O‘zbek adabiyotida modernga bo‘lgan intilish ayniqsa, sheʼriyatda yaqqol ko‘rinadi. 80-90-yillar o‘zbek poeziyasida bir qancha ijodkorlar bu sohada o‘z qalamini sinab ko‘rdi. Buning birinchi sababi inson, ayniqsa, ijodkor shaxs tabiatidagi yangilikka intilish bo‘lsa, ikkinchisi o‘sha davrdagi ijtimoiy tuzumdan norozilik kayfiyatlarini moderncha uslubda gavdalantirish edi. Mustaqillik arafasida kuzatilgan demokratik o‘zgarishlar o‘zbek ijodkorlariga jahon adabiyotidagi modernistik oqim namunalari bilan yaqinroq tanishishdan tashqari, shu o‘zanda ijod qilish imkonini ham berdi. Bu yo‘lda ayniqsa, xorijiy tillardan tarjima qilingan badiiy asarlar o‘zbek ijodkorlariga katta yordam berdi. XX asr modern sheʼriyatining N.Hikmat, P.Neruda, P.Elyuar, G.Lorka, Jak Priver, Anri Mino singari dongdor vakillari asarlari tarjimalarining o‘zbek sheʼriyatiga taʼsiri katta bo‘ldi. Modern sheʼriyat taʼsiri R.Parfi, A.Qutbiddin, Faxriyor singari shoirlarning ijodida, ayniqsa, kuchli sezildi.
Rauf Parfi modern sheʼriyatni yangi pog‘onaga ko‘tara olgan shoir. Uning o‘ziga xos poetik mushohada uslubi sheʼriyatimizda alohida ijodiy maktab darajasiga ko‘tarildi. Hassos shoirning qariyb barcha sheʼrlarida inson erki, ozodlik kuylanadi va shu erkka tajovuz solayotganlarga nafrat sezilib turadi. Masalan, “Viktor Xaraning so‘nggi qo‘shig‘i” sheʼriga eʼtibor beraylik. Maʼlumki, Chilining qo‘shiqchi shoiri Viktor Xara Avgusto Pinochet boshchiligidagi Xunta tomonidan Santyagoning markaziy stadionlaridan birida, ozodlik qo‘shig‘i, erk gimnini kuylagani uchun, o‘zining qasoskor sheʼrlari tufayli besh ming mahbus oldida panjalari, so‘ng qo‘llari kesib o‘ldirilgan. R.Parfi shu voqeani o‘z sheʼriga to‘laligicha kiritadi. Shoir ozodlik uchun kurashchi qahramon obrazini shakllantirishda modernistik sheʼriyat uslubidan foydalandi. Asosiy maʼno tashuvchi psixologik detallarni obrazli mantiq talabiga ko‘ra joylashtiradi. Ular kechinma yo‘nalishidagi burilish nuqtalariga aylanadi.
Oh, so‘nggi qo‘shiqni kuylamoq bunchalar qiyin,
Viktor Xaraning ko‘zlari o‘ngida
Uning suyuk ona-Vatanini –
Yetti torli muqaddas sozini sindirdilar.
So‘ng uning sarbast qo‘shiqlariga
jo‘rovoz barmoqlarini kesib olishdi.
Bir emas,
Ikki emas,
Uch emas…
Uning o‘n farzandini –
Barmoqlarini so‘ydi jallodlar,
O‘zing yaratdingmi shularni, Tangrim![1]
Ushbu sheʼrning izhori epik uslubga yaqin, yaʼni roviy rivoyatidek taassurot qoldiradi. Biroq tasdiq, inkor, takror, xitob, fojia holatining lakonik tasviri uni lirika qonuniyatlariga bo‘ysundirmoqda.
Sheʼr davomida og‘ir o‘y-kechinmalar “So‘nggi qo‘shiqni kuylash bunchalar qiyin”, “Og‘ir, ko‘p og‘ir”, “Og‘ir naqadar”, “Naqadar og‘ir” tarzidagi takrorlarga ulanib, Viktor Xaraning ruhiy holati va matonatidan, undagi eʼtiqodga bo‘lgan komil ishonchdan o‘quvchini ogoh qilib turadi. Bu ajoyib, psixologik takror sheʼr tugallanmasida shoirni:
Oh, so‘nggi qo‘shiqni…
Kuylamoq…
Zarur
qabilidagi yakunga yetaklaydi. R.Parfi ijodida bunday mahorat bilan yozilgan sheʼrlar ko‘plab uchraydi.
Ayniqsa, Faxriyor sheʼrlarida ana shu holat ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Uning sheʼrlari sirtdan qaraganda modern sheʼriyat shakliga, ifoda uslubiga o‘xshasa-da, aslida barmoq va modern sheʼriyatning erkin uyushmasidan iboratdir. Shoir barmoqning ixchamligini, shakl mukammalligini modern sheʼriyatning kengligi, tuyg‘u cheksizligi bilan chiqishtira oladi. Shuning uchun ham qisqa satrli sheʼrlar yozib, ulkan mazmunli fikrni bera oladi:
Nega bayroqday hilpirar
Bo‘m-bo‘sh yengi sobiq jangchining?
Yoki:
Yig‘i seni qanday kuldiray?[2]
Bu sheʼrlarda sheʼrxon tasavvurida katta poetik fikrning to‘la tiklanishi uchun ayrim detallar berib o‘tiladi. Ana shu kichik detal urushning butun dahshatlarini ko‘z oldimizda namoyon qiladi, uning jarohatlarining to hanuzgacha bitmaganligini eslatadi. Shu bilan birga sobiq jangchining shijoati, jasorati, qalbidagi o‘ch, intiqomi hali ham so‘nmaganligiga ishora bor. Shuning uchun bu “bo‘m-bo‘sh yengi”ni bayroq qilib ketayotir. Keyingi sheʼr esa hammasi bo‘lib to‘rt so‘zdan iborat, bir misra. Bunda siz inson boshiga tushgan musibat, bir fojiani tasavvur qilasiz. Yig‘lab turgan inson ko‘z oldingizda gavdalanadi. Uning dardiga hamdard bo‘lgingiz keladi, qanday yordam berishni o‘ylaysiz. Nima qilsangiz uning chehrasida tabassum paydo bo‘ladi? Ko‘rinib turibdiki, bu qisqa satrlardan iborat sheʼrlar o‘quvchini o‘ylashga, tafakkur qilishga, inson ruhiyatiga chuqur kirib borishga undayapti. Bu esa modern sheʼriyatning eng asosiy xususiyatlaridan biri. Modern she’riyat haqida fikr bildirilganda masalaning ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratish lozim. Jumladan, modern adabiyotga xayrixoh bo‘lganlar bilan birga, unga salbiy munosabatda bo‘lganlar ham anchagina edi. Chunki an’anaviy realistik adabiyotdan olam va odamni tasvirlash prinsiplari jihatidan tubdan farq qiladigan modernizmni tushunish ancha mushkul edi[3]. Tahlil qilayotgan ijodkorlarimiz lirik asarlari aynan mana shu mazmundaligi bilan xarakterlanadi.
Abduvali Qutbiddin sheʼriyatida ham poetik mushohada uslubining o‘ziga xosligiga duch kelamiz. Shoirning juda ko‘plab sheʼrlari modern sheʼriyat taʼsirida yozilgan. Bu sheʼrlarida mumtoz adabiyotimizning falsafiy teranligi, so‘zlarning go‘zal tarzda sayqallanib kelishi kabi anʼanalari, sarbast sheʼrning qirg‘oq buzar mavjlari, tuyg‘u toshqinligi bilan omuxtalanib ketadi. Natijada zamonaviy va mumtoz sheʼriyatning sintezlashgan shakliga duch kelasiz:
Chunonam, jononam, sizga payvandman,
Ishqparastman, mardumi Samarqandman,
Na jamman, na kamman, na-da butunman,
Na itman, na odam, na-da tutqunman.
Vale siz uchunman
Yolg‘iz siz uchunman.
Hargiz siz uchunman, har dam siz uchunman,
Chunonam, chunonam, dil tiyralashdi[4].
Ko‘rinib turibdiki, bu misralarda mumtoz sheʼriyatimizdagi mustazodga xos misralarning o‘ynoqi, ohangdorligi, barmoqqa xos soddalik, ixchamlik va dilga tez taʼsir qilish, modern sheʼriyatga xos chuqur maʼno tafakkur teranligi bilan hamohang bo‘lib kelayotganligi ko‘zga tashlanadi. Shoirning “Modern”ga qo‘shimcha izoh” nomli sheʼrida sirtdan qaralganda kuz fasliga munosabat bildirilayotganday tuyuladi. Lekin bu sheʼrdan o‘quvchi bir qancha maʼnolarni ilg‘ab oladi. Modern sheʼriyatning fazilatlaridan biri ham uning ko‘p qatlamli ekanligi, yaʼni mazmundagi polifonik xususiyatidir.
Balchiqdan-balchiqqa ag‘anayotgan –
Sap-sariq soyaga sig‘inayotgan –
Sentabr-oktabr-noyabr –
Aya-maʼjuz
o‘ynashisan kuz [5].
Mumtoz mohiyatni zamonaviy shakllarda ifodalash Abduvali Qutbiddin poetik uslubini belgilaydigan omillardan biridir. Kuz fasli mohiyat eʼtibori bilan ko‘ngilga allaqanday mahzunlik, miskinlik baxsh etadigan fasl. Jahon adabiyotining eng yetuk namunalarida, jumladan, M.Bulgakovning “Usta va Margarita”, Gabriel Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” da kuz, yomg‘ir tasvirlari ana shunday ruhiy holatda ifoda etiladi.
“Qissasi Rabg‘uziy”da naql etilishicha, odamzod loyi qirq yil yomg‘irga to‘yinadi. Ana shu qirq yilning o‘ttiz to‘qqiz yili qazg‘u, yaʼni qayg‘u yomg‘iri edi.
Mumtoz sheʼriyat manzarani romantik bo‘yoqdorlikda, yaʼni realizmdan yuqoriroq pardalarda aks ettirgan bo‘lsa, modern sheʼriyat ushbu manzarani anʼanaviy sharq sheʼriyatidan farqli o‘laroq sayqallanmagan, lirika tabiatiga unchalik ham o‘tirishmaydigan so‘zlar, jumlalar, misralarda aks ettiradi. Yuqoridagi sheʼriy parchadagi “balchiqdan-balchiqqa”, “sap-sariq soya”, “o‘ynashisan kuz” kabi jumlalar anʼanaviy estetik tafakkur uchun “dag‘al va qo‘pol” tuyuladi, mumtoz sheʼriyat tili bilan aytadigan bo‘lsak, ilohiy so‘zni qora tuproqqa tenglashtirgandek bo‘ladi.
Fikrimizning isboti uchun yuqorida taʼkidlangan sheʼrning yakunlovchi bandiga murojaat qilaylik:
Ko‘chalarda, tomlarda, derazalarda
Yomg‘iri, g‘ir-shiri, nari-berida…
Qurtlagan olmaday, ko‘p qariday –
Kuz azada –
Cheksiz, so‘ngsiz, tinimsiz,
Umidsiz…
Behad unumsiz.
Agar sheʼrga durustroq razm soladigan bo‘lsak, A.Qutbiddin ham Alisher Navoiyning
Xazon sipohiga, ey, bog‘bon, emas moneʼ,
Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il –
fikrlariga hamohang fikrlarni bildirayapti. Har bir bargni daraxtga igna bilan suqib qo‘ysangiz ham xazon faslini ortga surib bo‘lmaydi. Har ikkala shoir ham gullashning xazonrezgiga, tug‘ilishning intihoga yuz tutishi muqarrarligini taʼkidlayapti. Biroq ikki xil shaklda, ikki xil ohangda.
Ayrim tadqiqotlarda modernizmning o‘zbek adabiyotida paydo bo‘lishini adabiy taʼsir va aloqalarga bog‘lashga moyillik seziladi. Bu to‘g‘ri. Lekin o‘sha taʼsir doirasida qolib ketmadi, taʼbir o‘rinli bo‘lsa, o‘zbek modern sheʼriyati, milliy anʼanalarga tayanib qad rostladi. Chunki modernizm bag‘ridagi oqimlarning xususiyatlari mumtoz sheʼriyatimizda mavjud edi. A.Muxtor, R.Parfi, A.Qutbiddin, Faxriyor sheʼrlarini mumtoz sheʼriyatimizga qiyoslab o‘rganish shunday xulosaga olib keladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Халова М. Размышления о современной узбекской поэзии. В данной статье представлена информация о современной поэзии. Рассматриваются основные особенности современной поэзии и её специфические аспекты. Одновременно анализируются стихи узбекских писателей, написанные в модернистском направлении.
Khalova M. Reflections on modern Uzbek poetry. This article provides information about modern poetry. The main features of modern poetry and its specific aspects are discussed. At the same time, the poems of Uzbek writers written in the modernist direction are analyzed.
[1] Рауф Парфи. Туркистон руҳи. Сайланма. Нашрга тайёрловчи ва сўзбоши муаллифи: Вафо Файзуллоҳ. – Тошкент: Шарқ, 2013. –Б.154.
[2] Фахриёр. Аёлғу. Шеърлар ва достонлар. – Тошкент: Шарқ, 2000. – Б.56.
[3] Холова М. Ўзбек модерн шеърияти: тарихи ва назарияси. Монография. Самарқанд, 2018. – Б.42.
[4] Қутбиддин. А. Бор. Шеърлар ва достонлар. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт – матбаа ижодий уйи, 2011. – Б.197.
[5] O‘sha kitob – B.201.