Lingvistik tadqiqot metodologiyasini takomillashtirishga bog‘liq masala allaqachon hal qilingan bo‘lishiga qaramasdan, hattoki muayyan an’anaga ega bo‘lishidan qat’i nazar frazeologiyalashgan strukturali gaplar uchun bu muammo dolzarb hisoblanadi (umumlingvistik metodologiya va usullariga tayangan holda).
Frazeologiyalashgan strukturali gaplarda ham lingvistik birliklar tadqiqi metodologiyasi, albatta, umumiy lingvistik prinsiplarni, metodlarni va til birliklarini tavsiflashni hisobga olgan holda, hattoki an’anaviy obyektning yangi predmet sohasida tahlil qilinishi orqali shakllandi va barqarorlashdi. Sintaktik frazeologik birliklar, ya’ni gap frazeologik birliklar frazeologik tizim birliklari sifatida tillararo va ma’lum bir tildagi kabi ikki asosiy yondashuv doirasida tadqiq qilinishi mumkin.
Ma’lum bir til ichidagi yondashuv birgina tilning frazeologik tizimini tadqiq qilishini nazarda tutadi, ya’ni bunday yondashuv avtomatik va ichki tizim bo‘ladi. Ushbu yondashuv frazeologiyalashgan strukturali gaplarning kategorial belgilarining yig‘indisini, bunday birliklarni shakllantirish qonuniyatlarini aniqlash, frazeologiyalashgan strukturali gaplar tasnifini strukturaviy, semantik, funksional, derivatsion jihatini inobatga olgan holda ishlab chiqishga, frazeologiyalashgan strukturali gaplar mazmuni va shakli variativligining bor yoki/yo‘qligini aniqlash, frazeologiyalashgan strukturali gaplarning muntazam va mahsuldor modellarini, pragmatik va stilistik salohiyatini, ushbu birliklarning nutqiy voqelanish xususiyatlarini belgilash imkonini beradi.
Tillararo yondashuv ko‘rib chiqilayotgan tillardagi frazeologiyalashgan strukturali gaplardagi tizimli va notizimli hodisalarni aniqlashga, turli tillarda frazeologiyalashgan strukturali gaplarning o‘zaro nisbatini, ularning integral va differensial belgilarini o‘rnatishga imkon beruvchi bir necha tillardan olingan (qardosh/qardosh bo‘lmagan, bir yoki turli strukturali) frazeologiyalashgan gaplarning tahlilini nazarda tutadi.
Frazeologiyalashgan strukturali gaplarni o‘rganish uchun tor ma’noda frazeologizmlar uchun xuddi shunday usullar yig‘indisi tanlanishi mumkin: etimologik tahlil (frazeologiyalashgan strukturali gaplarning hosila asosni belgilash uchun), transformatsion usul (frazeologiyalashgan strukturali gaplarning tuzilishidagi o‘zgarishlarni tadqiq qilish uchun), applikatsiya usuli (frazeologiyalashgan strukturali gaplarni mahsuldor qurilishiga strukturaviy-semantik qo‘shimcha), distributiv usul, qurshov bo‘yicha tahlil (frazeologiyalashgan strukturali gaplarning konstruktiv aloqalari), kontekstologik usul (frazeologiyalashgan strukturali gaplarning semantik munosabatlari va aloqalari) hamda tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, variativ (komponentlarning ichidagi leksik, semantik, morfologik va sintaktik munosabatlar) applikatsiyalar (frazeologik birliklarning hosila qurilmasiga strukturaviy-semantik qo‘shimcha), identifikatsion usul yoki sinonimik taqqoslash, ya’ni frazeologik birlikning leksik-semantik ekvivalentini tanlash usuli, til ichidagi va tillararo tarjima usuli, semantik tuzilishning komponent tahlili, lug‘aviy ta’riflar, modellash va b. Ulardan har biri muayyan qo‘llanilish sohasiga ega. Frazeologiyalashgan strukturali gaplarni tadqiq qilish uchun strukturaviy-tipologik, sinxron-qiyosiy, diaxron-qiyosiy, parallel va distributiv tasvirlash hamda frazeologik modellashtirish usullari qo‘llanilgan.
Frazeologiyalashgan strukturali gaplarni ilmiy nuqtayi nazardan tadqiq qilish uchun ularning tasnifini taklif qilgan hamda rus va ingliz tillari materiallari asosida tushunchaga oid bo‘lmagan (kommunikemalar) semantikali frazeologiyalashgan strukturali gaplarni (bo‘linmas gaplar) tadqiq qilish usullarini ishlab chiqqan V.Yu.Melikyan ishlari asosiy ilmiy tadqiqotlar hisoblanadi. Nemis tilidagi frazeologiyalashgan strukturali gaplarning tahlili asosi A.D.Rayxshteyn tomonidan shakllantirilgan tadqiqot tamoyillari bo‘lgan (Rayxshteyn, 1980).
Germanistikada frazeologiyalashgan strukturali gaplar morfologiya tarkibida, shu jumladan, gap shaklidagi so‘z birikmalari sifatida, yoki frazeologiya tarkibida ko‘rib chiqiladi.
Nemis tili germanistikasi an’analarida so‘z turkumlariga xos frazeologik yondashuv ham keng tarqalgan, masalan, A.D.Rayxshteynning ta’kidlashicha, nemis tilining frazeologik tizimi va umuman olganda nemis tili tizimida fe’lning ustun turishi sababli nemis tili turg‘un birikmalarining ko‘pchiligi fe’l so‘z turkumiga mansub (Rayxshteyn, 1980). “Duden” grammatikasi yuqorida ko‘rsatilgan yondashuvga asosan tasdiq, inkor, shubha semantikasi bilan bitta komponentli (muayyan darajada turg‘un) qurilmalarni modal ravishlari qatoriga kiritadi (Duden, 1962). Tadqiqotchilar frazeologiyalashgan strukturali gaplarning bir qismini undov so‘zlari sifatida ko‘rib chiqadi. Lekin, frazeologiyalashgan strukturali gaplar asosan gaplarga kirishi to‘g‘risidagi nuqtayi nazar eng ko‘p uchraydi.
Ilm-fan rivojlanishining turli bosqichlarda uning barcha sohalarda namoyon etuvchi tafakkurning umumiy tendensiyalari mavjudligi haqida gapirish mumkin. Bugungi kunda frazeologiyalashgan strukturali gaplarni tadqiq qilish metodologiyasi uchun, boshqa fan sohalaridagidek, antropotsentrik yondashuv bilan birgalikda funksional-tizimli yondashuvni amalga oshirish katta ahamiyatga ega. Til haqidagi fanni rivojlanishining bugungi darajasini inobatga olib, uning antropotsentrik g‘oyasi umumiy jihatdan qabul qilingan, chunki inson deyarli barcha lingvistik tadqiqotlarning asosi hisoblanadi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, zamonaviy tilshunoslik antropotsentrizmi (antropotsentrik yoki antropologik tamoyili) ilmiy paradigmaning dominanti hisoblanadi. Tilshunoslikda til antropotsentrizmi g‘oyasi XX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan. Yu.S.Stepanov ushbu muammoni ko‘rib chiqib, antropotsentrizm masalasi bilan shug‘ullangan qator olimlarni ko‘rsatib o‘tadi (Benvenist, 1974; Boduen de Kurtene, 1963a; Sherba, 1974; va boshqalar) hamda tilning umumiy xususiyatini aniqlaydi. Til semiotik tizim hisoblanadi, uning asosiy “referensial nuqtalari” “so‘zlovchi shaxsi” bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, olim buni antropotsentrik tamoyili deb ataydi (Stepanov, 2007).
V.G.Gak tilshunoslikda antropotsentrik yondashuv fikri haqida gapirib, til qurilishi va uning ishlashini tushunish uchun til insonning o‘zida mavjudligi hamda inson uchun voqelanishi sababli lisoniy shakllar, inson hamda uning psixologiyasi va tafakkuri, ekstralingvistik faoliyati kabi uchta komponentning o‘zaro munosabatini inobatga olishi lozimligini ta’kidlaydi (Gak, 1998, 369).
Til xususiyatlarini bayon qilish insondan ajratilgan holda, ya’ni insonning o‘zi bir olam, tili bir olam sifatida alohida tarzda mavjud bo‘lishi mumkin emas, chunki u orqali voqelangan matnlar tafakkurni rivojlantirish hamda tafakkur jarayonlarini lisoniy vositalar orqali taqdim etishni o‘z ichiga oladi. Antropotsentrizm til xususiyati sifatida frazeologik birliklar semantikasi uchun ham juda muhim. Aynan antropotsentrizm XX-XXI asr bo‘sag‘asida lingvistik tadqiqotlarning yetakchi yo‘nalishlardan biri hisoblanib, inson olam qurilishining markazi va oliy maqsadi haqidagi g‘oyaga asoslangan.
Antropotsentrik frazeologiya – “inson tilda” tamoyili asosida frazeologik tadqiqotlarga asoslangan yangi yo‘nalishdir. Ushbu yo‘nalish, ba’zi olimlarning fikricha, bugungi kunda o‘z rivojlanishining “yangi bosqich o‘ramini” o‘tamoqda, chunonchi, “frazeologiya nazariyasi, frazeografik amaliyoti va frazeologik didaktikasidagi taraqqiyotga umid bog‘langan” (Alefirenko, 2005, 67). Keyinchalik ta’kidlanganidek, ushbu yo‘nalishning asosiy vazifasi “frazeologik birliklarning lingvistik va ekstralingvistik o‘zaro nisbati tadqiqi” hisoblanadi, chunki frazeologik ma’noda axborotning faqat bir qismi kodlashgan bo‘lsa, uning ikkinchi qismi inson ruhiyatida ekstralingvistik tafakkur timsollari orqali taqdim etilgan.
Tilning frazeologik birliklarida antropotsentrik jihati, tizimga yo‘naltirilgan jihati kabi, yetarlicha yorqin tarzda taqdim etilgan. Tilning frazeologik tizimi har xil aspektli hodisa sifatida insonni tavsiflaydigan frazeologizmlarning turli jihatlardan ko‘rib chiqilishini talab etadi. Tilning frazeologik tarkibini o‘rganishda ko‘pchilik frazeologizmlarning asosida inson bilan turli darajada bog‘liq bo‘lgan so‘z komponentlari bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin. Frazeologiya insonning ichki dunyosini anglash hamda uning axloqiy, madaniy, ijtimoiy qadriyatlarni, xalqning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashga imkon beradi. V.N.Teliya ta’kidlashicha, “har qanday tilning frazeologik tarkibi milliy madaniyatga xos, chunki unda mustahkamlangan timsollar tizimi dunyoqarashni to‘plash uchun “bo‘shliq” hisoblanib, u yoki bu tarzda ushbu til hamjamiyatining moddiy, ijtimoiy yoki ma’naviy madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan holda uning milliy-madaniy tajriba va an’analardan dalolat berishi mumkin” (Teliya, 1999, 215). Frazeologiya, shu jumladan, frazeologiyalashgan strukturali gaplar uchun olamning lisoniy manzarasini korrellyasiyalarni belgilash muhim. Ma’lumki, frazeologik birliklar olamning lisoniy manzarasi bo‘lib, turli madaniy (lingvomadaniy) kodlar tizimiga kiradi hamda olam manzarasini, birinchi navbatda, uning o‘ta sodda manzarasini tajribaga tayangan holda aks ettiradi. Yu.D.Apresyanning fikricha, olamning lisoniy manzarasi xuddi shunday xususiyatlarga ega.
Olimning fikricha, voqelik to‘g‘risidagi obyektiv bilimlar ularni tez-tez o‘zgartirib turuvchi olamning lisoniy manzarasi bilan to‘ldiriladi. Xato qilish insonga xos, shuning uchun inson dunyoni tushunishda turli ma’lumotlarni, shu jumladan, xato, yanglish, notug‘ri axborotlarni ham to‘playdi. Bilimlar tizimiga nisbatan olam manzarasi (kognitiv) va olamning lisoniy manzarasi statiklik va dinamiklikning turli birikmalariga ega. Olam manzarasidagi o‘zgartirishlar olamning lisoniy manzarasini birdan o‘zgartirmaydi, chunki unda u yoki bu bilimlar va tasavvurlarni aks ettiruvchi va olam manzarasida hattoki deyarli yo‘qotilgan birliklar ko‘proq saqlanadi. Misol uchun, “ilhomi jo‘shmoq, qaynamoq” frazeologizmi so‘zlovchi tomonidan “hissiy jo‘shqinlik holatini yetkazish uchun ishlatiladi. Biroq, so‘zlovchi ushbu lisoniy vositani mifologik olam manzarasida bug‘ ko‘rinishida ko‘tarilib va osmonga intilib tanani tark etishi mumkin bo‘lgan inson ichidagi hayotbaxsh substansiya – jon mavjudligi to‘g‘risidagi qadimiy g‘oyalarga bog‘liqligini anglamaydi” (Apresyan, 1990, 55).
Olamning lisoniy manzarasi muayyan ijtimoiy xulq me’yorlarini o‘rnatadi hamda insonning subyekti sifatida dunyoga (atrof-muhitga, o‘ziga dunyo qismi sifatida) ma’lum munosabatni shakllantiradi. Tilda olamni anglashning aniq usuli aks ettirilgan. Unda taqdim etilgan ma’nolar barcha til sohiblari tomonidan o‘z-o‘zidan ma’lum, majburiy me’yorlari sifatida tushuniladi. Frazeologik birliklar ma’nosining mohiyati til sohibining shaxsiy bilimlari, uning hayotiy tajriba, ushbu tilda gapiruvchi xalqning madaniy, ijtimoiy va tarixiy urf-odatlari va an’analariga bog‘liq. Frazeologik birliklarga olam manzarasiga, uni baholashiga, unga muayyan munosabatni bildirishiga bog‘liq bo‘lgan xususiyatlar beriladi. Frazeologik birliklarning semantikasi inson tabiat va faoliyat xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan. Frazeologiyalashgan strukturali gaplar tomonidan yaratilgan olamning lisoniy manzarasini tahlil qilish uning birinchi navbatdagi xususiyati bo‘lgan antropotsentriklikni aniqlaydi, chunonchi, inson omili biror tilni tushunish va o‘rganishda asosiy rol o‘ynaydi. Biz tomonidan gapiruvchi va tafakkur qiluvchi shaxsiyat sifatida anglatilgan inson har doim til sohibi bo‘ladi. Bu sababli lisoniy qurilmalar inson tafakkuri, uning ma’naviy-amaliy faoliyat bilan bog‘liqligida tadqiq qilinadi, chunki dunyo inson tomonidan o‘zini va dunyoda o‘z faoliyatini anglash orqali bilinadi. Binobarin, olamning lisoniy manzarasidagi antropotsentriklik insonga qaratilgan holda taqdim etilgan.
Umumiy frazeologiya va xususan, frazeologiyalashgan strukturali gaplar, tilning butun tizimi kabi, nutq predmetiga hissiy va baholash munosabatini ko‘rsatishi hamda adresatga ta’sir ko‘rsatishga va unda o‘xshash his-tuyg‘ular va munosabatlarni o‘yg‘otishga intilishi sababli antropotsentrik hisoblanadi. Har bir frazeologik birlik kodni ochib berish kerak bo‘lgan axborotga ega (Krivenko, 2010). Frazeologiyalashgan strukturali gaplar nafaqat so‘zlovchining ushbu emotsional holatini baholashni ko‘rsatadi, balki ham subyektning ichki dunyoni aks ettiradi. Til tizimini yaratuvchi va ega bo‘luvchi shaxsning faqatgina turli jihatlarida o‘rganish tilning funksional tomonini to‘liq anglashga imkon beradi. Muallif bayoniga xalqning chuqur donoligini aks ettiruvchi turli frazeologik birliklar kiritilgan. Badiiy asarlar qahramonlari nutqida ular shaxsning lisoniy va stilistik xususiyatlari, uning nutqiy xulqining yorqin vositasi hisoblanadi. Natijada, buning hammasi olam manzarasini aks ettiradi.
Ko‘pchilik frazeologik birliklarning funksional-pragmatik jihatini o‘rganuvchi tadqiqotlari antropotsentrizm tamoyiliga asoslangan. Antropotsentrik yondashuvda insoniy omil frazeologik birliklarning xususiyatlari, dinamika va ishlashini belgilovchi bosh holati hisoblanadi. Shu sababli frazeologizmlar ularning baholovchi semantika modellari hamda ularni insonning verbal faoliyatini ishlash va qo‘llash nuqtayi nazaridan o‘rganiladi (insonning har tomonlama bahosi yetkazishda). Demak, inson va uning nutqi frazeologik birlikning funksional-pragmatik jihatini tasvirlashda boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Olamning lisoniy manzarasi inson dunyosining turli manzaralari hamda olamning umumiy manzarasini aks ettiradi. Inson faoliyatining universal va milliy o‘ziga xos xususiyatlari olamning lisoniy manzarasining o‘ziga xosligi va universalligini izohlaydi. G.A.Bagautdinovaning tadqiqotida “antropotsentrik frazeologiyaning lingvistikadagi antropologik paradigma va insoniyatning o‘zini anglash, o‘zini himoya qilish hamda umumbashariy qadriyatlarni saqlashga intilish bevosita bog‘liqligi” isbotlangan (Bagautdinova, 2007, 31). Zamonaviy tilshunoslikda antropotsentrik paradigma ustunlik qiladi. Frazeologiyalashgan strukturali gaplarga nisbatan ushbu yondashuv aniq tilda lisoniy va nutqiy o‘ziga xosligini aniqlashga imkon beradi. Frazeologiyalashgan strukturali gaplarni tadqiq qilish metodologiyasida ham determinizm tamoyili ajratiladi. Determinizm (lotin determmare - belgilamoq) tabiat va jamiyatdagi barcha hodisalarning obyektiv qonuniyati va sababli shartlanganligini tan oluvchi falsafiy konsepsiya hisoblanadi. Determinizm ilm tushunchasining asosiy tasvirlab beruvchi tamoyillaridan biri hisoblanadi. Umumilmiy bo‘lib, determinizm tamoyili aniq fanlarda bilimning turli qurilishini tashkil qiladi. Frazeologiyalashgan strukturali gaplarni tadqiq qilishdagi determinizm tamoyili frazeologiyalashgan strukturali gaplarning shakl va mazmunining o‘zaro mutanosibligini talab qilishdan iborat.
Frazeologiyani o‘rganishda lingvomadaniy, kognitiv, semiotik kabi yangi yondashuvlar qo‘llaniladi, frazeologik tadqiqotlarda empirik ma’lumotlarni qo‘llash imkoniyatlari kengaytiriladi. Nazariy lingvistik farazlarni sifatliroq tekshirishni ta’minlaydigan ko‘p tilli lingvistik korpuslari mashhurlikka erishmoqda. Ushbu korpuslardan foydalanish frazeologik birliklarni qo‘llash xususiyatlarini, ularning transformatsion cheklanishini aniqlashga, turli xil korpuslarning ma’lumotlarini taqqoslashga, har xil korpuslarda taqdim etilgan ko‘p ishlatiladigan frazeologik birliklar va frazeologiyalashgan strukturali gaplarning xususiyatlarini ochib berishga imkon beradi (masalan, so‘roq so‘z ko‘rinishidagi tayanch komponentni o‘z ichiga olgan frazeosxemalarni ham so‘zlashuv, ham publitsistik diskursda, ham subtitrlarda, ham badiiy adabiyot korpusida uchratish mumkin). So‘nggi paytlarda ko‘p sonli tadqiqotlarda frazeologiya matn lingvistikasi kontekstida ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu yondashuv ham tadqiqotimiz doirasida qo‘llanilgan. Frazeologiyalashgan strukturali gaplarning ishlashi turli diskurslar doirasida o‘rganiladi. “Matnlarning ayrim turlariga ko‘proq e’tibor berilishi sababli, ilm e’tiborining diqqat markaziga nafaqat an’anaviy publitsistika va badiiy adabiyot, balki poetik, dramalar va boshqa matnlar ham tushadi. Matnlarning bunday turlari misolida frazeologizmlar vazifalarni o‘rganish ularni tasvirlash uchun qo‘shimcha mezonlarni ishlab chiqishga imkon beradi” (Sulimova, 2014, 37).
Shunday qilib, frazeologiyani (xususan, frazeologiyalashgan strukturali gaplarni) tadqiq qilish metodologiyasi frazeologik birliklar va frazeologiyalashgan strukturali gaplarni o‘rganishga turli yondashuvlarni qo‘llash bilan birgalikda tizimlilik, antropotsentrizm va determinizm tamoyillariga asoslangan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Турсунов А. Методология исследования фразеологизированных структурных предложений. В данной статье рассматривается методика лингвистического исследования фразеологизированных структурированных предложений, которая позволяет определить особенности речевой реализации фразеологизмов межъязыковой и внутриязыковой системы.
Tursunov A. Methodology for the study of phraseologized structural sentences. This article discusses the methodology of linguistic research of phraseologized structured sentences, which allows to determine the features of the speech implementation of phraseological units interlingually and intralingually, that is, within an intralingual system.