Til bir fikrni ifoda etuvchi vositagina bo‘lmasdan, balki u butun olam, koinotning tarkibi hamda mazmun mohiyatini inson ongida aks ettirishga xizmat qiluvchi murakkab hodisa sanaladi. Tilni antroposentrik yondashuv tadqiq etish barqarorlashib lisoniy birliklarni til va uning munosabatdorligida tadqiq etish, til egasiga xos bo‘lgan milliy-madaniy, ijtimoiy, ruhiy va kognetiv belgilarni e’tiborga oluvchi lisoniy yo‘nalishlarning rivojlanishi natijasida tilning jamiyat bilan aloqadorlikda o‘rganuvchi sotsiolingvistik tarmog‘i ham istiqbolli yo‘nalishga aylanishi natijasida lisoniy vositalar, matn, muloqot shakllariga, shu jumladan gender yondashuvga qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Bunda tilni o‘z sohibi, uning milliy mentaliteti, jamiyatda tutgan o‘rni, uning yoshi va jinsi bilan birga tadqiq etishga e’tibor qaratildi. Ayniqsa, nutqiy muloqot va uning yuzaga chiqishini ta’minlovchi turli vositalar tilshunoslikning asosiy o‘rganish obyektlaridan biriga aylandi.
Jamiyatda ayol rolining oshib borishi uni jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga jalb qilish sohalarning kengayib borishi tasavvurlarning o‘zgarishiga olib keldi. Gender nazariyasining dunyo tilshunosligiga kirib kelishida bugungi kunda ijtimoiy-madaniy rivojlanishning muqobil nazariyasiga aylangan feminizm muhim rol o‘ynaydi.
XX asrning 70-yillarida feminizm nazariyotchilari o‘zlarining G‘arb bilimiga nisbatan nazariy e’tirozlarini hamda madaniyat tahliliga oid yangi nazariy-uslubiy yondashuvlarni ifodalay boshladi. Feministik g‘oyalar madaniyatning turli sohalariga kirib borishi natijasida an’anaviy madaniyatning gender konsepsiyasi tilshunoslikga kirib keldi.
O‘tgan asrning 60-yillarning oxiri va 70-yillarning boshlarida XX asrda ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda tilshunoslikdagi “Yangi ayollar harakati” ta’siri ostida gender tilshunosligi bo‘yicha tadqiqotlar hajmi keskin oshdi va feministik tilshunoslik paydo bo‘ldi. Robin Lakoff o‘zining gender tadqiqotlariga bag‘ishlangan “Til va ayollarning maqomi” kitobida til fanida yangi yo‘nalishni asoslab berdi [5].
Hozirgi paytda G‘arbiy Yevropa mamlakatlarda siyosiy aniqlik maqsadida jinsni ifodalash uchun «sex» so‘zining o‘rniga «gender» so‘zini qo‘llash an’anasi tobora keng o‘rinni egallamoqda. «Gender» atamasi dastlab tarix, sotsiologiya va psixologiyada qo‘llanilgan, so‘ngra linvistika uni o‘zlashtirgan.
Gender atamasi yunoncha «genos» so‘zidan olingan bo‘lib, kelib chiqish, moddiy tashuvchi merosxo‘r, tug‘ilayotgan kabi ma’nolarni anglatadi [6].
Demak gender jamiyatda tug‘ilgan, hamda erkak va ayollarning hulqiga ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy, psixologik jaroyonlar, shuningdek madaniy qurilmalarning katta majmuasidir.
Gender jamiyat tamonidan ayollar va erkaklarning jamiyatdagi ahvoli va rolini belgilovchi ijtimoiy model sifatida yaratiladi. Gender nuqtai nazariyasidan yondashuv ayollar va erkaklar orasidagi biologik yoki jismoniy emas, balki jamiyat bu farqlarga beradigan madaniy va ijtimoiy ahamiyati muhim degan g‘oyaga asoslangan.
«Gender» termini dastlab sotsiologiya faniga A.Oaukli va N.Zemon Devislar tomonidan kiritilgan [2]. Fransuz tilida uning quyidagi nomlarini uchratish mumkin: “catégerie sociale de sexe”, “études de genre”, yoki «théorie du genre» G.Rubin jins va gender farqini «porte-manteau», “corporel», obrazi ko‘rinishida keltiradi [7].
G‘arb olimlari jinslar orasidagi farqlarni aniqlashda “une polarité masculine”, “une polarité feminine”, “une polarité mixte” atamasini qo‘llashgan [8].
XX asrning 60-yillari oxirida faylasuflar va sotsiologlar tomonidan ikki tendensiya: biologik jins va ijtimoiy jins farqlarini ajratib olish g‘oyalari ilgari surilgan [4].
N.A.Bloxinaning ta’kidlashicha, jins (biologik jins) va (gender) (ijtimoiy-madaniy jins) atamalari o‘rtasidagi farq fanga psixolog Robert Stoller va endokrinolog Jon Mony tomonida kiritilgan. Jins (sex) bu erkak va ayol o‘rtasidagi biologik farqlar bilan bog‘liq bo‘lgan so‘z. Gender (gender) esa madaniy mavzu predmetidir. “Erkak va ayollik’’ femininlik va maskulinlik tushunchalari-ning ijtimoiy tasnifi bilan bog‘liq.
Gender tushunchasining kiritilishi eng umumiy ma’noda ikki tushuncha – biologik va ijtimoiy jins tushunchalarini farqlashga yordam beradi. Insoniyat paydo bo‘lgan davrdan boshlab ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tafovut kuzga tashlanadi. Bu tafovutlar dastlab, ularning suhbatlarida, keyinchalik kishilik jamiyatining taraqqiy etishi natijasida, ularning hulq-atvorida, kiyinishida, yurish-turishida, shuning-dek, so‘zlashlarida ham ajralib borgan.
Erkak va ayollar nutqining yuzaga kelishida ularning psixologik xususiyati, yoshi, kasb-kori, ijtimoiy kelib chiqishi va oilaviy muhiti alohida ahamiyat kasb etadi. Genderologik tadqiqotlarning asosini tashkil etuvchi nazariy qarashlar zamirida ham ijtimoiy jins tushunchasi yotadi. Kundalik hayotimizda jins bilan bog‘lanmagan ko‘plab tushunchalar «erkaklarga xos» (maskulinlik) yoki «ayollarga xos» (femininlik) deb hisoblanadi.
Maskulinlik va femininlik tushunchalari turli ijtimoiy tasavvurlar, fikrlarni o‘z ichiga oladi, erkaklar va ayollar qanday, ularga qaysi xususiyatlar ma’qul ekanligi aniqlanadi. Maskulinlik va femininlik tushunchalarida ideal erkak va ideal ayolning me’yoriy qoliplari o‘z ifodasini topadi. Har bir shaxsda ushbu xususiyatlar qanchalik miqdorda mavjud bo‘ladi va nutqiy muloqotga qanchalik namoyon qiladi. Shaxs xarakterida maskulinlik yoki femininlik miqdorining u yoki bu tomonga og‘ib borishi ko‘p jihatdan ijtimoiy omillar bilan bog‘lanadi. Tabiiyki, bu holat shaxslarning nutqida ham o‘z ifodasini topadi.
Gender barqarorlik qanday tan olinsa gender xilma xillik ham shunday tan olinishi mumkin [1]. Gender tushunchasi, uning shakllanishi, o‘rganilishi fanlararo bog‘liqlik asosida uni tadqiq etishni jalb qilgani asnosida, ushbu tushunchani barcha fan sohalari nuqtai nazardan tadqiq etish kerakli ekanligini taqazo etadi. O‘z davrida turli fan vakillari qatorida tilshunoslar ham ushbu masalaga alohida e’tibor bilan yondashib kelishgan. Bunday olimlar qatoriga V.Fon.Gumbold, A.A.Potebnya, D.Lakoff, T.A van Deyk, L.Push, E.S.Kubryikova, V.A.Maslova, Yu.S.Ste-panov, A.Vejbitskaya, A.V.Kirilina, I.Zikova, D.V.Semonova kabi olimlarni kirgizishimiz mumkin. Ular gender tushunchasini kognitiv tilshunoslik, lingvomadaniyatshunoslik va gender tilshunosligiga doir asarlarida turlicha tadqiq qilishgan.
Gender masalasi jahon tilshunosligida eng dolzarb sohalardan biri hisoblanadi.
Dunyo tilshunosligida bu yo‘nalishda bir qator izlanishlar olib borilgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek «gender» tushunchasi tarixchilar sosiologlar va psixologlar tomonidan qabul qilinib keyinchalik lingvistik tadqiqotlar sohasida dolzarblik kasb etdi. Jumladan, jahon tilshunosligida M.Rosaldo, L.Lamferet, P.Uner, A.Rich, va G.Rabin, J.Koatis, T.Lourites, R.Lakov, D. Tanen, P.Norris, Sh. Berrn va M. Stuartlar tomonidan gender masalasi maxsus o‘rganilgan.
Rus tilshunosligida L.S.Vigodskiy A.R.Luriya A.A.Liyontev YU.N.Karaulov A.A.Zalevskaya, E.S.Kubryakova A.Vej-bitskaya, Z.D.Popova, I.A.Sternin A.V.Kirilena, I.I.Xaleeva, Y.I.Goroshko O.A.Voronim E.A.Kartushinlar o‘z tadqiqotlarida lisoniy birliklarning gender xususiyatlarini turli aspektlarda o‘rganishgan.
O‘zbek tilshunos olimlaridan esa SH.Rahmatullayev, A.E.Mamatov, B.Yo‘l-doshev, Sh.Iskandarova, M.Rasulova, R.S.Ibragimova, P.U.Bakirov, M.K.Xoli-qova, A.R.Ismoilov, G.S.Xakimova, K.D.To‘xtayeva, B.M.Jo‘rayev, N.Z.Nas-rullayeva, I.M.Toxtasinov, G.Ergasheva, U.S.Yigitaliyeva, Sh.K.Gulyamova, K.R.Aliyeva, Yu.Mirzahmedova va boshqalar gender masalalarini turli aspektlarda tadqiqot olib borganlar.
Hozirgi kunda ham gender masalasi sohasida ilmiy ishlar olib borilmoqdaki, ushbu masala bo‘yicha shug‘illanayotgan tadqiqotchilar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Xususan Sh.Iskandarova ayollar nutqida uchraydigan hos lisoniy birliklarni, F.Musayeva o‘zbek tilida jins tushunchasining ifodalanishini, M.Rasulova o‘zbek va boshqa tillarda jins kategoriyasiga bag‘ishlangan qiyosiy ishlarni, K.R.Aliyeva gender tenglik masalasining yurtimizdagi konstitutsiyaviy jihatdan qay tarzda shakllanganiligini va davlatimiz qonunchiligida belgilangan tartibdagi ijrosini o‘rganish masalalarini, G.Ergasheva turli tillar tizimida gender terminologiyasining shakllanishidagi lingvistik va ekstralingvistik omillarni nuqtai nazardan o‘rgangan bo‘lsa, I.M.To‘xtasinov Badiiy matnlardagi sleng so‘zlarning lingvomadaniy va gender xususiyatlari ingliz va o‘zbek tili materiallari asosida tadqiq etganlar.
R.S.Ibragimova «Fransuz va o‘zbek tillarida ayol konseptining lingvokognitiv tadqiqi» nomli dessertatsiya ishini muvaffaqiyatli yakunlagan. Uning tadqiqotlari gender tilshunoslikda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Jumladan, undagi quyidagi tahlillar e’tiborga sazovor: “Yangi katta fransuz” “rus frazeologik lug‘ati” tahlilga tortilganda 101 ta ayol komponentli frazeologik birliklar konnotatsiyaga ega ekanligi aniqlangan. O‘zbek maqollar to‘plamida 365 ta gender komponentli maqollar keltirilgan bo‘lib, genderni ifoda etgan o‘zbek madaniyati til materiallarida yosh qizning konseptual siymosini yaratish imkonini beruvchi o‘lchovlardan biri uning ibosi va hayosi ekanligi ta’kidlanadi: Pardali qiz-pariga tengsiz, ba’zi paremiyalar kontrastiv- gender tarzda yonma yon keladi : Qiz ovulning ko‘rki, yigit ovulning erki. Bundan tashqari ayollardagi ijobiy belgilarning ahamiyatliligidir: mehnatkashlik: Xotining ishchan bo‘lsa safarda xatar yo‘q, bilimli ayol. Femme de tete, yaxshi xotin: yaxshi xotin- xazina [3].
Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tilida ayol komponentli birliklar fransuz tilidagidan farqli o‘laroq, asosan, ijobiy ma’nolar bilan bog‘liq ekan.
Yu.A.Mirzahmedovaning ilmiy ishi «Tilda genderni farqlovchi muloqot shakllari» deb nomlangan bo‘lib, unda nutqning hamda muloqot vaziyatida ishtirok etuvchilarning gender xususiyatlarini ochib berishdan iborat bo‘lgan masalalar yoritib berilganligi bilan ahamiyatlidir. Uning kuzatishicha monologik nutqda ayollar erkaklardan sezilarli darajada ustunlik qilsa, dialogik nutqda erkaklar birinchi o‘rinda turadi. U ilmiy ishida keltirilgan A.Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romanida ayrim matnlar, xususan, Otabek va Kumushning bir-biriga yozgan maktublari matni ham gender tahlili uchun noyob manba sifatida tahlilga tortilgan.
Shuni ta’kidlab o‘tish joyizki, maishiy diskursda gender farqlar aniq ko‘rinadi. Umuman olganda, gender tafovutlar haqida gap ketganda, nutq sharoiti, ijtimoiy kelib chiqishi millatini hisobga olish zarur. Xususan, aralash guruhlardagi har ikki jins vakillarining nutq xatti-harakatlaridagi keskin o‘zgarishlarni tushuntirishlarda muhokama uchun mavzularni tanlashga e’tibor qaratish lozim. Ekstralingvistik omil muqarrar ravishda har ikki jinsdagi subyektlarning nutq xatti-harakatlarning tabiatiga tasir qiladi.
Murojaat jarayonida xalqning urf-odatlari diniy va dunyoviy qarashlari o‘z aksini topadi. Muloqotda ayollar va erkaklarning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlari xalq mentaliteti bilan chambarchas bog‘liq. Bu xususiyatlar turli xalqlarda turlicha.
Erkak va ayollar nutqining yuzaga kelishida ularning psixologik xususiyati, yoshi, kasb-kori, ijtimoiy kelib chiqishi va oilaviy muhiti alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, bir millatga mansub shahar va qishloq aholisi vakillarining hududlarida ham farqlar kuzatiladi. Xususan, shaharlik kishining hududi qishloqlik kishining hududiga nisbatan torroq bo‘ladi. Shuning uchun, shaharliklarning qishloqliklar bilan yaqin masofada turib muloqot qilishi qishloqlik kishining o‘zini noqulay sezishiga sabab bo‘ladi.
Bunday farqlanishni erkak va ayollarda ham kuzatishimiz mumkin. Masalan, kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek ayollarining shaxsiy maydoni erkaklarnikidan torroq bo‘lib, bu ayollarning ochiq va do‘stona hamda tabiiy xususiyatlariga bog‘liq. Suhbat jarayonida ayollarning o‘zaro muloqotidagi masofa, erkaklarning o‘zaro muloqotidagi masofadan torroq bo‘ladi. Begona bilan munosabatda ayollar o‘z hududlaridan chekinishlari mumkin. Chunki begonalarning yaqinlashishi o‘zlariga noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Erkaklar esa o‘zlarining pozitsiyalarini ushlab turadilar.
Erkak va ayolning umumiy fiziologiyasi, jumladan, nutq a’zolari (un paychalarining nozik va tebranuvchanligi, o‘pka, diafragma, ko‘krak qafasi, og‘iz, burun bo‘shliqlarining katta-kichikligi, kekirdak va x.k.lari)dagi farqlar ularning tovushi talaffuzi ham bir-biridan farqlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham nutqiy muloqotda ularning o‘ziga xos hususiyatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ma‘lumki, erkak kishi tabiatan qo‘pol, ko‘rs bo‘lganligi uchun ularning nutqida yo‘g‘on, kuchli va bir oz dag‘allik aralashgan ovoz ohangi hukmronlik qiladi. Erkak kishiga xos bo‘lgan jahl, qahr, g‘azab kabi emotsional hususiyatlar ovozning yuqori tonda aytilishiga sabab bo‘ladi. Erkak kishiga talabchanlik, qattiqlik, so‘zlashganda tashabbusni tez qo‘lga olishga intilish, baland ovozda so‘zlashga moyillik, agressivlik kabi hislatlar xos bo‘lganligi uchun, ularning nutqida quyidagi hususiyatlarni ko‘proq kuzatish mumkin. Bularning artikulyatsion mexanizmning fiziologik jihatlari bilan bog‘liq hususiyatlari quyidagilar: yo‘g‘on ovozda gapirish, do‘ng‘illab gapirish, do‘rillab gapirish, ming‘illab gapirish, bo‘g‘iq ovozda gapirish, hirillab gapirish, to‘ng‘illab gapirish, yo‘g‘on va bosiq ovozda gapirish, harsillab gapirish.
Ayol kishiga qiziquvchanlik, suhbatdoshiga diqqat qilish, hamdardlik, yumshoqlik, musiqiylik, past ovozda eshitishga moyillik kabi hislatlar xos bo‘lganligi uchun, ularning nutqida quyidagi xususiyatlarni kuzatish mumkin: tobe va mute ovozda gapirish, past tonda gapirish, makkorona gapirish, shivirlab gapirish, yarim tovushi bilan gapirish, jerkilib gapirish, chirqillab gapirish, jirqinqirab gapirish, shang‘illab gapirish, chinqirib gapirish, tining bilan gapirish, yolvorgan ohangda gapirish, mayus tovushi bilan gapirish, gurillab gapirish va h.k.
Genderologik tadqiqotlarning asosini tashkil etuvchi nazariy qarashlar zamirida ham ijtimoiy jins tushunchasi yotadi. Ijtimoiy hayot erkaklar faoliyati bilan bog‘lanishi, masalan, kasb-hunar nomlarining ko‘pchiligida erkaklik konsepti turg‘unlashuviga olib kelgan. Savdogar, tadbirkor kabi so‘zlar bilan ayol kishini nomlash odatda ushbu so‘zlarni ayol so‘zi bilan bog‘lashni taqozo qiladi: savdogar ayol, tadbirkor ayol. Ruschada esa учитель-учителъница рабочий-работница. Fransuzchada instituteur-institutrice ouvrier-ouvriere, chanteur- chanteuse, etranger- etrangere.
Shunday qilib, so‘ngi yillardagi lingvistik tadqiqotlar til hodisalarini o‘rganishga, ularni tilni tashuvchi xalqning tarixi, madaniyati bilan bog‘lanishi nuqtai nazaridan yondashish imkonini beradi.
Til materialini gender nuqtai nazaridan tadqiq qilish erkaklarning ayollarga munosabatini ochish imkonini beradi.
Umuman olganda suhbatdoshning jinsi nutqni qurish holatiga yaqqol sezilarli ta‘sir ko‘rsatmaydi. Bu, albatta, tanlangan auditoriya holati bilan bog‘liq. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, maishiy diskursda gender farqlar ancha yaqqol ko‘rinadi. O‘zbek tilida sharqona odob-ahloq, mentalitet talablariga ko‘ra suhbatni bog‘lash, davom ettirish, tugatish, so‘rash, so‘z berish kabi harakatlar erkak kishi tomonidan amalga oshiriladi. Ayol kishi esa ko‘proq tinglaydi, odob bilan kutib turadi, izin so‘rab gap boshlaydi, yoshi kichik bo‘lsa ham yigit yoki erkak kishining muloqotni boshlash yo tugatishiga imkon beradi.
Aloqa jarayonida ayollar tomonidan alohida guruh sifatida ishlatiladigan til vositalari orasida so‘roqlar alohida ajralib turadi. Savollar so‘zlovchiga va suhbatdoshiga qaratilishi mumkin. So‘zlovchiga yo‘naltirilgan savollar ma’lumot olish uchun ishlatiladi, savollar boshqalarga qaratilgan bo‘lsa, mavzuni rivojlantirish, suhbatga yangi ishtirokchilarni jalb qilish, yani aloqani o‘rnatish funksiyasini bajaradi. O‘zaro muloqotda ayollar ko‘pincha boshqalarga qaratilgan so‘roqlarni ishlatadilar.
Erkaklar uchun suhbat, qoida tariqasida, mustaqillikni saqlash, ierarhik tizimda yuqori mavqega ega bo‘lish usulidir. Bunga o‘z bilimini namoyish etish, yangi ma’lumotni kiritish orqali erishish mumkin, bu esa o‘z navbatida suhbat-xabarni o‘z ichiga oladi. Shunga ko‘ra, erkaklar o‘zlari uchun tanlaydigan nutq xatti-harakatlarining bir turi deyish mumkin.
Erkaklar guruhidagi muloqotda aniq ierarhiya tizimi mavjud bo‘ladi, har bir a’zo ma’lum bir darajadagi kuchga ega va guruh uchun o‘z vakolati doirasidagi ishlarni bajaradi.
Bitta so‘zlovchining modelida nutq huquqi vaqti-vaqti bilan o‘zgaradi. Umuman olganda, gender tafofutlar haqida gap ketganda, nutq sharoiti, ijtimoiy kelib chiqishi, muloqot qatnashchilarining yoshi, ularning ma’lumoti, millatini hisobga olish zarur. Ekstralingvistik omil muqarar ravishda har ikki jinsdagi subyektlarning nutq hatti-harakatlarining tabiatiga ta’sir qiladi.
Murojaat jarayonida xalqning turli urf-odatlari, diniy va dunyoviy qarashlari o‘z aksini topadi.
Gender-lisoniy shakl ongida mahkam o‘rnashgan fenomendir.
Maskulinlik muloqot xulq-atvor modelini femeninlik bilan aniq ajralib turadi. Agar birinchisi qo‘pol va qat’iylik bilan ajralib tursa ikkichisi hissiyot va sezgirlik bilan tasniflanadi.
Bugungi kunda jamiyatda barcha teng bo‘lgan munosabatlarning rivojla-nishi yangi tendensiya-gender tengligini ustuvor yo‘nalish bo‘lishi talab etilmoqda.
Hozirgi davrda jamiyat rivojlanishida alohida e’tiborga loyiq bir qator masalalar sirasiga jamiyat, davlat, ta’im, oila tizilmalarini gender tenglikni ta’minlash masalalariga e’tibor berilyotganligi sababli gender rivojlanishda muhim ahamiyatga ega tushuncha sifatida o‘rganish davr talabidir.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan gender juda keng va ko‘p qirrali, tadqiq maydoni cheksiz tushuncha ekanligini hisobga olgan holda, tilshunoslikda tilni gender hususiyatlari masalasini tadqiq etish hamda gender farqlanishini takomillashtirish masalalari alohida e’tiborga molikdir degan hulosaga kelamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Блохина Н.А. Понятие гендера: становление, основленые концепции и предостевления// Общество и гендер Рязанъ: ABT, 2003.-C.302.
2. Ибрагимова.Р.С.Le genre un outil necessaire: Introduction a une problematique. Resume par S.Blatmann.//www.hcci.gouv.fr./note/genre-femme-developpement.
3. Ибрагимова Р.С. Француз ва ўзбек тилларида аёл концептининг лингвокогнитив тадқиқи. Филол. фанл. номз... дисс. автореф. -Т.,2012
4. Ибрагимова Р.С Француз ва узбек тилларига аёл концептининг лингвокогнитив тадкикоти:филол.фанл.номз...дисс.автореф.-Т.,2012.-c.9
5. Lakoff R.language and Woman‘s Place. New York: Harper & Row, 1975. -253b.
6. ПишулинаО.Н.Исполъзование гендерной парадигмы в современной социологической теории//Методологiя,теорiя та практика соцiологiчного аналiзу сучасного суснiлыства:Збiрник наукових працы.-Харкiв:Видавничий центр Харкiвсъкого нац.унiверситету im.В.Н.Каразiна 1999.-с.36-38
7. Rubin.G.The traffic in women.Notes on the Political Economy of sex in Towardson anthropology of women,1975.-P. 157-210.
8. Thierry Lode. La guerre des sexes chez les animaux.www.fr.wikipedia / Polarite-Paris.2006
Mamatkulov A. The role of gender theory in world linguistics. This article is devoted to the study of gender issues in linguistics from various aspects, covering the differences in the speech of women and men, how their language is perceived in society, the manifestation of phonetic, lexical, grammatical, and stylistic differences in their language, and also paying attention to the issue of studying language from the perspective of feminist linguistics.
Маматкулов А. Роль гендерной теории в мировой лингвистике. Данная статья посвящена изучению гендерной проблематики в лингвистике с разных сторон, охватывая различия в речи женщин и мужчин, восприятие их языка в обществе, проявление фонетических, лексических, грамматических и стилистических различий в их языке, а также уделено внимание вопросу изучения языка с позиции феминистской лингвистики.