya transmadaniy madaniyat foydasiga o‘z madaniy qarashlarini yengib o‘tish yoki undan butunlay voz kechishni ta’kidlaydi. Transkulturalizmning asosiy vakili sifatida nemis faylasufi va publitsisti Wolfgang Welschni [2000] ko‘rsatish mumkin. U keng tarqalgan milliylik va bir xillik bilan tavsiflanuvchi madaniyat tushunchasini tanqid qiladi va uni majoziy jihatdan billyard sharlariga o‘xshatadi, ya’ni madaniyatlar bir-biriga hech qanday ta’sir qila olmaydi, aksincha, xuddi bilyard sharlari kabi bir-biri bilan to‘qnashganda, faqatgina uzoqlashgani kabi. Uning fikricha shu paytgacha hukmron bo‘lgan madaniyat konsepsiyasiga ko‘ra, har bir madaniyat ichkariga tomon bir xil bo‘ladi, ya’ni barcha a’zolarning turmush tarzi, ovqatlanishi, uxlashi va boshqalari bir xil bo‘ladi va tashqariga tomon esa farqlanadigan va qat’iy chegaralangan bo‘ladi degan faraz o‘z kuchini yo‘qotib, endilikda turli madaniyatlar bir-birlari bilan aralashib ketishi va o‘zaro uzviy ta’sirlar bilan tavsiflanadi. Madaniyatlar jamiyat ichkarisida ham bir xillik kasb etmaydi. Nemislar, finlar yoki boshqa millatlar o‘z hayotlarini umuman bir xil tarzda o‘tkazmaydilar. Aksincha turli millatlarga mansub olimlar yoki vrachlar yoki o‘qituvchilarning turmush tarzlaridagi o‘xshashliklar, millat kategoriyasidagi o‘xshashliklardan ancha yuqori va bu holat turmush tarzlari millatga qaraganda ko‘proq kasblarga xosligini isbotlaydi va transkulturalizmning yaqqol belgilari hisoblanadi [Welsch 2020: 3-9].

Interkulturalizm yoki Madaniyatlararolik (interculturality). Madaniyatlararolik o‘zining o‘zgarmas va statik xususiyatga ega madaniyat tushunchasi sababli „sharsimon model“ (Kugelmodell) sifatida qattiq tanqidga uchradi. Ammo, so‘nggi vaqtlarda olib borilgan tadqiqotlar madaniyatlar o‘rtasida ham, madaniyatlar ichida ham o‘tkazuvchanligini nazarda tutuvchi madaniyatning ochiq konsepsiyani ishlab chiqdi. Unga muvofiq endilikda madaniyat deyilganda ochiq va dinamik ma’nolar va qoidalar tizimlari tushunilib, madaniyatlararolik dialogik madaniylashtirish va madaniyatlar integratsiyasiga intiladi va multikulturalizm hamda transkulturalizmning kuchli tomonlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Madaniyatlararolik, trans yoki multikulturalizmdan farqli o‘laroq, na gomogenlashtirish na assimilyatsiya qilish, na majburiy integratsiya qilishni, balki madaniyatlar o‘rtasida dialogik madaniylashtirishga intiladi. Jamiyatlar multi-, inter- yoki transkulturalizm perspektivasidan gomogenlashtirilishi mumkin emas. Boshqacha qilib aytganda, madaniyatlararolik transkulturalizm va multikulturalizmning mo‘tadillashgan shakllarini va ularning kuchli tomonlarini o‘zida birlashtiradi, zero, transmadaniy va madaniyatlar chegaralaridan o‘tib fikrlay olish, bu adekvat madaniyatlararo xatti-harakatlar uchun asos bo‘ladi [Yousefi 2014b: 46-51].

Madaniy fanlar qarashlari (cultural studies). Ayniqsa, chet tillari fanlari hamda chet tillari didaktikasi fanlari doirasida ushbu qarashlar muhim ahamiyat kasb etib, quyida u haqda batafsilroq to‘xtab o‘tiladi. Madaniyatlararolik fikrlash kategoriyalari globallashuv shart sharoitlarda o‘zining amaliy ahamiyatini yo‘qotishi sababli, 1980-yillardan boshlab ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasida amalga oshgan madaniy fanlar burilishi (cultural turn) kontekstida 2000 yillardan boshlab bilim va mazmunga hamda belgilarga asoslangan, o‘zida tasavvurlar, fikrlash tarzlari, qadriyatlar, mazmunlar va hissiyotlarning butun boshli kompleksini qamrab oluvchi keng ma’nodagi madaniyatning semiotik tushunchasi shakllana boshladi. Obyektiv reallik kategoriyalarda fikrlash, ma’nolar kategoriyasida fikrlash konsepsiyasiga va har bir reallikning talqin qilishga chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi. Unga muvofiq madaniyat tushunchasi germenevtik va sozialkonstruktiv konsepsiyaga aylandi. Madaniyat endilikda butun boshli guruhlarning yashash yoki xatti-harakat tarzlari emas, ma’no tizimlari va ramziy qoidalar sifatida tushunila boshlandi. Insonlar endlikda madaniyat yordamida o‘z realliklarini mazmunli yaratishadi. Bunda ularga bilimlar qoidalari bir tomondan o‘z xatti-harakatlarini amalga oshirishga imkoniyat bersa, boshqa tarafdan ularning xatti-harakatlarini chegaralaydi. Madaniyat tushunchasining mazkur talqini “ma’no va mazmunga asoslangan madaniyat tushunchasi” deb ham atala boshlandi [Reckwitz 2000: 84; Fornoff 2011: 323]. Ijtimoiy va gumanitar fanlarning markaziy va an’analarga boy „millat”, “o‘zlik”, “irq”, “jins” kabi kategoriyalari butunlay yangi ma’no kasb eta boshladi. Ular real va “tabiiy” berilgan vaziyatlar emas, balki diskursiv konstruklar sifatida turli diskurslarda o‘zaro taqdim qilinadigan, muhokama qilinadigan va amalga oshiriladigan ijtimoiy ma’no tizimlarining elementlari sifatida ko‘riladi. Aytib o‘tish joizki, mazkur tushuncha zamirida ilmiy tadqiqot paradigmasining ko‘proq tabiiy fanlar uchun xos bo‘lgan bilimlar paradigmasidan ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalarida interpretatsiya paradigmasiga almashganini ham ko‘rish mumkin. Inson xulq-atvori endilikda tabiiy fanlar modeliga muvofiq bir yoqlama tushuntirilmasdan, uning xatti-harakatlari ma’nosi qanday tushunilishi, rekonstruksiya qilinishi, qabul qilinishi, yaratilishi, barqarorlashtirilishi, o‘zaro kelishilishi, shubha ostiga olinishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishi ustuvor hisoblanadi. Shu vaqtgacha hukmron bo‘lgan standart madaniyat nazariyasi o‘z kuchini yo‘qotib, uning o‘rniga yangi madaniy-nazariy paradigmalari almashinishi amalga oshdi [Altmayer 2010: 1408; Fornoff 2021: 323].

Shuni ham ta’kidlash kerakki, ayniqsa, madaniyatlararo didaktikaning ingliz-amerika yoki ingliz diskurslarida tadqiqot va fan yo‘nalishlarini belgilab berishda hal qiluvchi va nufuzli hisoblangan Maykl Bayram, Volfgang Xallet, Adelxayd Xu, Kler Kramsh yoki Karen Risager kabi olimlar ham poststrukturalizm qarashlarga asoslangan nazariyalardan kelib chiqib madaniyat tushunchasini, ijtimoiy konstruksiya qilingan, heterogen va ko‘p o‘lchamli tuzilma deb tushunishadi [Fornoff 2016: 31; Schweiger 2021: 364-365].

