METAFORANING KOGNITIV-PRAGMATIK VAZIFASI

Metafora eng murakkab va ko‘p qirrali lisoniy hodisalardan biridir. U nafaqat nutqni bezatadi, balki muhim kognitiv va pragmatik vazifalarni ham bajaradi. Metaforaga kognitiv-pragmatik

 yondashuv asosida – metaforalar bizning olam haqidagi tasavvurimizni qanday shakllantirishini, ular muloqotga qanday ta’sir qilishini va unda mujassamlangan semantik qatlamlarni yaxshiroq tushunishga imkon beradi.

Metafora – bu o‘xshashlik asosida ma’noni bir obyektdan boshqasiga o‘tkazishga imkon beradigan ifoda vositasidir. Metafora ko‘pincha murakkab tushunchalar va hodisalarni soddalashtirish, xayoliy tasavvurlarni yaratish va hissiy bo‘yoqlarni yetkazish maqsadida lisoniy faollashadi. Masalan, “hayot –bu yo‘l” iborasi yo‘l konseptini hayotni idrok etishga o‘tkazadi, bu uning murakkabligi va yo‘nalishlarini tushunishni osonlashtiradi.

Kognitiv tilshunoslik metaforani tafakkur mahsuli sifatida ko‘rib chiqadi. Dj. Lakoff va M. Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, metafora voqelikni shakllantiradi va olamni qanday qabul qilishi, talqin qilishga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, “argument – bu urush” konseptual metaforasi nizolarni qanday olib borishga ta’sir qiladi, ularni g‘oyani birgalikda o‘rganish sifatida emas, balki ziddiyat sifatida qabul qiladi.

Konseptual metafora inson tafakkuri asosidir. U insonlarga murakkab mavhum g‘oyalarni yanada qulayroq shaklda lisoniy faollashtirishga ko‘maklashadi. Masalan, harakat bilan bog‘liq metaforalardan (“maqsad sari harakat qilish”) shaxsiy hayotda muvaffaqiyat yoki taraqqiyotga erishish jarayonlarini tasvirlash uchun foydalanish mumkin.

Tilshunoslar metafora vazifalarini aniqlashga turli tomonlardan yondashadilar. Bir qator olimlar metaforaning pragmatik ta’sir mexanizmlarini ko‘rib chiqadilar [Чудинов, 2001, 2003; Lakoff, 1992]. V.N. Teliyaning ta’kidlashicha, metaforizasiya holatida, maqsadga yo‘naltirilgan uchta komponentdan iborat nutq vazifalari mavjud: motiv, maqsad va taktika. Ular birgalikda nutqning illokasion ta’sirini yaratishga xizmat qiladi [Телия, 1988: 140].

Metafora nutq subyekti tomonidan ma’lum bir pragmatik maqsadga erishish uchun ishlatiladi. Nutq subyektining maqsadi voqelikning bir obyektining xususiyatini boshqasiga belgilashda o‘z ifodasini topadi. Shu tufayli metafora baholovchi va hissiy ma’noga ega bo‘ladi. Metaforaning pragmatik salohiyati uni tasdiqlash, norozilik, nafrat, beparvolik, maqtov va hokazo kabi nutqiy harakatlarning illokasion kuchida namoyon bo‘ladi [Вежбицкая, 1990]. Shu tarzda muloqot nazariyasi nuqtai nazaridan metafora tilning semantikasida emas, balki ifodada, nutq aktida shakllanadi va nutq predmetining belgilangan obyektga nisbatan holatini ifodalaydi.

Metaforaning diskursiv nazariyasi muloqotning interaktiv modelidan kelib chiqadi, unda metafora so‘zlovchi va xabarni qabul qiluvchining olamlarini birlashtirib, shakllangan ma’nolarni real dunyo bilan bog‘laydi va shu bilan kommunikatorlarning muloqot jarayonida o‘zaro ishtirokini ta’minlaydi.

Diskursiv nazariya nuqtai nazaridan metafora nutq darajasida amalga oshiriladigan ma’noni shakllantirishning maxsus mexanizmi sifatida qaraladi. Ushbu yondashuv bilan atrofdagi voqelikning ma’lum bir qismini tavsiflash jarayonida metaforani tashkil etuvchi lisoniy birliklarning tizimli xususiyatlari, ya’ni ularning semantikasi va qo‘shimcha ma’nolari (agar mavjud bo‘lsa) hisobga olinadi.

Metaforaning vazifasi quyidagi jihatlar nuqtai nazaridan baholanadi:

1. Tizimli jihat nuqtai nazaridan metafora matnni shakllantirish vositasidir;

2. Kognitiv jihatdan metafora voqelik obyektlarini tasniflash usuli sifatida faollashadi;

3. Kommunikativ jihatdan metafora so‘zlovchining fikrlarini qabul qiluvchiga yetkazish vositasidir;

4. Diskursiv ma’noda metafora so‘zlovchining nutqi va voqelik tafsilotlarini bog‘laydigan vosita sifatida voqelanadi. Diskursiv yondashuv fikrlashning kognitiv mexanizmlariga, shuningdek, so‘zlovchining kommunikativ maqsadiga asoslanadi [Кланщакова, 2003].

Diskursiv nazariya nuqtai nazaridan metafora voqelik omili maqomini oladi, bu uni nutqning har qanday turlarida faollashuviga imkon beradi. Lisoniy birliklarning semantik mazmunidan foydalanib, metafora mumkin bo‘lgan va real olamlarning tarkibiy qismlarini nutq darajasida birlashtiradi, so‘zlovchining murojaatini semantik muqobillik, oldindan o‘rnatilgan lisoniy tizim bilan muvofiqlashtiradi.

Metafora, A.Yu. Klanshakova o‘z tadqiqotida ta’kidlaganidek, abadiy qonundir, zotan diskurs hozirgi zamonda amalga oshirilsada, biroq faoliyat jarayoniga nisbatan nol nuqta, koordinatalarning kelib chiqishi sifatida faollashadi [Кланщакова, 2003: 33]. Metaforani har qanday diskursga kiritish – so‘zlovchining atrofdagi voqelikni idrok etishining individual tajribasidan kelib chiqadi.

Metaforizasiya muayyan kommunikativ/pragmatik maqsadga ega bo‘lgan shaxsni o‘rab turgan olamning ma’lum bir qismini noyob toifalarga ajratishga olib keladi. Bunday muloqot modeli nutqning situasion xususiyatini, keng ijtimoiy-madaniy kontekstga murojaat qilishni va muloqotchilarning fon bilimini nazarda tutadi.

Kommunikativ rolga qarab, A.P. Chudinov metaforalarning o‘ziga xos quyidagi asosiy vazifalarini aniqlaydi [Чудинов, 2001]:

1. Kognitiv vazifa. Kognitiv vazifaning nominativ-baholovchi turi tushunarsiz yoki tushuntirish qiyin bo‘lgan nomlar o‘rtasidagi muvozanatni tiklashi bilan bog‘liq. Metafora nafaqat lug‘atni to‘ldirish usuli, balki ma’nolarning metaforik uzatilishi lisoniy semantikani rivojlantirishning eng muhim usuli hisoblanadi. Ushbu vazifa yordamida so‘zning semantikasida mavjud bo‘lgan ijobiy yoki salbiy ma’nolarni metafora bilan ifodalashdan iborat bo‘lgan hissiy baholovchi komponentni uzatish amalga oshiriladi. Matndagi yangi metafora allaqachon qabul qiluvchining hissiy baholovchi ta’sirini keltirib chiqaradi. Yangi, kutilmagan kontekstda so‘z nafaqat hissiy bahoga ega bo‘ladi, balki ba’zida uni o‘zgartiradi.

2. Kommunikativ vazifa. Metaforaning kommunikativ vazifasining evfemistik turi uning mavhum va noaniq bo‘lish, ya’ni qabul qiluvchiga aytilgan va aytilmagan narsalar o‘rtasida muvozanatni saqlashga imkon berish qobiliyatida ifodalanadi. Bunday metafora hissiy jihatdan neytral nominasiyalar yordamida ma’lumot uzatish, so‘zlovchidan ba’zi mas’uliyatni olib tashlash uchun javobgardir. Ommabop tur tushunarli lisoniy vositalar yordamida murakkab g‘oyalarni ifodalashga yordam beradi. Hamma ham ma’lum bir nutqning o‘ziga xos shartlarini bilmaydi, shuning uchun bu vazifa ma’lumotni yanada to‘liq va samarali uzatish uchun zarurdir.

3. Metaforaning estetik vazifasi metafora – shaxs, muallif tajribasi natijasidir, degan nazariyaga asoslanadi. Obrazli shakldan foydalanish qabul qiluvchini jalb qilish imkonini beradi va bayonotni yanada samarali ifodalanishiga imkon yaratadi. Shaklning yorqinligi ko‘pincha bayonotda yorqin va chuqur fikr borligi haqida signal sifatida qabul qilinadi. Metaforaning yuqori va o‘ziga xos informasion qiymati uni qabul qiluvchiga ta’sir qilishning ajoyib vositasiga aylantiradi. Shunday qilib, boshqa ko‘plab vazifalar bilan bir qatorda, metafora ko‘plab lisoniy va pragmatik vazifalarni amalga oshirishga qodir.

4. Pragmatik vazifa. Ishontirish turi adresatda hissiy holatni shakllantirish vositasi sifatida faollashadi, xuddi shu tarzda metafora ba’zi harakatlarga undash vositasiga o‘xshaydi. Buning uchun u yorqin hissiy ta’sirga ega bo‘lishi va mustaqil ravishda bu harakat uchun dalil bo‘lib xizmat qilishi kerak. Pragmatik vazifaning emosionalligi muallif tomonidan adresatga hissiy ixtiyoriy ta’sir ko‘rsatish maqsadida faollashadi. Bu qabul qiluvchining tafakkurida voqelik omillariga ma’lum bir munosabatni shakllantirishga va salbiy yoki ijobiy baho bilan tilda rang-barang nominasiyalar yordamida so‘zlovchi tomonidan yaratilgan nuqtai nazarni rivojlantirishga imkon beradi.

N.F. Alefirenkoning ta’biriga ko‘ra, metaforik so‘zning pragmatik ma’nosi – bu metaforaning semantik strukturasidan kognitiv komponentni chiqargandan keyin qoladigan mazmun qismidir. Kognitiv ma’lumotlardan farqli o‘laroq, obrazli so‘zning pragmatik komponentlari denotatlar haqida emas, balki so‘zlovchilarning o‘ylaridagi predmetlarga nisbatan subyektiv hissiyotlari va emotiv-baholash munosabatini o‘z ichiga oladi [Алефиренко, 2008: 116]. Shuningdek, matnda subyekt bilan bog‘liq bo‘lgan metafora uning didi, qiziqishlari va aks ettirilgan voqealarga bahosini aks ettiradi. Masalan:

Ra’no ikki qo‘lini uzatib “kel menga, kel” dedi. Mas’ud buralib Anvarning bag‘rig‘a siqildi. Kulishdilar. Anvar boladi o‘pib so‘ydi. Ra’no Mas’udni yandi: “Sen qarab tur, biji bola” dedi [Mehrobdan chayon].

Ushbu misolda baholash nutqiy harakatning kommunikativ maqsadi bilan chambarchas bog‘liq. Unda hazil tariqasida bayon etilgan “biji bola” iborasi nafaqat fikriy ifoda, balki so‘zlovchining adresantga nisbatan ogohlantirishi hisoblanadi. Taqdim etilgan misolda metaforik semantika (biji bola – yomon bola) va pragmatika (personajning o‘zi ishlatgan obrazli lisoniy belgisiga munosabati) obyektiv ravishda munosabatlarning ma’lum bir turini tashkil qiladi, shuning uchun metaforik so‘zning semantik tuzilmasida pragmatik komponentni ajratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Metaforaning fallashuv mexanizmi analogiya prinsipi asosida amalga oshiriladigan qiyoslash jarayoniga asoslanadi. Analogiya ikkita obyekt yoki ikkita konseptual soha o‘rtasidagi aloqalarni shunday quradiki, bitta obyektning xususiyatlari boshqa obyektga yoki konseptual sohaga o‘tadi. Metaforizasiya mexanizmi o‘xshash hodisalar o‘rtasidagi o‘xshashliklarni ular o‘rtasida haqiqiy bog‘liqlik bo‘lmaganda aniqlashdan iborat. Shunday qilib, metaforik qurilma allaqachon mavjud bo‘lgan, tanish hodisaga o‘xshashligi orqali yangi mohiyatni amalga oshirishga imkon beradi [Глазунова, 2000: 32].

Metaforizasiya mexanizmi shaxsga allaqachon mavjud bo‘lgan empirik tajribasi asosida atrofdagi voqelikni tartibga solish va tushunishga imkon beradi. Inson mavjudligining barcha sohalarini qamrab olgan metafora mavjud tajribalarni yangilari bilan birlashtirish vazifasini bajaradi. Bizning fikrlashimiz metafora bilan tartibga solinganligi sababli, insonning o‘zini tushunishi, uning dunyodagi o‘rni va rolini tushunishi ham metafora tuzilmalarining ishlashiga bo‘ysunadi.

Lisoniy belgilarning metaforik ma'nosi, so‘zlovchining his-tuyg‘ulari, muayyan predmet yoki hodisaning baholanishini aks ettiruvchi ifoda ma'no sifatida aniqlanadi. Metaforik ma'no aniq bir pragmatik omil – so‘zlovchi omili bilan bog‘liqdir. Misol:

Solih maxdum xasis, ta’magir, har holda sajiyasi e’tibori bilan uni yaxshilar qatorig‘a qo‘yib bo‘lmaydir. Va lekin tabi’at xasis emas, tikandan gul, aridan bol yarata beradir. Shunga o‘xshash tikanlik yog‘ochdan xush islik, latif ko‘runishlik Ra’no yaratilg‘an edi [Mehrobdan chayon].

Ushbu sintaktik qurilmaning metaforik ma'nosi, jumlaning lug‘aviy ma'nosi va so‘zlovchining ma'nosi o‘rtasidagi keskinlikka asoslanadi, chunki so‘zlovchi ma'nosi lisoniy ifodaning qo‘llanilish sohasiga tegishlidir.

Pragmatik yondashuv metaforalarning asl kommunikatsion kontekstlarda qanday ishlatilishiga e'tibor qaratadi. Metaforalar vaziyat, auditoriya va so‘zlovchining maqsadiga qarab turli vazifalarni bajarishi mumkin. Ular ishontirish, emosional javob yaratish yoki ma'lum bir nuqtai nazarni ta'kidlash uchun ishlatilishi mumkin.

Metaforaning kognitiv-pragmatik salohiyati ko‘p qirrali va xilma-xildir. Metafora nafaqat tilni boyitadi, balki fikrlash va idrokni shakllantirishning muhim vositasidir. Metaforik tilni tushunish tilni ham, inson tafakkurini ham o‘rganishda yangi ufqlarni ochadi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Алефиренко, Н.Ф. Фразеология в свете современных лингвистических парадигм: Монография. – М.: ООО Издательство «ЭЛПИС», 2008. – 271 с.
  2. Вежбицкая А. Сравнение. Градация. Метафора // Теория метафоры. – М.: Прогресс, 1990. – С. 133–152.
  3. Глазунова О. И. Логика метафорических преобразований. – СПб.: Изд-во СПБГУ, 2000. – 132 с.
  4. Кланщакова А.Ю. Метафора в структуре экономического дискурса: опыт комплексного исследования (на материале английского языка): дис. … канд. филолог. наук. – Иркутск, 2003. – 181 с.
  5. Телия В.Н. Метафоризация и ее роль в создании языковой картины мира // Роль человеческого фактора в языке. – М.: Наука, 1988. – С. 173-204.
  6. Чудинов А.П. Россия в метафорическом зеркале: когнитивное исследование политической метафоры (1991-2000). – Екатеринбург: УрГПУ, 2001. – 238 с.
  7. Lakoff G., Johnson M. Metaphors we live by. – Chicago: University of Chicago Press, 1980. – 241 p.

 

Улугова Ш. Когнитивно-прагматическая функция метафоры. Метафора – одно из самых сложных и многогранных языковых явлений. Оно не только украшает речь, но и выполняет важные познавательные и прагматические задачи. На основе когнитивно-прагматического подхода к метафоре – позволяет лучше понять, как метафоры формируют наше представление об окружающей среде, как они влияют на общение и воплощенные в нем смысловые слои.

Ulugova Sh. Cognitive-pragmatic function of metaphor. Metaphor is one of the most complex and multifaceted linguistic phenomena. It not only decorates speech, but also performs important cognitive and pragmatic tasks. Based on a cognitive-pragmatic approach to metaphor, it allows us to better understand how metaphors shape our understanding of the picture of the world, how they affect communication and the semantic layers embodied in it.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati