MURAKKAB SO‘ZLARNING DERIVATSION XUSUSIYATLARI

Mikrosintaksis nuqtayi nazaridan tilimizni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqsak, juda ko‘p murakkab so‘zlar mavjud, ularning kamida uchdan bir qismi ot va sifat so‘z turkumiga tegishli, ammo, fe’l so‘z turkumi orasida juda kam uchraydi. Tildagi turli so‘zlar bir-biri bilan qo‘shilib, bir so‘zga aylanishi nutqiy faoliyat jarayonida amalga oshiriladi.

Murakkab so‘z atamasi so‘zning morfemik tarkibini bildiradi va bir nechta ma’nosini saqlab qolgan leksik asosga ega bo‘lgan so‘zlarga nisbatan qo‘llaniladi. Boshqacha qilib aytganda, so‘z komponentlari ma’nolari statiklashsa, qo‘shma so‘z. Bundan farqli o‘laroq, so‘z komponentlari tarkibi tilning dinamik ifodasini bildirsa, har bir komponent o‘z leksik ma’nosini saqlasa murakkab so‘z hisoblanadi. Har ikkalasida ham ikki yoki undan ortiq so‘zlarni (aniqrog‘i, ularning asoslarini) bir so‘zda birlashtirib so‘z yasalish hodisasi nazarda tutiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, shu tarzda tuzilgan murakkab so‘z keyingi so‘z yasash uchun asos bo‘lishi mumkinligi sababli so‘z birikmasi hodisasiga bevosita bog‘liq emas. Murakkab so‘z so‘z birikmasiga juda yaqin turadi. Tarixda turkiy tillarda deyarli barcha so‘zlar asosan bir bo‘g‘indan, aniqrog‘i ikki va uch harfdan iborat bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan tub so‘zlardan murakkab so‘zlar va qo‘shma so‘zlar hosil qilingan.

Masalan, oshib tushmoq so‘zi murakkab so‘zdir, chunki u ikkita to‘liq ma’nosi saqlangan leksik komponentni (oshmoq va tushmoq) o‘z ichiga oladi, lekin bu holda uni so‘z yasalish mahsuloti emas, oshib tushmoq murakkab so‘zidan paydo bo‘lgani uchun, qo‘shimcha hosila deriavatsiyasi deb hisoblash kerak. Keltirilgan misoldagi osh, tush so‘zlari ham ikki va uch harfdan iborat.

So‘z birikmalarining hosil bo‘lishi va universallashuv an’anasi, ya’ni ularning bir so‘zga birlashishi nutqiy faoliyat jarayonida namoyon bo‘ladi. Masalan, Davlat Xizmatlari Markazi > darichaga, xalq qabulxonasi iborasi > portalga, sinf kitobi iborasi > kitobga, Zulfiya mukofoti sovrindori > zulfiyachiga, masofaviy ish > onlayn, an’anaviy dars > oflayn so‘ziga birlashadi. Zaliznyak bu an’anani tilning ekspressiv funksiyasi bilan bog‘laydi [Zaliznyak A.A. 2012: 650-671]. J.Eltazarov bu hodisa haqida “Tildagi tejamkorlik tamoyili va qisqaruv” asarida quyidagi fikrlarni aytadi: Jamiyatning beto‘xtov rivoji doimiy ravishda yangi tushunchalarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Yangi tushuncha – yangi so‘z, yangi ibora demakdir. Til tarkibida yangi birliklarning ko‘payishi bilan go‘yo ekonomiyaga zamin tayyorlanadi; yo yangi kirib kelgan birlikni yohud avvaldan qo‘llanib kelinganini qisqartirish (bunda imtiyoz ko‘proq birinchisiga beriladi), bu bilan kommunikatsiyaga qulaylik yaratish jamiyat taraqqiyotiga mos ravishda rivojlanayotgan til zaminidagina vujudga keladi [Eltazarov J. 2004: 21]. Haqiqatdan ham til soddalikni yaxshi ko‘radi, ixchamlikka intiladi, murakkablikni yoqtirmaydi. Shu sabab ham Zulfiya mukofoti sovrindori deyishdan ko‘ra zulfiyachi deyish nutq uchun juda qulay. Bu misolda J.Eltazarov ta’kidlaganidek, birinchi sо‘zga imtiyoz berildi va pressupozitsion yondoshuv asosida zulfiyachi deb qо‘ya qolindi, mukofot, sovrindor sо‘zlari esa implitsit tarzda kо‘rinmas holatga о‘tib, pressupozitsion aspekti jihatdan bir sо‘zga birlashib, о‘sha sо‘z tarkibida tagma’no sifatida namoyon bо‘ldi. Bu haqda Pirimqul Qodirov o‘zining “Til va el” asarida quyidagi fikrni bayon qiladi: “Mashinani o‘ttizinchi yillarda rus tilida ham ko‘proq “avtomobil” deb atar edilar. Taksini to‘liq qilib “taksamotor” deb atash odat bo‘lgan edi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan “avtomobil” o‘rniga “mashina”, “taksamotor” o‘rniga “taksi” ishlatiladigan bo‘ldi. Chunki bu so‘zlar jonli til doirasiga tushib, uzoq vaqt yurgandan keyin silliqlashdi va ixchamlashdi. Uzun avtomobil so‘zi o‘rniga aytishga qulayroq qilib “mashina” deyish, “taksamotor” o‘rniga qisqagina qilib “taksi” deb qo‘ya qolish odat tusiga kirdi” [Qodirov P. 2010: 256].

Kichik sintaksis qoidalariga binoan, taxminan aytish mumkinki, har bir murakkab so‘zning orqasida so‘z birikmasi mavjud bo‘ladi. Hattoki bir so‘zning orqasida ham frazaga teng ma’no mujassam bo‘la oladi. So‘z ustasi Abdulla Qahhor o‘zining mashhur “Bemor” hikoyasida yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi degan maqolni ishlatadi. Bu misolda birgina yo‘g‘on so‘zi boy odam degan, ingichka esa kambag‘al odam, o‘ta qashshoq odam degan ma’nolarni bildiruvchi so‘z birikmasiga teng. Yo‘g‘on, ingichka parafrazalarining birgina o‘zi esa semantik jihatdan iboraga tengdir. Shuningdek, yozuvchini – qalamkash deb ifodalash ham periferik birlik hisoblanib so‘z ustasi parafrazasining sinonimidir. T.Bushuy bunday mikrosintaktik hodisani so‘z birikmasining universallashuvidir deb nomlaydi: Murakkab so‘zlarda semantikaning noaniqligi birinchi komponent (sifat), fe’l komponentining leksik ma’nosiga, ularning semantik (so‘z yasovchi) tarkibining o‘ziga xosligiga bog‘liq... Murakkablanish jarayoni – so‘z birikmasining bir so‘zga birlashishi, ya’ni so‘z birikmasining universallashuvidir [Bushuy T.A. 2014: 128].

Demak, murakkab so‘zlar muammosi nafaqat so‘z yasalishi, balki so‘z birikmalarining sintaksisi va semantikasi sohasiga ham tegishli. E.Benvenist bu yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sabab ham quyidagicha yozadi: Murakkab nomlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan turtki morfologiyadan kelib chiqmagan, uning ichida hech qanday zarurat taqozo etmagan; boshlang‘ich nuqtasi predikatsiya turlari bilan sintaktik konstruksiyalar edi. Aynan sintaktik model morfologik murakkab nomning paydo bo‘lish imkoniyatini ochib beradi va uni transformatsiya orqali hosil qiladi [Benvenist E. 1974: 254-255].

D.M.Jamoliddinova “Termin va so‘zning farqli xususiyatlari” nomli maqolasida murakkab so‘zlardan terminlar yasash shartlari haqida ilmiy asosli dalillarni keltirgan: Odatdagi so‘zlar tuzilish jihatidan sodda yoki qo‘shma bo‘ladi. Terminlar esa sodda va qo‘shmalikdan tashqari, murakkab (ya’ni birdan ortiq so‘zlarning grammatik tobelik munosabatiga kirishiga asoslangan turg‘un birikma holatida) ham bo‘ladi. Murakkab so‘zlardan terminlar yasashda shunday talablarga e’tibor berish lozim bo‘ladi:

a) termin mumkin qadar ixcham, kam sonli so‘zlardan iborat bo‘lishi kerak;

b) murakkab termin sostavidagi biron so‘zni izohlaydigan yana boshqa so‘z bo‘lmasligi (qavs ichida berilmasligi) kerak, aks holda termindan foydalanishda qiyinchilik bo‘ladi;

v) murakkab terminlar sostavidagi har bir so‘z boshqasi bilan affikslar yordamida yoki sintaktik tartib orqali birikkan bo‘lishi kerak. Ularning ko‘makchilar yoki bog‘lovchilar vositasi bilan grammatik munosabatga kirishishlari ma’qul emas. Chunki yordamchi so‘zlar vositasi bilan birikkan so‘zlardan iborat bo‘lgan murakkab terminlarning terminlik xususiyati bilinmay qoladi ~ oddiy, erkin birikmaga o‘xshab ketadi [Jamoliddinova D.M. 2020: 57-58]. D.M.Jamoliddinovaning termin va so‘zni farqlash borasidagi bu ilmiy asosli fikrlari kichik sintaksis uchun ham nihoyatda muhim. Murakkab terminlar sanalgan bu xususiyatlari bilan ham turg‘un birikmalarga yaqinlashadi.

Deyarli bir yarim asr oldin I.I.Sreznevskiy “Ifodalardan so‘zlarning hosil bo‘lishi haqida eslatmalar” (Sreznevskiy 1873) maqolasini e’lon qildi, unda u birinchi marta so‘z birikmalaridan murakkab so‘zlarning hosil bo‘lish qonuniyatini ko‘rsatdi. U shunday deb yozgan edi: Fe’l so‘z birikmalaridan yasalgan so‘zlarni, odatda, ikki qismga bo‘lish mumkin: sifat so‘zlari qo‘shilgan fe’llar bir bo‘lakka aylangan: красно баят – краснобай, скоро говорит – скороговорка, скоро спет – скороспелий; boshqalarida esa fe’llar ot bilan qo‘shilib ketgan: брат крохи – крохобор, валит сено – сеновал, валят сукно – сукновалня, лазит в воду – водолаз, летат зимою – зимолёт, родит зимою – зимород, мерит глазами – глазомер [Sreznevskiy I.I. 1873: 7].

Afsuski, keyinchalik rus tilshunosligida bu yondashuv ko‘p olimlar tomonidan tan olinmadi va davom ettirilmadi. Ammo, kichik sintaksis muammolarini o‘rganishda buning ahamiyati kattadir.

Kichik sintaksis doirasida yasama so‘zlarning so‘z tarkibi (asosiy tarkib) vositasida yasalishi, albatta, qo‘shilayotgan so‘zlarning bog‘lanishi va nisbatini hisobga olgan holda tavsiflanishi kerak: masalan, xontaxta, ko‘zoynak, cho‘qqi soqol, sovuqqa chidamli, yong‘inga chidamli va hokazo.

Biroq, jumladagi mos keladigan so‘z birikmasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘xshashlik asosida so‘z tarkibining turli turlarini tahlil qilish noto‘g‘ri.

Darhaqiqat, bu holda tarkib jihatdan murakkab so‘z va ibora o‘rtasidagi farqlar e’tiborga olinmaydi. Kompozitsiya usulini so‘z yasalishining o‘ziga xos sintaktik-morfologik birlashtirilgan qo‘shma turi deb tushunsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu holda oddiy yasama so‘zlarni hosil qilish uchun morfemalarni birlashtirish qoidalari sezilarli darajada murakkab: o‘zaklarning o‘zaro bog‘liqligi, ularning birikish tartibi, shuningdek, ikkinchi qismning tarkibiy va grammatik qurilishi so‘z yasashning ushbu turini qoidalar qolipidan tashqariga olib chiqadi [Vinogradov V.V. 1975: 208-209].

Biroq, masalaga “sintaktik” yondashuv tarafdorlari ham bor edi. Masalan, V.P.Grigoryev, bu haqda shunday yozadi: “Ochig‘i, murakkab otning u yoki bu komponentining qo‘llanish darajasidagi farqlar sabablarini morfologik analogiyadan emas, balki so‘z birikmalari sintaksisidan izlash kerak” [Grigoryev V.P. 1956: 44].

So‘z tarkibining sintaktik jihatini tavsiflovchi va dinamik yondashuvni rad etish nimaga olib kelishini yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rish mumkin.

Qo‘shish mohiyatan so‘zlarni birlashtirish bo‘lib – operand va derivantlar yordamida yasalma so‘zlarni hosil qilish yoki so‘z birikmalarini so‘z yasashda qo‘llaniladigan bir xil an’anaviy usullardan foydalangan holda universallashtirishdir yoki boshqacha qilib aytsak, qo‘shma o‘zaklarni morfonologik jihatdan qisqartirish va ularni bog‘lovchilar yordamida bog‘lashning ba’zi o‘ziga xos usullaridan biridir.

Kichik sintaksis doirasida qo‘shma so‘zlarning ko‘pchilik va asosiy qismi so‘z birikmalaridan kelib chiqqan yoki so‘z birikmalari modeli asosida yasalgan. Shunday ekan, o‘sha so‘z birikmalarining komponentlari qanday sintaktik aloqaga kirishgan bo‘lsa, qo‘shma so‘zga aylangan vaqtda ham o‘sha sintaktik aloqa, turli qo‘shma so‘zlarda turli darajada saqlanadi. Masalan, asalari, qovog‘ari oybolta, qo‘lqop, sholipoya, bedapoya, ko‘kyo‘tal. Oltinko‘l, Qorasuv, Uchqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on va h. k. larda aniqlovchi va aniqlanmishlik munosabati; kungaboqar, betgachopar, tovonteshar, o‘rinbosar, ishbuzar, ish yurituvchi, gapsotar, bug‘o‘tkazgich va h. k. larda to‘ldiruvchi va harakat bildiruvchi so‘z munosabati; bosvoldi, Sotvoldi, iskabtopar, tezoqar, ertapishar va h. k. larda hol bilan harakat bildiruvchi so‘z munosabati; soykeldi, qoryog‘di, otqochdi (bolalar o‘yini), iliguzildi, pashshaqo‘nmas (o‘simlik nomlari) kabilarda ega va kesim munosabati va h. k. [Sharipov M.K. 1978: 32].

Kichik sintaksis obyekti sanaluvchi qo‘shma so‘zlar o‘z qismlari o‘rtasida qo‘shimcha asos bo‘lgan so‘z birikmalarining tarkibiy qismlarini bog‘lagan bir xil sintaktik va semantik munosabatlarni saqlab qoladi va bu xususiyatlar nafaqat birlamchi qo‘shimchalarda, balki keyingi derivatsion jarayonda ham, turli so‘z yasalishida ham shunday bo‘lib qoladi. Masalan: suv – suvni tozalash, suvni tozalovchi, suvni tozalagich kabi misollar orqali fikrimizni dalillay olamiz. Bu misollarning barchasi suv bilan bog‘liq tushuncha, jarayon va predmetni taqozo etadi. Ya’ni sintaktik va semantik munosabatlar saqlab qolingan.

Ikkinchi tomondan qaraganimizda, bir xil obyekt munosabatlari boshqa predikat o‘zaklari bilan bog‘langan murakkab so‘zlarni tavsiflaydi: suvni yaxshi ko‘radigan, suv tarkibi, suv aylanish tizimi, suv tashuvchi, suv ombori, suv sathi, suv purkagich v.h.k.

Demak, hosil qiluvchi so‘z birikmalarining soni ulardan yasalgan qo‘shma so‘zlar sonidan ancha kam bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bir qo‘shma so‘z ortida bir nechta so‘z yasalish hodisasi bo‘lishi mumkin.

Masalan, yerto‘la qazmoq (< yerto‘lani qazmoq) so‘zi yerto‘la murakkab so‘zining birikmasidan hosil bo‘lib, yerto‘la (< yer) va (< to‘la) asoslarini qo‘shish natijasida hosil bo‘lgan. Fe’l asosli yasalma (< qazmoq); boshqacha qilib aytganda, biz bu misolda so‘z qo‘shish va keyingi derivatsion jarayonning ikki bosqichli qurilishini ko‘ramiz: ((yer + to‘la) + qaz)(moq)).

Masalaning bunday tushunilishiga, birinchidan, so‘z tarkibining so‘z birikmalariga bog‘liqligi, shuningdek, murakkab so‘z va so‘z birikmasi tushunchalarining aniq ta’rifi ishlanmaganligi, ikkinchidan, ular orasidagi chegaralarning kesishishi bilan bog‘liq holat to‘sqinlik qiladi.

Kichik sintaksis obyekti hisoblanuvchi murakkab so‘zlarda ikki qismli atamani belgilashning asosiy mezoni uning bir butun shakli hisoblanadi, unda, asosan, so‘zning tarkibiy qismlaridan ikkinchi qismi morfologik tuzilishga tegishli bo‘ladi.

Agar murakkab so‘zlarning ikkala qismi ham morfologik tuzilishga ega bo‘lsa, unda bunday birliklar murakkab yoki qo‘shma so‘zlar emas, balki so‘z birikmalari hisoblanadi. Biroq, bu mezonni barcha yasama so‘zlarga tegishli deb bo‘lmaydi. Yana shunday murakkab so‘zlar mavjud bo‘lib, ular o‘z maqomida o‘zgarib turadi va shunga mos ravishda turli yo‘llar bilan hosil qilinadi (taqqoslang: Samarqand darvozasi, Samarqand darvozasida, (Samarqand darvozasida so‘zlashuv uslubida); Xalq qabulxonasi va Xalq qabulxonalari.

Bundan tashqari, har ikkala qismi morfologik shakllangan qo‘shma atamalar ko‘pincha murakkab so‘zlar qatoriga kiradi.

Uy bekasi, a’lochi talaba kabi qo‘shilmalar murakkab so‘z va yasama so‘zlarga kirmaydi, ular so‘z birikmalari hisoblanadi.

Murakkab so‘zlar orasida tarkibiy qismlari bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan, balki kompozitsion bog‘lanish orqali bog‘langan va bunday so‘z birikmalari ibora sifatida tan olinmasligi ularni farqlashda ancha qiyinchilik tug‘diradi [Sannikov V.Z. 2008: 624].

Masalan, yashil, sariq, qizil (kichik sintaksisning qabul qilingan tushunchalarga ko‘ra so‘z birikmasi emas) bir xil ma’noni berish uchun ular birlashganda, murakkab sifat yashil-sariq-qizil (ma’no jihatdan, svetafor) ma’nosini berib, aniq tuzilishli aloqa tushiniladi; cho‘l va biyobon qurilishidan cho‘lu biyobon murakkab so‘zi hosil qilingan, non va tuz yoki non bilan tuz so‘zlaridan non-tuz murakkab so‘zi hosil qilingan va hokazo.

Gapning bir so‘zga tobe bo‘lgan bir xil qismlari, masalan, katta sariq (uy), chiroyli gulli (material) kabilar so‘z birikmasi hisoblanmaydi.

Bir xil, ammo turli ko‘rinishdagi ta’riflarga ega bo‘lgan bunday qo‘shilmalardan qoida tariqasida, murakkab so‘zlar paydo bo‘lmaydi [Iordanskaya L.N. 2000: 379-380]. Ammo shunga qaramay, bunday turdagi misollarni ko‘plab topish mumkin: Besh yil mobaynida onadan butunlay yangi tug‘ilganday bo‘lasiz (Ozod Sharafiddinov “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” «Tafakkur» jurnali 1997 yil, 10-son). Bu misolda onadan, butunlay, yangi so‘zlari tug‘ilganday so‘ziga tobe bog‘langan. Onadan butunlay yangi tug‘ilganday qo‘shilmasini kichik sintaksis tamoiliga ko‘ra murakkab so‘z deya olmaymiz.

Yana bir muammo shundaki, ba’zan qo‘shma so‘z turli so‘z birikmalarining qisqartirilib qo‘shilishi natijasida hosil qilinishi mumkin.

Masalan, FVV < Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shilmasining derivatsiyasi, koronavirus so‘zi tojli virus so‘z birikmasining derivatsiyasi, tezlik so‘zi, asosan, tez harakat qurilmasining derivatsiyasi bo‘lishi mumkin, ba’zan tez harakat qiluvchini uchar deymiz, yoki erkin fikrlash qurilmasi bilan ham fikr erkinligi bilan ham fikrlash erkinligi qurilmasi bilan ham bog‘liq hurfikr so‘zini fikrimiz dalili sifatida ko‘rsatishimiz mumkin.

Xulosa shuki, ushbu umumiy mulohazalardan so‘ng kichik sintaksis obyekti murakkab so‘zlar qo‘shma so‘zlardan farqli ekanligini anglash qiyin emas. Grammatik asarlarimizda, ba’zi darsliklarimizda, murakkab so‘zlarga bag‘ishlangan ko‘plab maxsus ishlarda yozilgani kabi, har qanday ikki qismning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilishini so‘z yasalishi sifatida tan olinishi mutlaqo asossizdir. Yo‘qsa, bunday so‘zlar morfem lug‘atda mustaqil so‘z sifatida ko‘rsatilishi kerak edi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Зализняк А.А. Механизмы экспрессивности в языке, [в:] Смыслы, тексты и другие захватывающие сюжеты. Сб. статей в честь 80-летия И.А.Мельчука. – Москва: ЯСК, 2012. – С. 650-671.
  2. Элтазаров Ж. Тилдаги тежамкорлик тамойили ва қисқарув. – Самарқанд, 2004. – Б. 21.
  3. Қодиров П. Тил ва эл. – Тошкент: Маънавият, 2010. – Б. 256.
  4. Бушуй Т.А. Язык в системной структурации. – Ташкент: 2014. – С. 128.
  5. Бенвенист Э. Синтаксические основы именного сложения. – В кн.: Бенвенист Э. Общая лингвистика. – М.: Прогресс, 1974. – С. 241.
  6. Жамолиддинова Д.М. Термин ва сўзнинг фарқли хусусиятлари. Сўз санъати халқаро журнали | Международный журнал искусство слова | International journal of word art №5 | 2020. 3-жилд 5-сон. – Б. 57-58.
  7. Срезневский И.И. Замечания об образовании слов из выражений, «Сборник отделения русского языка и словесности», 1873. т. 10, с. LXVI – LXXV. – С. 7.
  8. Виноградов В.В. Словообразование в его отношении к грамматике и лексикологии, [в:] Избранные труды. Исследования по русской грамматике. – Москва: Наука, 1975. – С. 208-209.
  9. Григорьев В.П. О границах между словосложением и аффиксацией, «Вопросы языкознания». 1956, № 4, – С. 44.
  10. Шарипов М.К. Ҳозирги ўзбек тилида сўз бирикмалари синтаксиси масаласи. – Тошкент: «Фан» нашриёти, 1978. – Б. 32.
  11. Санников В.З. Русский синтаксис в семантико-прагматическом пространстве. – Москва: Языки славянских культур, 2008. – С. 624.
  12. Иорданская Л.Н. Соподчинение прилагательных в русском языке (по следам Вендлера), [в:] Слово в тексте и в словаре. Сб. статей к семидесятилетию акад. Ю.Д.Апресяна. – Москва: Языки славянских культур, 2000. – С. 379-390.

 

Туробов А. Особенности деривации сложных слов. Данная статья посвящена анализу словообразовательных особенностей сложных слов. Говорят, что язык следует изучать как систему. В статье на основе научных данных раскрываются деривационные свойства сложных слов и их отличие от сложных слов. С помощью анализа показывается организация и реализация синтаксических структур через словообразовательные свойства сложных слов в речевой деятельности. На основе теоретических соображений изучались деривационные свойства сложных слов.

 

Turobov A. Characteristics of derivation of complex words. This article is devoted to the analysis of derivational features of complex words. It is said that the language should be learned as a system. The article reveals the derivational properties of complex words and their difference from compound words through scientific evidence. The organization and implementation of syntactic structures through the derivational properties of complex words in speech activity is shown through analysis. The derivational properties of complex words were studied based on theoretical considerations.

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati