Bugungi kunda tilshunoslik sohasida pragmalingvistikaning asosiy tushunchalaridan biri sanalgan nutqiy akt nazariyasini va uning voqelanish muammolarini e’tibordan chetda qoldirib bo’lmasligi tilshunoslar tomonidan ko’p marotaba ta’kidlab kelinmoqda. Pragmatik tahlil nazariyasi mashhur ingliz tilshunosi Jon Ostin tomonidan ilgari surilgan bo’lib, u tomonidan e’lon qilingan asarlar tilshunoslik nazariyasida chuqur iz qoldirganligini ko’rishimiz mumkin. U nutqiy aktlar haqida quyidagi fikrni ilgari suradi: “Tilning asosiy vazifasi nafaqat axborot uzatish, balki ma’lum bir harakatlarni amalga oshirish vositasi hamdir” [Austin 1965:11]. Shuningdek, u so’zlash jarayonini faqatgina ma’no ifodasi, debemas, balki uning amaliy natijalarini ham inobatga olish zarurligini ko’rsatib o’tgan. Ingliz tilshunosining fikriga ko’ra, nutq orqali insonlar turli harakatlarni amalga oshirishi mumkin. Masalan, va’da beradi, talab qiladi, buyruq beradi, uzr so’raydi, iltimos qiladi, ogohlantiradi va hokazo. Keyinchalik dunyo tilshunosligida bir qator yetakchi olimlar nutqiy akt nazariyasi bo’yicha bir qator izlanishlar olib bordi. Jumladan, boshqa bir ingliz tilshunosi J.R.Serl J.Ostinning ishlarini rivojlantirib, nutqiy akt turlarini tasniflagan holda ularning kommunikativ funksiyalarini chuqurroq o’rgandi va ushbu yo’nalish rivojiga ulkan hissa qo’shdi. Shuningdek, fransuz tilshunoslaridan O.Dyukro va J.Ankombrlar nutq aktlari, ularning til tizimida qanday shakllanishi, argumentativ til birliklari (masalan, bog’lovchilar va ma’lum bir so’z shakllari) orqalinutq aktlarining tinglovchiga bo’lgan ta’sir masalalari bo’yicha muhim tadqiqot ishlarini olib bordilar [Anscombre 1975: 20].
Bundan tashqari, rus tilshunosligida V.N.Zabavnikov, A.N.Baranov, R.Konrad va A.Maslova kabi tilshunos olimlar rus tili materiallari asosida nutqiy aktlar nazariyasini tahlil qilib, bu yo’nalishda muhim natijalarga erishdilar.
O’zbek tilshunosligida nutqiy aktlar nazariyasi M.Hakimov, Sh.Safarov, M.Qurbonova va boshqa olimlar tomonidan o’rganilgan va bu tadqiqotlar bugungi kunda ham davom etmoqda. Ular nutq aktlarining o’zbek tiliga xos xususiyatlarini tahlil qilib, milliy til materiallari asosida nazariyaning yangi yo’nalishlarini ochib berishga muvaffaq bo’lishdi.
Tilshunos olim M.Hakimov nutqiy aktni “odamlar o’rtasidagi aloqa-aralashuv jarayonida sodir etiluvchi o’zaro ma’no aktlari munosabatining bayoni” [Hakimov 2011:94] sifatida talqin qilgan bo’lsa, tilshunos olim Sh. Safarov esa nutqiy aktni “… ma’lum bir gapning aniq muloqot muhitid talaffuz etilishi” deb hisobladi [Safarov 2008: 72]. Rus tilshunosi I.M.Kobozeva esa “nutqiy akt nazariyasini nutqiy harakatlarni ifodalashga yo’naltirilgan g’oyalar majmui sifatida” tavsifladi va har bir nutqiy aktning sodir bo’lishi so’zlovchining ma’lum bir niyatini amalga oshirishga qaratilganligini ta’kidlaydi [Kobozeva 1986: 9]. A.Maslovaning ta’kidlashicha, nutqiy akt — bu ma’lum bir maqsad tufayli shakllangan va faol ta’sir ko’rsatish xususiyatiga ega bo’lgan ifoda shaklidir [Maslova 2019: 62].
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, nutqiy aktni insonlar o’rtasidagi muloqot jarayonining asosiy elementi sifatida tushunish mumkin. Umuman olganda, nutqiy akt nafaqat aloqa va ma’no uzatish jarayoni, balki muloqot ishtirokchilari o’rtasidagi maqsadli harakatlarni amalga oshirish vositasi sifatida namoyon bo’ladi. Yuqorida keltirilgan yondashuvlar nutqiy akt nazariyasining ko’p qirrali ekanligini va uning muloqot jarayonlaridagi ahamiyatini ochib berishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, J.Ostin o’zining mashhur “How to Do Things with Words” (So’zlar bilan qanday muomalada bo’lish kerak?) asarida nutqiy aktning funksional va mazmuniy tuzilishini batafsil tahlil qilgan va nutqiy aktlarni uch asosiy komponentga bo’lgan. Shuningdek, u o’z tadqiqotida tilni nafaqat axborot uzatish vositasi sifatida, balki harakatga undovchi vosita sifatida ham ko’rib chiqadi [Austin 1962: 98]. Ostin tahlil qilgan 3 nutqiy akt quyidagilarni tashkil qiladi :
Yuqoridagi misollardan ko’rishimiz mumkinki, lokutiv, illokutiv va perlokutiv aktlar o’zaro bir-biriga bog’liq holda namoyon bo’ladi. Lokutiv akt (so’zlashning o’zi) gapning mazmunini ifodalasa, illokutiv akt esa gap ortidagi aniq maqsadni, perlokutiv akt ushbu gapning adresatga olib kelgan natijasini yoki ko’rsatgan ta’sirini aks ettiradi.
Rasmiy-idoraviy ish hujjatlarida nutq aktlarining qo’llanilishi muloqotning tushunarli va aniq bo’lishini ta’minlaydi. Bunday hujjatlarning asosiy xususiyati ular adresatga kuchli ta’sir ko’rsatib, ma’lum bir harakatni amalga oshirishga undashidir. Shu tufayli, hujjatlar tuzishda tilning mazmuniy va funksional jihatlarini chuqurroq tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hujjatlarda nutqiy aktlar, ayniqsa illokutiv aktlarning tahlili hujjatlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shunday ekan, ushbu maqolada rasmiy-idoraviy ish hujjatlarining xizmat mavqeiga ko’ra tasniflash asosida guruhlangan ma’lumot-axborot hujjatlari tarkibiga kiruvchi tavsiyanomalar matnida aynan illokutiv aktlarning voqelanishi bilan bog’liq muammolarni o’rganishga alohida e’tibor qaratmoqchimiz. Tahlil materiali sifatida Fransiyaning “Lions Club de France” tashkiloti tomonidan e’lon qilingan [Fayzullayev 2023: 29-34] “AMICIF” nomli loyihada ishtirok etish uchun taqdim qilingan tavsiyanoma matnlari tanlab olingan bo’lib, ular o’zbek va fransuz o’qituvchilari tomonidan fransuz tilida yozilgan haqiqiy tavsiyanomalardir. Shuningdek, Fransiyaning turli xil korxona yoki tashkilotlariga nomzodlarni ishga tavsiya qilish maqsadida yozilgan va ochiq internet tarmoqlariga joylashtirilgan asl tavsiyanoma matnlari tanlab olindi. Shu bilan birga, izlanish davomida tavsiyanoma yozish ko’nikmalarini rivojlantirishga imkon beruvchi turli xil o’quv qo’llanma va darsliklar tarkibida keltirilgan namunaviy tavsiyanoma matnlari tahlil obyekti sifatida tanlandi va o’rganildi. Bu yondashuv orqali tahlil natijalarining yanada chuqur va keng qamrovli bo’lishini ta’minlashga harakat qildik.
Tilshunos olim G.G.Pochepsovning fikricha, illokutiv harakat matn muallifining ma’lum bir kommunikativ maqsadini amalga oshiradi va bu holat nutqiy faoliyat jarayonida yuzaga keladi [Pochepsov 1987: 131]. Illokutiv aktni tahlil qilishda uning bevosita yoki bilvosita shaklda namoyon bo’lishini e’tiborga olish muhimdir.
Pragmatik mazmunni muloqotning maqsadiga mos ravishda nutqiy harakat kuchini belgilashga va aniqlashlashga xizmat qiladigan illokutiv fe’llar tilning muloqot jarayonidagi asosiy pragmatik vazifalarini bajarishda muhim o’rin tutadi. Bu fe’llar kommunikativ maqsadga erishishni ta’minlaydi va muloqot mazmunini aniqroq va batafsilroq tushunishga yordam beradi. Fransuz tilida illokutiv fe’llarga buyurmoq (ordonner, enjoindre), ogohlantirmoq (prévenir, avertir), maslahat bermoq (consulter, conseiller), ta’qiqlamoq (interdire, défendre), taklif qilmoq (proposer), tahdid qilmoq (menacer), talab qilmoq (exiger), hukm qilmoq (condamner), ehtiyot bo’lmoq (être précaution) va xafa bo’lmoq (s’offenser, se vexer) kabi fe’llarni sanab o’tishimiz mumkin [Kuchiboyev 2015: 23]. Masalan, quyidagi misollarga e’tibor qilsak, nutqdagi pragmatik maqsadning ifodalanishi undagi leksik vositalar bilan bog’liqligi namoyon bo’ladi :
Bu yerda ikkinchi gapda qo’llanilgan illokutiv fe’l - promettreni qo’llash orqali gapning pragmatik ma’nosi aniq ifodalanyapti va u orqali so’zlovchining niyati yanada aniqlashmoqda.
Tavsiyanomalar matnida illokutiv fe’llar adresantning maqsadini ifodalash va pragmatik maqsadlarga erishishda muhim rol o’ynaydi. Bu fe’llar matn mazmuni va uslubiga qarab farqlanadi, lekin ba’zilari baholash, kafolat berish, yoki tavsiya qilish kabi maqsadlarni ifodalash uchun tez-tez qo’llaniladi. Quyida biz tahlil materiali sifatida tanlab olgan fransuz tilidagi tavsiyanoma manlarida keng tarqalgan illokutiv fe’llarni turli misollar yordamida ko’rib chiqamiz :
Estimer |
J’estime que XXX[1] possède toutes les qualités nécessaires. |
Considérer |
Je considère XXX comme un candidat exceptionnel. |
Apprécier |
J’ai pu également apprécier les qualités humaines de cet étudiant qui... |
Assurer |
Je vous assure de son excellente capacité d’adaptation au groupe multinational. |
Croire |
Toutes ces raisons me font donc croire que cet étudiant sera un brillant stagiaire … |
Être sûr(e) |
Je suis sûr qu’il n’aura aucune difficulté d’intégrer et de … |
Être certain(e) |
Nous sommes certains qu’elle sera une employée indispensable pour l’organisation où elle travaille et … |
Être persuadé(e) |
Je suis persuadé qu’un séjour culturel en France lui sera des plus bénéfiques … |
Recommander |
Je la recommande pour l’emploi sans réservation |
Suggérer |
Je suggère que XXX soit pris en considération pour ce poste. |
Observer |
Pendant ces deux ans, j’ai observé qu’elle … |
Noter |
Je note qu’il excelle dans la gestion de projet de l’entreprise. |
Souhaiter |
Je recommande sans réserve sa candidature pour ce programme de formation et la souhaite bon courage pour la suite. |
Espérer |
J’espère que cette lettre permettra d’étayer la candidature de Monsieur XXX … |
Souligner |
Je tiens à souligner les compétences exceptionnelles de XXX. |
Insister |
J’insiste sur le fait que XXX a démontré un professionnalisme remarquable |
Promettre |
Je promets que son intégration sera un véritable atout… |
S’engager |
Je m’engage à garantir la véracité de cette recommandation ... |
Appuyer |
Je, soussignée, Palak XXX, ancienne stagiaire du CIFC 2019, aimerais appuyer sur la candidature de Mlle. XXX … |
Attester |
Je peux attester avec une grande conviction qu’elle contribuera pleinement au déroulement du CIFSE … |
Yuqorida sanab o’tilgan fe’llar nomzod haqidagi ma’lumotlarni yoki ularga berilgan baho va tavsifni ifodalashi bilan birga, adresatni taqdim qilinayitgan ma’lumotlarga ishontirish va tavsiyanomaning illokutiv ta’sirini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bu fe’llar nomzodning malakasini ta’kidlash, tavsiyanomaning ta’sirchanligini oshirish va adresatni muallif tomonidan berilayotgan ma’lumotlarga ishontirish uchun ishlatiladi. Bunday xususiyatga ega bo’lgan fe’llar tavsiyanoma matnlarida maqsadga erishish va adresatga ijobiy ta’sir ko’rsatishda asosiy o’rin tutadi.
Umuman olganda, ularning o’zaro kombinatsiyasi nutqiy harakatlarning illokutiv kuchini oshiradi va tavsiyanoma matnini kommunikativ jihatdan samaraliroq qilishga xizmat qiladi. Ba’zi holatlarda bir mazmuniy guruhga mansub illokutiv fe’llar sinonim tarzda ham qo’llanishi mumkin. Bu holatda rasmiy idoraviy ish uslubining, xususan, tavsiyanomalarning leksik xususiyatlarini hisobga olgan holda sinonimlarni tanlash maqsadga muvofiq sanaladi. Chunki bu uslubda sinonimlarni to‘g‘ri tanlash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bir-biriga sinonim bo‘lgan so‘zlar uslubiy jihatdan ham farqlanishi mumkinligiga e’tibor qaratish lozim [Ashurov, Fayzullayev 2023: 372-379].
Ba’zi illokutiv feʼllar performativ formulalarni (nutqiy bir qolipga solingan iboralarni) shakllantiradi. Bu formulalar yordamida adresant oʻz maqsadlarini aniq ifodalaydi va nutqiy harakatni amalga oshiradi. Masalan, quyidagi performativ iboralarni koʻrib chiqishimiz mumkin:
J’exige que vous arrivez à temps au cours. – Darsga vaqtida kelishingizni talab qilaman.
Je vous promets de donner tous les renseignements nécessaires. – Sizga zarur barcha ma’lumotlarni berishga vaʼda beraman.
Bunday shakldagi formulalarda feʼl odatda hozirgi zamon shaklida, birinchi shaxs birlikda qoʻllaniladi. Natijada bu shakl matn muallifining nutqiy harakat ijrochisi ekanligini koʻrsatadi. Bundan tashqari, ikkinchi aktant (gap kimga qaratilgan boʻlsa) koʻp hollarda deyktik olmosh ikkinchi shaxs birlik yoki koʻplikda ifodalanadi [Kuchiboyev 2015: 25]. Masalan, “Je recommande que vous considériez XXX pour ce stage.”. Bu misolda “recommande” (hozirgi zamon birinchi shaxs birlikda) performativ feʼl hisoblanib, “vous considériez” (ikkinchi shaxs koʻplikda) ikkinchi aktantning harakatini bildirmoqda. Shuningdek, “Je vous assure de son sérieux et de son engagement au travail” jumlasiga e’tibor qilsak, “assure” performativ feʼl boʻlsa, ikkinchi aktant “vous” olmoshi orqali ifodalangan.
Fransuz tilida yozilgan tavsiyanomalarda ham qisqalik va rasmiylik muhim ahamiyatga egaligini inobatga olsak, bu turdagi matnlarda ham yuqoridagi misollar orqali ko’rilgan holatlarga guvoh bo’lamiz. Ko’pincha bu matnlarda quyidagi pragmatik konstruksiyalar tez-tez ishlatiladi:
-veuillez + infinitif (xushmuomalalik shaklini ifodalaydi): Veuillez agréer, Madame (Monsieur), mes salutations distinguées. - Xonim (Janob), samimiy salomlarimni qabul qilgaysiz. Bu yerda “men” yoki “biz” aktanti mavjud emas, biroq murojaat akti ifodalanganligi aniq ifodalangan. Bu kabi performativ tuzilmalar maʼlumot uzatish uchun xizmat qiladi, shuningdek, ular adresatga kuchli taʼsir koʻrsatish, ularni muayyan javob harakatlariga undash kabi pragmatik maqsadlarni ham o’z ichiga oladi. Shu bilan birga, bu nutq aktlarida gap mazmuni va maqsadining samarali yetkazilishi uchun qisqa va aniq tuzilmalardan keng foydalaniladi.
Rasmiy-idoraviy ish hujjatlari matnlarida odatda muallif o’z fikrlarini ifodalashda nutqiy tejamkorlikka amal qilib, hujjatni qabul qiluvchini biror harakatga undash maqsadida o’z kommunikativ niyatini ba’zan bilvosita (implisit) muloqot shaklida taqdim etadi. Bu rasmiy uslubning eng muhim xususiyatlaridan biri sanaladi. Bunday harakat bilan muallifning fikr va maqsadlari adresatga bevosita emas, bilvosita tarzda yetkaziladi. Odatda ifodaning ochiq-oshkoralik va aniq shakli bevosita nutqiy aktlarni shakllantiradi. Bu esa adresantning maqsadini to’g’ridan-to’g’ri tushunarli bo’lishini ta’minlaydi Ammo, bilvosita nutqiy aktlar orqali kommunikativ niyat yashirin (implitsit) shaklda ham ifodalanadi va bu o’ziga xos muloqot usulini hosil qiladi [Sobirova 2020: 48].
Pragmalingvistikada bilvosita nutqiy aktlarning mohiyati va ularning nutqiy tuzilmalarda qanday amalga oshirilishi masalasi ko’plab jahon va o’zbek tilshunoslari tadqiqotlarida o’rganilgan. Bu masalada A.Maslova shunday fikr bildiradi: “Bilvosita nutqiy akt bir illokutiv akt doirasida boshqa, ya’ni ikkinchi kommunikativ maqsadning namoyon bo’lishini anglatadi” [Maslova, 2019: 65]. Bu yondashuvdan kelib chiqib aytish mumkinki, bilvosita nutqiy aktlar ikki asosiy illokutiv aktdan iborat bo’ladi. J.Serl bu ikki illokutiv aktni alohida tahlil qiladi va ularni birlamchi va ikkilamchi illokutiv faoliyat sifatida tasniflaydi [Serl 1986: 199]. Umuman olganda, bilvosita nutqiy aktlar muloqotda o’zaro murakkab va ko’p qatlamli munosabatlarni hosil qiladi va ularni ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbek tilshunosligida pragmalingvistika sohasida izlanish olib borayotgan A.Shamaxmudovaning ta’kidlashicha, birlamchi illokutiv akt nutqiy tuzilmaning asosiy maqsadini ifodalasa, ikkilamchi nutqiy akt esa til birliklarining shakliy tuzilishidan kelib chiqadigan illokutiv aktni amalga oshirish uchun xizmat qiladi [Shomaxmudova 2017:87]. Masalan, quyidagi fransuzcha tavsiyanomadan olingan parchani tahlil qilaylik: J’ai pu également apprécier les qualités humaines de cet étudiant qui s’est tout de suite intégré au groupe que j’ai eu à ma charge. Ses atouts, outre sa formation, sont une ouverture d’esprit à d’autres cultures, son calme, sa motivation, sa curiosité font de lui un candidat parfait. Ushbu tavsiyanoma matnida muallif nomzodning ijobiy xususiyatlarini e’tirof etadi va bu xususiyatlar uni yaxshi nomzod sifatida ko’rsatishini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, bu misol yashirin tarzda nomzodni dasturda ishtirok etish uchun tavsiya qilish maqsadini ham o’z ichiga oladi.
Mazkur holatda birlamchi illokutiv akt nomzodga tavsiya berishdan iborat. Ikkilamchi illokutiv akt esa bu nomzodning sifatlarini ta’riflash va ularni yuqori baholashni anglatadi. Boshqacha aytganda, nutqning shakliy va mazmuniy tomonlari bir vaqtning o’zida ikki xil kommunikativ maqsadni amalga oshiradi: biri bilvosita tavsiya qilish, ikkinchisi esa ochiq ta’rif berishdir.
Bu kabi hodisalar rasmiy-idoraviy ish hujjatlari qatori tavsiyanomalar matnida ham poliintensional (ko’p maqsadli) xususiyatlar sifatida ham ko’rib chiqiladi. Bitta til birligi yoki nutqiy akt bir vaqtning o’zida bir nechta maqsadni o’zida ifoda etishi mumkin. Bu xususiyat nutqiy muloqotni yanada samarali va ko’p maqsadli qilishga imkon beradi.
Tavsiyanomalarning yuqorida tilga olingan xususiyatlarini inobatga olsak, bunday matnlarda asosiy illokutiv akt - bu tavsiya akti bo’lib, u ba’zi holatlarda tavsiyanoma matnlarida bevosita tarzda ifodalanadi. Masalan, “Pour toutes ces raisons, je vous recommande vivement Mlle XXX S.T.P…”, “Je recommande sans réserve sa candidature pour ce programme de formation…”, “Je la parraine ainsi vivement pour le stage…”. Bu misollarda vivement (katta ishtiyoq bilan), sans réserve (hech qanday cheklovsiz) kabi leksik birliklar ishlatilgan bo’lib, ular adresant tomonidan berilgan tavsiyaning kuchli va qat’iy ekanligini ko’rsatadi. Ushbu leksik vositalar matnga alohida ishontirish ruhini baxsh etish bilan birga, tavsiyanoma matnlarining kommunikativlik samarasini ham oshiradi.
Tavsiyanomalar matnida tasdiq, darak va xabar berish kabi nutqiy aktlar ko’pincha nomzodning kasbiy mahorati va odamiylik nuqtai nazaridan shaxsiy fazilatlarini tavsiflash maqsadida ishlatiladi. Bu o’rinda adresant nomzodning yutuq, kasbiy mahorat va shaxsiy fazilatlarini yuqori baholash orqali tavsiya aktining illokutiv kuchini yanada oshiradi. Masalan : Par la présente, j’atteste que XXX est une personne extraordinairement douée. Elle manifeste toujours ses progrès en français. Elle s’est montrée comme une étudiante sérieuse, consciencieuse, responsable, disponible, énergique. Ushbu matnda adresant nomzodning noyob qobiliyatlarga ega ekanligini ta’kidlash bilan birga, uning fransuz tilidagi bilimlarini doimiy ravishda rivojlantirib borishini ta’kidlaydi. Shuningdek, u nomzodni mas’uliyatli, jiddiy, vijdonli, har doim tayyor va energiyaga to’la talaba ekanligini aytadi.
Tavsiyanomalarda matnida yuzaga chiqadigan eng muhim illokutiv nutqiy aktlardan yana biri bu ishontirish aktidir. Ishontirish akti voqelanishida, avvalo, adresant o’zining ishonchli kishi ekanligi va unga ishonish mumkinligini ko’rsatishga harakat qiladi. Masalan : Je soussignée, XXX , directrice du programme de stage au sein de l’Université de Paris, recommande vivement Monsieur XXX pour le programme de recherche de l’année 2023. Ayant travaillé étroitement avec lui pendant les deux dernières années, je peux affirmer que XXX est un chercheur exceptionnel, doté d’une grande rigueur scientifique et d’une passion pour l’innovation.
Yuqoridagi misolda adresant o’zini ishonchli kishi sifatida tanishtirishga harakt qilgan. U o’zining “Université de Paris” da faoliyat yuritayotganini va universitetdagi ilmiy dasturda muhim rol o’ynayotganini aytib o’tadi. Shuningdek, u nomzodning o’qituvchisi sifatida ikki yil davomida u bilan ishlaganligini ta’kidlaydi. Bu ma’lumotlar muallifning ishonchli shaxs ekanligini ko’rsatadi. Shuningdek, adresant tavsiyanoma matni yakunida qo’shimcha ma’lumot berish taklifini ilgari suradi. Bu jumlalar adresatda ochiqlik va qo’shimcha ishonch uyg’otishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Masalan: Je me tiens à votre disposition pour toute demande d’information complémentaire...
Bundan tashqari, ko’p holatlarda mualliflar keltirilgan ma’lumotlarning to’g’riligini tasdiqlash va adresatni yanada ishontirish maqsadida tavsiyanomaga o’z imzolarini qo’yish bilan cheklanib qolmasdan, balki o’zi ishlaydigan tashkilot yoki muassasaning muhridan foydalanadi yoki muallif imzosi “Xodimlar bo’limi” tomonidan tasdiqlanadi va muhrlanadi. Bu holat muallifning tavsiyanoma matnini yozishga nisbatan mas’uliyatli ekanligini va berilgan ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlashga xizmat qiladi. Natijada, adresantga va nomzodga ishonch yanada kuchayadi va tavsiyanomaning kommunikativ samaradorligi oshadi.
Shunday qilib, yuqoridagi misollar tavsiyanomalar matninng ikki asosiy jihatini namoyon qiladi : avvalo, u nomzodning ijobiy xususiyatlarini aniq va ochiq bayon qilish orqali adresatda ishonch uyg’otadi, bundan tashqari, qattiq ishonch bilan tavsiya qilish orqali muallifning nomzod haqidagi fikrlarini mustahkamlaydi. Shuning uchun ham tavsiyanomalarni rasmiy muloqotning eng samarali vositalaridan biri sifatida baholash mumkin.
Xulosa o’rnida shuni aytishimiz mumkinki, adresant tavsiyanoma matnida turli usullarni qo’llagan holda adresatni nomzodning barcha talab qilinadigan ijobiy sifat va kasbiy mahoratlarga ega ekanligiga, shuningdek, bayon etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga ishontirishga harakat qiladi. Muallif bu ishni, avvalo, o’zining tajribasini va ishonchli mavqeini ta’kidlash orqali amalga oshiradi va e’lon qilingan taklif talablaridan kelib chiqqan holda nomzodning yutuqlari, muvaffaqiyatlari va boshqa ijobiy fazilatlari haqida aniq va asosli ma’lumotlar taqdim etishga harakat qiladi. Sh tariqa, muallif tavsiyanomada bayon etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligini oshiradi va adresatni nomzodga bo’lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. Bunday natijaga erishish uchun muallif lisoniy birliklarning illokutiv kuchidan samarali foydalanadi.
Tadqiqot davomida tanlab olingan ma’lumotlar tavsiyanoma matnidagi illokutiv aktlarning qanday namoyon bo’lishi va ularning pragmatik tahlil imkoniyatlarini to’g’ri anglashga xizmat qiladi. Bu orqali rasmiy-idoraviy ish hujjatlarining lingvistik xususiyatlarini o’rganish hamda ularga nisbatan yangicha yondashuvlar tizimini yaratish imkoniyatlari paydo bo’ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
DOI:https://doi.org/10.47689/2181-3701-vol1-iss4-pp29-34
Fayzullayev X. Features of the Expression of Illocutionary Acts in French Letters of Recommendation. The article is devoted to the problems of expression of illocutionary acts in letters of recommendation in French. During the research, special attention was paid to the analysis of illocutionary acts such as recommendation and persuasion expressed through letters of recommendation. The author analyzed the illocutionary verbs found in letters of recommendation from semantic and pragmatic aspects, considering what role they play in performative sentences. The results of the research help to understand linguistic strategies in writing letters of recommendation more deeply and suggest new approaches to their analysis.
Файзуллаев Х. Особенности выражения иллокутивных актов в текстах французских рекомендательных писем. Статья посвящена проблемам выражения иллокутивных актов в рекомендательных письмах на французском языке. В ходе исследования особое внимание уделялось анализу таких иллокутивных актов, как рекомендация и убеждение, выраженных посредством рекомендательных писем. Автор проанализировал иллокутивные глаголы, встречающиеся в рекомендательных письмах, в семантическом и прагматическом аспектах, а также рассмотрел их роль в перформативных актах. Результаты исследования способствуют более глубокому пониманию языковых стратегий при написании рекомендательных писем и предлагают новые подходы к их анализу.
[1] Haqiqiy tavsiyanoma matnlarini tahlil qilishda mualliflarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida ba’zi o’rinlarda shaxsiy ma’lumotlar, xususan, ism-shariflarni XXX tarzida sir saqlash maqsadga muvofiq.