Tilshunoslikda leksik va frazeologik birliklarning ma’nosi faqat denotativ qatlam bilan cheklanma ydi, har bir so‘z o‘zining lug’aviy, ya’ni denotativ ma’nosidan tashqari, emotsional, stilistik, madaniy konnotatsiyalariga ega. Denotativ qatlam so‘zning asosiy, obyektiv ma’nosini ifodalaydi, konnotativ qatlam esa, qo‘shimcha semantik ma’nosini, madaniy va ijtimoiy kontekstda shakllangan ma’nolarini ko‘rsatadi. Shu sababli, konnotatsiya tilshunoslikda alohida o‘rganiladigan muhim hodisa hisoblanadi.
Konnotatsiya tushunchasi turli tilshunoslar tomonidan izohlangan. Konnotatsya haqida Sh.Balli, V.Vinogradovlarning yondashuvlari tilshunoslikka katta hissa qo‘shdi. Sh. Balli konnotatsiyani stilistik ma’no bilan bog’lab, uni nutqning ta’sirchanligini belgilovchi omil sifatida izohlagan. V.Vinogradov , leksik birliklarning semantik qatlamini tahlil qilib, konnotatsiyani matnning mazmuniy boyligini oshiruvchi vosita[1] deb hisoblagan. V.V. Vinogradov leksik birliklarning semantik qatlamini tahlil qilar ekan, konnotatsiyani shunchaki qo‘shimcha ma’no emas, balki matnning mazmuniy boyligini va estetik ta’sirchanligini ta’minlovchi fundamental vosita deb hisoblagan. Olimning ta’kidlanishicha, so‘z va iboralarning mazmuni faqatgina narsa-hodisani nomlash bilan cheklanib qolmaydi. Uning fikricha, har bir frazeologik birlik o‘zida o‘ziga xos..
Vinogradov yondashuvida konnotatsiya tushunchasi uchta asosiy komponent asosida shakllanadi:
Birinchidan, ekspressiv-baholovchi xarakter. Olim konnotatsiyani so‘zlovchining subyektiv munosabati — erkalash, kamsitish, kinoya yoki yuksak hurmat kabi hissiy bo‘yoqlar bilan bog‘laydi. Uning talqinida konnotatsiya matnga "jon" bag‘ishlaydi va quruq axborotni emotsional nutqqa aylantiradi. Vinogradov so‘zning denotativ yadrosiga qo‘shilgan bu "hissiy-ekspressiv qobiq"ni nutqiy vaziyatning uslubiy o‘ziga xosligini belgilovchi eng muhim omil deb bilgan.
Ikkinchidan, tarixiy va madaniy xotira. Vinogradov frazeologizmlar tarkibidagi konnotatsiyani xalqning tarixiy tajribasi, urf-odatlari va madaniy qadriyatlari saqlanadigan qatlam sifatida baholaydi. Masalan, iboralardagi obrazlilik shunchaki til hodisasi emas, balki o‘sha til egalarining dunyoqarashini aks ettiruvchi semantik koddir. Bu kodlar orqali matnning mazmuni kengayib, o‘quvchida muayyan madaniy assotsiatsiyalarni uyg‘otadi.
Uchinchidan, kontekstual dinamika. Olim so‘zning lug‘aviy ma’nosi barqaror bo‘lsa-da, uning konnotativ ma’nosi matn ichida o‘zgarishi, toblanishi va yangi ma’no qirralarini kashf etishi mumkinligini isbotlagan. Vinogradov nazariyasiga ko‘ra, konnotatsiya matnning pragmatik effektini oshiradi: u tinglovchi yoki o‘quvchining diqqatini jalb qiladi, tasavvurini boyitadi va so‘zlovchi niyatini aniqroq yetkazishga xizmat qiladi.
V.V. Vinogradov konnotatsiyani tilning estetik vazifasini amalga oshiruvchi asosiy mexanizm sifatida ko‘rsatgan. Uning bu boradagi ilmiy xulosalari bugungi kunda matn tilshunosligi va lingvokulturologiya fanlarining rivojlanishiga tamal toshi bo‘lib xizmat qilmoqda. Konnotatsiyani matnning mazmuniy boyligi sifatida o‘rganish, til o‘rganuvchilarga nafaqat so‘z ma’nosini, balki tilning ruhini va madaniy qatlamlarini anglash imkonini beradi.
Tilshunos J. Lyons o‘zining mashhur “Semantics” asarida denotativ va konnotativ ma’nolarni farqlash orqali semantik tafakkurga yangi yondashuv kiritgan[2]. U o‘zining fundamental “Semantics” (Semantika) asarida ma’no nazariyasiga tizimli va mantiqiy yondashuv kiritib, denotativ va konnotativ ma’nolarni farqlashning ilmiy mezonlarini ishlab chiqqan. Lyonsning qarashlari semantik tafakkurda inqilobiy burilish yasadi, chunki u konnotatsiyani shunchaki “qo‘shimcha” emas, balki tilning kommunikativ funksiyasini ta’minlovchi ajralmas qism deb hisoblagan.
Lyons yondashuvining birinchi muhim jihati — deskriptiv va no-deskriptiv ma’no o‘rtasidagi farqdir. Olim denotatsiyani deskriptiv ma’no deb ataydi, ya’ni u obyektiv voqelikdagi predmet yoki hodisani aniq tasvirlaydi. Konnotatsiya esa no-deskriptiv ma’no qatlamiga mansub bo‘lib, so‘zlovchining his-tuyg‘ulari, ijtimoiy kelib chiqishi va munosabatini ifodalaydi. Layonzning fikricha, denotatsiya so‘zning "nima haqida"ligini aytsa, konnotatsiya "qanday va nima uchun" aytilayotganini tushuntiradi.
Ikkinchi muhim jihat — ijtimoiy va affektiv ma’noning tahlilidir. Lyons konnotatsiyani ikki yo‘nalishga ajratadi:
Ijtimoiy konnotatsiya: Bu so‘zlovchining qaysi ijtimoiy guruhga mansubligi, uning shevasi yoki nutq uslubi rasmiy yoki norasmiy orqali namoyon bo‘ladi.
Affektiv ma’no: Bu so‘zlovchining tinglovchiga yoki u gapirayotgan obyektga nisbatan munosabatidir. Masalan, "it" so‘zi denotativ jihatdan hayvonni anglatsa-da, turli kontekstlarda u do‘stlik - ijobiy yoki pastkashlik salbiy konnotatsiyalarini kasb etishi mumkin.
Uchinchi jihat — kontekstual cheklanganlik. Lyons ta’kidlaydiki, konnotatsiya so‘zning lug‘aviy ma’nosidan ajralgan holda mavjud bo‘lmaydi. U har doim ma’lum bir madaniy va lisoniy kontekst ichida "yashaydi". Olim denotativ ma’noni barqaror va tildan tilga oson tarjima qilinadigan universal qatlam deb bilsa, konnotatsiyani tildan tilga o'tishi qiyin bo'lgan, madaniy o'ziga xoslikka ega qatlam sifatida tavsiflaydi.
Uning yondashuvi bugungi kunda pragmatika va kognitiv tilshunoslik sohalari uchun nazariy asos bo'lib xizmat qilmoqda. Lyons nazariyasini o‘rganish, ayniqsa, tarjima jarayonida so‘zlarning nafaqat lug‘aviy muqobilini, balki ularning "hissiy yukini" ham to‘g‘ri yetkazishda juda muhimdir.
Umberto Eko esa konnotatsiyani semiotik tizimning ikkinchi darajali ma’nosi sifatida talqin qiladi. Unga ko‘ra, belgi avvalo denotativ ma’noga ega bo‘lsa-da, madaniy kodlar orqali qo‘shimcha konnotativ qatlam hosil qiladi. U.Eko konnotatsiyani faqat til bilan cheklamay, reklama, moda, kino va san’at kabi madaniy hodisalarda ham belgi tizimining muhim qismi[3] sifatida ko‘radi. Mashhur italyan olimi va yozuvchisi Umberto Eko o‘zining “Trattato di semiotica generale” Semiotika nazariyasi asarida konnotatsiya tushunchasiga nafaqat tilshunoslik, balki keng qamrovli semiotik va madaniy hodisa sifatida yondashgan. Uning talqinida konnotatsiya — bu belgi tizimining ikkinchi darajali ma’no qatlami bo‘lib, u jamiyatdagi mavjud madaniy kodlar va ijtimoiy kelishuvlar asosida shakllanadi.
Olimning fikricha, har bir belgi so‘z, tasvir, rang yoki signal avvalo o‘zining birlamchi, ya’ni denotativ ma’nosiga ega. Biroq, bu belgi muayyan madaniy muhitga tushganda, u o‘ziga yangi ma’no yuklamalarini qabul qiladi. Masalan, oq rang denotativ jihatdan shunchaki rangni anglatsa, G‘arb madaniyatida u poklikni, Sharqdagi ayrim madaniyatlarda esa motamni konnotatsiya qilishi mumkin. Eko bu jarayonni belgi va uning mazmuni o‘rtasidagi “madaniy kodlangan bog‘liqlik” deb tushuntiradi.
Ikkinchi muhim jihat — konnotatsiyaning “chegarasiz” tabiati. Umberto Eko konnotatsiyani faqat til bilan cheklab qo‘ymaydi. U semiotikani reklama, moda, kino, arxitektura va san’at kabi sohalarga tatbiq etadi. Masalan, moda sohasidagi ma’lum bir kiyim uslubi shunchaki tanani yopish denotatsiya uchun emas, balki kishining ijtimoiy mavqeyi, didi yoki siyosiy qarashlarini konnotatsiya ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Reklamada esa biror mahsulotning tasviri orqali iste’molchiga "baxtli hayot" yoki "erkinlik" kabi konnotativ g‘oyalar sotiladi.
Uchinchi jihat — ijtimoiy kontekstning roli. Eko konnotatsiyani subyektiv hissiyot emas, balki jamoaviy bilim deb biladi. Ya’ni, konnotativ ma’no faqat o‘sha jamiyat a’zolari o‘rtasidagi umumiy “tushunish kodi” mavjud bo‘lgandagina ishlaydi. Agar kishi o‘sha madaniyat kodini bilmasa, u belgi orqasidagi yashirin ma’noni o‘qiy olmaydi.
Umberto Eko konnotatsiyani madaniyatning "asosi" deb hisoblagan. Uning nazariyasiga ko‘ra, biz yashayotgan dunyo — bu ulkan belgilar va konnotatsiyalar tizimidir. Eko qarashlarini o‘rganish til o‘rganuvchilarga nafaqat so‘z boyligini oshirish, balki o‘rganilayotgan til madaniyatining ichki kodlarini, ijtimoiy qatlamlarini va ramziy ma’nolarini chuqur anglash imkonini beradi.
Konnotatsiyani o‘rgatish bir qator muhim kompetensiyalarni shakllantiradi, ya’ni semantik tafakkurni kengayriradi, o‘rganuvchi faqat lug’aviy ma’nonigina emas, emotsional va madaniy jihatlarini anglaydi, nutq boyligi ortadi, vaziyatga qarab so‘z tanlaydi, ohang va uslubiy rol ham ahamiyati katta ekanligini anglaydi. Madaniyatlararo kompetensiya shakllanadi, har xil tillardagi konnotativ birlikni qiyoslash orqali boshqa bir madaniyatning semantik kodlarini anglash, tushunish va muloqotda ularni qo‘llashni o‘rganadi. Shu sababli, konnotativ qatlamni o‘rganish zamonaviy ta’limning muhim jihati bo‘lib hisoblanadi.
Frazeologik birliklarning konnotativ ma’nosining o‘rgatilishi bo‘yicha turli xil metodlar qo‘llaniladi.
Kontekstual metod, bunda so‘z va iboralar matn ichida tahlil qilinadi, faqatgina lug’aviy izoh bilan cheklanmasdan, chuqurroq, pragmatik ta’siri va funksional vazifasi o‘rganiladi.
Qiyosiy metod, bunda til o‘rganuvchi qaysi tilni o‘rganayotgan bo‘lsa o‘sha tilni ona tili bilan konnotativ ekvivalentlarini solishtirish orqali tilning milliy-madaniy xususiyatlarini tushuna olishadi. Bu metod tipologik va kontrastiv tahlilga asoslanadi, semantik maydonlar, metaforik asoslar va madaniy konnotatsiyalarni ochib beradi. Masalan: “omad yor bo‘lsin” iborasi, italyan tilida “in bocca al lupo” iborasi bilan ifoda etiladi, pragmatik jihatdan yaqin, so‘zma-so‘z tarjimada ikkalasi butunlay boshqa ma’no aks etadi, madaniy asoslari ham turlicha, o‘zbek tilida rang ramzi, italyan tilida esa hayvonga bog’liq metafora.
Interaktiv metod, bunda o‘rganuvchilarning o‘zi ham faol ishtirok etishadi, ularning komunikativ kompetensiyasini rivojlantirishga qaratilgan yondashuv bo‘lib hisoblanadi. Metod frazeologik birliklarning konnotativ ma’nolarini real kommunikativ vaziyatda qo‘llash orqali o‘zlashtirishga yordam beradi. Bu metod orqali faqatgina nazariy bilim bilan cheklanib qolish bo‘lmaydi, chunki olingan bilim amaliyotda qo‘llanilishi ta’minlanadi va amaliy nutq ko‘nikmalari shakllanadi. o‘zbek tilida “og’zi ochilib qoldi” iborasini italyan tilida “rimanere a bocca aperta” shaklida ko‘ramiz, bu iboralar ekvivalen bo‘lib hisoblanadi, ya’ni ikkalasi ham bir xil ma’noni anglatadi. Lekin o‘zbek va italyan tili frazeologik birliklarining semantik jihatdan bir-biriga yaqinligini ko‘rishimiz mumkin, ammo ularning madaniy asoslari turlicha.
Tarjima metodi, bunda konnotativ ma’noni ekvivalentlar orqali yetkazish, kompetensiya strategiyalarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Tarjima jarayonida to‘g’ridan-to‘g’ri ekvivalent bo‘lmagan hollarda kompetensiya va izohli tarjima usullari qo‘llaniladi.
Masalan “qo‘y og’zidan cho‘p olmagan” iborasini olsak, italyan tilida uni uch xil ibora bilan keltirishimiz mumkin, ya’ni kontekstga qarab bu iboralardan mosini tanlaymiz: Non fare male a una mosca -chivinga ham ozor bermaydigan, Mansueto come una pecora - qo‘ydek yuvvosh, Buono come il pane - non kabi yaxshi, samimiy degan ma’nolarni beradi. O‘zbek tilidagi “qo‘y o‘g’zidan cho‘p olmagan, yuvvosh, beozor ma’noni bersa, italyan tilidagi frazeologik birliklar doim ham bu ma’noni bermaydi, sababi, “non fare male a una mosca” iborasi beozor ma’noni beradi, lekin “chumoliga ham ozor bermaydigan” iborasiga ekvivalent bo‘la oladi, “Mansueto come una pecora” iborasi esa, itoatkor ma’noni beradi, ya’ni bo‘ysinuvchan degani, beozor degan ma’nodan uzoqroq. Buono come un pane iborasi, insonning yaxshiligiga urg’u berish uchun qo‘llaniladi. Lekin o‘zbek tilida ham “nondek aziz” iborasi bor, uning semantikasi ham farq qiladi bir-biridan. o‘zbek tilida “nondek aziz” iborasi qadr-qimmat, muqaddas, va hayotiy zarurlikni ifodalaydi. Italyan tilida esa insonning xarakteriga nisbatan qo‘llaniladi.
Masalan: Nondek aziz bo‘lgan ota-onangni e’zozlash kerak.
Lui e` buono come il pane. - U yaxshi inson. “Nondek yaxshi” - “yaxshi inson” konnotatsiyasini beryapti.
Korpusga tayangan metod, bunda korpus lingvistikasidan foydalanish orqali frazeologik birliklarning real qo‘llanish chastotasi, pragmatik holatlari aniqlanadi.
Psixologik metod, frazeologik birliklarning eslab qolinishini osonlashtirirish bo‘lib, iboralarni ma’nolarga qarab guruhlab ular orasida bog’lanishlarni yaratilishi tufayli iboralarning yodda qolishi osonlashadi.
Psixolingvistik yondashuvda iboralar ma’nosi bo‘yicha guruhlanadi va assotsiativ bog‘lanishlar orqali tezroq eslab qoladi. O‘zbek va italyan tillarida bu usulni qo‘llash iboralarning madaniy farqlarini ham ko‘rsatadi, lekin semantik maydonlar o‘xshash bo‘lib qoladi.
Pedagogik metodlarning bunday tizimli qo‘llanilishi frazeologik birliklarning konnotativ ma’nosini chuqur o‘zlashtirish, ularni real kommunikatsiyada faol qo‘llash va tarjima jarayonida madaniy ekvivalentlarni to‘g‘ri tanlash imkonini beradi. Har bir metod o‘zining ilmiy asoslari bilan birgalikda o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Tilshunoslikda konnotatsiya - bu so‘zning lug’aviy ma’nosidan tashqari yuklatilgan qo‘shimcha ma’no, emotsional rang va madaniyat yuklamidir. Uni o‘rganish juda muhim, chunki u o‘rganuvchilarga frazeologik birlikni chuqurroq anglash, ularni to‘g’ri qo‘llash, kontekstni his qilish imkonini yaratadi. Konnotatsiyaning turlari: emotsional, madaniy, stilistik, ijtimoiy va neologizm konnotatsiyalari. Emotsional konnotatsiya - so‘z va iboralarning his-tuyg‘ularni uyg‘otish qobiliyati bilan bog‘liq. Madaniy konnotatsiya - so‘z va iboralarning milliy obrazlilik va madaniy ramzlar bilan bog‘liq ma’nosini ifodalaydi. Stilistik konnotatsiya - so‘z va iboralarning so‘zlarning qaysi uslubda qo‘llanishi bilan bog‘liq. O‘quv jarayonida stilistik konnotatsiyalarni o‘rganish o‘quvchilarga nutq uslublarini farqlash va ularni vaziyatga mos qo‘llashni o‘rgatadi.Ijtimoiy konnotatsiya - so‘z va iboralarning jamiyatdagi bahosi va kontekstdagi ijobiy yoki salbiy yuklamasi bilan bog‘liq.
Shunday qilib, konnotatsiya faqat tilshunoslik nazariyasi emas, balki o‘quv jarayonida amaliy ko‘nikma sifatida ham muhimdir. O‘quvchilar frazeologik birliklarni semantik maydonlar asosida guruhlab, assotsiativ bog‘lanishlar orqali tezroq eslab qoladilar. Bu esa ularning kommunikativ kompetensiyasini rivojlantiradi va tilni yanada boyroq anglashga yordam beradi.
Metodlarning tizimli qo‘llanilishi o‘quvchilarda bir qator kompetensiyalarning shakllashi uchun xizmat qiladi. o‘rganuvchilarning denotativ va konnotativ ma’nolarni farqlashni o‘rganishlari, kontekstga mos ko‘nikmalarni oshirish ko‘nikmasiga ega bo‘ladilar. Turli tillardagi konnotativ birliklarni qiyoslash orqali o‘quvchilar boshqa madaniyatning semantik kodlarini anglash va muloqotda ularni qo‘llashni o‘zlashtiradi. Vaziyatga mos til birliklarini tanlash, nutq etiketi va ohangni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Frazeologik birliklarni tarjima qilishda madaniy ekvivalentlarini to‘g’ri tanlash va semantik mazmunni to‘liq yetkazish imkonini beradi.
O‘zbek tilshunoslari konnotatsiyani tilning emotsional, stilistik va madaniy qatlamini ifodalovchi muhim hodisa sifatida ko‘rishadi, konnotatsiyani o‘rgatish o‘quvchilarda semantik tafakkur, madaniyatlararo kompetensiya va tarjima ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Leksik birliklar va frazeologik birliklarning konnotativ qatlamini o‘rganish tilshunoslikda nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham alohida ahamiyat kasb etadi. So‘zlarning denotativ ma’nosi ularning asosiy mazmunini ifodalasa, konnotativ qatlam emotsional, stilistik va madaniy yuklamani ochib beradi. Bu qo‘shimcha semantik qatlam o‘quvchilarda semantik tafakkurni kengaytiradi, nutqiy boylikni oshiradi va kommunikativ kompetensiyani mustahkamlaydi.
Frazeologik birliklarning konnotatsiyasini o‘rgatishda qo‘llaniladigan kontekstual, qiyosiy, interaktiv, tarjima va korpusga tayangan metodlar o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Har bir metod o‘ziga xos yondashuv orqali o‘quvchilarda semantik tafakkur, madaniyatlararo kompetensiya, pragmatik sezgirlik va tarjima ko‘nikmalarini shakllantiradi, bu esa ularning tilni chuqurroq anglashiga va real kommunikatsiyada frazeologik birliklardan to‘g‘ri foydalanishiga imkon yaratadi.
O‘zbek va jahon tilshunoslari qarashlari shuni ko‘rsatadiki, konnotatsiya tilning faqat nazariy hodisasi emas, balki amaliy nutqiy faoliyatda ham muhim vositadir. Uni o‘rgatish orqali o‘quvchilar til birliklarining ko‘p qatlamli mazmunini anglaydi, madaniy kodlarni to‘g‘ri talqin qiladi va turli madaniyatlar o‘rtasida samarali muloqot olib boradi. Shunday qilib, konnotatsiya o‘quv jarayonida semantik tafakkurni kengaytiruvchi, madaniyatlararo muloqotni rivojlantiruvchi va tarjima kompetensiyasini mustahkamlovchi asosiy omil sifatida talqin etilishi mumkin.
1. Vinogradov V.V. Русский язык: грамматическое учение о слове. Moskva: Nauka, 1947. – 784 b..
2. Lyons J. Semantics. Cambridge: Cambridge University Press, 1977. – 897 p.
3. Eco U. Trattato di semiotica generale. Milano: Bompiani, 1975. – 416 p.
4. Jakobson R. Closing Statement: Linguistics and Poetics // Style in Language. Cambridge, MA: MIT Press, 1960. – P. 350–377.
5. Rahmatullayev Sh. O‘zbek frazeologiyasi masalalari. Toshkent: Fan, 1982. – 379 b.
6. Hojiyev A. Frazeologiya va uning tadqiqi. Toshkent: Fan, 1991. – 200 b.
7. Mirzaabdullayeva M. Jahon tilshunosligida konnotatsiyaning o‘rni // Ilmiy anjuman materiallari. Toshkent, 2023. – B. 6–8.
8. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi. O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari. Toshkent: Fan, 2023. – Jurnal, 6 son.
9. Xayrullayev X.Z. Tilshunoslik nazariyasi. Darslik. Samarqand: Samarqand davlat chet tillar instituti nasriyoti. 2022. 208 bet.
Aбдиразакова З. Коннотативный слой лексических единиц и фразеологических единиц и методы их преподавания. В статье рассматриваются теоретические и практические аспекты обучения коннотативному слою лексических и фразеологических единиц. Известно, что слова обладают как денотативным, так и коннотативным значением; при этом коннотативное значение выступает важным средством расширения семантического мышления и обогащения речевого запаса. В работе анализируются эффективные пути освоения коннотации посредством контекстуального, сравнительного, интерактивного, переводческого и корпусного методов.
Abdirazakova Z. The connotative layer of lexical units and phraseological units, and methods of teaching them. This article examines the theoretical and practical aspects of teaching the connotative layer of lexical and phraseological units. It is well established that words possess both denotative and connotative meanings; the connotative meaning serves as an important means of expanding semantic thinking and enriching communicative competence. The study analyzes effective approaches to teaching connotation through contextual, comparative, interactive, translation-based, and corpus-driven methods. Furthermore, the role of the connotative layer in the educational process is illustrated by examples of neologisms, highlighting its significance in contemporary language instruction.