HOFIZ G‘AZALIYOTIDA UNIVERSALIZM G‘OYALARI

Hofiz Sheroziy g‘azallari obrazlar silsilasining turli xilliligi bilan o‘quvchilarni o‘ziga rom etadi. Sharq mumtoz adabiyotining bebaho asarlarida qo‘llanilgan obrazlar tizimini o‘zining baytlarida qayta yaratar ekan Hofiz masalaga ijodiy yondashib, kundalik hayotda ko‘p uchraydigan narsalarni ham, uzoq o‘tmish asotirlariga aylanib ketgan afsonaviy qahramonlarni ham  o‘zining she’riyati vositasida o‘quvchining ongu shuurida gavdalantiradi. Fors she’riyatining Hofizgacha bo‘lgan darg‘alaridan Sanoiy, Attor yoki Rumiyning she’riyati metaforik uslubda kuylangan irfoniy g‘oyalari bilan, Umar Xayyom ruboiylari dahriylik va moddiyat qonunlarini targ‘ibotchisi sifatida, Sa’diy Sheroziy esa keng ommaga zaruriy axloq normalarini oson tilda tushuntira olishi bilan mashhur. Hofiz Sheroziyni aynan bir uslubda yozgan shoirlar qatoriga kiritish mushkul. Uning misralarini o‘qigan dindor odam ularda chuqur e’tiqodu taqvoni ko‘rsa, dahriy inson juda nafislik bilan fikrlar qatiga o‘ralgan qabul qilingan diniy tizimga bo‘lgan isyonni payqaydi.

Bizningcha, Hofizning g‘azallarida yuqorida tilga olinganlarning barchasi bor. U inson inson sifatida kamolga yetar ekan, ma’lum bir tarixiy–tadrijiy voqea va hodisalar, uning dunyoqarashi va hayot falsafasiga ta’sir etmay qolmagan. Umrining bir bosqichida, hofizi Qur’on sifatida chuqur taqvoga ega bo‘lgani shubhasiz bo‘lgan shoir, umr yo‘lida dindorlikni ta’ma qilgan ba’zi insonlarning axloqini kuzatib bu kabi kishilarga nisbatan nafrat hissini paydo etgan. Allohni topish umidida so‘fiylar tomonga yuz tutgan shoir, ularning orasida ham riyokorlik keng tarqalganini ko‘radi. Shu sababdan ham, uning g‘azallarida ikkiyuzlamachi diniy ulamolaru so‘fiylarning asl yuzi ochib beriladi va qattiq qoralanadi. Umrining bir pallasida, muhabbatga giriftor bo‘lgan shoir, yor bilan o‘tgan har bir damning nechog‘lik qadrli ekanini anglab yetsa, vaqt o‘tishi bilan, bu dunyoda hamma narsa foniy ekanini achchiq hayot tajribasida tushunib yetgan bo‘lsa ajab emas.

Hofiz Sheroziyning boy va purhikmat she’riy merosi, sharqda ham, g‘arbda ham eronshunos olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Uning g‘azallariga oid fikrlarni A.Schimmel [6], M.Hillman[2], E.Yarshater [7], J.Meisami [4],  N.Prigarina[5] kabi olimlarning ishlarida tadqiq etilgan. Eronning o‘zida va forsiyzabon mamlakatlarda ham Hofizga bag‘ishlangan Q.G‘ani[3] va M.Ansor [9] kabilarning ishlari bor. O‘zbekistonda Hofiz Sheroziyga bag‘ishlangan asarlarni M.Azimov [8], A.Quronbekov [10] va Sh.Shomuhamedov [11] larning ilmiy ijodida uchratish mumkin.

Mazkur tadqiqot Hofiz Sheroziy baytlarida qo‘llanilgan universalizm g‘oyalarining qiyosiy va kontekstual tahlili keltiriladi. Shoirning umri davomida shaxs sifatida o‘sib borishi bilan birga, uning dunyoqarashlarining kengayishi va bularning shoir ijodida qay tarzda aks etgani o‘rganiladi.

Hofiz ijodida, hozirni, ya’ni qo‘lda naqd bo‘lgan hayotni go‘zal yashab o‘tkazishga chaqiriq bor. O‘zlarining aytganlariga o‘zlari amal qilishga qodir bo‘lmagan, dillari ham, tillari ham, amallari ham bir–biriga mutlaqo teskari bo‘lgan insonlarga ergashaman deb, shu birgina umrni zoye ketkazish, muhabbatdan uzoqlashish shoirning nazdida xatodir. Hofiz oshiqdir. Uning sevgilisi yaratganning o‘zi ham, uning bu dunyodagi muborak aksi ham bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, mumtoz g‘azallardagi yorning ko‘pincha u yoki bu jinsga tegishli ekanini aniq aytish mushkul bo‘ladi sababi, fors tilida xuddi o‘zbek tilidagidek, uchinchi shaxs birlik bo‘lmish “u”ning erkak yoki ayol ekanini bilish mumkin emas. Lingvistik sabablardan tashqari, bu holatga bir qator tarixiy voqealar va madaniy o‘ziga xosliklar ham ta’sir etgan hamda dunyo olimlari bu holatni o‘rganib, uning nega paydo bo‘lgani xususida bir qator fikrlarni o‘rtaga tashlaganlar. Bu xususida musulmon sharqi mumtoz adabiyotini tadqiq qilgan professor Annamariya Shimmel xonim quyidagilarni keltiradi: “...Bu ma’noda parda o‘rash taktikasini ko‘rish mumkin: albatta, ayol ma’shuqaga ochiq ishora qilishning iloji yo‘q edi, shuning uchun ham yorni tasvirlashda o‘g‘il bolalarning xususiyatlari qo‘llangan. ... bir xonim chindan ham sevgi she’rining nishoniga aylanganida, shoir uni xavf ostiga qo‘yishni xohlamagan. Shubhasiz, begunoh, hatto beixtiyor ko‘z-ko‘zga tushishining shubhasi ham, qizning o‘z joniga qasd qilishi yoki uning g‘azablangan akalari tomonidan o‘ldirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan” [6]. Demak, yor obrazining erkak shoir uchun ayol kishi bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lsa-da, bu obrazga yigitning xususiytlarini berish o‘rta asrlar talabi bo‘lgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Masalaning madaniy tomonini tahlilga tortgan olimlar ham bor. Xususan, E.Yarshater yor obraziga to‘xtalar ekan, quyidagilarni ta’kidlab o‘tadi: “Agar sevikli yor ko‘pincha jom tutuvchi yosh askar ekani, shu sababdan ham, u odatda, jangchining jangovar fazilatlarini sharob tutuvchining nafisligi va odobi bilan uyg‘unlashtirganini yodda tutmasa, fors adabiyoti va shu bilan bir qatorda Usmonlilar davlati, Urdu va musulmon arab she’riyatining aksariyat jihatlari tushunarsiz, chalkash va g‘aliz bo‘lib tuyuladi…Demak, biz yorning boshqa xususiyatlari qatori ichkilikbozlik, beodoblik va hatto ba’zida janjal qilishga moyilliklarini ham ko‘ramiz” [7]. Ya’ni yorning obraziga jangovarlikning qo‘shilishi, xususan, qoshlarning yoyligi, kipriklarning o‘qligi, yorning beayov xulqi kabilar, saroylardagi mayxo‘rlik bazmlari madaniyati qoidalaridan meros qolgan an'ana bo‘lib chiqadi.

Islom diyorlarida may ichish ta’qiqlangan bo‘lib, mayparastlardan ochiqdan-ochiq nafratlanilgan. Bu nuqtayi nazardan, mayni tayyorlovchi va sotuvchilarga o‘ta past nazar bilan qarashgan, ulardan hazar qilishgan. Shu bilan birga, musulmon diyorlarida otashparastlar va nasroniylargagina may bilan savdo qilishga ruxsat berilgan. Shu sababdan ham, Piri Mug‘on, ya’ni zardushtiylar otashgohining bosh ruhoniysi, obrazi odatda mayxona egasi yoki sharob tarqatuvchi sifatida namoyon bo‘ladi. O‘zining jamiyatdagi nan-gu-nomiga mutlaqo befarq bo‘lish holatini shu sababdan ham may ichib mast bo‘lishga qiyoslanishi mumkin. Bir qarashda, inson tushishi mumkin bo‘lgan eng chuqur jarlikning tubiga g‘arq bo‘lish, so‘fiylarning nazarida dunyodan uzilishning eng yuqori bosqichi sifatida ko‘rilgan. Jamiyatda odatiy deb qabul qilingan martabadan qochib, tunu kunini xarobotlarda, dalayu dashtda, do‘stining yonida xilvatda o‘tkazishga intilish ham aynan shu dunyoqarashning mantiqiy amaliyoti bo‘ladi, nazarimizda.

 

Uning orzu-istaklarga bo‘lgan qarashlari quyidagi misralarda namoyon bo‘ladi:

 

بیا که قصر امل سخت سست بنیادست

Kel, chunki orzu qasri juda zaif poydevorga qurilgan,

بیار باده که بنیاد عمر بر بادست

[1;37]

May olib kel, chunki umrning o‘zi shamolga qurilgan.

 

 

Hofiz inson umidlari va hayotning o‘tkinchiligi haqida ko‘p mulohaza qiladi. Hofiz insonning orzu va umidlarini misli shamol ustiga qurilgan qasrga mengzaydi. Bu qasr har qancha ulug‘vor tuyulmasin, uning poydevori zaif va ishonchsizdir. Shuning uchun, amalga oshishi aniq bo‘lmagan, hayolotni o‘ylab bu umrni zoye ketkazish o‘rniga, hozir naqd bo‘lgan umrda, naqd sharob ichib mast bo‘lishga chaqiradi, shoir. Chunki hayotning o‘zi shamoldek tez o‘tib ketadi. Har bir lahzadan zavqlanish va hayotning pastu balandlariga qaramasdan quvonish bu hayotda qilinishi lozim bo‘lga yagona tashvishdir, shoir uchun. Shoir hayotning o‘tkinchiligi va inson o‘zining tuganmas umidlariga yopishishi befoydaligini eslatmoqda.

Shu o‘rinda vaqt o‘tishi bilan, ko‘pchilik shoirlar, yerdagi insonni emas, borliqni yaratgan Allohga muhabbat izhor etish an’anasini boshlashadi. Shunday qilib, muhabbat lirikasiga irfoniy ishq ta’limoti kirib keladi. Unga ko‘ra, butun dunyo Allohning tajallisi bo‘lib, undagi har bir shaxs va narsa Allohning aksi, uning bir qismini o‘zida saqlaydi. Alloh tomonidan yaratilgan olamdagi mavjudotlarga muhabbat qo‘ya olmagan shaxs, Allohga ham muhabbati yo‘q deb hisoblanadi. Irfoniy muhabbatning birinchi bosqichi aynan moddiy dunyodagi shaxsga berilgan ko‘ngildan boshlanadi. Shuning uchun ham, bu olamdagi istalgan subyekt yoki obyektga oshuftalik aslida Allohning husni jamoliga oshiqishning metaforasi sifatida talqin etilishi lozim. Bu kabi oshiqlik, bir jins doirasida bo‘ladimi, qarama-qarshi jinslar orasida bo‘ladimi, shahvoniy hislardan mutlaqo yiroq bo‘lib, Platonik muhabbat sifatida talqin qilinadi. Boda esa bu kabi g‘azallarda oddiy may emas, Alloh ishqi va irfonning metaforasi sifatida talqin qilinishi lozimligi aytiladi. Alloh jamoliga erishish uchun so‘fiylar xuddi may ichgan kishidek butun dunyodan uzilishlari, faqat e’tiqodlarida mustahkam bo‘lishlari lozimligi uqtiriladi. So‘fiylar ta’limotidagi muhabbat bitmas-tuganmas azoblarga, xatarlarga, vahima va qiyinchiliklarga to‘la bo‘lgan yo‘l bo‘ylab uzoq safarga chiqishga qiyos qilingan. Yo‘lning turli manzillari bo‘lib, yakuniy manzilga faqatgina qalb ko‘zi ochiq, nafsini butunlay yo‘q qilgan, dunyodan tamoman qo‘lini yuvgan hamda yagona maqsadi mutlaq yorning visoli bo‘lgan soliklargina yetib olishlari mumkin bo‘lgan. Bu yo‘lda rahravlik qilishi mumkin bo‘lgan inson – piri komil bo‘lib, so‘fiyning irodasi to‘lig‘icha shu pirning ixtiyoriga topshirilgan. Ta’limotga ko‘ra, pirlar o‘zlari tugal manzilga yetib borgan kishilar sifatida, boshqalarni ham unga olib borishga qodir bo‘lganlar. Ularning aytganini bajarish bu yo‘lda davom etishning sharti bo‘lgan. Bu doktrinani tushunish irfoniy ma’noda yozilgan g‘azallardagi pirning ba’zi bir g‘ayri mantiqiy va g‘alati ko‘ringan talablarini (masalan: may ichish, musulmonlikdan boshqa dinning atributikasini taqish, butlarga sig‘inish v.h.z) ham solik tomonidan gap-so‘zsiz bajarish va ustoziga ergashishni bo‘yniga olganini tushuntiradi. G‘azallarda bu pir vazifasini shoirning qalbi, dono do‘sti, soqiy yoki soqiyning o‘g‘li amalga oshiradi.

 

 

قصر فردوس به پاداش عمل میبخشند

Jannat saroyini yaxshi amallar uchun mukofot sifatida beradilar,

ما که رندیم و گدا دیر مغان ما را بس

[1;268]

Biz esa rind va gadolarmiz, dayri mug‘on bizga bas.

 

 

Hofiz jannat yaxshi amallar uchun mukofot sifatida berilishini tan oladi. Ammo, u va uning hamrohlari bu toifaga kirmaydi. Ular o‘zlarini rind va gado deb ataydilar. Ularning qalbi shayxning amri–ma’rufidan emas, dayr mayxonasida sokinlik topadi. So‘fiylik ta’limotida, mayxona ilohiy muhabbatga yetishish joyining ramzidir. Hofiz she’riyatida keng qo‘llanilgan obrazlar sirasiga zardushtiylik e’tiqodi bilan bog‘liq obrazlarni ham kiritish mumkin.

 

 

بیا که دوش به مستی سروش عالم غیب

Kel, chunki kecha mastlik holatida g‘ayb olami farishtasi

نوید داد که عام است فیض رحمت او

[1;409]

Xushxabar berdi: Uning rahmati va inoyati hammaga kengdir.

 

Hofizning kechagi mastligida uning oldiga yana Surush ilohiy rahm–shafqatning hamma inson uchun besarhad ekanligi haqidagi xush xabar bilan keladi. Ya’ni  shoir Xudoning rahmati va inoyati barcha mavjudotlar uchun ekanligini eslatmoqda. Bu so‘fiylik she’riyatining markaziy mavzusi bo‘lib, ilohiy ishq va inoyat chegara bilmas, irq, din, e’tiqod farqlamas ekani, insonlarning kelib chiqishi va hayotdagi sharoitlaridan qat’i nazar, barcha rahmatga sazovor bo‘lishi mumkinligi g‘oyasini targ‘ib etadi.

 

از آن به دیر مغانم عزیز میدارند

Meni zardusht otashxonasida aziz deb bilishadi,

که آتشی که نمیرد همیشه در دل ماست

[1;22]

Chunki so‘nmas olov doim yuragimda yonib turadi.

 

Surush zardushtiylikda xudo va odam o‘rtasida vositachi bo‘lgan farishta bo‘lib, insonga uning o‘limidan keyin rahnamolik qiladi. “Shohnoma” asarida Surush ilohiy elchi sifatida tasvirlangan. Ko‘pgina fors klassik shoirlari o‘zlarining matnlarida bu obrazlardan foydalangan. Hofizning quyidagi baytlarida ham Surush obrazi g‘ayb olamidan xabar keltiruvchi sifatida qo‘llanilgan:

 

چه گویمت که به میخانه دوش مست و خراب

Nima ham derdim, kecha mayxonada mast va xarob edim,

سروش عالم غیبم چه مژدهها دادست

[1;37]

Surush g‘ayb olamidan menga shunday xabar berdi.

 

Hofiz o‘zining irfoniy maydan mast holatga tushganida, unga Surush g‘oyibdan yaxshi xabar olib kelganini tasvirlamoqda.

 

هاتفی از گوشه میخانه دوش

Kecha mayxona burchagidan ilohiy xabar yetdi,

گفت ببخشند گنه می بنوش

“Gunohlar kechirildi, sharob ich!”

لطف الهی بکند کار خویش

Ilohiy inoyat o‘z ishini bajaradi,

مژده رحمت برساند سروش  [1;284]

Surush rahmat xabarini yetkazadi.

 

Hofizning ilohiy marhamat va mag‘firatning cheksizligiga ishonchi sobitdir. Mazkur ikki bayt ham ilohiy mehribonlik, kechirim va irfoniy mastlik mavzularini chiroyli tarzda birlashtiradi. Hofiz hamon mayxonada. Irfon metaforasida, mayxona ilohiy birlashuv joyidir, bu yerda gunohlar kechiriladi va ruhiy kamolot hosil qilinadi. Samoviy ovoz unga gunohlari avf etilgani, shuning uchun may ichishini aytadi. Uchinchi va to‘rtinchi misralarda va’da qilingan rahmatning amalga oshgani va bu xushxabarning Surush orqali shoirga yetkazilgani tasvir etilgan. Bu baytlarda, ilohiy rahm-shafqatning doimiy mavjudligi va kimki ilohiy rahm-shafqatni izlasa, ularni hatto boshqalar tomonidan dayriy yoki harom etilgan joylar va harakat sifatida talqin etiladigan narsalardan ham topishi mumkinligi anglatilgan. Bu so‘fiylik e’tiqodini aks ettiradi, ya’ni Xudoning mehribonligi uni izlagan insonga kutilmagan usullar bilan yetib borishi mumkin, agar e’tibor qilinsa, obraz Zardushtiylik diniga tegishli bo‘lsa-da, unda Islomning muqaddas kitobi Qur’on matnida keltirilgan Allohning rahmdilligining besarhadligi tasvirlanmoqda.

Umuman olganda, shoirning ijodida turli e’tiqodlarga tegishli obrazlarning qorishiq tarzda ishlatilishi ko‘p kuzatiladi. Bu nuqtayi nazardan, Hofiz insoniyatni bo‘linishi va tabaqalanib qolishini to‘g‘ri deb qabul qilmaydigan universal shoirlardandir.

 

ز فکر تفرقه بازآی تا شوی مجموع

Bo‘linish fikrlaridan qayt, shunda birlashasan,

به حکم آن که چو شد اهرمن سروش آمد

[1;175]

Farmonga ko‘ra Axriman ketishi bilan, Surush keladi.

 

Birinchi misradagi “تفرقه” – “bo‘linish, ajralish, tarqalish”dir[12]. Ya’ni shoir insonlarni bir–biridan ayro qo‘yuvchi, ularni tabaqalashtiruvchi, orasiga u yoki bu sabab bilan nifoq soluvchi fikrlardan voz kechishga chaqiradi. Sababi, faqat shundagina, insonlar bir butunlikka birlasha oladilar. Birlik esa nihoyatda katta kuch bo‘lib, inson jamiyatiga va uning rivojiga katta hissa qo‘shadi. Ikkinchi misrada esa, Hofiz ilohiy qonunni eslatadi: Axriman – zulmat xudosi, ya’ni yomonlik (shayton) ketganda, Surush – yaxshilik farishtasi, ya’ni  totuvlik keladi. Misrada, insonning ma’lum bir fikrlash tizimini o‘zgartirishi pirovardida ijobiy natijalarga olib kelishi mumkinligini anglatadi.

 

تا نگردی آشنا زین پرده رمزی نشنوی

Tayyor bo‘lmaguningcha, bu pardaning sirini eshita olmaysan,

گوش نامحرم نباشد جای پیغام سروش

[1;286]

Surushning xabari uchun nomahramning qulog‘i uchun emas.

Baytda Hofiz tomonidan, ilohiy donolikka yetishish uchun ma’lum bir tayyorgarlikning mavjudligi talab qilinishi uqtirilmoqda. “Parda” – g‘ayb sirlarni anglash uchun insonning qalbi tayyor bo‘lishi lozim. Bu sirlar hammaga ham ochilavermaydi. Hamma ham ularni anglashga qodir emas. Surush – ilohiy olamdan kelgan elchining so‘zlari nomahramlar – kuchli e’tiqod va muhabbatdan bebahra odamlar uchun emas.

 

در راه عشق وسوسه اهرمن بسیست

Sevgi yo‘lida Axrimanning ko‘plab vasvasalari bor,

پیش آی و گوش دل به پیام سروش کن

[1;402]

Oldinga chiq va yuragingning qulog‘ini Surush xabariga tut.

 

Ilohiy muhabbat yo‘lidagi qiyinchiliklar, vasvasa va chalg‘ituvchi narsalar bor. Ular baytda Axriman – shayton obrazi orqali berilgan hamda ular odamni Haqqa yetishish yo‘lidan ozdirishi va ruhiy kamolotga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ikkinchi misrada Hofiz nima bo‘lganda ham qat’iyat bilan oldinga yurishni va qalb qulog‘ini ilohiy xabarga tutishni maslahat bermoqda.

Xulosa. Oshiqlar boshqalardan farq qiladi, ularga yonida boshqa odamlarning bo‘lishi, ularning o‘zlari haqida qay fikrda ekani oshiqlarni xuddi maydan g‘irt mast odam, boshqalarning bu hayotdagi tashvishlariyu, o‘zlari haqida nima deb o‘ylashlari qanchalik qiziqtirsa, shunchalik qiziqtiradi. Bir so‘z bilan aytganda, oshiqga bu dunyo kerak emas. U bu dunyodan voz kechib yuborgan. Uning fikri hayoli mutlaqo yorining jamoli. Haqiqiy oshiq dunyo va unga tegishli barcha yukdan o‘zini ozod qiladi. Kim uchundir bu dunyoda pul va maqom, hashamatli koshonalar, kuch-qudrat muhim bo‘lsa, kimlardir uchun esa buning zarracha ham qizig‘i yo‘q. Ularning hayotdagi yagona maqsadi o‘zidan yaxshi nom qoldirishdir. Ya’ni atrofdagi kishilarning u haqidagi fikri bu kabi kishilar uchun suv va havodek zarur. Ular umrlarini yaxshilik qilishga sarflashlari mumkin, ammo, agar buning sababi bor-yo‘g‘i jamiyat tomonidan yaxshi odam sifatida tan olinishi bo‘lsa, ular ham yuqorida so‘z yuritganimiz ikkiyuzlamachi zohidlardan farq qilishmaydi. Balki shuning uchun ham, ko‘pchilik g‘azallarning markazida aynan dayri mug‘on, mayxo‘rlik, Piri Mug‘on, xaroba va mastu-alastlikning targ‘iboti turadi.

Bundan tashqari Hofiz yaratganning karami kengligiga ishonadi, u o‘z mahbubi – qalbiga sodiq oshiq. Riyokor emas, shuning uchun ham g‘oyib bilan aloqasi bor. Qalb ko‘ngli vositasida g‘ayb bilan muloqot qiladi. U jazodan qo‘rqqani uchun emas, rahm–shavqatga ishonchi behad bo‘lgani uchun ham oshiqdir. Baytlarida bir necha diniy obrazlarni birlashtirgani ham uning kofir yoki zardusht bo‘lganidan emas, aynan shaklbozlikdan chiqib ilohiy ma’nolar mahzanini anglaganidandir.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. DIVĀN-E HĀFEZ (QAZALHĀ). E.Habibi, H.Farroukh, Sh.Bakshaie, 2015.
  2. Hillman M.C. Unity in the ghazals of Hafez. A dissertation submitted to the faculty of the division of the humanities in candidacy for the degree of doctor of philosophy department of near eastern languages and civilizations. -Chicago, Illinois: – 1974.
  3. Ghani Q. Bahs dar āsār va afkār va ahvāl-e Hāfez. 2 vols. Tehrān– 1960.
  4. Meisami, Julie Scott. Medieval Persian Court Poetry.-Princeton: 1987.
  5. Prigarina N., Chalisova N., Rusanov M. “Hafiz: Ghazals in philological translations”. –Moscow: 2012.
  6. Schimmel A.A. Two-Colored Brocade The Imagery of Persian Poetry. University of Carolina Press, Chapel Hill nad London:  1992. 11-бет.
  7. Yarshater, Ehsan. “The Theme of Wine-Drinking and the Concept of the Beloved in Early Persian Poetry.” Studia Islamica, vol. 13, 1960, pp. 43-53.
  8. Азимов М. Ҳофиз Шерозий ва ўзбек адабиёти.- Теҳрон – Тошкент: 2004.
  9. Ансор М. Шарҳи 42 ғазали Ҳофиз: Ба ёрийи омузгорони мактабҳойи оливу миёна, донишчуён ва мактабиён.- Душанбе: 1994.
  10. Қуронбеков А. Ҳофиз ғазалиётида маънолар силсиласи. Ўзбекистон Республикаси ФА “ФАН” нашриёти. –Тошкент: 1994.
  11. Шомуҳамедов Ш. Ҳофиз Шерозий: Ҳаёти ва ижоди. Ўзбекистон “ФАН” нашриёти,- Тошкент: 1965.
  12. https://dsal.uchicago.edu/cgi-bin/app/steingass_query.py?qs=تفرقه&matchtype=default

 

Буматова А. Идеи универсализма в газелях Хафиза. В поэзии Хафиза Ширази образы, использованные его предшественниками, перерабатываются с уникальной изящностью. Его поэзия соответствует принципам универсальности. В его газелях одновременно рассматриваются как мистическая, так и метафорическая любовь, материальное вино и духовное вино, любовь и страсть, смысл жизни и ценность времени и жизни. Хафиз – поэт, способный мастерски интегрировать образы и идеи из различных религиозных верований в одной газели. Будучи поэтом, нетерпимым к лицемерию и лжи, он верил, что любой человек, независимо от своей веры или идентичности, может быть достоин милосердия Создателя. В данной статье будут представлены и проанализированы выбранные бейты поэта, подтверждающие вышеуказанные идеи.

 

Bumatova A. Ideas of universalism in the ghazals of Hafiz. The poetic images used by Hafez’s predecessors are reworked with a unique elegance in his poetry. Thus, Hafez’s poetry aligns with the principles of universality. His ghazals simultaneously explore mystical and metaphorical love, real wine and spiritual wine, love and passion, the meaning of life, and the value of time and life. Hafiz is a poet capable of skillfully integrating images and ideas from various religious beliefs within a single ghazal. A poet intolerant of hypocrisy and falsehood, he believed that any person, regardless of their faith or identity, could be worthy of the Creator’s mercy. This article will present and analyze selected couplets of the poet that confirm the abovementioned ideas.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati