INGLIZ VA O‘ZBEK TILLARIDA MUHABBAT IZHORINI IFODALASHDA EXPRESSIV VOSITALARNING O‘RNI

Muhabbat insoniyat tarixida eng qadimiy va abadiy his-tuyg‘ulardan biri hisoblanadi. Ushbu konsept dunyo xalqlarining madaniyati, adabiyoti va tilida o‘ziga xos tarzda ifodalangan. Har bir xalqning tili muhabbatni ifodalashda o‘ziga xos bo‘lgan emotsional va lingvistik vositalardan foydalanadi. Bu jarayonda expressiv vositalar alohida o‘rin tutadi, chunki ular muhabbatning chuqur, nozik va murakkab jihatlarini ifodalashga yordam beradi.

Ingliz va o‘zbek tillarida muhabbatni ifodalash o‘xshash jihatlarga ega bo‘lsa-da, har bir tilning madaniy xususiyatlari ularni o‘ziga xos tarzda farqlab turadi. Ingliz tili ko‘proq universal frazeologizmlar, metaforalar va zamonaviy uslublarga ega bo‘lsa, o‘zbek tilida esa an’anaviy she’riy obrazlar va ramzlar keng qo‘llaniladi. Shuningdek, har ikkala til muhabbatni izhor qilishda frazeologik birliklar, metaforik ifodalar, ramzlar, epitetlar va yashirin lingvistik vositalar orqali boy va xilma-xil vositalarni namoyon qiladi.

Mazkur maqolada ingliz va o‘zbek tillarida muhabbat izhorini ifodalashda expressiv vositalarning turlarini o‘rganish, ularning emotsional va lingvistik ahamiyatini tahlil qilish hamda qiyosiy yondashuv orqali o‘xshash va farqli jihatlarini aniqlashga harakat qilinadi. Bu yondashuv tilshunoslikda milliy madaniy tafovutlarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

I. Tilshunoslikda expressiv vosi-talar tushunchasi

Expressiv vositalar haqida to‘xtalar ekanmiz, avvalo “Expressiv” atamasini kelib chiqishi, tilshunoslarning mazkur atamaga bergan ta’riflari va izohlarga e’tiborimizni qaratsak. Bugungi kun tilshunosligida “Expressiv” atamasi ko‘p sohalarda, jumladan, tilshunoslik, adabiyot, san’at va psixologiyada keng qo‘llanilib, hissiy ta’sirni ifoda etuvchi har qanday til vositasi yoki san’at asarini tasvirlash uchun qo‘llanilib kelinmoqda. Lingvistik lug‘atlardan ekspressivlik atamasini kelib chiqishini o‘rganga-nimizda rus-lingvist-dict.slovaronline. com onlayn lug‘ati manbalarida mazkur atamani lotin tilidagi “expressio” leksemasidan kelib chiqqanligini hamda “ifoda” deb tarjima qilinishi keltirilgan. Ekspressivlik atamasi O.S.Axmano-vaning[1] “Lingvistik terminlar lug‘ati”da “ifodalilik” deb izohlanadi. Mazkur lug‘atda “ifoda” esa nutqning stilistik tomondan neytral bo‘lgan odatdagi shaklidan farq qiluvchi, unga obrazlilik va hissiy bo‘yoq beruvchi ekspressiv va obrazli sifatlari talqin etiladi.

A.Hojiyev tahriri ostida nashr qilingan “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da “ekspressivlik” atamasiga til ekspressiv vazifasining turli shakllar bilan namoyon bo‘lgan holati, ekspressiya esa nutqning ta’sirchanlik xususiyati deb izoh keltiriladi. Shuningdek, bu xususiyat leksik, grammatik va boshqa vositalar yordamida namoyon bo‘lishi keltiriladi.

Rus tilshunosi T.V.Jerabilo “Словарь лингвистических терминов” izohli lug‘atida “Ekspressivlik, odatda, inson dunyoqarashini subyekt bilishi shaklida aks ettiradi, uning fikr, kechinmalari, obrazli tasavvurini namoyon qiladi”[2] deb ta’rif bersa, yana boshqa bir rus tilshunosi N.M.Razinkina ekspressivlikni ifodaning, ma’nodorlik-ning kuchaytirilishi va aytilgan fikr ta’sir kuchining oshirilishidir[3] deb ta’kidlaydi.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida ekspressivlik termini quyidagicha izohlangan: ekspressivlik tilshunoslikda - til birligining semantik stilistik belgilari majmui; til birligining aloqaso‘zlashuv jarayonida so‘zlovchining nutq mazmuniga yoki nutq qaratilgan shaxsga nisbatan subyektiv (ijobiy yoki salbiy) munosabatining ifoda vositasi bo‘la olishini ta’minlaydi. Ekspressivlik tilning barcha sathlari birliklari uchun xosdir.[4]

O‘zbek tilshunosi A.Abdullayev “O‘zbek tilida ekspressivlik ifodolani-shining sintaktik usuli” nomli asarida “ekspressivlik bildirilayotgan fikr ifodasining ta’sir kuchini orttirish demakdir”[5] deb tariff beradi. Lisoniy birlikda ekspressivlikning hosil bo‘lishi uning mazmun doirasi kengayishiga, qo‘shimcha ma’no bo‘laklarining paydo bo‘lishiga olib keladi.

Professor Sh.Safarovning “Tilshunoslik terminlar lug‘ati”da “ekspressiv” terminiga ma’noning ifodali, yorqin ko‘rinishga ega bo‘lishi[6] deb ta’rif beriladi. Shuningdek, ekspressiv ma’no esa emotsional mundarijaga va stilistik bo‘yoqqa ega bo‘ladi va tavsifiy yoki ijtimoiy ma’nosiga ko‘ra farqlanadi. Ekspressivlikda so‘zlovchining dunyoqarashi, uning obrazli tafakkuri, tasavvuri, hissiyotlari namoyon bo‘ladi.

Demak, ekspressivlik lisoniy shaxs ifodalayotgan fikrning ma’no-mazmunini ifodali va yorqin ko‘rinishga kelishida muhim ahamiyat kasb etar ekan.

Expressiv vositalar – bu til vositalari bo‘lib, ular hissiy (emotsional), ekspressiv (ta’sirchan) va obrazli ifoda yaratishda xizmat qiladi. Bunday vositalar insonning ichki hissiyotlarini, kayfiyatini va munosabatini estetik jihatdan ifoda etishga yordam beradi. Ular tilning leksik, frazeologik, stilistik, fonetik va grammatik qatlamlarida keng qo‘llaniladi.

Muhabbat konsepti universal tushuncha bo‘lib, inson borki u qaysi millat va elat bo‘lishidan, qaysi mintaqada tug‘ilib o‘sishidan qat’iy nazar uning tilida, madaniyatida o‘z o‘rni bor. Lisoniy shaxs tomonidan Vatanga, onaga, do‘stlarga, kasbiga shuningdek eng asosiysi yorga o‘z muhabbatini izhor etishida ekspressiv vositalar yordamida hissiy kechinmalarini, emotsiyasini kuchliroq, rang-barang tarzda ifoda etadi. Demak, expressiv vositalar aynan so‘zlovchi tomonidan izhor qilinayotgan muhabbatning emotsional boyligi, hissiy ifodaliligi, ta’sirchanlikni oshirilishi hamda ma’noning kuchaytirilishi orqali tinglovchiga yetkazilishida, unga ta’sir etishida muhim ahamiyat kasb etar ekan.

II. Ingliz tilida expressiv vositalar orqali muhabbat izhorining ifodala-nishi

“Muhabbat” konsepti hissiy-lisoniy olam manzarasida etnik shartlangan, murakkab konseptual asosga ega va subyektiv baho hamda munosabatni ifodalaydi.[7] Muhabbat izhorini ta’sirli, emotsional qili yetkazishda hamda hissiy ifodaliligini oshirishda ekspressiv vositalarning o‘rni beqiyos. Ingliz badiiy asarlarida muhabbat izhorining hissiy ifodaliligini oshirishda qo‘llaniladigan ekspressiv vositalarni misollar tahlili orqali ko‘rib chiqamiz.

“You are my sun, my moon, and all my stars.” (The Great Gatsby)

Keltirilgan misolda muhabbat izhori my sun, my moon, my stars kabi metaforik birikmalar orqali ifodalanib, Sen mening quyoshim, oyim va yulduzlarimsan deb so‘zlovchi tinglovchini butun koinotga, nur taratuvchi manbalarga qiyoslab, hayotidagi ahamiyatini ko‘rsatib bermoqda.

“Whatever our souls are made of, his and mine are the same.” (Wuthering Heights)

Muhabbat izhor qilishda qalb, yurak, ko‘ngil leksik birliklari ta’sirchanlikni oshirishda o‘z o‘rniga ega. Mazkur misolda asar qahramoni muhabbatini aynan qalblari bir xilligi bilan, ikki qalbning hissiy yaqinligini ifodalash orqali yetkazmoqda.

Ingliz tilida nafaqat metaforik vositalar orqali, balkim frazeologik birikmalar orqali ham muhabbat izhorining rang-barangligini oshirishni kuzatishimiz mumkin. Masalan:

“I fell in love the way you fall asleep: slowly, and then all at once.”)

Keltirilgan misolda fell in love frazeologik birikmasi orqali muhabbat izhori ifodalanib, oshiqning sevib qolish holatini mashuqning uyqusiga qiyosla-moqda ya’ni inson uyqusi sekin boshlanib, qachon uxlab qolganini sezmaganidek.

“I am in love with a brilliant woman.” (The Lady’s Guide to Celestial Mechanics)

Mazkur misolda esa to be in love with frazeologik birikmasi orqali sevgan ayolini brilliantga qiyoslamoqda. Muallif tomonidan Men brilliant ayolni sevib qoldib deb, ayolning nodirligi, bunday inson topilishi qiyinligi hamda juda qimmatli boylik ekanligi ifodalanmoqda.

Bundan tashqari biz ingliz tili badiiy asarlaridan keltirilgan na’munalarda muhabbat izhorini bo‘rtirish orqali ifodalash holatlarini ham guvohi bo‘ldik. Misol ketiradigan bo‘lsak,“If I loved you less, I might be able to talk about it more. (Jane Austen, Emma)- Agar sizni kamroq sevganimda, bu haqda ko‘proq gapirishim mumkin edi. Bu bilan asar qahramoni muhabbatini gapirmasdan ko‘proq izhor etiayotganligini, ta’riflashga so‘z topolmayotganligini kuchli hissiyotdan ekanligini ifodalamoqda. “My love is selfish. I cannot breathe without you.”

Inson o‘z his-tuyg‘ularini to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘zlar orqali bevosita ifodalasa, bilvosita, konseptni anglatuvchi ramzlar orqali madaniy va emotsional tasvilab, estetik yo‘sinda yetkazishi ham mumkin. Ramzlar badiiy, lingvistik va madaniy hodisa sifatida sevgi va insoniy munosabatlarning nozik jihatlarini o‘zida mujassam etadi. Muhabbat izhorini ifodalashda ingliz tilidagi badiiy asar matnlarida “heart-yurak”, “red rose-qizil atrgul”, “ring-uzuk” kabi ramzlardan foydalanish holatlarini kuzatishimiz mumkin. Masalan: “My heart is, and always will be, yours.” “Mening yuragim sizniki va har doim sizniki bo‘ladi.” Keltirilgan misolda muhabbat ramzi sifatida muallif yuragini tuhfa qilayotganligini, butun umrga hadya qilayotganligini ifodalamoqda.

Bundan ko‘rinadiki ekspressiv vositalar muhabbat izhorini ifodalashda, uning hissiy boyligini oshirishda, ta’sirini kuchaytirishda hamda ma’noviy rang-barang yetkzilishida muhim bo‘in sanalr ekan.

III. O‘zbek tilida expressiv vositalar orqali muhabbat izhorining ifodalanishi.

O‘zbek badiiy adabiyotlarida ham muhabbat izhorini ifodalashda turli ekspressiv vositala qo‘llanilib, ifodaning ta’sirchanligini ochirishga xizmat qiladi. Ammo, ingliz adabiyotlaridagi muhabbat izhorlari na’munalaridan farqli ravishda, o‘zbek badiiy asarlarida muhabbat izhori metafara, qiyoshlash, ramzlar va turli yashirin vositalar orqali ifodalanish holatlari ko‘proq uchraydi. Bunga sabab sifatida til vakillarining milliy mentalliteti, urf-odatlari, qadriyatlarining turlicha-ligini ko‘rsatish mumkin. Muhabbat konsepti universal tushuncha bo‘lishiga qaramay, har bir xalqning, millatning madaniyatidan kelib chiqib talqin etiladi. Shu o‘rinda muhabbat izhorining hissiy ifodaliligini oshirishda qo‘llaniladigan ekspressiv vositalarni o‘zbek badiiy asarlaridan keltirilgan misollar tahlili orqali ko‘rib chiqamiz.

–Axir ko‘zim sendan boshqani ko‘rmaydiku? Shafaqni rangiga qarasam ham seni ko‘raman. Oyga qarasam ham, quyoshga qarasam ham seni ko‘raman. Qayga boqsam sen borsan. Sensiz men qup-quruq g‘ilof bo‘lib qolaman-u, ahir, ichim sen bilan limmo-lim to‘lganku? (Isojon Sulton, Toshkelinchak (hikoya))

Keltirilgan misolda muhabbat izhori turli metaforik birikmalar orqali ifodalanmoqda. Masalan: “Ko‘zim sendan boshqani ko‘rmaydi” – bu metafora orqali so‘zlovchi tinglovchiga muhabbatining qay darajada kuchli ekanligini, shu sababli hattoki ko‘zlari faqat sevgilisini ko‘rishini, boshqa hech narsani ko‘rmasligini ifodalamoqda. “Shafaqni rangiga qarasam ham seni ko‘raman”- shafaqning go‘zal ko‘rinishi sevgan insonning go‘zalligiga qiyoslanmoqda. “Sensiz men qup-quruq g‘ilof bo‘lib qolaman”- bu birikma orqali esa muhabbatni hayotning ma’no-mazmuniga qiyoslab, sevgan insonisiz ichki tuyg‘ularsiz, hissiz, ma’nan bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolishini tasvirlamoqda. Asar qahramoni muhabbatini izhor qilishda turli ekspressiv vositalar orqali, nafaqat metaforik ifodalash, balkim bo‘rttirib tasvirlamoqda.

O‘zbek tilida muhabbat izhorlari turli frazeologik birliklar orqali ham rang-baranglikni namoyon etadi. Masalan: oshiq bo‘lmoq, yuragi jiz etdi, es-xushini olmoq, ko‘ngil bermoq kabi frazalar milliy asarlarimizda tez-tez uchrab turadi. Otang bilsa o‘ldirar, Dushmanimni kuldirar. “Senga ko‘ngil berdi”, deb, Yurak-bag‘rim tildirar (Tohir va Zuhra dostoni). Keltirilgan misolda Tohirning Senga ko‘ngil berdi  frazeologik birikmasi Zuhroning sevganligini, uning ham muhabbatini qabul qilganligini anglatmoqda. Shuningdek, yuragi jiz etdi, yuragidan urdi, yuragini ochdi kabi frazalar ham so‘zlovchining nutqida rang-baranglikni, hissiy aurasini namoyon etadi. Masalan: Cho‘lga bahor keldi. Faqat bu yerga keldik-u, mana shu Yulduzxonga yuragi jiz etib qoldi, borgan sari yonsa yonadiki, asti pasaymaydi. (R.Fayziy. Cho‘lga bahor keldi.). Guvohi bo‘lib turganimizdek, keltirilgan misolda yuragi jiz etib qoldi birikmasi sevib qolganligini, sevgisi kuchayib borayotganligi tasvirlanmoqda.

O‘zbek milliy mentallitetida turli ramzlar orqali muhabbat izhor etishning o‘ziga hos shakllari, turlarini ko‘rish mumkin. Bunga misol qilib, yangi turmush qurayotgan kelinlar o‘zlarining bo‘lajak jufti-xalollariga o‘z qo‘llari bilan ro‘molcha tikib tuhfa etishlarini keltirish mumkin. Ro‘molcha ham muhabbat ramzi sifatida, ham milliy an’analarimizga hos bo‘lgan sevgi izhorini anglatadi. Bundan tashqari o‘zbek tilida ham yorga tuhfa qilinadigan gul muhabbat ramzi sifatida qabul qilinadi. Masalan: Gul-bahona, diydor- g‘animat (Maqol) Ushbu maqolda yorning sevgilisiga gul tuhfa etish bahonasi nafaqat muhabbatini izhor qilishi, balkim shu bahonada diydorini ko‘rishi nazarda tutuladi. Ko‘rinadiki o‘zbek tilida ham muhabbat izhorlarida ingliz tilidagi kabi ekspressiv vositalardan, qiyoslash va turli ramzlardan keng foydalanilishini kuzatish mumkin ekan.

IV. Ingliz va o‘zbek tillarida expressiv vositalarni qiyosiy tahlil qilish

Tahlilimiz natijasida ko‘rishimiz mumkinki, Ingliz va o‘zbek tillarida muhabbat izhorini ifodalashda metafora va frazeologik birliklarning keng qo‘llanilishi har ikki tilda ham kuzatishimiz mumkin. Ingliz va o‘zbek tillarida muhabbatni ifodalashda ekspressiv vositalar turli shaklda bo‘lsa-da, umumiy maqsad – sevgining chuqur va samimiy hissiyotlarini badiiy va ta’sirchan tarzda yetkazishdir. Har ikki til madaniy boylikka asoslanib, inson qalbini o‘ziga jalb qiluvchi vositalarni muvaffaqiyatli qo‘llaydi. Metaforalar, giperbolalar, epitetlar va ramzlar bu maqsadga erishishda asosiy o‘rinni egallaydi.

Ingliz va o‘zbek tillarida muhabbat izhorida qo‘llaniladigan ekspressiv vositalarning asosiy farqlari madaniy kontekst, ifoda uslubi va emotsional uslubiy xususiyatlarda namoyon bo‘ladi. O‘zbek tili Sharq adabiyoti va milliy madaniyatga tayangan holda ramziy va poetik ifodalarni afzal ko‘rsa, ingliz tili ko‘proq shaxsiy emotsiyalarga asoslangan, jasur va universallikka intilgan ifoda vositalarini qo‘llaydi. Har ikki til sevgi izhorlarida o‘ziga xos badiiy uslub va boylikka ega.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, har qanday hissiy konseptlarni ifodalashda ekspressiv vositalarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Ekspressiv vositalar tildagi emotsional ta’sirchanlikni oshirish uchun ishlatiladigan lingvistik birliklar bo‘lib, ular orqali muallif yoki so‘zlovchining hissiyotlari, munosabati va kayfiyati ifodalanadi. Ekspressiv vositalar biz qiyosiy o‘rganayotgan ingliz va o‘zbek tillaridagi muhabbat izhorining badiiy nutqda va so‘zlashuv nutqida rang-baranglikni ta’minlashga, uning ma’nolari mazmunini boyitishga hamda hissiy ifodaliligini oshirishga xizmat qiladi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Axmanova O. S. Slovar lingvisticheskich terminov (Glossary of linguistic terms), 4th ed., Moscow, KomKniga Publ., 2007. 576 p.
  2. D.M.Buzrikova. Olamning hissiy-lisoniy manzarasida “muhabbat” konseptining lingvokulturologik va gender tahlili.-Dissertatsiya, Farg‘ona-2024.
  3. Mirzayev T., Musoqulov A., Sarimsoqov B.; O‘zbek xalq maqollari. — Т.: «Sharq», 2005. — 512 b.
  4. O‘zbek tili frazeologik lug‘ati [Matn] : lug‘at / Sh.Rahmatullayev, N.Mahmudov, Z.Хоlmanova, I.O‘razova, K.Rixsiyeva. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi, 2022. – 636 bet.
  5. Oxford Collocation Dictionary for students of English. Second edition. Oxford university press-2009. p 963.
  6. Sh.Safarov, Tilshunoslik terminlar lug‘ati.-T.: “Lesson press” nashriyoti, 2023.-356 b.
  7. Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивлик ифодоланишининг синтактик усули. – T.:Фан, 1987.-88 б.
  8. Жеребило Т.В. Словарь лингвистических терминов. – Назрань: Пилигрим, 2009. – 486 с.
  9. Разинкина Н.М. Стилистика английской научной речи. – М.: Наука, 1972. – 168 с.
  10. «Ўзбекистон миллий энциклопедияси» Э ҳарфи Давлат илмий нашриёти- Тошкент 2000-2000, 51 б.

Badiiy adabiyotlar:

 

  1. F.Scott Fitzgerald, The Great Gatsby. 
  2. Emily Brontë, Wuthering Heights.
  3. John Green, The Fault in Our Stars.
  4. Olivia Waite, The Lady’s Guide to Celestial Mechanics.
  5. Jane Austen, Emma
  6. Jane Campion and John Keats, Bright Star: Love Letters and Poems of John Keats to Fanny Brawne,
  7. Jane Austen, Sense and Sensibility
  8. Isojon Sulton, Toshkelinchak (hikoya)
  9. R.Fayziy. Cho‘lga bahor keldi (roman)

10. Tohir va Zuhra dostoni

 

Ergashev M. The role of expressive means in expressing declarations of love in english and uzbek languages. This article is dedicated to the analysis of the role of expressive means in expressing declarations of love in English and Uzbek languages, as well as their linguistic features in a comparative context. The study examines the emotional and expressive capabilities of both languages, exploring methods of expressing love through phraseological units, metaphors, epithets, symbols, lexical, and stylistic tools. The article provides a deep analysis of the modern and universal nature of the English language and the traditional and poetic aspects of the Uzbek language.

Moreover, the article highlights the cultural and national characteristics of the concept of love, identifying similarities and differences in love expressions in both languages. Through examples and linguistic evidence, the article carries scientific significance in analyzing linguistic and cultural interaction. This research demonstrates the role of love and emotional expression tools in enriching language and reveals the linguistic reflection of national culture.

 

Эргашев М. Роль экспрессивных средств в выражении признаний в любви на английском и узбекском языках. Данная статья посвящена анализу роли экспрессивных средств в выражении признаний в любви на английском и узбекском языках, а также их лингвистических особенностей в сравнительном контексте. Исследование охватывает эмоциональные и экспрессивные возможности обоих языков, изучая способы выражения любви через фразеологические единицы, метафоры, эпитеты, символы, лексические и стилистические средства. В статье проводится глубокий анализ современной и универсальной природы английского языка, а также традиционных и поэтических аспектов узбекского языка.

Кроме того, в статье раскрываются культурные и национальные особенности концепта любви, выявляются сходства и различия в выражении любви на обоих языках. Примеры и лингвистические доказательства, приведённые в статье, имеют научное значение для анализа языкового и культурного взаимодействия. Это исследование демонстрирует роль любви и средств эмоционального выражения в обогащении языка и раскрывает лингвистическое отражение национальной культуры.

 

 

 

[1] Axmanova O. S. Slovar lingvisticheskich terminov (Glossary of linguistic terms), 4th ed., Moscow, KomKniga Publ., 2007. 576 p.

[2] Жеребило Т.В. Словарь лингвистических терминов. – Назрань: Пилигрим, 2009. – 486 с.

[3] Разинкина Н.М. Стилистика английской научной речи. – М.: Наука, 1972. – 168 с.

[4] «Ўзбекистон миллий энциклопедияси» Э ҳарфи Давлат илмий нашриёти- Тошкент 2000-2000, 51 б.

[5] Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивлик ифодоланишининг синтактик усули. – T.:Фан, 1987.-88 б.

[6] Sh.Safarov, Tilshunoslik terminlar lug‘ati.-T.: “Lesson press” nashriyoti, 2023.-356 b.

[7] D.M.Buzrikova. Olamning hissiy-lisoniy manzarasida “muhabbat” konseptining lingvokulturologik va gender tahlili.-Dissertatsiya, Farg‘ona-2024.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati