Bugungi kunda bolalar adabiyoti fanini o‘qitishning yangi usullarini kashf qilish, amaliyotga uzluksiz joriy qilib borish muhim masalalardan hisoblanadi. Xalqaro o‘qitish metodikasida andoza sifatida qabul qilinayotgan yutuqlardan aksar mamlakatlar samarali foydalanib kelmoqda. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, xalqaro adabiy ta’lim metodikasida bolalar adabiyotini anglash va mushohada qilish ko‘nikmasini rivojlantirish, talabalarni turli nutqiy vaziyatga tayyorlash asosiy masalalardan hisoblanadi, uni amalga oshirish esa asosan, mustaqil va o‘quv topshiriqlarining sifati hamda mazmuniga bog‘liq. Ta’lim mazmuni mustaqil va o‘quv topshiriqlari orqali yuzaga chiqariladi. Shu bois bolalar adabiyoti fanini o‘qitish metodikasida talaba uchun mustaqil va o‘quv topshiriqlarini ishlab chiqish dolzarb sanaladi.
Mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlari belgilangan muayyan mezonlar asosida takomillashtiriladi, shuningdek, bugungi globallashuv sharoitida bolalar adabiyoti fanini boshqa fanlar bilan integratsiya qilingan holda yangi pedagogik texnologiyalar asosida o‘qitilmoqda. Fanlararo integratsiyani, albatta, mustaqil topshiriq, savol va topshiriqlar ta’minlab beradi, shu nuqtai nazardan bolalar adabiyoti fani o‘qitish metodikasining asosiy muammosi sifatida pragmatik mustaqil va o‘quv topshiriqlari tizimini ishlab chiqish qayd qilinishi lozim.
O‘zbekistonda ham o‘zbek tili va adabiyotning nufuzi va mavqeini oshirish, zamonaviy o‘qitish metodikasini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatda shakllangan yangi ta’lim tizimi uning amalga oshirilishiga ham zarur talablarni qo‘ymoqda. “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak” [ Mirziyoyev 2019: 3] ligi bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlarini ishlab chiqish metodikasini takomillashtirish bolalar adabiyoti ta’limi oldiga, xususan, o‘quv topshiriqlari ishlab chiqishning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirishni dolzarb vazifa sifatida qo‘yadi.
TADQIQ VA TALQIN. Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlarini ishlab chiqish metodikasini takomillashtirishda bolalar adabiyotida badiiy asar mazmuni teran anglashga yordam beruvchi mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlarini takomillashtirish, xususan, bolalar adabiyotining estetik mohiyatini his etish, ma’naviy qadriyatlarni kashf qilish, badiiy didini yuksaltirish, matnni chuqur idrok etishga ko‘maklashish maqsadi ustuvor bo‘lgan ta’lim paradigmasida zamonaviy adabiy ta’lim konsepsiyasini amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb muammolar alohida o‘rin tutadi. Bunda bolalar adabiyoti fanining o‘tmishdagi va bugungi istiqlol davri metodikasi tajribalari hisobga olinadi. Bolalar adabiyot metodikasi tarixida uni fan sifatida o‘qitishga dastlabki ilmiy urinishlar. “O‘zbek adiblari” kitobining 1-qismida O‘zbekiston xalq yozuvchisi X.To‘xtaboev haqida so‘z yuritilganda, adibning asarlari tojik, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, arman, rus, ukrain, belorus, moldovan, eston, latish, litva, fin, bolgar, venger, nemis, chex, italyan ‒ jami 24 tilga tarjima bo‘lganligi qayd etiladi. “Sariq devni minib” asarining Jahon tillariga tarjima qilinishiga sabab, 1971-yili Italiyaning Rim shahrida o‘tgan jahon bolalar yozuvchilarining kengashida) Janni Rodarining shu asar haqida aytgan iliq gaplari bo‘lgan edi [Mirvaliyev, Shokirova 2016:86]. G‘afur G‘ulomning nasriy asarlari o‘zbek bolalar adabiyotining ajoyib namunalari, Quddus Muhammadiy she’riyatida tabiatga munosabat, Shukur Sa’dulla va Hakim Nazir ijodida hayotiy voqealarning haqqoniy badiiy tasviri, janr rang-barangligi va badiiy xususiyatlari, Po‘lat Mo‘min ijodida odob-axloq mavzusi. Qudrat Hikmatning tinchlik va baxtli bolalik haqidagi she’rlarining o‘ziga xos xususiyatlari, Xudoyberdi To‘xtaboyev va Farhod Musajonning bolalarga bag‘ishlangan hikoyalarida bolalar obrazi ifodasi, Mirkarim Osim qissalarida tarixiy shaxslar obrazi ifodasi, Nosir Fozilov ijodining o‘ziga xos qirralari, Safar Barnoyevning bolalar uchun yozgan hikoyalari, Anvar Obidjon, Hamza Imomberdiyev she’rlarida obrazlar olamining rang-barangligi kabi mavzular doirasida mustaqil ta’lim topshiriqlari berilsa, talabalar bolalar shoiri va yozuvchilarining ijodini chuqurroq o‘rganishga harakat qilishadi.
Bolalar adabiyoti fanidan mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlarini sifatli bajarilishida talabalarning badiiy adabiyot mutolaasiga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Darhaqiqat, kitob insonni yerdan koʻkka koʻtaruvchi, uning ma’naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuchdir. U insoniyatning tarixiy xotirasi, ma’naviy-marifiy olami, ilmiy zaminini mustahkamlovchi, kelajakni yorqin koʻrsatib borishga qodir mash’ala hisoblanadi.
“Kitob bir xazina, mutolaa – yorqin tabassumli hayotga boshlobchi mash’aldir” [Oybek 1986: 372], degan edi yozuvchi adibimiz M.T.Oybek. Kitob oʻqigan inson, qaysi sohada ishlamasin, toʻgʻri fikrlash, oqu qorani ajratish, murakkab vaziyatlarda oqilona qaror qabul qilish koʻnikmasiga ega boʻladi. Bundan tashqari, nutqi ravon boʻladi, odamlarni oʻz ortidan ergashtira oladi. Ular hayotdagi har bir voqea va hodisaning ijtimoiy-axloqiy mohiyatini anglashga, undan o‘zlariga saboq chiqarishga harakat qiladilar. Shu jarayonda ularda fuqarolik tuyg‘ulari teranlasha va takomillasha boradi, jamiyat va Vatan oldidagi burch va mas’uliyatlarini anglash istagi uyg‘ona boshlaydi. Bunda ularga A.Navoiy, G‘.Gulom, Q.Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Hakim Nazir, Po‘lat Mo‘min, Qudrat Hikmat, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Farhod Musajon, Mirkarim Osim, Nosir Fozilov, Safar Barnoyev, Anvar Obidjonlarning asarlari ta’sir ko‘rsatadi [Raximova 2024: 349].
“Bolalar adabiyoti” fani ta’lim mazmunida darsliklardagi o‘quv materiallarining DTS hamda dastur talablariga mosligini qiyosiy o‘rganish, bolalar adabiyoti ta’limidagi muammolarning sabablarini aniqlash va yechimlar taklif qilish; oliy ta’lim tizimi boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlarida “Bolalar adabiyoti” fanidan foydalanish-ning bugungi holatini o‘rganish va pragmatik mazmundagi mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlarining adabiy ta’limdagi o‘rnini belgilash; mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlari tizimi asosida o‘ziga xos mazmun va tuzilishga ega bo‘lgan “Bolalar adabiyoti” ta’lim mazmunida darslikning yangi variantini yaratish; bolalar adabiyoti fani ta’lim mazmunida bolalar adabiy ta’limini modernizatsiya qilish, savol, mashq va topshiriq hamda mustaqil ta’lim tushunchalari va ularning metodik vazifalarini tasniflash, ularni tubdan yangilash, mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriq namunalarini ishlab chiqish; ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarni tajriba orqali darsliklar mazmuni, bolalar adabiyoti ta’lim mazmunida dars mashg‘ulotlarida sinab ko‘rish va olingan xulosalarni umumlashtirish muhim ahamiyatga ega. Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bolalar adabiyoti fani ta’lim mazmunida mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlarining didaktik asosi ilmiy-nazariy tomondan takomil-lashtirish, ya’ni bolalar adabiyotining badiiy asar mazmuni va muallif maqsadini anglash mustaqil ta’lim, savol va o‘quv topshiriqning qanday berilishiga bog‘liq. Bolalar adabiyoti ta’limida mustaqil ta’lim, savol va topshiriqlar bilan bir qatorda mashqlardan o‘quv faniga doir “ifodali o‘qish”, “obrazli o‘qish”, “ertak aytish”, “she’rni ifodali aytish” kabi ijro ko‘nikma va malaka hosil qilishda parallel foydalanish zarur. Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga bolalar adabiyoti fanidan beriladigan mustaqil ta’limning o‘rni va ahamiyati shundaki, unda talaba ijodkor maqsadi, asar g‘oyasini anglashda badiiy matn bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Suhbatdoshga nutq vaziyatidan kelib chiqib savol berishning bolalar adabiyoti fani uchun badiiy-uslubiy darajalarini aniqlash, didaktikada savol tuzishga pragmatik usulda yondashish o‘quv jarayonini tashkil etishning shaxsiy-semantik tarkibiy qismlari, badiiy bilim va ko‘nikmalarni spiralsimon tamoyil usulida qo‘llash orqali takomillashtiriladi. Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mustaqil ta’lim va o‘quv topshiriqlari tizimini ishlab chiqishda talabalarining badiiy matn ustida ishlashga mo‘ljallangan o‘qish savodxonligini rivojlantiruvchi mantiqan izchil fikrlay olish, badiiy matnni o‘qib tushuna olish hamda asar haqida o‘z munosabatini to‘g‘ri va mazmunli mushohada qila olish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini hosil qiluvchi savol va topshiriqlarni takomillashtirishda “muammoli ta’lim” metodidan foydalanish samarali natija beradi. Masalan, bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga Alisher Navoiy hayoti va ijodiini ushbu metod asosida o‘rgatish masalasini quyidagicha tashkil etish mumkin.
Bugungi kunda umumta’lim maktablarining deyarli barcha sinflari adabiyot darsliklarida Hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodi, shuningdek, ulug‘ bobomizning insoniy fazilatlarini aks ettiruvchi asarlar orqali shoir shaxsi haqidagi ma’lumotlar o‘quvchilarga taqdim etib kelinmoqda. Ayniqsa, 10-sinfda Alisher Navoiyning hayoti va ijodini o‘rganishga keng o‘rin berilgan. Shoir tarjimai holini o‘rganish, birinchidan, uning sinfda tahlil etiladigan asarlarini chuqurroq tushunishga yordam bersa, ikkinchidan, mutafakkir shaxsiyatidagi ibratli axloqiy sifatlar misolida o‘quvchilarda ezgu ma’naviy sifatlarning shakllanishiga turtki bo‘ladi. Hazrat Alisher Navoiy tarjimai holini o‘rganishda an’anaviy xronologik ko‘rsatgich o‘rniga barcha sinflarda berilgan, o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan shoir haqidagi rivoyat, tarixiy va tarbiyaviy badiiy hamda o‘zining hasbi holi aks ettirilgan asarlarni takrorlash orqali yetkazilsa, talabala-rining ulug‘ mutafakkir haqidagi tasavvurlarining umumlashtirishiga hamda ularning xotirasini mustahkamlashga yordam beradi.
Dars mashg‘ulotining boshida o‘qituvchi Alisher Navoiyning shaxs sifatidagi faoliyati, shaxsiy fazilatlari, sermahsul ijodkor bo‘lganligi, xalqimizning ulug‘ farzandi ekanligi haqida qisqacha aytib o‘tganidan so‘ng, ushbu metod to‘g‘risida talabalarga ma’lumot beradi.
“Muammoli ta’lim” metodi asosan talabalar tomonidan olib borilishi ta’kidlanadi. O‘qituvchi talabalar oldiga boshlang‘ich sinflardan tortib to bugungi kungacha shoirning hayoti va ijod yo‘llariga qanday qiziqish bilan qaraganliklarini, bobomiz haqidagi ma’lumotlardan qanday darajada xabardor ekanliklarini aniqlash maqsadida, ulardan bilganlarini so‘zlab berishi muammosi qo‘yiladi. Ularga bu muammoni yechish yo‘llarini ko‘rsatib, bu kechimda o‘zlari o‘qigan qo‘shimcha adabiyotlardan ham foydalanishi mumkinligi ta’kidlanadi.
Dars jarayonida og‘zaki shaklda Alisher Navoiy tarjimai holi bilan bog‘liq ma’lumotlarni yillar kesimida, tarixiy rivoyatlar, badiiy asarlar, tarixiy manbalar va shoirning o‘z asarlaridan olingan hasbi holi misolida o‘rganishga kirishiladi. Har bir guruhdan 1 talaba aytilgan ma’lumotlarni yozma ravishda qayd etib boradi. Buning uchun sinfdagi talabalar quyidagicha 3 guruhga bo‘linishadi:
1-guruh –1-2-sinflar darajasida boshlang‘ich;
2-guruh – 3- sinflar qamrovida tayanch;
3-guruh – 4-sinflardan iborat o‘rta.
Boshlang‘ich ta’limda, ya’ni 1-4 sinf o‘qish darsliklarida buyuk shoirimiz haqidagi bolalarga o‘rnak bo‘ladigan kichik-kichik afsona va rivoyatlar, asarlaridan hikoyat tarzida keltirilan namunalar ishtirokchilar tomonodan xotirada qayta tiklanib aytilib boriladi. Misol uchun, bog‘cha yoshida yoki 1-sinfda ulug‘ bobomizning insoniyat ma’naviyatini boyitayotgan hikmatlari, ularning mazmun-mohiyatini, albatta, eslashadi. Nega-ki, Navoiy hazratlari haqida bilmagan, eshitmagan biror bolakay topilmaydi. Binobarin, Alisher Navoiy hikmatlari bilan qurollangan barkamol avlod jahonga yuz tutadi, dunyo ilm ahli bilan umumbashariy mavzularda hech qo‘rqmasdan bellasha oladi. Bunday ma’lumotlar Alisher Navoiy hayoti va ijodini yosh bolalarga sodda va tushinarli tarzda o‘rgatishdagi dastlabki qadam bo‘lib xizmat qiladi. Ma’naviy yetuk insonni tarbiyalab voyaga etkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan hozirgi davrda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodidagi ma’rifiy g‘oyalar, pand-o‘git va yo‘riqnomalar biz uchun mukammal dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi [Raximova, Allayarova 2020: 467].
Zero, hazrat Alisher Navoiy bitganidek:
Tilga ixtiyorsiz – Elga e’tiborsiz.
Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim
Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.
Bobomiz bu hikmatlarga eng avvalo o‘zlari amal qilganlar. Barcha asarlarida insonlarni halollikka, mardlikka, yaxshilikka chaqirganlar. Hatto shohning vaziri bo‘lganlarida ham xalq uchun ko‘p yaxshi ishlar qilib, el mehriga tushganlar.
Talabalar tomonidan aytilgan hikmatlar o‘qituvchi tomonidan to‘ldirilib, sharhlanib boriladi.
2-sinfda berilgan [G‘afforova, Nurullayeva 2022: 97]. “Tandir”, “Navoiyning do‘sti” rivoyatlarida ulug‘ mutafakkirning bola tarbiyasida topqir va uddaburon bo‘lish, va’daga vafo qilish, do‘stga sadoqat ko‘rsatish kabi insoniy fazilatlari ulug‘langan. Abduqodir Hayitmetovning “Donolarning donasi”, Zamira Ibrohimovaning “Kichkina Alisher” hikoyalarida esa bobokalonimiz Navoiy hazratlari bolalik chog‘laridanoq mulohazali, o‘tkir zehnli bo‘lganligi, ko‘p kitob mutolaa qilganligi, minglab misra g‘azallarni yod bilganliklari haqida so‘z yuritilgan. Uning ustozlari Alisher o‘z ona tilini chuqur bilganliklariga qoyil qolganlar. Abdulla Oripovning “Alisherning onasi” she’rida shunday ulug‘ zotning onasi ham aql-zakovatli, mehribon ayol bo‘lganligi, farzandining shoir bo‘lib yetishishidagi o‘rni va ta’siri qalamga olinadi. Xurshid Davronning “Alisher Navoiy” she’rida shoir asarlarining bebaho xazina ekanligi, ijodidagi ma’rifiy g‘oyalar, pand-o‘git va yo‘riqnomalar ajdodlari uchun mukammal dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi yoritilgan. T.Adashboyev “Navoiy bobomlar…” she’rida Navoiy hazratlarining turkiy tilning imkoniyatlarini “Xamsa”, “Qush tili” dostonlari va lirik asarlari orqali ko‘rsatib berganligi e’tirof etiladi. Bironta o‘quvchi ushbu she’rlarni yoddan aytib berishi ham mumkin.
3-sinfda [Umarova, Hamroqulova 2019:88]. Oybekning “Bola Alisher” qissasidan berilgan parchada yosh Alisherni otasi G‘iyosiddin tomonidan ilk marotaba maktabga olib borishi, domullasi bilan uchrashuvi voqealari, ota-onasining ustoziga nisbatan tavozeli bo‘lishi haqidagi nasihatlari o‘rin olgan.
4-sinfda [Matchonov, Shojalilov, G‘ulomova: 2019:80]. Xondamirning “Tanbeh” hikoyati berilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, bu hikoyat Xondamirning o‘zi ko‘rgan, bevosita guvohi bo‘lgan Alisher Navoiyning shaxsiy fazilatlari haqidagi “Makarim ul-axloq” (Yaxshi xulqlar) nomli tarixiy-badiiy asaridan olingan. Hikoyatda Alisher Navoiyning 1488-yilda amirlik davri bilan bog‘liq voqealar qalamga olingan. Hirotning Jome masjidini ta’mirlash vaqtida Mirak naqqosh yalqov va beparvoligi tufayli ishni tashlab, qishlog‘iga dam olishga ketadi. Ish to‘xtab qolganligi uchun Navoiy aql-zakovat bilan naqqoshni qaytarish tadbirini topadi. Mulozimlarga Mirak naqqosh devoni oliyga 5 ming dinor qaytarishi zarurligi haqida hujjat tayyorlatadi va unga berib yuboradi. Hujjatni ko‘rgan naqqosh zudlik bilan Jome masjidiga yetib keladi va amirdan gunohidan o‘tishini so‘raydi. Amir Navoiy 15 kun ichida ta’mirlashni tugatishi haqida tilxat yozdirib oladi va ishini davom ettirishiga ruxsat beradi. Hikoyatda Alisher Navoiyning naqqoshga nisbatan hech qanday kuch ishlatmasdan o‘ta donolik bilan bergan tanbehida shoirning boshqa amirlardan farqli tomonlari, odamiylik xislatlari tarannum etiladi. Adabiy ta’limida Alisher Navoiy “Xamsa”sining birinchi dostoni “Hayrat ul-abror”dan 10-maqolat - “Rostlik ta’rifida”, bu maqolatga ilova qilingan “Sher ila durroj” hikoyati berilgan.
Dostonning “Yolg‘onning zarari, to‘g‘rilikning foydalari”ga bag‘ishlangan o‘ninchi maqolatida insonlar har qanday sharoitda ham to‘g‘ri so‘zlashga odat qilishi, yolg‘ondan hazar qilishi lozimligi uqtiriladi. Rost so‘zlovchi, o‘z so‘zining ustidan chiqa oladigan kishilar esa xalq orasida doim hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lishi ta’kidlanadi. Hazrat o‘zining falsafiy fikrlarini isboti sifatida “Sher bilan durroj” hikoyatini keltiradi. Ona sher o‘rmonda yosh bolasini ma’lum vaqtgacha bir joyga qo‘yib, o‘zi ov qilgani ketishga majbur bo‘lar, qarovsiz qolgan sherbachchani chumolilar talashib, badaniga shikast etkazar ekan. Shu bois, bolasini yolg‘iz tashlab ketmaslik uchun doimo og‘zida tishlab olib yurishiga to‘g‘ri kelarkan. Bir kuni ona sherning ro‘parasidan durroj (qush) chiqib qoladi. Ular so‘zlashishib, bir-birlari bilan do‘stlashib qoladilar. Shunda ona sher bolasini Durrojga qoldirib bemalol ovga ketadigan bo‘ladi. Durroj yaxshi do‘st bo‘ladi, sherbachchaga g‘amxo‘rlik qiladi, biroq u tabiatan juda yolg‘onchi edi. Har safar ona-bolani aldab, o‘z so‘zlariga laqqa tushishganliklaridan ularni masxaralab kuladi. Ona sherning bundan jahli chiqsada, do‘stligi sabab koyinmaydi. Ammo kunlarning birida Durrojning boshiga chinakamiga tashvish tushib, ayonki, do‘stlarini yordamga chaqiradi, lekin ona sher va uning bolasi bu Durrojning hamshagiday bir hiylasi bo‘lsa kerak deb, yordamga borishmaydi. Oqibatda, Durroj o‘z yolg‘onlarining qurboniga aylanadi, tuzoqqa tushadi.
Nazarimizda, bu hikoyatni talabalar bir-birlari bilan talashib-tortishib so‘zlab berishsa kerak, chunki ushbu hikoyat bilan ular ilk bolalik chog‘laridanoq oshno bo‘lishgan, hikoyat asosida ishlangan ertak-multfilmni televizor orqali takror-takror ko‘rishgan, biroq qanday estetik zabq olishgan, o‘z faoliyatlari davomida undagi voqealardan qanday xulosalar chiqarishgan, muhim jihati shunda.
“Hayrat ul-abror”ning axloq, odob, tarbiya masalalariga bag‘ishlangan bo‘limlarida davrning muhim ijtimoiy masalalari bilan bir qatorda shoirning yuksak gumanistik qarashlari o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, shoirning axloqiy-ta’limiy fikrlari diqqatga sazovordir. Kattalarga hurmat va e’tibor, ota-onalar qadr-qimmati, insonga mehribonlik kabi fazilatlar asarning bir necha o‘rinlarida takrorlanadi. Shoir ota-onani kecha va kunduzni yorituvchi quyosh-oyga o‘xshatadi:
Boshni fido ayla ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.
Tun-kunungga aylagali nur fosh,
Birisin oy angla, birisin quyosh.
Shu jihatdan “Xamsa”ning birinchi dostoni bo‘lgan “Hayrat ul-abror” (yaxshilarning hayratlanishi) butun turkumning fikriy-nazariy dasturi sifatida badiiy timsol sarguzashti qurilmasiga emas, balki fikriy-nazariy masalalarning bayoni-maqolot hamda ularni tasdiqlaydigan kichik hikoya va masallardan tashkil topgan qurilmaga asoslangan. Shundan bo‘lsa kerak, maqolotlarda, bir tomondan, insonning ma’naviy-ma’rifiy fazilatlari, jamiyat oldidagi burchi va vazifalari to‘g‘risida so‘z yuritilsa, ikkinchi tomondan, hazrati Insonga dog‘ tushiradigan qabih illatlardan bahs yuritiladi hamda ular qoralanadi. Shunday qilib talabalar Alisher Navoiyning ham tarjimai holi, ham asarlari haqida bilganlarini aytib berishadi, dars boshida qo‘yilgan muammo o‘z yechimini topadi.
Metodologik va ilmiy adabiyotlar tahlili. Dunyo ta’lim tizimida adabiyotini san’atning boshqa turlari bilan aloqadorlikda o‘qitish, badiiy matnlar vositasida til o‘rganish, ekstensiv o‘qishga motivatsiya berish yo‘llari, adabiy matnda aks etgan madaniyat, tarix va an’analarni aniqlashga doir optimal yondashuvlar belgilangan (Irem Nur Can, Esma Tezcan, 2021); turli janrdagi asarlarni o‘rganishda kreativlikka yo‘naltiruvchi savollar qo‘yish, personajlarning fon xarakteri tavsifini yozish, kitobxonning qahramon bilan yonma-yon harakatlanishini tasavvur qilishlariga qaratilgan strategiyalar aniqlangan (Linda Gajdusek, 1988); adabiy matnlar orqali turli tilda so‘zlashuvchi xalqlarga xos hayot va tafakkur tarzi, madaniyatining yashirin qirralarini ochishga ta’sir qiluvchi omillar o‘rganilgan (Derwing T., De Corby, E.Ichikava, J.Jamieson, 1999); badiiy matnlarga kognitiv yondashuvlar asosida voqeaning ijtimoiy-tarixiy kontekstlarini topish, so‘zlarni turli rakurslarda qo‘llash, “aqlli mashqlar”, kitobxon va adabiy qahramon o‘rtasida xayoliy suhbatlar qurishga doir metodika ishlab chiqilgan (Ghosn, I., 2002); lingvistik bilimlarni turli ijtimoiy vaziyatlarda qo‘llash orqali adabiyotning kommunikativ kompetensiyani rivojlantirishdagi ahamiyati yoritilgan (Guerrero, M.C., 2005); asarning yuzaki ma’nosidan tashqariga chiqish, asl mohiyatiga kirishga yordam berish, mavzu til o‘rganish jarayonida muhim element hisoblanishi tahlil qilingan (Mour, O.S., 2009); adabiy matndan foydalanish imkoniyatlarini oshirish orqali o‘quvchilarda reflektiv fikrlashni rivojlantirish yo‘llari tadqiq etilgan (Abdollah Keshavarzi, 2012).
Xulosa. Jahonda bolalar adabiyoti fanini o‘qitish metodikasi pedagogika va adabiyotshunoslik fanlaridan erishgan yutuqlardan foydalanadi. Bolalar adabiyoti murg‘ak qalblar uchun dunyoni anglash vositasi hisoblanadi, bolalar tafakkurida olamning lisoniy manzarasi badiiy adabiyot vositalari orqali ham shakllanadi. Barcha xalqlar milliylikni asrashning bosh mezoni sifatida adabiyotni anglaydi va buni ta’lim orqali amalga oshirayotganda badiiy adabiyot mutolaasini milliy qadriyatga aylantirish, ulug‘lash ko‘nikmalarini rivojlantirishga katta e’tibor beradi.
Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchi-larining mustaqil ta’lim ishlarining maqsadi ularning mustaqilligini rivojlantirishdir va o‘z-o‘zini o‘rganish ma’lum bir mustaqillikning mavjudligini anglatadi. Bunday faoliyatning maqsadi, “bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bilimlarini mustaqil ravishda to‘ldirish, ilmiy axborot oqimini boshqarish qobiliyatini rivojlantirishdan iborat.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Рахимова Г. Механизм использования методов «проблемного обучения» в совершенствовании методики разработки самостоятельных учебно-воспитательных заданий. В статье рассматривается методика разработки и совершенствования самостоятельных и учебных заданий по преподаванию образовательного содержания детской литературы будущим учителям начальных классов. Анализируется проблема формирования у учащихся навыков понимания и наблюдения детской литературы, подготовки их к различным речевым ситуациям, независимо от качества и содержания учебных заданий.
Rakhimova G. The mechanism of using "problem-based learning" methods in improving the methodology for developing independent learning and educational tasks. The article discusses the methodology for developing and improving independent and educational tasks in teaching the educational content of children's literature to future primary school teachers. The issue of the dependence of students' development of children's literature comprehension and observation skills, their preparation for various speech situations on the quality and content of independent and educational tasks is analyzed.