ELIZABET GASKELL VA CHARLZ DIKENSNING REALISTIK DAVR VAKILLARI SIFATIDAGI AHAMIYATI

XIX asrda realizm harakati adabiy va madaniy yo‘nalish, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy muhitning tezkor o‘zgarishlariga javob sifatida yuzaga keldi va gullab-yashnadi. Realizm hayotni boricha tasvirlashga intilib, romantik idealizatsiyadan voz kechib, jamiyatni batafsil va ko‘pincha tanqidiy yondashuvda tasvirlashni maqsad qilgan. Viktoriya davri adabiyotining ikki yirik vakili – Elizabet Gaskel va Charlz Dikens – ushbu davrning muhim vakillari sifatida namoyon bo‘lgan. Masalan, Dikensning yaqin do‘sti va biografi sifatida Jon Forster uning hayoti va adabiy yutuqlari haqida batafsil ma’lumot beradi hamda uning Viktoriya davri adabiyotidagi markaziy rolini ta’kidlaydi.[1]

G.K.Chesterton esa Charlz Dikensni “o‘z davrining vakili” deb ataydi va uning asarlari Viktoriya davrini qanday belgilab berganini muhokama qiladi.[2]

F.R.Levis esa Dikensni Viktoriya davri adabiyotining asosiy siymolaridan biri sifatida tan oladi, biroq uning ba’zi jihatlariga tanqidiy yondashadi.[3]

Hampri Houz Dikensning Viktoriya jamiyatini tasvirlash uslubini tahlil qilib, uning ushbu davrning yetakchi yozuvchisi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.[4]

Tanqidchilar Elizabet Gaskel ijodi haqida ham turli xil qarashlarni bildirishgan, uni Viktoriya davri adabiyotining muhim vakili sifatida tan olib, ayniqsa, uning ijtimoiy realizmga, xarakterlarning nozik tasviriga hamda gender va sinf masalalariga e‘tibor qaratganini ta‘kidlashgan. Jumladan, Charlz Dikens Gaskelning iste‘dodini yuqori baholab, uning North and South hamda Cranford  asarlarini Household Words jurnalida chop etgan. Biroq, u Gaskellning ijtimoiy  masalalarga nisbatan yumshoqroq yondashuvini o‘zining keskin satiralaridan farqli deb hisoblagan.[5]

Jorj Eliot Gaskelning ishchilar sinfini hurmat bilan tasvirlash mahoratini maqtagan, biroq ba‘zi syujetlarini ortiqcha hissiyotga berilgan deb hisoblagan.[6]

Sharlotta Bronte Gaskelning yaqin do‘sti sifatida, unga doim katta hurmat ko‘rsatgan. Gaskelning The Life of Charlotte Brontë (1857) biografiyasi Viktoriya davri adabiyotida muhim biografik asarlardan biriga aylangan.[7]

Q.D. Levis (F.R.Levisning rafiqasi) Gaskelning sinfiy qarama-qarshiliklarni realistik tasvirlash mahoratini tan olgan va uning kuchli ayol qahramonlarini qadrlagan. Ammo u Gaskelni Dikens yoki Jorj Eliot darajasidagi yozuvchi deb hisoblamagan.[8]

Reymond Uilyams, marksistik adabiy tanqidchi, North and South asarini Viktoriya Angliyasidagi sanoat munosabatlarini tushunish uchun muhim asar deb hisoblagan.[9]

Ketrin Xyuz, zamonaviy biograf, Gaskelni ham ijtimoiy kuzatuvchi, ham maishiy mavzulardagi yozuvchi sifatidagi ikki tomonlama rolini ta‘kidlagan va u shaxsiy hamda jamoat hayoti orasidagi muvozanatni qanday saqlaganini ko‘rsatgan.[10]

Feminist tanqidchilar Gaskellning asarlarini yuqori baholab, ayniqsa, uning xotin-qizlarning maishiy va ijtimoiy hayotdagi rolini aks ettirgan jihatlariga e‘tibor qaratishgan. Rut va Meri Barton asarlari hozirda feministik adabiyotning ilg‘or namunalari sifatida qaraladi.[11]

