KOREYS VA O‘ZBEK ADABIYOTIDA HIKOYA JANRI MASALASIGA DOIR

Hikoya nasrning eng yetakchi janri hisoblanadi. Har bir nasriy janr esa o‘ziga xos xususiyati bilan ajralib turadi. Ammo koreys adabiy olamida hikoya janri faolligi bilan ajralib turishi kuzatiladi. Zero, Xurshid Do‘stmuhammad asosli ta’kidlaganidek: “Har bir milliy adabiyotning o‘ziga xos kundalik nafasi, qadam olishi, mavqeyi – pulsi hikoyada ko‘proq namoyon bo‘ladi” [22; 7-b].

Koreys va o‘zbek adabiyotida hikoya janri o‘ziga xos taraqqiyot bosqichiga ega bo‘lib, shakl va mazmundagi izlanishlar samarasi o‘laroq muttasil ravishda yangilinmoqda.

Koreys adabiyotida nasriy janrlar sosol turkumiga kiruvchi asarlar tarzida beriladi. Sosolning uchta: kichik tanpxyon-sosol, o‘rta chunpxyon-sosol va katta chjanpxyon-sosol kabi turlari mavjud. Koreyada chop etilgan “Katta lug‘at” fundamental nashrida sosol atamasiga quyidagi ta’rif berilgan: “Sosol – nasr shakllaridan biri bo‘lib, unda faktlar va muallifning badiiy to‘qimasi birikmasi asosida hayot, shuningdek, barcha yuksak estetik narsa va hodisalar aks ettiriladi. Uzun, o‘rtacha va qisqa sosol farqlanadi” [25; 23-27-b].

Sosol turkumiga kiruvchi asarlar (Saydazimova U.T.) pxesol adabiyotining munosib davomchisi hisoblanadi [15; 5-b]. Pxesol atamasi Xan davrida shakllangan (er.av. 220-206 yillar) xitoy adabiy janri “baysho vensyue” yoki “baygun vensyue” nomi bilan boshlanadi. Rus tadqiqotchisi D.D. Yeliseyev sosol deganda shartli ravishda qissa, novella, roman, rus olimasi A.F. Trosevich esa qissa va roman janrlarini tushunadi [8; 67-b. 20; 10-b].

O‘zbek adabiyotida hikoya janriga shunday ta’rif beriladi: “Hikoya epik turga mansub kichik hajmli janr bo‘lib, u o‘ziga xos imkoniyat va hayotiy qamrovga ega. Hikoyada tasvirlangan voqea o‘z mohiyati va ahamiyati jihatidan epik turning roman, povest kabi janrlaridan farqlanmasa ham, biroq tasvirning ko‘lami, syujet va kompozisiyaning nisbatan soddaligi, bayonning asosan bir shaxs tomonidan olib borilishi jihatidan farqlanib turadi. Hikoya shakliy jihatdan prozaik ifodaga ega bo‘lsa-da, ayrim hollarda u she’riy shaklda ham yaratiladi” [23; 251-b].

Koreys adabiyotida tanpxyon-sosol janri hozirgi darajasiga yetguncha uzoq hamda murakkab jarayonni bosib o‘tdi. Ilk tanpxyon-sosol pxesol adabiyoti to‘plamlarida uchraydi. Mazkur to‘plamlarga kiritilgan tanpxyon-sosolning aksariyat qismi tarixnavislik yo‘nalishida vujudga kelgan bo‘lib, o‘z taraqqiyoti davomida (XVIII asrning boshigacha) tarixiy voqealarni yoritish xususiyatini saqlab qolgan. Ko‘plab tanpxyon-sosollar real tarixiy shaxslar va voqealar asosiga qurilgan.

Bu hodisa xitoy adabiyotida ham kuzatiladi. Xususan, xitoyshunos olim Ozod Ochilov “Xitoy folklor hikoyalarining asosiy mavzusi kundalik turmush tarzi bo‘lib, real hayotdagi insonlar bu turdagi hikoyalarning bosh qahramonlari sifatida gavdalanadi”, deb ta’kidlaydilar [14; 382-b]. Maqolada olim xitoy folklor hikoyalarini “Amaldorlar va oddiy xalq haqidagi hikoyalar”, “Mehnat hikoyalari”, “Oilaviy hikoyalar”, “Sevgi-muhabbat hikoyalari” kabi turlarga ajratadi. Xitoy folklor hikoyalariga voqea va shaxs albatta tarixiy voqelik bilan bog‘lanishi shartligi, odatda syujet to‘qima, hikoya qahramonlarining ismlari keltirilmasligi xosligiga urg‘u beradi.

Koreys tanpxyon-sosolida qahramonlar soxta (to‘qima) obraz sifatida keladi, jumladan, “Denga haqida hikoyat”, “Bambuk xonim”, “Dono Qulmoq” va h.k. Shu bilan birga bu hikoyalarda ham xitoy folklor hikoyalari kabi “qadim zamonlarda”, “...urug‘idan ekan”, “..okrugidan ekan” kabi ko‘rsatkichlardan hamda qahramon ismlari o‘rniga “bir odam bo‘lgan ekan” “chedok”, “musa”, “kisen” kabilardan foydalaniladi.

Alohida mualliflik to‘plamlari tarzida keng tarqalgan pxesol turli mavzulardagi qaydlar va qahramonlar haqidagi kulgili tarixiy voqealar, g‘aroyib sarguzashtlar va ularning qiziqarli bayoni orqali ko‘ngilxushlik asarlari sifatida kitobxonlarda qiziqish uyg‘otib, ularning qalbidan o‘rin olgan [17; 52-b].

Chxon Yo to‘plamidan joy olgan “Sandiq ichidagi yalang‘och chedok” hikoyasi g‘oyaviy mazmuni jihatidan o‘zbek shoiri, yozuvchi, teatr arbobi Hamzaning “Maysaraning ishi” komediyasini yodga soladi.

Adabiyotshunos olim L.R. Konsevich tasnifiga ko‘ra, pxesol to‘plamlaridan munosib joy egallagan hikoya janri xanmunda yaratilganligi sababli shakli jihatidan yuksak nasrga kiritilgan. Ammo mazmun jihatidan quyi darajaga mansub hisoblangan. Pxesol to‘plamiga kiritilgan, ko‘ngilochar nasr sifatida baholangan hikoyalarda xalqning og‘ir ijtimoiy ahvoli va hayotning beqarorligi aks ettirilgan.

Pxesol to‘plamidan joy egallagan hikoyalarning mavzular ko‘lami keng, ijtimoiy hayot masalalari qamrab olingan, qiziqarli voqealar asosiga etnografik va geografik mulohazalar kiritilgan bo‘lsa-da, xarakter turg‘un, tashqi kuchlar ta’siri kuzatilmaydi, mubolag‘adan xoli. Ko‘ngilochar motivlarda insonning ijtimoiy hayotga bo‘lgan munosabati ochib berilgan. Bunday ko‘ngilochar nasr, zerikkanda o‘qiladigan hikoyalar to‘plami ham Sharq, ham Gʻarbiy Yevropaning ko‘pgina xalqlari adabiyotiga xosdir.

Buni mazkur davrda yaratilgan pxesol to‘plamlari nomlari ham tasdiqlaydi. Li Inno “Bekorchilikdan”, Chxve Cha “Bekorchilikdan” to‘plamiga qo‘shimchalar, L Gyubo “Osoyishtalik yillari haqida tinchlik hikoyalari”, Son Xyon “Yonje shingil hikoyalari”, Chxon Yo “Dengizdan sharqdagi mamlakatdan turli hikoyalar”, O Sukkvon “Pxegvan uslubidagi turli qaydlar”, Li Ki “Sonvaning aralash hikoyalari” Chxva Chxonno “Osan hikoyalari o‘rmoni”, Li Tokxyon “Bambuk darcha oldida aytilgan hikoyalar”, muallifi noma’lum “Bekorchilikda yozilgan kichik hikoyalar” va h.k.

Rus olimi D.D. Yeliseyev o‘rta asr adabiyotining kichik shakli hikoyaning vujudga kelishi zamirida xalq og‘zaki ijodi va klassik istoriografiya yotadi, deb hisoblaydi, unda ham badiiy, ham nobadiiy janrlar yig‘indisini ko‘radi [8; 18-b].

Mumtoz davr koreys adabiyotning quyi daraja namunasi hisoblangan, pxesol to‘plamiga kiritilgan hikoya janri xalq og‘zaki ijodi bilan uzviy bog‘liq. Aynan materialni bayon etishning yuksak shakli bilan mavzuning oddiyligi uyg‘unlikda pxesolni Choson davrining koreys adabiyoti rivojlanish jarayonining yangi bosqichida paydo bo‘lgan o‘ziga xos adabiy hodisa sifatida tavsiflash uchun asos beradi [17; 25-b].

XVII asrga kelib kichik nasr tanpxyon-sosol keng ravnaq topdi. Tarix sahifalariga Imjin urushi nomi bilan muhrlangan, XVII-XVIII asrlarda Yaponiya bilan bo‘lib o‘tgan urush bu davr hikoyalarining yetakchi mavzusiga aylandi. Bir qator olimlar syujetli nasr tanpxyon-sosolning paydo bo‘lishi XV asrga taalluqli va bu Kim Si Sip nomi bilan bog‘lik, deb ko‘rsatishadi. Darhaqiqat, XV asrda Kim Si Sip tomonidan yaratilgan “Kimodan yangi hikoyalar” to‘plami ilk sehrli koreys hikoyalari to‘plami hisoblanadi.

Ayrim manbalarda Kim Si Sip qalamiga mansub hikoyalar novellalar tarzida beriladi. Shuningdek, tadqiqotchilar Kim Si Sipni birinchi koreys novellisti, deb atashadi. O‘zbek adabiyotshunos olimi D.Quronovning “Cho‘lpon nasri poetikasi” ilmiy tadqiqot ishida keltirgan quyidagi fikrlari bu masalaga oydinlik kiritadi:

“Ma’lumki, adabiyotshunoslikda “hikoya” va “novella” atamlari xususida yakdillik yo‘q:ayrim adabiyotshunoslar bu atamani sinonim hisoblasalar, boshqalari keskin farqlaydilar. Biz bu masalada hikoyaning ikki tipi bor: birinchisida ocherklilik (tavsifiy-rivoyaviy), ikkinchisida novellistik (konfliktli-rivoyaviy) xususiyati ustundir, degan fikrga ko‘proq qo‘shilamiz, ya’ni bu o‘rinda gap ikki turli janr haqida emas, balki bir janrning ikki xil sifat ko‘rinish haqida boradi” [10; 37-b].

Olimning fikriga tayanib, Kim Si Sip yaratgan sehrli hikoyalari tavsifiy-rivoyaviy xarakterdagi asarlarga mansub, deyish mumkin. Ildizlari xalq og‘zaki ijodiga borib taqaluvchi mazkur to‘plamga kiritilgan hikoyalarga ma’lum bir darajada ikkita manba ta’sir ko‘rsatdi. Bir tomondan bu xitoy adabiyoti, xususan, Tan va Sun sehrli novellalari bo‘lsa, ikkinchi tomondan xalq og‘zaki ijodidan keng foydalangan maishiy mavzuidagi pxesol to‘plamlariga kiritilgan hikoyalar edi.

Koreys adabiyoti tarixida pxesol adabiyotining yanada yuksalishida “Kimodan yangi hikoyalar” to‘plami muhim rol o‘ynadi. Ammo bu turdagi sehrli hikoyalar vaqt o‘tgan sari taraqqiy etmadi va bunday hikoyalarning to‘plamlari boshqa yaratilmadi. Lekin shunga qaramasdan, aynan Kim Si Sip ijodi badiiy to‘qima elementlari bilan keyingi nasr janri taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatdi.

Kim Si Sip o‘rta asr koreys adabiyoti rivoji, ayniqsa hikoya janri taraqqiyotiga hissa qo‘shgan birinchi nasrnavis. Adib birinchilardan bo‘lib o‘z hikoyalarida ijodiy tasavvurini sehrli elementlar orqali ifodalagan ijodkor hisoblanadi. Muallif tasvirlagan ajoyibotlar, g‘ayri oddiy narsalarda inson xarakteri, uning ichki olami, ruhiyati aks etib turadi.

Koreys adabiyotidan farqli ravishda o‘zbek adabiyotida hikoya janri uzoq asarlar davomida murakkab jarayonlarda shakllandi, ya’ni ilk hikoya namunalari qadimgi yozma adabiy yodgorliklarda uchraydi. Jumladan, “To‘nyuquq” va “Kultegin” bitiktoshlarida voqealar ishtirok etuvchilar tomonidan hikoya qilingan. Ammo hikoya janri rivoji bir tekis, ravon va uzluksiz davom etmadi. Dastlab XII asrda Muhammad Avfiy Buxoriy tomonidan yaratilgan “Javome ul-hikoyot va lavome’ ul-rivoyot” (“Hikoyatlar to‘plami va rivoyatlar yolqini”) nomli kitobidan so‘ng oradan to‘rt asr vaqt o‘tib Poshshoxo‘janing “Miftoh ul-adl” hamda “Gulzor” hikoyalar to‘plami yaratildi.[13; 21-b. 15; 121-b.] Har ikki muallif to‘plamidagi hikoyalar janr talablariga to‘liq javob bermaydi. Shuningdek, Nosiriddin Rabg‘uziyning “Qissai Rabg‘uziy” asarida axloqiy xarakterdagi hikoyalar mavjud bo‘lsa, So‘fi Olloyorning “Sabot ul-ojizin”, Mashrabning “Mabdai nur” asarlarida yuzdan ortiq she’riy hikoyatlar uchraydi.

“Bu davr hikoyalarida asosan ma’lum va mashhur rivoyatlar, afsonalar, tarixiy voqealar qayta bayon qilinib, qissadan hissa chiqarilar, badiiylikdan ko‘ra sharhlash ustuvorlik qilardi” [18; 12-b].

Bu tarzda hikoya yaratish uch asr davom etdi. Mumtoz adabiyotdagi  “hikoya” va “hikoyat” kabi asarlar I. Hotamov asosli ta’kidlaganidek: “Hikoya shakliy jihatdan prozaik ifodaga ega bo‘lsa-da, ayrim hollarda u she’riy shaklda ham yaratildi” hamda yirik asarlar ichida yo‘l-yo‘lakay berib o‘tildi.[23; 251-b]. O‘zbek adabiyotidagi hikoya janrining bu ko‘rinishi koreys adabiyoti pxesol to‘plamlariga kiritilgan hikoyalar mazmun-mohiyatiga o‘xshaydi. Har ikki xalq adabiyotida hikoya janri mukammal namunaga shakliga kelguncha uzoq masofani bosib o‘tdi.

XVIII-asrga kelib esa atoqli davlat arbobi, Sirxak harakatining faoli, yozuvchi Pak Chivon ilk bor koreys adabiyotida satira usulida hikoyalar yaratdi. Muallif fikriga ko‘ra, konfusiychi olimlar faqat kitob o‘qish bilan mashg‘ul, amalda esa ular harakatsiz. Bu uning “Yuysyada kechqurun aytilgan hikoyalar”, “Masxaraboz Min Yusin haqida xotiralar”, “Yanban bilan bo‘lgan voqealar” hikoyalarida o‘z aksini topgan. Barcha hikoya qahramonlari “konfusiychilik ta’limoti mezonlariga muvofiq umr bo‘yi klassik asarlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Lekin bu ularga hayotda biron narsaga erishishga yordam bermaydi, ular umrining oxirgi kunlarigacha qashshoqlikda yashaydilar” [16; 51-b].

Pak Chivon o‘z hikoyalariga bosh qahramon sifatida oddiy xalq vakillari – ishchilar, dehqonlar, hatto axlat tozalovchilar obrazlari kiritdi. Oddiy xalqning amaldorlar tomonidan ayovsiz tahqirlanishi, ular mehnatining qadrsizligi, inson sha’nining oyoq osti qilinishini tasvirlash asnosida jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, feodal qoloqlik sababli jirkanch ahvolga kelib qolgan mamlakati manzarasini ochib berdi.

Koreys adibi tomonidan ilgari surilgan bu masalalar XX asr boshida ijod qilgan o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi”, “Obid ketmon” kabi hikoyalarida o‘z aksini topdi. Bir qarashda kulguli, ammo aslida taraqqiyot dushmani Kalvak mahzum mazkur davrda yangiliklarga qarshi insonlarning yig‘indi obrazidir. 1926 yili muallifning “Yig‘indi gaplar” tanqidiy hikoyasi “Mushtum” jurnalida chop etildi. Hikoyada “aksiinqilobiy harakatlar”ni ko‘rgan ayrim kimsalar sabab Abdulla Qodiriy qamoqqa olinadi. Ammo bu adibning tanqidiy asarlar yaratishda davom etishi uchun to‘sqin bo‘la olmadi.

XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Koreyada yuz bergan Yevropalashuv jarayoni, dastavval yapon tilidan tarjimada kirib kelgan g‘arb adabiyoti va madaniyati, rus adabiyotiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. Gyote, Bayron, Turgenov, Chexov, Balzak, Tagor, Pushkin, Yesenin kabi buyuk ijodkorlar asarlari bilan yaqindan tanishgan hamda ta’sirlangan koreys shoir va yozuvchilari zamonaviy koreys nasri va nazmida yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tdilar. Asrlar davomida to‘qima obrazlar, tarixiy shaxslar, adabiy qahramonlarga aylangan, xalq orzusidagi personajlarga bo‘lgan munosabat o‘zgardi.

“Yangi real voqelik, yevropalashuv jarayoni, yapon istibdodidan ozodlikka chiqish, qashshoqlikdan qutilish, milliy madaniyat, maorif va ta’limning taraqqiy etishi uchun kurash yangi nasrning o‘zgachaligini belgilovchi realizm yo‘nalishining qonuniy taraqqiyotini taqozo yetmoqda edi” [2; 6-b].

Mumtoz va o‘rta asrlarda yaratilgan komil inson obrazini yaratishga bo‘lgan intilish, badiiy asar shakli uchun belgilab qo‘yilgan yagona syujet chizig‘i, qahramonlarning ajoyib tug‘ilishi, ularga har doim muammolarni hal qilishda yetib keluvchi tashqi kuchlar, asar sarlavhasiga olib chiqilgan chon morfemasi o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.

Akademik D.S.Lixachev asosli ta’kidlaganlaridek: “Haqqoniylik unsurlari real voqelikni ob’yektiv ravishda aks ettirish, zarur bo‘lgan voqelikni o‘zgartirib aks ettirish kerak bo‘lgan joyda ko‘proq namoyon bo‘ladi” [11; 18-b].

Mazkur davrda yozilgan Li Gvansuning “Qon bilan yozilgan satrlar” (ilk nomi “Nobuko”), “Qayg‘u”, Xyong Sang Yunning “Quvg‘in”, Kim Doninning “Bir savat batat”, “Olov sonatasi”, “Xayrlashuv qo‘shig‘i”, Yom Sansopning “Tajribaxonadagi qurbaqa”, Xyon Jingonning “Omadli kun”, Na Doxyanning “Sassiz Samryong” hikoyalari sof realizm yo‘nalishida yaratildi.

Li Gvansuning “Qon bilan yozilgan satrlar” hikoyasida yozuvchining mahorati realizmning muhim tamoyillaridan biri – xarakterlarni o‘z ovozlari yordamida qayta tiklash prinsipini qo‘llashda o‘z ifodasini topdi. Bu o‘rinda V.V.Vinogradovning: “badiiy tasvirning barcha qonun va aqidalariga qarshi tinimsiz kurash olib borish aynan realizmga xos prinsipdir”, degan fikrlari o‘z tasdig‘ini topadi [6; 72-b].

XX asr boshlarida xalqini ozod, millatini savodxon qilish uchun adabiyot maydoniga jadidchilar shaxdam qadamlar bilan kirib kelishdi. Ular adabiyotning mohiyatini chuqur anglab, jamiyat, millat ravnaqida uning muhimligini anglab yetishdi. Bu feodal qoloqlikdan so‘ng uyg‘onish davri bo‘lib, taraqqiyparvar jadidchilar davrning asosiy kuchi sifatida maydonga chiqdilar. Jaholat qobig‘ida qolgan xalqni uyg‘otish hamda ozodlik uchun kurashga chorlash uchun jadidchilar hayotni o‘zgartirish, yangilash zarurligini anglab yetdilar.

Jadidchilar qo‘lda qurol bilan emas, balki ma’rifat yo‘li – yangi tarzdagi maktablar ochish, nashriyotlarda milliy adabiyotni chop ettirish, maktablar uchun darsliklar yaratish, turli ma’naviy-ma’rifiy to‘garaklarga asos solish orqali kurashishdi.

Umuman olganda, XX-asr boshi o‘zbek adabiyotida tarixida yuz bergan yangilanish jarayoniga Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani muqaddimasida mazkur davr ijodkorlariga qo‘yilgan talab anglashiladi: “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sinda ham ana shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchilik, ro‘monchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhro”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin” va “Bahromgo‘r”lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz” [3; 6-b].

XX asrga kelib vaqtli matbuot rivojlandi: “1905-yilgi birinchi rus inqilobidan keyin Turkistonga turli g‘oyaviy va estetik yo‘nalishdagi turk, ozarbayjon va birinchi navbatda tatar adabiyoti va matbuoti tarqala boshladi” [21; 10-b].

O‘zbek nasrida yangi o‘zgarishlar – munozara, qissa, hikoya kabi janrlarning shakllanishi kuzatildi. Bu davr gazeta va jurnal sahifalarida Cho‘lponning “Qurboni jaholat”, “Do‘xtir Muhammadyor”, “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola”, “Novvoy qiz”, Abdulla Qodiriyning o‘z xalqini saloqatli, bilimli va madaniyatli, ozod ko‘rish istagidagi “Juvonboz”, “Uloqda”, shuningdek, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, “Kalvak mahzumning xotira daftaridan” hajviy hikoyalari, Fitratning “Qiyomat”, Shokir Sulaymonning yangilik va eskilik o‘rtasidagi ayovsiz kurashni ko‘rsatuvchi “Qotil”, “Hukm”, “Farmoza otasi”, “Lolazordagi shumg‘iya”, “Parazitlar”, “Yamo va Xamo” singari hikoyalari chop etildi.

“...jadid adabiyotida shakllanish davriga kirgan hikoya, qissa, roman kabi epik janrlarning ildizlari mumtoz janrlar hisoblangan qissa va hikoyatlarga borib ulanadi. Shu jihatdan Sa’diy “Guliston”i bilan Avloniyning “Turkiy Gulisto yoki axloq” asari, Xojaning “Gulzor” hikoyatlar majmuasi bilan Qodiriyning hikoyalari o‘rtasida janriy rishtalar mavjud” [19; 24-b].

Mualliflar o‘z hikoyalarida ijobiy va salbiy qahramonlar obrazini yaratishdi, yangi obrazlar davr va muhit o‘chog‘ida tasvirlandi, syujet va kompozion qurum murakkablashdi.

“Jadid adabiyotining namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lponlar bu janrning yangilanishiga munosib hissa qo‘shdilar. Ularning say’i harakati bilan hikoyaga ilgari ko‘rilmagan syujet birligiga asoslangan yaxlit voqelik, shu voqelikni ro‘yobga chiqarishda muhim rol o‘ynaydigan qahramon (garchi ular xarakter darajasiga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da), voqea rivojiga turtki beruvchi konflikt (ayniqsa, ma’rifat va jaholat o‘rtasidagi kurash misolida) kabi zarur unsurlar kirib keldi. Bular hikoyaning janr sifatida mukammallashuvida dastlabki mezonlar rolini o‘ynadi” [18; 12-b].

Mana shu murakkab davrda ijod qilgan Abdurauf Fitrat yangi adabiyot asoschilari sifatida maydonga chiqdi. Uning birgina “Munozara” asari butun Turkiston jadidchilarini ilhomlantirdi:

“Fitratning birgina, “Munozara”si davr taraqqiyotiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatdi” [5; 15-b].

Manbalarda keltirilishicha, adib “Munozara” asarini 23 yoshida – Turkiya dorilfununida talabalik yillari yozib tugatgan. Asarning to‘liq nomi “Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘on munozarasi” deb nomlangan.

XX asr o‘zbek adabiyotining yorqin namoyondasi, milliy uyg‘onish davrining asriy davomchisi, shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim hamda yozuvchi Abdulhamid Cho‘lpon she’r, roman, drama, tanqid, tarjima hamda hikoya kabi janrlarda ijod qildi [12; 20-b]. Cho‘lponning 20-yillarda yaratgan “Qor qo‘ynida lola”, “Oydin kechalarda”, “Nonushta”, “Gavharoy” kabi hikoyalari o‘zbek ayollari taqdiriga bag‘ishlangan.

Badiiy adabiyotning vazifasi xalqni jaholat uyqusidan uyg‘otish, jamiyatning rivojiga va inson barkamolligiga xalaqit beruvchi illatlardan xalos bo‘lish – ruhiy, ma’naviy forig‘lanishdan iborat deb tushungan Cho‘lpon 1914-yili “Sadoi Turkiston” gazetasida chop etilgan “Adabiyot nadur?” maqolasida “Hech to‘xtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir” deb yozadi [4; 28-b].

Cho‘lponning “Qor qo‘ynida lola” hikoyasida qari cholga uchinchi xotin qilib berilgan o‘n yetti yashar Sharofatning qora, zulmatli kunlari, achchiq qismati yoritilgan. To‘y bo‘lib o‘tgan ko‘chani “Ho‘h-ho‘, ko‘cha juda zulmot-ku!”, “Bu kecha xuddi eshon bobongning ko‘nglidek bo‘libdir” ta’riflarida qoloqlik illatlari berilgan bo‘lsa, hikoyadagi Mamat qorovulning “…dunyo o‘zi shu qadar teskari dunyo ekan...lolaning ustiga qor yog‘di-da” deyishi haqiqiy fojiaga berilgan bahodir [1; 83-b].

Adib ijodida fojiali vaziyat, fojiali muhit va sharoit, fojiali qahramonlarni tasvirlash boshqa janrdagi asarlari kabi hikoyalarida ham markaziy masalaga aylandi. Jumladan, Behbudiyning “Padarkush” pyesasidagi jaholat va ilmsizlik masalalari “Qurboni jaholat” hikoyasida o‘g‘irlik qilgan yigit sabab aybsiz yigitning o‘ldirilishi tarzida beriladi. Hikoya leytmotivi jaholat qurboni Eshmurodning “Biz odam bo‘lmaymiz...Bitamiz...Inqiroz bo‘lamiz...Oh jaholat. Jaholat, bitduk, bitduk. O‘lduk...tirilmayman...” degan iztirobli so‘zlarida namoyon bo‘ladi. Millat anglab yetmayotgan maktab, ilm-fan ibrat olish kabi so‘zlar Eshmurodning butun xayolini chulg‘ab olgan [24; 269-b]. Hatto jaholat botqog‘ida turgan, gazeta o‘qigani uchun ustidan kulgan otasi uni tashvishlantiradi. Lekin yorug‘lik manziliga yetib kelmagan, zimiston qo‘ynida halok bo‘lgan ilm – jaholat ildizlari edi.

Abdulla Qodiriy qalamiga mansub “Uloqda” hikoyasi o‘zbek realistik hikoyasining eng yaxshi namunasi bo‘lib, 1916 yili chop etilgan. “Uloqda” hikoyasida xalq urf-odatlari tasviri beriladi, ammo adibni jahon miqyosida bo‘layotgan urush haqida “sodda” xalqning beg‘amligi tashvishga soladi. Ammo hikoyaga Oybek domla “hikoyachilikda realizm tomon ishonch bilan katta qadam tashlagan”, deb yuksak baho beradi.

Hozirgi koreys va o‘zbek hikoyachiligi shakl va mazmun, ifoda jihatidan ancha boyidi, milliy xarakter yaratish tajribasi shakllandi. Gʻarb adabiyoti ta’sirida har ikki xalq adabiyotida hikoya janri yangicha tasvir, qahramon ruhiyatini anglashga bo‘lgan intilish, davr adabiy qahramoni kabi xususiyatlar bilan boyitildi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Abdulhamid Cho‘lpon. Buloqlar quchog‘ida. She’rlar va hikoyalar. – Toshkent. “Zabarjad Media”. 2023. – B.183.
  2. Zamonaviy koreys nasri antologiyasi.Tuzuvchilar: Saydazimova U., Choy So Yong, Kim V.N. va boshq. –T.: Istiqlol, 2014. – B.206.
  3. Абдулла Қодирий.Танланган асарлар. –Т.: “Sharq” . 2014. – Б. 116.
  4. Абдулҳамид Чўлпон. Адабиёт надур?. Ўзбек адабий танқиди: [антология]/ тузувчи ва нашрга тайёрловчи Б.Каримов. “TURON-IQBOL” МЧЖ, 2011. – Б.228.
  5. Айни С. Таърихи инқилоби Бухоро. – Душанбе: Адиб, 1987.– Б.148.
  6. Виноградов В.В.О языке художественной литературы. – М.,1959. – С.472.
  7. Дўстмуҳаммад Х. Ҳикояларда ҳаёт ва хаёл ҳақиқати. Шарқ юлдузи. 2011. №1.– Б.108.
  8. Елисеев Д.Д. Корейская средневековая литература пхэсоль. – М., 1968. – С.185.
  9. Елисеев Д.Д. Новелла корейского средневековья. – М.: Наука, 1977. – С.167.
  10. Қуронов Д. Чўлпон насри поэтикаси. –Тошкент: Шарқ. 2004. – Б. 237.
  11. Лихачев Д.С. Избранные работы. В 3 т. – Л.: Художественная литература, 1987.– C.128.
  12. Мирзаева Н., Асқарова М. Чўлпон ижодида миллий уйғониш ҳаракати. “Oriental Art and Culture” Scientific-Methodical Journal – Issue 5 /2020.
  13. Муҳаммад Авфий Нодир ҳикоялар. – Т., АСН, 1977.– Б.128.
  14. Очилов О. Хитой фольклор ҳикоялари. “Uzbekistan-China: development of cultural, historical, scientific and economic relations”. – T,. 2021. – Б.382.
  15. Пошшохўжа. “Мифтоҳ ул-адл” ва “Гулзор”. –Т., БАН, 1962.– Б.118.
  16. Сайдазимова У.Т. XVII-XVIII асрлар корейс насрининг маънавий-эстетик концепциялари. Филол. фан. док. дисс....автореф. – Тошкент, 2018. –55 б.
  17. Сайдазимова У.Т. Корейс ёзувчиси Пак Чи Вон “Хитой кундалиги” асарининг ўзига хос хусусиятлари // Ўзбекистон-Хитой:тарихий-маданий, илмий ва иқтисодий алоқалар ривожи. Илмий конференция. 18-ноябрь, 2017.
  18. Солижонов Й. Адабиёт хиёбони. Мақолалар, суҳбатлар. – Фарғона. 2020. – Б. 129.
  19. Тожибоева М.А. Жадид адиблари ижодида мумтоз адабиёт анъаналари. Филол. фанл. бўйича докторлик (DSc) диссертацияси автореф. – Тошкент. 2018. –Б. 54.
  20. Троцевич А.Ф. Корейский средневековый роман. – М., 1986. – С.310.
  21. Турдиев Ш. Чўлпон ва татар адабиёти (алоқалар тарихи, манбалари) ЎТА, 1997. №9. – Б. 110.
  22. Хуршид Д. Йил ҳикоялари: ютуқлар ва изланишлар. //Тил адабиёт таълими, 2017, №7.
  23. Ҳотамов И ва бошқ. Адабиётшунослик терминларининг русча-ўзбекча изоҳли луғати. – Тошкент. Ўқитувчи. 1979. – Б. 251.
  24. Чўлпон. Асарлар. Адабий-бадиий нашр. II жилд. –Тошкент. 1994. – Б. 269.
  25. 큰 사전. –서울, 1995. – 23-73-쪽.

 

Ergasheva D. Issues of the short story genre in Korean and Uzbek literature. This article provides a comparative analysis of the short story genre in Korean and Uzbek literature, focusing on its formation and artistic characteristics. Works belonging to the sosol tradition of Korean prose are selected as the primary objects of the study. In particular, the short story “The Naked Chedok in the Chest” from Chon Yo’s collection is compared with Hamza’s comedy “Maysara’s Case.” The analysis reveals the distinctive features of the short story genre in Korean literature in contrast to Uzbek literature through an examination of plot construction, character system, and socio-aesthetic approaches.

 

Эргашева Д. Проблематика жанра рассказа в корейской и узбекской литературе. В данной статье проводится сопоставительный анализ жанра рассказа в корейской и узбекской литературе, рассматриваются особенности его формирования и художественной специфики. В качестве основного объекта исследования выбраны произведения, относящиеся к корейской прозаической традиции сосоль. В частности, рассказ «Обнажённый чедок в сундуке» из сборника Чхон Ё сопоставляется с комедией Хамзы «Дело Майсары». В ходе анализа на основе сюжетного построения, системы образов и социально-эстетических подходов выявляются отличительные особенности жанра рассказа в корейской литературе по сравнению с узбекской.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati