Zamonaviy tilshunoslik taraqqiyotining hozirgi antropotsentrik bosqichida matn nafaqat lisoniy birliklarning chiziqli ketma-ketligidan iborat tayyor mahsulot (statik obyekt), balki murakkab kognitiv-diskursiv faoliyat natijasida yuzaga keladigan dinamik jarayon sifatida tadqiq etilmoqda. Matn derivatsiya tushunchasi bugungi kunda an’anaviy so‘z yasalishi (morfologik derivatsiya) qoliplaridan chiqib, butun bir nutqiy yaxlitlikning, ya’ni makromatnning qayta shakllanishi va transformatsiyasini ifodalovchi keng ko‘lamli hodisaga aylandi.
Bu soha matnning dunyoga kelish ibtidosini, ya’ni uning genezisini o‘rganish bilan birga, jamiyatda mavjud bo‘lgan “tayyor” matnlar (protomatnlar) asosida yangi mazmun va shakldagi hosila matnlarning paydo bo‘lish qonuniyatlarini tizimli ravishda tadqiq etadi. Mazkur jarayon nafaqat lisoniy shakllarning almashinuvi, balki muallifning kommunikativ niyati, ijtimoiy kontekst va pragmatik maqsadlar ta’sirida axborotning qayta kodlanishidir. Shunday qilib, matn derivatsiyasi lisoniy tizimning imkoniyat darajasidan voqelik (nutq) darajasiga ko‘chishidagi transformatsion mexanizmlarni ochib beruvchi muhim nazariy yo‘nalish hisoblanadi.
Matn derivatsiyasi va bilvosita nomlash masalalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar, avvalo, tilshunoslikning strukturaviy va kognitiv yo‘nalishlari doirasida shakllangan. Sintaktik derivatsiyaning nazariy poydevori L.N. Murzin tomonidan yaratilgan bo‘lib, u matnning hosil bo‘lishi, transformatsion o‘zgarishlar va semantik yadroning mustahkamligi haqidagi qarashlarni ilmiy asosda yoritadi [Murzin L.N 1974:12; Murzin L. N. 1984: 13]. Strukturaviy tilshunoslik maktabi doirasidagi tadqiqotlarda A. Nurmonov matnning ichki tuzilishi, uning tarkibiy komponentlari va shakllanish mexanizmlarini yangi paradigmalarga tayangan holda sharhlab bergan [Nurmonov A 2005:14]. Badiiy va nazariy matnlarning tuzilish qonuniyatlari, ularning mazmuniy qatlamlari hamda adabiy shakllanish jarayonlari D. Qur’onov tomonidan batafsil tahlil qilinib, derivatsiyaning estetik va kompozitsion jihatlari yoritiladi [Quronov D 2018:16]. Matnning syntaktik birliklari va ularning pragmatik darajadagi funksional yuklamasi haqida M. Madaminovaning tadqiqotlari muhim manbalardan biri bo‘lib, unda matn hosil bo‘lishi jarayonida axborotning qayta kodlanishi alohida ko‘rsatilgan [Madaminova M 2020:10].
Tilshunoslikda semantik derivatsiya muammosini ingliz va o‘zbek tillari misolida o‘rgangan M.D. Daniyeva bilvosita nomlash, semantik yadroning o‘zgarishi va mazmun hosil bo‘lishining kognitiv omillarini asoslab beradi [Daniyeva M. D 2022: 7]. Matn tilshunosligi bo‘yicha N.Turniyozovning asarlarida matn derivatsiyasining genezisi, intertekstual bog‘lanishlar va derivatsion jarayon bosqichlari tizimli bayon etilgan [Turniyozov N. 2019: 18]. Xalqaro matnshunoslik maktablarida esa R.-A. de Beaugrande va W. U. Dresslerning matn lingvistikasiga oid konsepsiyasi matnning yetti mezoni, uning kommunikativ tashkiliy mexanizmlari va hosila matnlarning shakllanish tamoyillarini chuqur asoslaydi [Beaugrande R. 1981:2]. Matn grammatikasi doirasida E. Werlichning nazariy qarashlari matnning funksional tiplari, tarkibiy struktura va kompozitsiya tamoyillarini ilmiy-texnik aniqlik bilan yoritadi [Werlich E. 1976: 19]. Beaugrande tomonidan yaratilgan keyingi asarlar esa matnni dinamik jarayon sifatida talqin qilib, derivatsion mexanizmlarning ijtimoiy va diskursiv kontekstdagi rolini ochib beradi [Beaugrande R. 1980: 1]. Matndagi bog‘liqlik tamoyillarini izohlagan Halliday va Hasan tomonidan ishlab chiqilgan kohesiya nazariyasi esa derivatsiya jarayonida mazmuniy uzluksizlikni ta’minlashning asosiy vositalarini ko‘rsatadi [Halliday M. 1976:8].
I.A. Melchukning “Ma’no–matn” modeli matn hosil bo‘lishining chuqur semantik va sintaktik bosqichlarini o‘zaro bog‘lagan holda, derivatsiyaning kognitiv-lisoniy mexanizmlarini izohlaydi [Melchuk I. A. 2003: 11]. Konseptual metafora nazariyasi asoschilari G. Lakoff va M. Johnson esa bilvosita nomlashda metaforik xaritalanishning ahamiyatini ko‘rsatib, ongda kechadigan konseptual jarayonlarning matn tuzilishiga ta’sirini ochib bergan [Lakoff G. 2003: 9]. Zamonaviy rus tilshunosligida N. Shanskiy frazeologik birliklarning semantik qayta shakllanishi va mazmunning derivatsion o‘zgarish mexanizmlarini tadqiq qilgan [Shansky N. M. 1969: 17]. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo ilmiy maktablarida matn derivatsiyasi lingvopoetik va diskursiv kontekstda o‘rganilib, matnning hosil bo‘lish bosqichlari va derivatsiya turli janrlar kesimidagi ko‘rinishlari yoritilgan [Problems of Text 2021: 15].
Tilning leksik-semantik tizimidagi derivatsion o‘zgarishlar bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarda I.Beknazarova va D.Jo‘rayeva tomonidan ingliz tilidagi bilvosita nomlashning metonimiya bilan bog‘liq xususiyatlari, semantik ko‘chishlar va ularning matn hosil bo‘lishiga ta’siri tahlil qilingan [Beknazarova I. Y. 2024: 3]. Ularning tilning leksik strukturasi va semantik komponentlariga bag‘ishlangan ilmiy ishi esa mazmunning paradigmatik va sintagmatik o‘zgarishlarini chuqur sharhlaydi [Beknazarova I. 2025: 4]. Shuningdek, zamonaviy raqamli platformalar - Duolingo, ImmerseMe, Replika yordamida chet tili o‘qitish tajribasi asosida bilvosita nomlash va kognitiv jarayonlarning amaliy ko‘rinishlari tahlil qilingan bo‘lib, bu tadqiqotlar matn hosil bo‘lishidagi psixolingvistik omillarni yanada kengroq yoritadi [Beknazarova I. 2025: 5]. Beknazarovaning kognitiv va funksional jihatdan bilvosita nomlashning matnlardagi o‘rni bo‘yicha olib borgan izlanishlari esa mazkur hodisaning matn tuzilishidagi pragmatik yuklamasi va kommunikativ samaradorligini umumiy nazariy model sifatida asoslab beradi [Beknazarova I. 2025: 6].
Ushbu manbalar majmuasi matn derivatsiyasi va bilvosita nomlashning strukturaviy, kognitiv, funksional va pragmatik jihatlarini yoritishga xizmat qilib, matnning prototip shakldan hosila shaklga o‘tishini ta’minlaydigan lisoniy jarayonlarning umumiy nazariy asosini yaratadi.
Matn derivatsiyasi - bu shunchaki matnni ko‘chirish emas, balki muayyan bir dastlabki lisoniy asos (protomatn) negizida yangi mazmuniy, tarkibiy va funksional xususiyatlarga ega bo‘lgan ikkilamchi obyektni (derivat) yaratishning murakkab lisoniy-kognitiv jarayonidir. Ushbu jarayonda eng muhim xususiyat shundaki, protomatnning “semantik yadrosi” (asosiy g‘oyasi) saqlanib qolgan holda, uning tashqi lisoniy qobig‘i, hajmiy ko‘lami, uslubiy bo‘yog‘i va hatto pragmatik maqsadi tubdan o‘zgarishi mumkin.
Derivatsiya jarayoni faqat til qonuniyatlari bilan emas, balki ikki asosiy subyektning o‘zaro muloqoti orqali jonlanadi:
Derivator (Interpretor-Muallif): Bu subyekt manba matnni nafaqat o‘qiydi, balki uni qayta idrok etib, o‘z ijodiy filtri orqali o‘tkazadi. Derivatorning vazifasi — protomatndagi axborotni yangi auditoriya yoki yangi janr talablariga moslab transformatsiya qilishdir. Misol: Dramaturg Shomurod Mansurovning biror tarixiy asar (protomatn) asosida pyesa yozishi. Bunda dramaturg derivator vazifasini bajaradi.
Retseptor (Iste’molchi-Kitobxon): Hosila matnni qabul qiluvchi yakuniy nuqta. Retseptorning bilim darajasi va ehtiyoji derivatorni matnni qay darajada o‘zgartirishga (soddalashtirish yoki murakkablashtirishga) majbur qiladi. Misol: Ilmiy maqolaning (protomatn) maktab o‘quvchilari uchun darslik shaklidagi varianti (derivat). Bu yerda o‘quvchi retseptor bo‘lib, matn uning yoshiga mos ravishda soddalashtirilgan bo‘ladi.
Matn derivatsiyasini hayotiy va adabiy misollarda quyidagicha ko‘rishimiz mumkin:
Badiiy-estetik derivatsiya: Protomatn: Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni. Derivat: Shu doston asosida yaratilgan opera librettosi yoki badiiy film ssenariysi. O‘zgarish: Janr o‘zgaradi (she’riyatdan dramaturgiyaga), hajm ixchamlashadi, vizual elementlar qo‘shiladi.
Rasmiy-huquqiy derivatsiya: Protomatn: O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni. Derivat: Ushbu qonunni tushuntiruvchi infografika yoki ommabop maqola. O‘zgarish: Uslub o‘zgaradi (rasmiylikdan ommaboplikka), maqsad — keng xalq ommasiga tushuntirish.
Akademik derivatsiya: Protomatn: 300 sahifalik doktorlik dissertatsiyasi. Derivat: 40 sahifalik dissertatsiya avtoreferati. O‘zgarish: Hajm keskin qisqaradi (kompressiya), faqat eng muhim ilmiy natijalar qoldiriladi.
L.N. Murzin va uning izdoshlari matn derivatsiyasini shunchaki mexanik o‘zgarish emas, balki fikrning lisoniy harakati sifatida baholaydilar. Bu jarayon axborotni qayta ishlashning ikki qarama-qarshi, ammo o‘zaro bog‘liq yo‘nalishida kechadi:
Sintez va Kondensatsiya. Matn kompressiyasi — bu axborot zichligini oshirish jarayonidir. Bunda derivator (muallif) matnning redundat (ortiqcha) qismlarini chiqarib tashlab, uning semantik markazini saqlab qoladi. Bu jarayonni “mazmuniy qisqarish” deb ham atash mumkin. Mexanizmi: Katta hajmli matn tarkibidagi tasviriy vositalar, takrorlar va ikkinchi darajali detallar olib tashlanadi. Natijada matnning derivatsion pog‘onasi “vertical” bo‘yicha yuqoridan pastga (umumlashtirish sari) harakat qiladi. Kengaytirilgan misollar zanjiri: Ilmiy sohada: Monografiya (300 bet) Ilmiy maqola (10 bet) Annotatsiya (1 paragraf) Kalit so‘zlar (5-6 ta so‘z). Xizmat sohasida: Sud majlisi bayonnomasi Sud hukmi ko‘chirmasi. Kundalik hayotda: Uzun hikoya uning qisqacha mazmuni (rezyume).
Analiz va Eksplikatsiya. Matn elaboratsiyasi — bu “nuqtaviy” axborotni (kontseptni) kengaytirish, tafsilotlar bilan boyitish va uni to‘laqonli nutqiy yaxlitlikka keltirish jarayonidir. Bu yo‘nalishda derivatsiya “gorizontal” kengayish xususiyatiga ega bo‘ladi. Mexanizmi: Dastlabki qisqa birlik (yadroni) mantiqiy dalillar, tavsiflar, metaforalar va izohlar bilan “o‘stirish”. Bunda protomatn vazifasini ko‘pincha bitta jumla, sarlavha yoki hatto birgina tushuncha bajaradi. Kengaytirilgan misollar zanjiri: Ijodiy jarayonda: Syujet chizig‘i (g‘oya) – Asar – rejasi - Hikoya - Qissa. Publitsistikada: Gazeta sarlavhasi (“Yangi islohotlar samarasi”) - Tahliliy maqola. Pedagogikada: Dars mavzusi (“Matn nazariyasi”) - 80 minutlik ma’ruza matni.
Matnning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi uning ichki va tashqi tuzilishini o‘zgartiradi. Ushbu o‘zgarish xarakteriga ko‘ra, derivatsiyaning quyidagi asosiy turlari farqlanadi:
1. Janr transformatsiyasi (Janrlararo derivatsiya). Bu jarayonda matn bir adabiy yoki nutqiy janrdan butunlay boshqa shaklga ko‘chiriladi. Bunda matnning estetik vazifasi yoki taqdim etilish usuli o‘zgaradi. Protomatndagi voqelik izchilligi saqlansa-da, uning tasviriy vositalari yangi janr qonuniyatlariga (masalan, dramatik harakat yoki vizual tasvirga) bo‘ysunadi. Misollar: Adabiyotdan kinoga: Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani (protomatn) asosida yaratilgan bir necha variantdagi kinossenariylar (derivatlar). Bunda tasviriy bayon dialoglar va kadrlar ketma-ketligiga aylanadi. She’riyatdan nasrga: Alisher Navoiy g‘azallarining nasriy bayoni (sharhi). Lirik kayfiyat mantiqiy tushuntirish shakliga o‘tadi.
2. Stilistik modifikatsiya (Uslubiy qayta ishlash). Matnning mazmuni o‘zgarmagan holda, uning qaysi ijtimoiy sohaga tegishliligi (funktsional uslubi) o‘zgaradi. Bu tur asosan axborotni muayyan bir auditoriya (olimlar, xalq, mutaxassislar) uchun moslashtirish (adaptatsiya) ehtiyojidan kelib chiqadi. Misollar: Rasmiydan ommabopga: Yangi qabul qilingan Soliq kodeksi (rasmiy-idoraviy uslub) asosida yozilgan “Soliq imtiyozlaridan qanday foydalanish mumkin?” mavzusidagi gazeta maqolasi (publitsistik uslub). Ilmiydan ommabopga: Tibbiyotga oid murakkab dissertatsiya (ilmiy uslub) asosida tayyorlangan “Sog‘lom hayot” ko‘rsatuvi uchun ssenariy (so‘zlashuv va publitsistik uslub qorishmasi).
3. Tarjima derivatsiyasi (Interlingvistik derivatsiya). Tarjima - matn derivatsiyasining eng murakkab va serqirra turidir. Bunda matn nafaqat boshqa tilga o‘tadi, balki o‘sha til mansub bo‘lgan xalqning madaniy, milliy va kognitiv qoliplariga moslashadi. Tarjima jarayonida matn “qayta tug‘iladi”. Derivator (tarjimon) protomatndagi milliy koloritni saqlash va uni retseptor (o‘zga tilli kitobxon) tushunadigan shaklga keltirish o‘rtasida muvozanat qidiradi. Misollar: Badiiy tarjima: Uilyam Shekspirning “Gamlet” pyesasining Cho‘lpon tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilishi. Bu yerda inglizcha protomatn o‘zbekcha she’riy va badiiy derivatga aylanib, milliy tilimizning estetik bo‘yog‘ini oladi. Lokalizatsiya: Xalqaro texnologik kompaniyaning (masalan, Google yoki Microsoft) foydalanish shartlari va interfeys matnlarini o‘zbek tiliga moslashtirish. Bu shunchaki so‘zma-so‘z tarjima emas, balki madaniy-huquqiy derivatsiyadir.
4. Referiv derivatsiya (Hajmiy o‘zgarish). Garchi bu kompressiya bilan bog‘liq bo‘lsa-da, u alohida tur sifatida matnning mohiyatini ixcham ifodalashga xizmat qiladi. Misollar: Annotatsiya va Taqriz: Kitobning o‘zi (protomatn) va uning orqasidagi qisqa annotatsiya (derivat). Xulosa: Katta bir loyihaning yakuniy hisoboti (protomatn) va uning rahbar uchun tayyorlangan bir betlik “Executive Summary” (ijrochi xulosasi) varianti.
Matnning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi shunchaki tasodifiy jarayon emas, balki aniq lingo-kognitiv operatsiyalar tizimidir:
O‘rin almashtirish (Substitutsiya). Bu mexanizmda matnning umumiy mazmuniy strukturasi o‘zgarmaydi, biroq uning leksik-grammatik birliklari kontekst ehtiyojidan kelib chiqib yangilanadi. Bu amal ko‘pincha matnni ma’lum bir auditoriyaga moslashtirish (soddalashtirish yoki terminologik boyitish) uchun qo‘llaniladi. Misollar: Soddalashtirish: Ilmiy matndagi “Kognitiv dissonans” iborasining ommabop matnda “Ruhiy qarama-qarshilik” yoki “Fikrlar to‘qnashuvi” bilan almashtirilishi. Siyosiy korrektlik: Rasmiy hisobotlarda “Ishsizlar” so‘zi o‘rniga “Vaqtincha band bo‘lmagan aholi” birikmasining ishlatilishi. Natija: Matnning mazmuni o‘zgarmaydi, lekin uning “tili” o‘zgaradi.
Eliminatsiya - matn kompressiyasining asosiy mexanizmi bo‘lib, u axborot ortiqchaligini (redundantlikni) yo‘qotishga qaratilgan. Bunda derivator matnni “skaner”qiladi va faqat semantik yadro (informativ markaz) uchun xizmat qilmaydigan qismlarni: kirish so‘zlar, tasviriy sifatlashlar, takrorlar va keng qamrovli misollarni olib tashlaydi. Misollar: Xabar yozish: Voqea joyidan berilgan 10 daqiqalik jonli reportaj (protomatn) asosida tayyorlangan 30 soniyalik qisqa xabarnoma (derivat). Tezislashtirish: Ma’ruzadagi barcha lirik chekinishlar va hazillarni olib tashlab, faqat asosiy qoidalarni qoldirish. Natija: Matn zichlashadi, axborot yetkazish tezligi oshadi.
Qo‘shish (Additsiya). Bu mexanizm elaboratsiya (kengaytirish) jarayonining asosi bo‘lib, protomatndagi qisqa axborotni yangi qatlamlar bilan boyitishni anglatadi. Additsiya shunchaki so‘z ko‘paytirish emas, balki tushunarsiz nuqtalarga izoh berish, dalillar keltirish va matnning ta’sirchanligini oshirishdir. Misollar: Sharhlash: Konstitutsiyaning birgina moddasi (protomatn) asosida yozilgan bir necha sahifalik huquqiy sharhlar (additsiya natijasi). Badiiy kengaytma: Birgina xalq afsonasi yoki rivoyati (protomatn) asosida yaratilgan ko‘p jildli roman (masalan, “Qutlug‘ qon” romanidagi tarixiy voqeliklarning badiiy boyitilishi). Natija: Matn batafsillashadi, uning isbotlash va tushuntirish kuchi ortadi.
Transformatsiya (Sintaktik qayta qurish). Yuqoridagi uchta mexanizmdan tashqari, ko‘pincha gaplarning qurilishi ham o‘zgaradi. Misol: Faol nisbatdagi gaplarning (Olimlar kashfiyot qildi) majhul nisbatga (Kashfiyot qilindi) o‘tkazilishi. Bu holat ko‘proq ilmiy va rasmiy derivatlarda kuzatiladi.
Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, matn derivatsiyasi tilshunoslikning zamonaviy bosqichida alohida ilmiy yo‘nalish sifatida shakllanib, matnning nafaqat strukturaviy qurilishini, balki uning kognitiv, kommunikativ va pragmatik asoslarini o‘rganishda muhim nazariy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Derivatsiya jarayoni protomatnning semantik yadrosini saqlagan holda uning tashqi shakli, kompozitsiyasi, hajmi va funksional yo‘nalishini o‘zgartiradigan murakkab lisoniy-kognitiv transformatsiya ekanligi aniqlandi. Bu jarayon faqat til birliklari almashinuvi bilan cheklanmay, balki muallifning kommunikativ maqsadi, retseptorning ehtiyoji, diskursning ijtimoiy-madaniy talablari bilan uyg‘unlashgan holda sodir bo‘ladi.
Matn derivatsiyasining asosiy ko‘rinishlari - kompressiya, elaboratsiya, stilistik modifikatsiya, janr transformatsiyasi, interlingvistik derivatsiya va referiv qayta ishlash - matnning mazmuniy va shakliy jihatdan qayta tuzilish darajasini belgilaydi. Kompressiya jarayonida axborotning redundat qismlari qisqartirilib, mazmuniy yadro saqlangan holda matn ixchamlashadi; elaboratsiya esa aksincha, semantik nuqtalarni kengaytirish, izohlash va tafsilotlar bilan boyitishni taqozo qiladi. Bularning barchasi matnning “yashirin mexanizmlari” sifatida uning mazmuniy zichligi, ifoda uslubi va kommunikativ samaradorligini belgilab beradi.
Shuningdek, matn derivatsiyasida muhim o‘rin tutuvchi subyektlar - derivator va retseptor o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar matnning qaysi yo‘nalishda va qanday darajada qayta shakllanishini belgilaydi. Derivator tomonidan amalga oshiriladigan o‘rin almashtirish, eliminatsiya, qo‘shish va sintaktik transformatsiya kabi amallar matnni yangi auditoriyaga moslashtirish yoki uni yangi janr doirasida qayta yaratish imkonini beradi. Bu esa derivatsiyani nafaqat lingvistik, balki ijtimoiy-kommunikativ jarayon sifatida ham talqin etish imkonini beradi.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan ilmiy manbalar shuni tasdiqlaydiki, matn derivatsiyasi lingvistikaning turli sohalari - struktur tilshunoslik, kognitiv lingvistika, matn lingvistikasi, frazeologiya, diskurs tahlili va tarjima nazariyasi bilan uzviy bog‘liq. Shunday qilib, derivatsiya hodisasi matnning genezisi, uning qayta yaratilish mexanizmlari va mazmuniy dinamikasini chuqur tushunishga xizmat qiluvchi ko‘p qirrali ilmiy kategoriya hisoblanadi.
Umuman olganda, matn derivatsiyasi mazmunning qayta kodlanishi, strukturaning o‘zgarishi va axborotning yangi kommunikativ vazifaga moslashuvi orqali matnning yangi sifat bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi. Bu esa uni zamonaviy tilshunoslikning eng dolzarb, amaliy ahamiyatga ega yo‘nalishlaridan biriga aylantiradi.
Бекназарова И. Деривация текста и её общетеоретические проблемы. В данной статье освещается одно из современных направлений текстовой лингвистики — деривация текста, её специфические особенности, механизмы формирования и основные теоретические принципы. В статье анализируются отношения между исходным текстом и производным текстом, виды и этапы деривационного процесса.
Beknazarova I. Text derivation and its general theoretical issues. This article discusses one of the modern areas of text linguistics — text derivation, its distinctive features, formation mechanisms, and main theoretical principles. The article analyzes the relationships between the source text and the derived text, as well as the types and stages of the derivational process.