METAMORFOZA POETIK USLUB SIFATIDA

Metamorfoza (evrilish) asar sujeti strukturasida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Darhaqiqat, evrilish og‘zaki ijodning tasvir usullaridan biri hisoblanib, keyinchalik yozma adabiyotga ko‘chgan, obraz yaratishda qo‘llanib kelinayotgan  folklor shakllaridan biridir.

Ahmad A’zamning  “Asqartog‘ tomonlarda” qissasida mazkur jarayonning badiiy asar poetikasidagi o‘rnini  ko‘rib chiqamiz. Yozuvchi o‘z qissasida  Alisher Navoiyning “O‘z vujudingga tafakkur aylagil, har ne istarsen o‘zingdan istagil” baytini epigraf  qilib keltirgan. Mazkur hikmat asarni tushunishga, uning mohiyatini anglashga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.

Asqartog‘ – orzular makoni, odamzodni tortib turadigan mayoq. Hamma o‘sha yoqqa intiladi. Xoh u ijobiy – el-yurt tinchligi, barkamol avlod salomatligi, tafakkurdagi yuksalishlar bo‘lsin, xoh salbiy – o‘z manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yib, nafsi ammorasi yo‘lida odamlar tinchligini buzish, yurt, kelajak ravnaqiga to‘sqinlik qilish bo‘lsin ko‘zlangan manzil, baxt qasri – o‘sha Asqartog‘.

Asar qahramoni Mahdining hayot-faoliyati, ruhiy kechinmalari, goh oshkora, goh ong oqimi tarzida, usulida hikoya qilinadi. Atrofini o‘rab olgan, tirikchilik qasdida o‘lib tirilayotgan odamlar tashvishi Mahdini qanchalik o‘ylantirsa,  Mahdining ham boriga shukur qilib, “faqirligi baxtligidan” o‘zini  panaga olib, biroq, el-u xalqqa yordami tegib yashashga ishtiyoqi balandligi ularni ham hayajonga soladi, o‘ylantiradi.

Mahdi o‘zi yashayotgan davrdan ko‘ngli to‘lmaydi. Nimaiki bo‘lmasin, erisha olmagan ulgura olmagan, baxtiyor yashay bilmagan onlari uchun faqat o‘zini ojizlikda ayblaydi.  O‘zining uquvsizligini yurtdan ham,  adolatsiz jamiyatdan ham,  yon-atrofidagi olg‘ir o‘rtoqlaridan ham izlamaydi. U oldinga yursa, orqaga qaytib ketadigandek tuyulaveradi. Ruhiy iztiroblar uni poklaydi. Yor-birodarlari orasida alohida ajralib turishligi boisi ham shundan. Shuning uchun ham necha yillardan beri faqat o‘zi bilan o‘zi kurashib keladi.

Asarda Isrofil obrazi bor. U rassom Mahdining qalin do‘sti. Mahdi  u chizgan suratlarda o‘zi borolmagan, orzusidagi joylarni – Bahri Muhitni ko‘radi. Chunki suratdagi ranglar bu yerniki emas, odamlari ham boshqacha fikrlayotgandek, go‘yo. Suratlar sehrini tushunish uchun bir oz tayyorgarlik kerakka o‘xshaydi. Bunday noan’anaviylikni  Isrofil boshqacha tushuntiradi. U o‘zini ruhlar bilan aloqa o‘rnatganligini aytadi; dunyoni, do‘stlarini ezgu yo‘lga boshlash uchun ajdodlaridan madad so‘ray oladi. Buning bosh sababi esa u bir marta o‘lib tirilgan. Tiriklikdan o‘likka evrilib, narigi dunyoda farishtalar bilan suhbatda bo‘lgan. Uch oylik chaqoloq paytida, uni o‘ldi deb o‘ylab, ma’rakasini o‘tkazib, ko‘mmoqchi bo‘lib, mozoratga olib borishgani rost; ayni ko‘mishga chog‘lanishganda murg‘aq chaqaloqning ko‘nglida ixtiyorsiz bir kuch – yashash istagi junbushga  kelib, yig‘lab yuborgan... Isrofil o‘sha chaqaloqdan katta bo‘lgan, o‘sha, ya’ni  g‘oyibdan kelgan kuch uni rassom qilib tarbiyalagan. Uning o‘ziga qo‘yib bersa, men u dunyoni ko‘rib kelganman, mendagi favqulodda iqtidor shundan deb, baralla aytadi.

Mahdi Isrofilga  shunday ta’rif beradi: “Menga chin tuyuladi: u chindan ham oldin yashagan, bir, balki bir necha vujudda tanosuh bo‘lib, odam zotining turmushini obdan sinab ko‘rish, Isrofilning jismi oxir bo‘lgach, boshqa odam suratiga ko‘chadi, balki uning rassomligi shundandir, o‘zini suratlarda ham qoldirar, keyin qiyofasini eslab yurish uchun...”[1] Aslida, asardagi asosiy qahramonlar qiyofasini izlab yurgandek taassurot qoldiradi. Suratiga siyrati o‘xshamaydi. Go‘yoki muallif ta’kidlaganidek, suratlari boshqa narsalarga ko‘chib qolganday, o‘zligini emas, suratlarini topish ilinjida yashaydi.

Qissada ajabtovur obrazlar, qahramonlar bu yorug‘ olam tashvishlaridan ancha uzoqda yashashadi.  Ular uchun qandaydir favquloddalik, sehr, g‘oyibdan kelgan donishmandlik kuch-qudrat yashiringanday.  Isrofil bu dunyoning odami emas. U insonlarga ezgulik ulashish uchun kelgan. Suratlarida aks ettirilgan, bizning mantiqlarga to‘g‘ri kelmaydigan notabiiy tasvirlar o‘zni anglashga, tafakkur qudrati bilan yashashga chorlab turadi. Go‘yo bu rang-tasvir qahramonlar orzusidagi Asqartog‘ tomonlarni ko‘rsatayotganday bo‘ladi. Ayniqsa, Mahdi suratlarda o‘zini ko‘radi. Bahri Muhitda yurganlarini his qiladi. Tasviriy san’atning qudrati ko‘ngillarga halovat bag‘ishlashi bilan yuksak darajaga ko‘tariladi.

Mahdi ham anoyi emas. u rizqini haloldan topgan. Vatan deb tug‘ilgan yerini tushungan. Orzu-havaslarni shu yer, shu tuproqda amalga oshirishni istagan. Yaxshilik qilish kerak bo‘lsa, farzandlariga, oilasiga, qolaversa yurt farzandlari uchun jon kuydirishni o‘ziga maqsad qilgan bir odam. To‘g‘ri, u ham orzu qiladi. Lekin uning orzusi o‘z ruhini boyitish, shu orqali xalqi ruhiyati, tuyg‘ularini olovlantirishdan iborat. Ushbu fazilatlarni uning xushmuomalaligida, kamtar-kamsuqumligida, ilm-fanga nisbatan fidoyiligida, adolatparvarligida, o‘z oilasini muqaddas tutishi va boshqalarda ko‘rish, kuzatish mumkin.

Mahdi nazarida har bir kishi umri davomida bir necha tanosux jarayonini boshidan kechirishi mumkin. Kimdir yovuzlik suratiga kirsa, kimdir ezgulik suratida o‘zligini namayon etadi. Kimlardir esa bir necha suratlarga kirib o‘z omadini sinab ko‘radi. Ammo, oxir oqibat o‘zining asl surati bilan qoladi. “Qarisan qartasan asl naslingga tortasan” degan maqol shu haqda aytilgan.

“Bizda baxshi asosan ikki xil: folbin va dostonlarni ijro etuvchi ma’nolarida keladi. Folbin ma’nosi qadimda baxshining shomonlik bilan bog‘liq tasavvurlaridan tug‘ilganligini ko‘rsatadi. Zero, qadimda baxshi, ya’ni shomon turli vazifalarni ado etgan. Baxshi bizda ko‘proq doston ijro etuvchi so‘z san’atkori sifatida ishlatiladi. “Baxshi bo‘lib ket-ay” iborasida ham aslida so‘zga chechanlik  nazarda tutiladi”.[2]

Shu ma’noda e’tiborga olinsa, qissa qahramonlari baxshilikning har ikkala ma’nosini ham o‘zlarida namoyon etishadi. Haqiqatda har bir inson ajdodlari ruhidan madad so‘rasa, tangri taoloning biri borligiga imon keltirsa, haromdan xazar qilsa, g‘oyibdan kuch-qudrat tilasa, ilm-ma’rifatda peshqadam bo‘lsa, u ham shomonlar kabi hech bo‘lmaganda o‘z hayotini qay tarzda davom etishini biladi. Eranlar ularga madadga keladi. Kerak bo‘lganda ilmiy faoliyatida ustoz, mashg‘ulotlarida kuch-qudrat timsoli bo‘lib yonida turadi.

Shodi akada ham jununga o‘xshagan  bir nima borday. Uning aytishicha, atrofdagi tinglovchilarga qarab so‘z boshlaganida unga shunaqa vahiy keladi. “Shularni anovilarga ayt deb qulog‘iga pichirlab turadi, aytib bo‘lgandan keyin esa ketadi. Hamma gapni o‘zi bilan olib ketadi. Kallam bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoladi”.  Shodi akaning yuqoridagi  holatga tushishida ilohiylik bor, homiy kuchlarning ruhiy madadi, ajdodlarining aytolmagan, ammo, aytishi  mumkin bo‘lgan orzu- armonlari bor.

“Ba’zi paytlar esa bizni qoyil qoldirganidan taltayib, aytganlarimni qog‘ozga tushursam, kuchi yo‘qoladi, hamma gap – tovushimda, bularni o‘qigan bilan birov bir narsa anglamaydi, o‘zim gapirib berishim kerak – hamma tilsim o‘zimda, deb qo‘yar edi”. Mazkur fikrlarni folklorist Jabbor Eshonqul mulohazalari bilan qiyoslaganda, har ikkala  iqtibosda aynan o‘xshashlik ko‘zga tashlanadi.

“Baxshi odamlar bilan ruhlar o‘rtasida vositachi hisoblangan. Baxshi ikki dunyoni tutashtiruvchi ko‘prik bo‘lgan. Shuning uchun baxshining ijtimoiy mavqeyi shu qadar yuksak edi. Ibtidoiy inson tasavvurida  so‘z ilohiy hisoblangan. U harakat va og‘zaki ijroni asos qilib olgan. Harakat tanniki, so‘z esa ruhga, ruhiyatga tegishli deb o‘ylagan. So‘zga kishan solib, asir qilib bo‘lmaydi, deyishgan. Shuning uchun ham yozuvga qiziqishmagan”.[3]

Shodi akada baxshichilik, ya’ni shomonlik xususiyati bor. Shuning uchun ham u  har bir oddiy narsadan tilsim topadi. Uning boshi ko‘p og‘rib turadi. Bu holat o‘z-o‘zidan emas. Uning katta bobolaridan biri harbiy qo‘shinda sarboz bo‘lgan. Nodirshoh bilan ayovsiz jangda boshiga qilich zarbasini olib vafot etgan. Bobokalonidagi bosh jarohati, ya’ni og‘riq yasholmasdan qolgan. O‘sha og‘riq kelib-kelib Shodi akada qayta namoyon bo‘lmoqda.  Dunyoda hech bir narsa  bekordan emas, degan  jumla shu o‘rinda o‘zining falsafiy asosiga ega bo‘ladi. O‘sha yuqorida aytganimiz, insondagi suratning ko‘chib yurishiga oid fikrlar o‘zining dalil-isbotini topadi.

“Ertakchi – qalbni ovutish, shod etish, xayol og‘ushiga olib kirish, fantastik hodisalar mazmunini his etish, sezish, anglash, zavqlanish, fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shib, turli xil axloq normalarini kuzatish, farqlashga o‘rgatuvchi muallim, ta’limiy-estetik zavq beruvchi san’atkordir”.[4] Mazkur qarashlar oddiy ertakchi haqidagi fikrlardir. Shodi akada esa shunday xususiyatlar bilan birga, yuqorida ta’kidlaganimiz “homiy eranlar” ato etgan aql-zakovat ham mavjud. Shodi akaning jununi qo‘zg‘ab, jazavaga tushib, o‘zini anglamaslik darajasiga yetib aytgan so‘zlarini keltirish bilan fikrimizni isbotlashga harakat qilamiz. Bunday paytda Shodi akaning yuzlari boshqacha tusga kiradi. Eshituvchi, tinglovchini diqqatini bir joyga jamlaydi. Qandaydir sehrli kuch ularni tamom sehrlab qo‘yadi. Ertakchining qiliqlariga mos qiliqlar, tovushlariga aynan taqlid qilganlarini o‘zlari bilmaydi. “Ho‘-o‘v, do‘stning to‘yiga bormang o‘zi yesin, kulganida bormang – o‘zi kulsin, baxtini bermang – o‘zi topsin, osmonga chiqsa tortmang – o‘zi tushadi, yiqilsa qaramang – o‘zi turadi, yarasini silamang – o‘zi bitadi, jo‘ralarim-ov, yolg‘izni yo‘qlovsiz qo‘ymang, yolg‘izlik tuzalmas dard, do‘stning dardini oling – o‘zingiz tuzalasiz, odamzod dunyoga bir-birini yo‘qlab keladi, yo‘qlamasa kelarmi-ey, kelgan odam kelganini xabar qilib yig‘laydi, ketgan odam ketganini yig‘laganlardan xabarini bilib yotadi. Kelganni-yu ketganni mustar qo‘ymang, ikkovi ham o‘zingiz – kelgan edingiz, ketib boryapsiz-ay, o‘-o‘ odamzodning yo‘li uzun, o‘nqiri ko‘p, cho‘nqiri bor, yakka yurmang – juftdan keldingiz, juft toping, so‘ragandan so‘raydilar, berganga beradilar, ketayotgandan keladilar, murodingiz o‘zingiz, o‘ngga yurib izlang-a – o‘zingizga borasiz, chapga yurib izlang-a – o‘zingizga borasiz, og‘a-inilar ko‘nglini keng tuting shu keng dunyosi o‘zingiz”.[5]

Shu o‘rinda  “Har ne, istarsen o‘zingdan istagil” shoh bayti mohiyati aks-sado berganday tasavvur uyg‘otadi. Sharq tasavvuf falsafasida ilohning o‘zi qalbda yashashligi aytilgan. “Izlasang o‘zingdan topasan” hikmati Shodi aka aytimlarida shu falsafiy tushunchani anglatmoqda. Ramziy ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak: Asqartog‘, Bahri Muhit hammaning o‘zida, orzu-armonlarida, ko‘ngil kengliklarida mujassam. Odamzod intilgan sari o‘zligini namoyon qilib boraveradi. Ajrim – qilgan  amalida. Kimdir yuksaladi, kimdir tubanlashadi.

Qissada Shodi akaning tilidan bir afsona keltiriladi. Afsonaning asar badiiyatidagi o‘rni juda ibratli. Mazkur folklorizm badiiy asar kompozitsiyasida muhim bosqich sanaladi. O‘zligi bilan  kurash tushayotgan qissa qahramonlari faoliyatini uyg‘unlashtiradi, fikrlarini umumlashtiradi,  xulosa beradi.

Asqartog‘ tomonlarda odamlar tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydi.  Ular bir-birlarining  kamini to‘ldiradi, oshib-toshib ketganni o‘zi jazosini ham berib qo‘yadi. Ayiqlar tog‘ning egasi. U yerda adolatsizlik bo‘lmaydi. Tog‘ning, tabiatning o‘zi yaratgan qonun-qoidalariga zid harakatlar qilinmaydi. Garchi dialektik aloqadorlikka qarshi chiqqanlar qattiq jazolanadi. Asqartog‘ – shunday tilsimlar, sir-sinoatlar makoni.

Mazkur afsonani Shodi akaga bosh qahramonning o‘zi hikoya qilib bergan.

Chol yigitligida osmondagi burgutning ko‘zidan, uchib borayotgan pashshaning qanotidan bexato uradigan, otgan o‘qi tegmasa, qayta otishni or biladigan dovqir ovchi bo‘lgan ekan. Boshqa qishloq, boshqa urug‘dan bir sohibjamol malika bilan ahd-paymon qilib, qizning otasi, qarindoshlari qarshiligini qanday yengishni bilmay yurgan kezlarda tog‘da bir ayiq paydo bo‘libdi. Kun-kunora atrof qishloqlarga oralab, bir sigir, bir ho‘kizni yetaklab ketaveribdi. Bunday holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odamlar bo‘lsa-da, ularning hech biri ayiqni qayerdan kelib, qayerga ketganini bilishmas ekan.

Bu orada ovchi yigit miltig‘iga cho‘chqa o‘qidan joylab, uni tog‘-u toshdan izlay boshlabdi. Na biror iz, na belgi topolmay hafsalasi pir bo‘lib qishlog‘iga ham qaytib kelibdi.

Ayiqni qayerdaligini surishtirish bahonasida, sevgilisi ovuliga ham boradi. Ular pinhona uchrashadilar. Gapni bir joyga qo‘yishadi. Tunda ovchi boradigan, sevgilisi tugunchasi  bilan aytilgan manzilga chiqib turadigan bo‘ladi.

Shartga binoan ovchi kech kirishi bilan yo‘lga tushadi.  Tog‘ oqshomining qorong‘i yo‘laklarida visolga oshiqayotgan yigit toshdan toshga sakrab, yo‘l tanobini torta-torta uzun bir daraga duch keladi. Shunda ovchining ko‘kragidan bir kishi itarganday  bo‘ladi. Bu barvasta, bahaybat odam kim bo‘ldiykan o‘ylaydi ovchi. Yaxshilab tikilib qarasa, odam-podam emas, katta, bahaybat, gumbazday hurpaygan ayiq. Qo‘rqqanidan yelkasiga qo‘l uzatsa, miltiq yo‘q. Orqasida turgan miltiqni paypaslab topa olmabdi.  Taxtaday qotgan ovchi “shuncha jondorni bejon qildim, o‘zimning ham jonim jondorni qo‘lida ekan, deb kalima qaytaribdi”. Ayiq unga tashlanmabdi. G‘uldirigancha uni orqaga qaytishga undabdi. Ovchi ortiga qaytibdi. Yarim yo‘lda yana sevgilisi esiga tushib, jahd bilan ayiqni varanglatib otib tashlab, shartlashilgan joyiga yetib borishni ko‘zlabdi. Bu gal ham yo‘lga ko‘ndalang turib olgan ayiq uni sevgilisi tomonga o‘tkazmabdi. Axiri xunob bo‘lgan ovchi unga tushuntirmoqchi bo‘libdi: “Ho‘y, menga qara, jo‘ra! Men sevgilimni olib kelishga boryapman. Nega yo‘limni to‘sasan. Axir sening ham jufting bordir”, deb yolvoribdi. Ayiq esa javob o‘rniga yana g‘ur-g‘ur qilarmish, qayt-qayt deganday bo‘larmish...

Bu orada tong ham otib qolibdi. Kun yoyilganda qizning ovuliga borishdan ma’ni yo‘q. Ruhi tushib uyiga qaytgan ovchi, qanday qilib bo‘lsa-da, bu la’nati ayiqni surobini to‘g‘rilash uchun ertasi yana yo‘lga tushibdi.

Kechasi ayiq bilan to‘qnashgan joyiga kelib, bu yerdan ayiqning birorta izi, belgisini topa olmabdi. Arslon izidan, yigit so‘zidan qaytmay ayiqni izlab ketaveribdi. Olti kun tentirab, yettinchi kun deganda, nihoyatda ayiqning izi topilibdi. Shu izdan bora-bora ayiqni ham ko‘ribdi. Qarasa, katta bir ho‘kizni o‘ldirib, uni jigarini paqqos tushiryapti. Paytdan foydalangan ovchi uning qulog‘idan to‘ng‘iz o‘qi bilan otib tashlabdi. Ayiq bir o‘kirib yonboshiga yumalabdi...

Shu vaqtda tog‘ cho‘qqisining orqasidan qattiq bir o‘kirik eshitilibdi. Ovchi toshning panasidan tepaga qarasa, bir ayiq tushib kelyapti, bu dunyoning ayig‘i emas, o‘lib yotgan ayiqqa to‘rtta keladi... Juftini yoniga tushib, iskab ko‘rib, chunonam o‘kiribdiki, yer-u ko‘k titrab, tog‘-u tosh larzaga kelibdi. Ovchi miltig‘ini quchog‘lagancha qochib qolibdi.

Ayiqning jufti otilgan kuni ovchining ham sohibjamol malagi qattiq og‘rib, shu og‘rishi bilan yetti kecha-kunduz ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotib qolibdi. Tabib zoti borki, kelishdi,  muolaja borki, qilishdi, lekin befoyda. Qiz yonib tagiga yetgan shamday so‘nib boraveribdi. Nihoyat yettinchi kuni qiz rozi-rizochilik tilayotgan bir paytda tog‘ tomondan sochi ham, soqol-mo‘ylabi ham qizg‘ish-sariq, badanini ham shunaqa jun bosgan, yalong‘och, faqat avratini belbog‘ bilan  yashirgan bir dalli-devona lapanglab tushib, to‘g‘ri kasal yotgan uyga kirib boribdi.

Devonaning yo‘lini hech kim to‘smabdi. Chunki uning vajohatida odamni o‘ziga bo‘ysundiradigan, men aytganimday qilasan, degan bir kuch bor edi. To‘g‘ri  jon taslim qilayotgan qizning bosh ustiga o‘tirib o‘zicha g‘uldirab, nimalarnidir o‘qiydi, qiz ko‘zini ochadi.

Devona ovchining qishlog‘i tomonga ishora qilib g‘uldiraydi. Devona o‘z maqsadini har xil hayvoniy imo-ishoralar bilan tushuntiradi. Oxir-oqibat qizning otasi uning nima deyayotganini anglab yetadi.

Ovchiga bir otliqni jo‘natadi...

Devonaning aytgani bo‘libdi: otasi kirib, “kasalingni davosi shu ekanmi, ona qizim, men roziman, o‘sha yigitnikiga odam yubordim”, deganidanoq sohibjamol malakning rangiga qon yugurib, o‘rnidan turib ketibdi. Bu yoqda xushxabarni eshitgan, ayiqni otgandan keyin bir joyda yotib qolgan yigitning ham alahsirashi to‘xtab, isitmasi tushib, bir kunda sog‘ayib ketibdi. To‘y kuni “kutilmagan mehmon”ni ko‘rgan Ovchining rangi oqarib, devonaning belidagi belbog‘iga tikilib qolibdi. Devona esa unga qarab irjayganday bo‘libdi...

Nihoyat kelin kuyovnikiga kelibdi. Rasm-rusumlar tugab, odamlar tarqab yigit – ovchi sohibjamol kelinchagi go‘shangasiga kiribdi. Xudoning aytgani yuz beradi. Yigitning qilmishiga yarasha odam qiyofasiga, suratiga evrilgan ayiq uning jismi-jonini, kuch-qudratini, erkaklik g‘ururini barbod qilib ulgurgan edi. Xalqimiz tili bilan aytganda, uning baxti boylangan bo‘lib chiqibdi. Shunda kelin uni yupatmoqchi bo‘lib, bir-ikki so‘z ayta boshlaydi. Ovchi yigit ham ta’sirlanib, bo‘lgan voqeani, ya’ni uni olib qochib kelishga borayotganda, oshiq-ma’shuqalarning qochishga kelishib olganlarini sezib qolgan qizning akalari qurollanib yigitni o‘ldirish maqsadida uni kutib o‘tirishgan ekan-u, u qotil, battol ongsiz hayvon bilgan narsani anglamay, uni o‘ldiribdi. Bechora ayiq uni xavfdan, o‘limdan asrab qolishga harakat qilgan ekan. Shu tariqa inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat buzilibdi. Tabiat ayiq timsolida o‘ch olishga chiqqanini voqealar rivojida kuzatamiz.

Yigit bilan qiz dardlashib o‘tirganida eshik zulfinlari sharaqlab, tashqarida gup-gup oyoq tovushlari eshitilibdi. Yigit chiqib qarasa, tashqrida o‘sha soqov-devona irjayib turganmish. Unga ket ishorasini qilgan ovchi yuzidan qattiq shapoloq yeb, devorga urilibdi...  Hushiga kelsa, qiy-chuv, to‘s-to‘polon, ag‘dar-to‘ntar bir ko‘rinish olgan uy-joy... kelinchak esa g‘oyib bo‘lgan, birov ko‘rdim demaydi.

Ovchi esa ayiqdan o‘chini olish uchun o‘ttiz to‘qqiz kun tog‘-u toshni kezadi. Qirqinchi kun borib qarasa, Sangiosmondagi bir g‘orda  Devona xotinning tizzasiga boshini qo‘yib pish-pish uxlayapti. Xotin esa uni tikraygan sochlarini silab o‘tiribdi. Kiyimlari abgor, ko‘zlari bejo bu ham bir devona! Shunda ovchi ko‘zlarini chirt yumib Devonani otib tashlaydi. Yovvoyilashib ketgan xotin irrillab unga tashlanganda uni ham o‘ldiradi. Devona esa jon berish arafasida unga o‘girilib qaraydi-da, irjayib... asliga qaytibdi – ayiqqa, o‘sha bahaybat ayiqqa aylanibdi. Keyin jon beribdi. Shundan so‘ng ovchi tarki dunyo qilib, “ayiqqa aylanib”  tog‘-u toshni makon tutib yashay boshlaydi.

Ovchi obrazi afsonada ramziy yuk tashiydi. U o‘z nafsi ammorasi uchun noto‘g‘ri yo‘ldan boradi. Tabiat kuchlariga qarshi chiqadi. Jonivorlarga qiron keltiradi. Bu yorug‘ olamda hech bir harakat jazosiz yoki mukofotsiz qolmaydi. Qanchadan qancha nasl qoldiradigan, tabiat muvozanatini saqlab turadigan parranda-darrandalar uning o‘qidan nobud bo‘lishgan. Buning ham javobi bor. U tirnoq ko‘rishdan mahrum. Demak, tabiat kuchlariga endi qarshi chiqadiganlar tug‘ilmaydi. Tabiat hamma vaqt saxiy, unga o‘z bag‘ridan joy beradi.  Afsonada o‘g‘irlangan kelinchak ayiq bilan yashashga qarshilik qilmaydi. Chunki u jamiyatdan topmagan halovatni tabiatdan topadi. Tabiatda xoinlik yo‘q. Tabiatda urush-janjal yo‘q. Tabiatda bir urug‘ ikkinchi urug‘ bilan yovlashib yurish yo‘q. Tabiat qonuni bitta juftlik – ajralmas  birikma.

Mazkur afsonaning qissadagi badiiy-estetik vazifasi turli ko‘rinishdagi talqinlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.  Ramziy ma’noda Inson orzular mamlakati – Asqartog‘, Bahri Muhit kabi bahavo joylarga, cho‘qqilarga chiqish, tashrib etish uchun avvalo o‘z aqli-hushi, tabiat yaratgan qonun-qoidalar asosida harakat qilsalar murod-maqsadlariga yetadi. Aks holda ovchi yigit kabi bor-budidan ajralib, tabiatga yetkazgan zararini bir umr o‘z joni, hayoti bilan to‘lashga to‘g‘ri keladi. Boshqacha aytganda,  qissada inson o‘zligini yo‘qotishi oqibatida ham ruhan, ham jisman falokatga uchrashi o‘z ramziy ifodasini topgan.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – T.: Oʻzbekiston, 2002. – 558 b.
  2. Quronov D. Mutolaa va idrok mashqlari. – T.: Akademnashr, 2013. – 336 b.
  3. Eshonqul N. Mendan “Men”gacha. – T.: Akademnashr, 2014. – 507 b.
  4. Hamdamov U., Qosimov A. Jahon adabiyoti. – T.: Akademnashr, 2024. – 318 b.
  5. Boltaboyev H., Mahmudov M. Adabiy-estetik tafakkur tarixi. 1-jild. – T.: Mumtoz so‘z, 2016. – 421 b.
  6. O‘zbek folklorshunosligi. Antologiya. – T.: O‘zME, 2017. – 190 b.
  7. Eshonqul J. Mifologik tafakkur talqini. – T.: Akademnashr, 2025. – 36 b.
  8. A’zam A. Asqartog‘ tomonlarda. – T.: Yosh gvardiya, 1989. – 25 b.

9. www.ziyo.net

10. www.wikipediya.uz

 

Тошпулатов А. Метаморфоза как поэтический стиль. В статье на примере узбекских произведений интерпретирован широко применяемый в мировой литературе метод метаморфозы. В ходе анализа всесторонне раскрыта художественно-эстетическая ценность легенды, приведённой в повести Ахмада Азама «У подножия Аскартау». Поскольку явление трансформации (метаморфозы) является новым для узбекской литературы, в исследовании также представлены соответствующие теоретические сведения. На примерах показаны термин «бахши» и присущие ему концепции. Трактовки шаманства и божественной силы, нисходящей из потустороннего мира, вызывают интерес у читателя. Доказывается, что вопрос о месте мифа и легенды в художественных произведениях является одним из активных методов современного литературного процесса. На примере повести Ахмада Азама рассмотрено, как прочное закрепление этой темы в сюжете и композиции произведения особенно повысило художественно-эстетический уровень современной прозы последнего времени.

 

 Toshpulatov A. Metamorphosis as a poetic style. The article interprets the widely used literary method of metamorphosis through the example of Uzbek literary works. The analysis comprehensively reveals the artistic and aesthetic value of the legend presented in Ahmad Azam's novella "At the Foot of Askartau". Since the phenomenon of transformation (metamorphosis) is new to Uzbek literature, the study also provides relevant theoretical information. The term "bakhshi" and its inherent concepts are illustrated with examples. The interpretations of shamanism and divine power descending from the otherworld spark the reader's interest. It is argued that the issue of the place of myth and legend in artistic works is one of the active methods of the contemporary literary process. Using Ahmad Azam's novella as an example, it is examined how the firm embedding of this theme in the plot and composition of the work has particularly elevated the artistic and aesthetic level of recent modern prose.

 

 

 

[1] А’zam А. Аsqartog‘ tomonlarda. – Т.: Yosh gvardiya, 1989. – B.25.

[2] Eshonqul J. Mifologik tafakkur talqini. – Т.: Аkademik nashr, 2025. – B.36.

[3] Eshonqul J. O‘sha kitob. – B.37.

[4] O ‘zbek folklorshunosligi. Antologiya. –Т.: O‘zME, 2017. – B.190.

[5] А’zam  А. Аsqartog‘ tomonlarda. – Т.: Yosh gvardiya. 1989. – B.37.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati