OLAM LISONIY MANZARASIDA TEMPORALLIK TUSHUNCHASINING SHAKLLANISHI

KIRISH

Temporallik vaqt tushunchasi va uning tilda qanday ifodalanishini anglatadi. Bu harakat, hodisa yoki holat qachon sodir bo‘lishi yoki sodir bo‘lganligini ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Falsafada temporallik o‘tmish, bugun va kelajak hodisalarining o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq holda rivojlanishini ifodalaydi. Ijtimoiy fanlarda temporallik insonning vaqtni qanday idrok etishi va vaqtning ijtimoiy tashkil etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan xususiyatlari o‘rganiladi.

Temporallik tilshunoslik fanining turli aspektlarida, ya’ni tilning ichki strukturasi, tilning nominativ va semantik va shu bilan birga muloqot jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kategoriyadir. Shu boisdan ham, tilshunoslik vaqt semantikasini turli nuqtayi nazardan o‘rganib kelmoqda.

ADABIYOTLAR TAHLILI

Dunyoning lingvistik qiyofasida temporallik tushunchasi turli soha vakillari tomonidan, jumladan, falsafa, fizika, tarix, tilshunoslik va kognitiv tilshunoslik kabi  tadqiq qilinib ilmiy ishlar olib borilgan. Konsepsiyaning shakllanishini bir shaxsga bog‘lash qiyin bo‘lsa-da, bir qancha tadqiqotchilar til bizning vaqt haqidagi tasavvurimizni qanday shakllantirishini tushunishga katta hissa qo‘shgan. Comrie B, Nilsen E.A, Ter Meulen Alice, Binnick R, Crystal D, L.N. Lyubinskaya, Meshaninov I.I. kabi olimlar boshqalar qatori vaqtni aks ettiruvchi temporallik tushunchasining tilimizda aks etish yo‘llari va ularning ma’no xususiyatlari borasida ilmiy izlanishlar olib borishgan. Xususan, rossiyalik olim A.V.Bondarko o‘zining “Grammatik kategoriya va kontekst” monografiyasida tilning turli sathlarida bir umumiy ma’noning

 

ifodalanish tizimiga funksional-semantik kategoriya sifatida qarab, vaqt ma’nosini ifodalovchi leksik, morfologik va sintaktik til vositalari temporal funksional-semantik kategoriyani tashkil etishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon etgan. Yana bir rossiyalik tilshunos olim N.A.Potayenko o‘zining “Voqelik vaqt strukturasining til tomonidan o‘zlashtirilishi” maqolasida tilda vaqt va vaqtda til munosabatlari haqida ma’lumotlar keltirib, tegishli xulosalar bergan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI

Maqolada olam lisoniy manzarasida temporallik tushunchasining shakllanish xususiyatlari borasida so‘z yuritiladi. Temporallik tushunchasining mazmuni va uning tilimizda aks etish usullari ochib beriladi. Vaqt tushunchasining tilning turli qatlamlarida ifodalanish xususiyatlari borasida so‘z yuritildi va ingliz va o‘zbek tillarida berilish jihatlari tavsiflandi.

TAHLILLAR VA NATIJALAR

Temporallik atamasi hozirgi vaqtda tabiiy va gumanitar fanlarning turli ilmiy sohalarida uchraydi. Bu vaqtning universalligi bilan bog‘liq ontologik va epistemologik kategoriya. Har bir voqea-hodisaning bu olamda sodir bo‘lishining o‘z vaqti bor, borliqdagi har bir voqelik vaqt qonunlariga bo‘ysunadi. Bu esa o‘z navbatida temporallik tushunchasining qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini bildiradi. Qadimdan vaqt uning turli soha vakillari tomonidan qanday anglanishi ilm-fanda ko‘plab olimlarning qiziqishlariga sabab bo‘lgan. Vaqt olam lisoniy manzarasida muhim o‘rin tutadi va u turli shakllarga ega: fizik, mantiqiy, falsafiy, ijtimoiy-psixologik, tarixiy, lingvistik. Ularning har biri o‘ziga xos xususiyat, jihat va o‘z tadqiqot aspektiga ega.

Fizikada vaqt harakat, o‘zgarish va o‘zgarishlarni o‘lchashda kritik elementdir. Fizikada vaqtning to‘g‘ri o‘lchami, uni ifodalash va tushunishga olib keladigan ko‘rsatkichlar va formulalar muhimdir.

Falsafa tarixida vaqt tushunchasi va uni idrok etish borasida turli xil qarashlar ilgari surilgan. Antik yunon filosofi Platon, vaqtning o‘zgarmas va o‘zgarishsiz bo‘lishini tushuntirgan. Uning nazariyasi bo‘yicha, vaqt haqiqiy mavjudotning bir qismidir va o‘zgarmasdir. Aristotel Platonning talabasidan biri bo‘lib, vaqt haqiqiy mavjudotning bir qismidir, lekin, uning o‘zgarishga ega bo‘lishiga ishorat qiladi. Aristotelning nazariyasi bo‘yicha, vaqt bir ishning boshlanish va tugash vaqtidir.

Buyuk mutafakkir al-Forobiy o‘zining ta’limotida vaqtning abadiyligini va  harakat bilan bog‘liqligini aytib o‘tadi. U olamni Oliy qudratdan vujudga kelgan, deb hisoblasa-da, moddiyatning fazoda ham vaqtda ham oxiri yo‘q, cheksiz va chegaralanmaganligi haqidagi farazni ilgari suradi.

Vaqt fazo bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, lekin, o‘zining ayrim xususiyatlari bilan undan farq qiladi. Vaqtning muhim xususiyati uning bir o‘lchovligidadir. Moddiy narsalar fazoda har xil joylashishlari, turli tomonga qarab harakat qilishlari mumkin, lekin vaqtga kelganda ular faqat bir tomonga qarab yo‘nalishda bo‘ladi, vaqt hech qachon orqaga qarab harakat qilmaydi. O‘tgan zamonning qaytarilishi, hozirgi zamonning yo‘q bo‘lishi mumkin emas [1:158].

Har bir voqea-hodisaning o‘z tarixi bo‘lgani kabi vaqt tushunchasi borasidagi qarashlarning shakllanishi uzoq tarixga ega va ayni damda kishilik jamiyati taraqqiyoti tarixi bilan uzviy bog‘liq. Kishilik jamiyatining butun tarixi vaqt bilan belgilanadi. Kishilar hayotda o‘z ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan va sarflanadigan vaqtdan unumli va foydali tarzda foydalanishga urinib kelishgan. Mehnatkashlar o‘z tajribalari va bilimlarini ishga solib, ilgariga qaraganda bajarilgan ishga kamroq kuch, mehnat va vaqt sarflashga erishganlar. Jamiyat ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning takomillashuvi natijasida bo‘sh vaqt orta borgan.

Vaqtning ijtimoiy-psixologik jihati ijtimoiy va madaniy kontekstda vaqtni shaxslar tomonidan qanday idrok etishi, boshdan kechirishi va qadrlanishini bildiradi. Bu jihat vaqt inson xatti-harakati, munosabatlari, qaror qabul qilish va umumiy farovonlikka qanday ta'sir qilishini o‘rganadi. Vaqtning ijtimoiy-psixologik jihati quyidagi xususiyatlarda namoyon bo‘ladi:

1. Madaniy tafovutlar. Turli madaniyatlar vaqtga nisbatan turlicha idrok va munosabatlarga ega. Ba’zi madaniyatlar aniqlik, samaradorlik va mahsuldorlikni birinchi o‘ringa qo‘yishadi, boshqalari esa vaqtga nisbatan yumshoqroq yondashishi mumkin. Ushbu madaniy farqlar ijtimoiy o‘zaro munosabatlarga, ish odatlariga va umumiy ijtimoiy me’yorlarga ta’sir qilishi mumkin.

2. Ijtimoiy me’yorlar. Ijtimoiy me’yorlar va vaqtga oid qoidalar xatti-harakatni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, tadbirlar, uchrashuvlar va jamoat uchrashuvlariga o‘z vaqtida borish ko‘p jamiyatlarda hurmatli va mas’uliyatli hisoblanadi. Ushbu ijtimoiy talablarga rioya qilmaslik tushunmovchilik va nizolarga olib kelishi mumkin.

3. Vaqtni boshqarish. Vaqtni samarali boshqarish ko‘nikmalari odamlar uchun turli mas’uliyat va vazifalarni muvozanatlashi uchun juda muhimdir. Vaqtni boshqarish bilan kurashayotgan odamlar stress, tashvish va ortiqcha ishtiyoqni boshdan kechirishlari mumkin. Vazifalarga ustuvorlik berish, maqsadlar qo‘yish va vaqtni samarali taqsimlashni o‘rganish umumiy farovonlikni oshirishi mumkin.

4. Vaqtni idrok etish.  Odamlarning vaqtni idrok etish usullari ularning psixologik holati, shaxsiy xususiyatlari va hayotiy tajribalariga qarab farq qilishi mumkin. Ba’zi odamlar zavqli mashg‘ulotlar paytida vaqt tez o‘tishini his qilishlari mumkin, boshqalari esa zerikish yoki stress davrida vaqtni keragidan ortiq cho‘zilib ketgandek o‘ylashlari mumkin. Vaqtning bu subyektiv tajribasi kayfiyat va hissiy farovonlikka ta’sir qilishi mumkin.

5. Temporal manzara. Temporal manzara odamlarning o‘tmish, hozir va kelajakka qanday qarashlarini bildiradi. Ba’zi odamlar kelajakka yo‘naltirilgan istiqbolga ega bo‘lishi mumkin, ular uzoq muddatli maqsadlarga e’tibor qaratishlari va kelajakni rejalashtirishlari mumkin, boshqalari esa ko‘proq hozirgi kunga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin, buguni bilan qoniqish va bugunidan zavqlanib yashashga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ushbu temporal manzara qaror qabul qilish va maqsadlarni belgilash xatti-harakatlariga ta’sir qilishi mumkin.

L.N. Lyubinskaya o‘zining “Vaqt kategoriyasi va sistem tahlil” risolasida quyidagilarni ta’kidlaydi: “Vaqtning voqelanishi rang-barang bo‘lib, uning umumiy mohiyati turli tipdagi hodisalarning ichki va tashqi sistemalar sifatidagi munosabatlariga bog‘liq. Shuning uchun xususiy fanlar qancha ko‘paya borgan va ularning tadqiqotchilari qancha chuqurlasha borgan sari bizning vaqt haqidagi bilimimiz ham shuncha orta boradi [2:31].

Tilshunoslikda temporallik tushunchasi o‘rganilar ekan, avvalambor bu tushunchani inson ongida anglanishi va uning inson tilida verballashuv jarayoni keng tadqiq qilinadi. Til – bu insonlar o‘rtasidagi muloqotning amalga oshishiga, fikrlar, his-tuyg‘ular va ma’lumotlarni o‘zaro almashishga imkon beruvchi vosita hisoblanadi.  E.A. Nilsen ta’kidlaganidek, “Til ongimizda sodir bo‘luvchi g‘oya va  tushunchalarni ifodalab berishda yagona vosita bo‘lib xizmat qilar ekan, til vositalari (faktlari) ongimiz mahsuli tahlili jarayonida obyektiv material bo‘lib xizmat qiladi” [3:60].

I.I.Meshaninov o‘zining “Tildagi konseptual kategoriyalar” (“Понятийные категории в языке”) maqolasida har qanday tushuncha tilda yo tavsifiy ifodalanishi, yo alohida so‘z ma’nosi bilan berilishi yoxud bir butun sistema yordamida ifodalanishi mumkin ekanligini ta’kidlaydi. Ana shu tilda sistema hosil qiluvchi tushuncha ong kategoriyasi deyilib, u til vositalari bilangina ifodalanib qolmay, balki tilning o‘zida, tilning material qismida o‘z ifodasiga ega bo‘ladi. Tilda bayon qilinadigan har qanday tushuncha ham ong kategoriyasi bo‘lavermaydi. Til qurilishida ishtirok etadigan va unda muayyan tuzilishga, leksik, morfologik, sintaktik sistemalarda aniq ifodalanishga ega bo‘lgan tushunchagina ong kategoriyasida bo‘la oladi deb hisoblaydi [4:13-14]. Demak, temporal birlik bo‘lgan “Vaqt” tushunchasi  ham ong kategoriyasi bo‘lib, u tilda o‘z ifodasiga ega.

A.V.Bondarko o‘zining “Grammatik kategoriya va kontekst” monografiyasida tilning turli sathlarida bir umumiy ma’noning ifodalanish tizimiga funksional-semantik kategoriya sifatida qaraydi. Uning fikricha, vaqt ma’nosini ifodalovchi leksik, morfologik va sintaktik til vositalari temporal funksional-semantik kategoriyani tashkil etadi. Tadqiqotchining ko‘rsatishicha, bu kategoriya maydon xarakteriga ega. Unda yadro va periferiya mavjud. Fe’llardagi grammatik zamon temporal funksional-semantik kategoriyaning yadrosini tashkil etadi. Zero, fe’lning zamon shakllari vaqt ma’nosini sof ifodalab, farqlovchi semantik belgilarga ega va qo‘llanishi doimiy bo‘lgan yopiq sistemadir. Periferiyani esa vaqt ifodalovchi leksik birliklar, ya’ni fe’l mayllari, sintaktik konstruksiya kabilar tashkil etadi. Yadro va periferiya birliklarining o‘zlariga xos ma’nolarini, ularning bir-birlariga bo‘lgan munosabatlarini o‘rganish temporallikning mohiyatini ochishga yordam beradi [5:35-45].

N.A.Potayenko vaqt tushunchasini ifodalovchi til vositalarining mavjudligini quyidagi holatlar orqali tushuntirib beradi. Ya’ni birinchi navbatda, shaxsning borliqning temporal tuzilishi borasidagi til vositalari tizimini anglashi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonni mustahkamlash (gnoseologik aspekt). Boshqa sababi esa, maqbul til vositalaridan unumli foydalangan holda ma’lum temporal ma’noni to‘gri yetkazib (tarjima qilib) berish zaruriyatidir (kommunikativ aspekt). Bundan tashqari, ijtimoiy borliq mavjudligining sharti va usuli bo‘lgan inson tabiiy tili o‘zining fazoviy-temporal xususiyatlariga ega (ontologik aspekt) [6:193-194].

Tadqiqotchi o‘zining “Voqelik vaqt strukturasining til tomonidan o‘zlashtirilishi” maqolasida tilning vaqt va vaqt munosabatini ifodalovchi vositalari, temporal semantikani belgilovchi omillar (insonning obyektiv vaqtni anglashi, o‘zgalarga muayyan vaqt haqida xabar berish ehtiyoji shu bilan birga insonning o‘zida harakatning ijtimoiy shaklini tashuvchisi sifatida zamon-makonning tabiiy mavjudligi kabi) haqida so‘z yuritadi. N.A. Potayenko tilning vaqtga munosabati tadqiqotlarini ikki yo‘nalishga ajratadi: tilda vaqt va vaqtda til. Vaqtda til muammosida vaqt tilga nisbatan tashqi omil hisoblanadi. Bunda ma’lum vaqt oralig‘idagi tilning holati, turli davrlardagi til o‘zgarishlari, tilning qiyosiy vaqt (xronologik) tavsifi o‘rganiladi. Vaqtdagi til tadqiqotlari doirasiga tarixiy tilshunoslik masalalari (diaxron, sinxron, dinamik, evolutsion lingvistika) va psixolingvistika masalalarini (til o‘rganish templari, og‘zaki axborotni ma’lum vaqtda bayon qilish yo‘llari, matnning zamon-makon xususiyatlari kabi) kiritish mumkin. Tilda vaqt muammosi borliq vaqt strukturasining tilda aks etish masalalarini o‘z ichiga oladi [7:43-47].

N.A. Potayenkoning ta’kidlashicha, temporallikni ifodalovchi lingvistik birliklarni chuqur o‘rganish vaqt tushunchasining tilda aks etishi yo‘llari, olam lisoniy manzarasida turli madaniyatlarda temporal mazmunni anglanishi va shu bilan birga ijtimoiy borliqning qonuniyatlarini tushunish imkoniyatini yaratadi.

Temporallikning tilda namoyon bo‘lishi va mavjudlik shakli murakkab tuzilishga ega bo‘lgan funksional-semantik xususiyatga ega bo‘lib, ular grammatik, leksik, shuningdek, grammatik-kontekstual kabi shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin.

Vaqt kategoriyasini grammatik (morfologik) jihatdan ifodalanishi, shubhasiz, tildagi temporal semantik maydonning yadrosi hisoblanadi. Bunday holda vaqt konsepti fe’lning zamon, aspekt va mayl kategoriyalari yordamida verballashadi. Bu mavzuda ko‘plab  ilmiy asarlar yaratilgani ham bizga sir emas [Comrie 1986; Ter Meulen 1995; Binnick 2002 va boshqalar]

Grammatik usullar bilan bir qatorda temporallik ma’nosi tilda leksik vositalar yordamida, ya’ni xohlagan so‘z turkumlari yordamida ifodalanishi mumkin. D. Kristal bunga misol qilib quyidagilarni keltirib o‘tadi:

- sifat so‘z turkumi yordamida – yangi (brand-new), qadimiy (ancient), zamonaviy (modern), an’anaviy (traditional), o‘tgan (bygone), qisqa (brief), o‘tmish (past), hozirgi zamon (present), kelajak (future);

- ot so‘z turkumi – minut (minute), soat (hour), kun (day), sana (date), hafta (week), yil (year), asr (century), davr (epoch), yanvar (January), dushanba (Monday), tanaffus (lull), kechiktirish (delay), oqibat (aftermath);

- predloglar – davomida (during), mobaynida (throughout), -gacha (until), oldin (before), hozirgacha (up to), keyin (after), -dan beri (since);

- bog‘lovchilar – qachonki (when), har qachon (whenever), -guncha (while), oldin (before), keyin (after);

- affikslar – ingliz tilidagi ante-, post-, pre-, proto-, ex-, fore-, re-, neo-, -en (frighten) [8:114-115].

Borliqning muhim qismi bo‘lgan vaqt tushunchasi bir qancha so‘z guruhlarining leksik-semantik maydonida o‘z ma’no xususiyatlarini namoyon qiladi. V.I. Karasik leksik-semantik maydonda ifodalanish darajasi nuqtayi nazaridan so‘zlarni , vaqtni aniq ko‘rsatadigan (vaqt, kecha, keyin, oxirgi, soat va hokazo) va temporal xususiyat sinkretik tarzda, ya’ni boshqa belgilar bilan birlikda ifodalanadigan (kutmoq, rejalashtirmoq, kech qolmoq, shoshmoq, jadal, qadimiy va boshqalar) so‘zlarga  ajratadi.

H.Yo‘ldoshevaning “Intonatsiyaning temporal komponenti haqida” maqolasi vaqtning fonetik sathda shakllanish imkoniyatiga bag‘ishlangan. Unda temporal, ya’ni vaqt komponentining xususiyatlari, uning leksik, logik va emfatik urg‘ular hamda gapning kommunikativ turlarini hosil qilishdagi vazifalari tahlil etiladi [10:41-42].

XULOSA

Yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, temporallik tushunchasini qaysi xususiyatini tilda aks etish masalalarini tahlil qilishdan qat’iy nazar, shuningdek, bir yoki boshqa tilda ushbu vaqt konseptini verballashuv jarayoni tadqiqiga qanday usul va metoddan foydalanmaylik, vaqt – bu lisoniy kodlash talab etadigan, ya’ni tilning grammatik va leksik vositalari orqali aniq va shu bilan birga, yashirin ifodalanadigan so‘z va matn doirasida tahlil qilinadigan psixologik reallikdir.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. Туленов Ж. Ғофуров Ю. Фалсафа. – Тошкент: Ўқитувчи, – 1997. – 158 б.

2. Любинская Л.Н. Категория времени и системный анализ. – М.: Знание, -1966. -C. 31.

3. Cпособы вербализации темпорального сознания // Вопросы когнитивной лингвистики. 2012. №1.- C. 59-64.

4. Мещанинов И.И. Понятийные категории в языке // Тр. Военного инст. Иностр языков, 1945. -№1.- C. 13-14.

5. Бондарко А.В. Грамматическая категория и контекст. –Ленинград: Наука, 1971. С. 114.

6. Потаенко Н.А. Лингвистические аспекты концептуализации возраста человека: Сфера темпоральности в структуре языковой картины мира // Время и человек (Человек в пространстве концептуальных времен): сб. науч. тр. под науч. ред. В.С. Чуракова. Новочеркасск, 2008. -С. 193-208.

7. Потаенко Н.А. К языковому освоению временной структуры действительности // 1984. №6. -C. 43-47.

8. Crystal D. Talking about Time // Time / Ed. By K. Ridderbos. Cambridge, 2002. P. 105-125.

9. Карасик В.И. Субкатегориальный кластер темпоральности (к характеристике языковых концептов) / В.И. Карасик // Концепты: Научные труды Центроконцепта / отв. ред. С.Х. Ляпин. Вып. 2 (2). Архангельск, 1997. С. 154-173.

10. Йўлдошева Ҳ. Интонациянинг темпорал компоненти ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти. – 1985. -№5. 41-42 б.

 

Курбонова С. Формирование концепции темпора́льность в языковом картине мира. Статья посвящена исследованию процесса формирования концепта темпоральности в языковой картине мира. Ученые рассматривают различные подходы к пониманию категории времени в лингвистике и философии, выделяют ключевые компоненты темпорального концепта. Особое внимание уделяется анализу языковых средств, с помощью которых концептуализируется временная организация действительности. На основе обобщения теоретических положений и данных эмпирического исследования делается вывод о том, что темпоральность является одним из базовых концептов человеческого сознания, играющих важную роль в формировании языковой картины мира.

 

Kurbonova S. Formation of the concept of temporality in the linguistic image of the world.  The article is devoted to the study of the process of formation of the concept of temporality in the linguistic picture of the world.  Scientists consider various approaches to understanding the category of time in linguistics and philosophy and highlight the key components of the temporal concept. Particular attention is paid to the analysis of linguistic means with the help of which the temporary organization of reality is conceptualized. Based on a generalization of theoretical positions and empirical research data, it can be concluded that temporality is one of the basic concepts of human consciousness that plays an important role in the formation of the linguistic picture of the world.

 

 

 

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati