Tilshunoslikning bugungi zamonaviy bosqichida tildagi grammatik birliklarni tahlil qilish faqat ularning shakliy tuzilmasi bilan chegaralanmaydi. Til qurulishi nafaqat shakl, balki ma’no va nutqiy faoliyat orqali ham shakllanadigan murakkab tizimdir. Shu boisdan grammatikani shaklga asoslangan (shakliy) yondashuvlar bilan emas, balki mazmun va vazifaga asoslangan usullar bilan o‘rganish zaruriyati yuzaga chiqdi. Aynan shunday ehtiyojdan kelib chiqqan holda “mazmuniy grammatika” tushunchasi tilshunoslik nazariyasida shakllandi.
Mazmuniy grammatika til birliklarini semantik tarmoqlar asosida o‘rganadigan va tildagi grammatik shakllarning ma’noviy, funksional, kommunikativ vazifasini aniqlashga yo‘naltirilgan yondashuvdir. U an’anaviy morfologik va sintaktik tahlildan farqli ravishda, til birliklarining ichki ma’no bog‘liqliklari va so‘zlashuv vaziyatida o‘zgaruvchanligiga urg‘u beradi. Bu esa grammatika va semantika o‘rtasidagi o‘zaro uzviylikni ochib beradi.
Mazmuniy grammatika propozitsiya orqali ifodalanishi haqida A.Nurmonov, N.Mahmudov, A.Ahmedov, S.Solixoʻjayevalar “Oʻzbek tilining mazmuniy sintaksisi” asarida quyidagilarni yozadi: Predikatlar mantiqi sohasidan oʻzlashtirilgan propozitsiya tushunchasi tilshunoslikda anchadan buyon qoʻllanib kelinmoqda. Mantiqda bu atamaga voqelik haqidagi hukmni nomlash uchun murojaat qilinadi. Shuning uchun ham mazmuniy sintaksisda propozitsiya gaplar qatorining semantik invarianti sifatida tavsiflanadi [Nurmonov A., Mahmudov N., Ahmedov A., Solixoʻjayeva S., 1992: 28-30]. Propozitsiya tushunchasi lugʻaviy yoki grammatik shakldan mustaqil, hukmni (fikrni, mazmunni) ifoda qiluvchi semantik struktura sifatida tilshunoslikka mantiqdan olib ki rilgan. Mantiqiy nuqtayi nazardan, propozitsiya aniq voqelik toʻgʻrisidagi hukmni ifoda etadigan maʼnodir. Yaʼni, “Bu yerda suv bor” va “Suv bu yerda mavjud” kabi turlicha shakllangan gaplar, bir xil propozitsiyani anglatadi, ularning semantik invarianti bir.
Mazmuniy sintaksisda esa, gapning tuzilishi emas, balki unda ifoda etilgan mazmunning universal, invariant shakli markaziy oʻrinda turadi. Propozitsiya ana shu semantik invariantni belgilaydi. Shu nuqtayi nazardan, turli sintaktik shakllarda ifoda etilgan gaplar bir propozitsiyani tasvirlashi mumkin va bu sintaktik variativlik hamda semantik doimiylik tamoyilini koʻrsatadi.
Bu yondashuv matn tahlili, til tabiati, semantik paradigmalarni oʻrganishda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, kognitiv va funksional yoʻnalishlarda, propozitsiya fikrning miyadagi invariant modeli sifatida talqin qilinadi.
Berilgan fikr ilmiy jihatdan asosli va tilshunoslikdagi mazmun markaziyligi tamoyilini yoritadi. Propozitsiya tushunchasi orqali gaplar ichidagi boʻlaklar emas, ularning semantik oʻzaro munosabati va kommunikativ maqsadi tahlil qilinadi. Bu esa mazmuniy sintaksis nazariyasining mustahkamlanishi va mantiqiy kategoriyalarni til tahlilida samarali qoʻllash imkoniyatini beradi.
Zamonaviy lingvistikada shakllanayotgan bu yondashuv, ayniqsa, nutq jarayonida grammatik shakllarning qanday semantik vazifa bilan ifodalanganini aniqlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, biror gapdagi zamon yoki mayl shaklini aniqlashda faqat tashqi shakl bilan chegaralanib qolmasdan, uning aniq kommunikativ vaziyatdagi semantik va pragmatik vazifasini ochish muhimdir. Bu esa grammatikani faqat tarkibiy tizim deb emas, balki faol semantik model deb baholashga olib keladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazmuniy grammatika faqatgina “nimani bildiradi?” degan savolga emas, balki “qanday bildiradi?”, “nima uchun shunday bildiradi?” kabi chuqurroq semantik va pragmatik savollarga javob topishga harakat qiladi. Bu esa tildagi sintaktik paradigmalar, grammatik variantlar va qurilmalarni chuqurroq, muloqot doirasidagi aniq ishlatilishiga asoslangan holda tahlil qilish imkonini berdi.
Nazarimizda, mazmuniy grammatika tushunchasi tilshunoslikda asta-sekinlik bilan shakllangan bo‘lib, uning nazariy negizlari turli davrlarda ilgari surilgan tilshunoslik paradigmalari, ayniqsa funksional va kognitiv yondashuvlar asosida boyitilib borildi. Ushbu yondashuv grammatikaning faqat shaklga asoslangan tasnifini qoniqarli deb hisoblamaydi. Aksincha, til birliklarini ularning semantik mohiyati va nutqdagi kommunikativ vazifasi bilan birgalikda o‘rganish zarur deb biladi.
Mazmuniy grammatikaga asos bo‘lgan eng dastlabki g‘oyalar XIX asrga borib taqaladi. V.fon Humboldt tilni “fikrlash vositasi” deb hisoblab, tildagi grammatik shakllarni inson tafakkuri va dunyoqarashi bilan bog‘liq holda talqin qilgan [W.Humboldt, 1988: 296]. Keyinchalik L.Teniyer o‘zining “dependency grammar” (bog‘lanishlar grammatikasi) nazariyasida sintaktik birliklarning semantik asosini tahlil qilishga alohida urg‘u bergan [Л.Теньер, 1988: 656]. Bu yondashuvda grammatik strukturalar bir-biriga bo‘ysunuvchi semantik munosabatlar orqali bog‘langan holda qaraladi.
XX asr o‘rtalariga kelib, mazmuniy grammatikaga yaqin bo‘lgan yondashuvlar tilshunoslikda faol rivojlana boshladi. Ayniqsa, M.Gallyo va G.Gilyom kabi fransuz tilshunoslarining ishlari bu sohada muhim ahamiyat kasb etadi. Ular grammatik shakllarning ruhiy (psixik) mexanizmlarga bog‘liqligini, ya’ni grammatik tuzilmaning ortida turgan kognitiv jarayonlarni tahlil qilishga harakat qildilar. Shu tarzda, grammatika birliklari inson tafakkuri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ma’no tuzilmasi sifatida qarala boshlandi.
Rus tilshunosligi doirasida esa mazmuniy grammatika g‘oyalari Y.S.Stepanov, T.V.Xrebtova, V.V.Babaytseva, N.D.Arutyunova kabi olimlarning izlanishlarida yorqin ifodasini topdi. Jumladan, Y.S.Stepanov til tizimida konseptual tuzilmalarning grammatik shakllar bilan qanday uyg‘unlashishini ochib bergan. T.V.Xrebtova esa grammatikaning “semantik asoslangan tasnifi”ni ilgari surib, gaplar va so‘z birikmalarining semantik modellari asosida tasniflashni taklif etgan. Bu esa grammatik kategoriyalarni faqat shakliy ko‘rinishda emas, balki mazmuniy strukturasi asosida baholash imkonini berdi.
Mazmuniy grammatikaning dastlabki g‘oyalari o‘zbek tilshunosligida ham o‘z aksini topdi. So‘nggi yillarda A.Berdialiyev, N.Mahmudov, A.Nurmonov, N.Turniyozov, A.Mamajonov, Sh.Safarov, H.Neʼmatov, R.Sayfullayeva, M.Qurbonova, A.Ahmedov, S.Solixoʻjayeva, M.Hakimov, D.Lutfullayeva singari olimlar til birliklarining semantik va kommunikativ xossalariga oid tadqiqotlar olib bordilar. Xususan, A.Berdialiyev nutq birliklarining paradigmatik va sintagmatik ahamiyatini [A.Berdialiyev, 2019: 80], N.Turniyozov nutq birliklarining derivatsion jihatlarini [N.Turniyozov, 1990: 60], M.Hakimov nutq birliklarining pragmatik ahamiyatini o‘rganishda semantik-paradigmatik tahlilni taklif etgan bo‘lsa [М.Ҳакимов, 2013:176], Sh.Safarov tilning kognitiv xarakterini belgilovchi vositalarni grammatika doirasida tadqiq etishni ilgari surdi [Ш.Сафаров, 2006: 92].
Xulosa qilib aytganda, mazmuniy grammatika nazariyasi tilshunoslikda mustaqil yondashuv sifatida XX asrda shakllangan bo‘lib, uning taraqqiyotiga strukturalizm, funksionalizm, kognitivizm va diskurs nazariyasi asosiy turtki bo‘ldi. Ushbu yondashuv grammatika birliklarini chuqurroq semantik va kommunikativ asosda tushunishga imkon yaratdi. Bu esa sintaktik paradigmalarning ma’no va so‘zlashuv vaziyati asosidagi turli darajadagi tafovutlarini aniqlashda nazariy zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Koʻrinadiki, mazmuniy grammatik yondashuvning eng muhim amaliy jihatlaridan biri shuki, u sintaktik tahlilning an’anaviy shakliy-chegara doirasidan chiqib, strukturalarning ichki semantik dinamikasini ochib beradi. Bu yondashuvga ko‘ra, har qanday sintaktik birlik – bu faqatgina shakliy struktura emas, balki semantik mazmunga ega bo‘lgan konseptual modeldir. Shunga mos ravishda sintaktik paradigmalarning tahlili ham mazmuniy qatlamni, ya’ni so‘zlashuv vaziyatida yuzaga keladigan ma’no aloqalarini aniqlashga yo‘naltiriladi.
Til sistemasida paradigmatik munosabat til birliklarining amalda qoʻllanilishigacha bo‘lgan holati bilan bog‘liq bo‘ladi [В.М.Солнцев, 1971: 65]. Sintaktik paradigmalar – bu tilning ichki sistemasidagi o‘xshash vazifani bajaruvchi, lekin shakliy jihatdan turlicha ko‘rinishdagi konstruksi-yalarning majmuasidir. Masalan, o‘zbek tilidagi “Men kitob o‘qiyapman” va “Men o‘qiyapman kitob” gaplari grammatik jihatdan turlicha sintaktik tuzilishga ega bo‘lsa-da, semantik asosda bir paradigmaning variantlari sifatida ko‘riladi. Mazmuniy grammatikada bunday variantlarning semantik asosda qanday tashkil topgani, ularning kommunikativ maqsadga muvofiqligi, muloqotdagi so‘zlashuv vaziyati, vazifasi alohida tahlil qilinadi.
Ingliz va o‘zbek tillarining sintaktik paradigmalari o‘rtasidagi farqlilik ham aynan shu yondashuv orqali chuqurroq anglashiladi. Masalan, ingliz tilida zamon, passiv shakl, infinitiv va gerund shakllari orqali ifodalanuvchi sintaktik variantlar, o‘zbek tilida so‘z tartibi, yordamchi so‘zlar va qo‘shimchalarning kombinatsiyasi orqali tashkil topadi. Har ikki tilning sintaktik paradigma shakllanishida so‘zlashuv vaziyati va semantik muvofiqlik asosiy rol o‘ynaydi. Mazmuniy grammatika esa aynan shu muvofiqlikning nazariy asoslarini aniqlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazmuniy grammatikaning sintaktik tahlilga tatbiqi grammatik strukturani faqat shakl asosida emas, balki u orqali anglatilayotgan ma’no, uning so‘zlashuv vaziyati va kommunikativ vazifasi orqali tahlil qilish imkonini beradi. Sintaktik paradigmalarni bunday asosda o‘rganish esa ularning semantik va pragmatik jihatdan qanchalik kompleks va dinamik tuzilmaligini ochib beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
Орзибеков Ф. Исследование теоретических основ грамматики содержания. В статье дается информация о понятии субстантивной грамматики и изучении ее теоретических основ. Структура языка представляет собой сложную систему, которая формируется не только формой, но и значением и речевой деятельностью. Поэтому возникла необходимость изучать грамматику не с помощью формальных (формальных) подходов, а с помощью методов, основанных на содержании и задачах. Именно из-за этой потребности в лингвистической теории сформировалось понятие «субстантивной грамматики», что научно обосновано. Сообщается, что субстантивная грамматика более глубоко анализирует синтаксические парадигмы, грамматические варианты и приемы, исходя из их конкретного использования в контексте коммуникации.
Orzibekov F. Research on the theoretical foundations of content grammar. The article provides information on the concept of substantive grammar and the study of its theoretical foundations. Language structure is a complex system that is formed not only by form, but also by meaning and speech activity. Therefore, the need to study grammar not with form-based (formal) approaches, but with methods based on content and tasks arose. It is precisely because of this need that the concept of “substantive grammar” was formed in linguistic theory, which is scientifically justified. It is reported that substantive grammar analyzes syntactic paradigms, grammatical variants and devices in more depth, based on their specific use in the context of communication.