Chet tilini zamonaviy o‘qitish nafaqat grammatik qoidalar va leksik birliklarni o‘zlashtirishni, balki ijtimoiy-madaniy kompetentlikni rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu jarayonda madaniy jihat muhim rol o‘ynaydi, chunki til madaniyatdan ajralmas va til kompetentligi madaniy xabardorlik bilan chambarchas bog‘liqdir. Hozirgi kunda ko‘proq tadqiqotchilar va o‘qituvchilar chet tilini o‘qitishda turli didaktik usullarda madaniy komponentning ahamiyati va qo‘llanilishiga e’tibor qaratmoqdalar.
Ushbu maqolaning maqsadi chet tilini o‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan turli didaktik usullar kontekstida madaniy komponentning roli va ahamiyatini tahlil qilishdan iborat. Oldingi tadqiqotlar va amaliy tajribalarga asoslanib, maqolada o‘quvchilarning til qobiliyatining yuqori darajasiga erishish uchun madaniy komponentning qo‘llanilishi tasvirlangan.
Maqolada til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlik, shuningdek, zamonaviy didaktik yondashuvlar va o‘qitish usullarida madaniy komponentning o‘rni yoritilgan adabiyotlar haqida umumiy ma’lumot berilgan. Shuningdek, maqolada madaniy komponent va kommunikativ yondashuv, loyihani o‘rganish, vaziyatni o‘rganish va boshqalar kabi turli didaktik usullar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘rib chiqiladi.
To‘plangan ma’lumotlar va oldingi tadqiqotlar tahliliga asoslanib, maqolada chet tilini o‘qitishda madaniy komponentni joriy etishning ahamiyati va zarurligi to‘g‘risida xulosa chiqarilgan. Til ko‘nikmalarini rivojlantirishdan tashqari, ushbu yondashuv talabalarning madaniyatlararo kompetentligini, ularning boshqa madaniyatlar vakillari bilan samarali muloqot qilish qobiliyatini shakllantirishga yordam beradi.
Natijada, ushbu maqolada madaniy komponentning ahamiyatini ta’kidlashga qaratilgan va uni chet tilini o‘qitishda turli didaktik usul va yondashuvlarga integratsiya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Butun insoniyat tarixi davomida va turli fanlarning nuqtayi nazaridan “madaniyat” tushunchasini ta’riflashda ko‘p sonli urinishlar bo‘lgan. Shu sababli madaniyatga yagona ta’rif berish qiyin. Avvalambor, madaniyat tushunchasini ochib berishda madaniyat ma’lum jihatdan ta’lim bilan bog‘liqligini inkor etib bo‘lmaydi. Madaniyatni o‘zlashtirish inson tug‘ilishidan boshlanadi va butun umr yo‘lida davom etayapti. Inson madaniyati doimo kundalik hayotning barcha holat va vaziyatlari orqali, oilaviy, ta’lim, jamoa, kasbiy va boshqa muhitlarda shakllantirilib borilmoqda.
Shu jihatdan madaniyat maxsus ijtimoiy guruh tomonidan yig‘ilgan bilim parchalarining keng yig‘indisidan iborat, deb ta’kidlasa bo‘ladi[1]. Biroq, har qanday inson bu ijtimoiy guruhda yig‘ilgan bilimining faqatgina ma’lum qismini biladi va undan foydalanadi. Bilim turlari va miqdorlari insonlar va jamiyatlarga muvofiq farqlanadi.
YUNESKO madaniyatga qo‘yidagicha ta’rif bergan[2]: “Ma’lum bir jamiyat yoki ijtimoiy guruhni tavsiflaydigan moddiy va ruhiy, aqliy va hissiy o‘ziga xos xususiyatlar yig‘indisidir, shu jumladan, san’at va adabiyotdan tashqari, hayot tarzlari, insonning asosiy huquqlari, qadriyatlar, an’analar va iymon-e’tiqodlar tizimlaridan iborat”.
Ispan qirollik akademiyasining lug‘atida[3] madaniyatning quyidagi ta’rifini uchratishimiz mumkin: “Inson bilimlarni rivojlantirish natijasi yoki samarasidir hamda hayot tarzlari, an’analar, bilimlar, ilm, sanoat va san’atning ma’lum davrda va ijtimoiy guruhdagi rivojlanish darajasi”.
Madaniyat atamasi “cultus” lotin so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, aslida etimologik jihatdan “yerni ishlov berish” harakatini anglatadi. XIII asrda mazkur termin ishlov berilgan yer maydonini nomlagan va uch asrdan keyin uning ma’nosi o‘zgartirildi. Metaforik nuqtayi nazardan ushbu atamaning mazmuni “inson ongini ishlov berishidan” iborat. O‘rta asrlarda “madaniyat” diniy va qomusiy nuqtayi nazardan talqin qilingan. O‘yg‘onish davridan boshlab (XIV asr) “tamaddun” va “madaniyat” o‘rtasida farqlar paydo bo‘lgan. Tamaddun iqtisodiy va texnologik, ya’ni moddiy rivojlanishni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, madaniyat donolik kabi aqliy, ruhiy qobiliyatlarni kuchaytirishga intilgan.
XVI asr yarmigacha bu atama metaforik konnotatsiyaga ega bo‘lib, har qanday aqliy qobiliyatni rivojlantirishni nomlagan. Allaqachon XVII asrda ushbu termin ayrim akademik matnlarda paydo bo‘lgan. Bu davrda “madaniyat” atamasi ikkita ma’noda ishlatilgan: birinchisi inson olgan ta’lim, uning rivojlanishi va takomillashtirilishiga tegishli bo‘lib, ikkinchisi yashash tarzi va tafakkurlar majmuasini bildirgan. XVIII asrda birinchi mazmuni ma’rifatparvar falsafa asarlari orqali hamda antropologik g‘oyalarning genezisi kontekstida ikkinchisiga o‘tgan.
XVIII asrda, Ma’rifat davrida asosiy maqsadi madaniyatni shaxsiy va ijtimoiy hayotini yangilash asbobi sifatida tarqatish bo‘lgan. Bu davrda “madaniyatli” degan so‘z “ta’lim olmagan”, “yovvoyi”, “nodon” so‘zlariga antonim bo‘lib ishlatilgan. Ushbu kontekstda barcha xalqlarni, hattoki ijtimoiy taraqqiyotda orqada qolgan qabilalarni o‘z ichiga olgan universal madaniyat kabi tushunilgan “tamaddun” atamasi paydo bo‘lgan. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, “Russo kabi u davrdagi tafakkurlar uchun madaniyat insonlarni boshqa mavjudotlardan farq qiluvchi o‘ziga xos xususiyat bo‘lgan”[4]. Madaniyat butun tarix davomida bashariyat tomonidan yig‘ilgan bilimlar yig‘indisi hisoblangan. XIX asrda Evropada madaniyat tushunchasi ta’lim orqali insonni takomillashtirishga hamda milliy g‘oyalar yoki intilishlarga erishishga oid bo‘lgan. XIX asr o‘rtasida ba’zi olimlar “madaniyat” atamasini universal inson qobiliyatlarini tasvirlash uchun ishlatgan. “Madaniyat” va “tamaddun” tushunchalari deyarli bir xil tarzda qo‘llanilgan.
XX asrda “madaniyat” atamasi barcha inson fenomenlarni qamrab olgan holda antropologiyaning markaziy tushunchasi sifatida paydo bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin ushbu atama madaniyat sohasidagi tadqiqotlar, tashkiliy psixologiya, madaniyat sotsiologiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta mazmunini orttirgan. XX va XXI asrlarda madaniyat ta’rifi chuqurroq va murakkabroq bo‘lib qoldi, chunki falsafa maktablari “madaniyat” atamasini antropologiya, filologiya va sotsiologiya nuqtayi nazaridan chuqurlashtirdi va nazariy tus berdi.
Madaniyat o‘z ichiga olgan hodisalar qatorida ikkita majmuani ajratish lozim. Merser[5] ilk bor madaniyat tushunchasini “natija” kabi tushuniladigan “mahsulot” kabi ta’riflab, hayot tajribasiga oid bo‘lgan shaxsiy ifodalar yig‘indisini shakllantirgan (kitoblar, musiqa, tasviriy san’at, me’morchilik, filmlar va b.). Boshqacha qilib aytganda, shu jihatdan madaniyat atamasi moddiy, sezib bo‘ladigan predmetlar orqali ifodalanadi. Ikkinchi majmua madaniyat atamasini “vosita” kabi tushunilayotgan “maqsad”ga oid va o‘z navbatida mavhum, sinergetik hodisalardan iborat (ishonchlar, xulq-atvor, aloqalar, motivatsiya, tasavvurlar va boshqalar).
Bu tarzda, madaniyatning ikkita har xil konseptlari mavjud va ularni qo‘yidagicha tavsiflash mumkin:
1) “Katta harf bilan yozilgan” Madaniyat (yoki rasmiy madaniyat). Ushbu konseptga xalq mentalitetiga tegishli bo‘lgan kitoblar va qomusiy lug‘atlarda tasvirlangan hamda jahon madaniyatiga hissa qo‘shadigan barcha jihatlar kiradi, shu jumladan: adabiyot, tarix, musiqa, san’at, folklor, gastronomiya, moda, me’morchilik, falsafa va b. Bunday ma’lumotlar insonni “madaniyatli” sifatida tavsiflashi mumkin, misol uchun, Servantesning “Don Kixot” asari qaysi yilda nashr etilganligi yoki Pablo Pikassoning rasmlarni bilishi Madaniyatning ko‘rsatkichi hisoblanadi. Bunday bilimlar jamiyatning ba’zi a’zolarida mavjud, ammo, umuman olganda, ular barcha tomonidan hurmat qilinadi.
2) “Kichik harf bilan yozilgan” madaniyat yoki “oddiy” madaniyat ispan odamlarining fe’l-atvorini va xulqini tushunishga hamda jamiyatda birgalikda yashash va faoliyat ko‘rsatishga qaratilgan, ya’ni muayyan xalqning an’analariga tegishli bo‘lgan odatlar, imon-e’tiqodlar va hayot tarzlari, shu jumladan, insonlararo munosabatlar, yaxshi tarbiya tushunchasi, ijtimoiy me’yorlar, go‘zallik, vaqt tushunchalari, shaxslararo masofa, adolat tushunchasi, vaqt tashkillashtirilishi, imo-ishoralar va hokazo.
Jamiyatning ko‘pchilik a’zolari bunday bilimlarga amal qiladi. Ushbu bilimlar bolalik davomida, o‘z-o‘zidan ravshan holat sifatida hamda ona tili bilan birgalikda o‘zlashtiriladi. Ya’ni bu madaniy standart kundalik hayotda qo‘llaniladi va shuning uchun, chet tili o‘rganuvchilar uchun asosiy bilimlar qatoriga kiradi. Iglesias Kasal[6] “oddiy” madaniyat muhimligini ta’kidlashicha, “muloqotning madaniy konteksti uzatilayotgan xabarni anglash uchun asosiy jihat” hisoblanadi. Misol uchun, ispanlarning ko‘pchiligi xayrlashish paytida ishlatilayotgan “Bueno, pues adiós, ya te llamaré” (Mayli, sog‘ bo‘l, men senga qo‘ng‘iroq qilaman) kabi formulalar nemislar tomonidan albatta bajarish kerak bo‘lgan, bajarilmagan taqdirda suhbatdoshni xafa qiladigan va’dasi sifatida idrok etiladi.
3) Mikel Lopes va Sans[7] ushbu tasnifga uchinchi kategoriyani kiritdi: “K” xarfli madaniyat (kultura) “madaniy lahjalar” yoki submadaniyatlarga tegishli bo‘lib, ya’ni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan turli guruhlarning muqobil madaniyat ifodalanishini bilish suhbatdoshni ijtimoiy va madaniy jihatdan aniqlab berish va unga lisoniy jihatdan moslashishga imkon beradi. Submadaniyat ko‘pincha umumiy mashg‘ulotlar, qarashlarga ega bo‘lgan yoshlarga xos hodisa hisoblanadi. Santamariya[8] ushbu madaniyatni “ma’lum guruhlarning argo tili yoki muayyan davrda urfda bo‘lgan tillar, shuningdek, madaniy standartlardan farq qiluvchi va barcha gapiruvchilar amal qilmaydigan an’analar va odatlar” tariqasida tasvirlaydi. O‘z navbatida, Gillen Diaz[9] ta’kidlashicha, madaniyatning bu turi “epidermik madaniyat” hisoblanadi, ya’ni suhbatdoshni ijtimoiy yoki madaniy jihatdan aniqlab berib, unga moslashgan holda muloqot qilishdan iborat.
Madaniyatning kognitiv nuqtayi nazaridan, ma’lum jamiyatning a’zolari umumiy ijtimoiy parametrlarni biladi va amal qiladi. Ushbu parametrlar mazkur jamiyat uchun mos bo‘lgan xulqda asoslangan. Bunday xulqning xususiyatlari boshqa madaniy kontekstlarda kutilmagan tusni olganda, nizoli vaziyatlar vujudga keladi hamda muqarrar tarzda madaniy shok va anglashilmovchiliklar shakllantiriladi, chunki ma’lum bir guruhning xulqi boshqa jamoa uchun nomuvofiq bo‘lishi mumkin.
Luque Duran fikricha[10], “madaniy shok boshqa xalqlarning tafakkur qilish va yashash tarzini qabul qilmaslik hamda bilimlar yo‘qligi bilan bog‘liq. Madaniy shoklarning ko‘pchiligi oddiy anglashilmovchilik hisoblanib, mamlakat madaniyati haqida bilimlarni orttirishga halaqit berishi mumkin. Boshqa holatlarda bir-biridan keskin farqlovchi hayotiy va madaniy fikrlar o‘rtasida yechib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar haqida gap ketadi”.
Til va madaniyat o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan o‘zaro bog‘liqlik aloqasi o‘ta muhim hisoblanadi, chunki ikkalasi ispan tilini chet tili sifatida o‘rganuvchilarning kommunikativ kompetentligini rivojlantirish uchun katta rol o‘ynaydi. Escavy[11]ga binoan, madaniyat lingvistikada asosiy o‘rinni egallamaydi, biroq albatta inobatga olish kerak bo‘lgan omil hisoblanadi, chunki chet tilni o‘rganishi hozirgi paytda til va tafakkur yoki voqelik o‘rtasidagi munosabatlarni hamda pragmatik sohani o‘z ichiga olib, shaxslararo yoki madaniyatlararo munosabatlarga qaratilgan.
Shuning uchun chet tili o‘qituvchilari o‘z diqqatini o‘rganuvchilarning lingvistik kompetentligiga hamda madaniy kompetentligiga jamlashi lozim. Ikkala unsurlarning hamohangligi o‘rganuvchilarga lingvistik va madaniy jihatdan mos bo‘lgan kommunikativ almashinuvlarda qatnashishi mumkin.
Madaniyat tushunchasi tadrijiy jihatdan doimo rivojlangan va kengaytirilgan. Ayrim tadqiqotchilar madaniyatni ma’lum guruhdagi a’zolarning xulqini boshqaruvchi, ularga boshqalarning kutilmalarni aniqlashga yordam beruvchi unsur sifatida tasvirlaydi. Boshqa tarafdan, madaniyat muayyan vaqtda insonlar jamiyatini tavsiflovchi g‘oyalar, an’analar, qobiliyatlar, san’at va asboblarning yig‘indisi tariqasida ta’riflash mumkin. Matsumotoga[12] binoan, madaniyat munosabatlar, muayyan jamiyat tomonidan o‘ylab topilgan qadriyatlar, imon-e’tiqod, me’yorlar va xulqlarni o‘z ichiga oluvchi eksplitsit va implitsit g‘oyalarning tizimidir. Mazkur guruhning har qanday a’zosi avloddan avlodga yetkazib beriladigan, ammo, vaqti bilan o‘zgaruvchan ushbu g‘oyalarni shaxsan qabul qilib idrok etadi.
Chet tillar o‘qitish tarixi davomida madaniyatga shakllangan munosabati turli davrlarda har xil, mutlaqo rad etishdan tortib to to‘liq qabul qilishigacha bo‘lgan. Hozirgi paytda madaniyat chet tillarning o‘rganish va o‘qitish jarayonida asosiy rol o‘ynayotganligi tan olingan. Ohirgi paytlarda ispan tilini chet tili sifatida o‘qitish didaktikasida “til va madaniyat deyarli bir xil narsa” sifatida idrok etiladi[13]. Ispan tilini o‘qitish tarixining turli davrlarda madaniyat tushunchasi muntazam taraqqiyotga duchor bo‘lib, qayta baholangan. Shu sababli ispan tilini o‘qitish didaktikasida turli metodologiyalarda madaniy va ijtimoiy-madaniy kontentning har xil shakllari hamda uning ispan tili o‘rganuvchilarga taqdim etish usullari mavjud.
Ba’zi ispan tadqiqotchilarning fikricha, xorijiy tilning qonuniyatlarini va ayniqsa, uning mazmunini tushunish uchun, avvalambor, jamiyatni hamda uni tartibga solayotgan ijtimoiy me’yorlarni anglash lozim. Til bilishning o‘zi yetarli emas, chunki biz amalga oshirayotgan nutqiy aktlarning asl mazmuni talaffuz etilgan yoki yozilgan so‘zlarda emas, balki ijtimoiy bilimlarning murakkab dunyoda yashiringanligidadir[14].
XIX asrda shakllangan va “an’anaviy” nomi bilan taniqli usul grammatik qoidalarning o‘rganishga hamda yangi so‘zlarni yodlashga katta ahamiyat bergan. Bir tarafdan bunday usul tarjima va o‘qib tushunish qobiliyatlarini, boshqa tarafdan esa matnlarni yodlash va yozish ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan. O‘qitilayotgan grammatik qoidalari me’yoriy hisoblanib, deduktiv usulda taqdim etiladi. Bunday usulda og‘zaki ko‘nikmalar deyarli unutilgan bo‘lib, noverbal unsurlari esa mutlaqo qo‘llanilmagan. O‘quvchining har qanday madaniy kontent bilan tanishishi adabiy matnda berilgan ma’lumotlari bilan chegaralangan, ya’ni jo‘g‘rofiya, iqlim, tarixi san’at, katta shaharlar, mashhur shaxslar haqida asosiy faktlardan iborat edi. Grammatik usulning maqsadi, ayniqsa, chet tilini o‘rganish jarayonining yuqori darajalarda, adabiy matnlardan olingan parchalarni tarjima qilishga qaratilgan bo‘lib, darslarda ko‘pincha o‘rganuvchilarning ona tili ishlatiladi, amaliy mashg‘ulotlar esa chet tilidan ona tiliga, shuningdek, ona tilidan chet tiliga tarjima qilishga yo‘naltirilgan mashqlari orqali amalga oshiriladi. An’anaviy usul talabalarda o‘rganilayotgan tilda adabiyotni o‘qish hamda adabiy matnlar orqali yangi ma’lumotlar olish ko‘nikmasini shakllantirishga mo‘ljallangan. Xullas, mazkur usul til o‘rganuvchilar axborot va adabiy matnlarni o‘qish orqali qomusiy madaniy jihatlar bilan tanishishni qullab-quvvatlaydi. Shunday qilib, madaniy komponent kontekstdan yiroq bo‘lgan hamda til o‘qitish maqsadlari bilan bog‘lanmagan, stereotiplarga boy bo‘lgan[15].
XX asrning boshida chet tilni o‘rganish jarayoni ona tilini o‘rganish jarayoniga o‘xshayotganligiga intiluvchi tabiiy usul paydo bo‘lgan. Mazkur usul chet tilidan savol-javob hamda imo-ishoralar, rasmlar orqali muntazam foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, tarjimaga yoki ona tiliga murojaat qilishidan voz kechadi. Ushbu usul to‘g‘ridan-to‘g‘ri usuli asosida shakllantirilib, Fransiya va Germaniyada ilk bor vujudga kelgan, shuningdek, muhojirlarning katta miqdori mahalliy aholi bilan tez muloqotga kirish imkoniyatini yaratish maqsadida AQSHda ko‘p ishlatilgan. Bu usul birinchi kundan boshlab o‘rganilayotgan tilni qo‘llashni himoya qiladi, shuningdek, barcha darslar og‘zaki nutq va talaffuz ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Grammatikaning o‘qitilishi induktiv bo‘lib, tarjimadan foydalanishni mutlaqo rad etadi. Yangi leksika predmetlar va rasmlar orqali tushuntiriladi. O‘qituvchilar o‘qitilayotgan til sohiblari bo‘lishi kerak va ularda filologik ta’lim borligi katta ahamiyatga ega emas. Ularning metodologiyasi odatiy, har kuni sodir bo‘layotgan vaziyatlar ichida og‘zaki til o‘qitilishiga yo‘naltirilgan. Boshlang‘ich darajada madaniy mavzularga deyarli e’tibor berilmaydi. Biroq, yuqoriroq darajalarda erkin suhbat mavzulari madaniy jihatlarni ko‘rib chiqilishiga imkon beradi. Bundan tashqari, darsda ko‘rib chiqilayotgan fotosuratlar, bukletlar, asl hujjatlar bunday turdagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi.
XX asrning 40-yillariga kelib lingvistik tuzilmalarni takrorlash hamda batafsil ko‘rib chiqishda, shuningdek, takrorlash-to‘g‘irlash-xatolar ustida ishlash-o‘zlashtirish strategiyasiga asoslangan tuzilmaviy usullar paydo bo‘lgan. Grammatikaning o‘qitilishi deduktiv shaklda, ya’ni qoidalar va istisnolarni yodlagan holda hamda noto‘g‘ri ma’lumot o‘zlashtirishdan qochish maqsadida xatolarni darhol tuzatilishi orqali amalga oshiriladi. Mazkur usulning asosiy vosita hisoblagan dialoglarda tilning noverbal muloqot muhimligi ham inobatga olinadi. Bundan tashqari, darslarda yirik madaniy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan e’lonlar, reklamalar, taklifnomalar, xatlar, menyular, dars jadvallari kabi asl hujjatlar ishlatiladi. Biroq, ushbu usulda dialoglar va nutq ijtimoiy kontekstdan ajralgan holda taqdim etilganligi sababli, ijtimoiy-madaniy komponentning o‘rganilishi til o‘rganish jarayonida cheklangan bo‘lib, ko‘proq og‘zaki ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan. Mazkur usulda talaffuz o‘qitilishi o‘ta muhim hisoblanadi.
Audiolingval usulning asosiy xususiyati chet tilini amaliy va og‘zaki jihatdan hamda tez sur’atlarda o‘rganishdan iborat. Tuzilmalar birinchi navbatda to‘g‘ri usuldagidek, tinglab tushunish orqali o‘rganiladi va undan keyin mexanik tizimlashtirish (drill) orqali o‘zlashtiriladi. Magnitofon, proyektor kabi audiovizual texnikaning paydo bo‘lishi ushbu usulni rivojlantirishga sezilarli hissa qo‘shdi. Mazkur usulda nazariy bilimlar deyarli kontekstsiz taqdim etiladi va talabalarning me’yorning to‘g‘ri shaklini va foydalanish usulini o‘zlashtirilishiga qaratilgan. Shu sababli madaniy ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qamrab olinmaydi.
XX asrning 60-yillarida psixologik kognitiv modellar bilan shug‘ullangan generativizm nomli lingvistik yo‘nalishning rivojlanishi bilan, ekspertlar chet tilning o‘zlashtirilishi ko‘nikmalarning shakllantirilishi emas, balki qoidalar yig‘indisini tushunilishi bilan bog‘liqligini hamda tilni xarakterlaydigan ijodiy jihatni ta’kidlaydi. Bir tarafdan generativizm til o‘rgatishning hech qaysi usulni yaratmagan, shuningdek, chet tillarni o‘qitishda til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqligi ta’kidlanmagan bo‘lsa, boshqa tarafdan keyinchalik madaniy kompetentlikni rivojlantirmaydigan yangi usullarning vujudga kelishini qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, XX asrning 60-yillar oxirida va 70-yillarning boshida “cognitive-code approach” nomlangan yondashuv paydo bo‘ldi. Shunday qilib o‘quvchining tilni mustaqil ravishda o‘rganishiga qaratilgan “tinch” usuli hamda o‘quvchilarni dialoglarni takrorlash va yodlashga majbur qiluvchi va bo‘shashtirish (relaks) texnikalarga asoslangan sugestopediya kabi usullar paydo bo‘lgan. Mazkur yondashuvlarga binoan, til o‘rganish uning tuzilmalar, fonetik, leksik va grammatik tarkibiy qismlardan, bilimlardan iborat bo‘lgan o‘zaro bog‘langan yig‘indisi ongli nazorati hamda tahlil qilishini o‘z ichiga oladi. Til o‘rganuvchi mazkur unsurlarni kognitiv egallash darajasini orttirganidan keyin avtomatik tarzda mazkur tilni voqelik vaziyatlarida qo‘llash qobiliyatini rivojlantiradi. Ushbu yondashuv doirasida madaniyat o‘rganilayotgan til gapiruvchining kundalik hayoti sifatida tushuniladi.
“Tinch” usuli Kaleb Gattegno[16] tomonidan kiritilgan bo‘lib, aql o‘rganish uchun o‘z mezonlarini yaratishga qodir faol agent ekan, shuning uchun o‘quvchilar o‘rganayotgan tilida qoidalar va tuzilmalarni yaratishga qodir degan fikriga asoslangan. Ushbu tamoyillarga ko‘ra, o‘quvchida o‘qituvchidan mustaqilligi shakllantiriladi, chunki har bir o‘quvchi o‘rganishidagi o‘z taraqqiyotiga mas’ul hisoblanadi. O‘qituvchi o‘quvchilarga faqatgina kerakli ma’lumotlarni taqdim etib, darsning katta qismida jim bo‘ladi. Uning vazifasi farazlarni isbotlash jarayonida o‘quvchilarni boshqarish, rollarni belgilash, darsni rejalashtirish va natijalarni baholashdan iborat. Madaniy jihatlar ushbu usulda oxirgi o‘rinlarni egallaydi.
Mutlaq jismoniy javob usuli AQSHda XX asrning 70-yillarida chet tillarni o‘qitish metodologiyasida mutaxassis psixolog Asher tomonidan yaratilgan bo‘lib, Piajening konstruktivizm (rag‘bat-javob) tamoyillariga asoslangan. Asherga binoan, ona va chet tillarni o‘rganish ikkita parallel jarayondan iborat, ya’ni chet tili ona tili o‘rganishida kuzatilayotgan barcha jarayonlarni aks ettirishi lozim[17]. Bola tilni harakatlar orqali o‘zlashtirib miyaning o‘ng yarim shari bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatni amalga oshiradi. Ushbu usulGa asoslangan darslarda tinglab tushunish hamda induktiv tarzda o‘qitiladigan grammatika ustunlik qiladi hamda muayyan darslikdan foydalanilmaydi.
Bolgariyalik psixoterapevt va psixiatr Lozanov (1978) tomonidan ishlab chiqilgan sugestopediya nomli usulga ko‘ra, chet tilini o‘rganishda paydo bo‘lgan muammolar dars muhiti bilan bog‘liq. Lozanovning fikricha, relaks (bo‘shashish) va diqqatni jamlash texnikalari yordamida ko‘p leksik birliklarni va grammatik tuzilmalarni yodlab olish mumkin. Ushbu usulda turli vaziyatlarni sahnalashtirish kabi o‘yinlar ko‘p ishlatiladi, bunda o‘quvchining shaxsiy tajribalari namoyish qilmasdan, unga bajarish kerak bo‘lgan ma’lum rollar beriladi. Ba’zi pedagog olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu usul “xomxayol”ga asoslangan bo‘lib, “insonni shakllantiruvchi ratsional, kognitiv, jismoniy, tahliliy, irodaviy, hissiy, artistik, ijodiy, intuitiv va implitsit jihatlari o‘rtasida erishib bo‘lmaydigan hamohanglik holatini shakllantirishga qaratilgan”[18].
XX asrning 70-yillaridan boshlab chet tillar o‘qitishda muloqotga o‘rgatishga yo‘naltirilgan islohotlar harakati boshlanadi. Jahon integrallashuv bilan birgalikda chet tillar o‘qitishning muqobil usullarini rivojlantirish ehtiyoji paydo bo‘lgan. Bu paytda usullar bilan birgalikda “yondashuv” tushunchasi muhokama qilingan.
Bu davrda Evropa Kengashi muloqot vaziyatlardan kelib chiqqan holda ehtiyojlar (funksiyalarni) qondirishga qaratilgan hamda o‘quvchida o‘rganish jarayonida shakllanib borilayotgan motivatsiya va mustaqilligini inobatga olgan yangi yondashuvni ishlab chiqishga qo‘l urdi. Bu tarzda, Wilkins[19] tilning funksional ta’rifini taklif qildi. Bu buyuk britaniyalik tilshunos zamon, makon, miqdor kabi tushuncha kategoriyalarni hamda ruxsat so‘ramoq, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoq, istak bildirmoq kabi funksional kategoriyalarni ajratib ko‘rsatdi. Mazkur yondashuv o‘quvchilarni kundalik vaziyatlarga tayyorlashga mo‘ljallangan bo‘lib, simulyatsiya orqali amalga oshirilishi taklif etiladi. Evropa Kengashi ekspertlari har xil kategoriyalarni jamlab olib, “Bazaviy (ostona) darajasi” deb nomlangan atamani ishlab chiqdilar. Ekspertlar guruhi chet tilda muloqotni olib borish uchun eng past darajasini erishish maqsadida kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ib, natijada “tushunchaviy-funksional” yondashuvga qaratilgan dasturlar va darsliklarni ishlab chiqish uchun namuna bo‘lib xizmat qilgan chet tillar o‘qitish dasturini yaratdilar. “Bazaviy darajasi”da maqsadlar va vazifalar batafsil ko‘rsatilgan, biroq, ularni qanday qilib erishish kerakligi (metodologiya va mashqlar taqdim etilmagan) hamda o‘zlashtirishni baholash uchun eng maqbul tizimi ham belgilanmagan. Shunga qaramasdan, bunday dastur kommunikativ yondashuv asosi bo‘lib xizmat qilgan.
Kommunikativ yondashuv antropologiya, psixologiya, til falsafasi, etnografiya kabi tilshunoslik bilan bog‘liq bo‘lgan fanlar taklif qilgan nazariyalar hamda Xaymsning gapiruvchining jamiyatdagi “kommunikativ kompetentlik” haqida fikrlari yordamida shakllangan.
Kommunikativ yondashuvda til va madaniyat o‘rtasidagi yaqin bog‘liqlik ta’kidlanadi. Bu yondashuv baholovchi hukmlardan qochmay, o‘quvchining hamda o‘rganilayotgan til mamlakatining madaniyatini qiyoslash amaliyoti, o‘quvchi tomonidan madaniy ma’lumotlarni mustaqil o‘zlashtirish va idrok etish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Shunday qilib, Zanon[20] ta’kidlashicha, til bilishi nafaqat tilni tizim sifatida o‘zlashtirishni, balki ham til o‘rganuvchi tildan samarador foydalanishga qaratilgan ijtimoiy vaziyatlarga qo‘shilishini nazarda tutadi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, XX asrning 90-yillaridan boshlab, vazifalarga yo‘naltirilgan yondashuvda “tilni o‘rganish uning madaniyatini o‘rganish demakdir” g‘oyasi olg‘a suriladi[21] va shu bilan birgalikda til o‘qitishga ijtimoiy-madaniy komponent qo‘shiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, an’anaviy usul hamda tuzilmalarga asoslangan har xil usullar uchun, madaniyat barcha o‘quv materiallarda mavjud bo‘lishi zarur, ammo, uning vazifasi aniq emas. Madaniy materiallar har bir mamlakatning stereotiplari yig‘indisi bo‘lib, kontekstdan tashqarida joylashgan hamda har bir didaktik bo‘limda belgilangan til maqsadlari bilan bog‘liq emas.
Biroq, o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab muloqotga yo‘naltirilgan usullarda chet tili o‘qitish jarayonida madaniyatni o‘qitishga nisbatan ijobiy siljishlar va o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Kommunikativ yondashuvda til va madaniyat o‘quv muassasalarining dasturlarida hamda chet tili o‘qitilishida ishlatilgan darsliklarda osonlik bilan birlashtirishni kuzatishimiz mumkin. Til va madaniyatni bir-biridan ajralib bo‘lmaydigan hodisalar ekanligidan kelib chiqqan holda, sinfxonada ham o‘quvchi nafaqat lingvistik muammolarni yechishi, balki ham til sohiblari bilan ijtimoiy-madaniy munosabatlarni o‘rnatilishi rag‘batlantiriladi. Bugungi kunda tilni ijtimoiy-madaniy kontekstga joylashtirishsiz o‘rganib bo‘lmaydi.
1990-yillarda til va madaniyatning yaxlitligiga qaratilgan chet tillarni o‘rganish/o‘qitish bilan bog‘liq ta’lim dasturlar, loyihalar va tadqiqotlar paydo bo‘lgan. Ko‘p olimlar chet tillar o‘qitishdagi madaniy unsurni tadqiq qilgan. AQSHlik olimlar Seelye[22], Valdés[23], Kramsh[24], nemis tadqiqotchisi Buttjies[25], ingliz muallifi Byram[26], fransuz olimi Zarate[27] ushbu tendensiyaning tarafdorlari hisoblanadi. Mazkur mualliflarning ta’kidlashicha, madaniy elementlar darslarda eksplitsit tarzda o‘qitilishi lozim. Ularning fikricha, inson madaniy bilimni orttirmasdan chet tilini o‘rgana olmaydi. Kramsch[28]ga muvofiq, madaniyat g‘oyalar, qadriyatlar, amaliy kategoriyalar, hayot farazlariga, ya’ni jamiyatning tarkibiy qismi bo‘lgan insonlar tomonidan ongli yoki ongsiz ravishda yaxshi yoki mos sifatida tan olingan unsurlar yig‘indisiga borib taqaladi.
Shunday qilib, madaniyat tushunchasi jamiyat his qilayotgan, o‘ylayotgan, aytayotgan, qilayotgan va ega bo‘layotgan barcha narsalarni qamrab oladi. Madaniyat ma’lum ijtimoiy guruhdagi hayotni anglash va yashash tarzining umumlashmasi sifatida Giovannini[29] qilgan mulohazada aks ettirilgan. Olimning fikricha, madaniyat uchta sohada rivojlanayotgan bilim bilan bog‘liq:
Mikel[30]ning fikricha, madaniyatning barcha tarixiy davrlarda shakllangan turli ta’riflari chet tili o‘qitishda aks ettirilgan. Shunday qilib, madaniyat:
Chen Tzu-Yiuga[31] binoan, etnografiya, sotsiolingvistika, pragmatika kabi fanlarning paydo bo‘lishi hamda metodologik yondashuvlarning o‘zgarishini inobatga olgan holda didaktik usullar taraqqiyotining uchta bosqichlarini ajratishimiz mumkin. Birinchi bosqich o‘tgan asrning 70-yiligacha davom etgan, ikkinchi bosqich 70-90-yillarni qamrab oladi, oxirgisi esa 90-yillardan boshlab shakllanib bormoqda. Turli yondashuvlarda mazkur unsur deyarli mavjud bo‘lmagan holatdan eng muhim unsurga va natijada til o‘qitish dasturlarida asosiy maqsadlardan biriga aylangan.
Birinchi bosqichda chet tilning o‘rganish maqsadi lisoniy o‘zlashtirish bo‘lgan. Lopes ushbu an’anaviy yondashuv nuqtayi nazaridan madaniyat konseptining ishlatilishini qo‘yidagicha umumlashtirdi[32]:
70-90-yillarda kommunikativ yondashuv shakllanishi bilan yangi didaktik tushuncha paydo bo‘lgan. Uning maqsadini o‘rganilayotgan tilda samarali muloqot qilish uchun madaniyatiga diqqat jamlash kerakligiga qaratilgan. Ispan olimlari kommunikativ yondashuvning maqsadi qo‘yidagicha ta’riflaydilar: “Muvaffaqiyatli muloqotni amalga oshirish uchun grammatik jihatdan to‘g‘ri gaplarni tuzish yetarli emas. Buning uchun vaziyatga ko‘ra muloqot amalga oshirilayotgan tildan to‘g‘ri tarzda foydalanish lozim va bunday vaziyat ijtimoiy jihatdan har qanday jamiyat tomonidan belgilanadi”[33]. Canale va Swainlarning nazariy qarashlariga ko‘ra, ushbu usul muloqot vaziyatidagi kontekstning ko‘rib chiqilishiga qaratilgan[34]. Solis mazkur yondashuv ichidagi madaniyatning rolini qo‘yidagi tarzda umumiylashtirgan[35]:
XX asrning 90-yillaridan boshlab kommunikativ usulga madaniyatlararo jihatni qo‘shadigan yangi didaktik tendensiya vujudga kelgan. Shu nuqtayi nazardan madaniyatlararo kommunikativ kompetentlikni “boshqa davlatlardagi odamlar bilan o‘zaro tushunish va munosabatlarga kirish qobiliyati” sifatida ta’riflash mumkin[36]. Barrosning ta’kidlashicha[37], ushbu tendensiya “cross-cultural awareness” yoki “madaniyatlararo tushunilishi” atamalari bilan taniqli bo‘lib, o‘rganilayotgan til madaniyatini bilish maqsadida o‘quvchi o‘tayotgan bosqichlarni aniqlashga qaratilgan.
Til o‘qitish va o‘rganish usullari kesimida madaniy unsurlarning mavjudligini qo‘yidagi jadvalda umumlashtirdik.
|
An’anaviy usul |
To‘g‘ri usul |
Strukturaviy usul |
Kommunikativ usul |
Nazariya |
Deduktiv o‘rganish |
Induktiv o‘rganish |
Til-ma’lumotlarni uzatish tizimi sifatida; Xulq-atvor psixologiyasiga asoslangan o‘rganish nazariyasi; Induktiv o‘rganish |
Til muloqot tizimi sifatida (shakl emas, mazmun muhim); Lingvistik kompetensiyadan tashqari boshqa kerakli kompetensiyalar mavjud; Ijtimoiy kontekstning muhimligi; Kognitiv psixologiya o‘rganish nazariyasining asosi sifatida; Induktiv va deduktiv o‘rganish |
Maqsadlar |
Grammatik aloqa (madaniy adabiy matnlar model sifatida) |
Tildan kundalik vaziyatlarda foydalanish (oddiy til sohibining kundalik tili model sifatida) |
Kundalik vaziyatlardagi muloqot (til sohibining kundalik tili model sifatida) |
Samarali muloqot (lingvistik to‘g‘rilash va ijtimoiy-madaniy moslashish, til sohibi model sifatida) |
Madaniyat |
Til bilan bog‘liq bo‘lmagan qomusiy madaniyat |
Til bilan bog‘liq bo‘lmagan stereotipli madaniyat |
Til bilan bog‘liq bo‘lmagan stereotipli madaniyat |
Kommunikativ moslashish va vazifalari uchun kerakli bo‘lgan madaniy bilim |
Didaktika |
Grammatikani yodlash va yozma matnlarni tarjima qilish |
Og‘zaki savollar va javoblar |
Dialoglarni yodlash, tuzilmalarni takrorlash |
Kontekstual vaziyatlarda kommunikativ vazifalarni amalga oshirish |
Xususiyatlar |
Xabardor qilish kabi yagona maqsadga yo‘naltirilgan madaniyat adabiy matnlarda va madaniy tilda aks ettirilgan. Madaniyat grammatika kesimida inobatga olinadi. Bunday tarzda madaniy mazmuni faqatgina grammatik elementlarga ega bo‘lsa darsda ko‘rib chiqiladi. Madaniy mazmunning taqdim etilishi statik, kontekstdan yiroq va sun’iy vaziyatlarda asoslangan. |
Madaniy unsurlar kommunikativ amaliyotni mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Odatiy va kundalik kommunikativ harakatlardagi implitsit madaniy mazmun madaniyatning tarqalishi uchun hizmat qiladi. Boshlang‘ich darajada adabiy matnlar qo‘llanilmaydi. |
Ilk bor til sohiblari ishlatgan madaniy jihatlarning muhimligi inobatga olingan. Tilning noverbal muloqot muhimligi inobatga olinadi. Dialoglar va diskurs butun ijtimoiy kontekstdan mustaqil tarzda taqdim etiladi. Bunday tarzda ijtimoiy-madaniy unsur til o‘rganish davomida ancha inobatga olinmaydi va bezak sifatida xizmat qiladi. Til va madaniyat o‘rtasida aloqa yo‘q. |
Til va madaniyat o‘rtasidagi munosabatlar psixolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika, pragmatika kabi ilmiy sohalar ta’siri tufayli mustahkamlanadi. Ushbu yo‘nalishlar ijtimoiy-madaniy mazmunga ta’sir ko‘rsatadi. Ijtimoiy-madaniy unsur barcha ijtimoiy guruhlardan misollarni yig‘adi va uning o‘zlashtirishi til o‘rganish bilan bog‘liq. Bunda insonning shaxsiyati o‘rganish markazida bo‘ladi. Muvaffaqiyatli tarzda muloqot qilish maqsadida gapiruvchilarning madaniy xulqiga ta’sir qilayotgan unsurlarni inobatga oladigan kundalik madaniyat o‘rganiladi. Madaniyat til bilan chambarchas bog‘liq. |
Xullas, chet tillar o‘qitishdagi madaniy komponentning roli nafaqat madaniyat tushunchasi kengaytirganligi sababli, balki ham til bilan bog‘liq bo‘lgan sotsiolingvistika, pragmatika, etnolingvistika kabi yangi fanlar vujudga kelishi tufayli takomillashtirilgan. Shu yo‘sinda, kommunikativ kompetentlik tushunchasining chet tillarni o‘qitish/o‘rganish sohasida qo‘llashini osonlashtirilgan va ayni paytda chet tillar va madaniyatlar o‘rganuvchilarda madaniyatlararo kommunikativ kompetentlikni rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy-madaniy kompetentlik turli madaniyatdagi odamlar o‘rtasidagi muvaffaqiyatli kommunikativ o‘zaro munosabatlarda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu holat ma’lum bir guruh odamlarga xos bo‘lgan ijtimoiy va madaniy kontekstlarni samarali tushunish va talqin qilish imkonini beradi. Ijtimoiy-madaniy kompetentlik, shuningdek, madaniyatlararo empatiyani rivojlantirishga, turli xil ijtimoiy-madaniy vaziyatlarga moslashish hamda turli madaniyatdagi odamlar bilan muloqot qilish qobiliyatiga yordam beradi.
Ushbu tadqiqotning muhim natijasi kommunikativ kompetentlik doirasida ijtimoiy-madaniy kompetentlikni faol rivojlantirish zarurligini aniqlashdir. Buning uchun madaniyatlararo ta’lim, madaniyatlararo muloqot doirasidagi ko‘nikma va malakalarni rivojlantirish bo‘yicha treninglar, madaniy farqlar va ularning kommunikativ o‘zaro ta’siri haqida xabardorlikni shakllantirishni o‘z ichiga olgan ta’lim dasturlariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim.
Ijtimoiy-madaniy kompetentlikning samarali rivojlanishi interfaol o‘qitish usullariga, turli madaniyatlar vakillari bilan o‘zaro munosabatlarning bevosita tajribasiga, shuningdek, adabiyot, kino, musiqa va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali madaniy xususiyatlarni o‘rganishga asoslangan bo‘lishi kerak.
Shunday qilib, ushbu maqola ijtimoiy-madaniy kompetentlik kommunikativ kompetentlikning ajralmas qismi ekanligini va turli madaniyatdagi odamlar o‘rtasidagi samarali o‘zaro munosabatlarda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatdi. Ijtimoiy-madaniy kompetentlikni rivojlantirish ta’lim dasturlari va amaliy faoliyatga kiritilishi kerak bo‘lgan maxsus usul va yondashuvlarni talab qiladi.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha qo‘yidagi tavsiyalarni ishlab chiqdik:
1. Madaniyatlararo ta’limni kengaytirish, ya’ni turli mamlakatlarning madaniy xususiyatlarini va talabalarni boshqa madaniyatlar vakillari bilan o‘zaro munosabatlarning amaliy vaziyatlariga faol ravishda kiritadigan interfaol ta’lim shakllarini o‘rganishga bag‘ishlangan fanlarni o‘quv dasturlariga kiritish.
2. Interfaol hamkorlik uchun sharoit yaratish, ya’ni boshqa madaniyatlar vakillari bilan kommunikativ o‘zaro munosabatlarni rag‘batlantiradigan hamda samarali madaniyatlararo muloqot qobiliyatlari va ko‘nikmalarini rivojlantiradigan loyihalar, o‘yinlar, tadbirlarni tashkil etish.
3. Zamonaviy ommaviy kommunikatsiyalarni joriy etish. Adabiyot, kino, musiqa va boshqa vositalardan foydalanish talabalarga turli mamlakatlarning madaniy xususiyatlarini chuqurroq tushunish va tahlil qilish, shuningdek, ularga moslashishni o‘rganish imkonini beradi.
4. Xorijiy talabalar bilan o‘zaro munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash, ya’ni talabalarimizga xorijiy talabalar bilan muloqot qilish, madaniy bilim va tajriba almashish, turli madaniy kontekstlarni hisobga olish va ularga moslashishni o‘rganish imkonini beruvchi dasturlar va sharoitlarni yaratish.
Ushbu tavsiyalarni amalga oshirish talabalarning ijtimoiy-madaniy kompetentligi darajasini oshiradi hamda zamonaviy madaniyatlararo jamiyatda yanada muvaffaqiyatli kommunikativ hamkorlikni ta’minlaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Ткачёва А. Значимость и применение культурного компонента в разрезе различных дидактических методов, применявшихся в преподавании иностранных языков. Данная статья анализирует значимость и применение культурного компонента в контексте различных дидактических методов, используемых при преподавании иностранных языков. В статье освещается взаимосвязь между языком и культурой, показываются преимущества внедрения культурного аспекта в обучение, а также предоставляются практические рекомендации для преподавателей, позволяющие эффективно интегрировать культурную составляющую в учебный процесс. Результаты данного исследования подтверждают, что внедрение культурного компонента в преподавание иностранных языков не только способствует развитию языковых навыков, но и формирует интеркультурную компетенцию у учащихся, обеспечивая им способность эффективно взаимодействовать с представителями других культур.
Tkacheva A. The importance and application of the cultural component in the context of various didactic methods used in teaching foreign languages. This article analyzes the significance and application of the cultural component in the context of various didactic methods used in teaching foreign languages. The article highlights the relationship between language and culture, shows the advantages of introducing a cultural aspect into education, and provides practical recommendations for teachers to effectively integrate the cultural component into the educational process. The results of this study confirm
that the introduction of a cultural component in the teaching of foreign languages not only contributes to the development of language skills, but also forms intercultural competence among students, providing them with the ability to effectively interact with representatives of other cultures.
[1] Goodenough, W.H. (1957), “Cultural Anthropology and Linguistics”, en Georgetown Univesity Monograph Series on Language and Linguistics, 9, pp. 167-173.
[2] https://www.eustat.eus/documentos /opt_1/tema _25/elem_11183/definicion.html#:~:text=Definici%C3%B3n %20Cultura%20(definici%C3%B3n%20UNESCO)&text=Conjunto%20de%20los%20rasgos%20distintivos,una%20sociedad%20o%20grupo%20social
[4] Thompson, John B. (2002) Ideología y cultura moderna. Teoría crítica social en la era de la comunicación de masas. División de Ciencias Sociales y Humanidades de la Universidad Autónoma Metropolitana - Unidad Xochimilco. México. – p.186
[5] Mercer, C. (1993), “From Cartographies of Taste to Cultural Mapping”, en M. Breen, Enhancing Cultural Value: Narrowcasting, Community Media and Cultural Development, Melbourne, Australia: CIRCIT, 11 -13.
[6] Iglesias Casal, I. (1997), “Diversidad cultural en el aula de E/LE: la interculturalidad como desafío y como provocación”, en Actas del VIII Congreso de ASELE, Alcalá de Henares, pp.463 – 472.
[7] Miquel, L. y Sans N. (1992), “El componente cultural: un ingrediente más de las clases de lengua”, Cable, 9, Difusión, Madrid, pp. 15-21
[8] Santamaría Martínez R. La competencia sociocultural en el aula de español L2/LE: una propuesta didáctica. Tesis doctoral. Universidad Carlos III de Madrid. Getafe, 2008. p.46
[9] Guillén Díaz, C. (2004), “Los contenidos culturales”, en J. SÁNCHEZ LOBATO e I. SANTOS GARGALLO, (Drs.) Vademécum para la formación de profesores, SGEL, Madrid, pp. 835-849.
[10] Luque Duran J. (2007) La codificación de la información linguistico-cultural en los diccionarios interculturales en: Juan de Dios Luque Durán y Antonio Pamies Bertrán (eds.) Interculturalidad y Lenguaje I. El significado como corolario cultural. Granada: Granada Lingüística. Serie Collectae – p.337
[11] Escavy Zamora R. (2002) Las relaciones pragmalinguisticas y el marco intercultural en Actas del XIII Congreso Internacional de la Asociación para la Enseñanza del Español como Lengua Extranjera – p. 37
[12] Matsumoto, David. Culture and Psychology: People Around the World. Belmont: Wadsworth, 2000. р.24
[14] Barcia Mendo, E. (2002), “El descubrimiento y la construcción de los implícitos culturales”, en Lenguas para abrir camino, Ministerio de Educación, Cultura y Deporte, Instituto Superior de Formación del Profesorado, D.L., Madrid, pp. 227-269.
[15] Valls, L. Enseñanza/ Aprendizaje de la competencia comunicativa intercultural y análisis de actitudes // Marcoele,2011.- n.º 13., p.2
[17] Richards, J.C. y T.S. Rodgers (1998), Enfoques y métodos en la enseñanza de idiomas, Cambrigde University Press, Madrid. – p.78-79
[18] Sánchez Pérez A. (1997), Los métodos en la enseñanza de idiomas. Evolución histórica y análisis didáctico, SGEL, Madrid.
[20] Zanón, J. (1989), “Psicolingüística y didáctica de las lenguas: una aproximación histórica y conceptual II” en Cable, 3, Difusión, Madrid: 22-32. – p.30
[21] López García, M. P. (2000), Relaciones lengua – cultura en la didáctica del español como lengua extranjera. Implicaciones pedagógicas, Tesis doctoral, Universidad de Granada, Granada. – p.54
[22] Seelye, H.N. (1993) . Teaching Culture Strategies for Inter-Cultural Communication.(3rded.). Lincolnwood, IL:National Textbook Company.
[23] Valdes, J.M. (1986) Culture Bound: Bridging the Cultural Gap in Language Teaching. Cambridge University Press, Cambridge.
[24] Kramsch, C. (1993). Context and culture in language teaching. Oxford University Press, p.55
[25] Buttjies, D. (1991). Mediating languages and cultures: The social and intercultural dimension restored. In D. Buttjies & M. Byram (Eds.), Mediating languages and cultures: Towards an intercultural theory of foreign language education (pp. 3-16). Multilingual Matters Ltd.
[26] Byram M. Teaching and Assessing Intercultural Communicative Competence. Clevedon: Multilingual Matters, 1997.
[27] Zarate, G. (2003), “Las competencias interculturales: del modelo teórico al diseño curricular”, Universidad Antonio de Nebrija, Madrid.
[30] Miquel, L. (2004), “La subcompetencia sociocultural”, en J. SÁNCHEZ LOBATO e I. SANTOS GARGALLO, (Drs.) Vademécum para la formación de profesores, SGEL, Madrid, pp. 511-531.
[31] Chen Tzu-Yiu. Competencia cultural de los alumnos universitarios taiwaneses en su último año de carrera de español // SinoELE. Revista de enseñanza de español a sinohablantes. Número 14, enero-junio 2016.
[32] Solís, L. C. La enseñanza de la competencia intercultural en el aula de E/ LE: Consideraciones didácticas para programas de inmersión lingüístico-cultural (PILC) // Revista Nebrija de Lingüística Aplicada, 2012. n.º 11(6), 174-192. Web. 12 mayo 2014 – p. 177
[33] Valls, L. Enseñanza/ Aprendizaje de la competencia comunicativa intercultural y análisis de actitudes // Marcoele,2011.- n.º 13.
[34] Solis L.C., o’sha joyda, p.175
[35] Solis L.C., o’sha joyda, p.177
[36] Valls, L. Enseñanza/ Aprendizaje de la competencia comunicativa intercultural y análisis de actitudes // Marcoele,2011.- n.º 13., p.3
[37] Barros, P. La competencia intercultural en la enseñanza de las lenguas // M. I. Montoya Ramírez (Ed.), Enseñanza de la lengua y la cultura españolas a extranjeros, 9-30. Granada: Editorial Universidad de Granada, 2005.