Ma’no va mazmunga asoslangan madaniyat tushunchasi chet tillari fanlari kontekstiga, ayniqsa, nemis tili chet tili/ ikkinchi chet sifatida (DaF – German as a Foreign Language, DaZ – German as a Second Language) sohasiga “talqin qilish shakllari” (Deutungsmusteransatz) konsepsiyasi misolida keng miqyosda kirib kelganini ko‘rish mumkin [Altmayer 2010]. Mazkur qarash doirasida ma’lum bir davlat madaniyati bilan emas, ma’no berish va ma’lum manoga kelish diskursiv jarayonlari bilan shug‘ullaniladi. Ushbu jarayonda talqin qilish namunalari shaklidagi madaniy resurslardan foydalaniladi. Alternativ ravishda bu yerda chet tili darslarida „madaniy o‘rganish“ haqida gapirish mumkin. O‘quv maqsadi madaniyatlararo kompetentlik emas, balki chet tilida diskursda ishtirok etish va ramziy kompetensiya ko´nikmalarini shakllantirish hisoblanadi. Har ikkala o‘quv maqsadlari doirasida ma’nolarning diskurs yoki jonli suhbat jarayonida shakllanishi va yangicha ma’no kasb etishi va chet tili o‘rganuvchilari qanday qilib unda ishtirok eta olishlari masalalari ko‘riladi. Diskurs tushunchasi bu o‘rinda ramziy bilimlar tizimi, ma’nolar resurslari va bayonot qilish amaliyotlari sathida hamda boshqa tomondan bilimlar takrorlanuvchi, mustahkamlanuvchi, so‘roq ostiga olinuvchi va rad etiluvchi ijtimoiy amaliyot yoki kommunikativ-interaktiv harakatlar sathida joylashgan bo‘lishi ham mumkin. Chet tili darslarida mazkur ko‘nikmalar va shu bilan bir qatorda ularning global xatti-harakat qila olish ko‘nikmalari va imkoniyatlari ham kengaytiriladi. Madaniyatga asoslangan o‘rganish jarayoni mavjud talqin qilish resurslarga bog‘liq jarayon sifatida yuqori darajada individual jarayon hisoblanadi. Chet tili darslaridagi materiallar va til xatti-harakatlar til organuvchilarga ozlarining talqin resurslari va talqin qilish namunalarini sinab ko‘rish, refleksiya qilish, tanqidiy tahlil qilish, rivojlantirish va yangidan shakllantirishga imkoniyat yaratishi lozim [Altmayer 2021: 389-390; Zabel 2021: 352].

Ma’no va mazmunga asoslangan madaniyat tushunchasi va ayni qarash asosidagi talqin qilish shakllari konsepsiyasining nemis tili chet tili sifatida, jumladan, o‘lkashunoslik fani misolida chet tillarini organish jarayoniga integratsiya qilinishi ortidan, bir tarafdan an’anaviy o‘lkashunoslik konseptiga va boshqa tarafdan madaniyatlararolik paradigmasiga alternativ variant yaratildi. Yangicha yondashuvdagi madaniyat tushunchasi jamiyatning barcha a’zolari tomonidan tushuniladigan umumiy kundalik bilimlar fondini taqdim etib, usbu bilimlar yordamida insonlar o‘zlarini, o‘z harakatlarini, atrof-muhitdan kelib chiqqan holda mazmunli shakllantiradilar [Fornoff 2021: 325]. O‘lkashunoslikning madaniy fanlarga asoslangan didaktikasi va madaniy o‘rganishning asosiy konsepsiyalari sifatida birinchidan mamlakatlar va hududlar bilan emas, balki til va uning tarkibidagi resurslarga bog‘laydigan madaniyatning ma’no va mazmunga asoslangan tushunchasi bo‘lsa, boshqa tomondan har bir lingvistik diskurs amaliyotdan oldin bilvosita sha’ma qiluvchi, namunali tarzda ixchamlangan farazlar shaklidagi resurslarni talqin qilish shakllari tushunchasidir [Schweiger 2021: 365].

Madaniy talqin qilish shakllari jamoaviy tajribalarning yig‘ib borilishi natijasida yuzaga keladigan va umumiy til asosida tashkil etilgan muloqot jamiyatining madaniy xotirasida mustahkamlangan ijtimoiy va ta’bir joiz bo‘lsa, "ommaviy" bilim tuzilmalari sifatida tavsiflanadi. Madaniy xotira elementlari sifatida madaniy talqin qilish namunalari so‘z orqali yozilgan tekstlarda, rasmlarda, tarixiy obidalarda, binolarda, filmlarda, televizion ko‘rsatuvlarda, multimedial taqdimotlar va hokazolarda saqlangan bo‘lib, mazkur talqin qilish shakllari ma’lum bir til va muloqot jamiyati ichida doimiy aylanadi va keyingi avlodlarga o‘tkazib boriladi [Fornoff 2021: 324-329; Altmayer 2015: 17-21].

Mazkur (madaniy) talqin qilish shakllari atamasi aynan yangicha madaniyat tushunchasini amaliy va ilmiy maqsadlarda amaliy foydalana olish imkoniyatini yaratish uchun chet tili fanlari diskursiga olib kirildi [Zabel 2021: 347]. Buning natijasida o‘lkashunoslik konsepsiyasi ham, madadaniyatlararolik paradigmasi ham anglosakson ilmiy doiralarida ilmiy-amaliy jihatdan eskirgan hisoblana boshlandi. Soha boyicha tegishli adabiyotlarda mazkur yangicha qarashlar konsepsiyalari “talqin qilish shakllari”, “madaniy fanlarga asoslangan yoki diskursiv o‘lkashunoslik”, “madaniy fanlar” nomlari ostida muhokama qilib kelinmoqda [Altmayer 2021: 389].

Amaliyotda chet tillari fanlari kontekstlarining ko‘pgina sohalarida til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlik to‘g‘risidagi madaniyatlararolik paradigmasiga asoslanuvchi, an’anaviy qarashlar hali ham hukmronlik qilmoqda. Ushbu qarashga ko‘ra "millat" tashqariga tomon aniq chegaraga ega va ichkariga tomon bir xillik tasavvur qilingan, yaxlit hudud sifatida qarab kelinadi. Ushbu qarashlar zamirida chet tilini o‘rganish chet madaniyatni o‘rganish degan markaziy faraz yotadi. Yangi yondashuvlar til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni, aksincha, diskurslarda ko‘rishadi. Misol uchun iqtisod, siyosat va ilm-fan yoki futbol yoki shaxsiy munosabatlar haqidagi kundalik diskurslar milliy va milliy til chegaralariga nisbatan vertikal ravishda o‘tadi. Chet tillarini o‘rganish va o‘zlashtirish kontekstlarida bu holat shuni anglatadiki, madaniy bilimlarga biron-bir milliy jamiyat vakili bo‘lib emas yoki qaysidir tilning ona tilida gapiruvchisi shaklida emas, balki ma’lum soha, mavzulardagi diskurslar ishtirokchisi sifatida ega bo‘linadi. Xuddi shunday, til ham birinchi navbatda millatning a’zosi sifatida emas, balki oila, ish, dars, do‘stlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqalarning kundalik kontekstida va o‘sha yerda mavzuga oid bo‘lgan, boshdan kechrilgan va his qilingan diskursiv tartib-qoidalar asosida o‘rganiladi [Altmayer 2015: 31; Zabel 2021].

Madaniy fanlar qarashlarining asosiy kamchiligi sifatida amaliyotda qo‘llash uchun hozircha keng qamrovli senariylar va materiallarning yetishmasligi, o‘qituvchilar va talabalarga qo‘yiladigan yuqori talablar tufayli faqatgina ilmiy tadqiqotlar uchun istiqbollar taqdim etishi mumkin deb tanqid qilinishidir. Garchi 2016-yilda nashrdan chiqqan „Suhbatda ishtirok etish. Nemis tilini chet tili sifatida va ikkinchi til sifatida fanlari uchun diskursiv o‘lkashunoslik“ [Hamann v.b. 2016] o‘quv adabiyoti bilan darslarda amaliy foydalanish uchun dastlabki darslik nashrdan chiqqan bo‘lsa-da, madaniy fanlar sohasining tematik, shuningdek, nazariy-konseptual va empirik asoslari nisbatan tor hisoblanadi [Schweiger 2021: 365].

Bu borada madaniy talqin qilish shakllari qarashining muallifi Klaus Altmayer ham semantik va struktural-funksional tipologiyaning mavjud emasligini e’tirof etgan va keyinchalik mazmun jihatdan va funksional jihatdan madaniy talqin qilish namunalari kontseptining to‘rttadan kategoriyalarini ishlab chiqqan edi. Jumladan, ma’no sathida „Makon“, „Vaqt“, „Shaxsiyat“ yoki „Tegishlilik“ va „Qadriyatlarga asoslanish“ [Altmayer 2006: 192] hamda funksional sathda esa „topologik“, „chronologik“, „kategorial“ va „aksiologik“ [Altmayer 2015: 28] talqin qilish namunalari turlarini farqlaydi. Madaniy talqin qilish namunalarining struktural tipologiyasi esa hozircha ishlab chiqilgani yo‘q [Fornoff 2021: 327].

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqilsa, madaniy fanlar qarashlari oldida va ayniqsa, chet tillari didaktikasi kontekstida yechilishi lozim bo‘lgan bir qancha qiyin vazifalarni sanab o‘tish mumkin bo‘lib, mazkur vazifalar qisman an’anaviy madaniyatlararolik paradigmasi oldidagi vazifalari bilan ham mos keladi:

  • chet tili darslarida madaniyatlararo ta’lim va ta’lim berish maqsadlarini aniq amalga oshirish uchun CEFRning turli darajalariga muvofiq madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantiruvchi bosqichma-bosqich modellarni ishlab chiqish;
  • hozirgacha asosan nazariy-normativ darajada muhokama qilinayotgan tushunchalarni ilmiy jihatdan asoslangan va tekshirilgan holda empirik va amaliy qo‘llay va o‘lchay olish imkoniyatiga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish;
  • madaniy fanlar borasida ishlab chiqilgan nazariy yondashuvlarni yanada rivojlantirish va bu orqali ularning didaktik va ilmiy metodologik jihatdan qo‘llash salohiyatini yanada oshirish;
  • tadqiqotlarni davom ettirish va yangi va ilgari e’tibordan chetda qolgan mavzular va nazariy diskurslarni kashf qilish;
  • madaniyat bilan bog‘liq o‘qitish va ta’lim olish jarayonlari bo‘yicha keng ko‘lamli empirik tadqiqotlar tashkil qilish va o‘tkazish;
  • Chet tili darslarida til o‘rganuvchilarga nafaqat o‘qish, yozish, mediatexnologiyalar kabi madaniyat texnikalarini mashq qila olishlari, balki shaxsga yo‘naltirilgan va diskurs-refleksiv til o‘rganish imkoniyatlarini ham taqdim etilish zaruriyati [Altmayer 2006: 17-18; Altmayer 2021: 384-389; Fornoff 2021: 336-337; Zabel 2021: 353].

Yuqorida keltirilgan tanqidiy qarashlar hamda yangicha nazariy yondashuvlarning milliy kontekstdagi chet tillari darslari uchun amaliy ahamiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsa, shuni  qayd etish lozimki, hozirgacha ko‘proq nazariy, normativ va mavhum sathlarda keng muhokama qilinayotgan madaniy fanlar qarashlarning kundalik faoliyat, amaliy darslarda foydalanish uchun tizimli, empirik, metodologik va didaktik konsepsiyalar ishlab chiqilmas, yuqorida keltirilgan vazifalar yechilmas ekan, chet tilini o‘rganish fanlarining ko‘pgina sohalarida til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlik to‘g‘risidagi an’anaviy madaniyatlararo qarash hukmronlik qilishini bashorat qilish mumkin. Mazkur an’anaviy qarashlarga muvofiq "millat" tashqariga tomon aniq chegaraga ega va ichkariga tomon bir xillik tasavvur qilingan hudud sifatida, "xorijiy" tilni o‘rganish "xorijiy madaniyat"ni o‘rganish bilan chambarchas bog‘liq degan madaniyatlararolik paradigmasi qarashlari hamda uning negizida yotuvchi madaniy antropologiyaga asoslangan „madaniyat“ tushunchasi tushuniladi.

Shuningdek, o‘quv-me’yoriy hujjatlar va ta’lim standartlaridan mustahkam o‘rin egallagan madaniyatning an’anaviy konsepsiyasi va madaniyatlararolik paradigmasi kategoriyalari, chet tillari fanlari doirasidagi madaniyatlararo muloqot akademik fani va tadqiqot yo‘nalishining status-quo holati, hozirgi kundagi milliy ta’lim muassasalarida jadal suratlarda amalga oshirilayotgan standartlashtirish va kompetensiyalarga asoslanish fonidagi milliy ta’lim siyosati [Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida; Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida] tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2022-yildan boshlab O‘zbekiston maktab o‘quvchilarining xalqaro PISA imtihonlarida ishtirok etib boshlashi hamda mazkur imtihon natijalariga ko‘ra o‘quvchilarimizning turli ko‘nikmalar bo‘yicha talab darajasidan past bo‘lgan natijalarga erishishi fonida [O‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk marta ishtirok etgan PISA natijalari e’lon qilindi.] ta’lim muassasalarining mavjud o‘quv dasturlarini kompetensiyalarga asoslangan ta’lim tamoyili ostida isloh qilish zaruriyatining kun tartibiga chiqishi [“Biz bunga tayyor emas edik, buning uchun uzoq vaqt kerak“ – vazir o‘rinbosari PISA natijalari haqida.] garchi yangi madaniy fanlar qarashlarining o‘quv dasturlariga kiritish imkoniyatini nazariy jihatdan oshirsa-da, mazkur yangicha qarashlarning tizimli uslubiy-amaliy asoslari ishlab chiqilmaganligi, mazkur imkoniyatni amalda yo‘qqa chiqaradi.

Yuqoridagi fikrlarning isboti sifatida xorijiy tillar sohasida eng asosiy normativ hujjat hisoblangan „Umumyevropa til bilish ko‘nikmalari“da (CEFR) ham ushbu kompetensiyaga urg‘u berilgan bo‘lib, yaqinda to‘liq qayta ishlangan va kengaytirilgan CEFR ko‘nikmalarida „madaniy kompetensiya, „sotsiomadaniy kompetensiya“, „plurilingual va plurimadaniy kompetensiya“ kabi deskriptor va malakalar bilan “madaniyatlararo kompetentlik”, “madaniyatlararo muloqot” kontseptining yanada kengaytirilganini ko‘rish mumkin [Council of Europe 2020; Gemeinsamer europäischer Referenzrahmen für Sprachen 2020]. Aynan mazkur tendensiyani, yurtimizda xorijiy tillar tayyorlash bo‘yicha yetakchi bo‘lgan “Xorijiy til va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishining malaka talablari [Malaka talablari. 5111400 – Xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi uchun.] hamda o‘quv me’yoriy hujjatlarida ham kuzatish mumkin.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Altmayer C. Interkulturalität / Handbuch Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Stuttgart: J.B. Metzler, 2021. P. 376-393. https://doi.org/10.1007/978-3-476-04858-5_23.
  2. Altmayer C. Interkulturalität / Handbuch Fremdsprachenunterricht. 6., völlig überarbeitete und erweiterte Auflage. Tübingen: A. Francke Verlag, 2016. P. 15-20.
  3. Altmayer C. Sprache/Kultur – Kultur/Sprache. Annäherungen an einen komplexen Zusammenhang aus der Sicht der Kulturstudien im Fach Deutsch als Fremd und Zweitsprache / Linguistik und Kulturwissenschaft. Zu ihrem Verhältnis aus der Perspektive des Faches Deutsch als Fremd- und Zweitsprache und anderer Disziplinen. Frankfurt a. M.: Lang, 2015. - P. 17–36.
  4. Altmayer C. Konzepte von Kultur im Kontext von Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. / Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Ein internationales Handbuch. 2. Halbband. Berlin:  De Gruyter, 2010, P. 1402-1413.
  5. Altmayer C. Landeskunde als Kulturwissenschaft. Ein Forschungsprogramm. // Jahrbuch Deutsch als Fremdsprache, 2006 – №32 - P. 181–199.
  6. Auer P. Sprachliche Interaktion. Eine Einführung anhand von 22 Klassikern. 2. Auflage. – Berlin: De Gruyter, 2013. – 290 b.
  7. Bausch K.R., Burwitz-Melzer E., Krumm H.J., Mehlhorn G., Riemer C. Fremdsprachendidaktik und Sprachlehr-/ -lernforschung. / Handbuch Fremdsprachenunterricht. 6., völlig überarbeitete und erweiterte Auflage. Tübingen: A.Francke Verlag, 2016, P. 1-7.
  8. “Biz bunga tayyor emas edik, buning uchun uzoq vaqt kerak“ – vazir o‘rinbosari PISA natijalari haqida. [Elektron resurs] // URL:  https://kun.uz/kr/news/2023/12/19/biz-bunga-tayyor-emas-edik-buning-uchun-uzoq-vaqt-kerak-vazir-orinbosari-pisa-natijalari-haqida (Foydalanilgan sana: 12.07.2024).
  9. Bredella L. Das Verstehen des Anderen. Kulturwissenschaftliche und literaturdidaktische Studien. – Tübingen: Narr Verlag, 2010. – 289 b.
  10. Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi № 352-sonli Qarori
  11. Council of Europe. Common European Framework of Reference for Languages: Learning, teaching, assessment – Companion volume. [Elektron resurs] // Council of Europe Publishing, Strasbourg 2020, URL: www.coe.int/lang-cefr, https://rm.coe.int/common-european-framework-of-reference-for-languages-learning-teaching/16809ea0d4 (Foydalanilgan sana: 08.07.2024).
  12. Hamann E., Magosch C., Mempel C., Vondran B., Zabel R., Altmayer C. (eds.). Mitreden. Diskursive Landeskunde für Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Stuttgart: Klett, 2016. – 136 b.
  13. Fornoff R. Forschungsansätze der Kulturstudien im Fach Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. / Handbuch Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Stuttgart: J.B. Metzler, 2021. P. 321-339. https://doi.org/10.1007/978-3-476-04858-5_20. Pp. 321- 339.
  14. Fornoff R. Landeskunde und kulturwissenschaftliche Gedächtnisforschung. Erinnerungsorte des Nationalsozialismus im Unterricht Deutsch als Fremdsprache. – Baltmannsweiler: Schneider Verlag Hohengehren, 2016. – 532 b.
  15. Geertz C. The Interpretation of Cultures. – New York: Basic Books Publ., 1973. – 470 b.
  16. Gemeinsamer europäischer Referenzrahmen für Sprachen. lernen, lehren, beurteilen. Begleitband. – Stuttgart: Ernst Klett Verlag, 2020. – 200 b.
  17. Hall E.T. Beyond Culture. – New York: Doubleday, 1976. – 320 b.
  18. Hall E.T. The Silent Language. – New York: Doubleday, 1959. – 217 b.
  19. Heringer H.J. Interkulturelle Kommunikation. Grundlagen und Konzepte. 5. Durchgesehene Auflage. – Tübingen: A. Francke Verlag, 2017. – 240 b.
  20. Hufeisen B., Riemer C. Spracherwerb und Sprachenlernen / Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Ein internationales Handbuch. 1. Halbband. Berlin: De Gruyter, 2010. P. 738-753.
  21. Huneke H.W., Steinig W. Deutsch als Fremdsprache. Eine Einführung. 6., neu bearbeitete und erweiterte Auflage. – Berlin: Erich Schmidt Verlag, 2013. – 330 b.
  22. Islomov S. Milliy va anglosakson kontekstlarida lingvokulturologiya. – O‘zbekiston: til va madaniyat, 2024. – №2 B. 83105.
  23. Islomov S. Madaniyatlararo muloqot – status quo, tanqidiy qarashlar, chaqiriqlar va yangicha qarashlar / Madaniyatlararo muloqot maqsadi uchun chet tillarini o‘rganish va o‘qitishning muammolari. Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari. –Termiz, 2023. -P. 105-121.
  24. Krumm H.J., Fandrych C., Hufeisen B., Riemer C. (eds.). Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Ein internationales Handbuch. Berlin: De Gruyter Moution, 2010. – 1091 b.
  25. Malaka talablari. 5111400 – Xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi uchun. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 14.08.2020 hamda 25.08.2018 yillarda Nr-418 hamda Nr-744 sonli buyruqlar bilan tasdiqlangan.
  26. O‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk marta ishtirok etgan PISA natijalari e’lon qilindi. [Elektron resurs] // URL:  https://kun.uz/kr/news/2023/12/07/pisa-natijalari-elon-qilindi-ozbekistonlik-oquvchilar-oxirgi-10-talikdan-joy-oldi (Foydalanilgan sana: 12.07.2024).
  27. Reckwitz A. Die Transformation der Kulturtheorien. Zur Entwicklung eines Theorieprogramms. – Weilerswist: Velbrück Wissenschaft, 2000. – 704 b.
  28. Schweiger H. Konzepte der ›Landeskunde‹ und des kulturellen Lernens. / Handbuch Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Stuttgart: J.B. Metzler, 2021. P. 358-375. https://doi.org/10.1007/978-3-476-04858-5_22, Pp. 358- 375.
  29. Scollon R., Scollon S.W. Intercultural Communication. A Discourse Approach. Second Edition. – Oxford: Basil Blackwell, 2001. – 316 b.
  30. Tannen D. Implications of the oral/literate continuum for cross-cultural communication / Georgetown University Roundtable 1980: Current Issues in Bilingual Education. Washington D.C.: Georgetown U Press, 1980.-P. 326-347.
  31. Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi №646-sonli Qarori
  32. Usmanova S. Lingvokulturologiya. Darslik. – Toshkent: Universitet, 2019. – 248 b.
  33. Welsch W. Transkulturalität: Realität und Aufgabe. / Migration, Diversität und kulturelle Identitäten. E-Book: Springer Verlag, 2020, P. 3-18.
  34. Yousefi H.R. Grundbegriffe der interkulturellen Kommunikation. – München: UVK Verlagsgesellschaft mbH, 2014a – 126 b.
  35. Yousefi H.R. Interkulturellen Kommunikation. Eine praxisorientierte Einführung. – Darmstadt: Wissenschaftliche Buchgesellschaft – WBG Verlag, 2014b. – 204 b.
  36. Zabel R. Sprache und Kultur. / Handbuch Deutsch als Fremd- und Zweitsprache. Stuttgart: J.B. Metzler, 2021. - P. 340-357. https://doi.org/10.1007/978-3-476-04858-5_21, Pp. -340- 357.
  37. What’s the difference between ESL, EFL, ELL, ENL, EAL? (Part 2). [Elektron resurs] // URL: https://mobileefl.wordpress.com/2019/02/20/whats-the-difference-between-esl-efl-ell-enl-eal-part-2/#:~:text=%E2%80%9CThe%20variety%20of%20the%20English,a%20Foreign%20Language%20(EFL). (Foydalanilgan sana: 18.09.2023)
  38. Tillaev O. Nega xorijliklar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun sifatli qo‘llanmalar kam? [Elektron resurs] // URL: https://kun.uz/uz/news/2020/05/24/nega-ozbek-tilini-organish-uchun-sifatli-qollanma-yoq. (Foydalanilgan sana: 18.09.2023)
  39. Xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi yangi darslik ishlab chiqildi. [Elektron resurs] // URL: https://www.gazeta.uz/oz/2020/07/14/darslik/ (Foydalanilgan sana: 18.09.2023)

 

 

Исломов С. Межкультурная коммуникация в контексте преподавания иностранных языков (на примере немецкого языка). В данной статье рассматривается понятие межкультурной коммуникации в сфере иностранных языков, а также лежащая в его основе научно-методологическая парадигма межкультурности. Освещены современное состояние и критические взгляды на эту концепцию и парадигму в условиях глобализации. Сначала в статье определяются термины «иностранный язык» и «второй иностранный язык» в национальных образовательных учреждениях в соответствии с классификациями международных академических кругов. Затем рассматривается понятие «культура», исходяший из предположения о четкой границе снаружи и целоcности и гомогенности внутри, которое доминировало в науке до настоящего времени, с диахронической и синхронической точек зрения. Обсуждаются критические взгляды на традиционное понимание культуры и современные интерпретации понятия «культура», основанные на смысле и содержании. Современное понятие культуры, которое обсуждается в научных кругах, расположено вертикально по отношению к национальным языковым границам, присваивается как участник различных дискурсов и на основе дискурсивных правил.

 

Islomov S. Intercultural communication in the context of teaching foreign languges (on the example of the German language). This article delves into the concept of intercultural communication within the realm of foreign languages, alongside the underlying scientific and methodological paradigm of interculturalism. It sheds light on the current state of affairs and offers critical perspectives on this concept and paradigm within the context of globalization. Initially, the article establishes definitions for "foreign language" and "second foreign language" within national educational institutions, in accordance with the classifications of international academia. Following this, it scrutinizes the notion of 'culture,' traditionally perceived as having a clear boundary externally while maintaining internal wholeness and homogeneity. This perspective, prevalent in scientific discourse to date, is examined from both diachronic and synchronic viewpoints. Critical appraisals of the traditional understanding of culture and contemporary interpretations based on meaning and content are explored. The modern conception of culture, as discussed in academic circles, is portrayed as vertically situated in relation to national linguistic boundaries. It is appropriated as an active participant in various discourses, adhering to discursive rules.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati