Nazariyotchi olim Ferdinand do‘ Sossyur (1857-1913)ning ilmiy g‘oyasi tilning murakkab ziddiyatlarga boy, ko‘p tomonlama ijtimoiy hodisa ekanligiga asoslangan.
F.do‘ Sossyur tilshunoslikning o‘rganish obyekti nutqiy faoliyat bo‘lishi kerak deydi. Shu bilan birga F. do‘ Sossyur birinchi bor, nutqiy faoliyat til va nutqdan tashkil topgan butunlik ekanligini isbotlab berdi. Shunday ekan, tilshunoslik nutqiy faoliyat bilan birga til va nutqni o‘rganishi lozim. F. do‘ Sossyur til va nutqni mutloq farqladi, boshqa – boshqa hodisalar ekanligini ta’kidladi.
Tilshunoslik fanining chegarasini, predmetini aniqroq ta’riflash maqsadida F. do‘ Sossyur til bilan nutqni ajratib, bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. Uning fikricha, til nutq faoliyatining faqat bir tomonini tashkil etadi. Til bilan nutqning asosiy farqi – til ijtimoiy, nutq esa individual hodisa ekanligidir. Bu fikr ham nisbiy bo‘lib, bir tomonlama olib qaralganda to‘g‘ri. Aslida til ham, nutq ham ijtimoiy, ham individual hodisalardir. Til bilan nutqning o‘zaro munosabatini F.do‘ Sossyur quyidagi sxemada ko‘rsatadi:
├ █(█(█(Nutq faoliyati@ )@(langage) )@)}
Tilshunoslik nutq faoliyatini o‘rganishi zarur. Chunki, til va nutq nutqiy faoliyatning mahsuli. F.do‘ Sossyur til lingvistikasi va nutq lingvistikasi deb ikkiga bo‘ldi. Til lingvistikasini o‘rganishni birinchi darajali, nutq lingvistikasini o‘rganishni ikkinchi darajali vazifa qilib qo‘ydi. Bu jadvalda ijtimoiy tabiati jihatidan qaralganda til madaniy-tarixiy va ijtimoiy hodisadir. I.Qo‘chqortoyev “F.do‘ Sossyurning lingvistik konsepsiyasi” kitobida: “Tildan foydalanuvchi individni birinchi galda tilning hozirgi holati (sinxronik holati), tilda hozir mavjud bo‘lgan vositalar sistemasi qiziqtiradi. Shu ma’noda tilning faqat sinxronik holati sistema hisoblanadi. Bu nuqtai nazar tilshunoslik fani uchun qanchalik muhim bo‘lmasin, u tilning mohiyatini to‘liq ochib bera olmaydi. Til ifoda ehtiyojlariga moslashib boruvchi qurol. Tilning ifoda talablariga moslashuvi nutq jarayonida to‘xtovsiz amalga oshib boradi”, – deb yozadi [I.Qo‘chqortoyev, 1976: 30-31]. F.do‘ Sossyurning yuqorida keltirilgan jadvalida sinxroniya va diaxroniya tilga tegishli bo‘lgan hodisalardir. Bizning nazarimizda, tilning diaxronik holati ham sistemani taqozo etadi. Umuman til sof belgilar sistemasidir. Shuning uchun Ferdinand do‘ Sossyur “Til tafakkurni ifoda qiluvchi belgilar yig‘indisidan iboratdir”, – degan fikrni aytgan edi.
Til – ma’lum bir ijtimoiy jamoaga tegishli kishilarning nutqiy faoliyati orqali to‘plangan xazinadir. Bu har bir til egasi ongida virtual mavjud bo‘lgan grammatik sistema, to‘g‘rirog‘i, u individlar yig‘indisi ongida yashaydi. Chunki til hech bir alohida individda to‘liq mavjud emas, u to‘liq holda faqat jamoada mavjud bo‘ladi [F. do‘ Sossyur, 1977: 52]. Til jamoa tafakkurida mavjud bo‘lgan sistem xarakterli ijtimoiy hodisadir. Ma’lum bir kishi tafakkurida to‘liq holda namoyon bo‘lmaydi. Tilning yashash joyi, rivojlanadigan, taraqqiyot qiladigan joyi ham jamoa qolaversa, butun bir millat taffakkuri, ongidir. Shunday bo‘lgani uchun ham til ijtimoiy hodisadir.
Ma’lumki “Yosh grammatikachilar” psixologizm ta’sirida tilni yakka shaxsning tasavvurlari tizimi sifatida talqin qilar edilar. XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida unga zid ravishda tilning fikriy aloqa vositasidan iborat ijtimoiy vazifasini, ijtimoiy mohiyatini ta’kidlashga intilish kuchayadi. Bu intilish Dyurkgeym va Levi-Byurlning g‘oyalarida o‘zining falsafiy tayanchiga ega bo‘ladi. Natijada F.do‘ Sossyur va uning shogirdi Antuan Meye tomonidan sotsiologizm oqimiga asos solinadi. Ular buni “ijtimoiy tilshunoslik” deb ataydilar.
Bu oqim o‘ziga fransuz tilshunoslari Jozef Vandries, Sharl Balli, Albert Sheshe, norvegiyalik Alf Sommerfeldt, Emil Benvenist kabi mashhur olimlarni birlashtiradi.
Sotsiologizm oqimining asosiy qoidalari, F.do‘ Sossyurning “Umumiy tilshunoslik kursi” nomli asarida [F. do‘ Sossyur, 2004: 256] bayon qilinadi va muallif shu asari bilan jahon tilshunosligida mashhur bo‘ladi.
“Umumiy tilshunoslik kursi” Sharl Balli va Albert Sheshelarning ustozdan tinglagan va yozib olgan ma’ruzalarining 1916-yilda nashr qildirgan to‘plamidir. Bu asar dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Birinchi marta rus tiliga 1933-yilda tarjima qilinib nashr etilgan va keyinchalik qayta-qayta rus tilida nashrdan chiqqan [F. do‘ Sossyur, 1990: 44]. F.do‘ Sossyurning “Umumiy tilshunoslik kursi” nomli asari fransuz tilidan o‘zbek tiliga mohir tarjimon, nazariyotchi olim, filologiya fanlari doktori, professor I.Mirzayev tomonidan to‘liq tarjima qilinib 2019-yilda nashrdan chiqdi [F. do‘ Sossyur, 2019: 308].
Bu asarning o‘zbek tiliga asliyatdan tirjima qilinishi nazariy tilshunosligimiz uchun katta voqelik sifatida baholanmog‘i lozim.
Ferdinand do‘ Sossyurning ayrim qarashlari:
1. Tilshunoslik faninig obyekti tildir. Til ko‘p qirralidir: vazifasiga ko‘ra til fikriy aloqa vositasidir. Demak, til ijtimoiy hodisadir; ichki tuzilishiga ko‘ra til belgi tizimidir.
2. F.do‘ Sossyur tashqi va ichki tilshunoslikni farqlaydi, ularni bir-biriga qarshi qo‘yadi. Ular o‘zaro aloqador emas degan munozarali fikrni aytadi. Tashqi va ichki tilshunoslik farqli, ularni bir-biriga qarshi qo‘yish to‘g‘ri, ammo ular o‘zaro aloqador.
Intralingvistikani ichki lingvistika deb ham tushunsak bo‘ladi. Intralingvistika til birliklarining sistem aloqasini, munosabatini tashqi lingvistikaga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘rganadi. Ichki lingvistikaning o‘rganish ob’ekti fonologiya, leksikologiya va grammatika sanaladi. Tovushlar birikib sistem aloqa hosil qilishi jarayoni tadqiq qilinadi. Har qanday tovush to‘g‘ri kelgan ikiknchi tovush bilan birika olmaydi. Bu yerda ham ma’lum qonuniyatlar mavjud bo‘lib, bu qonuniyatlar ichki lingvistikada o‘rganiladi.
Ekstralingvistikani tashqi lingvistika deb ham ataymiz. Tashqi lingvistika tilning taraqqiyoti va vazifasini ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-tarixiy, etnik, jo‘g‘rofiy kabi faktorlar bilan bog‘liq tarzda o‘rganadi. Shunga ko‘ra, ushbu lingvistika tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganadi. Til juda murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugungi taraqqiyot bosqichiga kelguncha ko‘plab faktorlar ta’sirida bo‘ldi. Ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-tarixiy, etnik, jo‘g‘rofiy kabi faktorlar tilning rivojlanishi uchun muhim vazifani bajaradi.
3. F.do‘ Sossyur tilda uch nuqtayi nazarni farqlaydi: a) Til – nutq, b) til shakllar sistemasi sifatida ma’no tashiydi. Til belgisi ifoda va ma’no tomoniga egadir, v) individual nutqiy akt – aytilgan hodisa, aytilish, aytilgan gap.
4. F.do‘ Sossyur tilda sinxroniya (hozirgi) va diaxroniya (tarixiy) aspektni farqlaydi.
5. F.do‘ Sossyur til bilan nutqni farqlar ekan, shu bilan bog‘liq holda fonemani til hodisasi, tovushni esa nutq hodisasi sifatida talqin qiladi.
6. F.do‘ Sossyur til (nutq) birliklari orasidagi munosabatlarning ikki qarama-qarshilikdan iborat ekanligini ko‘rsatadi. Bular paradigmatik va sintagmatik munosabatlardir. Paradigmatik munosabatda til birliklari bir paradigmaga vurtual chiziq bo‘yicha joylashadi. Paradigmatik munosabat til birliklarining nutqqa ko‘chirilgungacha bo‘lgan holatidir.
Sintagmatik munosabatda til birliklari, gorizontal chiziq bo‘yicha joylashib, so‘zlar bir-biri bilan semantik-grammatik munosabatga kirishib, so‘z birikmasi yoki gapni hosil qiladi.
7. F.do‘ Sossyur til haqidagi fanni semiotika yoki semiologiya deb atashni tavsiya qiladi. Chunki, uningcha, til sof belgilar tizimi, yoki semiotik tizimdir.
Xulosa qilib aytganda, F.do‘ Sossyur jahon tilshunosligi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan. Uning tilshunoslik merosi zo‘r qiziqish bilan o‘rganilmoqda va u hozir ham umumiy tilshunoslik taraqqiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
F.do‘ Sossyur tomonidan asoslangan sistem-struktur tilshunoslik o‘tgan yillar mobaynida o‘nlab yangi-yangi lingvistik oqim va maktablarning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi [A.Rahimov, 2015: 30].
Tilshunoslikda sotsiologizm oqimi F.do‘ Sossyurdan keyin mustahkamlandi, tilshunoslikning sotsiolingvistika sohasi shakllandi. Shu sohaga doir turli ilmiy asarlar va darslik-qo‘llanmalar yaratildi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
Қўчқортоев И. Ф. дў. Соссюрнинг лингвистик концепцияси. – Тошкент, 1976 йил. 36 б.
Соссюр Ф. де. Курс общей лингвистики. – Труды по общему языкознанию. – М.: «Прогресс», 1977, с.39.
Соссюр Фердинанд де. Курс общей лингвистики / Пер. с французского Сухотина А.М., под редакцией и с примечаниями Шор Р.И. – М.:Едиториал УРСС, 2004. – 256 с.
Соссюр Ф. де. Заметки по общей лингвистике / Пер. с фр. Нарумова Б.П. – М.: Прогресс, 1990. – С. 44.
Дў Соссюр, Фердинанд Умумий тилшунослик курси. Француз тилидан Ибодулла Мирзаев таржимаси. – Тошкент, 2019. –308 б.
Rahimov A. Umumiy tilshunoslik kursi. – Samarqand, 2015. 123 b.
Туробов А. Лингвистические взгляды Фердинанда де Соссюра. В статье дается информация о лингвистических взглядах Фердинанда де Соссюра. Главное различие между языком и речью заключается в том, что язык – явление социальное, а речь – явление индивидуальное. Эта идея также относительна и верна с односторонней точки зрения. На самом деле научно доказано, что и язык, и речь являются как социальными, так и индивидуальными явлениями. Язык – это богатство, накопленное в результате речевой деятельности людей, принадлежащих к определенной социальной общности. Это грамматическая система, которая фактически существует в сознании каждого носителя языка, или, скорее, она изучается как существующая в сознании группы людей. Потому что утверждается, что язык не существует в полной мере ни у одного отдельного человека, он существует в полной мере только в сообществе.
Turobov A. Linguistic views of Ferdinand de Saussure. The article provides information about the linguistic views of Ferdinand de Saussure. The main difference between language and speech is that language is a social phenomenon, while speech is an individual phenomenon. This idea is also relative and correct when viewed from one side. In fact, it is scientifically proven that both language and speech are both social and individual phenomena. Language is a treasure accumulated through the speech activity of people belonging to a certain social community. This is a grammatical system that exists virtually in the mind of each speaker of the language, or rather, it has been studied as living in the mind of a group of individuals. Because it is stated that language does not exist completely in any individual, it exists completely only in the community.