Postkolonial tadqiqotchilar (Postcolonial researchers are scholars who analyze literature through the lens of colonialism, imperialism, race, identity, and power dynamics between colonizers and the colonized.) Gaskelning Wives and Daughters va Cranford asarlarida imperiya, irq va boshqa madaniyatlar bilan bog‘liq masalalarga munosabatini tahlil qilishgan.[12]

Zamonaviy tanqidchilar Gaskelning ijtimoiy realizm va hissiy uyg‘unlashtirish mahoratini Viktoriya adabiyotida alohida o‘rin egallashiga sabab bo‘lgan muhim xususiyat sifatida ko‘rsatishgan.

Elizabet Gaskel va Charlz Dikensning asarlari nafaqat o‘z davrining haqiqatlarini yoritib bergan, balki ijtimoiy ongni uyg‘otish va islohotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan edi.

Adabiy harakat sifatida realizm XIX asrning o‘rtalarida sanoat inqilobi va u keltirgan chuqur ijtimoiy o‘zgarishlarga javoban yuzaga kelgan. Sanoatlashtirish markazi sifatida Buyuk Britaniya tezkor urbanizatsiya, texnologik taraqqiyot va iqtisodiy transformatsiyaga duch keladi, ammo ushbu rivojlanishlar bilan birga qashshoqlik, sinfiy tengsizlik va mehnat ekspluatatsiyasi kabi ijtimoiy muammolar ham yuzaga keladi. Realistik adabiyot ushbu haqiqatlarni hech qanday pardasiz aks ettirishga, o‘z davrining ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklari bilan o‘quvchilarni jalb qilishga intiladi.

Elizabet Gaskel va Charlz Dikens ushbu sharoitda ijod qilgan, o‘z asarlari orqali ishchilar sinfi ahvolini, industrial kapitalizm tengsizliklarini va Viktoriya davri axloqiy muammolarini yoritgan. Ikkala yozuvchi ham hikoya qilish san‘ati orqali ijtimoiy tizimlarni tanqid qilish va jamiyatning chetda qolgan qatlamlari hayot tarzi, ishdagi va yashash muhitidagi sharoitlarini va boshidan o‘tkazayotgan qiyinchiliklarini haqqoniy aks ettirish maqsadini amalga oshirishgan.

Elizabet Gaskelning Mary Barton (1848) va North and South (1854-55) asarlari realizm tamoyillarining yorqin namunalaridir. Uning asarlari batafsil tasvirlar, murakkab xarakter rivojlanishi va ishchilar sinfi hayotiga chuqur hamdardlik ko‘rsatishi bilan ajralib turadi.

E.Gaskelning debyut asari Mary Barton XIX asrda Angliyaning sanoat markazlaridan biri bo‘lgan Manchesterda sodir bo‘lgan voqea-hodisalarni o‘z ichiga olgan. Asar ishchilar sinfi boshidan kechirgan qiyinchiliklarni, ayniqsa ishchilar va sanoat kapitalistlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni yorqin tasvirlaydi. Jon Barton   qashshoqlik, sinfiy kurash va sanoatlashtirishning xarajatlari mavzularini yoritadi. Masalan, Bartonlar oilasining yashash sharoitlari Gaskel tomonidan             realizm adabiyotining yorqin namunasi sifatida tasvirlangan:

“The room struck upon the eye as bare and comfortless, except for   cleanliness; indeed, it was clean in its poor way. The floor was bricked; and before the fireplace was a rough fender, made of bricks…” (Mary Barton, Chapter 3).

(“Xona ko‘zga bo‘m-bo‘sh, qulayliklardan butunlay xoli bo‘lib ko‘rinar, kambag‘alona bo‘lsa-da, ozoda ekani sezilib turardi. Poliga g‘isht terilgan, kamin ro‘parasida esa g‘ishtlardan qo‘polgina yasab qo‘yilgan panjara bor edi. ...”). Tarjima muallifniki.

Ushbu batafsil tasvir nafaqat voqeani aniq haqiqatga asoslangan holda yoritadi, balki bunday qiyinchiliklarni bilmagan o‘quvchilarda hamdardlik uyg‘otadi.

North and South asarida esa Gaskel sanoat jamiyatini o‘rganishni kengaytiradi va Milton (Manchesterning adabiy timsoli) shahridagi ishchilar va zavod egalarining o‘zaro munosabatlarini ko‘rib chiqadi. Protagonist Margaret Heyl va zavod egasi Jon Tornton o‘rtasidagi munosabatlar orqali Gaskel sinfiy munosabatlar va sanoat ziddiyatlarini chuqur tahlil qiladi.

Asar realizmining xususiyatlari qarama-qarshi nuqtai nazarlarning  muvozanatli tasvirlanishida namoyon bo‘ladi. Gaskel ishchilarning shikoyatlariga hamdardlik bildirsa-da, Torntonga ham insoniylikni yuklaydi va uni iqtisodiy bosimlarni boshdan kechirayotgan sanoatchi sifatida tasvirlaydi. Kasodga uchragan fabrika xo‘jaininig o‘gli Jon Tornton otasi o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng, boshqa fabrikada oddiy ishchi bo‘lib ishlab, onasi bilan birgalikda o‘z fabrikasi faoliyatini qiyinchiliklar bilan ishga tushiradi. U ishchilar ahvolini yaxshi tushunar edi, ammo fabrika xo‘jayini sifatida o‘z fabrikasi faoliyati orqali yana onasi va singlisini kambag‘alchilikdan aziyat chekmasligi uchun tinmay mehnat qilishga majbur edi. Ushbu ikki tomonlama yondashuv Gaskelning ijtimoiy masalalarni murakkab voqea-hodisalar asosida tasvirlashi tahsinga sazovordir.

Ko‘pincha “Viktoriya davri yozuvchisi” deb atalmish Charlz Dikens o‘zining ulkan hikoya qilish mahorati bilan o‘z davrining adolatsizlik va ikkiyuzlamachiligini ochib berishga harakat qildi. Uning asarlari, masalan, Oliver Tvist (1837-39) va Hard Times (1854) yorqin xarakter tasvirlari va aniq ijtimoiy tanqidning uyg‘unligini birlashtiradi, bu esa uni realizm an‘anasining markaziy yozuvchilaridan biriga aylantiradi.

Oliver Tvist asarida Dikkens Viktoriya Angliyasida yetim bolalar va qashshoqlar boshdan kechirgan qiyinchiliklarni tasvirlaydi. Asar ishchilar uylari, bolalar mehnati va shahar jinoyatchiligi haqidagi tasvirlari orqali Buyuk Britaniyada 1834-yilgi “Qashshoqlik to‘g‘risidagi tuzatish qonuni”ga (the Poor Law Amendment Act, 1934, Great Britain) qattiq tanqid bilan qaraydi. Oliver, Nensi va Fagin kabi qahramonlar orqali Dikens qashshoqlikning ta‘siri va omon qolishning axloqiy holatlarini o‘rganadi. Masalan, Dikens ishchilar uyi tizimini shunday tasvirlaydi:

“The room in which the boys were fed, was a large stone hall, with a copper at one end: out of which the master, dressed in an apron for the purpose, and assisted by one or two women, ladled the gruel at meal-times…” (Oliver Twist, Chapter 2).

“O‘g‘il bolalar ovqatlanadigan xona toshdan yasalgan keng zal bo‘lib, uning bir chetida katta mis idish turar; u yerda xo‘jayin fartuk taqib olib, bir yoki ikki ayol yordamida, ovqat vaqtida taom solib berardi...”. Tarjima muallifniki.

Ushbu ochiq tasvirlash usuli ijtimoiy haqiqatlarni yoritish bilan bog‘liq realizm mohiyatiga mos keladi.

Hard Times esa Dikensning hayotiy voqelikni ro‘yu-rost tasvirlagan haqiqiy realistik asari bo‘lib, sanoatlashtirish va utilitarizm falsafasining inson omilisiz ta‘sirini bevosita ko‘rib chiqadi. Voqea-hodisalar Koktaun nomli sanoat shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu asar inson hayotini mexanizatsiyalash va foydani insondan ustun qo‘yishga qaratilgan tanqidni o‘z ichiga oladi.

Tomas Gradgrind va Joshua Bounderbi kabi qahramonlar orqali Dikens utilitarizm tamoyillariga ortiqcha bog‘lanishni keskin hajv qiladi, Stiven Blekpul kabi ishchilarning iztiroblari esa bunday mafkuralarning insoniy fojealarga olib kelishini ochib beradi. Xususan, Dikens Koktaun tasvirida o‘zining realizmga asoslangan yondashuvini yorqin aks ettiradi:

 “It was a town of red brick, or of brick that would have been red if the smoke and ashes had allowed it; but as matters stood, it was a town of unnatural red and black like the painted face of a savage” (Hard Times, Chapter 5).

“Bu shahar aslida qizil g‘ishtdan bunyod etilgan, agar tutun va kul uning rangini bo‘g‘maganida g‘ishtlar haqiqatan ham qizil bo‘lib ko‘rinar edi. Ammo ayni damda u g‘ayritabiiy qizil va qora ranglarga botgan, go‘yo isqirt kishining bo‘yoq chaplangan yuzini eslatadi. Tarjima muallifniki.

Dikens Koktaunni shafqatsiz va ruhsiz sanoat shahri sifatida tasvirlab, uning og‘ir va siqib qo‘yuvchi muhitini yaqqol namoyon etadi. Bu tasvirlar asarning sanoat kapitalizmiga bo‘lgan keskin tanqidini yanada kuchaytiradi.

Shuningdek, Elizabet Gaskel va Charlz Dikens realizm adabiyotining yetakchi vakillari bo‘lishiga qaramay, ularning yondashuvlari sezilarli darajada farq qiladi. Gaskel o‘z asarlarida ko‘pincha ayollar va ishchilar sinfining hayotiy tajribalarini aniq va samimiy tarzda tasvirlaydi, bu esa o‘quvchiga ijtimoiy  muammolarni yaqinroq his qilish imkonini beradi. Dikens esa keng qamrovli syujet va hajv orqali o‘z tanqidlarini kuchaytiradi, melodramatik elementlardan foydalangan holda, o‘quvchining e’tiborini muammolarga qaratadi.

Masalan, North and South asarida Gaskel sinfiy ziddiyatlarni ochib berishda dialog va insoniy munosabatlarga urg‘u beradi. Bunda turli sinflarga mansub Nikolas Higgins, Jon Tornton, Bessi Higgins va Margater Heyl kabi qahramonlarning o‘zaro muloqotlari orqali jamiyatdagi keskinlik yoritiladi. Aksincha, Hard times asarida Dikens utilitarizmni keskin tanqid qilish uchun jonli tasvir va allegoriyadan foydalanadi. Har ikkala yondashuv ham o‘ziga xos tarzda samarali bo‘lib, realizm adabiyotining murakkab ijtimoiy muammolarni yoritishdagi o‘z qudratini ko‘rsata oladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta‘kidlash joizki, Elizabet Gaskel va Chalz Dikens  realizm adabiyotining eng yorqin namoyandalaridan bo‘lib, ularning asarlari hayotni chuqur tahlil qilishga va haqqoniy tasvirlashga asoslangan. Ular sanoat jamiyati, sinfiy tengsizlik va insoniy chidamlilik mavzularini sinchkovlik bilan yoritib, nafaqat o‘z zamonlarining haqiqatlarini hujjatlashtirishdi, balki keyingi avlod  yozuvchilari va islohotchilariga ham katta ta’sir o‘tkazishdi.

Bugungi kunda ham ularning asarlari dolzarb bo‘lib qolmoqda. Chunki ular yoritgan mavzular – tengsizlik, adolat va insoniy qadriyatlar – hanuzgacha  zamonaviy jamiyat muhokamalarida o‘z o‘rnini egallab kelmoqda.

 

 

 

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar  ro‘yxati:

 

  1. Gaskell Elizabeth. Mary Barton: A Tale of Manchester Life. London: Chapman and Hall, 1848. – 213 p.
  2. Gaskell Elizabeth. North and South. London: Chapman and Hall, 1855. – 254 p.
  3. Dickens Charles. Oliver Twist. London: Richard Bentley, 1839. – 189 p.
  4. Dickens Charles. Hard Times. London: Bradbury and Evans, 1854. – 158 p.
  5. Forster John. The Life of Charles Dickens. – London: Chapman and Hall, 1872–1874. – 93 p.
  6. Chesterton G.K. Charles Dickens: A Critical Study. – London: Methuen and Co., 1906. – 112 p.
  7. Leavis F.R. The Great Tradition. London: Chatto and Windus, 1948. – 165 p.
  8. House Humphry. The Dickens World. – London: Oxford University Press, 1941. – 113 p.
  9. Dickens Charles. Household Words (1850–1859). – 126 p.
  10. Eliot George. Essays and Reviews. – London: Routledge, 1884. – 89 p.
  11. Gaskell Elizabeth. The Life of Charlotte Brontë. – London: Smith, Elder and Co., 1857. – 145 p.
  12. Leavis Q.D. Fiction and the Reading Public. – London: Chatto and Windus, 1932. – 178 p.
  13. Williams Raymond. Culture and Society 1780-1950. – London: Chatto and Windus, 1958. – 155 p.
  14. Hughes Kathryn. Elizabeth Gaskell: A Habit of Stories. – London: Faber & Faber, 1998. – 119 p.
  15. Stoneman Patsy. Elizabeth Gaskell. – Manchester: Manchester University Press, 2006. – 138 p.
  16. Brantlinger Patrick. Rule of Darkness: British Literature and Imperialism, 1830–1914. – Ithaca: Cornell University Press, 1988. – 162 p.

 

Qo‘ldoshev O‘., Radjabova G. The significance of Elizabeth Gaskell and Charles Dickens  as representatives of realism. This article provides an overview of the flourishing period of the nineteenth-century realist movement, which emerged in response to the rapid social, economic, and political changes of its time. It explains that realism sought to depict life as it truly was, rejecting romantic idealization and aiming instead for a detailed and critical representation of society. Particular emphasis is placed on Elizabeth Gaskell and Charles Dickens, prominent figures of Victorian literature, who are recognized as central representatives of this literary movement.

 

Кулдашев У., Раджабова Г. Значимость Элизабет Гэскел и Чарльза Диккенса как представителей реализма. Данная статья представляет обзор периода расцвета реалистического движения XIX века, сформировавшегося в ответ на стремительные социальные, экономические и политические изменения своего времени. В статье отмечается, что реализм стремился изображать жизнь такой, какова она есть на самом деле, отказавшись от романтической идеализации и поставив своей целью детальное и критическое изображение общества. Особое внимание уделяется Элизабет Гаскелл и Чарльзу Диккенсу — выдающимся представителям викторианской литературы, которые рассматриваются как ключевые фигуры данного литературного направления.

 

 

 

[1] Forster John. The Life of Charles Dickens. London: Chapman and Hall, 1872–1874

[2] Chesterton G.K. Charles Dickens: A Critical Study. London: Methuen & Co., 1906.

[3] Leavis F.R. The Great Tradition. London: Chatto & Windus, 1948.

[4] House Humphry. The Dickens World. London: Oxford University Press, 1941.

[5] Dickens Charles. Household Words. 1850–1859.

[6] Eliot George. Essays and Reviews. London: Routledge, 1884.

[7] Gaskell Elizabeth. The Life of Charlotte Brontë. London: Smith, Elder & Co., 1857.

[8] Leavis Q.D. Fiction and the Reading Public. London: Chatto & Windus, 1932.

[9] Williams Raymond. Culture and Society 1780–1950. London: Chatto & Windus, 1958.

[10] Hughes Kathryn. Elizabeth Gaskell: A Habit of Stories. London: Faber & Faber, 1998.

[11] Stoneman Patsy. Elizabeth Gaskell. Manchester: Manchester University Press, 2006.

[12] Brantlinger Patrick. Rule of Darkness: British Literature and Imperialism, 1830–1914. Ithaca: Cornell University Press, 1988.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati