MАTN YARАLIShIDА DEYKSIS SАLMOG‘I

Tilshunoslikda matnning turli maqsad va turlicha lingvistik nuqtayi nazardan tadqiq etilishi unda matn stilistikasi, matn tilshunosligi va matn pragmatikasi kabi yo‘nalishlarning shakllanishiga turtki bo‘ldi. O‘zbek va dunyo tilshunosligida matn tushunchasi ustida ko‘plab ishlar amalga oshirilganiga va nazariyalar mavjud ekanligiga qaramasdan, haligacha matn terminining yagona taʼrifi mavjud emas [Hakimov, Yigitaliyeva 2021:35]. 

Badiiy matn mazmuni yetarlicha tahlil qilinmas ekan, o‘quvchilarning undagi nafosat va go‘zallikni his etishlari ham og‘ir kechadi. Natijada badiiy asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlaridan to‘la bahramand bo‘lolmay qolishadi [Yusufjonova 2021:650].

Matn nazariyasi obyektini shakllantirish asosida matnning kommunikativ mohiyatini zamonaviy fan bilan uyg‘unlashganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, tadqiqot sohalari bir-birlari bilan yaqin bo‘lmagan mualliflarning fikrlarini ko‘rib chiqsak: P. Xartman: “Barcha ona tilida so‘zlashuvchi til vakillari ... so‘zlar va jumlalar bilan emas, balki faqat matnlarda gapirishadi” [Shmidt 1978:94–95]; R.Bart: “Matn faqat ish, ishlab chiqarish jarayonida seziladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, matn harakatsiz (aytaylik, kitob javonida) qotib qola olmaydi, u o‘z tabiatiga ko‘ra biror narsa bo‘ylab harakatlanishi kerak” [Bart 1994:415].

Matnning kommunikativ mohiyatini uyg‘unlashtirish uni kommunikativ faoliyatning barcha ishtirokchilari uchun eksplitsit holatda turishi tabiiy. Kommunikativ vaziyat va shu bilan birgalikda umuman unga bog’liq boʻlgan muhit uning funksiyalari yig‘indisining asosidir. Matnning kommunikativ mohiyatini uyg‘unlashtirilishi, ushbu sohani barcha gumanitar fanlarning qiziqishlari doirasiga mujassamlashtiradi.

Har bir lisoniy tuzilmaning matnda joylashuvi ushbu tuzilmaning o‘zi uchun ham, butun muloqot matnining shaklan hamda mazmunan tarkib topishi uchun ham muhimdir [Safarov 2008:62]. Darhaqiqat, har qanday matnning boshlanishidan to yakuniy xulosalanishigacha bo‘lgan jarayonda har bir lingvistik birlik o‘z xususiyatlariga ega.

Matnning kommunikativ tarkibi empirik tarzda maʼlumotlar bilan oydinlashishi mumkin. Bunda, misol sifatida, “suhbatdoshimizga madaniyatsiz ko‘rinmasdan turib, uning bildirayotgan fikrini bo‘lib qo‘yib”, pirovardida biron bir hazil ibora tilning bir butunligi sifatida qayd etilishi mumkin.

Matn nazariyasi obyektining aniqlashishi o‘z tarkibiga insonning kommunikativ faoliyatiga ishora qilishni ham oladi. Kommunikativ faoliyat tushunchasi nutqiy faoliyat tushunchasiga qaraganda kengroqdir. Shu bilan birgalikda, ikkinchi turi uning eng muhim tarkibiy qismi sifatida birinchi toifaga kiradi. Ikkala toifada ham faoliyat mavjud bo‘lib, ikkalasini ham mohiyatida maʼlumot almashish turibdi. Аmmo, nutq faoliyati til vositalari yordamida amalga oshirilsa, u holda kommunikativ faoliyat boshqa lingvistik vositalar bilan bir qatorda boshqalardan ham foydalanadi. “Gapirayotgan paytimizda til yoki boshqa belgilar tizimi kommunikatsiya vositasi hisoblanadi, kommunikatsiyani tadqiq etishimizda, kommunikativ vositalarga yoki uning ishtirokchilariga cheklov qo‘yish mumkin emasligini unutmasligimiz kerak”- deya taʼkidlaydi R.Yakobson [Yakobson 1985:377]. Shu asnoda matn lingvistik hamda nolingvistik turlarga bo‘lingan holda tadqiq etilishi talab etiladi.

Maʼlumki, faoliyat shakllari turfa xil bo‘ladi. Biroq barchasi maʼlum bir situativ holatlarni yoki autentik jarayonlarni tasvirlash orqali amalga oshiriladi. Mazkur jarayonlarni tasvirlanishida matn o‘ziga xos vosita sifatida ko‘zga tashlanadi.

Matn yaralishi uchun uning atrofi nimalardan tarkib topishi lozim? Birinchidan, insonning kommunikativ faoliyati, yaʼni mikromuhit, ikkinchidan kommunikativ harakat, yaʼni makromuhit kabilar bilan birgalikda matn mohiyatini yuzaga chiqara oladi [Yudin 1977:62].

Har qanday muhitda matn yaratish deganda mazkur holat uzluksiz ravishda faoliyat qobig‘ida bo‘lish maʼnosida keladi. Til birliklari asosida matn maʼnosi ochiqlanganda, til birliklarining matnni shakllantirish uchun zarur boʻlgan har qanday muhit bilan bog’liq faoliyat darajasi teng maʼnoda ko‘riladi [Zveginsev 1996:155].

Matnni tizimli kommunikativ o‘rganish metodologiyasini ishlab chiqqan tilshunos olim Sidorov matn termini to‘g‘risida quyidagicha taʼrif bergan: “Matn - bu xabarlarni jo‘natuvchi va qabul qiluvchining kommunikativ faoliyatining bog‘liq modelini o‘zida mujassam etgan, kommunikativlik bilan tavsiflangan nutq belgilari va belgilar ketma-ketligi tizimi” [Sidorov 1987:38–39].

Biz matn va diskursni ishlab chiqish uchun va anglash uchun nutqning “kontekst” deb nomlanuvchi anʼanaviy va norasmiy jihatlarini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur holatni yoritishda baʼzi bir kategoriyalar, misol sifatida, ishtirok etuvchining o‘ziga xos belgilari, rollari, o‘rni, vaqti kabilar hamda boshqa bir qancha komponentlar nazarda tutiladi [Teun A.van Dijk. 2008:3].

I.R.Galperinning taʼriflashicha, matn – bu aniq bir maqsadga yo‘naltirilgan va pragmatik ko‘rsatmaga ega bo‘lgan, leksik, grammatik, mantiqiy, stilistik aloqalar vositasida tarkib topgan, adabiy til andozasiga solingan, yozma hujjat ko‘rinishida mujassamlashtirilgan va yakuniy xususiyatga ega bo‘lgan nutqiy-ijodiy asardir [Galperin 1981:18]. Demak, matnning tarkib topishida uning bo‘laklari o‘rtasidagi o‘zaro maʼno munosabatlari muhim rol o‘ynaydi. Zero, «mazmuniy valentlik mazmuniy semalarning bog‘lanish imkoniyati» ni yaratadi [Nurmonov, Mahmudov, Аhmedov, Solixo‘jaeva 1992:42]. Bundan tashqari, matnning «mazmunan tugallangan, yuqori darajadagi kommunikativ birlik» [Referovskaya 1989:40] sifatida taʼriflanishi ham eʼtirofga loyiqdir.

Matn tushunchasi mazmuni bir butunlikda tashkil etilgan situatsiyani o‘z ichiga oladi. Matn shakl jihatidan bitta jumladan ham tarkib topishi mumkin. Ushbu holatga matn turlarini e’tiborga olsak misollar koʻp, deylik, ko‘chalardagi reklama bannerlarini yoki mashinalarga o‘rnatilgan suratlardagi jumlalarni misol qilib olishimiz mumkin:

   

 

   

 

Yuqoridagi berilgan bannerlardagi matn ko‘pchilik vaziyatlarda har qanday tilda mashinani mast holatda haydash qanchalik achinarli oqibatlarga olib kelish holatlari har qanday haydovchini ogohlikdan darak berishga chaqiradi.Mazkur holatlarda adresatning aniq javobi talab etilmaydi. Demakki, har qanday mazkur misolga oʻxshash holatlarda har qanday soʻz ma’lum bir koʻrsatish vazifasini bajarib keladi.

Ma’lumki, matnlar shaklan deyarli ikki turga ajratiladi: 1) dialogik matnlar, 2) monologik matnlar. Dialogik matnlar o‘zida 2 xil rol ijro etuvchilarni tasvirlaydi: gapiruvchi (adresant) va tinglovchi (adresat). Dialogik matn o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, nutqiy muloqotga ega auditoriyadagi ishtirokchilar yoki boshqacha aytganda, gapiruvchi va tinglovchilardan iborat. Dialogik matnlarda adresant deyktik markaz rolini bajaradi. Boshqacha aytganda, adresant biror fikr ifodalaydi, adresat esa o‘z navbatida bunga o‘z reaksiyasini bildiradi. Shundan so‘ng, adresant o‘z navbatiga ega bo‘ladi hamda xuddi o‘sha funksiyani bajarishga kirishadi. Rollar almashish jarayonida adresant ham adresat ham mazkur vaziyatda mavjud obyektlar yoki jarayonlarga ishora qilishi tabiiy. Ushbu vazifalarni bajarishda adresant deyktik birliklardan foydalanishi ayni haqiqat desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Monologli vaziyatlarda diskursni tashkil qiluvchi roli yozuvchi tomonidan nazoratga olinadi hamda vaziyatlardan kelib chiqqan holda rollar eʼtiborga olinadi. Bundan maʼlumki, monologik holatlarning dialogik holatlarga o‘xshamagan tomoni ko‘proq til bilan bog‘liq jarayonlarni talab qiladi. Аyni shu yo‘sinda “Ilmiy-texnik matn nutqiy muloqotning monologik shakli bo‘lib, yozma ko‘rinishdagi nutqiy faoliyat sifatida til tizimining asosiy xususiyatlarini, shu jumladan, deyktik vazifalarni ham saqlab qolishini” aytib o‘tishimiz joiz [Shermatov 2008:31]. Bu vaziyatni har tomonlama taʼsirli chiqishida adresat allaqachon qayd etib o‘tilgan matn (yaʼni diskurs markazi) bo‘lagi aytilajak matn bo‘lagi bilan bog‘liqlikdagi obyekt yoki holatlarga ishora qilishda deyktik birliklardan unumli foydalanadi.

Mazkur so‘zlar referensial bo‘lishidan qatʼiy nazar, ushbu deyktiklar kogeziv elementlar hisoblanadi. Deyktiklar mazmun mohiyati jihatidan kogeziv bo‘la oladi. Chunki, deyktik markaz (adresat) hamda ishora qilingan obyekt (aniqlangan) o‘rtasida aloqa o‘rnatadi. Matnda qabul qilingan ko‘rsatma nafaqat yagona konkret obyektlarga tegishli bo‘lmasdan, balki mavhum ham bo‘lishi mumkin. Bunday keng mazmunlilik xususiyati ko‘rsatish olmoshlariga xosdir, chunki ular fikr bildirishda shaxs-subyekti bilan o‘zaro referent bog‘lanishni o‘z ichiga oladi.

Muallif tomonidan ishlatilgan deyktik elementlar o‘quvchining diqqat-eʼtiborini bildirilayotgan fikrning ahamiyatli tomonlariga qaratish, bayonning mantiqiy tuzilishini, nutqiy muloqot ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalash, fikrni aniq va ravshan bayon qilish hamda tinglovchida obyekt haqida aniq tasavvur yaratish maqsadini ko‘zlaydi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, matn tarkibida matn mazmun-mohiyatini yanada oydinlashishi, oson tarzda o‘quvchiga yetib borishi hamda jozibadorligini namoyon qilishda lingvistik birliklar bilan bir qatorda deyksis va shu bilan birgalikda deyktik birliklar muhim ahamiyatga ega. Matn mazmundorligini har tomonlama aniqlanishida adresat va adresant o‘rtasidagi munosabatlarni to‘g‘ri talqin qilinishida deyksis salmoqli rol o‘ynaydi.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

 

  1. Bart R. Izbrannie raboti: Semiotika. Poetika. – M.: 1994. -S. 415.
  2. Chuvakin A.A. Teoriya teksta: obyekt i predmet issledovaniya // Kritika i semiotika. Novosibirsk, Vip. 7, 2004. – S.88-97.
  3. Galperin I.R. Tekst kak obyekt lingvisticheskogo issledovaniya. – M.: Nauka, 1981. – S. 18.
  4. Hakimov M., Yigitaliyeva Z. Nutqiy muloqot va kontekstual modus // Istiqlol davri o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi va folklorshunosligining dolzarb masalalari Respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari. –Toshkent: 2021. –B.35.
  5. Nurmonov А., Mahmudov N., Аhmedov А., Solixo‘jaeva S. O‘zbek tilining mazmuniy sintaksisi. – T.: Fan, 1992. – B. 42.
  6. Referovskaya Ye.А. Kommunikativnaya struktura teksta. – L.: Nauka, 1989. – S. 40.
  7. Safarov Sh. Pragmalingvistika. – T.: O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 286 b.
  8. Shermatov А.А. Ingliz ilmiy-texnik matnida deyksisning ifodalanishi: filol.fanl.nom.disser. –Toshkent: 2008. – 152 b.
  9. Shmidt Z. Filosofskiye predposlki perifrasticheskogo analiza // Novoe v zarubejnoy lingvistike. Vip. VIII. Lingvistika teksta. – M., 1978. – S. 94–95.
  10. Sidorov Ye.V. Sistemnoe opredeleniye teksta i nekotorie problemi kommunikativnoy lingvistiki // Voprosi sistemnoy organizatsii rechi. – M., 1987. - S. 38–39.
  11. Teun A.van Dijk. Discourse and context. A Sociocognitive approach. – Cambridge: Cambridge University Press, 2008. –P. 3.
  12. Yakobson R. Izbrannie raboti. – M., 1985. – S. 377.
  13. Yudin E.G. Deyatelnost i sistemnost // Sistemnie issledovaniya. - M., 1977. – S. 62.
  14. Yusufjonova N.N. Xalq eposlarini o‘qitishning nazariy-metodik muammolari // Istiqlol davri o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi va folklorshunosligining dolzarb masalalari Respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari. –Toshkent: 2021. –B.650.
  15. Zvegintsev V.А. Misli o lingvistike. – M.: 1996. – S. 155.

 

Шерматов А. Роль дейксиса в создании текста. Данная статья посвящена таким аспектам, как некоторые представления о понятии текста, влияние феномена дейксиса на текстообразование, функции дейктических единиц в тексте. В то же время наличие языковых компонентов для активизации текстовых процессов говорит о такой информации, как роль дейктического центра в повышении привлекательности текста.

 

Shermatov A. The role of deixis in text formation. This article is devoted to such aspects as some ideas about the concept of text, the influence of the deixis phenomenon on text formation, the functions of deictic units in the text. At the same time, the presence of language components for activating text processes indicates such information as the role of the deictic center in increasing the attractiveness of the text.

 

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati