“O‘TKAN KUNLAR”DA BADIIY PAFOS

Ozbek badiiy nasrida realizm adabiyotining ilk romani – “O‘tkan kunlar”ning paydo bo‘lishi kitobxonlar tomonidan qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi, shov-shuvga sabab  bo‘ldi, roman ko‘plar  tomonidan yodlab  olindi, kecha kunduzki berilib o‘qiladigan kitobga aylandi, xalqimiz rag‘batini jo‘sh urdirdi.

 Shu sabab, A.Qodiriy “O‘tkan kunlar”da qahramonlar tuyg‘ularini bevosita tahlil etmaydi, balki tashqi qiyofa ko‘rinishlarida ruhiy holatlarning aksini beradi. U realistik tasvirning to‘ng‘ichida psixologiyaning 20-yillar kitobxonlari hazm qiladigan dinamik prinsipda yaratadi; ongli ravishda “fikr yoki tuyg‘u hosil qilinishiga yordam beradigan qandaydir sirli jarayon to‘g‘risida o‘ylanmasdan, ko‘proq ichki hayot natijalari to‘g‘risida, uning qanday namoyon bo‘lishi to‘g‘risida, kishilarning bir-biri bilan to‘qnash kelishi, ularning harakatlari to‘g‘risida o‘ylandi”.

Ma’lumki, “Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyotiga xuddi momaqaldiroqdek kirib keldi va xuddi chaqmoqdek hammaning diqqatini o‘ziga jalb etdi… Qodiriy …o‘zbek xalqi tarixida birinchi bo‘lib realistik prozaga asos soldi” (I.Sulton). O‘zbek romanining to‘ng‘ich asarini yaratib, shu sohada inqilobga teng jasorat ko‘rsatdi. “O‘tkan kunlar” bilan o‘zbek romanchilik maktabini yaratdi, ayni paytda, shu asari bilan o‘ziga zamonlar va asrlararo bellashadigan umriboqiy haykal o‘rnatdi.

Shu bois, A.Qodiriyning badiiy dunyosini tadqiq va kashf etish tinimsiz davom eta beradi. Har qaysi avlod o‘zining ixtirosi bilan qodiriyshunoslikni boyitib boraveradi. Uning bu dunyosi tugamas badiiy xazina, uni ocha bilganga istagiga, tilagiga, iqtidoriga, mehnatiga yarasha boylik nasib qilaveradi…

Har qanday xazinaga kirish uchun, dastavval, uning eshigini ochadigan kalitni topish lozim. Adabiyotshunos va adabiy tanqidchilarning fikriga ko‘ra, har qanday badiiy xazinani ochuvchi – yozuvchi shaxsini va asarlarini tushunish, kashf etish, baholash kaliti – pafosdir. “Pafossiz shoirni qo‘liga qalam olishiga nima majbur etganini va unga ba’zan ancha katta asarni boshlash va oxiriga yetkazish uchun imkoniyat bergan narsa nima ekanligini tushunish mumkin emas”, – deydi V.Belinskiy. U davom etib shunday tushuntiradi: “Pafosda shoir xuddi jonli, go‘zal mavjudodga ko‘ngil bergandek, g‘oyaga maftun bo‘lgan zot sifatida namoyon bo‘ladi, bu mavjudod ana shu g‘oya bilan ehtirosli ravishda to‘lib toshgan bo‘ladi va san’atkor bu g‘oyani ongi, idroki bilan emas, faqat bir his bilan emas va o‘z –o‘zining ruhining birorta qobiliyati bilan emas, balki o‘z ma’naviy hayotining butun to‘laligi va yaxlitligi bilan mushohada etadi. “Pafos” deganda ehtiros ko‘zda tutiladi, shu bilan birga boshqa har qanday ehtiros kabi insonning to‘lqinlanishi, butun asab sistemasining larzaga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan ehtiros ko‘zda tutiladi; ammo pafos doimo inson qalbida g‘oya kuchi bilan alanga oldirilayotgan va doimo g‘oyaga intiluvchi “ehtirosdir”[1].

Mashhur nazariyotchi olim I.Sulton Abdulla Qodiriy ijodining pafosini – “umum ma’nosini” – zamonaviylik va badiiylik[2] deb ta’riflaydi. Bizningcha, bunday belgilash unchalik asosli emasga o‘xshaydi. Chunki, “yozuvchi ijodining pafosi uning asarlari qaysi konkret tarixiy sharoitda, ne niyat bilan yozilganiga va ijtimoiy hayotda qanday tarbiyaviy estetik rol o‘ynayotganligiga qarab tayin etilar” ekan, shu nuqtayi nazardan qaraganda Qodiriy o‘zbek xalqining XIX asrdagi hayotini mehnatkash xalq boshiga tushgan “qora kunlar” tariqasida tasvirlaydi va Chor Rossiyasining bu bosqich “qaro kunlar” ni ikki bora kuchaytirishi mumkinligiga sha’ma qiladi.

Uning ijodi pafosi o‘tmish va bugunning sarqitlarini, fojiaviy oqibatlarini realistik tasvirlash va xalqning shu fojialardan tezroq qutilishga chorlashdir. Mana shu pafos – Qodiriy asarlaridagi fikr va hissiyot birligini, asarlarining asosiy g‘oyasini, ijodining umumiy yo‘nalishini tayin etadi.

Jumladan, romanning uchinchi bo‘limidagi “cho‘talchi beklarga” qarshi Hojining asabiy va qizg‘in monologi buning yaqqol isbotidir:

“…Birodarlar! O‘ris o‘z ichimizdan chiqadurg‘an fitna fasodni kutib, darbozamiz tegida qo‘r to‘kib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir kunda biz chin yovg‘a beradigan kuchimizni o‘z qo‘limiz bilan o‘ldirsak, sen falon deb qirilishsak nima bo‘ladir. Bu to‘g‘rida ham fikr qilg‘uvchimiz bormi? Kunimizning kofir qo‘liga qolishi to‘g‘risida ham o‘ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik ko‘rib qo‘yganmizmi?!”[3] 

“Men yovni  har zamon o‘z yaqinimga yetgan ko‘raman” deb ochiq fikr yuritgan Yusufbek hoji asarning “Qipchoqqa qirg‘in” bobida jo‘shqinlik bilan mushohadalariga yakun yasaydi; asosli bashoratlar qiladi:

“... Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizga aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirgan bo‘lsak yaqindirki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz bo‘lsak o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning bo‘yniga o‘rus bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘lamiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘liga tutqin topshirg‘uchi – biz ko‘r va aqlsiz otalarga Xudoning lan’ati albatta tushar, o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun (dafn qilingan) Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishga hozirlangan biz itlar yaratuvchining qahriga, albatta, yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali-Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan, nash-u namo qilg‘onlari bir o‘lkani halokat chuquriga qarab sudraguvchi, albatta, tangrining qahriga sazovordir, o‘g‘lim! Gunohsiz bechoralarni bo‘g‘izlab, bolalarini yetim, xonalarni vayron qiluvchi zolimlar – qurtlar va qushlar, yerdan o‘sib chiqqan giyohlar qarg‘ishiga nishonadir, o‘g‘lim!… (295 - bet).

Ko‘rinyaptiki, A.Qodiriy ulkan san’atkor sifatida turli siyosatlarni emas, balki el baxti uchun kurash yo‘lini, bu baxtga qarshi bo‘lgan “cho‘p-xaslarni supura borish” yo‘lini – buyuk haqiqat deb bildi va uni yoqladi, ezgulikni, insoniylikni, mustaqillikni, ozodlikni ulug‘ladi, realistik romaniy tasvirini berdi. Buning isbotini romanning turli unsurlari misolida ham ko‘rsa bo‘ladi.

“Yozuvchi mahorati, – deb yozadi I.Sulton, – aytilmoqchi bo‘lgan fikr, tasvirlanayotgan predmet va ruhiy holatni eng aniq va yorqin ifoda eta oladigan so‘z va iboralarni topa bilishdan iboratdir”. Darhaqiqat, “yozuvchining dilida ajoyib tuyg‘ular mavj urib turgani bilan, ularni kitobxonning ko‘ngliga yetkazib beradigan haroratli, jozibali so‘zlar topilmasa, yozuvchining tili chinakam badiiy bo‘lmasa, har qanday ijodiy reja ham hayf bo‘lib ketadi” (P.Qodirov, “O‘ylar”, 128-bet).

Badiiy asardagi hayot so‘z vositasida yaratilar ekan, badiiy til bevosita real fikr va hissiyotning obrazli ifodasidir. “Jajji” (mikro) obraz – har qanday so‘z kontekstda (boshqa so‘zlar bilan aloqada) hayotiyligini, o‘zining xususiyatini, rangini, hidini, ohangini ko‘rsata oladi. Yozuvchi so‘zning grammatik, leksik, stilistik ma’no ko‘rinishlaridan eng zarur va kerakligini kontekstga muvofiq ishlatadi, ya’ni tasvirlayotgan hayot (epizod, obraz, xarakter) ning mohiyatini chuqur ochib beruvchi so‘zlarni tanlaydi. Tanlangan har qanday so‘z adabiy asarda, albatta, ma’lum yukni tashishi lozim bo‘ladi. U tasvirlanayotgan voqeaning haqqoniyligi va to‘laligini, qahramonning his-tuyg‘ulari, kayfiyat va kechinmalarini o‘zida mujassam etishiga – shu yukni qanchalik ko‘targanligiga qarab uning ahamiyati va kuchini belgilaymiz.

Xullas, badiiy mahorat – “yozuvchining badiiy talanti o‘lchovidir” (Ch.Aytmatov). Uning yuqorida ta’kidlangan to‘rtta belgisi – o‘lchovlarning asosiysi bo‘lib, ular badiiy asarda yaxlit, butun bo‘lib namoyon bo‘ladi. Biri birining yaratuvchanlik va ta’sirchanlik xususiyatlarini zo‘raytirishga, tabiiylikni yaratishga xizmat qiladi. Badiiy mahorat, bir tomondan – real hayotdagi yangilikni ko‘ra bilish va uni adabiyot vositalari ila tahlil qila bilish san’ati bo‘lsa, ikkinchi tomondan san’atning sirlarini, texnikasini minglab hissiy-tasviriy vositalarni chuqur bilishga bog‘liqdir. Bu ikki tomon dialektik aloqada bo‘lsa, uzviy birlashgan holda “Tasvirlashga niyat qilingan qahramonlarning hayotini butun to‘laligi va aniq nuqtalari bilan ko‘ra bilishga” (Ch. Aytmatov) xizmat qilsa, tasvir o‘quvchini hayajonga sola bilsa, ana shundagina hayotning katta haqiqati o‘zining tugal va go‘zal ifodasini topadi.

Mahoratni egallash uzluksiz davom etadigan, chegarasiz jarayon. Yozuvchi o‘z ijodining ma’lum davrida usta san’atkor darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Agar u shu bilan cheklansa, badiiy mahoratini o‘stirmasa, hayotdan va san’atdan o‘rganishda davom etmasa, u orqaga ketaveradi, o‘quvchilari soni kamayaveradi. Demak, o‘rganish, kashf etish to‘xtagan joyda talant kuchi, ta’siri susaya boshlaydi. Talant yangilik bermagach, chaynalgan “kashf”larni – yasama, sun’iy gullarni taqdim qila boshlaydi…

Abdulla Qodiriy “butun e’tiborini bosh qahramonlar his va ehtiroslari tahliliga, lirik tuyg‘ular tufayli paydo bo‘lmish fikrlar dialektikasiga qaratadi” emas, balki qalb iztirob va kechinmalarini xatti-harakatlar, yuz qizarishlari, ko‘z qarashlari, manglayini qashish, yerga qarash kabilar orqali ochadi. Haqiqatdan ham birinchi bor Otabek qalbini tug‘yonga solgan mahabbatning Hasanali tomonidan kashf etilishi Otabekning uyalishiga (“yuzini chetga burishga majbur bo‘ldi”), gunohkorlardek aybiga iqror bo‘lishga (“gunohkorlardek yerga qaragan edi”) olib keladi va h.k.

Darvoqe, asar qahramonlarini harakatlantiruvchi kuch, mazmun, ruhiy holat Abdulla Qodiriy asarida ularning yashayotgan hayotdan, eskicha turmushdan ma’naviy qoniqmasligi va “qora kunlar” ning fojiali oqibatlaridan tezroq qutulishga intilishi bilan chambarchas bog‘liqdir, Abdulla Qodiriy o‘zining “O‘tkan kunlar”ida ana shu g‘oyadan kelib chiqib, o‘zbek romanchiligida psixologik tasvirning yuzaga kelishiga, uning realistik tasviriga asos soldi. U birinchi bor romanchiligimizda qahramonlar ruhiy dunyosining tashqi qiyofa, xatti-harakatda voqea bo‘lishini teran tahlil qila bildi.

 

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Белинский В.Г. Собр.соч. т 3. – стр. 378.
  2. Қодирий А. Ўткан кунлар. Меҳробдан чаён. – Т., 1994. – 276 б.
  3. Qosimov B. Milliy uyg‘onish davri adabiyoti. – T., 2004. -467 b.
  4. I.Sulton. Adabiyot nazariyasi. – T., 1980. – 169 b.
  5. Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. – T.: Yangi asr avlodi, 2005. – 420 b.
  6. Расулов А. Бадиийлик – безавол янгилик. – Т.: “Шарқ” нашриёт – матбаа акциядорлик компанияси бош таҳририяти, 2007. –336 б.

 

Умурова Г. Художественный пафос в романе «Дни минувшие». В данной статье представлена информация о художественном стиле романа Абдуллы Кодирия «Дни минувшие». Анализируются аспекты, определяющие мастерство и индивидуальный стиль творческого художника. Художественный пафос, определяющий основу творческого мастерства, и его функции иллюстрируются примерами.

 

Umurova G. Artistic pathos in “Bygone Days”. This article provides information about the artistic style of Abdulla Qodiriy’s novel “Bygone Days”. The aspects that determine the creative artist’s artistic skill and individual style are analyzed. Artistic pathos, which determines the basis of creative skill, and its functions are illustrated with examples.

 

 

 

 

 

 

[1] Белинский В.Г. Собр.соч. т 3. – стр. 378.

[2] I.Sulton. Adabiyot nazariyasi. – T., 1980. – 169-bet.

[3] Қодирий А. Ўткан кунлар. Меҳробдан чаён. – Т., 1994. – 276-бет.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati