Fentezi (ingl. fantasy – “fantaziya”) – fantastikaning janri sifatida talqin qilinib, unda mifologik va ertak personajlari ishtirok etadi. Zamonaviy G‘arb adabiyotidagi fentezi asarlarida, odatda, elf, gnom, ajdaho, dev, pari, jodugar, grifon (qanotli mahluqlar), siklop (tepa ko‘z), bir shoxli otlar, g‘aroyib quloqli, pakana, novcha yoki boshqa bir ko‘rinishli mavjudotlar uchraydi. “Kengroq maʼnoda, fentezi ilmiy fantastikaga tegishli bo‘lmagan, biroq, dahshat va mistika bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsani o‘z ichiga oladi” [1, b.320]. Tadqiqotchi Aleksandr Gushin fikrga ko‘ra, “o‘z qonunlari, ehtimol, sehr-jodu, afsonaviy mavjudotlar va boshqalar mavjud bo‘lgan fantaziyadan farqli o‘laroq, fantastika ilmga asoslanadi. Agar fantaziyada fan qandaydir sifatda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lsa, lekin fantastik syujetlar fansiz mavjud bo‘la olmaydi. Fantastikadan ilmni olib tashlasangiz, syujetni qurishga hech narsa qolmaydi” [2]. Zamonaviy fentezi janri ko‘proq ingliz mualliflari, birinchi navbatda, Djon Ronald Ruel Tolkin taʼsirida shakllandi.
O‘zbek tilli vikipediyada fentezi haqidagi maʼlumot ingliz tilli manbalardan tarjima qilinib, shunday maʼlumot keltirilgan: “Fentezi (inglizcha: fantasy — “fantaziya”) sehrli elementlarni qamrab olgan fantastik janrdir. Odatda, fantastik (xayoliy) olamda mavjud bo‘lgan syujetlardan (baʼzida mifologiya va folklorlardan) ilhomlanadi. Uning ildizlari og‘zaki anʼanalarga borib tarqaladi, keyinchalik fentezi adabiyot va dramaga aylandi. 20-asrdan boshlab, ushbu janr turli ommaviy axborot vositalarida, xususan, film, televideniye, grafik romanlar, mangalar, animatsion filmlar va video o‘yinlarga ham tarqaldi. Fentezi janri ilmiy fantastika va dahshatli janrlardan ilmiy va qo‘rqinchli mavzular yo‘qligi bilan farqlanadi, ammo bu janrlar bir-biriga o‘xshash janrlardir” [3].
Fentezi janriga oid asarlarda ko‘proq mifologiya va ertak motivlarining zamonaviy mualliflar tomonidan qayta ishlangan, ijodiy prizma asosida sayqallangan syujetlar keltiriladi. T.Ye.Savitskayaning lo‘nda taʼrifiga ko‘ra: fantaziya - bu turli xil shartli qahramonlarning sehrli sarguzashtlari haqidagi “neomifologik qissalaridir” [4, b.186].
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasidagi maʼlumotga ko‘ra “Fantastika yoki taxayyulot (qadimgi yun. phantastike – xayolan tasvirlash sanʼati) – badiiy sanʼat turi. Fantastika realizm va naturalizm yo‘nalishidagi sanʼat, adabiyotlarning aksi. Ayrim o‘rinda fantastika realizm bilan ham qo‘shilib ketadi. Fantastikaning shakli mifologik tushunchalarni, ertaklarni tasvirlashda ko‘rinadi... Fantastika ko‘pincha xalq og‘zaki ijodida uchraydi. Lof, latifalar va dostonlarda fantastikani o‘ta bo‘rttirilgan shaklda kuzatish mumkin (“Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Manas” va boshqalar). Gomerning “Illiada” dostoni, Migel de Servantesning “Don Kixot” asari...” [5].
Biroq yevropalik ayrim olimlarning fikriga ko‘ra, fantastika (qad. yunon. φανταστική - xayol qilish sanʼati) – hayotiy faraz, “g‘ayrioddiylik elementi”dan foyda-lanish bilan tavsiflangan janr, yoki ijodiy uslub, usul, badiiy adabiyot, kino, tasviriy va boshqa sanʼat shakllari sohasi [6]. Fantastikada keng maʼnoda muallif tomonidan real borliq qonunlari o‘zgartirilib, zamonaviy tushunchalar asosida, g‘aroyib texnologiyalar, ajoyib sayyoralar, parallel olamlar, real faktlar, zamonaviy kashfiyotlarga asoslangan, qaysi bir jihatdan, kelajakdan xabar beradigan g‘aroyib voqea-hodisalar haqida so‘z boradi. Fantastik asarlarda, odatda, o‘tmishdagi diniy-mifologik rivoyatlar, sehru jodu bilan bog‘liq afsonalar qalamga olinmaydi. Balki shu sababdan bo‘lsa kerak, asar ijodkorlari odatda, olimlar, ixtirochilar yoki texnik taraqqiyotga ixlos qo‘ygan muxlislar bo‘ladilar. Bunday mualliflar sirasida biolog Ayzek Azimovni, geograf, programmist va fizik Nile Stivenson kabilarni keltirish mumkin.
Jahon adabiyotshunosligida Britaniyani butun dunyo buylab keng yoyilib va millionlab muxlislarni o‘ziga rom etayotgan fentezi janrining vatani deb bilish tendensiyasi qatʼiylasha bormoqda: Yevropa adabiyo-tshunoslari janrning kelib chiqishini kelt anʼanalari asosiga qurilgan qirol Artur afsonalariga borib yetishini ulardagi sehrli narsa-hodisalar tarixiy voqelikka singdirib yuborilganligini qayd qilishadi. Fikrimizcha, bunday tushuncha fentezi janridagi zamonaviy romanlar genezi bilan bog‘liq holda talqin qilinsa to‘g‘riroq bo‘lar edi. Zero, Sharq mamlakatlarining ko‘hna adabiyotlarida mifologik obrazlarning badiiy talqinlardagi asarlar ko‘plab uchraydi. Turkiy folklordagi Go‘ro‘g‘li, xitoy mifologiyasidagi Mergan Yi, hind eposlaridagi Ram kabi obrazlar bilan bog‘liq syujetlar, “Xamsa” turkumidagi dostonlardagi qahramonlarning mifologik faoliyatlari fikrimiz dalilidir. Biroq ularning zamonaviy adabiyotdagi, romanlardagi yangicha talqinlari, tan olish kerakki, ingliz adabiyotidagi mifologik qahramonlar singari ommalashmagan. Bu narsa, maʼlum maʼnoda, zamonaviy o‘zbek adabiyotida qadimgi mifologik qahramon va epik anʼanalarning unutilayotganligidan, yoki ularga eʼtibor sustligidan darak beradi.
XIX asr Shotlandiya yozuvchisi va shoiri Jorj Makdonald ingliz tilidagi fantezi janrining dastlabki vakillaridan hisoblanadi. Uning asarlarini o‘z ijodlariga taʼsir ko‘rsatganligini qayd qilgan mualliflar sirasida Lyuis Kerroll, Jorj Oruell, Oldos Xaksli, Rey Bredberi va Nil Geyman kabi taniqli ijodkorlar bor.
Bu janrning takomillashishi va keng quloch otish davri XX asr o‘rtalariga to‘g‘ri keldi. Bunda ingliz tilli yozuvchilar - “Uzuklar hukmdori” (“The Lord of the Rings”) (1954) romani muallifi Djon Ronald Ruel Tolkin, qiziqqon va qo‘rqmas bolakaylarning sarguzashtlariga bag‘ishlangan "Narniya yilnomalari" (“The Chronicles of Narnia”) (1950-1956) turkumining muallifi Klayv Steyplz Lyuis, “Ajdarho parvozi” (“Dragonflight”) (1968) asari muallifi Enn Makkefri, Vadxag shahzodasi Korum sarguzashtlariga bag‘ishlangan “Korum yilnomalari” (“The Chronicles of Corum”) (1971-1974) turkumining ijodkori Maykl Murkok, “Garri Potter” turkumidan “Garri Potter va sehrli tosh (“Harry Potter and the Philosopher's Stone”) (1997)” asarining muallifi Joan Rouling kabilarning o‘rni, ayniqsa, katta bo‘ldi.
Fentizi janrining mohiyati haqida adabiyotshunoslar orasida turlicha fikrlar mavjud. Masalan, B.L.Gopman taʼkidlashicha, “fentezi fantastik adabiyotning (yoki g‘aroyibotlar haqidagi adabiyotning) irratsional mazmundagi syujet faraziga asoslangan turidir. Ushbu faraz ilmiy fantastikadan farqli o‘laroq, "mantiqiy" motivasiyaga ega bo‘lmagan, ratsional tushuntirilmaydigan faktlar va hodisalar mavjudligini nazarda tutadi” [7, b.1162].
Fentezi dunyosi voqealarga boy, u imkoniyatlar darajasida hayotning to‘liqlik va o‘z-o‘zini yengish hissini beradi. Personaj "oliy kuchlar" bilan aloqaga kirishadi, ular bilan bir butunlikni hosil qiladi. Ilmiy fantastikadan farqli o‘laroq, fentezi olamni obyektiv idealizm nuqtai nazaridan tasvirlaydi, fenteziga mansub asar zaminida yaratuvchi, iblis yoki boshqa bir demiurgning qudrati ko‘rinib turadi. Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi Obidjonova M. fikriga ko‘ra: “Fentezi va ilmiy fantastika reallikka bo‘lgan munosabati tufayli umumiy xarakteristikaga ega, biroq ularning orasidagi farqlar ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerak. Ilmiy fantastika ham “mumkin bo‘lmagan” prinsipdan kelib chiqadi, biroq aynan ilmiy detallarni keltirish orqali ilmiy fantastika “mumkin bo‘lmaganni” “mumkin” qilishga urinishi bilan ahamiyatlidir” [8, b.14].
V.L.Goncharov fikricha: “Bunday asarlarda jonli yoki jonsiz dunyoda Yaxshilik va Yomonlikning mavjudligi hamda asosini Kalom (So‘z) tashkil etgan dunyoning tuzilishi haqidagi o‘rta asr tasavvurlari yotadi. Fenteziyaning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, unda alohida shaxsning roli nihoyatda yuksak bo‘lib, qahramon nafaqat o‘z atrofidagi voqealarning borishiga, balki dunyo taqdiriga ham taʼsir o‘tkazadi” [9].
Fentezi asar voqealari sodir bo‘layotgan dunyoni ilmiy nuqtai nazardan tushuntirishga intilmaydi, bu jihatdan fentezida ijodkorning ijodiy tajribalar maydoni kengayadi, undagi hayoliy tajribalar laboratoriyasidagi jarayon ancha erkin kechadi. Fentezi dunyosida parallel olam ham, o‘zga bir o‘lcham yoki boshqa sayyora ham bo‘lishi mumkin. Bu dunyoda, huddiki kvant mexanikasi tushunchalari kabi, anʼanaviy fizik qonunlar ishlamasligi, yuqorida keltirganimiz kabi dimiurg, mag, ajdar, dev, parilar kabi mifologik personajlar mavjud bo‘lishi odatiy bir holdir.
Fentezi asarlari olamining o‘lchamlari real dunyoga mos kelmasligi, boshqa o‘lchamlardagi qandaydir parallel olamlarga ko‘chishi mumkin. Yevropa fentezi adabiyoti uchun xos deb bilinayotgan bunday holat o‘zbek romanik dostonlari, jumladan, “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi asarlarga ham bor. Jumladan, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan yozib olingan “Malika Ayyor” dostonida qahramon Torikiston mamlakati, yaʼni yerosti, qorong‘ulik olamida bo‘lib, bu mamlakat mohiyat eʼtibori bilan ochunning vertikal tuzilishi haqidagi xalq fantastik qarashlariga asoslanadi. Dostonda Go‘ro‘g‘li ov qilmoq uchun Zebit cho‘liga, Shakar ko‘liga borib, qushini ovga soladi. Shunda cho‘lda to‘satdan ulkan qo‘rg‘on paydo bo‘ladi: “Ko‘rsa, shunday qo‘rg‘on: Kungirasi po‘latdan, darvozasi zumratdan, bo‘sag‘asi Bag‘doddan. Shunday ochib ichkari kirdi. Ichkari kirsa, olmalar pishib yotar, tagiga tushib yotar; gullar ochilib, bulbullar bir-biriga chaq-chaq uchirib o‘tiribdi. Uch ko‘shk, ichkima-ichki, zinapoya, zertang-zabartang, joylar tuzalgan, yaxshi to‘shaklar to‘shalgan, sharobi antahur to‘kilgan, suvlar sepilgan, namoyishga chini gujumlar tikilgan, gujumning soyasiga jinqarcha, musicha, murotalibachcha-jamʼi qushlar yig‘ilib, o‘rtada bir laylakni sozanda qilib, ayttirib o‘tiribdi”.
Keyin osmondan bir ko‘k kaptar quyulib kelib, bir yumalab ofatijon bir pariga aylanadi. Go‘ro‘g‘li hayron bo‘lib, uning ismini, mamlakatini so‘raydi. Pari otasining ismi — Qosimxon, onasining ismi — Sipar pari, unib-o‘sgan yurti Torkiston mamlakati ekanligini aytib, yana bir yumalab kaptar qiyofasiga kirib uchib ketadi [10]. Bu kabi fentezi elementlari Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Sabʼai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlarida ham uchraydi.
Afsuski, xalq hayoloti mahsuli bo‘lgan, vaqt, makon va zamon qorishib, fentezi janri epizodlarini eslatadigan bu kabi fantastik syujetlarga o‘zbek zamonaviy romanchiligida kamroq eʼtibor berildi. Yaratilgan fantastik mazmundagi asarlar esa, asosan, Yevropa, Lotin Amerikasi va boshqa mintaqalarning ilg‘or adabiy maktablari taʼsiridan ilhom olib ijod qilishdi. O‘zbek fantast yozuvchisi Hojiakbar Shayxov (1945—2002) amerikalik fantast yozuvchisi Rey Duglas Bredberi (1920—2012) asarlari orasidagi ko‘pgina o‘xshash jihatlar ham shunday taʼsirning bo‘lganligini anglatadi. Tadqiqotchi Obidjonova M. Q. “Ingliz va o‘zbek fantastik hikoyachiligi: original va mushtarak tendensiyalar (Rey Bredberi va Hojiakbar Shayxov ijodi misolida)” mavzusida yoqlagan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi [8, b.51] bu fikrimizni tasdiqlardi. Tadqiqotchi o‘zbek adabiyot-shunosligida ingliz va o‘zbek fantastik hikoyachiligi, undagi mushtarak va original tendensiyalar, xususan, amerikalik yozuvchi Rey Bredberi va o‘zbek fantasti Hojiakbar Shayxov hikoyalari misollarida, tizimli tarzda, fundamental ravishda tahlil qilgan.
O‘ylaymizki, o‘zbek adabiyotida ham ingliz, yoki zamon ruhi bilan hamqadam bo‘lgan, hayolot va mistika dunyosiga byefarq bo‘lmagan boshqa xalqlar adabiyotidagi janr – fenteziga ham jiddiy eʼtibor beriladi. Ajab emaski, Yunus va Misqol parilar, Go‘ro‘g‘li, Alpomish, Farhod kabi obrazlar dev, pari, chiltan, ajdaho, Xizr kabi mifologik personajlar, Chambil, Xunxor, Vayangan, Qo‘hi Qof, Torkiston, Kashal yurti, Chilbir cho‘li, Oyna ko‘li kabi joylarda yangicha bir ruhda, zamonaviy talqinda namoyon bo‘lsa, fikrimizcha, yaxshi bo‘lur edi. O‘zbek eposining va mifologiyasining optimistik xususiyatlarini o‘zida jam qilgan, kishilarga faqat pozitiv, xush kayfiyat beradigan bunday asarlar albatta o‘z o‘quvchilarini topadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Xоликов Б. Фэнтези, мифологические персонажи и фантастика: идентичность и контраст. В современной мировой литературе жанр фантастики, также, фикшен, ужас, хоррор, мистика и фэнтези, подвергаются неоднозначным характеристикам, которые иногда называются их составляющими. Каждый из них является отдельным предметом исследования, и наше внимание привлекли общие и разные аспекты в фентезе и фантастике. Согласно некоторым источникам, в "фэнтези" весь сюжет строится вокруг магических событий. Однако эта магия не меняет мир, магия - его составляющая. Считается, что фэнтези рассказывает о гномах, эльфах, мифических мирах и сверхъестественных существах, в то время как фантастика - о достижениях науки, космических полетах, беспрецедентных технологиях и новейших роботах.
Kholikov B. Fantasy, mythological personages and fantastic genre: identity and contrast. In modern world literature, the genre of fantastic literature, also fiction, horror, mystery and fantasy became the subject to mixed reviews, which are sometimes called as their components. Each of them is a separate subject of research, and our attention was attracted by common and different aspects in fantasy and science fiction. According to some sources, in "fantasy" the whole plot is built around magical events. However, this magic does not change the world, magic is its component. It is believed that fantasy tells about dwarves, elves, mythical worlds and supernatural creatures, while fiction is about scientific achievements, space flights, unprecedented technologies and the latest robots.