O‘ZBEK TILIDA O‘TGAN ZAMON HIKOYA SHAKLINING ASPEKTUAL, TEMPORAL SEMANTIKASI

O‘zbek tilidagi fe’l so‘z turkumiga oid deyarli barcha grammatik kategoriyalar tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilgan. Biroq, fe’l so‘z turkumiga oid to‘la hal etilmagan, munozarali masalalar,  mohiyati yetarli darajada ochilmagan hodisalar mavjud. Fe’l so‘z turkumiga taalluqli muammolarni har tomonlama to‘la bayon etish, ularning kelib chiqish asosini va o‘ziga aloqador hodisalarga munosabatini o‘rganish – muhim amaliy va nazariy ahamiyat kasb etadi. Fe’l so‘z turkumi o‘ziga bir qancha kategoriyalarni qamrab oladi. Shulardan biri zamon kategoriyasidir. Zamon kategoriyasi - fe’l ifodalaydigan harakatning nutq momentiga nisbatan munosabatini bildiradi. Nazariy jihatdan bu kategoriya nutq so‘zlanayotgan paytda, undan oldin hamda undan keyin sodir bo‘ladigan ish-harakatni ifodalaydi. Ko‘pgina tillarda zamon grammatik kategoriyasi ana shu uch xususiy ma’nodan tashkil topgan. Zamon turlarini belgilashda so‘zlanayotgan nutq vaqti asosiy tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi. Shunga ko‘ra, zamonlar uch xil bo‘ladi, ya’ni o‘tgan, hozirgi va kelasi zamon. Ular orasida o‘tgan zamon shakllari son (yaqin o‘tgan zamon, uzoq o‘tgan zamon, o‘tgan zamon hikoya shakli, o‘tgan zamon maqsad shakli, o‘tgan zamon davom shakli) hamda aspektual ma’nolar (davomlilik, natija, miqdoriy xususiyat, tugallanganlik, odatiylik, takroriylik va b.)ni ifodalash jihatidan hozirgi va kelasi zamondan farq qiladi. Shu sabab o‘tgan zamon shakli hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas.

Ushbu maqolada biz, o‘tgan zamon shakllaridan biri “o‘tgan zamon hikoya” turining qo‘llanishi, uning aspektual va temporal semantikasini yoritamiz.

Hozirgi kunda o‘zbek tili grammatikasiga oid manbalarda o‘tgan zamon shakllarining turlari, ularning nomlanishi borasida turli xil fikrlar va qarashlar mavjud. Aytib o‘tganimizdek, mazkur maqola o‘tgan zamonning faqatgina “hikoya” shaklini tadqiq qilishga bag’ishlangan. O‘tgan zamonning boshqa turlari, ularning nomlanishi, miqdori borasidagi masalalar bizning boshqa bir ilmiy maqolamizning mavzusi sifatida o‘rganiladi.

Hozirda o‘zbek tilida yaqin o‘tgan zamon, uzoq o‘tgan zamon, o‘tgan zamon hikoya shakli, o‘tgan zamon davom shakli, o‘tgan zamon maqsad shakllari farqlanib, ularning har biri o‘z ifoda vositasiga ega. Jumladan: yaqin o‘tgan zamon - fe’l o‘zagiga -di affiksi, uzoq o‘tgan zamon – fe’l o‘zagiga  -gan sifatdosh yasovchi va edi to‘liqsiz fe’li, o‘tgan zamon hikoya shakli  - fe’l o‘zagiga ravishdosh yasovchi -b (ib) affiksi, o‘tgan zamon davom shakli – fe’l  o‘zagiga -(a) r + edi to‘liqsiz fe’li hamda -yot affiksi bilan yasalgan hozirgi zamon sifatdoshiga edi to‘liqsiz fe’lini tuslab biriktirish, o‘tgan zamon maqsad shakli – fe’l o‘zagiga -moqchi yoki -digan affiksini qo‘shish va edi to‘liqsiz fe’lini biriktirish bilan yasaladi. O‘tgan zamon turlari haqida qisqa ma’lumot bergan holda, maqolamiz obyekti bo‘lmish o‘tgan zamon hikoya fe’liga batafsil to‘xtalamiz.

O‘tgan zamon hikoya shakli nutq momentidan oldin kutilmaganda, qisqa vaqt oralig’ida bo‘lib o‘tgan voqea-hodisani hikoya qilish, tasvirlash uchun ishlatiladi. Bu shakl -b/-ib yoki -b/-ib + edi to‘liqsiz fe’li orqali yasaladi: ol+ib+man, ol+ib+san, ol+ib edi+m, o‘qi+b edi+ng kabi [Fayzullayeva va b., 2022: 60].

Sh. Rahmatullayevning fikricha, -b affiksi bilan yasaluvchi (gapir + ib + san) ushbu shakl harakatning nutq paytidan oldin amalga oshganidan keyinchalik xabardor bo‘lish ma'nosi ifodalaydi.  Uning to‘liqsiz fe’l edi bilan yasalgan analitik shakli -b/-ib affiksli sintetik shakldan avvalroq amalga oshgan harakat ma'nosini ifodalaydi: gapir + ib + edi + m kabi. So‘zlashuv tilida bu shakl tovush o‘zgarishlariga uchrab, gapiruvdim tarzida talaffuz qilinadi. Bu yerda b tovushi v tovushiga, undan oldingi i tovushi u tovushiga almashadi, e tovushi talaffuz qilinmaydi [Rahmatullayev 2006: 186].

F. Rahmatovning tadqiqotida o‘tgan zamon hikoya shaklining fe’l o‘zagiga ravishdosh yasovchi -b (ib) affiksini qo‘shish va tuslash orqali yasalishi qayd etilgan [Rahmatov 2020: 808 - 809]. Ko‘rinadiki, mazkur ishda o‘tgan zamon hikoya shakli faqatgina sintetik usulda yasalishi ko‘rsatilgan.

U. Tursunov boshchiligidagi hammualliflar ishida o‘tgan zamonning bu turi -b (-ib) affiksi orqali yasalgan ravishdosh va to‘liqsiz fe’l (edi)dan tuzilgan analitik shaklni tuslash bilan hosil qilinishi aytiladi. Bu shakllar nutq paytidan oldin bajarilgan harakatni hikoya qilish uchun xizmat qiladi: Ko‘zim izingga, qulog’im tovushingga zor bo‘lib o‘tirib edim, xayriyat, kelib qolding (Oybek).

O‘tgan zamon hikoya shakli bilan uzoq o‘tgan zamon (-gan, -gan edi) shakli parallel holda ishlatilishi mumkin: kelib edim, kelib eding; kelgan eding, kelgan edim kabi. Bunda to‘liqsiz fe’lning faqat edi shakli qatnashadi (qarang: [Tursunov va b., 1992: 337]). Ushbu fikrdan anglashiladiki, -(i)b edi va -gan edi shakllari biri ikkinchisining o‘rniga qo‘llanishi mumkin, ya’ni ular kontekstual sinonimik xarakterga ega.

O‘tgan zamon hikoya shakli - “o‘tgan zamon hikoya fe’li”, “o‘tgan zamon eshitilganlik fe’li” terminlari bilan ham nomlanadi. A. N. Kononov uni “o‘tgan subyektiv zamon” deb ataydi. Eski o‘zbek adabiy tilida bu shakl “o‘tgan hozirgi zamon” sifatida qo‘llanib, zamonaviy adabiy tilda ko‘pincha turg’un birikmalar tarkibida uchraydi: Xush kelibsiz! [Kononov 1960: 220 - 222].

E. D. Polivanov tomonidan u “perfektning og’zaki shakli” sifatida ta’riflangan [Polivanov 1925: 93].

-b/-ib shakli matnlarda turli ma’nolarda qo‘llanadi. A. A. Koklyanovaning fikricha, u ertak va hikoyalarni bayon etishda asosiy o‘rinni egallaydi. Shunga ko‘ra, u modal ma’no ifodalamaydi: Shunday qilib yirtqich Bo‘ri qopqonda qolipti. Tulki aldamchi esa qochib ketipti (Sa’dulla O‘zbek ertaklari 17). Misoldagi qolipti, ketipti fe’llari tarkibidagi -(i)b ravishdoshi -(i)p shaklida qo‘llangan.

Yana bir misol: Gulchehra qal’aga yaqin boripti. Qarasa qal’aning temir darvozalari berk, u gulchechaklar bilan o‘ralganmish. Ko‘p vaqtlardan beri bu yerga hech kim oyoq bosmagan ekan. Gulchehra ichkariga kirmoqchi bo‘lib qadam qo‘ygan ekan, darvoza qanday ochilgan bo‘lsa, shunday sharaqlab yopilibti. Gulchechaklar yo‘lni bekitipti. Qiz nima qilarini bilmay qolipti (o‘sha joy, 69). Bu misolda ham ertakdan parcha olinib, unda voqealar birin-ketin sodir bo‘lgan hamda ular o‘zaro bir-birini to‘ldirgan. Parchada boripti, yopilipti, bekitipti, qolipti fe’llari -ibdi affiksi yordamida shakllangan.

 -b/-ib shaklining o‘ziga xos yana bir jihati u, asosan, III shaxs birlikda qo‘llanadi. A. A. Koklyanovaning qayd etishicha, -ibdi badiiy adabiyotda personajlarning nutqida, dialoglarda ham faol qo‘llanadi: Oysara … Mana, otasi, Gulsaraxon sizni ko‘rgani kelipti (Y. Parpi 196). Shuningdek, -ibdi hikoya janrida biror voqeadan hayratlanish ma’nosini ham ifoda etadi: Ibrohim… (Bolani olib): Xo‘sh, menga menga berchi…O‘hu katta yigit bo‘lib qolibsanku (Y. Parpi 192) (qarang: [Koklyanova 1963: 89 - 93]). Misollar tahliliga ko‘ra, -ibdi ertak va hikoyalarni so‘zlashda, personaj nutqini bayon etishda, dialoglarda, shaxsning biror hodisadan ajablanish ma’nolarini ifodalashda qo‘llanadi.

-b/-ib affiksli shaklning to‘liqsiz fe’l edi bilan hosil bo‘luvchi -ib edi shakli adabiyotlarda “предпрошедшее время” - “oldingi o‘tgan zamon” [Kononov 1960: 224], “pluskvamperfekt” [Polivanov 1925: 95], “o‘tgan zamon hikoya fe’li” [G’ulomov 1954: 27] va boshqa terminlar bilan atalgan. Ushbu terminlar mazkur shakl ma’nosining turli buyoq va xususiyatlarini ifoda etadi.

A.A.Koklyanovaning fikricha, bu shaklning qo‘llanish janri anchagina chegaralangan bo‘lib, undan, asosan, jonli, og’zaki nutqda va folklorlarda foydalaniladi: Ibrohim… shu bezgak degan dard yomon ekan, biroz dori ichib edim, sal durustman (Y. Parpi 193); Bolalar “qayna xumcha!” deb baqirishib edi, xumchadan tilla qaynab chiqdi (Ertak); Bir payt ovchilar yetib kelib qo‘shchidan: - Bo‘ri o‘tdimi? – deb so‘radilar. – Ha, o‘tib ketibdi, dedi. Ovchilar ketib edi, qopdan bo‘ri chiqib kelib qo‘shchiga: “Men seni yeyman” – dedi (Ertak) (qarang: [Koklyanova 1963: 93 - 94]). Keltirilgan parchadagi harakat ichib edim, baqirishib edi, ketib edi analitik shakllari orqali o‘z aksini topgan. Misollardan ko‘rinadiki, -ib edi xuddi -ibdi affiksli shakl kabi hikoya va ertaklarni bayon qilishda faol qo‘llangan. Bu shaklning o‘ziga xos jihati undagi harakatning biror vosita ta’sirida amalga oshishida ko‘rinadi.         

Z. Xudaybergenova ishida u “o‘tgan zamon hikoya fe’li” emas, balki -(i)bdi shaklli fe’llar” deb ataladi. Olimaning fikricha, ushbu shakl nutq onidan avval yuzaga chiqqan ish-harakatni bildiradi. Bu holda ayni fe’l shakllari o‘tmishga oid yakka harakatni, ya’ni odatiy, takrorlanadigan yoki davomli bo‘lmagan ish-harakatni anglatadi. -(i)bdi shakli o‘tmishda bajarilgan va yakunlangan ish-harakatning nutq momentidagi natijasini anglatish imkoniga ega. Bunda harakatning holatga o‘tish jarayoni voqelanadi: Yo rabbiy! Kuzda rangini yo‘qotgan singari bu o‘n-o‘n ikki yashar bolalar qanday qilib bo‘yi yetganu, qanday qilib kelinchak ekan. Men chindan ham g’alati bir yurtga kelib qolibman (R. Guntekin).

-(i)bdi shakli so‘zlovchiga natija sifatida nutq paytidagina ma’lum bo‘lgan, ammo bajarilib, tugallangan harakatni bildiradi: Hovliga o‘g’ri tushganini bilib xotin sho‘rlik dod solibdi (O‘. Hoshimov). Kecha kirsak, hammasini cho‘tga solib, hisob-kitob qilib qo‘yibdi (P. Qodirov).

Yotmoq, turmoq, yurmoq, o‘tirmoq fe’llari ishtirokida qo‘llangan qo‘shma fe’llarning -(i)bdi shakli hozirgi zamonda bajarilayotgan ish-harakatni ifodalaydi: Oyshaxon uni yaxshi ko‘rishi har bir harakatidan ko‘rinib turibdi (P. Qodirov).

(qarang: [Xudaybergenova 1999: 13 - 16]).  Olima ishida keltirilgan misollar tahliliga ko‘ra, -ibdi shakli harakatning holatga o‘tishi, tugallangan harakat, ko‘makchi fe’l vazifasida qo‘llanib hozirgi zamon ma’nosini voqelantiradi.  

O‘zbek tili grammatikasida o‘tgan zamonning -(i)b formasi ifodalaydigan quyidagi holatlar qayd etilgan:

1. Harakatni bevosita kuzatmaganlik, undan keyin xabardor bo‘lganlik ma’nosini bildiradi. Bu ma’no ikki xil ottenkaga ega: 1) o‘zgadan eshitib bilganlik: Eshitishimga qaraganda, Qo‘chqor tuman markaziga ketganicha qaytib kelmabdi. (S. Anorboyev). Ularning paroxodlari Oltiquduqda hukumatga o‘tib ketibdi, endi bizning davlatga sotgan balig‘imizni tashirmish (A. Muxtor); 2) harakatning bajarilganidan so‘zlovchining o‘zi keyin xabardor bo‘lganlik ottenkasi: Kechirasiz, o‘rtoq Zunnunov, ishlarning mojarosi bilan bo‘lib sizni maqtal qilib qo‘yibman (I. Rahim).

2. -ibdi shaklining «yetakchi fe’l + qo‘y» ko‘makchi fe’lidan tashkil topgan formasi harakat-holatning hozir mavjudligi ma’nosini bildiradi: Rahmat davlatimizga, yetarli mashina berib qo‘yibdi (H. G’ulom). Meni daraxt ekmagan deb o‘ylaydi, shekilli, boboy, qirq gektar bog‘ni yashnatib qo‘yibman (H. G‘ulom).

3. Payt ergash gapning kesimi -ki bog‘lovchisi bilan qo‘llanganda, bosh gapdagi harakat, hodisaning ergash gap kesimi bildirgan harakat bajarilgandan beri davom etayotganligi ma’nosi ifodalanadi: Aqlimni tanibmanki, shu kolxozda ishlab kelyapman. (S. Anorboyev). Shu uyga tushibmanki, mehmon kutaman (H. G‘ulom).

4. To‘siqsiz ergash gap kesimi funksiyasida kelib, to‘siqsizlik ma’nosini ifodalaydi: Ko‘rdim deb gerdayma, na ko‘ribsan - kam (Shukrullo).

-ibdi shakli so‘zlovchining harakatni qat’iy tarzda e’tirof etmay, o‘zganing gapi yoki boshqa biror mulohazaga ko‘ra shunday deb aytishi ma’nosida ham qo‘llanadi. Bu ma’noda, asosan, shart ergash gapli qo‘shma gaplarda bosh gapning kesimi vazifasida keladi: Mayli, bolam, mayli, eshitsam sen tufayli eshitibman, u tufayli eshitganim yo‘q (A. Qahhor). Parvardigorning ishi qozilarni duo qilishga qolgan bo‘lsa, xudodan ham putur ketibdi («Latifalar»).

Ba’zan -ibdi shaklining ma’nosi -di affiksli formaning ma’nosiga juda yaqin bo‘ladi; Yalinib-yolvorib Shokirvoyni zo‘rg‘a qutqarib olibman (H. Nu’mon). Ozib-yozib mashinangizga bir tushibman-u, shuni ham darrov yuzimga soldingizmi? (B. Rahmonov). Bu misoldagi qutqarib olibman, tushubman fe’llari bildirgan harakat so‘zlovchi o‘zi ko‘rgan, bilgan harakat. Shuning uchun bu forma o‘rnida qutqarib oldim, tushdim formasini qo‘llash mumkin (qarang: [O‘zbek tili grammatikasi 1975: 479 - 481]).

Yuqorida aytib o‘tilganlardan ma’lum bo‘ldiki, -(i)b, -ibdi, -(i)b + edi yordamida yasaluvchi shakllar tilshunoslar tomonidan turlicha „o‘tgan zamon hikoya fe’li“ [Rahmatov 2020: 808 - 809]; „o‘tgan zamon hikoya shakli“ [Tursunov va b., 1992: 337]; „o‘tgan subyektiv zamon“ [Kononov 1960: 220 - 222]; “perfektning og’zaki shakli” [Polivanov 1925: 93]; „-(i)bdi shaklli fe’llar“ [Xudaybergenova 1999: 13 - 16]; „-(i)b + edi yordamida yasaluvchi forma“ [O‘zbek tili grammatikasi 1975: 479 - 481]; „-ibdi shakli“ [Koklyanova 1963: 89] terminlari bilan nomlanib, ushbu shakllar turli ma’no va vazifalarda qo‘llangan. Tilshunoslarning ushbu shakl borasidagi yakdilligi -(i)b shaklining „nutq momentidan ancha ilgari sodir bo‘lgan harakat“ ma‘nosini hikoya qilishda qo‘llanishi borasidagi qarashlari ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Keltirilgan misollar tahliliga binoan, -(i)b affiksli shakl muayyan harakat haqida o‘zga kishi orqali xabardor bo‘lish, yetakchi fe’lga qo‘y ko‘makchi fe’li bilan birikib harakat-holatning hozirgi vaqtda mavjudligini, to‘siqsiz ergash gap tarkibida kelib, to‘siqsizlik ma’nosini, shart ergash gapli qo‘shma gapda kesim funksiyasida kelishi, ba’zan -di affiksi o‘rnida ham qo‘llanishi, yotmoq, turmoq, yurmoq, o‘tirmoq fe’llari bilan qo‘shma fe‘l hosil qilib, harakatning hozirgi zamonda amalga oshish ma’nolarini, aspektual jihatdan, yakka, tugallangan, harakatning natijasi, payt ergash gap tarkibida -ki bog’lovchisi bilan qo‘llanib, davomiy harakat ma’nolarini voqelantirishi mumkin.

Misollar tarkibida ko‘p vaqtlardan beri, bir payt, kuzda, kecha leksik konkretizatorlari harakatning amalga oshish paytini ko‘rsatib, temporal semantikani hosil qilgan, ulardan ko‘p vaqtlardan beri payt ko‘rsatkichi nafaqat temporal, balki davomiylik aspektual ma’nosini ham ifoda etgan.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Abdurahmanov Sh. Sh., Shoabdurahmonov A. P. va b. O‘zbek tili grammatikasi. - Toshkent, - 1975. 608 b.
  2. Fayzullayeva I., Mustafayev Sh. //O‘zbek va italyan tillarida zamon, mayl va fe’lning vazifadosh shakllari o‘rtasidagi o‘xshashliklar “Pedagogs” international research journal Volume - 22, Issue-2, November - 2022. - B. 59 - 66.
  3. Rahmatullayev Sh. Hozirgi adabiy o‘zbek tili. -Toshkent, 2006. - 450 b.
  4. Rahmatov F. Tillarda zamon kategoriyasini umumiy-qiyosiy o‘rganish // Academic Research in educational sciences. Volume 1 / Issue 3/ 2020. - B. 807 - 814.
  5. Tursunov U., Muxtorov A. va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. - Toshkent, 1992. - 400 b.
  6. Коклянова А. А. Категория времени в современном узбекском языке. - М.: Изд-во АНССР, 1963. 118 с.
  7. Кононов А. Грамматика современного узбекского литературного языка. -М.: Изд-во АНССР, 1960. С. 232 - 234.
  8. Поливанов Е. Д. Введение в узбекского языка. - Тошкент, 1925. С. 87 - 88.
  9. Худайбергенова З. Н. Ўзбек ва турк тилларида феълнинг ўтган замон шакллари тизими. Филол. фан. номз. дисс… автореф. - Тошкент, 1999. 27 б.
  10. Ғуломов А. Ғ. Феъл. – Тошкент, 1954. – 88 б.

 

Муминова А. Аспектуально-темпоральная семантика формы рассказ-ного прошедшего времени в узбекском языке. В данной статье анализируются различные мнения и рассуждения о формировании, употреблении, а также выражении аспектуальных и темпоральных значений одной из форм прошедшего времени в узбекском языке – прошедшего повествовательного времени. Автор обратился к многочисленным источникам, чтобы глубоко осветить взгляды лингвистов по данному вопросу.

 

Muminova A. The Aspectual and Temporal Semantics of the Past Narrative Tense in the Uzbek Language.This article analyzes various opinions and discussions on the formation, usage, and expression of aspectual and temporal meanings of one of the past tense forms in the Uzbek language – the past narrative tense. The author has referred to numerous sources to thoroughly explore the views of linguists on this issue.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati