Lingvokulturologiya tilshunos-likning zamonaviy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy aloqani o‘rganadi. Til nafaqat odamlar o‘rtasida muloqot qilish vositasi sifatida xizmat qiladi, balki ma’lum bir xalqning dunyoqarashi, tarixi, urf-odatlari va madaniy o‘ziga xosligini aks ettiruvchi muhim omil hisoblanadi. Lingvokulturologiya tilni statik tuzilma sifatida emas, balki doimiy rivojlanib, jamiyatning ijtimoiy, madaniy va psixologik jihatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan dinamik tizim sifatida ko‘rib chiqadi. E.Sapirning fikrlariga ko'ra, til bizning hayot tarzimizni tavsiflovchi ijtimoiy meros qilib olingan malaka va g'oyalar majmui sifatida madaniyatdan tashqarida mavjud bo'lolmaydi. Madaniy kontekst tilning rivojlanish yo‘nalishini belgilaydi. [Language: An Introduction to the Study of Speech (1921) ] Masalan, ko‘chmanchi xalqlarning tillarida hayvonlar, tabiat hodisalari bilan bog‘liq so‘zlar ko‘proq qo‘llansa, dengizchilik madaniyatiga ega xalqlarning tilida esa dengiz va baliqchilik atamalari ustunlik qiladi. Bu tilning madaniy muhitga moslashuvini ko‘rsatadi. Til va madaniyat birgalikda odamlarning dunyoni qanday idrok etishini belgilaydi. Sapir-Uorf gipotezasiga ko‘ra, tilning tuzilishi odamlarning fikrlash tarziga ta’sir qiladi, bu esa madaniy farqlar bilan chambarchas bog‘liq. Misol uchun, ingliz tilida “time is money” (vaqt – pul) degan ibora G‘arb madaniyatida vaqtning qadrini pul bilan o‘lchash odatini aks ettirsa, boshqa madaniyatlarda vaqt boshqacha talqin qilinishi mumkin. Masalan, o’zbek tilida ko’pincha “Vaqt-g’animat” yoki “Umr oqar daryo” kabi birikmalarni qo’llaymiz. Bu esa, Sharq madaniyatida vaqt tushunchasi yo’qotilganda topib bo’lmaydigan, qadrlanishi zarur bo’lgan obyekt sifatida qaraladi. Italyan tilida esa “Il tempo è denaro”-“Vaqt pul kabidir” degan maqolning asosida lotincha “Tempus fugit” iborasi bilan ifodalangan tushuncha yotadi, ya’ni “il tempo fugge”-“vaqt o‘tib ketadi” degan ma’no, bu ibora Virjilioning “Georgiche” asaridagi bir misradan kelib chiqqan. Tushuncha jihatidan, bu maqolni boshqa bir lotin iborasi – “Carpe diem” bilan ham solishtirish mumkin, bu ibora lotin shoiri Goratsiyning “Oda”laridan olingan bo‘lib, hayotning har bir lahzasidan foydalanishga undash uchun ishlatiladi. Vaqt mavzusida ko‘plab maqollar paydo bo‘lgan, masalan: “Vaqt kimda bo’lsa, uni kutmasin”, “Vaqtni yo‘qotish, ko‘p bilgan odamga ko‘proq achinarli” kabilar.
So‘nggi yillarda til va madaniyat masalalarini lingvokulturologiya
fani atroflicha o'rganishga kirishdi. V.V.Vorobevning yozishicha, “bugungi kunda lingvokulturologiyani muayyan yo’l bilan saralangan madaniy qadriyatlar majmuini o'rganadigan, nutqni yaratish va uni idrok qilishdagi jonli kommunikativ jarayonlarni, lisoniy shaxs tajribasini milliy mentalitetni tadqiq etadigan, olam manzarasining lisoniy tasvirini tizimli ravishda beradigan, talimning bilim olish, tarbiyaviy va intellektual vazifalarining bajarilishini ta’minlaydigan yangi filologik fan” sifatida qayd qilish mumkin. [Лингвокультурология: теория и методы, 1997]
Lingvokulturologiya nafaqat tilning madaniyatni aks ettirishini, balki madaniyatning tilga ta’sirini ham o‘rganadi. Til jamiyatning ijtimoiy o‘zgarishlariga moslashadi va yangi realiyalarni ifodalash uchun rivojlanadi. Masalan, so‘nggi o‘n yilliklarda o‘zbek tiliga “internet”, “smartfon”, “blog” kabi so‘zlar kirib keldi. Bu so‘zlar global texnologik jarayonlarning ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, o‘zbek tilida bu so‘zlarni talaffuz qilish va ularga mos keladigan yangi iboralar yaratish (masalan, “internet tarmog‘i”) milliy tilning o‘ziga xosligini saqlab qolishga intilishini namoyish etadi. Bundan tashqari, til madaniy identifikatsiyani shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbek tilida “ona yurt”, “Vatanga muhabbat” kabi iboralar xalqning o‘z vataniga bo‘lgan muhabbati va sadoqatini ifodalaydi. Bu iboralar nafaqat leksik birliklar, balki o‘zbek xalqining ruhiy dunyosini ochib beruvchi madaniy belgilar sifatida ham qaraladi. Shu sababli, lingvokulturologiya tilni o‘rganish orqali xalqning psixologik va ijtimoiy portretini tahlil qilish imkonini beradi. Zamonaviy dunyoda globallashuv jarayonlari til va madaniyatning o‘zaro munosabatlariga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Xorijiy so‘zlarning kirib kelishi, ommaviy axborot vositalarining ta’siri va migratsiya kabi omillar mahalliy tillarning leksikasi va semantikasini o‘zgartirmoqda. Masalan, o‘zbek tilida “selfi”, “laptop”, “chat” kabi so‘zlar yosh avlod orasida keng tarqalgan. Bu jarayon bir tomondan, tilning boyishiga xizmat qilsa, boshqa tomondan, milliy madaniyatning o‘ziga xosligini yo‘qotish xavfini keltirib chiqaradi. Lingvokulturologiya bu o‘zgarishlarni tahlil qilib, tilning global jarayonlarga moslashish qobiliyatini o‘rganadi. Masalan, o‘zbek tilida xorijiy so‘zlarni qabul qilishda ko‘pincha o‘zbekcha qo‘shimchalar qo‘shilishi (masalan, “chatlashmoq”) yoki o‘zbekcha muqobil so‘zlar yaratilishi tilning moslashuvchanligini ko‘rsatadi. Bu holat til va madaniyatning o‘zaro bog‘liqligini yanada yaqqol namoyon etadi: til yangi sharoitlarga moslashsa-da, madaniy asosni saqlab qolishga intiladi.
Lingvokulturologiya nafaqat, nazariy, balki amaliy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. U tarjimashunoslik, pedagogika va xalqlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim vosita sifatida qo‘llaniladi. Masalan, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilishda so‘zlarning faqat leksik ma’nosini emas, balki ularning madaniy yukini ham hisobga olish zarur. “Mehmondo’stlik” so‘zini italyan tiliga “ospitalità” deb tarjima qilish yetarli bo‘lmasligi mumkin, chunki bu so‘z o‘zbek madaniyatidagi chuqur ma’no va an’analarni to‘liq ochib bera olmaydi. Shu sababli, lingvokulturologik yondashuv tarjimada madaniy kontekstni saqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, lingvokulturologiya til o‘qitishda ham qo‘llaniladi. Chet tilini o‘rganayotgan talabalar nafaqat grammatika va so‘z boyligini, balki o‘sha tilning madaniy xususiyatlarini ham o‘zlashtirishi kerak. Masalan, o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijlik talabalarga “salomlashish” odob-axloq qoidalari va “qandaysiz” iborasining o‘zbek madaniyatidagi o‘rni tushuntirilmasa, ular tilni to‘liq anglay olmaydi. Lingvokulturologiya tilshunoslikning mustaqil yo’nalishi
sifatida XX asrning 90-yillarida vujudga keldi. Tadqiqotchilarning qayd qilishicha, “lingvokulturologiya" (lot. lingua “til”; cultus “hurmat qilish, ta’zim qilish) termini V.N.Teliya rahbarligidagi Moskva frazeologik maktabi (Yu.S.Stepanov, A.D.Arutyunova, V.V.Vorobyev, V.Shakein, V.A.Maslova tomonidan olib borilgan izlanishlar bilan bog'liq ravishda paydo bo'lgan.
Lingvokulturologiya sohasi ko‘plab olimlar tomonidan rivojlantirilgan. Masalan, nemis tilshunosi va filosofi, lingvokulturologiyaning asoschilaridan biri Vilgelm fon Gumboldt tilni millatning ruhiy dunyosi va madaniyatining ko‘zgusi deb hisoblagan. “Über die Verschiedenheit des menschlichen Sprachbaues und ihren Einfluss auf die geistige Entwicklung des Menschen-geschlechts” (Inson tilining tuzilishidagi xilma-xillik va uning insoniyatning ruhiy rivojlanishiga ta’siri haqida) asarida til va madaniyat o‘rtasidagi aloqani chuqur tahlil qiladi. Gumboldtning fikrlari keyinchalik lingvokulturologiyaning nazariy asosini shakllantirishga xizmat qildi.
Rus tilshunosi Vera Nikolayevna Teliya lingvokulturologiyaning rivojlanishida katta rol o‘ynagan. U frazeologiya va tilning madaniy semantikasini o‘rgangan. O’zining “Русская фразеология: Семантический, прагматический и лингвокульту-рологический аспекты” (Rus frazeologiyasi: Semantik, pragmatik va lingvokulturologik jihatlar, 1996) kitobda frazeologik iboralarning madaniy ma’nolari tahlil qilinadi. Teliya lingvokulturologiyani etnolingvistikadan ajratib, uni mustaqil fan sifatida shakllantirishga hissa qo‘shgan. Yana bir rus tilshunosi va lingvokulturologiya bo‘yicha yetakchi mutaxassis Valentina Aleksandrovna Maslova lingvokulturo-logiyaning metodologiyasi va amaliy jihatlarini rivojlantirgan. U “Введение в лингвокультурологию” (Lingvokulturologiyaga kirish) kitobida til va madaniyatning sintezlovchi aloqalarini ko‘rib chiqadi. Maslovaning ishlari talabalarga va tadqiqotchilarga lingvoku-turologiyani tushunishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. O’zbek tilshunosligida lingvokulturologik tadqiqotlar oxirgi yigirma yilliklarda paydo bo'la boshladi. Jumladan, Z.I.Soliyevaning nomzodlik ishida o'zbek va ingliz tillaridagi sentensiya, ya’ni axloqiy-ta’limiy xarakterdagi matnlarning milliy-madaniy xususiyatlari yoritilgan. D.Xudoyberganovaning “Matnning antroposentrik tadqiqi” nomli monogra-fiyasining alohida bobi o’zbek tilidagi matnlarning lingvokulturologik xususi-yatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Shuningdek, professor N. Mahmudovning "Tilning mukammal tadqiqi yo'llarini izlab..." nomli maqolasida lingvokulturologiyaning mohiyati va bu sohadagi muammolar ko'rsatib berilgan. Nizomiddin Mahmudov O‘zbekistonda lingvokulturologiya va antropotsentrik tilshunoslikning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olim sanaladi. Yana bir o‘zbek tilshunosi, kognitiv tilshunoslik va lingvokulturologiya bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan olim Shaxriyor Safarov bo’lib, “Когнитив тилшунослик” (Kognitiv tilshunoslik, 2006) kitobida tilning madaniy va kognitiv jihatlari o‘rganiladi, lingvokulturologiyaga ham tegishli masalalar ko‘tariladi. Uning ishlari o‘zbek tilshunosligida lingvokulturologik yondashuvni rivojlantirishga xizmat qilgan.
Lingvokulturologiyaning asosiy yo‘nalishlarini quyidagicha belgilash mumkin:
Tilning madaniy kontekstini o‘rganish: Bu yo‘nalishda tilning ma’lum bir xalqning madaniyati, urf-odatlari va qadimiy an’analarini qanday aks ettirishi tahlil qilinadi.
Leksik-semantik tadqiqotlar: So‘zlarning ma’nosi va ularning madaniy muhit bilan bog‘liqligi, masalan, idiomalar, frazeologizmlar va metaforalar ko‘rib chiqiladi.
Etnolingvistika: Xalqlarning dunyoqarashi va mentalitetining tilda qanday ifodalanishi o‘rganiladi.
Lingvokulturologik kontseptlar: Ma’lum bir madaniyatga xos asosiy tushunchalar (masalan, “uy”, “vaqt”, “oila”) va ularning til orqali ifodalanilishi tahlil qilinadi.
Til va madaniyatning tarixiy rivojlanishi: Tilning vaqt o‘tishi bilan madaniy o‘zgarishlarga moslashishi va evolyutsiyasi ko‘zda tutiladi.
Komparativ lingvokulturologiya: Turli tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni solishtirish.
Quyida italyan va o’zbek madaniyatiga oid ba’zi tushunchalar tahlilini ko’rib chiqamiz. Italiya madaniyati o‘zining boy tarixi, san’ati, oshxonasi va oilaviy qadriyatlari bilan mashhur. Masalan, "La dolce vita" birikmasi mavjud bo’lib, so‘zma-so‘z “shirin hayot” deb tarjima qilinadi, lekin Italiya madaniyatida u hayotdan rohatlanish, yengillik va zavq olish falsafasini ifodalaydi. “La dolce vita” iborasi 1960-yilda Federiko Fellini filmi tufayli mashhur bo‘ldi va italyanlarning hayotga o‘ziga xos yondashuvini – estetikani, taomlarni va ijtimoiy munosabatlarni qadrlashni ko‘rsatadi. Bu ibora shunchaki so‘z birikmasi emas, balki italyan madaniyatining bir qismi sifatida dunyoga tanildi. "Mamma mia!" (Voy onajon!)-bu ibora hayrat, ajablanish yoki qo‘rquvni bildiradi. Italyan tilida “mamma” (ona) so‘zi juda muhim madaniy ahamiyatga ega. Italiya madaniyatida ona oilaning markazi sifatida hurmat qilinadi. “Mamma mia” iborasi oddiy hayratlanishdan tashqari, italyanlarning oilaga bo‘lgan chuqur e’tiborini va onaga hurmatini aks ettiradi. Keling, barchamizga tanish “pasta” so’zini tahlil qilamiz. “Pasta” so‘zi italyan tilida makaron turlarini anglatadi, lekin u shunchaki taom emas, balki italyan oshxonasi va hayot tarzining ramzi sanaladi. Italiyada pasta tayyorlash va uni oila bilan birga iste’mol qilish an’ana hisoblanadi. Har bir mintaqada o‘ziga xos pasta turlari (masalan, “spaghetti”, “farfalle” yoki “ravioli”) mavjud bo‘lib, bu italyanlarning mahalliy identifikatsiyasi va oshpazlik san’atiga e’tiborini ko‘rsatadi.
O‘zbek madaniyati mehmondo’stlik, jamoatchilik va o‘ziga xos urf-odatlar bilan ajralib turadi. O‘zbek tilida bu xususiyatlar so‘zlar va iboralar orqali namoyon bo‘ladi. Masalan, “Assalom-u alaykum” birikmasi tinchlik va yaxshilik tilashni anglatadi. O‘zbek tilida salomlashish oddiy so‘z almashish emas, balki chuqur madaniy ma’noga ega. Bu ibora nafaqat salomlashish, balki diniy va ijtimoiy hurmatni bildiradi. Qo‘l berib ko‘rishish, katta yoshdagilarga alohida e’tibor berish o‘zbek madaniyatidagi odob-axloq qoidalarini ko‘rsatadi. Ranglar ham o’ziga xos lingvokulturologik aspektlarni yaratadi. Masalan o’zbek tilida “ko’k kiymoq” iborasi “azador bo’lmoq”, “yaqin kishisidan ayrilgan” kabi ma’nolarni ifodalaydi. “Qora kunlar” iborasi esa, boshiga tashvishli kunlar kelganligi, muammolarning ko’pligi yoki chorasizlikda qolganlikni bildiradi. Gastranomiyaga yuzlanadigan bo’lsak, “non” oddiygina oziq-ovqat emas, balki o‘zbek madaniyatida muqaddaslik ramzidir. Bu so’z shunchaki taom nomini emas, balki hayot, baraka va oilaviy birlikni anglatadi. Masalan, “non sindirish” iborasi nonning ijtimoiy aloqalardagi ahamiyatini ko‘rsatadi ya’ni ikki yoshning turmushi boshlanishi, sovchilarning rozilik alomatlari aynan “non sindirish” marosimi bilan belgilanadi. Nonni yerga tashlash yoki isrof qilish madaniy jihatdan yomon odat sifatida qaraladi, bu esa o‘zbek xalqining ne’matlarga bo‘lgan hurmatini aks ettiradi. Har ikkala tilda ham oila va ijtimoiy munosabatlarga katta e’tibor beriladi. Italyan tilidagi “mamma” va o‘zbek tilidagi “ona” so‘zlari oilaning markaziy o‘rnini, ona shaxsiga hurmat-ehtiromni hamda buyuklikni ko‘rsatadi. Shuningdek, taomlar, noz-ne’matlar (italyancha “pasta”, o‘zbekcha “non”) har ikkala madaniyatda ham muhim ramz sifatida qo‘llaniladi. Inson yaralibdiki, Tangri tomonidan berilgan har qanday noz-ne’matlarni qadrlashga, ularni muqaddas deb bilishga harakat qiladi. Shunday ekan, yeguliklar bilan bog’liq madaniy qadriyatlar, marosimlar xalq bilan birga sayqallanib, zamonga moslashib boraveradi. Italyan tilida shaxsiy zavq va estetikaga (“la dolce vita”) ko‘proq urg‘u berilgan bo‘lsa, o‘zbek tilida jamoatchilik va mehmondo‘stlik mavzulari ustunlik qiladi. Bu esa ikki madaniyat o’rtasidagi qarashlar xilma-xilligini namoyon qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Edvard Sapir. ‘‘Language: An Introduction to the Study of Speech’’, 1921 – 103-bet
2.Usmonova Sh. ‘‘Lingvokulturologiya’’ (darslik). – Toshkent, 2019 – 82-bet
3.V.V. Vorobyov. Лингвокультурология: теория и методы. – РУДН (Rossiya Do‘stlik Universiteti), 1997 – 36-bet
4.Eragashova B., O’zbek folklorshunosligining tarixi va taraqqiyoti. – So’z san’ati jurnali, 2024.
5.V.N. Teliya. ‘‘Русская фразеология: Семантический, прагматический и лингвокультурологический аспекты’’, Школа «Языки русской культуры», 1996 – 123-bet
6.Yu.S. Stepanov. ‘‘Константы: Словарь русской культуры. Опыт исследования’’, Школа ‘‘Языки русской культуры’’, 1997 – 453-bet
7. A.D. Arutyunova. ‘‘Дискурс’’, Наука, 1990 – 250-bet
8. V.A. Maslova. ‘‘Лингвокультурология’’, Academia, 2001 – 108-bet
9. Vilgelm fon Gumboldt. ‘‘Über die Verschiedenheit des menschlichen Sprachbaues und ihren Einfluss auf die geistige Entwickelung des Menschengeschlechts’’, Berlin, 1836 – 283-bet
10. Valentina Aleksandrovna Maslova. “Введение в лингвокультурологию”, 1997 – 125-bet
11. Z.I.Soliyeva. ‘‘The role of linguoculturology in linguistics’’. Buxoro, 2024 – 404-bet
12. D.Xudoyberganova. “Matnning antroposentrik tadqiqi”. Toshkent. 2013 – 53-bet
13. Nizomiddin Mahmudov. ‘‘Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab...’’. Toshkent: ‘‘O‘zbek tili va adabiyoti’’ jurnali. 2012 – 3-16 betlar
14. Shaxriyor Safarov. ‘‘Kognitiv tilshunoslik’’. Jizzax: “Sangzor”. 2006 – 98-bet
15. Ergashova B. O‘zbek folklorshunosligining tarixi va taraqqiyoti. O’zMU xabarlari. 1/1. 2025, 346-349 bb.
16. “Claudio Manella, Cesara Pallante “Guida ai verbi Italiani”. Progetto Lingua Edizioni. Firenze, Italia 2006
17. Stefano Ondelli, L’Italiano delle traduzioni. Alma Edizione, Roma- 2014 – 78-bet
18. Mimma F., G.Tomassini; Spazio Italia 2. B1, Loescher Editore, Torino, 2016 – 145-bet
Эргашова Б. Лингвокультурология – взаимосвязь языка и культуры. В данной статье представлены основные принципы лингвокультурологии, её развитие как науки, взаимосвязь понятий языка и культуры, а также сведения о лингвистах и философах, проводивших исследования в этой области и внесших научные новшества. Теоретические данные подкрепляются практическими примерами на узбекском, итальянском и английском языках. Особое внимание уделено культурным единицам, встречающимся в сказках, и особенностям их перевода.
Ergashova B. Linguoculturology – The Interconnection of Language and Culture. This article presents the basic principles of linguoculturology, its development as a science, the interconnection between the concepts of language and culture, as well as information about linguists and philosophers who have conducted research in this field and made scientific contributions. Theoretical data are substantiated through practical examples in Uzbek, Italian, and English languages. Particular attention is given to cultural units found in fairy tales and the specifics of their translation.