Har qanday madaniyat, jumladan, til insonning dastlabki adaptatsiyasi (moslashuvi) bo‘lib, rivojlanishning tashkil etuvchilari bo‘lgan individlar tomonidan u yoki bu qadar jamlangan, o‘rganilgan va qayta yaratilgan hosila tajribadan hamda o‘tmish ajdodlardan, zamondoshlardan uzatiluvchi yoki individning o‘zi tomonidan shakllantiriladigan maʼnolar talqinidan iborat ekanligidan kelib chiqib, madaniyatning tilda aks etish masalalari ko‘plab madaniyatlar nafaqat o‘zaro tushunmovchiliklarni, balki qurolli ziddiyatlarni ham yuzaga keltirib, bir-biriga qarama-qarshi bo‘layotgan bugungi kunda nihoyatda muhim bo‘lmoqda. Mazkur qulaylik ko‘pincha qator maqollarda bayon etilgan tamoyillarga har doim ham amal qilmaslik bilan izohlanadi: “Andere Länder, andere Sitten" nem. - o‘zga mamlakatlar – o‘zga urf-odatlar “Jedes Land hat seine Sitten" nem. – Har mamlakatning o‘z urf-odatlari bor - “Wie das Land, so die Sitte” nem. – Mamlakat qanday bo‘lsa, urf-odatlar ham shunday. Аyrilmas qo‘shningga uyatli so‘z aytma;– to‘yning bo‘ladi bo‘ladisi qiziq; To‘ylikning to‘ycha tashvishi bor, o‘likning o‘ycha tashvishi bor. «Qaysi xalq ichida yashasang, o‘shaning odatlariga rioya qil»; Qo‘shningni kamsitayotib, o‘zing kamsitilasan. Maqollar semantikasidan ko‘rinib turibdiki, ular qaysi millatga mansubligidan qatʼi nazar umuminsoniy qadriyatlarni ifodalashi mumkin. Madaniyatlararo muloqot masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya (Myunxen, 1997) materiallarida shunday deyilgan: “Mit Blick auf gegenwärtiges und zukünftiges Miteinanderleben und der Verbreitung fremdenfeindlicher Ideologien ist der Erwerb von Fremdheitskompetenzen ein Beitrag zur Friedenserziehung und eine Überlebungsnotwendigkeit – o‘zga millat namoyandalariga qarshi yo‘naltirilgan dushmanlik gʼoyalarning tarqalishini hisobga olib, zamonaviy va kelajakdagi mavjudlikka nazar solganda madaniyatlararo kompetensiyalarning egallanishi dunyo madaniyatini tarbiyalashga hissa qo‘shadi va u yashab qolish zarurati hamdir. Zamonaviy olamda har qanday mamlakatda xorijliklarning mavjudligi meʼyoriy hodisaga aylanganini tan olgan holda qayd qilish joizki, boshqa madaniyatlarga nisbatan salbiy munosabat hali yengib o‘tilmadi. Yevropacha birlashish jarayoni tillar va madaniyatlarning turli-tumanligini, shuningdek, birlashish jarayoni bilan bogʼliq bo‘lgan, o‘zga madaniyatlarga nisbatan bagʼrikeng (tolerant) munosabatni ishlab chiqishdan kelib chiquvchi murakkabliklarni ko‘rsatadi. Xalqlar o‘z anʼanaviy tafakkurini, harakat tarzini o‘zgartirishga va madaniyatlararo olamga kirishishga majburdirlar. Shundan tillar va madaniyatlarning o‘zaro taʼsiri muammosini hal qilish zarurati ham kelib chiqadi. Til va voqelik, til va madaniyat o‘zaro munosabati hamda o‘zaro taʼsiri muammolari muloqot shakllarini va samaradorligini takomillashtirish uchun muhim rol o‘ynaydi. Xalqaro aloqalardagi ko‘plab muvaffaqiyatsizliklar ularning inkor etilishi bilan izohlanadi. Madaniyatlararo kompetensiya o‘zga madaniyatlarni baholashni emas, balki ularni anomaliya sifatida emas, odatiy hodisa sifatida qabul qilishni nazarda tutadi. Shunday qilib, muayyan madaniyatlar va shunga muvofiq tillar tashuvchisi bo‘lgan xalqlarning madaniy-lisoniy ongini o‘rganish asosida millatlararo, madaniyatlararo ziddiyatlarning oldini olish imkoniyati yaratiladi. Shu o‘rinda u yoki bu tildagi til hodisalariga tayanish kerak, chunonchi, aynan til, eng avvalo, u yoki bu xalqning o‘ziga xos qirralarini, shuningdek xalqning, hayot tarzi, mentalitetidagi nisbatan muhim va barqaror o‘zgarishlarni aks ettiradi, bu hammasidan ham ko‘proq paremika hamda uning bo‘lagi bo‘lgan maqollarda yorqinroq namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, S.G. Ter-Minasova taʼkidlaganidek, “til mafkurasida, yaʼni milliy o‘ziga xos bo‘lgan qatlamida qadriyatlar sistemasi, ijtimoiy maʼnaviyat, olamga, insonlarga va boshqa xalqlarga nisbatan munosabat saqlanadi. Frazeologizmlar, maqollar, matallar bir madaniyat bilan birlashgan u yoki bu jamiyatning hayot tarzini ham, geografik holatini ham, tarixini ham ko‘rgazmali namoyish etadi” (Тер-Минасова С.Г. Язык и межкультурная коммуникация). Bundan tashqari, lingvomadaniyatga tayangan holda tillarni dinamikada (harakatda) o‘rganish va qiyoslash zarurdir.
Lingvomadaniyat gʼoyalari ko‘plab ilmiy ishlarda o‘z aksini topadi. Masalan, “lingvokulturologiya (lingvomadani-yatshunoslik)” va “lingvomamlakatshunoslik” tushunchalarining o‘zaro munosabatini V.V.Vorobyevning ishlarida o‘qish mumkin: «“Til va madaniyat” muammosiga nisbatan tobora ortib borayotgan qiziqish tadqiqot manbalarini, parametrlarini, metodlarini, uning terminologik zahirasiga kiruvchi tushunchalarni nihoyatda aniqlashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Lingvomadaniyatshunoslikka murojaat tilni o‘qitishning shakllanib bo‘lgan, metodik gʼoyasi biz tomonimizdan qabul qilingan anʼanaviy lingvomadaniyatshunoslik aspektiga xiyonat emas, balki, eng avvalo, “Til va madaniyat” muammosining ayrim lingvometodik qadriyatlarini ortiqcha baholash va zarur ehtiyojlar bilan shartlangandir».
Maqollar lingvomadaniy material sifatida ko‘plab asrlar davomida yuzaga kelgani va tillar tashuvchilarining madaniy-lisoniy ongini o‘rganishda o‘ziga xos qiymatga ega bo‘lgani bois, mazkur tadqiqotda o‘zaro taqqoslanuvchi va qiyoslanuvchi tillar maqollar tarkibini o‘rganishda ham diaxron, ham sinxron aspektlarni qo‘llash zarur deb hisoblaymiz. Biroq, tan olish kerakki, umuman olganda nemis va o‘zbek maqollari etimologiyasi kam o‘rganilgan bo‘lib, tadqiqotchilik faoliyati uchun keng ko‘lamli maydondir. U yoki bu maqolning paydo bo‘lish vaqtini aniq aytish aslida qiyin, negaki, bizning fikrimizcha, ishda bir necha bor qayd qilinganidek, ular birdaniga bunday hosilalarga aylanmagan, til tashuvchilari tomonidan ko‘p marta ishlov berilganidan keyin haqiqiy maqolga aylangan.
Shunday qilib, maqollarni to‘g‘ri tushunish va semantikasini yetkazish uchun, eng avvalo, maqollar u yoki bu xalqning tarixiy xotirasini aks ettirishini esda tutgan holda ularni etimologiya nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish lozim. Mazkur masalada biz K. Grigasning fikriga qo‘shilamiz: «Paremiologiyaning eng dolzarb muammolaridan biri alohida maqollar tarixidir. Аniq bir maqolning paydo bo‘lish, tarqalish joyi, transformatsiya ko‘rinishlari haqida hech bo‘lmaganda taxminiy tasavvurga ega bo‘lmagan tadqiqotchi uni madaniy hodisa sifatida o‘rganishi amri mahol».
Nemis va o‘zbek tillari maqollari va matallari etimologiyasi masalasini ko‘rib chiqishda, eng avvalo, ularning kelib chiqish manbalariga to‘xtalish joiz. O‘zbek paremiologiyasi sohasida ushbu masala bilan Hodi Zarifov, Buyuk Karimov, G‘ozi Olim Yunusov, Mansur Аfzalov, Rajab Jumaniyozov, Bahodir Sarimsoqov va boshqalarning ishlarida; nemis tili paremiologiyasi nemis tili maqollar tarkibining tadqiqotchilari K.F. Vander, V. Mider, А.D. Rayxshteyn, B.C. Stepanova, I.I. Chernisheva va boshqalarning tadqiqotlarida, Z.U. Blyagoza, B.M. Kardanova va boshqa olimlarning ishlarida o‘rganilgan.
Inson faoliyatining turli sohalaridan kelib chiquvchi va har kimga tushunarli bo‘lgan, aniq obrazlar o‘zida “xalqchillik” komponentini saqlaydi. Bunday turdagi maqollar mazmuni nafaqat bevosita talaffuzida, aynan aytiluvchi dalilda, balki chuqur mazmunning asosi bo‘lgan metaforik umumlashgan maʼnodadir.
Maqolda mujassamlanuvchi ushbu xalq donoligi, obrazlilik, tushunarlilik qadim zamonlarda vujudga kelgan maqollar yashovchanligining muhim asosiga aylangan. R. Lutts va V. Miderlar taʼkidlaganidek, “flir das Sprichwort gilt immer, ... dass seine Herkunft für den, der es anwendet, von keinerlei Bedeutung ist” maqollarning kelib chiqishi ularni qo‘llovchilar uchun ahamiyatsiz ekanligi maqollarga xosdir. Maqoldan foydalanuvchi iqtibosda bo‘lgani kabi bir insonning fikrini asos sifatida olmaydi, balki jamoaviy tajriba va mulohazaning “bozori chaqqoni”ni asos sifatida oladi. Maqolni qo‘llash va yetkazish uchun, u qanday manbadan (folklordan, adabiy manbadan) kelib chiqishidan qatʼi nazar haqiqatdan maqol deb tan olingan bo‘lsa, xuddi shunday o‘zgargan yoki “ishlov berilganligiga” qaramasdan u haqiqatdan ham keng xalq ommasi tomonidan qabul qilingan bo‘lishi, qo‘llanishi va boshqalarga meros sifatida qoldirilishi zarur.
Nisbatan ko‘p qo‘llanadigan o‘zbekcha maqollarga quyidagilarni kiritish mumkin: O‘zganing yurtida shoh bo‘lguncha, o‘zingning yurtingda gado bol; Bir kun urush bo‘lgan uydan qirq kun baraka ko‘tarilar; Och qornim-tinch qulog‘im; Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r; Musofir bo‘lmay, musulmon bo‘lmas.
Аyrim tadqiqotchilar, jumladan, Zeyler ham maqol dastlabki ko‘rinishida butun jamiyatning ham umumlashgan tajribasini, ham bir turdagi qiziqishlarini namoyon etgan, deb hisoblaydilar. Mazkur fikr jamiyat qatlamlanishiga qadar qandaydir zamirga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maqol ko‘pchilik fikrining refleksiyasi sifatida haqiqatan ham hamkorlikda mavjud bo‘lish natijasi sifatida o‘ringa ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq, “eng keng tarqalgan maqollarning ko‘pi xalq maʼnaviy hayoti, uning qabul qilish va ifodalash obrazi bir xil bo‘lganida va hamfikrlilik hamda ijtimoiy sinflarga muvofiq ajralmaganida, bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lgan”, degan shunday fikrga 1930-yildayoq Iolles qarshi chiqdi va shunday dedi: “Es scheint mir nicht ganz leicht, sich jene Zeit ohne Trennung nach Klassen, Ständen usw. sprachlich oder soziologisch vorzustellen. Ich wage sogar, die Möglichkeit eines solchen kulturhistorischen Idylls zu bezweifeln” – Menimcha, o‘sha vaqtlarni lisoniy va ijtimoiy jihatdan sinflarga, hamfikrliklarga va hokazolarga bo‘lmasdan tasavvur qilish oson emas. Men hatto bunday madaniy-tarixiy idilliyaning bo‘lish ehtimolini shubha ostiga olishga jurʼat qilaman.
Maqollar boyligining katta qismi o‘rta asrlardan kelib chiqadi hamda mavjud bo‘lgan maʼnaviyat va huquq tushunchalari fonida o‘sha paytdagi hayot sharoitlarigagina asoslanmaydi: «Den Dieb soll man henken, die Hure ertränken» – O‘g‘rini osish, fohishani esa cho‘ktirish kerak. Biroq, zodagonlarning hukmronligi va maʼnaviyati bo‘yoqlarsiz aks etganini quyidagi misollarda ko‘rishimiz mumkin. «Ein Knecht soll Knecht sein, ein Herr Herr» – Qul qulligicha, xo‘jayin xo‘jayinligicha qolishi kerak «Jeder halte sich nach seinem Stande» – Holatingga muvofiq ravishda o‘zingni turlicha tut; «Gehörsam macht fromm» – Itoatkorlik eʼtiqodlilikka olib keladi.
Maqollarda asosan hunarmandlar va dehqonlarning mentaliteti aks etadi, Zeylerning fikricha, bu o‘rinda ham «xo‘jayin va xalq o‘rtasidagi qisman dushmanona antogonizm o‘yinga qo‘shiladi». Zero, ko‘plab to‘plamlarning mazmuniga asoslanib aytish mumkinki, nemis tilida quyidagi turdagi maqollar juda ko‘p: “Herren und Pfaffen machen viel zu schaffen” – Xo‘jayinlar va ruxoniylar ko’p narsaga qodir, «Mit grossen Herren ist nicht gut Kirschen essen» – Katta xo‘jayinlar bilan gilos yeyish xavfli (xo‘jayinlar bilan ish qilish xavfli maʼnosida), «Wenn sich die Herren raufen, so müssen die Bürger und Bauern Haare dazu lassen»; «Wenn grosse Herren raufen, müssen die Bauern Haare lassen» – Xo‘jayinlar mushtlashsa, dehqonlar sochini qurbon qilishi kerak bo‘ladi “Xo‘jayinlar mushtlashadi, xizmatkorlarning esa peshonasi tarsillaydi”, Knyazlar bir-biriga qarshi bo‘lganida oddiy odamlar jabr ko‘radi; – Kambagʼalning ipidan boy foydalanadi; Herr - xo‘jayin, Adler –zodagon, komponentlari qatnashgan maqollar deyarli istisnosiz tanqid va antogonizm refleksiyasini o‘zida saqlaydi, masalan quyidagi maqollardagidek: «Neue Herren, neuer Jammer» – Yangi xo‘jayinlar, yangi azoblar, «Von grossen Herrn halt dich fern» – Katta xo‘jayinlardan uzoqroq tur, «Wo Herren sind, da klingen die Schellen» – Xo‘jayinlar bor joyda kishanlar jaranglaydi, «Herren und Narren haben frei reden» – Xo‘jayinlar va aqli zaiflar erkin gapirishi mumkin.
Maqollarda ijtimoiy, sinfiy antagonizm yaqqol aks etishiga qaramasdan dushmanliksiz, yumshoq tanqid shakli ham maqolning asosiy belgisi bo‘lib qolaveradi, ayniqsa, o‘zbek maqollarida. Oppozitsiya sinfini muhokama qilish zarurati pishib yetilganida ham maqolda ko‘pincha allegoriya yoki obrazlilikning boshqa usullari qo‘llangan. Masalan, quyidagi nemischa maqoldagidek: «Als Adam grub und Eva spann, wo war da der Edelmann?» – Аdam (Odam Аto) qaziganda, Yeva (Momo Havo) yigirganida mehribon zodagon qaerda bo‘lgan ekan? Bunday vaziyatlarda antagonik munosabatlarni yumshatish maqsadida I.V.Gyote aytganidek, maqol “tushiruvchi klapan (dastak)” rolini o‘ynagan.
Maqollarda zodagonlik va maʼnaviyatdan boshlab xalq ommalari bilan yakunlagan holda “yuqorilar” va “pastlar”ga ajratilish maqolning semantikasida ifodalangan sinfiy xarakteri haqida so‘zlaydi. Maqollar majmuaviy ifodalanganida kattaroq ijtimoiy guruhning barqarorlashgan fikrlari sifatida tushunilganini nazarda tutgan holda ularga nisbatan yondashuv ham, qiziqish ham ko‘p tomonlama va har tomonlama ifodalangan.
O‘zlikni anglash hunarmandlar orasida tarqalgan ko‘plab eski maqollarda o‘z aksini topgan: «Handwerk hat goldenen Boden» – Hunarning tubi oltin-, oltin bilan savdo qila olish qobiliyati burjua nuqtayi nazaridan maqtaladi, dehqonlar nuqtayi nazaridan esa tanqid qilinadi; shahar va qishloq o‘rtasidagi qarama-qarshilik quyidagi toifadagi maqollarda ko‘rsatib beriladi: «Städtebürger - Bauernwürger» -Shaharliklar – dehqonlarni bo‘g‘uvchilar-, boshqa tomondan esa dehqonlarning o‘ziga xos tomoni taʼkidlanadi: «Der Bauer ist ein Schlauer» – Dehqon – ayyor, o‘z navbatida shahar o‘sha paytlardayoq zodagonlikdan qutilishga intilishni anglatgan: «Stadtluft macht frei» – Shahar havosi insonni erkin qiladi.
Keng tarqalgan «Der Bauer und sein Stier sind ein Tier» – Dehqon va uning buqasi – bitta mol maqolida ifodalangan nemis dehqonlarga nisbatan kamsitish munosabatiga dehqonlarning qiziquvchanligi, topqirligi, unga berilgan tabiiy inʼom qarama-qarshi qo‘yiladi: «Der Papst und ein Bauer wissen mehr als der Papst allein» – Rim Papasi va dehqon Rim Papasining o‘zidan ko‘proq biladi.
Garchi ijtimoiy pog‘onaning eng quyi zinapoyasida turgan xizmatkorlar (uy xizmatchisi), (hovli xizmatchisi), (yuk tashuvchi ishchilar)) «Gesindel und Gesind sind Geschwisterkind» - Xammol va batrak – amakivachchalar kabi maqollarda ifodalangan past nazar yukini yelkalarida ko‘tarib yurgan bo‘lsalar ham (vaholangki, nemis maqollarida bu holat o‘zbek maqollaridagiga qaraganda nihoyatda kamsitish ohangida eshitiladi), ushbu qotib qolgan fikrga oddiy nemis xalqining o‘zlikni anglashi va o‘z-o‘zini hurmat qilishi qarama-qarshi qo‘yiladi: «Nur keine Angst vor den Herren, die Bauern sind auch Leute» – Xo‘jayinlardan ko‘rqmanglar – dehqonlar ham odamlar.
Biroq, butun maqollar materialini ham qarama-qarshi fikrlar inʼikosi sifatida ko‘rib chiqib bo‘lmaydi. Maqollarda ijtimoiy ichki aloqa ko‘pincha o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladiki, ularda turli ijtimoiy guruhlar dehqonlarning muhim qoidalari, shuningdek, ob-havo, tabiat, umuman olganda o‘simliklar o‘stirish va molboqarlik singari inson faoliyatining ko‘plab turli sohalariga tegishli bo‘lgan hayot tarziga xos umumlashgan tajriba sifatida aks etadi. Har bir tadqiq qilinuvchi tilning maqollar tarkibi sharhi dalolat berganidek, maqollarda o‘sha davrlarda kam uchraydigan kasblarning kasbiy tajribasi ham o‘z aksini topgan. Shuni unutmaslik kerakki, ko‘plab maqollar muhabbat va do‘stlik, quvonch va qayg‘u, donolik va nodonlik, mehnatsevarlik va dangasalik, adolat va yolg‘on singari shaxsiy sifatlar va shaxslararo munosabatlardan kelib chiqadi.
Maqollardagi aniqlikka qaramasdan, ko‘plab maqollarda umumiy yondashuvlar ilgari suriladi: «Erst wäg 's, dann wag 's» – Аvval o‘lcha, keyin qaror qabul qil , «Versuch 's, dann geht 's» – Urinib ko‘r, ish ham yurib ketadi. Bunday maqollar istalgan paytda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq maqollarning katta qismi muayyan tarixiy voqealar bilan bogʼliq ravishda paydo bo‘lganligi, avval folklorda, keyinchalik yozma manbalarda qayd qilinganligi bilan ajralib turadi. Qayd qilish joizki, maqollar materiali asta-sekin shakllangan bo‘lib, maqol paydo bo‘lishining ilk bosqichida uning taxminiy maʼnosi birinchi o‘rinda turgan. Masalan, mashhur «Wer zuerst kommt, mahlt zuerst» – Kim oldin yetib olsa, o‘sha birinchi bo‘lib yanchadi maqoli eski nemis huquqiy kodeksida ham o‘xshash shaklda uchraydi va XIII asrdagi un yanchish huquqi bilan to‘gʼridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. U qatʼiy navbat o‘rnatilgan tegirmonda bevosita bug‘doy yanchish huquqidan boshqa narsani anglatmagan. Biroq maqolning dastlabki maʼnosi yo‘qolib ketgan.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash joizki, ko‘plab maqollar tarixi turli ijtimoiy birlashmalarda ko‘p marta takrorlanuvchi alohida voqealar bilan bogʼliqligi va har bir birlashma ayni vaqtda muayyan sinf, hamfikrlilik manfaatlarini aks ettirgan holda yangidan-yangi maqollarga hayot bagʼishlaganligiga qaramasdan, ularning ijtimoiy yo‘nalganligi shak-shubhasizdir. Maqol umumlashgan tajribani aks ettirsa ham, mazmunan uning tarkibida qarama-qarshilik kuzatiladi, chunonchi, turli maqollarda bir realiyaning o‘ziga nisbatan turlicha yondashuv aks etishi mumkin. Mazkur holat til ichidagi maqol antonimiyasi, shuningdek, boshqa korrelyatsiyalar haqida dalolat beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Эшонкулов О. Роль немецких пословиц в изучении культурно-языкового сознания. В данной статье анализируется роль пословиц на немецком и узбекском языках в развитии культурной жизни и языка этих народов, насколько язык изменился с течением времени, влияние культуры этих народов и какие темы стали популярные пословицы.
Eshonkulov O. The role of German proverbs in the study of cultural-linguistic consciousness. This article analyzes the role of proverbs in German and Uzbek languages in the development of the cultural life and language of these peoples, the extent to which the language has changed over time, the influence of the culture of those peoples, and which topics have become popular proverbs.