Tilshunoslik fani taraqqiyotining hozirgi davrigacha so‘z birikmasi tadqiqi masalasi jahon tilshunosligida tadqiqotlar kun tartibidagi eng dolzarb muammolarni o‘zida taqozo etuvchi tekshiruv obyektlaridan biri bo‘lib keldi va bu sohada salmoqli ilmiy ishlar bajarildi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, uni muammolardan xoli deb bo‘lmaydi. Zotan, bugungi kungacha so‘z birikmasi lingvistik maqomini belgilash nuqsonli bo‘lib qolmoqda. So‘z birikmalari hozirgacha tobe komponentli sintaktik qurilma sifatida izohlanib kelinmoqda. Bu esa teng komponentli so‘z birikmalari xususida so‘z yuritishga monelik qilishi tabiiydir. Vaholanki, tobe komponentli so‘z birikmalari bilan bir qatorda teng komponentli so‘z birikmalari ham mavjudligini inkor etish qiyin. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, ba’zi tilshunoslar tobe komponentli so‘z birikmalaridan tashqari teng komponentli sintaktik qurilmalarni ham so‘z birikmasi qolipida o‘rganish lozimligini ta’kidlashmoqdalarki, bu bilan to‘liq qo‘shilish mumkin. Albatta, bu o‘rinda biz eslatib o‘tayotgan muammolar masala tavsifining faqat bir jihatinigina tashkil etadi. Chunki so‘z birikmalarining qiyosiy tadqiqi bobida ham hali bajarilishi lozim bo‘lgan masalalar talaygina ekanini ko‘ramiz. Ayniqsa, teng komponentli so‘z birikmalarining qiyosiy tadqiqiga bag‘ishlangan monografik xarakterli ishlar mavjudligini hali tasdiqlay olmaymiz. Xususan, noqarindosh tillar materialida mazkur masalani o‘rganishga bag‘ishlangan birorta ham ishni ko‘rsatib bera olmaymiz.
So‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishuvi masalasi tilshunoslarni azaldan qiziqtirib keladi. Shu bois tilshunoslik fanida bu muammoga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy tadqiqot ishlari vujudga keldi. Ammo shuni ham aytish kerakki, so‘zlarning sintaktik munosabatga kirishuvini o‘rganishga G‘arb tilshunoslari ishlarida ko‘proq «sintagma» atamasi asosida fikr bildirilgan bo‘lsa, rus tilshunosligi va sobiq Ittifoq tarkibidagi boshqa milliy tilshunosliklarda mazkur masala «so‘z birikmasi» termini zamirida tadqiq etilib kelindi.
Bu masala qariyb barcha tillar materialida maxsus tekshiruv obyekti sifatida o‘rganildi. Biroq, hind-ovrupo tilshunosligida, xususan, rus va nemis tilshunosligida bu sohada ancha salmoqli ishlar qilindi. Quyida ana shu haqda qisqacha ma’lumot berishni maqsadga muvofiq topdik.
Rus tilshunosligida mazkur muammoning o‘rganilishi tarixiy ildizi ancha chuqur bo‘lib, uning asoschilaridan biri M.V. Lomonosovdir. U ham 1757-yilda nashr etilgan «Rossiya grammatikasi» nomli ishida quyidagilarni ta’kidlagan edi. Fikrimizning ifoda etilishi uchun mustaqil so‘zlar biri ikkinchisi bilan munosabatga kirishadi » [1.26].
M.V.Lomonosov sintaksisning asosiy vazifasi ham so‘z turkumlarining o‘zaro aloqaga kirishishini o‘rganishdan iborat ekanligini to‘g‘ri ta’riflab bergan edi.
So‘zlarning o‘zaro birikuvi xususida M.V.Lomonosovning fikri A.X. Vostokov tomonidan izchil rivojlantirildi. Uning 1831-yilda chop etilgan «Rus grammatikasi» nomli asarida sintaksis grammatikaning so‘z birikmalarini o‘rganuvchi muayyan bir qismi ekanligi alohida qayd etilganini ko‘ramiz. Olim tadqiqotining muhim tomonlaridan biri shundaki, u so‘zlarning o‘zaro moslashuvi va birining ikkinchisi tomonidan boshqariluvi haqida ham ma’lumot beradi va shu asosda sintaktik aloqa turini ikkiga bo‘lib o‘rganadi [2.101].
Rus tilshunosligi tarixida so‘z birikmasi xususidagi F.F. Fortunatov ta’limoti alohida o‘rinda turadi. F.F. Fortunatovning boshqa tilshunoslardan farqi shundaki, u o‘z tadqiqotlarida ko‘p yillardan buyon hukm surib kelayotgan mantiq (logika) hokimligiga (qisman bo‘lsa-da) barham beradi va so‘z birikmasi nazariyasini psixologik nuqtayi nazardan izohlab berishga erishadi. Uning tadqiqot ishlarida ham sintaksisning asosiy vazifasi so‘z birikmalari tabiatini o‘rganishdan iborat ekanligi ta’kidlanadi. Shu sababli u gapni ham so‘z birikmasining tugal fikr anglatuvchi bir ko‘rinishi deb hisoblaydi. F.F.Fortunatovning fikriga ko‘ra, tugal fikr anglatuvchi so‘z birikmasi va gap sinonimik tushunchalardir. F.F.Fortunatovning so‘z birikmasi mavzusiga bag‘ishlangan ta’limoti, bizningcha, alohida ahamiyatga ega. Chunki bunda so‘z birikmalarining nafaqat nopredikativ, balki predikativli turi haqida ham ma’lumot beriladi. Ayniqsa, uning ochiq va yopiq strukturali so‘z birikmalari xususida bergan ma’lumoti e’tiborga molikdir, zero, ochiq strukturali so‘z birikmalari tom ma’noda birikma maqomida kelsa, yopiq strukturali so‘z birikmalari gap maqomida voqelanadi [3.183].
F.F.Fortunatovning mazkur fikr va mulohazalari A.M.Peshkovskiyning tadqiqot ishlarida ham o‘z aksini topa boshlaydi. Buni A.M.Peshkovskiyning sintaksisning asosiy vazifasi so‘z birikmalarini o‘rganishdan iborat ekanligi xususida aytilgan fikrida bemalol kuzatish mumkin. Olim so‘z birikmasi ta’rifini quyidagicha beradi: «So‘z birikmasi ikki yoki bir necha so‘zning nutqda mazmuniga ko‘ra birikishidir» [4.35].
Ko‘rinadiki, A.M.Peshkovskiyning bu mulohazasida boshqalar tomonidan so‘z birikmasi kamida ikki mustaqil so‘zning tobelik asosida bog‘lanishidan tashkil topishi haqida aytilgan fikr talab va shart qilib qo‘yilayotgani yo‘q. Ammo, u hozirgi tilshunoslikda biz bir so‘zli gap deb o‘rganayotgan sintaktik qurilmalar ham so‘z birikmasi maqomida ekanligini ta’kidlaydi [4.44].
Ayni paytda A.M.Peshkovskiyning bu fikri g‘ayritabiiydek ko‘rinsa ham, ikkinchi tomondan ma’lum darajada asoslidir. Masalan, Зима! yoki Весна! tarzidagi bir so‘zli gaplarning sintaktik shakllanishida, bizningcha, nutq muhitining yashirin holatdagi qandaydir unsuri ham ishtirok etadi. Qiyoslang:
Qish! Qahraton qish! Bahor! - Ko‘rkam bahor!
A.A.Reformatskiy esa so‘z gaplarni binar munosabatli, ya’ni ikki muchali sintagma sanalishi mumkinligini aytadi. Unga ko‘ra, bu sintagma so‘z-gaplarda, masalan, Морозит gapida aniqlovchi - aniqlanmish munosabati mavjudligi qayd etiladi:
мороз- aniqlanmish, - ит aniqlovchi.
Bu xildagi gaplarni A.A.Reformatskiy yashirin munosabatli sintagma deb ataydi [5.327].
Ana shu bois bir so‘zli gaplarning so‘z birikmasi maqomida ekanligi, nazarimizda, taajjubdan xolidir. Lekin shuni ham aytish lozimki, bir so‘zli gaplarda kamida ikki so‘zning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishayotganini kuzatib bo‘lmaydi.
So‘z birikmalari lingvistik tabiatini o‘rganishda nemis tilshunosi Y.Risning ham alohida o‘rni bor. U ham sintaksisning asosiy vazifasi so‘zlarning o‘zaro munosabatini, ularning birikuvini o‘rganishdan iborat, degan g‘oyani olg‘a suradi.
L.Ris so‘z birikmalarini quyi pog‘onadagi sintaktik birlik deb tushunadi va ularni yuqori pog‘onadagi sintaktik birlikdan, ya’ni gapdan keskin farqlaydi. Zotan, so‘z birikmalari nutqning mustaqil bo‘laklari bo‘la olmaydi, ular gap tarkibidagina qo‘llanila oladi. Bu esa, o‘z navbatida, so‘z birikmalari tugal fikr ifodasini bera olmasligi bilan bevosita bog‘lanadi [6.5].
I.Ris ta’limotida so‘z birikmalari mustaqil so‘zlar bilan qiyos qilib o‘rganiladi. Bunda so‘z birikmalari mustaqil so‘zlar singari har qanday gap tarkibida qo‘llanilganda ham bir xil komponentlarga ega bo‘lishi va bir xil ma’no anglatishi alohida qayd etiladi [6.9].
Bizningcha, Y.Risning so‘z birikmasi nazariyasi bugungi tilshunosligimizda ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Chunki so‘z birikmalarini mustaqil so‘zlar bilan qiyoslab o‘rganish ularning nominativ birlik ekanligini ko‘rsatib beradi. Nominativ birlik masalasi esa bugungi onomasiologiyaning dolzarb muammolaridan birini taqozo etadi. Shuni ham aytish kerakki, nemis tilshunosligida so‘z birikmasi mavzusi ancha mukammal o‘rganilgan va o‘ziga xos yo‘nalishga ega. Bunda artikl bilan otning birikuvi ham so‘z birikmasi sifatida (das Buch) talqin etiladi [6.11].
Bunday fikr va mulohazalarni nemis tilshunoslari O.Bexagel, I.Erben kabilarda kuzatamiz [7.28-30].
Erkin so‘z birikmalari, shu jumladan, komponentlari tenglik asosida bog‘langan so‘z birikmalari ham nutqda shakllanadi. Chunki bunday birikmalarning komponentlari o‘zaro munosabatga kirishi uchun nutqda ehtiyoj tug‘iladi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning derivatsion munosabatlari bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Ayni paytda shuni ham aytish kerakki, so‘z birikmalarining sintaktik derivatsiyasi gapning derivatsion tamoyillaridan farq qiladi. Chunki hosila, ya’ni derivat shaklidagi gap muqarrar ravishda biror tayanch strukturaga asoslanadi.
Masalan, Karim wrote a letter gapning shu holatdagi hosila (derivat) shaklini olishi uchun Karim wrote (Karim yozdi) jumlasi tayanch struktura vazifasini bajarmoqda. Tayanch strukturaning vujudga kelishi esa wrote shaklidagi tub strukturaga asoslanmoqda.
Tub struktura va uning bo‘sh o‘rinlarini to‘ldirish natijasida hosil bo‘lgan tayanch strukturada ham derivatsion jarayon kuzatilmaydi, zotan, ularda hosila strukturani shakllantiruvchi biror morfologik vosita bo‘lmaydi. Shuning uchun sintaktik derivatsiyaning daslabki shakli voqelanishi uchun bunday strukturalar tayanch vazifasini bajaradi. Ehtimol, shu bois ba’zi tadqiqot ishlarida ularni tub struktura deb ham atashadi. Biroq, bizning ishimizda tub struktura deganda gapning eng kichik ko‘rinishini tashkil etish uchun asos bo‘ladigan minimal va mavhum tafakkur strukturasi tushuniladi [8.11].
So‘z birikmasi har doim hosila (derivat) struktura tarzida shakllanadi [9.39-41]. Bunday vaziyat, albatta, tayanch struktura tushunchasiga ehtiyoj qoldirmaydi. Biroq, zarurat bo‘lganda tobe komponentli so‘z birikmalarida an’anaga ko‘ra hokim so‘z deb yuritilib kelinayotgan so‘zni birikma yasalishi uchun asos deb ko‘rsatish mumkin. Ammo, birikmaning sintaktik derivatsiyasi nuqtayi nazaridan tobe so‘z kata nufuzga ega bo‘ladi. Chunki mazkur so‘zning ishtirokisiz hosila yasalmaydi. Teng komponentli so‘z birikmalarida esa hokim so‘zni belgilab bo‘lmaydi, zero, birikma strukrurasini tashkil etayotgan har bir so‘z o‘zicha mustaqil bo‘ladi:
My friend and I
Men and women.
Keltirilgan so‘z birikmalari teng komponentli bo‘lgani uchun ularning komponentlaridan birini hokim deya olmaymiz. Birikmalarda komponentlarining o‘rinlarini almashtirib qo‘llaganimizda ham hech narsa o‘zgarmaydi:
I and friend; Women and men.
Teng komponentli so‘z birikmalari, asosan, ikki xil ko‘rinishda, ya’ni bog‘lovchili va bog‘lovchisiz holatda shakllanadi. Ular, albatta, derivatsion tamoyillarga ko‘ra qisman farqlanadi.
Bog‘lovchili teng komponentli so‘z birikmalari sintaktik derivatsiyasining voqelanishi bog‘lovchi vazifasidagi vosita bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi:
Celia was pretty and a good companion (P. Abrahams).
Bu o‘rinda berilgan gap sathida shakllanayotgan prettyand a good (chiroyli va yaxshi) tarzidagi so‘z birikmasining sintaktik derivatsiyasi operatori vazifasida and bog‘lovchisi kelayotganini ko‘ramiz.
Derivatsiya operandlari maqomida esa pretty, good so‘zlari qo‘llanilmoqda. Derivatsion jarayon ana shu ikki operandni bir-biri bilan bog‘lash va kommunikativ muhitga kiritish imkoniyatini tug‘dirish uchun xizmat qilmoqda. Ayni puytda ham birikma komponentlarining o‘rinlarini almashtirib qo‘yish mumkin. Lekin, buning so‘z birikmasi sintaktik derivatsiyasi voqelanishiga ta’siri sezilmaydi.
Yuqoridagilardan tashqari, birikma tarkibiga yangi so‘zlarni ham kiritish mumkin: Smith drove slowly and in silence (I. Shaw).
Bu gap sathida vujudga kelgan slowly and in silence tarzidagi teng komponentli so‘z birikmasiga e’tibor qaratamiz. Mazkur birikma sintaktik derivatsiyasi ham and operatori ko‘magida voqelanmoqda. Birikma derivatsiyasining operandlari - slowly va silence so‘zlarining derivatsion munosabati aynan ana shu operator vositasida vujudga kelmoqda (…sekin va jimgina).
Yuqorida komponentlari teng bog‘lanuvchi so‘z birikmalari derivatsiyasining operandlari mustaqil xarakterli bo‘lishini eslatib o‘tgan edik. Bunday mustaqillik ular nutqda qo‘llanganida ham kuzatilishi mumkin. Fikr isboti uchun quyidagi misolda berilayotgan transformatsion o‘zgarishga e'tibor qarataylik:
Poverty and beauty certainly made un an affecting combination (Th.Dreiser)
1. Poverty certainly made un an affecting combination.
2. Beauty certainly made un an affecting combination.
Ko‘rinadiki, so‘z birikmasi sathida and bog‘lovchisi vositasida munosabatga kirishayotgan poverty va beauty so‘zlarining har biri berilgan gaplar tarkibida mustaqil holda qo‘llanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ularning so‘z birikmasi sathida qo‘llanilishi ham mustaqil pozitsiyali ekanligidan dalolat beradi. Ulaming birikma tarkibida o‘zaro bog‘lanishini faqat and bog‘lovchisi ta’minlamoqda, xolos.
Bog‘lovchili teng komponentli so‘z birikmalari sintaktik derivatsiyasi operatori vazifasida keluvchi and, but, yet, or, rather, than, as well as singari bog‘lovchilar bilan belgilanadi. Lingvistik manbalarda bu bog‘lovchilar hozirgi ingliz tilida sodda gaplar tarkibida qo‘llanilishi qayd etilgan [10.119].
Biroq, ularning real qo‘llanilishida ba’zi o‘ziga xos xususiyatlar borligini ham kuzatamiz. Masalan, yer va but bog‘lovchilarining distributiv, ya’ni qanday qurshovlarda kela olishi xususiyatlariga e’tibor beraylik. Yet bog‘lovchisi sifatlar, fe’llar bilan qo‘llanilishidan tashqari olmoshlar oralig‘ida hamda boshqa turkumlarga oid so‘zlar qurshovida ham qo‘llanilishi mumkin.
Shuni ham aytish kerakki, yet va but bog‘lovchilari sinonimik ahamiyat kasb etsa ham, bu ma’nodoshlik ularning ayni paytda eslatib o‘tilgan qurshov xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Derivatsion nuqtayi nazardan yuqorida berilgan bog‘lovchilar bir-biridan funksional qimmatlariga ko‘ra farq qilmaydi, zotan, ular derivatsiya operatori sifatida bir xil vazifa bajaradi. Quyida ularning ayrimlarini konkret misollar orqali ko‘rib o‘tamiz:
Arthur refused everything but a piece of bread (E. Voynich).
Bu o‘rinda teng komponentli so‘z birikmasini sintaktik derivatsiyasi but bog‘lovchisi bilan uzviy bog‘liq ekanligini ko‘ramiz. Boshqacha aytganda, mazkur bog‘lovchi operator vazifasida kelib, birikmaning sintaktik shaklini voqelantirmoqda. Uning so‘z birikmasi tarkibiga qay tarzda kiritilishi va o‘ziga xos sintaktik vazifalar bajarishi L.S. Barxudarov tomonidan quyidagicha izohlanadi.
Arthur refused everything.
Arthur did not refuse a piece of bread. -> Arthur refused everything but.
Arthur did not refuse a piece of bread -+ Arthur refused everything but did not refuse a piece of bread - Arthur refused everything but a piece of bread [10.119].
Berilgan misollarda but bog‘lovchisi ikki xil qurshovda: … everything but
did not… va everything but a piece qurshovlarida qo‘llanilganini ko‘ramiz.
Quyidagi misolda esa yanada boshqacharoq qurshov bilan bog‘lanishi namoyon etiladi:
Now she had nothing but her purse (E.Welty) -> Now she had nothing +
Now had her purse - Now she had nothing but now she had her purse - Now she had nothing but had her purse - Now she had nothing but her purse.
Teng komponentli so‘z birikmasi derivatsiyasi ba’zi holatlarda tarkibli operatorga tayanishi ham mumkin. Bunday operatorni derivatologiyada dubloperator (qo‘sh operator) deb ham yuritiladi:
The precept as well as the practice ofthe Church was distinctly against matrimony (O.Wilde).
Ayti paytda shakllanayotgan the precept as well as the practice teng komponentli so‘z birikmasining sintaktik derivatsiyasi as well as ko‘rinishidagi dubloperatorga asoslanmoqda. Bunday operator sodda operatorlardan vazifasiga ko‘ra farq qiladi. Bu o‘rinda u uch qismdan iborat bo‘lgan tarkibli ko‘rinishda ekanligini kuzatamiz.
Tarkibli, ya’ni dubloperator ba’zi nutq muhitida bo‘linib ko‘llaniladi. Bunday vaziyatda dubloperatorning bir qismi oldingi operanddan oldin, ikkinchi qismi esa keyingi operanddan oldin qo‘llaniladi.
Shuni ham aytish kerakki, teng komponentli so‘z birikmalari derivatsion xususiyatlarini o‘rganish masalasiga tilshunoslik fani taraqiyotining bugungi davriga qadar yetarli darajada e’tibor berilmadi. Agar ta'bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, mazkur masala tavsifi derivatsion tadqiqotlar bosqichiga ko‘tarilmadi. Vaholanki, til birikmalarining nutqda real qo‘llanilishi masalasi bugungi kunda dolzarbdir. Ayni sha nuqtayi nazardan teng komponentli so‘z birikmalari derivatsion tamoyillarini o‘rganish masalasini ham dolzarb deb hisoblaymiz.
Xulosa qilib aytganda, teng komponentli so‘z birikmasi tobe komponentli birikmalar bilan bir qatorda o‘z lingvistik maqomiga ega. Teng komponentli so‘z birikmasi erkin birikmalarning o‘ziga xos bir ko‘rinishini taqozo etadi. Teng komponentli so‘z birikmasi ingliz tilshunosligida alohida maqomga ega bo‘lgan nutq birligi sifatida talqin etiladi. Biroq, o‘zbek tilshunosligida, ba’zi ishlarni hisobga olmaganda, bunday birikmalar nafaqat darslik va o‘quv qo‘llanmalarida, balki tadqiqot ishlarida ham alohida mavzu sifatida kun tartibiga hamon qo‘yilgani yo‘q. Bunday vaziyat, shubhasiz, rus tilshunosligining ta’sirida vujudga kelganligi izoh talab qilmaydi. Biroq, bugungi kunda ruş tilshunosligida ham, garchi odat tusiga kirib qolgan so‘z birikmasi ta’limotiga zid bo‘lsa-da, erkin so‘z birikmalarining teng komponentli bog‘lanishga asoslangan turi mavjudligi haqida fikr bildirilmoqda.Teng komponentli so‘z birikmalarining hozirgi ingliz va o‘zbek tilllari materiali asosidagi tahlili mazkur birikmaning har ikki tilda ham shakllanish tamoyillari o‘rtasida keskin farq yo‘qligini ko‘rsatdi. Boshqacha aytganda, bunday birikmalarning lingvistik maqomi mushtarakdir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Ибаев А. Некоторые соображения о деривации сочинительных словосочетаний в английском и узбекском языках. По сей день определение лингвистического статуса словосочитания остаётся неопределённым. Словосочитаня до сих пор интерпретировались как синтаксические строения с подчиненным компонентом. Это, естественно, мешает изучению словосочетаний с равными компонентами. Однако трудно отрицать, что наряду со словосочетаниями с подчиненными компонентами существуют также словосочетания с равными компонентами. Но, несмотря на это, некоторые лингвисты утверждают, что, помимо зависимых компонентных словосочетаний, синтаксические устройства с равными компонентами также должны быть изучены в форме словосочитаний, что может быть полностью согласовано. Конечно, проблемы, о которых мы упоминаем здесь, составляют лишь один аспект описания проблемы. Потому что даже в рамках сравнительных исследований словосочитаний мы видим, что есть еще много вопросов, которые предстоит решить. В этой статье представлен анализ аналогичных вопросов.
Ibayev A. Some considerations on the derivation of compositional phrases in English and Uzbek. To this day, the definition of the linguistic status of a phrase remains uncertain. Phrases have so far been interpreted as syntactic structures with a subordinate component. This, of course, prevents the study of phrases with equal components. However, it is difficult to deny that along with phrases with subordinate components, there are also phrases with equal components. But despite this, some linguists argue that, in addition to dependent component phrases, syntactic devices with equal components should also be studied in the form of phrases, which can be fully consistent. Of course, the problems we mention here are only one aspect of the problem description. Because even within the framework of comparative studies of phrases, we see that there are still many issues that need to be resolved. This article presents an analysis of similar issues.