INGLIZ VA O‘ZBEK TILLARIDA OLAMNING LINGVORANGLI SIMVOLIK MANZARASI

Uzoq vaqtlardan beri insoniyat ranglar va ularning ma’nosini bilishga qiziqib kelishadi. Zamonaviy lingvistikaning asosiy muammolaridan biriga aylangan “ranglar madaniyati” ma’lum bir til guruhlarining tarixiy va madaniy qadriyatlarini ko‘rsatadigan timsolga aylanmoqda. Shu sababli ham ranglar turli sharhlar va murakkab g‘oyalarni aks ettirib, lingvomadaniy hodisaga aylanishga ulgurdi [Bazarbayeva 2019:8].  Antropologistlarning fikriga ko‘ra, bir rang bir vaqtni o ‘zida turli xil mamlakatlarda har xil konotatsiyaga ega bo‘lishi mumkin, bu esa ranglarni idrok etishda nafaqat lingvistik, balki extralingvistik faktorlarni ham muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. Ranglarni ifodolovchi leksemalar lingvistika, psixolingvistika, lingvokulturologiya kabi yo‘nalishlarning tadqiqot manbayi bo‘lgan. Xususan, M. Sadikova, V.A. Moskovich, I.S. Matchanova, R.M. Frumkina, A.P. Vasilevich, N.B.Baxilina, A.Bazarbayeva, Ch.B.Abdullayeva  kabi tadqiqotchilar ranglar va ularning ramziy ma’nolarini lingvokulturologik, kognitiv, qiyosiy-chog‘ishtirma tadqiqotlar olib borgan.  Ushbu maqolada ingliz va o‘zbek tillaridagi ranglarning kognitiv va lingvolkulturologik xususiyatlarining qiyosiy tahlili ko‘riladi. Bunda qizil, oq, qora, yashil  kabi ranglarni taqqoslash orqali tadqiqotda quyidagilarni aniqlaymiz:

  • Madaniyatlar o‘rtasidagi farqli va o‘xshash tomonlarni;
  • Milliy mentalitetning aks ettirilishini;
  • Ranglarning madaniyatdagi rolini;
  • Ranglarning baholovchi xususi-yatlarini.

Atrofimizdagi olam turfa xildir. Ushbu xilma-xillikni inson o ‘zining sezgilari bilan idrok etadi va ajratadi.  “Ranglar – inson vizual idrokining muhim qismi sanalib, obyektlarni farqlash va ajrata olish imkonini yaratadi” [Kravkov 1951: 5]. Ikki shaxsning ongida bir xil rang turlicha idrok qilinadi va shuning uchun nutqda turli xil ifoda ma’nolarini topishi mumkin. Misol uchun, G‘arb madaniyatida "yashil" xavfsizlikni anglatsa, Fransiyada bu “jinoyat”ni ifodalaydi; xitoyliklar uchun oq rang “motam va qayg‘u” ramzi bo‘lsa, yevropaliklar uchun bu funksiyalarni qora rang bajaradi. Shuning uchun insonning rang tili tabiatan aqliydir. Odamlar ranglar orqasida ma’nolarni ko‘radilar" [Maslova 2001: 105]. Atrofimizdagi olamni va tabiatni rangli ko‘rish inson tabiatiga xosdir va u yangi narsalarni yaratishda ularga nafaqat shakl beradi, balki rang fazilatlarini ham beradi. Insoniyat madaniyatida rang dunyoni falsafiy va estetik tushunish bilan chambarchas bog‘liqligi tufayli doimo katta ahamiyatga ega bo‘lgan.  Shu sababli ham rang va rangni belgilash masalasi falsafa, psixologiya, etnologiya, tilshunoslik, etnolingvistika va psixosemantika muammolariga kiritilgan. "Madaniyatning rang muhim rol o‘ynamaydigan sohasini topish qiyin" (Mironova 1993: 172).

Rang ma’nosini tushunishda lingvomadaniy yondashuv muhim ekanligini ta’kidlash joizdir. Rang - bu madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lib, u nafaqat umumiy, balki milliy- madaniy konseptlarning  xotirada shakllanishi, rivojlanishi, mustahkamlanishi yo‘llarini aks ettiruvchi "o‘ziga xos rivojlanish modelidir”. Rang xalqning tarixiy o‘ziga xosligi, turli etnik an’analarning o‘zaro ta’siri va dunyoqarashining o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni aks ettiradi [Svetlichnaya 2003: 11]. Tadqiqotchi A.Bazarbayeva turli til oilalariga tegishli bo‘lgan tillar: ingliz, o‘zbek, rus madaniyatining umumiy va oʼziga xos xususiyatlarini chog ‘ishtirma tahlil qilar ekan, ushbu tillarning rang konnotatsiyasi baʼzan mos kelishi, baʼzida esa farq qilishini ta’kidlaydi. Masalan: «krasnыy» – «qizil» ruscha «krasna devitsa» soʼz birikmasida va o‘zbekcha so‘z birikmasida «qizil yuz» (krasnoe litso) «chiroyli qiz» maʼnosini anglatadi, biroq, ingliz tilidagi «red in the face» so‘z birikmasi «uyalmoq, xijolat bo‘lmoq» maʼnosini ifodlaydi. Rus tilida «ochi belыe» – bu yorqin ko‘zlar, biroq, o‘zbek tilida «oq ko‘z» (so‘zma-so‘z oq ko ‘zlar) salbiy maʼnodagi kasal yoki sehrli ko‘zlarni anglatadi. Ingliz tilida bunday so‘z birikmasi mavjud emasligini dalillaydi [Bazarbayeva 2019: 14].  Rang madaniyatning tarkibiy qismi ekanligini ta’kidlab, u turli madaniyatlarning axloqiy va estetik qadriyatlarining timsoli ekanligini tan olishimiz kerak, chunki turli millat vakillari tomonidan olamning lingvorangli manzarasi har bir tadqiqotchining e’tiborini tortadi. Quyida ingliz va  o‘zbek lingvorang manzarasining umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarini qizil/red, yashil/green, oq va qora/white and black ranglari misolida ko‘rib chiqamiz. 

Qizil/Red

“Qizil" rang yer yuzida dastlabki paydo bo‘lgan ranglardan biri sanalib, tasviriy san’atda inson tanasini bo‘yash uchun foydalanilgan.  Shu sababli ham ushbu rang to‘g‘risida dastlabki qarashlar ham qon tushunchasi bilan bog‘liqdir. Hattoki, lug ‘atlardagi ma’nolariga yuzlanilganda ham dastlabki ma’nosi qonga aloqadorligini ko‘rsatadi: red is of colour of blood (CALD); qizil -qon rangidagi qirmizi, alvon (O‘zTIL). Shuningdek, qizil rang ayrim madaniyatlarda energiya, go‘zallik, jinnilik, muhabbat, shahvoniylik, olov kabi tushunchalarni ifodalaydi.  Xususan, ingliz madaniyatida qizil rang juda ham muhim ahamiyatga egaligini Fransuz qo‘mondoni Napaleon  quyidagicha izohlaydi: “Qizil rang- Angliyaning ramzidir, bu rangsiz ushbu davlatni tasavvur qilish qiyin”[Hakimova S.I. 2021-6]. Haqiqatan, bu rangni ingliz madaniyatining har qadamida topishimiz mumkin: qizil atirgul (red rose),   ikki qavatli avtobus (double-decker), telefon qutisi(telephone box), maktab formasi(school uniform) hamda ba’zi sport klublarining  emblemalarida. Bundan tashqari, Angliya tarixidagi ayrim voqealarda va milliy bayramlarida qizil rangning o‘rni beqiyosdir. Tarixdan bizga ma’lumki, 1455-485-yilllarda Angliya taxti uchun ikki sulola o‘rtasida shiddatli kurash bo‘ladi. Ushbu sulolalar o‘zlarining bayroqlaridagi atirgullarni simvol qilib olishadi: lankestarlar sulolasining bayrog ‘ida qizil rangli gul tasviri tushurilgan bo‘lsa, oq rangli gul esa Yorklarga tegishli bo‘ladi.  Shu tariqa ushbu jang “ Qizil va oq gullar” yoki “Atirgullar janggi nomi bilan qoladi. O‘ttiz yillik jang Qizil gullarnng g‘alabasi bilan tugagani va sulola vakili Henry XVIII qizil rangni va gulni Angliyaning milliy timsoliga aylantirgani hammaga ma’lumdir. Ayni vaqtda, bu qizil gul, Bitaniya tangasida ham aks etganligi qizil rang Angliya ramzi ekanligiga shubha yo ‘qligini ko‘rsatadi. Ba’zi bayramlar Valentin kuni (St.Valentine’s Day), Xotiralash kuni (The Remembrance Day), Qizil juma (Red Nose Day/ Red Friday) – xayriya kuni kabi bayramlarda ham qizil rang simvolik rang sanaladi. Ingliz tilida ushbu rang qatnashgan so‘z birikma va frazeologik birliklarida ham o‘z aksini topmasdan qolmagan. Masalan, “Ears are red, a red in the face” – uyalgan insonni ingliz xalqida ushbu birikma bilan tasvirlashadi, ya’ni uyalgan insonning dastlab quloqlari qizarib, so ‘ng qizarish yuziga  ko‘chadi va ushbu qizillik uning xijolatli holatdaligining belgisidir; red carpet”-  uchrashuvlarda muhim insonlarni kutib olish uchun oyoq ostiga tushaladi, ya’ni qizil – ulug‘vorlik, hurmat ma’nolarini ifodlaydi [Hakimova S.I. 2021-6]. O‘zbek xalqida ham qizil rangning ham ko‘p ma’noli ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Dastavval, qizil rangni hayot, tirikligimiz sababchisi- qon  bilan qiyoslab, davlat bayrog‘ida ham abadiylik, tiriklik, tanamizdagi qon ma’nolarida ushbu rangdan foydalanishgan. Shuningdek, ushbu rang feminist rang bo‘lishiga qaramasdan, o ‘zbek xotin-qizlar ushbu rangdagi liboslarni kiyishdan qochishadi, chunki qizil rangli ko‘ylak jalb qiluvchi, maftunkor, tez ko‘zga tashlanuvchandir. O‘zbek muslima ayollari bu bilan nazardan saqlanishga harakat qilishadi. Qizil rangning yana bir ifodalaydigan ramziy ma’nosi – ogohlantirish, bildirish sanalib, respubikamizning ayrim hududlarida – Samarqand, Navoiy, Buxoroning ba’zi tumanlarida ta’ziya bo‘lgan hovlining oldidagi daraxtga “qizil mato yoki dastro‘mol” bog‘lab qo‘yiladi va ushbu xonadondagi erkaklar bellariga qizil belbog‘ bog‘lashadi va bu bilan ular azadorligiga ishora qilishadi. O‘zbek tilidagi qizil rang qatnashgan so ‘z birikmalar o‘rganilganda, qip-qizil jinni, qip-qizil aldoqchi kabi birliklarda qizil rang ma’noni kuchaytirish uchun qo‘llanilayotgani ham aytib o ‘tish joizdir. Tahlillardan ko‘rinadiki, qizil rang ingliz va o ‘zbek tillarida  turli xil ma’nolarni ifodalamoqda. Ingliz xalqining milliy rangi sanalgan qizil rang o‘zbek xalqida rangning  umumiy ma’nolariga – ogohlantirish, tiriklik, maftunkorlik  asoslanmoqda.

Yashil/Green

Yashil rang tabiat ramzi bo ‘lish bilan birga, bir necha majoziy ma’nolarga egaligi ham tadqiq qilindi. Xususan, ingliz madaniyatida “green packaging, green area, green energy, green thumb” kabi birikmalar mavjud bo ‘lib, bu o rinda yashil rang tabiatga zarar yetkazmasdan qadoqlash, energiya foydalanish, yashil hududlarni va ularning sonini ko‘paytirib himoya qilish, asrash demakdir. Shuningdek, ushbu rang ingliz madaniyatida tajribasiz, hali yosh insonni tasvirlashda ham ishlatiladi. Ayrim mevalar(gilos, olxo‘ri, pishib, pomidor…) yetilishidan oldin yashil rangda bo‘ladi va ular hali iste’molga tayyor emaslikka ishora qiladi. Yashil rangning biologik xususiyatlariga asoslanib, hali xom, tajribasiz insonni ingliz madaniyatida ushbu rang bilan ifodlashadi: I was green when I started working here. (Men bu yerda ishlashni boshlaganimda hali tajribasiz edim). Yashil rang – Birlashgan qirollikning biri bo‘lgan  Irlandiyaning milliy ramzidir, chunki davlat yashil rangdagi zumrad toshlar bilan qoplangan va “Zumrad oroli(Emerald Isle)” sifatida dunyoga tanilgan. O‘zbek madaniyatida yashil rang alohida ahamiyat kasb etmaydi, lekin, hududning geografik joylashuvi yashil o ‘lka ekanligidan dalolat beradi. Tadqiqtochi Jumaniyozov shu o‘rinda, yashil rangni Islom dinining ramzi ekanligini va dinning muqaddas kitobi – Qur’onda keltirilishicha, jannat yam-yashil, undagi insonlar esa yashil o‘rinlarda yotishi haqida, shuningdek, yashil rang payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ning sevimli rangi bo‘lganligi haqida ta’kidlaydi [Jumaniyozov 2020: 31).

Oq va qora/Black and white

Oq va qora ranglar doim bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi, ya’ni yaxshilik va yomonlikni ifodalovchi ramziy juft ranglardir. Xususan, ingliz xalqida qora rang – yovuzlik, uyat va sehr-jodu kabi salbiy konnotatsiyalarga ega va tilda quyidagi til birliklari bilan ifodalangan: black cat, blacklist, black sheep ,black mood, Black Friday. Masalan, black sheep of the family  – bu birikma oila sha’niga uyat olib keluvchi a’zosini tasvirlash uchun ishlatiladi; black mood – Buyuk Britaniyaning vaziri bo ‘lgan U. Chirchill o‘zining shaxsiy va kasbiy faoliyati natijasidagi tushkunlik holatini shunaqa nomlagan. Shuningdek, siyosiy muvafaqqiyatsizlikka uchrab, ruhiy jihatdan qiynalayotgandagi holatini ”my black dog” deb ta’riflagan; black cat – yovuzlik, omadsizlik olib keluvchi hayvon hisoblanib, ingliz milliy bayramining – Halloween ramzi sanaladi. Ingliz folklor va adabiyot namunalaridan ham qora rangning salbiy xususiyatiga e’tibor qaratilgan: “Whenever the cat of the house is black, the lasses of lovers will have no lack or shortage.”  Ushbu ingliz maqoli uyida qora mushuk saqlagan insonning omadi bo‘lmasligi haqida ta’kidlamoqda. Mashhur ingliz hikoyanavisi Edgar Allen Po ham “Black cat “ nomli hikoyasida qora mushukni uyga yovuzlik, omadsizlik olib keluvchi hayvon sifatida yoritib bergan. Motam marosimlarida ham nafaqat ingliz xalqi, balki yurtimizning ayrim hududlari –Toshkent va vodiy tomonlarda qora libos kiyishadi. Bunda ushbu rang g‘am-qayg‘u, qora kunlar ma’nosini ifodalash uchun xizmat qilmoqda. O ‘zbek xalqida ham qora ,asosan, salbiy ma’noni bildiradi: qoraxat, qora niyat, qora kun, qora atirgul, yaxshiga qora yo ‘qmas, oqni qoradan ajratmoq, oralaridan qora mushuk o‘tmoq, baxti qora kabilar. Qoraxat – Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yoki bedarak yo ‘qolgan insonlarning oilalariga bu mash’um xabarni yetkazuchi hujjat bo‘lgan; qora niyat – niyati buzuq, yomon bo‘lgan insonning xohishi-istaklaridir; qora kun – bu insoning hayotdagi qiyinchilik kunlari, ya’ni moliyaviy yoki sog‘ligi bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatlar.  “Qora rang elga toji torakdur, kim bu rang ichradur, muborakdu”. Hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub ushbu misralarda qora rang – yoshlik ramzi sanaladi, ya’ni kimni sochi qora bo ‘lsa, uning navqironligi, oq oralashi qarilik amolati ekanligini ta’kidlagan.  Ko‘rib turganimizdek, ingliz va o ‘zbek tillarida qora rang aksariyat ma’nolarda salbiy bahoga ega bo ‘lmoqda.

Oq/White– beg‘uborlik, poklik ramzi bo‘lgan ushbu rang ingliz va o‘zbek xalqlarida ham ijobiy  ma’nolarini anglatadi. Masalan, ikkala xalqda ham kelinlar to‘y kunlari oq libos kiyishadi, bu ularning ezgu niyatlar ila yangi haytga qadam qo‘yishidan ishora. Qora rang yerosti rangini aks ettirsa, oq rang-  jannat ramzi sanaladi, ya’ni ushbu rang soflik, poklik, beg‘uborlik, tinchlik ramziy ma’nolariga ega. Xususan, ingliz madaniyatida White house (Oq uy – adolat ramzi), white way (oq yo‘l), white collar (ofisda ishlaydigan qora ishchidan farq qiladigan kasblar) kabi ijobiy konotatsiyaga egadir. O‘zbek xalqida ham oq yo‘l, oq fotiha, oq niyat, oq baxt, oqbilak oq ilon kabi so‘z  birikmalar ham oq rangning ijobiy ma’nolarini ifodalashga xizmat qilmoqda. Masalan, oq ilonni avliyo, farishta ilon deb hisoblashib, uni o‘ldirishmaydi, chunki xalqimizda uni ko‘rgan inson boy va baxtli bo‘ladi degan qarashlar bor. “Toleing toabad bo’lmasin qora, manglaying oq bolsin, yarqiroq bo’lsin.” O‘zbekiston xalq shoiri A.Oripov qalamiga mansub ushbu misralarda qora va oq ranglari bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilib, omad va omadsizlikni ifodalab kelmoqda. Hazrat Alisher Navoiyning “Xamsa” asarining beshinchi dostonini “Sabbayi sayyor” ranglar jilosi va ularning mohiyati bilan bog‘laydi. Unga ko‘ra, Podshoh Bahrom yetti kuni davomida yetti xil qasrda yetti xil hikoyani tinglaydi. Eng so‘nggi hikoyani shoh oq qasrda tinglaydi va sevgilisi Dilorom bilan tanishadi. Bundan anglashiladiki, oq rang ezguliklar olib keluvchi rangdir.

Boshqa ranglar kabi ushbu ranglar ham salbiy konnotataiyani shakllantiradi. Mavlon Rumiy o‘zining “Ichingdagi ichingdadir” asarida quyidagi jumlalarni bitgan: Oq rang har doim ham go‘zallikni ifodalamaydi. Zero, kafan oqdir, ammo, qo’rqinchlidir.  Qora rang har doim ham qabohatni anglatmaydi. Zero, Ka’ba qoradir, lekin, go‘zallikda tensizdir. (Rumiy 1997: 58) Misralarga tayangan holda, quyida oq rang salbiy konnotatsiyani, qora rang esa ijobiy konnotatsiyani ifodalashi mumkin.  Masalan, ingliz tilida oq rang – sovuq rang sanalib, qahr -g ‘azab,  qattiqqo ‘llik kabi majoziy ma’nolarga ega. Mashhur ingliz  animatsion multifilm “Frozen(Muz malikasi)” orqali oq rangning yuqoridagi salbiy ma’nolari aks ettirgan: muzlagan qalb, qahr-g ‘azab va sovuqlik. O‘zbek xalqida ham oqpadar, oq qilmoq misralari salbiy ma’noga ega bo‘lib, ota-ona tomonidan o‘z farzandini juda qattiq gunohi evaziga undan ma’naviy jihatdan voz kechganda ishlatiladigan birikma mavjuddir. O‘zbek tilidagi oqarmoq leksemasi ham insonning kasalligidan yoki tashvish holatidan belgi beradi, bunda ham oq rang salbiy bahoga egadir. Demak, oq va qora ranglar ingliz va o ‘zbek madaniyatlarida ham salbiy, ham ijobiy xarakterga egadir.

Shunday qilib, rang ifodalovchi leksikaning qiyosiy-chog‘ishtirma tadqiqi nafaqat lingvistik omillarni, balki rang anglatuvchi leksikaning rolini ham belgilaydi. Bularning barchasi: milliy psixologiya va ong xususiyatlari, xalqlarning urf-odatlari, madaniy anʼanalar, turmush tarzi, shuningdek, turli holatlar, obyektiv haqiqat faktlari kabi bir qator ekstralingvistik omillar bilan bog‘liq. Turli tillarning leksik va frazeologik birliklarida rang nomlaridagi mushtaraklik ushbu ranglar olamini anglashning asosiy manbasi va eng qiziqarlisi, har bir xalqda ranglarning ham salbiy, ham ijobiy bahoga egaligidir. Bu esa lingvorang olamining yanada lingvo-kognitiv tahlilini takomillashtirish kerakligidan dalolat beradi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

 

  1. Базарбаева А. М. Инглиз, ўзбек ва рус тилларида ранг ифодаланишининг когнитив-семантик тузилиши. Автореф. дис.... канд. филол. наук. - Т.: 2019.- C 12.
  2. Jumaniyozov S. A.Navoiyning asarlarida ranglar jilosi. "Science and Education" scientific journal, 2020.- S.110-120.
  3. Кравков С. В. Цветовое зрение– Москва :Академии Наук СССР, 1951. – 180 с.
  4. Khakimova S.I. Linguacultural aspects of primary colors in English and Uzbek languages.Vol 2, Issue 2,2022 - p. 26-31.
  5. Maslova V. A. Lingvokul’turologiya – Moscow: Akademiya, 2001. – 208 c.
  6. Mironova L.N. Semantics of color in the evolution of the human psyche // The problem of color in psychology. - M.: Flinta 1993. –  Pp. 172-188. - ISBN 5-02-013405-8.
  7. Rumiy J. Ichindagi ichingdadir. – Toshkent: Yozuvchi, 1997. – 134 s.
  8. Светличная Т.Ю. Сравнительные лингвокультурные характеристики цветообозначения и цветовосприятия в английском и русском языках: Автореф. дис. ... канд. филол. наук. – Пятигорск, 2003. – 17 с.
  9. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5-jildli. 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasi – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006.
  10. Cambridge Dictionary. Cambridge: Cambridge University Press, 2020.  https://dictionary.cambridge.org/dictionary/

 

 

Xакимова С. Лингвоцветная символическая картина мира на английском и узбекском языках. Цвет является отражением различных духовных и эстетических свойств. Поэтому цвет считается одной из основных категорий культуры, он дает уникальную информацию об окружающем мире и существовании, сообщает об историческом развитии народа, традициях и взглядах различных этносов, особенностях понимания мира. Сходства и различия в выражении цвета связаны с разнообразием ландшафтов мира, которые отражают языковые, историко-культурные, климатические и ряд других особенностей представителей разных культур. В ходе исследования было определено, насколько совместим языково-символический ландшафт мира в обоих изучаемых языках. Так же было подтверждено, что символические цвета являются основой этнокультуры.

 

Khakimova S. Lingua-color symbolic picture of the world in English and Uzbek. Color is a reflection of various spiritual and aesthetic properties. Therefore, color is considered one of the main categories of culture; it provides unique information about the surrounding world and existence, informs about the historical development of the people, the traditions and views of various ethnic groups, and the peculiarities of understanding the world. Similarities and differences in the expression of color are associated with the diversity of landscapes of the world, which reflect the linguistic, historical, cultural, climatic and a number of other characteristics of representatives of different cultures. The study determined how compatible the linguistic-symbolic landscape of the world is in both languages being studied. It was also confirmed that symbolic colors are the basis of ethnoculture.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati