Dunyo tilshunosligida bugungi kunning asosiy muammoli masalala-rining biri bo‘lib hisoblangan murakkab gap strukturasini, gapning aktual kommunikativ bo‘laklari va ularning gapda bajarib keladigan sitaktik va struktur xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha chuqur izlanishlar olib boril-moqda. Tilning grammatik qurilishida ilova hodisasi hozirgi kungacha turli-tuman til materiallarida qanchalik uzoq o‘rganilish tarixiga ega bo‘lmasin, u har qanday zamonaviy tilshunoslik fanining, eng avvalo, til sintaksisining eng muhim va o‘rganilishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolaveradi va katta qiziqish uyg‘otadi. Shu maʼnoda ilovali elementlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish, ularning bajaradigan funksiyalarini tahlil qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Gapning ilovali elementlariga nisbatan nemis tilshunoslari tomonidan qo‘llanilgan “Restglied des Satzes”, “Satzbruch”, “Satzapposition” kabi terminologik tushunchalar ayrim germanshunos olimlarning ilmiy tadqiqot ishlarida ma’lum darajada konk-retlashtiriladi [7,20-b.]. Masalan, M.P.Savsova ilovali elementlarga nisbatan quyidagicha tushuntirish yoki aniqlik kiritadi: “tugallangan, biroq, gapning grammatik normasi asosida strukturaviy jihatdan shakllanmagan, yangi fikrning semantik va sintaktik yadrosidir” [8,16-b.]. M.P.Savsovaning ilovali elementlarga nisbatan bergan bunday bahosi, ularga xos bo‘lgan barcha sintaktik va semantik xususiyatlarni qamrab oladi. Haqiqatan ham ilovali element-bu yangi sifatga ega bo‘lgan, kitobxonning diqqat-eʼtiborini o‘ziga jalb qiladigan, tahlilga moyil bo‘lgan kommunikativ yadrodir.
Biz ilovali elementlarga bag‘ishlan-gan qanchalik ko‘p ilmiy ishlarning mazmuniga murojaat qilsak, shunchalik ular to‘g‘risida kengroq tasavvurga ega bo‘lib boramiz, chunki ularga nisbatan qo‘llanilayotgan tushunchalarning doirasi kengaya borib, har xil izohlanish darajasiga ega bo‘ladi. Jumladan, germanshunos olimlar Ye.V.Guliga va M.D.Natansonlar o‘zlarining nemis tili sintaksisi sohasida olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlarida ilovali elementlarga nisbatan quyidagicha fikr bildirishgan: “Ilovali elementlar o‘z tabiatiga ko‘ra, kommunikativ maʼno jihatidan eng muhim komponentdir, chunki ular doimo mantiqiy urg‘uga ega bo‘ladi” [5,125-b.]. Аgarda biz ilovali elementlarga nisbatan qo‘llanilayotgan terminologik tushun-chalarni bir-biriga qiyoslasak, ular o‘rtasida qandaydir mantiqiy bog‘liqlik borligiga guvoh bo‘lamiz, chunki ular bir-birlarini oddiy takrorlabgina qolmasdan, yangi-yangi tushunchalar bilan boyib boradi.
T.А.Sviblova o‘zining “Ilovali elementlarning shunga o‘xshash grammatik konstruksiyalardan farqlash masalasiga doir” nomli ilmiy maqolasida, yuqorida bayon qilingan fikrlarni takrorlash bilan bir qatorda, ilovali elementlarning strukturaviy guruhlarini bir-biridan ilova, farqlash uchun harakat qilgan.
Muallif tomonidan ilovali element-larning bir-biridan farqlash uchun tavsiya qilgan mezoni unchalik ishonarli xususiyatga ega emas, yaʼni aniq mezon emas, shuningdek, muallifning ajratilgan predikativli-aniqlovchi konstruksiyasiga nisbatan bildirgan munosabati ham unchalik to‘g‘ri emas. Shuning uchun, ushbu sohada L.R.Zinder va T.V.Stroye-valarning fikrlariga to‘lig‘icha qo‘shilish ayni muddaodir.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ilovali elementlarning xususiyatlarini izohlashda, eng oldin ularning nutqdagi o‘rni va funksiyasini aniqlash lozim. So‘ngra bunday aloqalarning strukturasi, undagi qismlarning o‘zaro munosabati va grammatikada tutgan o‘rni belgilanishi lozim. Bu elementlar, biror stilistik vazifalarni bajarishga qaratilgan bo‘lishidan tashqari, sintaktik jihatdan ham o‘z izohiga ega bo‘lishi kerak va amaliy tomondan ularni qanday tushunish lozimligi konkretlashtirilishi talab qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, maʼlum sintaktik guruhlar (bu guruhlar sodda gap shaklida bo‘ladimi, so‘z yoki so‘z birikmalaridan iborat bo‘ladimi, bundan qatʼi nazar) o‘zida ifoda qilingan mazmunga ilova tarzida aytilgan qo‘shimcha qismni biriktiradi. Natijada bir umumiy fikrni anglatadigan aloqalar yuzaga keladi [2,161–162-b.].
Sintaktik sathda ilova hodisasini gapning grammatik strukturasi va semantik mazmunini gapdan tashqarida sintaktik kuchaytirish uslublaridan biri sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Til materialini tadqiq qilish shuni ko‘rsatadiki, ilovali komponent sifatida turli sintaktik funksiyalarni bajargan holda gapning ikkinchi darajali bo‘laklari namoyon bo‘lishi mumkin. Eng avvalo, ularga aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol taalluqlidir [6,155-b.].
Ilovali elementlarga xos bo‘lgan ayrim xususiyatlar yirik germanshunos olim V.G.Аdmonining ilmiy konsep-siyalarida oddiygina takrorlanib qolmasdan, balki o‘z rivojiga ham ega bo‘ladi. V.G. Аdmoni ilovali elementlarga nisbatan quyidagicha fikr bildiradi: “Ilovali elementlar bu “qo‘shib” yozish yoki “qo‘shimcha” qilishning mahsulidir. Til unsurlarining qo‘shimcha sifatida kiritilishi so‘z va so‘z birikmalari orasida sintaktik munosabatlarning mavjudligiga bog‘liq”. Haqiqatan ham, xuddi shunday, sintaktik munosabatlar bor joyda albatta sintaktik o‘zgarishlar sodir bo‘lib turadi. Bunday o‘zgarishlar ayrim gap bo‘laklarining faqat ajratilish jarayoniga emas, balki ana shu ajratilish imkoniyatiga ega bo‘lgan gap bo‘lakla-rining matn doirasida yoyilish darajasiga ham taʼsir ko‘rsatadi. Shunga binoan, ilovali elementlarning yoyilish darajasi ham har xil bo‘lishi mumkin.
V.G.Аdmoni o‘zining nemis tili sintaksisiga oid chop etgan “Hozirgi zamon nemis tili sintaksisi” nomli ilmiy nazariy monografiyasida ilovali elementlarning matn doirasida yoyilish darajasi to‘g‘risidagina fikr bildiribgina qolmay, shu bilan birga qaysi gap bo‘laklari ilovali elementlar funksiyasida kela olishi mumkin degan jumboqli muammolarning yechilishiga ham ulkan hissa qo‘shadi. V.G.Аdmonining taʼkidla-shicha: “Gapning hamma bo‘laklari, (qanday shakllarda bo‘lishidan qatʼi nazar) faqat feʼlning tuslanadigan shaklidan tashqari, ajratilishi mumkin, yaʼni ilova hodisasiga uchraydi”. V.G.Аdmonining ushbu, yaʼni gapning ilovali elementlari funksiyasida har qanday gap bo‘lagi kela olishi mumkin degan tezisini tasdiqlovchi yana bir xulosani bu yerda keltirishni o‘rinli deb hisoblaymiz. Masalan, germanshunos olima Ye.V.Guliga M.D.Natanson hammuallifligida chop etgan “Syntax der deutschen Gegenwartssprache” nomli o‘quv qo‘llanmasida ilovali elementlar to‘g‘risida shunday yozgan: “Die abgesonderten Satzabschnitte erfüllen die Funktion eines Satzgliedes und zwar sowohl eines Hauptgliedes als auch eines Nebengliedes; Hauptglieder werden seltener angesondert”. Ye.V. Guliganing ushbu tezisi bosh bo‘laklar ham ilovali elementlar funksiyasida kela olishini alohida taʼkidlaydi. Mualliflar ushbu tezislarni tasdiqlash maqsadida quyidagi misolni namoyish etgan:
Da müssen wir die Wohnung räumen. Mutter und ich.
Demak, bu yerda ilovali element funksiyasida Mutter und ich kelayapti. Mualliflarning yuqorida namoyish etgan misollar tahliliga tayanib, barcha gap bo‘laklari ham ilovali elementlar funksiyalarida kela olishi mumkin degan xulosasi: birinchidan, shu soha bo‘yicha mavjud bo‘lgan barcha fikr-mulohazalarga qisman o‘zgartirishlar kiritilishini va ikkinchidan, gap ilovali elementlarini o‘rganishga bag‘ishlangan va shu sohada mavjud bo‘lgan ayrim munozarali masalalarni to‘g‘ri yechilishiga asos bo‘lib qoladi.
V.G.Аdmoni va Ye.V.Guligalarning ilova hodisasi to‘g‘risida keltirilgan ayrim fikr-mulohazalari L.R.Zinder va T.V.Stroyevalarning hammualliflikda yoz-gan “Hozirgi zamon nemis tili” (nazariy kurs) nomli monografik asarida [Зиндер Л.Р., Строева Т.В.] o‘z ifodasini topgan. Mualliflarning ushbu asarida ilovali elementlarning o‘rganilishiga alohida o‘rin berilgan. L.R. Zinder va T.V. Stroevalar birinchilardan bo‘lib, nemis tili materiallari asosida ilova hodisasiga taʼrif berishgan. L.R. Zinder va T.V. Stroyevalar tomonidan “ilova”, yaʼni “ilova hodisasi”ga nisbatan berilgan taʼrifga maʼlum darajada aniqlik kiritish maqsadida K.Ya. Gayliusning latish tilida aniqlovchili ilovali elementlarga nisbatan qo‘llagan taʼrifini bu yerda namoyish etishni o‘rinli deb hisoblaymiz. Jumladan, K.Ya. Gaylius aniqlovchili ilovali elementlarga nisbatan quyidagicha taʼrif beradi: “O‘zining aniq mazmuniy mustaqilligiga, o‘ziga xos ohangiga ega bo‘lib, gap tarkibida maʼlum bo‘laklardan maxsus to‘xtam, yozma nutqda esa tegishli tinish belgilari yordamida farq qiluvchi sintaktik birikmalarni ilovali elementlar deb ataydi”. Аgarda biz ilovali elementlarga nisbatan berilgan ikkala taʼrifni bir-biriga qiyos qilsak, u holda K.Ya. Gayluis tomonidan berilgan taʼrif maʼlum darajada to‘laroq xarakterga ega ekanligini, yaʼni uni ilova hodisasini tabiatiga mos ekanligini ko‘rish mumkin. O‘ylaymizki, ilovali elementlarga nisbatan berilgan ushbu taʼriflar bu yerda hali unchalik to‘liq tugallanmagan, chunki matn doirasida uchraydigan omillar uni o‘zgartirishga, to‘ldirishga olib kelishi mumkin.
Yuqorida taʼkidlab o‘tganimizdek, L.R.Zinder va T.V.Stroyevalar ilovali elementlar to‘g‘risida doimo ijobiy fikrga ega bo‘lishgan, shuning uchun ham ular V.G.Аdmonining barcha gap bo‘laklari ham maʼlum darajada ilovali elementlar funksiyasida kela olishlari mumkin degan xulosasini yana bir bor taʼkidlashadi.
Ularning ushbu tezisi ilovali elementlarning yoyilish chegarasi cheksiz ekanligini yana bir bor taʼkidlamoqda. Mualliflar o‘zlari tomo-nidan bayon qilingan xulosalarning ilmiyligini misol tahlilida ko‘rsatishga harakat qilishgan.
Sie richtete auf dem Tisch drei Teller. Für sich, für den Kleinen und für den Gast.
Namoyish etilgan misolda – “Sie richtete auf dem Tisch drei Teller. Für sich, für den Kleinen und für den Gast” biz uchun muhim ham amaliy, ham nazariy ahamiyatga ega. Sabab, ushbu misol V.G.Аdmonining yuqorida muhokama qilingan ilmiy asarida namoyish etilgan va muhim ahamiyat kasb etadi.
Nemis tili materiallari asosida ilovali elementlarning maxsus o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy ish – bu G.N. Eyxbaumning “Nemis tilida ajratilgan bo‘laklar” mavzusidagi monografik asaridir. Ushbu ilmiy asarda aniqlov-chilar va aniqlovchili izohlovchilarning ilovali elementlar funksiyasida ifodalanib kelishiga alohida ahamiyat beriladi va ularni strukturaviy guruhlarga ilovada, ularga xos bo‘lgan moslashuv va boshqaruv tamoyillariga amal qilinadi. Shu asosda aniqlovchilar va aniqlovchili-izohlovchilar ilovali elementlar funksiyasida quyidagi strukturaviy guruhlarga bo‘linib o‘rganiladi:
1) Turlanadigan sifatlar, sifatdoshlar va tartib sonlarning o‘zlari bevosita bog‘liq bo‘lgan aniqlanmishga nisbatan moslashadigan ajratilgan aniqlovchili bo‘laklari funksiyasida kelishi;
2) Ot shaklidagi ajratilgan izohlovchining o‘zi bevosita bog‘liq bo‘lgan ot shaklidagi aniqlanmishga nisbatan bir xil kelishik shaklida ifodalanib kelishi;
3) Moslashadigan otning otlashgan olmoshga nisbatan ajratilgan izohlovchi funksiyasida kelishi;
4) Nominativ kelishigidagi otning boshqa kelishiklarda keluvchi otlarga nisbatan ajratilgan izohlovchi funksiyasida kelishi;
5) Ko‘makchili otlarning sifat va ravishlarning qisqa shakliga nisbatan ajratilgan birliklar funksiyasida kelishi;
6) Sifatdoshlarning ilovali elementlar funksiyasida ifodalanib kelishi.
G.N.Eyxbaum tomonidan taklif qilingan aniqlovchili va izohlovchili ilovali elementlarning baʼzi bir strukturaviy guruhlarini misollar namunasida tahlil qilishga o‘tamiz. Misollar muallifning monografiyasidan olib ko‘rsatilgan.
Otto und Cäçilie sahen die Feuer an den Leuchttürmen und Kugelbalken aufleuchten. Rote, grüne, blassgelbe.
Ushbu misol tarkibida ilovali element funksiyasida aniqlanmish bilan jins va sonda moslashadigan – “rote, grüne, blassgelbe” kabi aniqlovchilar ifodalanib kelayapti. Yangi sifatga ega bo‘lgan bunday aniqlovchilar o‘zlariga xos xususiyatga ega: u maʼlum gap bo‘laklaridan farqlanuvchi intonatsiya bilan talaffuz qilinadi; ularga xos bo‘lgan intonatsiya ajralish xarakteriga ega, yozma nutqda ko‘pincha vergul, baʼzida esa ikki nuqta yoki tire bilan ajratiladi. Аjratilgan ushbu gap bo‘laklari orqali qo‘shimcha maʼno ifodalanadi. Demak, ajratilgan bo‘lakning o‘ziga xos maʼnoviy vazifasi bo‘ladi, bu vazifa shundan iboratki, maʼlum bo‘lak funksiyasida keluvchi – “die Feuer” ning maʼnosini bo‘rttirib, ajratib ko‘rsatadi. Ilovali element funksiyasida keluvchi rote, grüne, blassgelbe so‘zlarining kommunikativ funksiyasi bu - bevosita aloqador bo‘lgan die Feuer ning maʼnosini konkretlashtirish, to‘ldirish, izohlash va alohida ajratib ko‘rsatishdan iborat.
Umuman olganda, ilovali elementlarning maʼlum gap bo‘laklariga nisbatan bajarib kelayotgan funksiyalari rang-barang va ko‘p qirralidir. Ilovali elementlarning matn doirasida yoyilish darajasi turli tillarda har xil bo‘lishi, yaʼni ularning mos kelmasligi mumkin. Bu tabiiy hol. Sabab u yoki bu ilovali elementlarning yoyilish darajasi faqatgina ularga taʼsir etuvchi sintaktik vositalarga, omillargagina bog‘liq bo‘lib qolmasdan, shu bilan birga, u yoki bu til grammatik qurilishining qonuniyatlariga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababli ham ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida, har xil til materiallari asosida u yoki bu hodisa to‘g‘risida chiqarilgan xulosalarni bir-biriga qiyos qilib o‘rganish, bizningcha foydadan xoli bo‘lmas. Ilmiy ishlar tahliliga bunday yondashish barcha tillarga xos bo‘lgan tipologik qonuniyatlarni izohlab berishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Бегматов М. Прикладные элементы в немецком языкознании: синтаксические и особенности строения. При объяснении особенностей элементов присоединения важно разделить их на синтаксические и структурные группы. Этой теме посвящена данная статья, в ней описывается содержание научных трудов о присоединительных элементах, выражение этих свойственных им особенностей в научных концепциях германских ученых, а также изучаются синтаксические и структурные особенности присоединительных элементов на основе примеров из немецкой литературы. При анализе примеров из немецкой художественной литературы исследуются синтаксически и структурно присоединительные элементы.
Begmatov M. Application elements in german linguistics: syntactic and structural features. When explaining the features of the elements of joining, it is important to divide them into syntactic and structural groups. This topic is the subject of this article, it describes the content of scientific works on joining elements, the expression of these inherent features in the scientific concepts of German scientists, and also studies the syntactic and structural features of joining elements based on examples from German literature. When analyzing examples from German fiction, syntactically and structurally joining elements are studied.