Til inson tafakkuri va ongining murakkab jarayonlarini ifodalovchi eng nozik va mukammal vosita bo‘lib, unda muayyan xalqning tarixiy xotirasi, madaniy merosi, qadriyatlari hamda olamni idrok etish tamoyillari o‘z aksini topadi. Shu jihatdan til nafaqat aloqa vositasi, balki ijtimoiy, madaniy va kognitiv tajribani avloddan-avlodga uzatib keluvchi universal mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi. Tilshunoslik fanining zamonaviy rivojlanish bosqichida onomastika — nomlash jarayonlari, atoqli otlar tizimi, ularning kelib chiqishi, semantik xususiyatlari hamda funksional qo‘llanish qonuniyatlarini o‘rganadigan mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tizimning badiiy adabiyot doirasidagi namoyon bo‘lish shakli — adabiy onomastika esa til, madaniyat va badiiy tafakkur kesishgan nuqtada shakllanib, badiiy matnda nomlarning estetik, semantik va funksional yukini tahlil qilishga yo‘naltirilgan ilmiy soha sifatida qaraladi. Adabiy onomastikani o‘rganishda J.R.R.Tolkien ijodi alohida ilmiy qimmatga ega bo‘lib, yozuvchi o‘z asarlari orqali ushbu yo‘nalishning rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan mualliflardan biri sifatida e’tirof etiladi. Tolkien yaratgan onomastik makon o‘zining mukammalligi, tizimliligi va ichki mantiqiy uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, adabiy onomastika badiiy matnda nomlarning tasodifiy emas, balki muallif konsepsiyasiga bo‘ysungan holda yaratilishini taqozo etadi. Ayniqsa, fantastik-adabiy makonda atoqli otlar real dunyo tajribasidan tashqarida shakllanib, muayyan muallif tomonidan ongli ravishda tizimlashtiriladi. Bunday holatda nomlar nafaqat nominativ vazifani bajaradi, balki badiiy makonning ichki mantiqiy uyg‘unligini ta’minlovchi, xalq, tarix va madaniyat haqidagi axborotni kodlovchi muhim semantik birliklarga aylanadi.
Aynan shu jihatdan J.R.R.Tolkien ijodi adabiy onomastika va til yaratuvchilik masalasini yangi bosqichga olib chiqqan hodisa sifatida e’tirof etiladi. Muallif tomonidan yaratilgan nomlar tizimi sun’iy tillar asosida shakllangan bo‘lib, bu holat Tolkien asarlaridagi onomastikani til yaratuvchilik san’ati bilan chambarchas bog‘liq holda o‘rganishni taqozo etadi.
Til yaratuvchilik san’ati J.R.R. Tolkien ijodining eng muhim va o‘ziga xos jihatlaridan biri hisoblanadi. Uning “Uzuklar hukmdori” asari nafaqat badiiy tasvir vositalarining serqirraligi bilan, balki chuqur filologik konsepsiyaga tayangan holda yaratilgan sun’iy tillar tizimi bilan ham alohida ajralib turadi. Tolkien o‘zining professional tilshunoslik bilimlari va tarixiy-filologik tajribasiga asoslanib, kvendiy tillari (quenya va sindarin), shuningdek, orklar, gnomlar, ruhlar, entlar va boshqa mavjudotlarga xos bo‘lgan tillarni yaratgan[1].
Mazkur tillar o‘ziga xos fonetik, morfologik va leksik tuzilishga, shuningdek barqaror grammatik tizimga ega bo‘lib, ular faqat kommunikativ vosita sifatida emas, balki muayyan xalqning tarixi, madaniyati, mentaliteti va dunyoqarashini ifodalovchi murakkab semiotik tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois Tolkien asarlaridagi tillar va ularga asoslangan nomlar badiiy matnning realistik-illyuzion muhitini yaratishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Tolkienning til yaratish jarayonidagi asosiy maqsadi mifologik dunyo uchun ichki izchillik va realizm tuyg‘usini shakllantirishdan iborat bo‘lgan. Shu sababli, uning sun’iy tillari tasodifiy leksik birliklar majmui emas, balki puxta etimologik asosga ega, tarixiy taraqqiyot bosqichlari tasavvur qilingan to‘laqonli lingvistik tizimlar sifatida yaratilgan. Ushbu tillarning o‘zaro genealogik aloqalari muallif tomonidan ishlab chiqilgan “Elflar tillari daraxti” orqali ifodalanib, u real dunyo til oilalarining, xususan indoevropa tillari modeliga o‘xshash tarzda qurilgan.
Aynan shu sun’iy tillar Tolkien asarlaridagi badiiy onomastik tizimning asosiy manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shaxs nomlari, joy nomlari, buyum va hodisalarning nomlanishida mazkur tillarning fonetik, morfologik va semantik qonuniyatlari izchil aks etadi. Natijada sun’iy til badiiy matnda onomastik makonni belgilovchi, muallif konsepsiyasini mustahkamlovchi va adabiy olamning realistik-illyuzion muhitini ta’minlovchi fundament sifatida namoyon bo‘ladi.
Tolkien ijodi bo’yicha tadqiqot olib borgan olimlardan biri X.Karpenter J.R.R. Tolkienning til yaratish tamoyillari, avvalo, tarixiylik va filologik izchillikka asoslanganligini ta’kidlab o’tgan. U sun’iy tillarni shunchaki ixtiro sifatida emas, balki tabiiy rivojlanish bosqichlarini o‘zida aks ettiruvchi murakkab tizim sifatida ko‘rgan. Shu bois Tolkien har bir tilni genealogik daraxt asosida yaratgan bo‘lib[2], unda har bir yangi til o‘zining “ajdod tili” — pra-eldar yoki “qadimgi elflar tili”dan kelib chiqqan.
Tolkien fikricha, til mifologik dunyoqarash bilan birgalikda shakllanishi kerak. Shu sababli u tilni faqat kommunikativ vosita emas, balki madaniy identifikatsiyaning asosi sifatida talqin qilgan. Har bir xalq o‘z tili orqali dunyoni anglaydi, degan g‘oyadan kelib chiqib, yozuvchi yaratgan xalqlarga (elflar, gnomlar, orklar va boshqalar), ularning tarixiga, ijtimoiy tuzilishiga va ruhiy holatiga mos tillarni bergan.
Til yaratish jarayonida Tolkienning fonetik estetikasi alohida o‘rin tutadi. U har bir tovushning estetik ohangini hisobga olgan, masalan, kvenya tili sokin, musiqiy va muvozanatli fonetik tizimga ega bo‘lsa, sindarin tili ko‘proq ritmik va o‘tkir ohanglarga ega. Shu tarzda u til fonetikasi orqali millat xarakterini ifodalashga erishgan.
Filologik nuqtai nazardan, Tolkien o‘z tillarini yaratishda real tillarning morfologik va sintaktik modellaridan keng foydalangan. Kvenya tili fin va lotin tillariga o‘xshash qat’iy morfologik tizimni, sindarin esa uels tili singari fonetik o‘zgarishlarga boy strukturani takrorlaydi. Bu esa ularning haqiqiy til sifatida ishlashini ta’minlagan.
Eng muhim jihatlardan biri — til tarixining ichki evolyutsiyasini yaratishdir. Tolkien uchun tilning go‘zalligi uning grammatikasida emas, balki uning tarixiy qatlamlari, o‘zgarishlari va tovush siljishlarida mujassam edi. Shu bois u har bir til uchun ichki tarix, ya’ni etimologik asoslar tizimini ishlab chiqqan. Natijada, “Vastelin ko‘llar” asaridagi har bir so‘z yoki ism nafaqat semantik, balki tarixiy ma’noga ham ega[3].
Tolkienning lingvokreativ faoliyati shu jihatdan filologiyaning badiiy shakli sifatida talqin etilishi mumkin. U o‘zining “filologik tajribasi” orqali til va mifologiya o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni isbotlagan — ya’ni mifologiya til orqali yaratiladi, til esa mifologiyani ifodalaydi.
J.R.R. Tolkien yaratgan badiiy olamning shakllanishida mifologik, tarixiy, adabiy va lingvistik manbalar muhim o‘rin tutadi. O‘rta yer va So‘nmas O‘lkalarni yaratish jarayonida muallif turli xalqlarning mifologiyalari, tarixiy voqeliklari hamda adabiy an’analariga tayangan. Ushbu manbalar Tolkien ijodida mavzu, obraz va motivlar darajasida o‘z aksini topib, asarning ichki izchilligi va estetik yaxlitligini ta’minlagan.
Tolkien nomlar tizimi, mifologik syujetlar va badiiy makon yaratishda qadimgi mifologiya va folklorning universal arxetiplaridan samarali foydalangan. Shu sababli uning asarlaridagi ko‘plab obrazlar va onomastik birliklar umumiy mifologik tafakkur bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, turli madaniy an’analar bilan qiyosiy tahlil qilish imkonini beradi.
Tolkien ijodini tadqiq etishga bag‘ishlangan ensiklopedik va ilmiy manbalar muallif asarlarining kelib chiqish manbalarini aniqlash, badiiy konsepsiyasini tushunish hamda poetik tizimini izohlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Tolkien ijodida tilshunoslik, mifologiya va adabiyotshunoslikning o‘zaro integratsiyasi uning nom yaratish uslubi va semantik qatlamlarining chuqurligini belgilaydi.
Mazkur yondashuv Tolkienning badiiy olamini nafaqat fantastik adabiyot namunasi sifatida, balki murakkab semantik va madaniy tizimga ega adabiy hodisa sifatida talqin etish imkonini beradi.
Sun’iy tillar Tolkien yaratgan mifologik makonning asosiy tayanchiga aylanib, O‘rta yer xalqlarining madaniyati, tarixi va dunyoqarashini ifodalashda muhim rol o‘ynaydi. Elflar tillari (quenya, sindarin), odamlar va boshqa irqlarga xos tillar o‘z genealogik aloqalari va tarixiy qatlamlari bilan tabiiy tillar modeliga yaqinlashtirilgan. Bu holat badiiy matnda realizm va tarixiy chuqurlik taassurotini kuchaytiradi.
Tolkien tomonidan yaratilgan sun’iy tillar nomlash jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi. Atoqli otlar, xususan antroponimlar va toponimlar mazkur tillarning fonetik va semantik qonuniyatlari asosida shakllanib, personajlarning ijtimoiy mavqei, etnik mansubligi va xarakter xususiyatlarini bilvosita ifodalaydi. Shu tariqa til onomastik makonni belgilovchi muhim vosita sifatida xizmat qiladi.
Tolkien sun’iy tillarni ishlab chiqishda qadimgi german, fin-ugor va kelt tillari an’analariga tayangan holda, ularni mustaqil poetik-mifologik tizim darajasiga olib chiqdi. Natijada, uning xayoliy dunyosi til orqali yaxlit va ishonarli badiiy makon sifatida shakllandi. Bu jihat Tolkien ijodini fantaziya adabiyotidagi boshqa asarlardan ajratib turuvchi muhim belgi hisoblanadi.
“Tolkien bir maktubida shunday yozgan edi: “Meni mifologik ixtiro va adabiy ijod siru sinoati qiziqtiradi”. “O‘sha davrdayoq o‘z sevgan yurtimning qashshoqligidan iztirob chekardim: unda men izlagan darajadagi o‘ziga xos hikoyalar yo‘q edi. Bunday hikoyalarni men boshqa xalqlarning afsonalaridan topdim. Yunon, kelt, roman, german, skandinav va hatto fin afsonalari mavjud edi, biroq ingliz adabiyotida faqat qashshoq xalqona risolalar bor edi, xolos”[4].
Bu Tolkien hayotidagi bosh maqsad edi. Bu maqsad shu qadar qudratli va yuksak ehtirosga aylanganki, “Uzuklar hukmdori” asarining shubhasiz adabiy yutuqlari ham deyarli ikkinchi darajali masalaga aylanib qoladi, degan fikrni ilgari surish mumkin. Roman qanchalik muhim bo‘lmasin, Tolkien hayoti va faoliyatini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, uning eng buyuk orzusi va asosiy intilishi ingliz xalqi uchun yaxlit mifologik tizim yaratish edi. O‘z so‘zlari bilan aytganda: “Men yirik kosmogonik rivoyatlardan tortib romantik sehrli ertaklargacha bo‘lgan, o‘zaro bog‘liq afsonalar majmuasini yaratishni xohladim… va uni oddiygina Angliyaga, o‘z vatanimga bag‘ishlash niyatida edim.”
Bu ulkan loyihaning ko‘lami hayratlanarlidir. Go‘yo Homer “Iliada” va “Odisseya”ni yozishdan avval butun yunon mifologiyasi va tarixini o‘ylab topishi kerak bo‘lgandek. Tolkien bu vazifani amalda muvaffaqiyatli uddalagani nihoyatda e’tiborlidir. Ayni damda Tolkien yaratgan mifologiya xalq tasavvurida tobora Angliyaga xos mifologiya sifatida mustahkam o‘rin egalladi. Undan tashqari, u adabiyot tarixidagi eng murakkab va mukammal ishlab chiqilgan sun’iy dunyo sifatida e’tirof etiladi.
Tolkien tomonidan yaratilgan badiiy olam qahramonlar, salbiy kuchlar, g‘ayrioddiy mavjudotlar, xalqlar va geografik makonning puxta ishlab chiqilgan tizimi orqali namoyon bo‘ladi. Ushbu unsurlar yozuvchining arxetipik mavzulari va motivlari bilan uyg‘unlashgan holda, uning ijodini jahon mifologiyasi va adabiy an’analari bilan qiyosiy tahlil qilish imkonini beradi.
Muallif o‘z maktublarida mifologik ixtiro va adabiy yaratuvchanlik unga asosiy ilhom manbai bo‘lganini ta’kidlaydi. Tolkien qadimgi yunon, kelt, german, skandinav va fin mifologiyalariga tayangan holda, ingliz adabiyotida yetishmayotgan mukammal milliy mifologiyani yaratishga intilgan. Natijada, “Uzuklar hukmdori” syujetik badiiy asardan ko‘ra kengroq miqyosdagi mifologik loyihaning bir qismi sifatida maydonga chiqadi.
Tolkien yaratgan mifologik tizim hajmi va chuqurligi jihatidan adabiyot tarixida noyob hodisa hisoblanadi. Ushbu loyiha qadimgi epik an’analarga qiyoslanishi mumkin bo‘lib, uning muvaffaqiyati muallifning filolog, tarixchi va mifolog sifatidagi keng qamrovli bilimlari bilan izohlanadi. Shu ma’noda, Tolkienning xayoliy dunyosi adabiyotdagi eng murakkab va mukammal ishlab chiqilgan sun’iy dunyolardan biri sifatida baholanadi.
Bir paytlar Dante haqida shunday yozilgan edi: “O‘rta asrlar ensiklopedik eruditsiyasining deyarli barchasi bukilmas irodaning oq jaziramasi ta’sirida quyilib, Ilohiy komediyaning po‘latdek mustahkam tuzilmasiga payvandlangan”. Xuddi shunday, Tolkien yaratgan O‘rta yer va So‘nmas O‘lkalar olamini ham G‘arb tarixiy va madaniy merosining u bilgan, o‘qigan, tasavvur qilgan va ishonilgan deyarli barcha qatlamlari jamlanmasi sifatida baholash mumkin.
Tolkien ijodiy tafakkurining shakllanish jarayonini anglash uchun uning “Ertaklar haqida” (On Fairy-Stories) nomli mashhur ma’ruzasiga murojaat qilish muhimdir. Unda muallif ertaklarning yaratilish jarayonini kundalik hayotga xos “sho‘rva tayyorlash” metaforasi orqali tushuntiradi. Tolkien ta’kidlashicha, “Hikoyalar tarixi haqida, xususan ertaklar haqida so‘z borganda, sho‘rva qozoni — ya’ni hikoya qozoni — doimo qaynab turgan va unga tinimsiz yangi ‘suyaklar’, mayda bo‘laklar, didli hamda kutilmagan unsurlar qo‘shib borilgan”[5].
Shu bilan birga, Tolkien hikoya tahlilida manba izlash haddan tashqari soddalashtirilish xavfi borligini ham ogohlantiradi. Uning fikricha, “ertaklar tarixi, ehtimol, insoniyatning jismoniy tarixidan ham, til tarixidan ham murakkabroqdir”. U “Hikoya to‘rining murakkabligi uni yechishga elflargina qodir” ekanini ta’kidlaydi. Albatta, Tolkienning “Hikoya qozoni” nihoyatda murakkab tarkibga ega edi: u turli tarixiy rivoyatlar, miflar, ertaklar, folklor va sagalardan olingan unsurlar asosida shakllangan bo‘lib, ularga sof ijodiy fantaziya — mutlaq ixtiro unsuri qo‘shilgan.
Mazkur kitob mohiyatan Hikoya qozonidagi “sho‘rva tarkibi”ning alifbo tartibida tuzilgan lug‘ati yoki tasviriy ko‘rsatkichidir. U sodda o‘quvchidan tortib, tajribali mutaxassisgacha bo‘lgan har qanday kitobxonga ushbu betakror “taom”dan muayyan did yoki hidni ajratib olish, uni manbalarigacha — “suyaklari va unsurlari”gacha kuzatish imkonini beradi.
Tolkien ilhom manbalarini izchil tahlil qilish orqali, uning badiiy olamiga xos bo‘lgan umumiy mavzular va motivlarni aniqlash, shuningdek, yozuvchi umr bo‘yi maftun bo‘lib kelgan mif va afsonalarning arxetipik mohiyatini anglash mumkin. Ushbu merosning boyligi Tolkien asarlarida, shuningdek, murakkab, biroq nihoyatda puxta ishlangan xayoliy olamning ulkan mifologik tuzilmasida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Tolkien hayoti davomida mif va afsonalarda mujassam bo‘lgan qadimiy ruhiy donolikni o‘rganishga chuqur sodiq bo‘lgan. Bu jihat uning yozuvchi sifatidagi dahosining eng teran qirralaridan biridir. U tabiiy hikoyanavis iste’dodini olimona tafakkur bilan uyg‘unlashtirib, mif, afsona, adabiyot, til va tarixning chuqur manbalaridan unumli foydalangan. Aynan shu jihati tufayli Tolkien asarlari, agar u bo‘lmaganida, millionlab zamonaviy kitobxonlar uchun asrlar davomida noma’lum qolib ketishi mumkin bo‘lgan qadimiy an’analarga hayot baxsh etdi.
Tolkien yaratgan tillar tizimi badiiy lingvokreativlikning eng yuksak namunasi hisoblanadi. Ularning shakllanishi filologik izchillikka, tarixiy modelga va estetik uyg‘unlikka tayanadi. Yozuvchi tilni inson tafakkurining asosiy ifodasi sifatida ko‘radi; shu sababli u yaratgan mifologik dunyo ham til orqali jonlanadi.
Tolkien tillarining o‘ziga xos jihati shundaki, ular nafaqat fonetik va morfologik jihatdan mukammal, balki madaniy, tarixiy va falsafiy mazmunga ega. Bu tillar til va madaniyatning uzviy bog‘liqligini ifodalab, antropotsentrik tamoyilni yoritadi — ya’ni til xalq ruhining in’ikosi sifatida namoyon bo‘ladi.
Tolkienning filologik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, badiiy ijod va ilmiy tadqiqot bir-birini to‘ldiradi: uning “Vastelin ko‘llar” trilogiyasidagi har bir ism, so‘z va tovush tilning tarixiy qatlamlari orqali ma’no kasb etadi. Shu tariqa Tolkien sun’iy tillarni “jonli” mifologik tizimga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan, bu esa uni nafaqat yozuvchi, balki tilshunos-filosof sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.Лебедева Е.А. Ономастикон произведения Дж. Р. Р. Толкиена «Властелин колец»: автореф. дисс. на соиск. учен. степ. канд. филол. н. Ростов-на-Дону, 2006. 23 с.
3. A. Fowler. Literary names: personal names in English literature. London: Oxford University Press, 2012.-297 p.
4. A. Napolano. Fictional Names: A Critical Study of Some Theories Not Committed to the Existence of Fictional Entities. -London: Cambridge Publishing Ltd, 2014. – 130 p.
5. David Day. An Encyclopedia of Tolkien: The History and Mythology That Inspired Tolkien's World. -California:Octopus publishing Group Ltd, 2019.-544p.
6. Carpenter H., J.R.R. Tolkien: A Biography. London: George Allen & Unwin.1977.-344p.
7. M.K. Gibka. “Functions of characters’ proper names in novels”. Onoma, 53, 49–66, 2018. Available: https://doi.org/10.34158/onoma.53/2018/4.
8. Tolkien J.R.R. The Letters of J.R.R. Tolkien. London: HarperCollins. 2000.-493p.
Abdurazzokova S. Artificial languages in J.R.R.Tolkien’s fictional world. This article examines the process of formation of artificial languages in the fictional world created by J. R. R. Tolkien and analyzes their artistic and aesthetic functions. The study focuses on the phonetic, grammatical, and semantic coherence of Tolkien’s constructed languages, as well as their role in shaping the onomastic system of the narrative. Particular attention is paid to the significance of artificial languages in constructing the mythological space of Middle-earth and in enhancing the effect of artistic realism.
Абдураззакова С. Искусственные языки в художественном мире Дж.Р.Р. Толкина. В данной статье анализируется процесс формирования искусственных языков в вымышленном мире, созданном Дж.Р.Р.Толкином, а также их художественно-эстетические функции. Рассматриваются фонетическая, грамматическая и семантическая системность созданных языков и их роль в формировании ономастического пространства произведения. Особое внимание уделяется значению искусственных языков в построении мифологического мира Средиземья и в усилении эффекта художественной достоверности.
[1] Толкиен Дж. Сильмариллион: сборник / пер. с англ. М.: ООО «Издательство АСТ»; СПб.: Terra Fantastica, 2000.P. 513.
[2] Карпентер X. Дж.Р.Р. Толкин. Биография. М.: ЭКСМО-Пресс, 2002. 432с.
[3] Tolkien, J. R. R. The Letters of J. R. R. Tolkien. Ed. H. Carpenter. London: George Allen & Unwin, 1981, pp. 143–146.
[4] David Day. An Encyclopedia of Tolkien: The History and Mythology That Inspired Tolkien's World. -California:Octopus publishing Group Ltd, 2019.-P.10-13.
[5] David Day. An Encyclopedia of Tolkien: The History and Mythology That Inspired Tolkien's World. -California:Octopus publishing Group Ltd, 2019.-544p.