DRAYZER FALSAFASINING “BAXTIQARO KERRI” ASARI QAHRAMONLARI TAQDIRIDA AKS ETISHI

Teodor Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” asari haqida so‘z borar ekan, avvalo, naturalizm adabiy oqimi va uning shakllanish tarixiga qisqacha to‘xtalish muhimdir. Britanika ensiklopedik lug’atida unga quyidagicha ta’rif berilgan:

"XIX-asr oxiri va XX-asr boshlaridagi estetik harakat. Bu harakat tabiiy fanlar, xususan, Darvinizm tamoyillari va uslublaridan ilhomlangan bo‘lib, ular adabiyot va san’atga moslashtirilgan edi. Adabiyotda naturalizm realizm an'analarini kengaytirib, haqiqatni yanada aniqroq, go‘yoki ilmiy asoslangan tarzda, axloqiy hukm yuritmasdan tasvirlashga intilgan. Naturalistik adabiyotdagi qahramonlar odatda irsiyat va muhitning inson hayotidagi determinant (belgilovchi) rolini ko‘rsatadi" [10].

Naturalizm XIX asr oxirida Fransiyada paydo bo‘lib, uning nazariy asoslarini Emil Zola yaratgan. U Thérèse Raquin (1868) romanining muqaddimasida va Eksperimental roman (1893) asarida Klod Bernardning ilmiy eksperiment uslubini adabiyotga tatbiq qilish g‘oyasini ilgari suradi. Shuningdek, Charlz Darvinning evolyutsiya nazariyasi ham naturalist yozuvchilarga ta’sir ko‘rsatdi. Naturalizm jamiyatdagi inson xatti-harakatini tabiat qonunlari va biologik instinktlar bilan izohlashga intildi. Bu yo‘nalish Amerika adabiyotida ham Stiven Kreyn, Frenk Norris va Genri Jeyms kabi yozuvchilarning ijodida namoyon bo‘ldi. Naturalizm idealizmsiz, tafsilotlarga urg‘u berilgan, fiziologizm va tasviriylik bilan ajralib turadigan adabiy yo‘nalishdir.

Naturalizm, adabiy harakat sifatida, o‘z davrining ijtimoiy va intellektual kontekstidan keng ta'sirlangan.

Teodor Drayzer o‘z davrining eng muhim naturalist adiblaridan biri bo‘lib, u adabiy naturalizm harakatining asosiy namoyandalaridan biri sifatida tanilgan. “Baxtiqaro Kerri” asari uning ilk romani bo‘lib, unda asar yozilgan davrning o‘ziga xos ijtimoiy muammolari aks etgan. Asar kichik shaharchada yashagan yosh qizning Chikagoga kelib, umid va orzular bilan to‘la yangi hayot boshlashi hamda oxir-oqibat mashhur aktrisaga aylanishi haqida hikoya qiladi.

Asar 1900-yilda nashr etilishi bilan Amerika naturalizmining yangi davrini boshlab berdi. O‘sha davr o‘quvchilari uchun bu asar shov-shuvli va yangi edi, chunki ular odatda g‘ayrioddiy sarguzashtlar yoki romantik hikoyalarga o‘rganib qolishgan edi. “Baxtiqaro Kerri” romani adabiy va ijtimoiy jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘lib, mavzu va ijodiy uslub jihatidan ham keng e’tibor qozongan. O‘sha davrda Amerika adabiyoti yengil-komik va beparvo uslub bilan to‘la edi, biroq Drayzer konformizmga qarshi chiqib, shunday degan:

"Hayot – fojia, men esa buni xolis tasvirlashni va ilgari hech kim yozmagan narsani yozishni xohlayman".

Teodor Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” romanini nashr etishga bo‘lgan urinishlari, uning yetti yil davomida taqiqlanishi va nihoyat nashr etilgach, qanday qabul qilingani afsonaga aylangan. 1900-yilda ushbu roman tanqidga uchrashining asosiy sabablaridan biri aynan Drayzerning inson hayotiga nisbatan deterministik qarashlarni ochiq-oydin qo‘llaganidadir.

Teodor Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” asaridagi obrazlarda naturalizmga xos bo‘lgan xususiyatlar xususan, dunyoning va inson xatti-harakatlarining mexanistik yoki determinizm modeliga asoslangan tasavvuri aks ettirilgan. U hech bir narsani sababiyatdan mustasno deb hisoblamagan. Drayzerning ushbu e’tiqodiga G‘erbert Spenserning metafizik asari “First Principles” (“Birinchi tamoyillar”) katta ta’sir ko‘rsatgan.

Adabiyotshunoslikda “Baxtiqaro Kerri” asari va Spenser haqida eng mukammal tahlilni amalga oshirgan tadqiqotchilardan biri, Xristofor Katop, “First Principles” *(Dastlabki Tamoyillar) asari Drayzerga roman uchun "arxitektonik element"ni taqdim etganini va "uning xarakter munosabatlari va syujet rivojlanishi muammolarini hal qilishiga yordam berganini" yozadi [2, p 65].

1890-yillarda hali yosh bo‘lgan Drayzer an’anaviy xristian qadriyatlari shubha ostiga olinayotganini bilib hayratga tushadi. U.A.Svanberg Drayzerning eng nufuzli biograflaridan biri  uning Tomas Haksly va Gerbert Spenser asarlaridan qanday ta’sirlanganini tasvirlaydi.

Bu yangi falsafiy qarashlar Drayzer uchun chuqur shubha va tushkunlik manbai bo‘ldi, ammo shu bilan birga inson taqdiriga hamdardlik bilan qarashiga sabab bo‘ldi. Ya’ni insonlarning tabiatning ulkan kuchlari tomonidan boshqariladigan oddiy mexanizm sifatida hech qanday erkin irodaga ega emasligi (Among the forces which sweep and play throughout the universe, untutored man is but a wisp in the wind [11, p 74]. Uning qahramonlariga nisbatan yanada bag’rikenglik pozitsiyasida turishga undadi.

Shuningdek, asarda Gerbert Spenserning “The Principles of Biology” (1864) kitobida tushuntirilgan ijtimoiy Darvinizm nazariyasi ham muhim o‘rin tutadi. Ushbu nazariyaning to‘g‘ri ekanligi Spenser, Charlz Darvinning “On the Origin of Species” (1859) asarini o‘qib, Darvinizm nazariyasini jamiyatga moslashtirganidan so‘ng aniqlandi. U odamlarning mavjudlik uchun kurashini, atrof-muhit va insoniy ta’limotlarning ta’sirini o‘rganadi. Aslida, ushbu ikki nuqtani muhokama qilish, romandagi qahramonlarning atrof-muhit va irsiyat orqali qanday shakllanishini ko‘rsatadi.

 Roman boshida Kerri yosh, orzulari baland va uyatchan qiz sifatida tasvirlanadi. U hali hayot haqida ko‘p narsa bilmaydi, ammo dunyoni kuzatish va tahlil qilish qobiliyatiga ega. Shaxsiy manfaatlari kuchli bo‘lsa ham, ularni qat’iy himoya qiladigan darajada emas. Ammo aynan shu shaxsiy manfaat Kerrining hayotidagi asosiy yo‘nalish bo‘lib qoladi.

Kerri hikoyasining asoiy falsafiy g’oyasi Amerika jamiyatida boylik va orzular sari intilish, ayni paytda esa insoniy baxtsizlikning muqarrarligini tasvirlashdan iborat.

"Baxtiqaro Kerri" asarida muallif tavsifiy narratsiya orqali o‘quvchilarga Kerrining hayot yo‘lini va uning shaxsiyati, keyingi tajribalarini ko‘rsatadi. Bu hikoyalashning umumiy nuqtai nazarini aks ettirib, Kerrining ichki o‘sishini ochib beradi. Romaning yana bir ifodali xususiyati – narratsiya va sharhning o‘zaro qo‘shilib kelishidir. Muallif hikoyaga o‘z falsafiy qarashlari, munosabati va xarakterlar hamda ba’zi voqealar haqidagi hukmlarini qo‘shib, izohlar bilan boyitadi.

When a girl leaves her home at eighteen, she does one of two things. Either she falls into saving hands and becomes better, or she rapidly assumes the cosmopolitan standard of virtue and becomes worse. Of an intermediate balance, under the circumstances, there is no possibility [11, p 1].

Ma’nosi:"Bir qiz o‘n sakkiz yoshida uydan ketganda, u ikki yo‘ldan birini tanlaydi. Yoki qutqaruvchi qo‘liga tushib, yaxshi bo‘ladi, yoki u tezda global axloq standartiga moslashib, yomonlashadi".

Drayzerning ushbu fikri uning hayotga bo‘lgan naturalistik va deterministik qarashlarini aks ettirib, u insonning hayot yo‘li tashqi omillar ta’sirida shakllanishini ta’kidlaydi va irodani emas, balki muhit va sharoitni asosiy belgilovchi omil sifatida ko‘rsatadi. Ushbu kuzatish faqatgina Kerrining kelajagiga nisbatan xavotirni ifodalab qolmay, balki uning katta shahardagi tajribalariga ham ishora qiladi. Ushbu yozish uslubi, o‘ziga xos ta‘sirchan nuqtai nazar bilan birga, hikoyaga "cothurn" (yuksak uslub) ruhini baxsh etadi hamda o‘quvchilar uchun insoniy fazilatlarni yorituvchi element vazifasini bajaradi.

In the light of the world's attitude toward woman and her duties, the nature of Carrie's mental state deserves consideration. Actions such as hers are measured by an arbitrary scale. Society possesses a conventional standard whereby it judges all things. All men should be good, all women virtuous. Wherefore, villain, hast thou failed? [11,90].

 Dunyoning ayollarga va ularning burchlariga bo‘lgan munosabatini inobatga olganda, Kerrining ruhiy holatini tushunsa bo‘lardi. Bu kabi harakatlar odatda subyektiv mezonlar asosida baholanadi. Jamiyat barcha narsaga o‘zining an’anaviy mezonlari bilan hukm chiqaradi. Barcha erkaklar yaxshi, barcha ayollar esa fozila bo‘lishi kerak. Shunday ekan, jinoyatchi qiz, sen nega qoidalarga amal qilmading?.

Drayzer ushbu falsafiy mushohadalari orqali jamiyat axloqiy normalarni qanday yaratishini hamda bu normalarning mukammal emasligi haqida fikr yuritadi. Ushbu parcha orqali muallif inson taqdirining murakkabligi va jamiyat tomonidan belgilangan axloqiy chegaralarning shubhali ekanligini ochib beradi va o‘quvchini bu hukmning qanchalik asosli ekanligi haqida o‘ylashga undaydi. Bunda qisman Kerri xatti-harakatlarini oqlash holatlari ham seziladi.

Drayzer Baxtiqaro Kerri romanida Darvinning biologik determinizmini va ko‘zga ko‘rinmas taqdir tushunchasini birlashtiradi va buni o‘z qahramonlarida aks ettiradi. Beg'uborligi va kambag‘alligi bilan jiddiy cheklangan Kerri, bir qator tasodiflar va voqealar tufayli o‘z holatidan chiqib ketmasa, doimiy fojiali vaziyat va kambag‘allik girdobiga tushib qolgan bo‘lardi.

That little soldier of fortune took her good turn in an easy way [11, p 59].

Ma’nosi: O‘sha kichik omad askari unga qilgan yaxshiligini osonlik bilan qabul qildi.

She felt that she liked him that she could continue to like him ever so much [11, p 59].

Ma’nosi: U uni(Drueni) yoqtirganini his qildi va uni yanada ko‘proq yoqtira olishini ich-ichidan his qildi. (Kerri instinktlariga tayangan holda Drue uni ogir ijtimoiy iqtisodiy ahvolidan qutqaruvchi vosita sifatida qabul qilgani uchun u bilan munosabatga kirishishga tayyor).

Carrie left him, feeling as though a great arm had slipped out before her to draw off trouble [11, p 62].

Ma’nosi: Kerri uni tark etar ekan, go‘yo katta bir qo‘l uning oldiga cho‘zilib, barcha tashvishlarini olib ketgandek his qildi.

The poor girl thrilled as she walked away from Drouet. She felt ashamed in part because she had been weak enough to take it, but her need was so dire, she was still glad [11, p 64].

Ma’nosi: Bechora qiz Druedan uzoqlasharkan, hayajonga tushdi. U o‘zini qisman uyatga qolgan his qildi, chunki shunchalik zaif ediki, bu holatni qabul qildi.Ammo uning ehtiyoji shunchalik shiddatli ediki, u bundan baribir xursand edi.

Biologik determinizm nuqtai nazaridan qaraganda, insonlar tirik qolish va muvaffaqiyat qozonish uchun o‘z evolyutsion instinktlariga tayanadilar. Ularning qarorlari ijtimoiy yoki ma’naviy tamoyillardan ko‘ra, shaxsiy manfaat va omon qolish ehtiyojlari bilan bog‘liq deb qaralishi mumkin.Yuqorida berilgan matnlardan chiqadigan umumiy xulosa shuki, garchi Kerri harakatlarining jamiyat axloq normalariga zidligini ongli ravishda sezib tursa ham o‘zi tushib qolgan murakkab sharoitdan chiqish uchun instinktlariga tayanadi va  Druening yordamini qabul qiladi.

Kerrining harakatlari atrofidagi sharoitlar tomonidan belgilangan, bu esa naturalizm prinsipiga, ya’ni — determinizmga ishora qiladi. Kerrida hali ham axloqiy tamoyillar jonli edi, u erkak kishi bilan turmush qurmasdan yashashni uyat deb tushunardi va umidsizlik bilan turmush qurishni istardi [11].

Adabiyotda naturalizmning shartli xususiyatlaridan biri dunyoning yovvoyi tabiatga o‘xshatilishi va insonlar esa bu tabiatdagi faqat instinktlariga tayangan holda omon qolishi (survival fitting) mumkin bo‘lgan ojiz jonivorlarga o‘xshatilishdir. Baxtiqaro Kerri romanida ham bunday misollarni ko‘plab uchratish mumkin.

Drayzer realizm va naturalizm yo‘nalishida ijod qilganligi sababli, u “Baxtiqaro Kerri” romanida pragmatik texnikani qo‘llagan, bu esa ekzistensializm falsafasi orqali ifodalanadi. Ekzistensializm - bu shaxsning tajribalari, tanlash erkinligi va qarorlarining natijalariga mas’uliyatini ta'kidlaydigan adabiy hodisadir. Drayzer romanda ekzistensializmning o‘ziga xos jihatlarini, masalan, yolg‘izlik, chetlanish, xavotir, maqsadsizlik kabi holatlarni tasvirlagan. Yuqoridagi ekzistensializm xususiyatlari orqali“Baxtiqaro Kerri” ni talqin qilish mumkin [1,1-6].

Kerri ham, boy va hashamatga ega bo‘lish istagini qondirish uchun boshqa qahramonlarga nisbatan xiyonat, sadoqatsizlik va axloqsizlikni amalga oshirganidan so‘ng, roman oxirida yolg‘izlikni boshdan kechiradi. U o‘z kasbi orqasida hayotini boylik va mol-mulk bilan bezadi, lekin baxt va halovatdan mahrum bo‘ladi,.

It is when the feet weary and hope seems vain that the heartaches and the longings arise. Know, then, that for you is neither nor content. In your rocking-chair, by your window dreaming, shall you long, alone. In your rocking-chair, by your window, shall you dream such happiness as you may never feel [11, p 487].

Faqat oyoqlar charchab, umid behuda tuyulganida, yurak og‘riqlari va ichki sog‘inchlar paydo bo‘ladi. Bilgilki, sen uchun na to‘qlik bor, na qanoat. Sen o‘z kursingda tebranib, deraza yonida orzularga berilib, yolg‘iz o‘tirasan. Sen o‘z kursingda tebranib, deraza yonida, hech qachon his qila olmaydigan baxt haqida orzu qilasan.

Romanda Drayzer falsafasining aniq va jonli dalillarini ko‘rsatadigan ko‘plab misollar mavjud. Ularning orasida Kerrining yuksalishi va Gerstvudning tanazzuli jarayoni eng muhimlaridan biri hisoblanadi. Gerstvudning tanazzuli Kerrining muvaffaqiyatiga qarama-qarshi hodisa sifatida tasvirlanmaganida, Baxtiqaro Kerri romani to‘liq bo‘lolmagan bo‘lardi.

Teodor Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” asarining eng qiziqarli jihatlaridan biri shundaki, bosh qahramonlar - Kerri Miber va Jorj Gerstvud  o‘z shaxsiyatlari bilan kurashadilar. Deterministik badiiy dunyoda ularning har ikkisi o‘zlarining yangi shaxsiyatlarini yaratishga intiladilar. Yana bir qiziqarli tomoni shundaki, ular buni deyarli qarama-qarshi yo‘llar bilan amalga oshiradilar. Kerri maqomga erishishga urinadi (kiyimlar, rollar yoki erkaklar orqali), Gerstvud esa ijtimoiy rollaridan qochib, "yanada haqiqiy" shaxsiyat yaratishga intiladi.

Drayzer bu hodisalarning sababini tushuntirishga harakat qilmaydi. Uning naturalistik yondashuvida taqdirning ishlashi tushuntirib bo‘lmaydigan hodisa. U o‘zining o‘ziga xos hayot falsafalariga ega bo‘lib, ularni Gerstvudning tanazzulini tasvirlash jarayonida ochib beradi [5].

Drayzerning qarashiga ko‘ra, Gerstvudning tanazzuliga faqat Kerriga bo‘lgan istak sabab bo‘lmagan. U inson fe’l atvoridagi zaifliklar tufayli o‘z hayotini to‘liq boshqara olmasligini va jamiyat ta’sirida qurbon bo‘lishini ta’kidlaydi. Jamiyat hamma narsani belgilab beradigan dunyoda, inson o‘zidan va shaxsiyatidan qochib qutula olmaydi.

Gerstvudning muvaffaqiyatsizligi Spenser falsafasi nuqtai nazaridan inson istaklari bilan atrof-muhit sharoitlariga mos ravishda harakat qilish zarurati o‘rtasidagi "muvozanatning yo‘qligi" bilan izohlanadi. Bu g‘oya Spenserning evolyutsion falsafasiga asoslanadi, unga ko‘ra, jamiyatda omon qolish insonning o‘z istaklari va tashqi sharoitlar o‘rtasidagi muvozanatga qanchalik moslasha olishiga bog‘liq. Gerstvud esa bu muvozanatni topa olmaydi, shuning uchun uning tanazzuli muqarrar bo‘ladi.

“Romanning asosiy hayotiy kuchi…aynan Gerstvudda mujassam” [8, p 73]. Uning taqdiri Kerrinikidan kam qiziq emas. Ham Kerri, ham Gerstvudning hayot yo‘llari keskin burilishli bo‘lsa-da, ular har biri qarama-qarshi yo‘nalishga qarab harakat qiladilar. Kerrining yuqorilab borayotgan yo‘li bilan Gerstvudning pastga qulayotgan hayoti bir-biriga zid bo‘lsa-da, Kerri eng yuqori cho‘qqiga chiqib, Gerstvud esa "yo‘q bo‘lish muzida muzlaganida", [ 9, p 3] bu qarama-qarshiliklarga qaramay, dunyo muvozanati o‘zgarishsiz qoladi. Agar Kerrining hayot yo‘li shubhali deb hisoblanishi mumkin bo‘lsa, Gerstvudning hayoti — u “XX asr Amerika adabiyotidagi birinchi unutilmas fojiaviy obraz” [7, p 146 ]ga aylangan ko‘proq achinish uyg‘otadi. Hatto romanning birinchi qismi faqatgina Gerstvudning qulashi uchun yozilgan uzun bir kirish bo‘lib tuyulishi ham mumkin.

Aslida, Drayzerning Gerstvud obrazi ijtimoiy rollar va shaxsiyatning o‘zaro bog'liqligi tasviridir. Gerstvud obrazi orqali Drayzer shaxsiyatning qanchalik darajada ijtimoiy rollar ta'sirida bo‘lishini va yoki ular tomonidan boshqarilishini savol ostiga qo‘yadi.

Gerstvud Chikagodan Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tgach, uning fojiali taqdiri allaqachon belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Biz uning tanazzuli sabablarini tahlil qilar ekanmiz, Drayzerning falsafiy qarashlarini ham anglab yetamiz: kapitalistik jamiyatda inson taqdiri noaniq va aniq sharoitlar hamda ijtimoiy tizim insonning kelajagini belgilaydi. Hech kim kelajakda nima bo‘lishini oldindan bashorat qila olmaydi.

U ezilgan, shaxsiyati yemirilgan, hayotiy yo‘nalishlardan mahrum bo‘lgan. O‘tgan tinch va barqaror hayoti Gerstvudni qiyinchiliklarni yenga olmas darajaga keltirgan. Illuziyalarni yo‘qotgach, u asta-sekin o‘z hayotining ma’nosizligini anglay boshlaydi. Uning fojiasi — bu shafqatsiz tashqi dunyoda raqobatga bardosh bera olmaydigan shaxsning fojiasidir.

O‘zini rad etilganini anglash va ilgari o‘zi tegishli bo‘lgan boy qatlam vakillari tomonidan muntazam tahqirlanish natijasida u fojiali qarorga keladi [12, с 51-54].

Drayzer bu fojia orqali inson hayotining siklik xarakterini aks ettiradi: yoshlik va sog‘lomlikdan qarilik va kasallikka, nihoyat, o‘limga tomon harakat.

A slow, black boat setting out from the pier at Twenty seventh Street upon its weekly errand bore, with many others, his nameless body to the Potter's Field.(p 486) Ma’nosi:Yigirma yettinchi ko‘chadagi bandargohdan o‘zining haftalik vazifasiga jo‘nab ketayotgan sekin harakatlanuvchi, qora qayiq ko‘plab boshqa jasadlar qatorida uning nomsiz tanasini ham Potter maydoniga olib ketdi.

Asarda Gerstvudning fojiali yakuni hayotning mazmunini anglamagan va o‘zining yo‘qolganligini his qilgan insonning misoli sifatida namoyon bo‘ladi.

Donald Pizer Drayzerning o‘zi “Baxtiqaro Kerri” romanini “bir erkak hayotining fojiasi” deb atagan deb ta’kidlaydi [3, p 393]. Bu tasnif Gerstvudning fojiali qismatini anglatadi. Larzer Zif esa shuni qayd etadiki, Drayzer falsafiy qarashlarida G.Spenser g‘oyalaridan foydalangan va uning fikrlari yunon tragediyalaridagi xor deklamatsiyalariga o‘xshab, voqealar ortidagi yuksak kuchlarni tushuntirishga xizmat qilgan.

Bu nuqtai nazardan, Gerstvudning taqdiri yunon tragediyalaridagi qahramonlar taqdiriga o‘xshash. J.C.Opstetelten ta’kidlaganidek, yunon tragediyalarida taqdir bir vaqtning o‘zida ilohiy kuchlarning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lsa ham, insonning ichki mohiyatidan kelib chiqadi. Shu bois Sofokl qahramonlari o‘z taqdirlarini erkin tanlayotgandek ko‘rinsa-da, aslida ular oldindan belgilangan yo‘lni bosib o‘tishadi. Xuddi shunday, Gerstvud ham o‘z tanlovlarida erkin harakat qilayotgandek tuyuladi, lekin baribir fojiali qismatga duchor bo‘ladi. Opstetelten yunon qahramonlarining yagona qutulish yo‘li ko‘pincha o‘z joniga qasd qilish ekanligini ta’kidlaydi, bu esa Gerstvudning fojiaviy intihosiga o‘xshab ketadi [4, p 75-76].

Biroq, Pizerning fikriga ko‘ra, Drayzerning tragediya modeli klassik yunon shakliga to‘liq mos kelmaydi. Sofokl va Aristotel fojialarida qahramonlarning qulashi bitta halokatli xatodan (hamartiya) kelib chiqadi, ammo Gerstvudning tanazzuli faqat bitta noto‘g‘ri qarorga bog‘liq emas. Uning qulashiga o‘zini daxlsiz deb hisoblagani, lekin istaklari uni jamiyat himoyasidan tashqariga olib chiqqani sabab bo‘ladi [3, p 77-78].

Shu nuqtai nazardan, Gerstvudning fojeasi zamonaviy “har bir insonning fojiasi” bilan bog‘liq, ya‘ni shaxsiy xato yoki baxtsiz hodisaning emas, balki “sharoit” va “ong osti yo‘nalishlari” ning ta’sirida sodir bo‘lgan qulashi. Pizer buni “o‘rta asr fojeasi” deb ataydi, chunki unda insonning taqdiri tabiiy va ijtimoiy kuchlar tomonidan belgilangan [3, p 80-81].

Ba’zi tanqidchilar romanning syujeti va qahramonlari yetarlicha kuchli bo‘lib, Drayzer uslubi va tilidagi kamchiliklarni ortda qoldiradi, deb hisoblaydilar. Haqiqatan ham, “Baxtiqaro Kerri“dagi qahramonlar tajribasi kabi o‘zgaruvchan va umidsizlikka to‘la boshqa bir roman topish qiyin. Shunday qilib, Gerstvudning tanazzuli romanda Drayzer falsafasining eng chuqur ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

“Baxtiqaro Kerri” asarida biz hech qachon mutlaq erkinlik yoki mutlaq deterministikani ko‘rmaymiz, xarakterlar o‘zlarining vaziyatini va ular ustidan ta’sir ko‘rsatayotgan kuchlarni tushunish darajasida erkin. Mutlaq erkinlik va mutlaq majburiyat bu kontekstda ma’no yo‘qotadi,ya’ni Kerri Drue bilan munosabatida shart-sharoit taqozosiga ko‘ra instinktlari ta’sirida harakat qilgan bo‘lsa ham unda tanlov qilish imkoniyati bo‘ladi: teatrga aktrisa sifatida ishga kirishi va muvaffaqiyat qozonishida esa erkin iroda ta’sirida harakat qilgandek ko‘rinsa ham qisman tahdid solayotgan pulsizlik va och qolish ehtimoli instinktiv ravishda uni harakat qilishga undaydi.

Frequently she had considered the stage as a door through which she might enter that gilded state which she had so much craved. Now, as in Chicago, it came as a last resource in distress. Something must be done if he did not get work soon. Perhaps she would have to go out and battle again alone [11, p 356].

 Ma’nosi: Ko‘pincha u sahnani o‘zi orzu qilgan hashamatli hayotga olib boradigan eshik deb hisoblagan edi. Endi esa, xuddi Chikagodagi kabi, bu uning og‘ir ahvoldagi so‘nggi umidi bo‘lib ko‘rindi. Agar u tez orada ish topmasa, nimadir qilish kerak edi. Balki yana yolg‘iz o‘zi kurashishga to‘g‘ri kelar.

...If I were you I wouldn't think of it. It's not much of a profession for a woman." " It's better than going hungry," said Carrie" [11, p 358].

Ma’nosi:..."Agar men sening o‘rningda bo‘lganimda, bu haqda o‘ylamas edim. Bu ayol kishi uchun unchalik yaxshi kasb emas. "Bu och qolishdan ko‘ra yaxshiroq," — dedi Kerri.

Biz “Baxtiqaro Kerri” romanida Drayzerning qarashlari deterministik falsafaga asoslanganini ko‘rishimiz mumkin. Bu falsafa o‘sha davrda Yevropa va Amerikada juda katta ta’sirga ega edi. Ammo Drayzerning bu qarashlarini faqat adabiy ta’sir natijasi deb hisoblash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Garchi u tasodifan Balzak asarlaridan ta’sirlangan bo‘lsa-da, u o‘zining so‘zlariga ko‘ra, "Zolyaning biror satrini ham o‘qimagan" edi. Zolya esa deterministik falsafaning adabiy namoyandasi sifatida tanilgan edi.

Shuningdek, Drayzer “Baxtiqaro Kerri “romanini yozib bo‘lguncha Frenk Norrisning “McTeague” asarini ham o‘qimagan. Uning Gerbert Spenser falsafasini o‘rganishi esa inson va tabiat haqidagi tushunchalariga katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, u bu g‘oyalarni avvalo hayotiy tajribasi orqali tasdiqlagan edi.

Ba’zi tanqidchilar “Baxtiqaro Kerri” ni deterministik roman deb hisoblashadi. Biroq, Drayzer deterministik dunyoqarashni butunlay qabul qilmagan. XIX asrning ko‘plab yozuvchilaridan farqli ravishda, u mustaqil "men" tushunchasiga shubha bilan qaraydi va inson harakatlarini temperament, ijtimoiy muhit va jinsiy istaklar kabi omillar orqali tushuntiradi.

Romanda, Drayzer Gerbert Spenserning deterministik falsafasini ochiqchasiga rad etgan qismi bor. U axloq hamon sir ekanligini va uni oddiy evolyutsiya qonunlari bilan tushuntirib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, jamiyat tomonidan qabul qilingan axloqiy me’yorlar nisbiy bo‘lib, odamlarni adolatsiz baholash uchun ishlatiladi. Drayzer shunday yozadi:

For all the liberal analysis of Spencer and our modern naturalistic philosophers, we have but an infantile perception of morals. There is more in the subject than mere conformity to a law of evolution. It is yet deeper than conformity to things of earth alone. It is more involved than we, as yet, perceive (p-90).

"Spenser va zamonaviy naturalistik faylasuflarning barcha ilg‘or tahlillariga qaramay, biz hali ham axloq haqida juda sodda tasavvuriga egamiz. Axloq evolyutsiya qonunlariga bo‘ysunishdan ko‘ra chuqurroq narsa. U yer yuzidagi narsalarga muvofiqlikdan ham ortiq. U biz hali tushunmagan darajada murakkab".

Xulosa qilib aytganda, “Baxtiqaro Kerri” romanining Amerika naturalizmi doirasida qanday baholanishi turli tanqidiy yondashuvlarga bog‘liq. Ba’zi tanqidchilar romanni deterministik mafkurani izchil aks ettira olmagani uchun zaif deb bilishsa, boshqalar Drayzerning shaxsiy tajribasiga va realizmga yaqin yondashuvini tan oladilar. Shu bilan birga, iste’molchilik madaniyati va individual erkinlik o‘rtasidagi ziddiyat romanni naturalizm va modernizm oralig‘ida joylashtiradi.

Drayzer asarlarini o‘z hayot tajribasidan kelib chiqib yozgan. U insoniyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunishga harakat qilgan va o‘z voqealarini bevosita tasvirlashga intilgan. Uning asarlari falsafiy nazariyalar bilan chegaralanib qolmaydi, aksincha, hayotning haqiqiy qiyofasini aks ettiradi.

Shu sababli, “Baxtiqaro Kerri” romani naturalistik adabiyotning qat’iy qoidalariga to‘liq mos tushmaydi. U hayotni o‘z holicha tasvirlagan, qahramonlari taqdirini kuchli dramatik ohangda yoritgan va ularga o‘z falsafasini singdirgan. Asarda Drayzerning yozuvchilik mahorati hayotni o‘zining murakkabligi, hissiyotlari va o‘zgaruvchanligi bilan tasvirlash qobiliyatida namoyon bo‘ladi va bu asar muvaffaqiyatini ta’minlab beradi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. ABIRAMI. T & ALAMELU. C Vol. 7, Issue 1, Feb 2017, 1-6. THEODORE DREISER’S SISTER CARRIE IN THE PERSPECTIVE OF EXISTENTIALISM – A CRITICAL ANALYSIS.

2.Christopher Katope, "Sister Came and Spencer’s First Principles," American Literature, 1969. No. 41. - P. 65.

3.Donald Pizer, The Novels of Theodore Dreiser. - Minneapolis: University of Minnesota Press, 1976. - P. 80. He is quoting Otis Notman, "Talks with Four Novelists," // New York Times Review of Books, June 15, 1907. - P. 393.

4. J.C.Opstelten, Sophocles and Greek Pessimism. - Amsterdam: North-Holland Publishing Co., 1952. - P. 75-76.

.5 Jian Li. The Influence of Naturalism on American Literature: A Study of Dreiser’s Sister Carrie. Theory and Practice in Language Studies, Vol. 5, No. 6, 2015, pp. 1273–1277. DOI:10.17507/tpls.0506.28.

6.Lehan R. Realism and Naturalism. Madison: The University of Wisconsin Press.2005. p. 85.

7.Loving Jerome. The Last Titan: a Life of Theodore Dreiser. Berkeley: University of California Press, 2005. p. 146.

8.Matthiessen Francis Otto. Theodore Dreiser. New York: William Sloane, 1951. p. 73.

9.Moers Ellen. Two Dreiser’s. London: Thames and Hudson Ltd., 1970. p. 3.

10.Naturalism. Encyclopedia Britannica. Ultimate Reference Suite. Chicago: Encyclopedia Britannica. 2008. p.150.

11.Theodore Dreiser. Sister Carrie. Introduction by Richard Lingeman, Afterword by Rachel Sarah, Signet Classics, 2009. P. 160.

12.Гумерова О.Ф., Морозкина Е. А. Психологический и социальный аспекты проблемы суицида в творчестве Теодора Драйзера // Вестник Башкирского университета - 2007, № 3 – с 51-54.

 

Kushatova N. The reflection of Dreiser's philosophy in the fates of the characters in “sister Carrie”. This article analyzes the main principles of the literary movement of naturalism that emerged in the 19th century—objectivity, justice, and the determinism of nature, environment, and instincts. It examines how the pessimistic and fatalistic tone of naturalistic works, along with a deterministic worldview, are reflected in literature. The focus is on the characters in Theodore Dreiser’s novel Sister Carrie and how the author’s life philosophy, particularly his views on naturalism and determinism, is expressed through them. The novel depicts human fate as shaped by society, heredity, external forces, and instincts. Dreiser’s philosophy emerges in alignment with the ideas of social Darwinism and Herbert Spencer’s First Principles. Through the characters of Carrie and Hurstwood, the study reveals the complex tension between free will and destiny. The article aims to highlight the role of literary naturalism in early 20th-century American literature and the unique way in which it is manifested in Dreiser’s work.

 

Кушатова Н. Отражение философии Драйзера в судьбах персонажей романа «сестра Керри». В данной статье анализируются основные принципы литературного направления натурализма, сформировавшегося в XIX веке, — объективность, справедливость, детерминизм природы, среды и инстинктов. Рассматривается, как пессимистический и фаталистический дух натуралистических произведений, а также детерминистское мировоззрение нашли отражение в литературе. В центре внимания — судьбы персонажей романа Теодора Драйзера «Сестра Керри» и отражение в них жизненной философии автора, особенно его взглядов на натурализм и детерминизм. В романе показана судьба человека, формируемая под влиянием общества, наследственности, внешних сил и инстинктов. Философия Драйзера проявляется в контексте идей социального дарвинизма и в духе произведения Герберта Спенсера First Principles. В процессе анализа на примере таких персонажей, как Керри и Герствуд, раскрывается сложный конфликт между свободой воли и роком. Статья направлена на освещение места литературного натурализма в американской литературе начала XX века и особенностей его проявления в творчестве Драйзера.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati