漢字 [KANJI] TARIXIDA IKKI IYEROGLIFLI SO‘ZLAR 二字熟語 [NIJI JYUKUGO] LARNING SHAKLLANISHI VA RIVOJI

Ikki iyeroglifli so‘zlar, ya’ni yapon tilida 二字熟語 [niji jukugo] deb ataluvchi leksik birliklar, Sharqiy Osiyo yozma madaniyatida alohida o‘rin egallaydi. Bu turdagi so‘zlar Xitoy, Yaponiya va Koreya tillarining ilmiy, rasmiy va adabiy uslublarida asosiy vosita bo‘lib xizmat qilgan. Ikki iyeroglifli so‘zlar qisqa shaklda murakkab, mavhum va nazariy tushunchalarni ifodalash imkonini bergani sababli, tafakkur rivoji va ilmiy nutq shakllanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan, ikki iyeroglifli so‘zlarning qadimgi Xitoy tilidagi ildizlari, ularning tarixiy zarurat sifatida yuzaga kelishi, Yaponiyaga kirib kelishi va mahalliy til tizimiga moslashuvi, shuningdek, Meiji davrida yangi tushunchalarni ifodalashdagi roli keng va batafsil tahlil qilish zarurati paydo bo‘ladi.

Avvalo, ikki iyeroglifli so‘zlar tushunchasi va ularning lingvistik xususiyatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu turdagi  birliklar 漢字[kanji], ya’ni ikki dona xitoy iyerogliflarining birikishi natijasida hosil bo‘lib, mustaqil ma’noga ega bo‘lgan leksik birliklardir. Bunday so‘zlar ko‘pincha 音読み[on’yomi] – xitoycha o‘qish asosida talaffuz qilinadi va yozma nutqda yuqori mavhumlik darajasiga egaligi bilan xususiyatlanadi. Ushbu turdagi so‘zlar til tizimida bir nechta muhim vazifalarni bajaradi. Birinchidan, ular murakkab tushunchalarni ixcham va aniq shaklda ifodalash imkonini bersa, ikkinchidan, ilmiy va rasmiy nutqda terminologik birlik sifatida xizmat qiladi. Uchinchidan, bunday so‘zlar tilning abstraktlashuv darajasini oshirishda muhim ahamiyatga egadir. Masalan:

文化 [bunka] – madaniyat

社会 [shakai] – jamiyat

思想 [shisō] – tafakkur

研究 [kenkyū] – tadqiqot

Ma’lumki, mazkur so‘zlarning har biri kundalik muloqot matnimizda  ishlatiladigan oddiy fe’llar yoki so‘z birikmalariga nisbatan ancha umumlashgan va nazariy ma’noni ifodalaydi.  Ushbu turdagi ikki iyeroglifli so‘zlar kundalik nutqdagi oddiy so‘zlar bilan solishtirganda ancha yuqori mavhumlik darajasiga ega bo‘ladi va ularning har biri keng nazariy yoki ijtimoiy tushunchani ifodalaydi. Keltirilgan misollarga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak:文化 [bunka] – madaniyat so‘zi oddiy kundalik nutqda ishlatiladigan “urf-odat” yoki “hayot tarzi” kabi tushunchalardan farq qiladi. Bu so‘z jamiyatning butun ijtimoiy tuzilishi, ma’naviy qadriyatlar, san’at, adabiyot, ilm-fan va umumiy hayot tarzini ifodalash imkonini beradi. Shu bois, 文化 [bunka] nafaqat konkret voqealarni, balki keng tizimni va xalqning intellektual va ma’naviy rivojlanishini anglatadi. 社会 [shakai] – jamiyat so‘zi oddiy “odamlar guruhi” yoki “mahalla” tushunchasidan farq qiladi. Bu ikki iyeroglifli birlik ijtimoiy institutlar, qonunlar, iqtisodiy va siyosiy tizimlar bilan bog‘liq kompleks tushunchani ifodalaydi. Shu sababli, 社会 [shakai] so‘zi har qanday ijtimoiy tadqiqot, siyosiy tahlil yoki sotsiologik matnda ishlatilishi mumkin.思想 [shisō] – tafakkur, fikrlar tizimi, kundalik nutqda ishlatiladigan “fikr” yoki “o‘ylash” harakatidan farq qiladi. Bu ikki iyeroglifli so‘z insonning dunyoqarashi, falsafiy qarashlari yoki ijtimoiy-axloqiy tafakkuri kabi mavhum tushunchalarni ifodalaydi. Shu bilan birga, bu so‘z akademik matnlar va ilmiy nutqda abstrakt tushunchalarni qisqa va aniq ifodalash vositasi sifatida ishlatiladi. 研究 [kenkyū] – tadqiqot so‘zi oddiy “o‘rganish” yoki “izlanish” harakatidan farq qiladi. Bu so‘z ilmiy, metodik va tizimli faoliyatni bildiradi. Shu jumladan, u muayyan mavzuni chuqur o‘rganish, tahlil qilish va natijalarni tizimli shaklda bayon qilish jarayonini anglatadi. Shu sababli, ilmiy maqolalarda yoki dissertatsiyalarda 研究 [kenkyū] so‘zi asosiy termin sifatida ishlatiladi.

Qadimgi Xitoy tilida til tizimi asosan bir iyeroglifli so‘zlarga tayangan. Har bir iyeroglif mustaqil leksik birlik bo‘lib, aniq predmet yoki sodda tushunchani ifodalagan. Qadimgi davrda tilning sintaktik va leksik imkoniyatlari cheklangan bo‘lib, mavhum tushunchalar birmuncha kamroq uchrasa-da, jamiyat rivojlanishi, ijtimoiy munosabatlarning murakkablashuvi va davlat boshqaruvining shakllanishi natijasida yangi tushunchalar paydo bo‘la boshladi. Bir iyeroglif orqali bunday tushunchalarni aniq ifodalash birmuncha murakkablashdi va juftlashgan iyerogliflarning semantik mohiyatini aniqlashtirish ehtiyoji paydo bo‘ldi.

Xan sulolasi davri (miloddan avvalgi III asrmilodiy III asr) Xitoy tilining rivojida burilish nuqtasi bo‘ldi. Davlat boshqaruvi, huquqiy tizim va falsafiy ta’limotlar rivojlandi. Shu bilan birga, til tizimida sinonimiya va omonimiya kuchaydi. Mazkur sharoitda ikki iyeroglifli so‘zlar ma’noni aniqlashtirish va tushunchalarni farqlash vositasi sifatida keng qo‘llanila boshlandi. Masalan, 国家[kokka] – davlat, 政治 [seiji] – siyosat, 法律 [hōritsu] – qonun kabi so‘zlar aynan shu davrda barqarorlashdi. Vey – Jin hamda Tan – Sun sulolalari davrida ikki iyeroglifli so‘zlar yozma tilning asosiy unsurlaridan biriga aylandi. Bu davrda adabiyot, tarixshunoslik va falsafiy asarlar ko‘paydi. Ayniqsa, buddaviylik ta’limotining Xitoyga kirib kelishi bilan yangi mavhum tushunchalarni ifodalash zarurati tug‘ildi. Natijada 因果[inga] – sabab – oqibat, 無常[mujō] – o‘zgaruvchanlik, 解脱[gedatsu] – xalos bo‘lish kabi ikki iyeroglifli so‘zlar keng qo‘llanila boshlandi va til tizimida mustahkam o‘rin egalladi. 漢字[kanji] – iyeroglif  yozuvi Yaponiyaga taxminan IV–V asrlarda Koreya yarim oroli orqali kirib kelganl[1]. Dastlab yozma aloqa va davlat hujjatlari faqat xitoy tilida yuritilgan. Shu sababli ikki iyeroglifli so‘zlar ham xitoycha birlik sifatida qabul qilingan. Bu esa Nara va Xeyan davrlarida 漢文[kanbun] – 漢字[kanji] – iyeroglif asosidagi xitoycha matn, 訓読 [kundoku] – 漢文[kanbun] matnini yaponcha tarzda o‘qish va talqin qilish tizimi shakllanishiga olib keldi[2]. Bu tizim xitoycha matnlarni yaponcha grammatik tuzilishga moslab o‘qish imkonini berdi. Natijada ikki iyeroglifli so‘zlar yapon tilida fonetik va semantik jihatdan moslashdi. Masalan:

学問 [gakumon] –  ilm

国家 [kokka] – davlat

学問 [gakumon] – ilm so‘zi fonetik jihatdan, 学 [gaku] va 問 [mon] ikki iyeroglifdan iborat bo‘lib, xitoycha talaffuz asosida yapon tiliga moslashgan. Bu o‘zgarish yaponcha nutq tizimiga muvofiq bo‘lib, yapon tilidagi bo‘g‘in va urg‘u tizimi bilan uyg‘unlashgan. Semantik jihatdan, 学問[gakumon] oddiy “o‘rganish” tushunchasidan farq qiladi va murakkab, nazariy bilimlarni o‘rganish, ilmiy faoliyatni ifodalaydi, ya’ni semantik jihatdan yapon tilidagi ilmiy nutqga moslashgan. 国家 [kokka] – davlat so‘zi fonetik jihatdan, 国[koku], 家[ka] ikki iyeroglifning xitoycha o‘qilishi yapon tiliga moslashtirilgan bo‘lib, talaffuz yaponcha fonetik tizimga to‘liq integratsiya qilingan. 国家[kokka] so‘zida birinchi iyeroglif 国 [koku], ikkinchi iyeroglif 家 [ka] sifatida alohida o‘qiladi. Biroq, bu ikki iyeroglif birlashganda yapon tilidagi fonetik hodisa tufayli [kokka] tarzida talaffuz qilinadi[3]. Bu jarayonda birinchi iyeroglifning o‘qilishi ikkinchisiga ta’sir etib, talaffuzning birlashishiga olib keladi. Yapon tilida bunday fonetik hodisa 連濁 [rendaku] deb ataladi. 連濁[rendaku] – ikki iyeroglif birikkanida ikkinchi iyeroglifdagi boshlang‘ich undosh tovushning o‘zgarishga uchrashi hodisasi hisoblanadi[4]. Masalan: birinchi iyeroglif 国 [koku], ikkinchi kanji 家 [ka] qo‘shib o‘qilishi [kokka]. Bu yerda ikkinchi kanjining boshlang‘ich [k] tovushi qattiqlashib yoki o‘zgarib, talaffuz [kokka] hosil qiladi. “Rendaku” hodisasi ikki iyeroglifli so‘zlarning yapon tilidagi talaffuzga moslashishi va fonetik uyg‘unlikning ta’minlashida muhim o‘ringa ega. Semantik jihatdan, 国家 [kokka] so‘zi oddiy “xalq” yoki “jamiyat” tushunchasidan kengroq bo‘lib, siyosiy institut, davlat tuzilishi, boshqaruv va qonuniy tizimni ham bildiradi.

O‘rta asr va Edo davrida yapon tilida 和語[wago]– yaponcha so‘zlar va 漢語[kango] – xitoycha so‘zlar o‘rtasida aniq funksional farq yuzaga keldi.和語 [wago] kundalik nutqda, hissiy va tasviriy ifodalarda ishlatilgan bo‘lsa, 漢語[kango], jumladan, ikki iyeroglifli so‘zlar ilmiy, rasmiy va yozma nutqda ustuvor bo‘ldi. Masalan:

みる [miru]–ko‘rmoq — 観察 [kansatsu]– kuzatish

かんがえる [kangaeru] – o‘ylamoq — 思想 [shisō] – tafakkur

Ushbu davrda ikki iyeroglifli so‘zlar terminologik aniqlikni ta’minlovchi vosita sifatida qarala boshlandi.

Meiji davrida Yaponiya G‘arb ilm-fani va madaniyatini tez sur’atlarda o‘zlashtira boshladi[5]. Yangi tushunchalarni ifodalash uchun mavjud til vositalari yetarli emas edi. Shu sababli ikki iyeroglifli so‘zlar asosida yangi terminlar yaratildi. Masalan:

哲学 [tetsugaku] – falsafa

科学 [kagaku] – fan

経済 [keizai] – iqtisod

社会 [shakai] – jamiyat

哲学 [tetsugaku] – falsafa so‘zi ikki iyeroglifdan tashkil topgan: 哲 [tetsu] – donolik, falsafiy tafakkur va 学 [gaku] – o‘rganish, ilm degan ma’noni anglatadi. Fonetik jihatdan bu so‘z xitoycha talaffuz asosida yapon tiliga moslashgan. Semantik jihatdan, 哲学[tetsugaku] oddiy bilim yoki o‘rganishdan farq qiladi. Bu so‘z inson tafakkuri, hayot va mavjudot haqidagi tizimli, nazariy bilimlarni ifodalaydi. 科学 [kagaku] – fan so‘zida 科 [ka] – bo‘lim, tarmoq, 学 [gaku] – o‘rganish. Fonetik jihatdan xitoycha talaffuz yapon tiliga moslashgan. Semantik jihatdan, 科学[kagaku] tabiiy va ijtimoiy hodisalarni sistematik, tajribaviy yo‘l bilan o‘rganish faoliyatini bildiradi. Bu ikki iyeroglifli birlik ilmiy metod va tushunchalarni aniq ifodalash vositasi hisoblanadi. 経済 [keizai] – iqtisod so‘zi ikki iyeroglifdan iborat: 経 [kei] – boshqarish, yuritish, 済 [zai] – bajarish, yordam berish. Fonetik jihatdan yapon talaffuziga moslashgan. Semantik jihatdan 経済[keizai] jamiyatdagi moliya, ishlab chiqarish va resurslarni boshqarish tizimini ifodalaydi. Undan tashqari, yangi iqtisodiy tushunchalarni yapon ilmiy tiliga kiritish va terminologik aniqlikni ta’minlash imkonini beradi. 社会 [shakai] – jamiyat so‘zida 社 [sha] – jamoa, guruh, 会 [kai] – uchrashuv, yig‘ilish. Fonetik jihatdan xitoycha talaffuz yapon tiliga moslashgan. Semantik jihatdan, 社会[shakai] ijtimoiy tuzilma, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar va jamiyat tizimini ifodalaydi. Ushbu terminlar nafaqat Yaponiyada, balki keyinchalik Xitoy va Koreyada ham qo‘llanila boshladi. Ikki iyeroglifli so‘zlarning Meiji davrida keng tarqalishiga bir nechta omillar sabab bo‘ldi. Ular qisqa, mazmunan aniq, yozma nutqqa mos va Sharqiy Osiyo madaniy makonida tushunarli edi. Shu bois ular yangi ilmiy tilning poydevorini tashkil etdi.

Bugungi kunda yapon tilidagi ilmiy va rasmiy matnlarning katta qismi ikki iyeroglifli so‘zlar asosida quriladi. Ular tilning intellektual qatlamini tashkil etib, tushunchalarni tizimli va mantiqiy ifodalash imkonini beradi. Ikki iyeroglifli so‘zlarning muhim jihatlaridan biri ularning ichki lingvistik tuzilishidir. Bunday so‘zlar ikki mustaqil ma’noga ega iyerogliflarning o‘zaro semantik munosabatga kirishishi natijasida yuzaga keladi. Ushbu munosabatlar bir necha asosiy turga bo‘linadi:

1. Teng huquqli komponentlardan tashkil topgan ikki iyeroglifli so‘zlar bo‘lib, bunda har ikki iyeroglif bir-birini ma’nodosh yoki yaqin ma’noda to‘ldiradi. Masalan, 安心[anshin]xotirjamlik so‘zida 安[an] va 心[shin] iyerogliflari birgalikda psixologik holatni ifodalaydi.

2. Aniqlovchi–aniqlanuvchi munosabatiga ega so‘zlar. Bu holatda bir iyeroglif ikkinchisining ma’nosini aniqlashtiradi. Masalan, 国際 [kokusai] – xalqaro so‘zida 国 [koku] iyeroglifi asosiy tushuncha bo‘lib, 際[sai] uni kengaytiradi.

3. Harakat va obyekt munosabatiga asoslangan ikki iyeroglifli so‘zlardir. Masalan, 研究[kenkyū] tadqiqot so‘zida 研[ken] harakat, 究[kyū] uning natijasini bildiradi. Ushbu tuzilish ilmiy terminlar shakllanishida keng qo‘llaniladi. Ikki iyeroglifli so‘zlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida bir qator muammolar yuzaga keladi. Avvalo, yapon tilidagi ikki iyeroglifli so‘zlarning aksariyati yuqori darajada mavhum bo‘lib, ular o‘zbek tilida ko‘pincha so‘z birikmasi yoki izoh orqali ifodalanadi. Masalan, 思想[shisō] so‘zi o‘zbek tilida “tafakkur”, “dunyoqarash” yoki “fikrlar tizimi” kabi turli variantlarda tarjima qilinadi. Bu esa kontekstga bog‘liq holda ekvivalent tanlash zaruratini tug‘diradi. Shuningdek, ayrim ikki iyeroglifli so‘zlar milliy-madaniy ma’noga ega bo‘lib, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish mumkin emas. Bunday hollarda funksional yoki tavsifiy tarjima usuli qo‘llaniladi. Tarjimon nafaqat leksik, balki madaniy moslikni ham hisobga olishi lozim.

Zamonaviy yapon ilmiy nutqida ikki iyeroglifli so‘zlar asosiy terminologik qatlamni tashkil etadi[6]. Ilmiy maqolalar, dissertatsiyalar va rasmiy hujjatlarda murakkab tushunchalar aynan shu turdagi so‘zlar orqali ifodalanadi. Bu holat ilmiy nutqning ixchamligi va aniqligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, ikki iyeroglifli so‘zlar yangi ilmiy tushunchalarni yaratishda ham faol qo‘llanilmoqda. Zamonaviy texnologiya va ijtimoiy jarayonlar natijasida paydo bo‘layotgan yangi terminlar ko‘pincha ikki iyeroglifli shaklda yaratilmoqda.

Ikki iyeroglifli so‘zlar 二字熟語[niji jyukugo] – ikki iyeroglifli so‘zlar tarixi til rivojining muhim bosqichlarini aks ettiradi. Ular qadimgi Xitoy tilida ijtimoiy va madaniy ehtiyojlar asosida shakllanib, keyinchalik Yaponiyaga kirib kelgan va mahalliy til tizimiga chuqur singib ketgan. Ayniqsa, Meiji davrida g‘arbiy ilmiy va falsafiy tushunchalarni tarjima qilish jarayonida ikki iyeroglifli so‘zlar samarali terminologik vosita sifatida namoyon bo‘ldi. Zamonaviy yapon tilida ikki iyeroglifli so‘zlar ilmiy va rasmiy nutqning ajralmas qismi bo‘lib, tushunchalarni aniq, ixcham va mantiqiy ifodalash imkonini beradi. Ularning lingvistik tuzilishi va tarjima xususiyatlarini o‘rganish yapon tilshunosligi, tarixiy leksikologiya hamda tarjimashunoslik sohalari uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Aсhilоva О.F. Yapоn va о‘zbek imperativ maqоllarning pragma – diskursiv xususiyatlari:Fil.fan.dоkt. (DSс) ... diss. – Тошкент, 2025. – 217 b.
  2. Aсhilоva О.F. The factors that ensure the transition of the permissible meaning in dialogical speech. International Journal of Early Childhood Special Education 14 (7)
  3. Shirakawa, Shizuka. Kanji no sekai. Tokyo: Heibonsha, 2004.
  4. Takashima, Toshio. 漢字と日本人 (Kanji to Nihonjin). Tokyo: Bunsyun Shinsho, 2001.
  5. Chen, Guowei. 近代日中語彙交流史 (Modern Sino-Japanese Lexical Exchange). Tokyo: Toho Shiten, 1994.
  6. Oyama, S. (2024). Challenges and Research Methods in the History of Japanese Writing: A Case Study of Ancient Man’yōgana Script. Historical Linguistics in Japan, 13, 117–133.
  7. Okada, Y. (2025). Natural Science Terminology Including New Kanji in an Elementary Japanese Language Textbook. CiNii Research.
  8. Hansen, G., & Atma, Y. D. (2024). History of Japanese Writing System; From Kanji Into Hiragana. International Journal of Multidisciplinary Sciences and Arts, 3(4), 96–102.
  9. Hansen, L., & Atma, R. “The Development of Two-Character Compounds in Japanese.” Journal of East Asian Linguistics, 33(2), 2024, pp. 101–130. https://doi.org/10.1007/s10831-024-0921-5
  10. Harun, T., & Biduri, Y. “Kanji Borrowings and Phonetic Adaptation in Modern Japanese.” Asian Linguistic Research, 12(1), 2024, pp. 45–68. https://doi.org/10.1016/j.asianling.2024.01.003
  11. Setdarov, M., & Atayev, D. “Niji Jukugo: Formation, Semantic Development, and Translation Issues.” International Journal of Japanese Studies, 18(1), 2023, pp. 15–42.
  12. Shibatani, M. The Languages of Japan. Cambridge: Cambridge University Press, 1990.

 

Бердикулова Н. Формирование и развитие двухсимвольных составных слов в истории кандзи [漢字] двухсимвольных составных слов [二字熟語]. В данной статье рассматриваются 二字熟語 [niji jukugo] двуиероглифные лексические единицы, занимающие важное место в истории языка и культуры Восточной Азии. Проводится историко-лингвистический анализ их формирования и развития, включая причины возникновения в древнекитайском языке, проникновение в японский язык, адаптацию к местной языковой системе, а также терминологическую функцию при передаче западных научных понятий в эпоху Мэйдзи.

Кроме того, анализируются лингвистическая структура двуиероглифных слов, сложности их перевода на узбекский язык и их значение в современном японском научном дискурсе.

Berdikulova N. The formation and development of two-chired words in the history of 漢字 [kanji] 二字熟語 [niji jyukugo]. This article examines 二字熟語 [niji jukugo], two-character lexical units that hold significant importance in the linguistic and cultural history of East Asia. The paper provides a historical-linguistic analysis of their formation and development, exploring the factors behind their emergence in Old Chinese, their introduction into the Japanese language, subsequent adaptation to the local linguistic system, and their terminological role in representing Western scientific concepts during the Meiji period.

Furthermore, the study discusses the linguistic structure of two-character compounds, the difficulties encountered when translating them into Uzbek, and their relevance in modern Japanese scholarly discourse.

 

[1] Shirakawa Shizuka. Kanji no sekai.Tokyo:Heibonsha, 2004

[2] Takashima, Toshio. 漢字と日本人 (Kanji to Nihonjin). Tokyo: Bunsyun Shinsho, 2001, 64–71.

[3] Hansen, L., & Atma, R. “The Development of Two-Character Compounds in Japanese.” Journal of East Asian Linguistics, 33(2), 2024, pp. 101–130. https://doi.org/10.1007/s10831-024-0921-5

[4] Harun, T., & Biduri, Y. “Kanji Borrowings and Phonetic Adaptation in Modern Japanese.” Asian Linguistic Research, 12(1), 2024, pp. 45–68. https://doi.org/10.1016/j.asianling.2024.01.003

[5] Chen Guowei. 『近代日中語彙交流史』. Tokyo: Toho Shiten, 1994, 203-215.

[6] Shibatani, M. “The Language of Japan”. Cambridge: Cambridge University Press, 1990, 244-250.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati