O‘ZBEK – XITOY XALQLARI ADABIY ALOQALARI GENEZISI TARIXIDAN

O‘zbek-xitoy adabiy aloqalari genezisining boshida eng qadimgi folklor materiallari, miflar turadi. Miflardagi mushtarak jihatlar aynan ikki xalq adabiyoti ildizlari oziqlangan zamin, birlamchi va qadimgi manbalarni aniqlash imkonini beradi.

Qadimgi o‘zbek-turkiy folklorda olam va odamning yaralishi bilan bog‘liq miflar ko‘p jihati bilan shu mavzu va mazmundagi xitoy miflari bilan juda o‘xshash, xitoy folklori namunasi sirasida keltirilayotgan ayrim asotirlar qadimgi o‘zbek mifologiyasida ham uchraydi, bu holat ularning bir genezisga egaligini anglatadi. Bunday miflar sirasiga, ayniqsa, kosmogonik, kalendar, qahramonlik, astral, hayvon va maxluqlar haqidagi asotirlar mansub. Pangu (盤古) va Tengri, Nuyva (女媧) va Umay ona, G‘arb malikasi Sivangmu (西王母) va Erlik, ajdarho va ot, bo‘ri, mergan Yi (后羿) va Alpomish kabi xitoy-o‘zbek mifologik personajlari juda o‘xshash.

 

 

Jadval 1. Bosh maʼbudlar panteonidagi o‘xshashliklar

 

Bosh

xudolar

Ayol

xudolar

Narigi dunyo xudolari

oliy dunyo

o‘rta dunyo

tuban dunyo

qahramonga sovg‘a

Tengri

Umay

Erlik

o‘zga olamlarni kezish xususiyati

Pangu

(盤古)

Nuyva

(女媧)

Sivangmu

(西王母)

mangulik                 unsuri

 

 

Qadimgi xitoyliklar osmon, quyosh va yerni muqaddas bilishgan. “Ular o‘tmishda tabiat kuchlarini rahm qilishi uchun turli marosimlar o‘tkazgan. Shu sababli Xitoy neolit davri dehkonlarida animistik kultlar paydo bo‘ldi, ularning orasida ayniqsa, Ko‘k (天崇拜), Quyosh (太阳崇拜) va Yer (土崇拜) kultlari keng rivojlandi» [1, 10]. Xuddi shunday qadimgi o‘zbeklar tasavvurlarida ham bu uch kosmogonik tushuncha Tengri, Umay, Erlik maʼbudlari kabi birinchi o‘rinda turgan va muqaddas bilingan. Turkiy va mo‘g‘ul ellari orasida hurmatli odam qonining yerga to‘kilishi oldi olingan. Shu sababli xon avlodidan bo‘lgan kishiga oliy jazo tayinlanganda ham, uning qoni yerga tushmasligi uchun o‘ziga xos o‘lim turini tanlashgan. Shu sababli qadimgi o‘zbek dostonlarining hech birida qatl “boshning tanadan judo bo‘lishi” tarzida amalga oshmagan. Bu kabi tushunchalar, asosan, tengrilik dini bilan bog‘liq bo‘lib, qadimgi xitoyliklarda ham ko‘k, yer va quyosh eʼzozlangan.

Xitoy va o‘zbek mifologiyasidagi bosh yaratuvchi bevosita osmon bilan bog‘liq. Uning makoni ko‘k (osmon) bo‘lib, u o‘sha yerdan butun borliqni boshqaradi, tartib-muvozanatni birdek tutib turadi. Xitoyliklar o‘z yurtini Osmonosti, o‘zbeklar esa o‘z budunini ko‘k himoyasidagi ulus sifatida bilishlari qadimgi mifologik tushunchalarga borib yetadi. Kul Tegin bitigida dastlab osmon yer bilan bir butun bo‘lganligi, ularning Tengri istagiga ko‘ra, ajralgani, qayta qo‘shilish yoki yerning yorilishi insonga ko‘p buzg‘unchiliklar olib kelishiga ishora qilinadi.

Tengrining xitoycha tyan (天) yoki qadimgi shumer tilida dingir shaklida keltirilishiga doir boshqa manbalarda ham xabarlar bor. “Saroy skiflari” (“Sarskiye skifы”) asarining muallifi Zaur Gasanovning bu boradagi mulohazalari diqqatga molik: “Tengrining ijod qilinishi oltoy etnik birlik davriga mansub bo‘lib, barcha oltoy xalqlari mifologik fondlariga tegishlidir. Aynan shunday fonetik ko‘rinishda, tadqiqotchilarning taxminicha, er. ol. III yuz yillikda u bor edi. Uning kelib chiqishini asl turkcha bo‘lgan chenli so‘ziga bog‘laydilar. Xitoy tilidagi – “tyan”, hatto shumerlarning “dingir” so‘zlari bilan ham bog‘liqligi bor. Har uch holatda ular osmonni anglatadi» [2, 312]. Xitoylik piligrim va rohibi Syuanszang (VII asr): «turklar o‘tga sig‘inishadi. Shu sababli ularning taxti yog‘ochdan yasalmasdi” [3, 343],- deb yozganida o‘zbeklar ajdodlarining tengrilik diniga topinishlarini nazarda tutgan.

Tengri boshqa mifologiyalar panteonidagi bosh xudolar bilan qiyoslanganda, unga har jihatdan xitoy folkloridagi bosh maʼbud Pangu (盤古) o‘xshashdir. Ikki iloh o‘rtasidagi folklorshunoslarning nazaridan chetda qolib ketgan hayratli darajadagi ko‘plab mutanosibliklarni shunchaki tasodifga yo‘yish to‘g‘ri emas. Bunday o‘xshashliklarga maʼlum bir tarixiy, migratsion, mifologik matritsadagi evolutsion jarayonlar o‘z taʼsirini o‘tkazgani aniq.

Syuy Chjenning (III asr) «San u li szi» (三五历记 –“Uch (hukmdor) va besh (imperator) haqidagi tarixiy qaydlar”) ida keltirilishicha, qadimda Tinch okeani mintaqasida, olam katta tuxumni eslatuvchi zulmatdan tashkil topgan. U sha olamda Pangu (盤古, Pángǔ) ismli buyuk qahramon tug‘iladi. Pangu (盤古) tuxumning ichida o‘n sakkiz ming yil uxlab, nihoyat uyg‘onadi. U ko‘zlarini ochganda, atrofni hali ham zulmat qoplagan edi. U tanasi bilan tuxumni yormoqchi bo‘ladi, lekin tuxum juda ham mustahkam edi... Uning bolta urishi zarbidan gumburlagan tovush eshitiladi va bu zulmat bilan qoplangan tuxum yorilib ketadi [4, 27]. Barcha yengil va toza narsalar yuqoriga ko‘tariladi va osmon paydo bo‘ladi. Og‘ir narsalar esa pastga qulab, yer yaratiladi. Pangu osmon va yer yana qo‘shilib ketishidan qo‘rqib, quli bilan osmonni tutib, oyog‘ini esa yerga tiraydi va yuqoriga o‘sa boshlaydi. Shu tariqa oradan o‘n sakkiz ming yil o‘tib, yer bilan osmon oralig‘idagi masofa hozirgi kundagi ko‘rinishiga kelgandan so‘ng u o‘sishdan to‘xtaydi [4, 58].

Qadimgi o‘zbek mifologiyasida Tuxum va Pangu haqidagi xitoycha mifning o‘xshash variantlari bor. Birisida keltirilishicha, qadimda qayerdandir Umay qushi uchib kelibdi. Ulkan dengiz ustida qayta-qayta parvoz qilib, qo‘nishga hech joy topmabdi. Havoda qo‘ygan tuxumlari esa suvga tushib g‘arq bo‘laveribdi. Shundan keyin Umay ko‘ksidan bir qancha patlarni yulib suv ustida in qura boshlabdi. Biroq, to‘lqinlar inni parchalab, patlarni dengiz qaʼriga olib ketaveribdi. Shunda Umay avval qattiq yerni yaratish kerakligini tushunib yetibdi. Yurak yutib ummon tubiga sho‘ng‘ibdi va tumshug‘iga balchiq olib, yuqoriga chiqibdi. Bu loydan asta-sekin yer paydo bo‘libdi. Yer kattarib, quruqlikka aylanibdi  [5, 275–276].

Tuxum va yaratuvchi bilan bog‘liq yana bir turkiy mifda keltirilishicha, qadimda ko‘k ham, yer ham bo‘lmagan, balki ulkan dengiz bo‘lgan. Uning ichida Oq Yorug‘lik paydo bo‘libdi. Undan tovlanuvchi tuxum vujudga kelibdi. Uning oyoq-qo‘li, boshi yo‘q, biroq harakati bor edi; qanoti yo‘q, uchar edi, og‘zi yo‘q biroq tovush chiqarar edi. Insoniyat yaratuvchisi Tengri uning ichida ko‘p vaqt uyquda bo‘ldi, uyg‘ongach, tuxumdan chiqish yo‘lini izlaydi. Tuxum ichida faqat po‘lat bolg‘a va nayzani topdi. Ularning yordamida tuxumni yorib tashqariga chiqdi. Tuxumning yuqori qismidan osmon, pastki qismidan esa qo‘ng‘ir yer yaraldi [6, 64].

Tuxum obrazi qadim turkiy mifologiyada dunyo boshlanmasidan tashqari mustahkam qo‘rg‘on, quvvat manbai sifatida tushunilgan. Asli turkiy ildizlarga ega bo‘lgan rus ertaklaridagi Kosheyning o‘lmaslik sababi-jonining tuxum ichida saqlanganligi bo‘lgan, shuningdek, o‘zbeklar orasida bejizga yangi ko‘zi yorigan ayollarga tuxum yedirish odati saqlanmagan. Pangu haqidagi mif xitoyda ulug‘ olam-koinot va kichik olam – inson haqidagi kosmogonik tizim mavjud bo‘lganligini asoslaydi. Makro va mikro olam (yoki olami kabir va olami sag‘ir) yaxlitligi haqidagi bu tushuncha keyinchalik odam bilan bog‘liq bo‘lgan ilm-fanning boshqa sohalarida, xususan, meditsina, fiziognomika kabilarda o‘z aksini topdi.

XX asrning mashhur xitoy mifshunosi Yuan Ke (袁珂 ) Pangu obrazini myao va yao ellari ajdodi deb bilingan Panxu bilan bog‘laydi va uni Pangu deb ataydi [7]. Eramizning IV va V asrlarda yaratilgan manbalarda mazkur Pangu (Panxu) “besh rangli it” sifatida tasvirlanib, ayolga uylanganligi va farzandlar ko‘rganligi qayd qilingan.

Bu holat qadimgi o‘zbek (turkiy) afsonalarda oyoq qo‘li dushmanlar tomonidan kesilgan va botqoqqa tashlab ketilgan bolaning ayol bo‘ri tomonidan asrab boqilishi, kattargach uni o‘ziga er qilib, farzandlarni dunyoga keltirish voqeasini yodga soladi.

Qadimgi xitoyliklar turkiylarning ajdodlarini bo‘rilardan tarqaganligi haqidagi mifni yaxshi bilishgan va bu haqdagi dastlabki maʼlumotlar o‘z manbalarida keltirilgan. Qadimgi xunlarning Ashina deb ataluvchi tarmog‘iga mansub el qo‘shni hukmdor tomonidan tor-mor etilib, xalqi to‘liq qirilgan. Faqat bir o‘n yashar bolakay tirik qolgan. “Jangchilar, uning yoshligini inobatga olib o‘ldirmasdan, oyoq qo‘lini chopishib, o‘tloqli ko‘lga tashlashibdi. Bo‘ri xotin uni et bilan boqibdi. Hukmdor bolaning tirikligini bilgach, uni o‘ldirishga jangichilarini qaytadan yuboribdi. Bolaning yonida bo‘rini ko‘rishgach, uni ham yo‘q qilishmoqchi bo‘lishibdi, biroq, ona bo‘ri g‘arbiy dengizdan sharqda, Gaochandan shimoliy-g‘arbiy tarafdagi tog‘larda paydo bo‘libdi. Tog‘larda g‘or bor ekan ... Shu yerda berkingan ona bo‘ri o‘n o‘g‘ilni ochunga keltiribdi. Ular ulg‘ayishib, uylanishdi va barchasi bolali bo‘lishdi. Keyinchalik ularning barchasi alohida urug‘ga bosh bo‘ldi. Ularning orasida ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan Ashina ham bor edi, uni xon qilishdi: u o‘zining kelib chiqishini esda tutishi uchun bo‘ri boshli bayroqni turar joyi qopasiga ilib quydi” [8, 220–221]. N.Ya. (Iakinf) Bichurin bir keltirgan asotirida inson bolasi bo‘riga xotin bo‘ladi: “Ayrimlar so‘zlashicha, gaogyuy oilasi ajdodlari Xunlar oilasi qiz nevarasidan kelib chiqqan. Keltirishlaricha, xun Shanyuyi oilasida go‘zallikda tengsiz ikki qiz ochunga keldi. Kanizaklar ularni ilohalar deb bilishdi. Shanyuy dedi: Men shunday qizlarimni odamlarga beramanmi? Men ularni ko‘k (osmon) ixtiyoriga topshiraman. Shunday qilib, boshkentdan shimol tomonda hech kim yashamaydigan joyda yuksak o‘tov qurishdi va ikki qizini u yerga joylab, nola qildi: ularni qabul qilib olishing uchun Ko‘kka sig‘inaman! Oradan uch yil o‘tgach, ona qizlarni qaytarib olib kelishni so‘radi. Shanyuy dedi: unday qilish yaramaydi, hali vaqti kelmadi. Oradan yana bir yil o‘tgach, bir qari bo‘ri o‘tov tagidan uya kovlab, u yerdan chiqmay, kunduzi va kechasi uvullab, o‘tovni qo‘riqlay boshladi. Kichik qiz dedi: “Otamiz bizni Ko‘kka bermoq uchun bu yerga joyladi, lekin qashqir keldi, balki uning kelishi qut kelishining belgisidir. U endi bo‘rining oldiga inmoqchi bo‘lganida, opasi qo‘rquv aralash unga dedi “bu jonivordir, ota-onamizni uyatga qo‘yma”. Singil uning so‘ziga quloq tutmay, bo‘rining yoniga tushdi, unga xotin bo‘ldi va o‘g‘il tug‘di. Undan bolalar ko‘paydi va davlat yaraldi. Shuning uchun bu yerning odamlari uzun qo‘shiqlarni yaxshi ko‘rishadi yoki bo‘rilar kabi uvullashadi” [8, 214-215].

 “O‘g‘uznoma”da bo‘ri asar sujetini rivojlantiruvchi asosiy obrazdir. U qabilaga madadkor, g‘amxo‘r, ularni o‘z panohida asrovchi kuch sifatida ko‘ringan. Bunday tasvir o‘zlarini bo‘ridan kelib chiqqan deb hisoblovchi ashin urug‘i bilan bog‘lanadi.

Xitoy va turkiy miflardagi olam tuxumi haqidagi mushtarak sujet genezisi boshqa xalqlar miflarida kompleks o‘xshash jihatlari bilan umumiylik kasb etgan. Rus adabiyotshunosi V.N. Toporov slavyan anʼanalarida dunyoviy tuxum va uning rekonstruksiyasi muammosiga bag‘ishlab alohida tadqiqot yaratgan [9]. Unga ko‘ra, rus ertaklari personaji, turkiy ildizlarga ega bo‘lgan O‘lmas Kashcheyning joni sehrli tuxumda yashiringan bo‘ladi. Kashcheyni butkul o‘ldirish uchun, o‘sha tuxumni topib olish, uni yorib, ichidagi ignani sindirish talab etiladi [9, 82].

Xitoy mifologiyasidagi qahramonlar singari qadimgi o‘zbek folklori bosh personajlarining tashqi ko‘rinishi turli jonivorlar chatishmasidan tarkib topganlari bor. Bunga O‘g‘uzxonning qiyofasi misol bo‘ladi: “Adag‘i ud adag‘idek. Bellari bo‘ri bellaridek, yag‘ri kish yag‘ritek. Ko‘guzu adug‘ ko‘guzutek erdi. Badaninung qamag‘i tuk tulutluk erdi. (Oyog‘i ho‘kizning oyog‘idek. Bellari bo‘ri bellaridek, yag‘rini silovsin yag‘ridek. Ko‘ksi ayiq ko‘kragidek edi. Badanini butkul qalin tuk qoplagan edi) [10]. Qirg‘izlarning “Manas”dostonida Manas yo‘lbars bo‘yinli, ilon qoshli, bo‘ri quloqli edi [11,122]. O‘g‘uzxon kabi Manas ham Xitoy bilan bog‘liq tarzda talqin qilinadi.

O‘g‘uzxon va Manas mifologik obrazlaridagi xitoy miflariga xos bo‘lgan elementlar bu qahramonlarning bevosita Xitoy bilan munosabatda bo‘lganligi taʼsirida maydonga kelgan. Eʼtibor berilsa, xitoy mifologiyasi maʼbudi Fusi (庖犧), ulug‘ maʼbuda Nuyva (女媧) va O‘g‘uzxon, shuningdek, grek mifologik obrazlari qiyofalarida mushtarak totem hayvonlar qismlari aks etgan. Fusi va Nuyva: ilon tana-mol kalla-yo‘lbars tumshuq-inson yuz. “Targ‘itoy” afsonasidagi Zevsning ayoli-yarmi ilon, yarmi ayol. O‘g‘uzxon: ho‘kiz oyoq –bo‘ri bel – silovsini yag‘ir-ayiq ko‘krak. Skif onasi va Gerakl mahbubi: belidan yuqorisi odam – belidan quyi ilon. Manas: yo‘lbars bo‘yin – ilon qosh – bo‘ri quloq.

Osmon nurashi bilan bog‘liq mif turkiy mifologiyada bor bo‘lib, ko‘kning parchalanishi xitoy maʼbudasi Nuyva haqidagi mifdagi singari ulkan odamlarning janjali tufayli yuz bergan. “Oxiram shuytib, Angur bilan Tangur yoqalashib qolishibdi. Ikkovi qo‘llariga uzun tayoq olib, bir-birlariga sermashib, dunyoning u boshidan bu boshigacha quvalashib, to‘balashib ketibdilar. Angur bilan Tangurning tayoqlari har sermaganda osmonga qadalib qolib, osmonni yara qilib, sidirib ketaveribdi. Osmondagi Somon yo‘li degan sidiriq aslida Angur bilan Tangur yoqalashganda paydo bo‘lib qolgan ekan. Shunda xudo Angur bilan Tangurni tutib olib, «mening osmonimni buzib tashlamoqchimisizlar?!» - deb, ularni dengizga botirib yuborgan ekan [12]. Xitoy mifologiyasida xudolar o‘zaro urushib osmonni nuratishganda maʼbuda Nyuyva ulkan toshbaqani o‘ldirib, uning to‘rt oyog‘ini kesadi va ko‘kka ustun qilib qo‘yadi. Bu tirgaklar juda kuchli bo‘lib, osmonning qulashidan qo‘rqmasa ham bo‘lar edi [13, 32].

O‘zbek mifiga eʼtibor berilsa, “Osmondagi Somon yo‘li degan sidiriq aslida Angur bilan Tangur yoqalashganda paydo bo‘lib qolgan ekan.” Xitoy mifologiyasida Somon yo‘li haqidagi “Osmon chevari va cho‘pon yigit” nomli go‘zal asotir bor. Unda keltirilishicha, Nefrit imperatorining va Osmon Ona-maʼbudining chevar qizi Chjinyuy (織女) (“chevar, tikuvchi-ayol”) ko‘kda turfa xil bulutlarni tikib bichar edi. U chevarlikni yer va osmonga yorug‘likni tarqatgan Somon yo‘lini tikib chiqqan onasidan o‘rgangan. Chjinyuy har kuni sehrli yopinchiq yordamida olti opa-singlisi bilan ko‘kdan yerga tushib ko‘lda cho‘milar edi. Kunlarning birida Nyulan (牛郎) ismli cho‘pon yigit suvda baliq kabi suzib yurgan qizni ko‘rib uni qattiq sevib qoladi, go‘zalni qo‘lga kiritish uchun sehrli yopinchiq (qush qanotlari va patlari) ni yashirib qo‘yadi. Chjinyuy qirg‘oqqa chiqqach, Nyulan uni tutib olib, uyiga olib ketibdi. Bundan xabar topgan Nefrit imperatori g‘azabga kelibdi, biroq, qizi cho‘ponga turmushga chiqqach, g‘azabini yutibdi.

 Chjinyuy va Nyulan baxtli hayot kechirishibdi, bir o‘g‘il va bir qiz ko‘rishibdi. Biroz vaqt o‘tgach, Chjinyuy uyini, ota-onasini sog‘inibdi. Nyulan yashirib qo‘ygan sehrli yopinchig‘ini izlab topib, uning yordamida osmon saroyiga qaytib ketibdi. Qizining kelganidan quvongan Nefrit imperatori tezda xotini tikib qo‘ygan Ko‘k dengizini (Somon yo‘li) osmonga sochib, Chjinyuyning ortiga qaytib ketish yo‘lini berkitibdi. Chevar qiz uyiga qaytolmay, o‘n oltinchi osmonda tutqinlikda qolibdi. Vafodor cho‘pon bolalari bilan seviklisi ortidan ko‘kka ko‘tarilibdi, biroq yorning manziliga yetib borolmabdi. Chunki uning yo‘lini Somon yo‘li to‘sib qo‘yibdi [4, 28-29].

Chjinyuy va Nyulanning g‘aroyib muhabbati, inson va o‘zga jins o‘rtasidagi turmush bilan bog‘liq mif va ertaklar qadimgi o‘zbek (turkiy) folklorda mavjud bo‘lgan hodisadir. Bunga Go‘ro‘g‘li (o‘zbek dostonlarining epik qahramoni) va pari yorlari o‘rtasidagi turmushni, yoki yigitlar bilan tunda o‘ynashadigan alvastilar, yo‘lovchi o‘g‘lonlarni ovloqqa chorlovchi sariq qiz obrazlari misol bo‘la oladi. Qadimgi turkiylar orasida osmondan tushadigan o‘zga jins vakillari ezgu kuchlar timsollari bo‘lishgan, ko‘pincha suv qushlari totem sifatida ulug‘langan. Umay onaning Humoy qushiga aylanishi yoki oqqushning chiroyli qizga aylanib bahodirga yor bo‘lishi motivlari, darhaqiqat, qadim el og‘zaki ijodining ajralmas qismidir.

Xitoy mifologiyasi va qadimgi turkiy asotir va ertaklarida keltirilgan mazkur sayyor syujetlarda o‘zbek mifologik maʼbuda Umayning Humay va boshqa ko‘rinishdagi qushlar shaklida yerga tushishi va ajdodga aylanishi talqin qilinmoqda.

Bu miflardagi parallel tasvirlar qadimgi xitoy va o‘zbek kosmogonik mifologiyasining bir genezisga ega bo‘lganligini quvvatlaydi.

Pari maʼbuda timsolidagi Chjinyuy va inson Nyulanning muhabbatiga o‘xshash ikki element-tuproq va olov vakillarining turmush qurishi yoki yaqin aloqaga kirishish hodisasi o‘zbek-turkiy folklorida mavjud bo‘lgan hodisa. Bunga Go‘ro‘g‘li va Yunus (Misqol) pari bilan bo‘lgan munosabat yaqqol misoldir. Gohida pari va inson qovushishidan Chjinyuy va Nyulan mifidagi singari farzand ham dunyoga kelishi mumkin, lekin bunday bola ko‘proq dev tog‘alariga tortadi, uning foydasidan zarari ko‘p bo‘ladi. Bunga misol qilib “Kitobi dadam Qo‘rqut” asaridagi Tepako‘z obrazini keltirish mumkin. Asarda bayon qilinishicha, Aruz degan kishining Qonurxo‘ja sariq cho‘pon degan qo‘ychisi bo‘lgan. Kunlardan bir kuni u ko‘l tomonga o‘tayotganda suv ustida qanot qoqib uchayotgan pari-qizlarni ko‘rib qoladi. Choponini parilardan birining ustiga tashlab tutib olgan cho‘pon u bilan jimoʼ qiladi. Pari ketar chog‘i, cho‘ponga bir yil o‘tgach kelib, bu zo‘ravonligining natijasini olishini, u qilgan harakati bilan o‘g‘uzlarning boshiga falokatni chaqirganligini aytib ketadi. Bundan qo‘rqqan cho‘ponning rangi sarg‘ayadi. Bir yil o‘tgach inson va paridan Tepako‘z nomini olgan bir ko‘zli dev paydo bo‘ladi [14].

Bir ko‘zli dev-siklop nafaqat yunon mifologiyasida, balki turkiy va xitoy mifologiyalarida ham uchraydigan va o‘zaro qiyosiy o‘rganilmagan obrazdir. “Manas” dostonida qirq alpning bir ko‘zli odamlar bilan jang qilishi ham bunday personajlarning o‘tmish turkiy mifologiya uchun begona emasligini tasdiqlaydi.

Folklorshunos H.G. Ko‘ro‘g‘li “bir ko‘zlilar” bilan bog‘liq sujetlarni qiyosiy o‘rganib «qirg‘iz cho‘llaridan bo‘lgan siklop haqidagi mifda sarmat versiyasi bilan hatto detallargacha bo‘lgan o‘xshashlik ixtiyorsiz ravishda Gerodotning xabarini tarixiy fakt sifatida qabul qilishga undaydir: skiflar mazkur Markaziy Osiyo mifini g‘arbga olib o‘tdilar, buning oqibatida u qadimgi grek eposi tarkibidan joy oldi” degan muhim kuzatuvni keltiradi. Fikrimizcha, bu syujetning g‘arbga ko‘chishida Xitoy imperiyalari bilan doimiy kontaktda bo‘lgan xun qabilalarining o‘rni katta bo‘lgan. Xitoy mifidagi “bir ko‘zlilar” mamlakatining ularga nisbatan g‘arb tomonda-xunlar, skiflar yashagan hududda joylashishida ham asos bor. Xitoy mifshunosi Yuan Ke bir ko‘zlilar mamlakati haqida maʼlumot berib, ularning mamlakati g‘arb tarafda joylashganligini, ularning yuzi o‘rtasida bitta ko‘zi bor bo‘lib, barchasining sharifi Vey bo‘lganligini keltirib o‘tadi” [13, 141].

Qadim o‘zbek–xitoy mifologiyasida Tengri – Pangu; Umay – Nuyva obrazlari genezisi bir, biroq milliy o‘ziga xoslik, xalq mentaliteti va turli tarixiy-ijtimoiy faktorlar natijasida dastlabki ibtidoiy tasavvurlardagi holatidan o‘zgarishlarga yuz tutgan va parallel holda ayrim ko‘rinishlardagi evolyutsion jarayonni boshidan kechirgan.

Panguning olam yaralishida tuxumda bo‘lishi, uni bolg‘a yordamida parchalashi, borliqning asoschisi bo‘lishi bilan turkiy mifologiyadagi bosh yaratuvchi Tengriga o‘xshasa-da, it qiyofasida dushmanlarga qarshi kurashishi, odam zotidan bo‘lgan qizga uylanishi va ikkisidan nasl qoldirishi qadimgi o‘zbek mifologiyadagi bo‘ri totemini yodga soladi. Qadim turkiylarda bo‘ri Tengri jonivori ekanligi, O‘g‘uzxon yurishlarida qo‘shin boshida bo‘lishi, boshqa bir asotirda esa bo‘rining inson zotidan farzand ko‘rish motivlarini shunchaki o‘xshashlikka yo‘yish to‘g‘ri emas. Zero, bo‘ri turkiylar qadim mifologiyasida kuch-qudrat timsoli deb bilinganligi Kul Tegin yodgorligida keltirilgan: “Tengri kuch birtuk uchun qang‘ыm qag‘an susi bo‘ri teg armis. (KT.50 Tengri kuch bergani uchun otam qoonning qo‘shini bo‘riday kuchlidir).

Mifologiyadagi bosh xudolar orasida mavjud o‘xshashliklar negizida qadimgi xitoy va o‘zbeklarning ajdodlari tarixan yaqin demiurg tasavvurlarga ega bo‘lganligini tushunib yetish mumkin. Kuzatishlarimiz natijasida, mifologik tushunchalar bir ildizga ega bo‘lsa-da, ular alohida parallel taraqqiyotni, ayrim holatda esa syujet va personajlarning bir xalq folkloridan ikkinchisiga ko‘chish, yoki spiral shaklida bir qancha xalqlar miflaridan joy olish va yana ortiga qaytish jarayonini boshidan o‘tkazishi mumkinligi aniq bo‘ldi.

Xitoy-o‘zbek folklori genezisini miflar misolida o‘rganar ekanmiz, Budda obrazi bilan turkiy afsonalar qahramoni Qo‘rqut ota obrazi o‘rtasida maʼlum o‘xshashliklar borligini ko‘rishimiz mumkin. Qo‘rqut ota afsonalarga ko‘ra, o‘limdan juda qo‘rqadi, qayerga borsa ko‘ziga go‘r qazish voqeasi ko‘rinadi va shu zamon manzilini o‘zgartiradi. O‘lim-ilondan o‘zini muhofaza qilish uchun mo‘jizakor gilamga chiqib, Sirdaryo o‘rtasida kun kechiradi [15, 265]. Budda g‘aroyib saroyda yashaydi. Otasi uni turli karomatlar ijobatidan, o‘lim, qarilik kabi noxush narsalardan ihota qilib hayotni zavq shavqda o‘tkazishga intiladi. Biroq bir kuni Budda o‘rtog‘i bilan saroydan tashqariga chiqadi va nogoh murdaga ko‘zi tushadi. Shunda u o‘lim, azob borligini anglab yetadi va ularga qarshi kurashish yo‘llarini izlay boshlaydi [16, 304]. Budda Qo‘rqut ota kabi qo‘biz chalib, meditatsiya qiladi, Qo‘rqut ota Budda kabi na chin maʼnoda tirik, na o‘lik holatiga tushadi va haqiqatlardan ogoh bo‘ladi. Buni buddaviylar nirvana deb ataydilar.

Ikki xalq miflaridagi bu kabi o‘xshashliklarni tasodifga yo‘yish to‘g‘ri emas, ular zaminida ikki xalqning badiiy tarixi ildizlari bir o‘q tomirga egaligini anglatadi.

Bugungi kunda nafaqat bizning mintaqada, balki dunyoda UNESCO homiyligida Buyuk ipak yo‘lida joylashgan xalqlar madaniy merosiga qiziqish, adabiy aloqalarning vujudga kelish sabab va jarayonlarini yoritish, ulardan umuminsoniy ezgu g‘oyalarni tashviq qilishga alohida eʼtibor berilmoqda. Shu vaqtga dovur o‘zbek-xitoy xalqlari adabiy merosi qiyosiy tarzda o‘rganilmagan edi. Mazkur maqolada xitoy va o‘zbek xalqlarining qadimgi mifologik qarashlaridagi o‘xshashliklar, madaniy aloqalarining yuzaga kelish tarixiy bosqichlari qiyosiy o‘rganildi, mifologik obrazlarning o‘zgarishlarga yuz tutishi, parallel sayyor sujetlarning vujudga kelishi, ularning sabab va jarayonlari yoritildi.

 

 

Foydalanigan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Янгутов Л.Е. О добуддийских религиозных верованиях Китая // Вестник бурятского государственного университета 6(1) /2014.-С. 8-16.
  2. Гасанов З.Г. Царские скифы: этноязыковая идентификация "царских скифов" и древних огузов. Нью Йорк.: 2002. – 486 с.
  3. Тугушева Л.Ю. Уйгурская версия биографии Сюань цзана: (Фрагменты из ленинградского рукописного собрания Института востоковедения АН СССР. Ответственный редактор Л.Н.Меньшиков.-М.: Наука, 1991. – 591 с., илл. – ISBN 5-02-016780-0.
  4. Мусурманов Э.Р.(叶尔肯), Ма Цуи Линг (马翠玲,国 家公派汉语教师). Хитой фольклори (афсона ва эртаклар): ўқув-услубий қўлланма. – Самарқанд: 2014. – 110 б.
  5. Боргояков М.И. Об одном древнейшем мифологическом сюжете, его эволюции и отражении в фольклоре народов Евразии // Скифо-сибирское культурно историческое единство. – Кемерово, 1980. – С. 272-277.
  6. Jean-Paul Roux. Eski türk mitolojisi. BilgeSu. Ankara 2011. – S.138.
  7. Юань Кэ. Мифы древнего Китая. Глава I. Введение. [Электронный ресурс]: URL http://dragons-nest.ru/dragons/mythology/china/yuan_ke_mify_drevnego_kitaya_ glava_i_vvedenie.php (дата обращения: 12.11.2016).
  8. Бичурин [Иакинф] Н.Я. Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена— Т. I. Изд. АН СССР, М.–Л., 1950. — LXXXVIII, — 381 с.
  9. Топоров В.Н. К реконструкции мифа о мировом яйце (на материале русских сказок) /Труды по знаковым системам III. – Тарту, 1967. – С. 81-99.
  10. Ўғузнома. (Нашрга тайёрловчи: Бахтиёр Исабек). [Электрон ресурс]: URL adabiyot.uz/uzbek/qadimiy/165-oguznoma.html вақти: 08.11.2017).
  11. Липеc Р.С. «Лицо волка благословенно...»: [Стадиальные изменения образа волка в тюрко-монгольском эпосе и генеалогических сказаниях ] // Сов. этнография 1981. – С. 121-134
  12. ЎзР ФА Алишер Навоий номидаги Тил ва адабиёт институти ҳузуридаги Фольклор архиви. Инв.№1477/5.
  13. Юань Кэ. Мифы Древнего Китая: Наука; –Москва; 1965. – 496 с.
  14. Книга деда Коркута. Китаб-и дедем Коркут, VIII. Песнь о том, как Бисат убил Депе-гэза. [Электронный ресурс]: URL http://vostlit.narod.ru/Texts /rus9/Korkut/text8.htm (дата обращения: 08.11.2017).
  15. Китаби Деде Горгуд = Китаби-Дəдə Горгуд. — Б.: Язычы, 1988. – 265 с.
  16. Kalupahana D. J. (инг.). A History of Buddhist Philosophy: Continuities and Discontinuities. — University of Hawaii Press (инг.) 1992. – 304 p.

 

 

Musurmanov E.                                                                   The socio-historical, religious-philosophical, cultural, and literary ties between the peoples of Uzbekistan and China, located along the Great Silk Road, have very ancient roots. The ancient ancestors of the Uzbeks, like the Chinese, believed that heaven was the kingdom of Tengri. The two peoples shared many similarities in their mythological beliefs about the pantheon of gods. They practiced Buddhism for a time, and, according to Islamic sources, were considered descendants of a single ancestor, Japheth. All of this was rooted in historical and cultural ties. This article comparatively examines the roots and development of the literary and cultural ties that arose between the two peoples.

 

Мусурманов Э.                                             Социально-исторические, религиозно-философские, культурно-литературные связи между народами Узбекистана и Китая, расположенными на Великом Шелковом пути, имеют очень древние корни. Древние предки узбеков, как и китайцы, считали небо царством Тенгри, у двух народов было много сходств в мифологических представлениях о пантеоне богов, некоторое время они исповедовали буддизм, и, согласно исламским источникам, считались потомками одного предка – Иафета. Все это было обусловлено историческими и культурными связями. В данной статье сравнительно исследуются корни и развитие литературно-культурных связей, возникших между двумя народами.

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati