Maqollar o‘zi mansub bo‘lgan millatning madaniyati, mentaliteti, urf-odatlari, turmush tarzi va e’tiqodini aks ettirishi bilan birga ular ham til birligi, ham folklor birlik hisoblanadi. Binobarin, ayrim maqollar hozirgi kunda biz ishonmaydigan mifologik qarashlarga ham ishora qilishi mumkin. Biroq bugungi kunda ham bu kabi maqollarning bir qanchasi xalq muloqotidagi faolligini yo‘qotmagan bo‘lib, ular o‘z asl ma’nosida yoki vaqt o‘tishi natijasida milliy qarashlarning o‘zgarishi tufayli kognitiv-semantik o‘zgarishga uchragan holda qo‘llanilmoqda. Ushbu maqolada mifologik ayol obrazlarini o‘z mazmunida maqol o‘zagi sifatida aks ettiruvchi o‘zbek maqollari lingvokognitiv nuqtai nazardan tahlil qilinadi.
Maqollarning yaratilishi va jamiyatda “xalq maqoli” maqomini olishi haqida V.Mider quyidagi fikrlarini bayon etadi: “Maqol ham, topishmoq, latifa yoki ertak ham osmondan tushmaydi va u xalqning afsonaviy ruhiyati mahsuli ham emas. Aksincha, ular har doim alohida shaxs tomonidan ataylab yoki beixtiyor o‘ylab topiladi. Agar jumlada haqiqat yoki donolikga xos element mavjud bo‘lsa va unda maqol belgilarining (parallelizm, qofiya, alliteratsiya, ellipsis, metafora va boshqalar) bir yoki bir nechtasi mavjud bo‘lsa, u dastlab kichik oilaviy doirada, keyin esa qishloq, shahar, mintaqa, mamlakat, qit’a va nihoyat dunyo miqyosida maqol sifatida “qabul qilinishi” hamda qo‘llanilishi mumkin. Maqollarning dunyo bo‘ylab tarqalishi haqidagi gaplar shunchaki balandparvoz gaplar emas, chunki ba’zi qadimiy maqollar aslida dunyoning ko‘p joylarida uchraydi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining aql bovar qilmas kuchi bilan yangi shakllantirilgan maqolga o‘xshash jumlalar radio, oynai jahon va bosma ommaviy axborot vositalari orqali odatdagiga nisbatan tezroq haqiqiy maqolga aylanishi mumkin. Umuman og‘zaki folklorda bo‘lgani kabi, so‘zlari, tuzilishi, uslubi va metaforasining xotirada qolishi oson bo‘lgan yangi yaratilgan jumla biroz o‘zgarib, u ko‘proq odamlar tomonidan eslab qolinadi va vaqt o‘tib anonim maqolga aylanadi.” [Mieder, 2004: 9; Mieder, 2007: 396-397]. Paremiolog olim ta’kidlaganidek, maqol umumjamoa tomonidan birgalikda o‘zaro kelishib yaratilmaydi, chunki u avvalo ma’lum bir shaxs tomonidan individual holda uning nutqida qo‘llaniladi, agar u yuqorida sanab o‘tilgani kabi maqolga xos xususiyatlarga ega bo‘lsa, boshqa insonlar orasida ham ommalashib, maqolga aylanadi.
Maqollarning yaratilishiga sabab bo‘luvchi omillar turli xil hayotiy vaziyatlar, xalq og‘zaki ijodi mahsullari hamda yozma manbalar ham bo‘lishi mumkin. Bir emas, bir nechta xalqlarga tegishli maqollarning kelib chiqishi omillari qatoriga E.Piraynen miflarni ham qo‘shadi: “Umumiy manbalarga kelsak, bir xil yoki o‘xshash maqollar mifologik hikoyalar, klassik adabiy asarlar (masalan, Shekspir, Dante, Servantes), xalq rivoyatlari, masallar va miflarga borib taqaladi” [Piirainen, 2010: 12]. Binobarin, mifologik elementlarni o‘z ichiga olgan maqollarning ham mazmun, ham shakl jihatidan millat tarixiga ramziy ishora qilishi va bevosita milliy xususiyatlarni aks ettirishi sababli ham maqol tarkibidagi milliy miflarning ahamiyati katta.
B.Friden mifologiyada mavjud bo‘lgan ayol obrazlarini batafsil o‘rgangan [Friedan, 1963], P.Grzibek miflarning maqol va matallar shakllanishidagi semantik va kognitiv ahamiyatini yoritgan [Grzybek, 2014], M.G.Fank kabi bir qator olimlar esa mifologik ayol obrazining maqollardagi o‘ziga xos ifodalanishini o‘z ilmiy ishlarida tahlilga tortgan [Funk, 2010].
Mifologik tushuncha va nomlarga ega maqollarning aksariyati aslida juda qadimiy bo‘lishiga qaramay hozirgi zamonda ham faol ko‘zga tashlanadi. Uilyams bunday holatning sababini quyidagicha tushuntirgan: “Many of the proverbs that follow, despite having been collected over half a century ago, will nevertheless be familiar to readers, because proverbs can be used to cover new situations. Nowadays as well as in everyday conversation, proverbs turn up in advertisements and are frequently used as newspaper headlines” [Williams, 2000: 8]. Olimaning fikricha, qadimiy maqollar yangi holat yoki voqealarni ifodalash uchun ham ishlatilishi sababli ular uzoq vaqt yashash xususiyatiga ega bo‘ladi, binobarin, hozirgi kunda maqollar nafaqat og‘zaki nutq bezagi, balki turli reklama matnlari va gazeta nomlari uchun ham foydali unsurlar hisoblanadi.
Jahon paremiologiyasida bir qancha olimlar “o‘zak” (kernel) atamasini maqolning asosiy g‘oyasini ifodalovchi semantik o‘zagi sifatida maqolda joylashgan asosiy kalit so‘z(lar)ni ifodalash uchun eng to‘g‘ri termin ekanligini ta’kidlaydilar. Finlyandiya paremiologi M.Kusining yozishicha, bir xil tuzilishga va adekvat xabar o‘zagiga ega boʻlgan, lekin boshqa-boshqa fikrlarni ifodalovchi matnlari o‘zaro mos keluvchi maqollar (congruous proverbs) deb atash mumkin [Kuusi, 1966: 98-99]. Olimning fikrini davom ettirgan holda K.Grigas maqolni avtonom birlik sifatida tashkil etuvchi va uni boshqa maqollardan ajratib ko‘rsatish imkonini beruvchi komponent bo‘lishi kabi maqol o‘zagining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradi hamda “kernel” – maqol badiiy obrazining o‘zagi, uning bevosita ma’nosini saqlab qolgan ifodalar esa – bu tushunchalarning mantiqiy birikmasi ekanligini yozadi [Grigas 2001: 10]. Umuman olganda, o‘zak maqolning asosiy kognitiv unsuri bo‘lib, u insonning maqol mazmunini osongina tasavvur qilishiga hamda idrok etishiga sababchi bo‘ladi. Ammo paremiologik lug‘atlarda va til egalari tomonidan yaratilgan diskurslarda mavjud bo‘lgan maqolning o‘zagi hamda uning asosiy g‘oyasini tushunish uchun inson maqol egasi bo‘lgan millatning tili, tarixi, madaniyati va mentalitetini yaxshi bilishi kerak.
O‘rta Osiyoda arablarning istilosiga qadar (673-751) mavjud bo‘lgan turkiy xalqlarning qadimiy dini “Ko‘k turkchilik” deb nomlangan bo‘lib, mahalliy aholi esa o‘zlarini “Ko‘k turklar” deb atashgan. Mazkur din xalqning tabiat hodisalariga nisbatan diniy tushunchalar sifatida qarashlariga asoslangan. Turkiy xalqlar tarixiga oid faktlarga ko‘ra, ushbu qadimgi dinda turkiy xalqlar tomonidan bir nechta diniy-ilohiy mavjudotlarga e’tiqod qilingan bo‘lib, ularning ayrimlari o‘zbek xalq maqollari tarkibida saqlanib qolgan. Xususan, Momo (ona) yer Tangrisi bosh xudo – Ko‘k osmon Tangrisining xotini bo‘lib, u xalqni yomon qilmishlari uchun jazolashga mas’ul bo‘lgan. Quyidagi maqollarda ularning o‘zagi sifatida kelgan Momo (ona) yer Tangrisining turli nomlari uchraydi, chunki bu nomlar uning turli vazifalarini o‘zida aks ettiradi.
Ayoz momo – Momo (ona) yer Tangrisining yana bir ismi bo‘lib, havo juda sovuq va izg‘irinli bo‘lganda uni odamlar shunday nomlashgan: ayoz – izg‘irinli sovuq, momo – ona.
Ayoz momo olti kun,
Qahri kelsa – qatti kun.
Buning ma’nosi shuki, Ayoz momo odatda olti kun sovuq yuboradi, agar odamlarning yomon qilmishlari sabab uning qahri kelsa, qirq kun qattiq sovuq bo‘ladi. Qatti so‘zi qirq so‘zining arxaik shaklidir. Ushbu maqolning mazmuni bevosita O‘rta Osiyo iqlimi bilan bog‘liq bo‘lib, odatda qishning oxirida va hatto bahorda, xususan, bahorning boshida bir necha sovuq va qorli kunlar bo‘ladi, ba’zida esa sovuq havo mart oyining oxirigacha saqlanib qoladi. Bunday hollarda odamlar yomon ishlar qilib qo‘ygani sababli Ayoz momoning jahli chiqib, ularni ayovsiz jazolamoqda, deb o‘ylashgan.
Ayoz momo olti kun,
Qahri kelsa – yetti kun
Sakransa – sakkiz kun,
To‘qransa – to‘qqiz kun,
O‘qransa – o‘n kun.
Mazkur maqol ancha uzun va she’riy shaklga bo‘lib, u yuqoridagi maqolning yana bir variantidir. Unda aytilishicha, Ayoz momo bor-yo‘g‘i olti kun qattiq sovuq yuboradi, lekin uning qattiq jahli chiqsa, sovuq kunlar yetti kunga cho‘ziladi, sakrasa, sakkiz kun, qovog‘ini solsa, to‘qqiz kun sovuq bo‘ladi, jahldan o‘qranib qarasa esa, o‘n kun sovuq bo‘ladi. Ushbu maqol bosqichma-bosqich Ayoz momo jahlining darajasi va shunga mos ravishda izg‘irinli kunlar sonining oshib borishini ko‘rsatadi. Qadimda asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan turkiy xalqlar uchun bunday ob-havo juda ko‘p zarar olib kelgan, chunki qattiq sovuqda ular ko‘plab qoramollaridan ayrilib qolishgan. Hozirgi kunda ham mazkur vaqt, ya’ni qishning so‘nggi kunlari va bahorning boshi “ilik uzildi” davri deb nomlanib, unda yilning boshqa davriga nisbatan nafaqat hayvonlar, balki insonlar orasida ham o‘limning ko‘pligi bilan alohida ajralib turadi.
Ayamajuz – o‘zbek madaniyatida qishning so‘nggi kunlari nomi bo‘lib, odatda O‘zbekistonda qishning boshqa haftalariga qaraganda sovuqroq bo‘ladi, bu davr atigi olti kunni o‘z ichiga oladi, ammo butun qishdan sovuqroq bo‘ladi. Bundan tashqari, bu so‘z ma’nosining yana bir arxaik varianti mavjud: aya – ona, majuz – sovuq, shuning uchun bu ma’noda ushbu nom Ayoz momoning sinonimi bo‘ladi. Bu so‘z izohining uchinchi varianti ham mavjud: ayyom – kunlar, ajuz – kampir [Abdullaeva, 2020: 313]. Oxirgi ikki variant mazkur nomning ham Momo (ona) yer Tangrisining yana bir ismi ekanligini asoslaydi.
Ayamajuz olti kun,
Olti oy qishdan qatti kun.
Ayyom ajuz olti kun,
Qahri kelsa – olti oy qishdan qattiq kun.
Har ikki maqol ham qishning oxirgi qahraton kunlari va bahorning birinchi kunlari xalq uchun juda og‘ir bo‘lgani, odatda qishning boshqa oylariga nisbatan sovuqroq bo‘laganini ifodalash uchun ishlatilgan. Mazkur maqollarda xalq chorvachiligi uchun noqulay bo‘lgan salqin kuz oylari ham qish oylari safiga qo‘shib hisoblangan.
Sust xotin – Momo (ona) yer Tangrisining boshqa bir nomi bo‘lib, bu yerda sust so‘zi kamharakatlilikni anglatadi. Yomg‘ir juda kam yoqqanda, odamlar Momo (ona) yer Tangrisidan yomg‘ir so‘rashadi va uni “sust xotin” deb atashadi. Bu nom, ayniqsa, bahor va yoz fasllarida sabzavot hamda mevalarni sug‘orish uchun yetarli yomg‘ir yog‘dirmaganligi uchun mazkur ilohga nisbatan qo‘llanilgan.
Yomg‘ir kerak bo‘lsa, Sust xotinni chaqir.
Ushbu maqol ko‘pincha bahor yoki yozning quruq kunlarida biroz hazilomuz tarzda ishlatiladi, chunki hozirgi kunda hech kim bu afsonaviy obrazga ishonmaydi.
Humo (Umo) ona – yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni turli xavf va kasalliklardan, odamlarni turli balo-qazolardan asraydigan qush qiyofasidagi ilohiy mavjudot bo‘lib, u shu bilan birga omad va xotirjamlik timsoli hisoblangan. Bugungi kunda humo qushi tasviri O‘zbekiston gerbining markazida aks ettirilgan, shuningdek, mamlakatimizning markaziy maydonlari hamda tarixiy binolarida uning shaklidagi ramziy haykallar va sur’atlarni ko‘rish mumkin.
Boshiga humo qushi qo‘ndi.
Ushbu maqolda humo qushi maqolning o‘zagi sifatida qo‘llanilib, u boshiga o‘sha qush qo‘ngan inson juda omadli bo‘lishini ifodalaydi, bugungi kunda o‘zbek jamiyatida mazkur maqol Boshiga baxt qushi qo‘ndi shaklida keng qo‘llaniladi.
Hozirgi kunda insonlar o‘zlarining har kunlik muloqotida mifologik obrazlardan faol foydalanmasa-da, ular maqol va matallar mazmunida uzoq vaqt yashashi mumkin. Mifologik unsurlar va nomlar odatda maqol mazmunida uning markaziy konsepti – o‘zagi bo‘lib keladi, buni yuqorida tahlilga tortilgan mifologik ayol obrazlariga ega o‘zbek xalq maqollari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, mifologik unsurlar va nomlar odatda insonlar tomonidan o‘ylab topilgan diniy-ilohiy mavjudotlarga tegishli bo‘lib, ularning maqol tarkibida kelishi maqolning inson xotirasida obrazli tarzda oson saqlab qolinishiga sabab bo‘ladi. Mifologik tarkibli maqollar xalq tarixi va madaniyatini yorqin ifoda etish bilan birga, ular jonli muloqotda ba’zi hollarda o‘z ma’nosida, ba’zi hollarda hazilomus tarzda ham qo‘llaniladi. Mazkur paremiologik birliklar millat tarixi va mentalitetidan xabar beruvchi madaniy meros sifatida o‘rganilishi va kelajak avlod uchun saqlanishi lozim.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Abdullaeva N. Mythological female characters in Uzbek proverbs: linguo-cognitive approach. This paper analyses the Uzbek national proverbs that contain woman mythological characters as their kernels in their structure from a linguo-cognitive point of view. Some proverbs may refer to mythological beliefs that we do not have nowadays. However, a number of those kinds of proverbs have not lost their truth in meaning and value in everyday usage, so these days they are used with their original meaning or faced some cognitive-semantic change due to the time that passed and changed the insights of the nation.
Абдуллаева Н. Мифологические женские персонажи в узбекских пословицах: лингвокогнитивный подход. В данной работе с лингвокогнитивной точки зрения анализируются узбекские пословицы, в структуре которых ядрами являются женские мифологические персонажи. Некоторые пословицы могут относиться к мифологическим верованиям, которых у нас нет сегодня. Однако ряд таких пословиц не утратили своей истинности в смысле и ценности в повседневном употреблении, поэтому в наши дни они используются в своем первоначальном значении или подверглись некоторому когнитивно-семантическому изменению из-за прошедшего времени и изменения восприятия нации.