Xalqning milliy-madaniy dunyoqarashi mikrotoponimlar yuzaga kelishida ham o‘z aksini topishi doimiy holatdir. Mikrotoponim mundarijasi olamning idroki sharoitida shakllanib, u obyektiv voqelikning subyektiv obrazidan iboratdir. Mikrotoponimlar motivlashuvida olamni bilish uchun zarur bo‘lgan holatlar, ramziy belgilar muhim rol o‘taydi.
Mikrotoponimlar tizimiga oronim va oykonimlar kiradi. Oronimlar tog‘, dovon, bog‘, o‘rmon, qoya, vodiy kabi jug‘rofiy obyektlarni nomlash uchun qo‘llaniladi. Ingliz ertaklarida uchraydigan oronimlar turlicha motivlanib, turli topoasoslar negizida yuzaga kelgan.
Masalan, tog‘liq hududlar, qirg‘oq nomlari (Castle hill, Tootal height, sharp top, Land's end, Budley Sands va hokazo) bilan birgalikda, o‘rmonlar nomlari (Batwoth Park, Penworthan wood va boshalar) ham uchraydi. G‘orlar va boshqa hududiy obyektlar nomlari esa kamdan-kam holatlarda eslatiladi: the giant's cave, silverdale, merry-garden, tarr steps etc. Ushbu qatordagi oronimlarning ertak matnida faollashuvida ba’zan ma’lum stilistik maqsad ko‘zlanib, obyekt yoki personajga nisbatan kinoyali munosabat ifodalanadi. Buni, masalan, “Skillywidden” ertagi matnida kuzatish mumkin: Well, I reckon the old un landed somewhere about west Indies; anyway he get a long swim back.
O‘zbek ertaklarida qo‘llanilgan oronimlarning ko‘pchiligini g‘or, tog‘, vodiy, cho‘l, dasht kabi jo‘g‘rofiy obyektlarning nomlari tashkil qiladi.
Qiyoslang: Qora tog‘, Oq tog‘, Ajal g‘ori, Qo‘qqamish vodiysi va boshqalar.
O‘zbek ertaklar matnida o‘rmon, plyaj, qumloq va boshqa shunga o‘xshash obyektlarning nomlari eslatilmasligining sababi mamlakatimizning jug‘rofiy joylashuvi va tabiatining o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Zotan, oronimlar huddi boshqa turdagi toponimlar kabi ma’lum bir millat yashaydigan jug‘rofiy hududga tegishli tabiiy obyektlarni boshqalardan ajratib ko‘rsatish vazifasini bajaradi. Masalan, suv havzalari qirg‘oqlarini belgilovchi bank “qirg‘oq”, point “nuqta, manzil”, bill “tumshuq”, beason “mayoq”, sands “qumloq” kabilar umum qabul qilingan jug‘rofiy atamalar qatoriga kirsa ham, lekin, oronimlarni tarkibiy qismi sifatida faqat ingliz ertaklari matnida faollashuvi aniqlandi.
Oronimlar har ikkala tilda ikki yoki uch tarkibli bo‘lishi odatiy hol. Bunda ikkinchi qism sifatida turdosh otlardan tashqari, atoqli otlar ham ishtirok etishi kuzatiladi (Batworth Park, Whittington's Stone, the Mount of Cornwall, etc.).
Biroq, so‘z birikmasi ko‘rinishidagi oronimlarning tobe unsuri sifatida asosan ot, sifat va sifatdosh kabilar qatnashib, nomlanayotgan obyektning joylashuv makoniga ishora qiladi. Masalan, Castle hill, Tree hill, Mountain hill, etc kabi oykonimlarda makonga ishora mavjud bo‘lsa, Sharp Tor, Spindleston Heugh kabilarda esa jismoniy obyektning shakli tasvir topadi.
Ertaklar matnlari tahlili turdosh otlar onomastik konversiyasi natijasida toponimlar va makrotoponimlar hosil bo‘lishiga olib kelishidan guvohlik beradi. Ammo, toponim va mikrotoponimlarning ertaklar matnida faollashuv darajasi qiyoslanayotgan lingvomadaniyatlarda bir tekis emasligi aniq. Buning sabablaridan biri o‘zbek va ingliz folklorlarida turli an’ana, janr xususiyatlari yetakchilik qilish bilan bog‘liq.
Matnlar tahlili ko‘rsatishicha, haqiqiy va mifologik ko‘rsatkichlar bir xilda yonma-yon voqelanadi. Ushbu toponimlardan qaysi turi ko‘proq uchrashi ertak matnlarida u yoki bu xalqning atrof-muhit haqida tasavvuri va dunyoqarashi bilan izohlanadi. Alqissa, olamning folklor manzarasi shakllanishida qadimiy elatlarning mifologik tasavvuri yetakchilik qiladi.
Jug‘rofiy obyekt, joy nomlari orasida oykonimlar alohida guruhni tashkil qiladi. Oykonim yunoncha “joy, maskan” so‘zidan olingan bo‘lib, aholi yashovchi maskanlarning atoqli oti ma’nosini anglatadi [Begmatov, Ulug‘ov 2005: 58]. “Географаческие названия мира топонимический словарь” lug‘atida qayd etilishicha, oykonim termini “har qanday aholi yashaydigan joy, shu jumladan, shahar, qo‘rg‘on (poselok), qishloq, shahar chetidagi shaharcha va boshqalar”ni anglatadi [Поспелов 1998: 21].
Oykonimlar tilning toponimik sathida o‘ziga xos alohida guruhni hosil qiladi va keng qamrovli bo‘lib, muayyan obyektning turini bildiruvchi “qishloq”, “ovul”, “ko‘cha”, “mahalla” kabi onomastik unsurlar bilan birikib kelishi ham mumkin.
Biz tahlil qilgan ertaklar matnlarida turli guruhdagi oykonimlar faollashgani ma’lum bo‘ldi. Bular orasida shahar va qishloq nomlari nisbatan ko‘proq uchraydi. Masalan, ingliz ertaklaridagi Canterbury, Brugefork, Bristol, etc va o‘zbek ertaklaridagi Shirvon, Nayman, Bog‘dod, Bo‘ston, Quddus, Kashmir shular jumlasiga kiradi. Shuningdek, qasr, qal’a, saroy kabilar nomlari hali jug‘rofiy obyektlarning alohida guruhini tashkil qiladi.
Oykonimlar shakllanishida toponimlar tizimiga tegishli indikator–ko‘rsatkichlar muhim rolni bajaradi. Chunki indikatorlarning ishlatilishi oykonimni anglash uchun qulaylik tug‘diradi. Bunday indikatorlar ma’no jihatidan turlicha ko‘rinishga ega. Masalan, o‘zbek tilida “qishloq” indikatori aholisi ko‘pincha qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi maskanni anglatadi [O‘TIL, V jild, 2008:315]. Ushbu indikator vositasida hosil bo‘lgan oykonimlar ertaklar matnida yetarli miqdorda qo‘llaniladi.
Aytish joizki, shu usulda yasalgan oykonimlar ba’zan “ovul” komponentiga ega bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Qipchoqovul kabi oykonimlar ertaklar tarkibida ko‘chmanchi chorvadorlar joylashgan hududga nisbatan kam ishlatilgan.
Oykonimlarni hosil qilishda faol ishtirok etadigan indikatorlar guruhiga “qo‘rg‘on”, “qal’a” leksemalarini ham kiritish zarur. Ushbu birliklar vositasida yasalgan oykonimlar mazmunida “dushman hujumidan saqlanish uchun qurilgan istehkom, devorlar bilan mustahkamlangan joy” ma’nosi mavjud [O‘TIL.V–jild 2008: 418]. Masalan: Qirqqo‘rg‘on, Qirg‘izqo‘rg‘on va boshqalar.
Ingliz ertaklari matnida yuqorida eslatilgan indikator vositasida tuzilgan oykonimlar kam miqdorda uchraydi va ularning o‘rniga boshqa turdagilari ishlatiladi. Jumladan, qal’alar ko‘pincha nomlangan: the Abode of Witchcraft, the Dark Tower, the Keep, etc.
Ingliz ertagidagi oykonimlarni hosil qilishda yashash manzillari bilan birgalikda, castle, tower, abode, palace, house, hall kabi bino, inshootlarni atovchi indikatorlar ham ishtirok etadi. Qiyoslang: the Castle of Melaves, Hilton Hall, the Broze Tower, the Dark Tower va boshqalar.
Sanab o‘tilgan oykonim indikatorlarining ayrimlari stilistik konnotatsiyani hosil qiladi. Jumladan, Bamborough Keep oykonimi tarkibidagi Keyer so‘zining arxaik xususiyatga egaligi va “qal’aning katta minorasi” (a great tower of a castle), Abode of witchcraft tarkibidagi abode so‘zining qadimda “odam yashaydigan joy” (place where one lives – Longman 1986: 2) ma’nolarini anglatishi lug‘atlarda qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, ingliz va o‘zbek ertaklarida voqelangan oykonimlar miqdori ancha katta bo‘lsa-da, lekin, ularning bajaradigan vazifasi ko‘lami unchalik keng emas. Turli matnlarda qo‘llanilayotgan toponimlar voqealar kechimini ma’lum bir hudud, makonga joylashtirish vazifasini bajaradi. To‘plangan material tahlili oykonimlarning faqat alohida vaziyatlarda folklor janri uchun xarakterli bo‘lgan mifologik muhitda faollashganini ko‘rsatadi. Ushbu turdagi oykonimlar asosan afsonaviy qahramonlar yoki sehrgarlik qobiliyatiga ega shaxslar yashaydigan manzilga ishora qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Nazarova N. Comparative analysis of oronyms and oikonyms activated in English and Uzbek folk tales. This article gives information about the activation of microtoponyms, oronyms and oikonyms in English and Uzbek folk tales. Ertaklar toponymic area has its own structure and organizational features. In a fairy tale, the world in which the characters live is equated to a whole universe or contrasted with the world of reality. Because the world depicted in the fairy tale is characterized by the abstractness and the presence of danger in the happenings. That is why the environment, the things and events in it, the happenings are outside the human world. We can witness the use of toponyms with different appearance and meaning in the text of English and Uzbek fairy tales.
Назарова Н. Сравнительный анализ оронимов и ойконимов, активированных в английских и узбекских народных сказках. В данной статье представлена информация об активизации микротопонимов, оронимов и ойконимов в английских и узбекских народных сказках. Эртакларский топонимический район имеет свою структуру и организационные особенности. В сказке мир, в котором живут герои, приравнивается к целой вселенной или противопоставляется миру действительности. Потому что мир, изображенный в сказке, отличается абстрактностью и наличием опасности в происходящем. Именно поэтому окружающая среда, вещи и события в ней, происходящее находятся вне человеческого мира. Мы можем стать свидетелями использования в текстах английских и узбекских сказок топонимов разного внешнего вида и значения.